OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Gululi (hikoya)

Gululi — Gulsara, bizning Qavchin ovulda hamma taniydigan tanho zaifa. Gululi — to‘yida, baxti oyday to‘lganida quvonchini qismat buluti to‘sib, iqboli kemtik bo‘lgan telba suluv. Yoshu qari birdek biladigan bu suluvning yolg‘iz belgisi, u — bebaxt qiz. Baxtsizlikni hamma tanirkan-da. Gululi shu kemtikligi bilan-da qavchin ovulda ezgulikdan xabarday bo‘lib sharpaday kezinadi. Ammo buni hamma o‘z-o‘zicha tushunib, o‘z mahalida ilg‘ayvermaydiki, bu ezgulikka, yaxshilikka chorlovchining, musibatdan ogoh etuvchi bu sanamning qismati boshqa qavchinliklarning quvonchidan shahodatdir, ularning saodati hisobiga baxti qarodir uning. Kim bilsin? Mening butun bolaligimga, o‘smirligimga esh bo‘lgan Gululi — Gulsara opa, sinfdoshