OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamroxon Musurmonova. Qiyofa (hikoya)

Yerga gilamdek to‘shalgan xazonlarni bir-bir bosib borayotgan Gulsumning xayoli parishon edi. Noxush o‘ylardan xalos bo‘lishga uringani sayin, ruhiyatida sarosar kezayotgan ezginlik uni ko‘proq mahv etardi. Dugonasi Nigina plastik operatsiya qildirguniga qadar u ham boshqalardek xush xandon yurar, o‘z qiyofasi haqida ko‘p o‘ylamas, yuz tuzilishi, qoshu ko‘zidan gap ochilsa, ha, endi Xudoning bergani-da, deb qo‘ya qolardi. Ich-ichidan Niginaga o‘xshashni orzu qilgani rost. Axir u kursdagi eng chiroyli qiz. Ziynatlanib, orolanib yuradi. Aytishicha, qiz bola ko‘zguga qarashni bilishi, kuniga kamida ellik marta oynaga ko‘z tashlashi kerakmish. Tavba, hamma qizlar o‘ziga mahliyo bo‘lib o‘tiraversa, dunyoning ishlari kimga qoladi, deb o‘ylaydi Gulsum. Niginaning esa dunyoqarashi boshqacha. Bir xillikni yoqtirmaydi. Doim o‘zgarib turishni, hammaning diqqat markazida bo‘lishni xohlaydi. Gulsum uning aksi. Hashamdorlikdan yuragi siqiladi. Takabbur qizlar davrasida begona olamga tushib qolgandek qisinadi, gap-so‘zlari, qiliqlari, hatto kulgulari ham qovushmaydi. Oralarida shunchalik farq bo‘lishiga qaramay ikkalasi qalin dugona. Odam o‘zida yo‘q narsaga intiladi, degan gap bejizga aytilmagandir balki... 
Gulsum dugonasining qiyofasida erkinlik timsolini ko‘radi. 
...O‘shanda eshikdan yal-yal yonib kirib kelgan Nigina: 
– Qalay, chiroylimanmi? – deya o‘zini toshoynaga sola boshlaganida Gulsum hayratdan qotib qolgandi.
– Juda chiroylisan! 
– Qani ayt-chi, yuzimda nima o‘zgargan? 
Dugonasi o‘zining Xudo bergan qoshini allaqachon bitta qo‘ymay yulib tashlab, xuddi Gollivud aktrisalaridek ingichka, nafis qosh-chiziq torttirgandi. Ko‘zlari ulama kiprik ostida munchoqdek bo‘lib turibdi. Odamning ko‘zini o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan gap ham bekor ekan. Nigina allaqachon buniyam yo‘lini topgan: sochini boshqa rangga bo‘yaganda ko‘ziga shu xilda linza taqib oladi. Bir qarasangiz, rus qizlaridek mallasoch, moviy ko‘z bo‘lib ko‘rinsa, boshqa safar qo‘ng‘ir soch, qo‘y ko‘z bo‘lib tovlanib turadi. 
– Qoshing joyida. Ko‘zingga linza taqqansan, yuzingni tozalatib, oro bergansan. Burning ham joyida.
Niginaning faqat burnigina o‘zgarmagan, asli qanday yaratilgan bo‘lsa, shunday turardi.
– Him-m-m, lablaring, – deya kuzatuvni davom ettirdi va qiyin masalani yechgan odamdek, birdan qichqirib yubordi: – Voy tavba, labing boshqacharoqmi?
– E, xayriyat-ey, – deya yengil xo‘rsindi Nigina. – Bir amallab shuni sezding-a? Qoyilman senga! Sinchkovlikdayam Xudo urgan bandasan-da! Qalay, yarashibdimi?
– Chiroyliku-ya, lekin o‘zingnikiyam yomonmasdi.
Niginaning yasama lablari bir oz burildi:
– Nima bo‘ldi, hasad qilyapsanmi? Qara! Yaxshilab qaragin! Axir bu – super go‘zallarning labi-ku! Anchadan beri xuddi shunaqa qiyofani orzu qilardim. Zo‘r do‘xtir topdim. Qo‘li yengil. Plastik jarrohlikda bu atrofda uning oldiga tushadigani yo‘q. Zamonaviy, yasan-tusanlarga qiziqadigan dugonalarim ko‘p, hali meni ko‘rib ular ham sizni qidirib kelishadi, dedim. Arzonroq narhda operatsiya qildi. O‘n kun davolandim. – Nigina gapira turib, Gulsumning yuziga sinchkov qaradi: – Menga qara, sen ham borsang bo‘lardi, qachongacha manavi do‘rdoq labing bilan yashaysan. Agar borsang, do‘xtir mana mundoq, bejirim qilib berardi.
– Yo‘g‘-e, labim binoiydek, – dedi Gulsum bir oz o‘ng‘aysizlanib.
 – Ha, – qoshini chimirib iddao bilan kulimsiradi Nigina, – har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga. Agar bilsang, har bir zamonaviy qizning o‘z qiyofasi bo‘lishi kerak. Chiroyli qiyofasi!
Nigina ketgach, Gulsum toshoyna yoniga bordi. Shuncha paytdan beri e’tibor qilmagan ekan, rostdan ham labi sal do‘rdoq edi. Shundanmi yuzi beo‘xshovdek yuragi xijil tortdi.
“Odam deganiyam shunaqa xunuk bo‘ladimi”, deb o‘yladi ijirg‘anib. Kechgacha dilgir bir ahvolda yurdi. Ovqatlangisi, dars tayyorlagisi ham kelmadi. Yuragidagi xijillik kuchaygandan kuchayib boraverdi. Dugonasining baxtdan sarmast, xushchaqchaq qiyofasi ko‘z oldidan ketmay qoldi. U juda erkin, boshqalar bilan hisoblashib o‘tirmay, ko‘ngliga kelgan ishni qiladi. Shuning uchun ham baxtiyor, degan qarorga keldi. “Agar akamdan hayiqmaganimda, plastik operatsiya qildirib, Niginaga o‘xshab chiroyli bo‘lardim”, deb o‘yladi. Nigina kezi kelganda urf-odatlarni ham pisand qilmaydi. Gulsum esa bunday erkinlikdan yiroq. Kattalarning: “Qiz bola unday o‘tirmaydi, bunday yurmaydi, sharaqlab kulmaydi, qattiq gapirmaydi, uyat bo‘ladi”, degan ta’kidlari haligacha uni ta’qib etadi. Bir ishni qilishidan oldin, mahalladagilar, tanish-bilishlar nima deb o‘ylarkan, degan andisha yuragini yalab o‘tadi.
Kechasi uyqusi qochdi. Ota-onasiga, yaqinlariga bildirmay labini operatsiya qildirishning ming xil yo‘lini o‘yladi. Ammo hamma o‘ylari, hamma yo‘llari uni chorasizlik bekatiga eltardi. Ertalab boshida qattiq og‘riq bilan uyg‘ondi. Darsga borgisi kelmasa-da, qattiqqo‘l o‘qituvchilarning “NB”laridan yurak oldirib qo‘ygani uchun noiloj o‘qishga jo‘nadi. 
Nigina tun qo‘ynida porlab turgan Zuhro yulduzdek nur sochardi. U nafaqat kursning, balki butun fakultetning, hatto institutning malikasiga aylangandi. Atrofida hamma parvona. Yigitlar undan ko‘z uzisholmasdi. Chizilgan qoshlari ham, yasama lablari ham, ko‘zidagi moviy linzasi-yu, mallarang sochi ham o‘ziga juda yarashib turar, ustiga-ustak kiyimlarining rangini rangiga moslab, saralab kiyib olgandiki, ko‘rgan odam busbutun san’at asariga duch kelgandek unga bir zum termulmay turolmasdi. 
Dugonasiga qaragani sayin Gulsumning dili battar xufton bo‘lar, bu g‘ashlik sababini bilolmas, “Hasad qilyapmanmi?”, degan savolni o‘ziga qayta-qayta berardi. Ko‘nglining bir chekkasida: “Dunyo yaralibdiki, ko‘rimsiz qizlar, chiroylilarga hasad qilishgan”, degan iqror ham yo‘q emasdi. Niginaning bejirim lablariga ko‘zi tushishi bilan o‘zining hech qachon plastik operatsiya qildira olmasligidan, bir umr mana shu do‘rdoq lablari bilan o‘tib ketishidan o‘kinardi. Hatto kelinchak bo‘lganida ham shu lablari bilan go‘shangaga kiradi, unga yaqin kelgan kuyov “labi do‘rdoq ekan, nega avval payqamabman”, deb afsus chekadi. Keyin umrining oxirigacha mana shu afsus bilan yashashga mahkum bo‘ladi. 
O‘kinchlar og‘ir tosh bo‘lib Gulsumning yuragiga cho‘kib borardi.
Niginaning yasama lablariga havas qilgan qizlarning ko‘pchiligi plastik jarrohning manzili, narx-navosini surishtira boshlashdi. Ko‘p o‘tmay xonadoshi Dono ham Gulsumning yuragini o‘rtagan bejirim lablarga ega bo‘ldi. Uni ko‘rib garchi havasi kelgan bo‘lsa-da, negadir mutlaqo hayratlanmadi. Ajabki, Dononing labi bilan Niginaning labi bir xil edi! Sira farqi yo‘q. 
Gulsum ta’tilga chiqib, uyiga borganida onasini ko‘ndirishga urinib ko‘rdi:
– Ayajon, yo‘q demang, axir lablarim do‘rdoq...
– Hecham do‘rdoq emas, – dedi ona qat’iy ohangda. – Bekorlarni beshtasini aytibsan! Xudoning berganiga qanoat qilish kerak! 
– Qarang, Nigina qanday chiroyli bo‘b ketgan, – deya dugonasining rasmini onasiga uzatdi u.
– Nimasi chiroyli? Qosh o‘lgur qani! Bu chiziq yana nimasi?! Hali shunga havas qilyapsanmi?! Qoshu ko‘zingni o‘zgartirishga urinib ko‘rgin-chi, otang nima qilarkan!
Gulsumning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Otasi unga ochiq-oshkor qattiq gapirmagan bo‘lsa-da, xonadon qizlari undan hayiqib turishadi. Agar onasi shunday tanbeh bersa-ku, yuraklari zirillab ketadi.
Gulsum chorasizlik manzilidan chiqolmay boshini xam qilib o‘qishga qaytdi. Qizlardan yana ikki-uchtasi o‘zgarib, chiroyli bo‘lib qolgandek edi. Nega hamma qilgan ishni bitta men eplolmayman, shunchalik qo‘rqoq, shunchalik erksizmanmi, degan o‘y Gulsumning ich-etini kemira boshladi. Uzoq ikkilanishlardan keyin, plastik operatsiya qildirishga mening ham haqim bor. Axir XXI asrda yashayapman. Kap-katta qizman, o‘z muammolarimni o‘zim hal qilishim kerak, degan qarorga kelib, Niginaning yetovida jarroh huzuriga yo‘l oldi. 
Chiroyli bo‘lishga talabgorlar ko‘p edi. Gulsum ham navbatga yozilib, shinamgina jihozlangan qabulxonada yumshoq oromkursida o‘z galini kuta boshladi. Devorga ilingan turli fotosuratlarga ko‘z tashlarkan, ulardagi qiyofalar bir-biriga juda ham o‘xshashligini ilg‘adi. Niginaning yuz-ko‘zlari, qarashlari-yu, kulishlari ham fotosuratlardagi qiyofalar bilan bir xil edi. Chiroyli, bejirim va ayni paytda nimasidir kemtik... Gulsum ichkariga kirib chiqayotgan qizlarni zimdan kuzatarkan, o‘z-o‘zi bilan munozaraga berildi: bu qizlar ham operatsiyadan keyin anavilarga o‘xshab qoladimi? Men-chi?..
– Sizga uchta variant taklif qilishimiz mumkin, shulardan birini tanlang, degan ovoz uning xayolini bo‘ldi.
– A-a...
– Manavi uchta labdan birini tanlang, deyman, –dedi Niginaga qaeridir judayam o‘xshab ketadigan bir qiz bir oz ensasini qotirib.
Gulsum avval qo‘lidagi suratlarga, keyin devordagi fotosuratlarga ko‘z tashladi. Qiyofalarni bir-biriga uyg‘unlashtirib turgan narsalardan biri aynan mana shu uch xil lab edi. Bor-yo‘g‘i uch xil! Tavba, nega endi uch xil?! Bor-yo‘g‘i uch xilmi?! Endi men ham mana shu qiyofada yashashga mahkummanmi, degan savollar yashin tezligida miyasiga urildi. Yana bir bor fotosuratlarga, keyin dugonasiga ko‘z tashladi. Shunda bir-biriga uyg‘un go‘zallikdagi kemtiklikni topdi: bu chehralarda odamni o‘ziga tortadigan issiqlik, joziba yo‘q edi! Go‘zal va ayni paytda jozibasiz qiyofalar! Birdan uning xafsalasi pir bo‘ldi.
– Gulsum Norova, sizning navbatingiz...
Nigina allanechuk taraddud bilan unga qarab jilmaydi. Ikki dugona bir vaqtda ikki tarafga qadam tashlashdi. Jarroh xonasiga oshiqayotgan Nigina boshini xam qilgancha eshikka qarab borayotgan Gulsumga yetib oldi-da hayron bo‘lib:
– Qayoqqa ketayapsan? – deb so‘radi.
– Men voz kechdim. Qiyofamni o‘zgartirolmayman!
– Esing joyidami?! Navbatingni tezlatish uchun ozmuncha urindimmi, tentak? – dedi Nigina tutoqib.
“Qiziq, jahli chiqqanda anavi qizlarning labi yonida ham Niginaniki singari chiziqcha paydo bo‘larmikan”, degan o‘y o‘tdi Gulsumning xayolidan. Shu asno onasining gaplarini esladi: “Olloh har bir narsani buyuk hikmat bilan yaratgan, uni o‘zgartirgan odamning holi voy bo‘ladi”. 
Gulsum ko‘chaga chiqqach atrofdagilarga sinchkovroq qaray boshladi. Uning nazarida Niginaning soch turmagi, ulama kipriklari, ulama tirnoqlari, hatto tabassumi asta-sekinlik bilan tarqalayotgan xavfli kasallik kabi boshqa qizlarning ham chehralarini qamrayotgan, atrofidagilar kelishib olgandek ommaviy qiyofaga kirayotgandek edi. 
Yotog‘iga shom payti qaytib keldi. Ko‘nglini haliyam ezgin kayfiyat tark etmagandi. Bir-bir bosib toshoynaga yaqinlashdi. Ko‘zguda ko‘z-qoshlari, hatto do‘rdoq lablari ham chehrasiga yarashimli, qiyofasi boshqalarnikiga o‘xshamaydigan bir qiz unga qarab turardi. Yuziga tabassum yugurdi. Tabassumida nafis bir joziba akslandi. Shunda yuragini ezayotgan noxush o‘ylar sarobdek tarqalayotganini his etdi. U o‘zining, ha, bitta o‘zining qiyofasini topgan edi. 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.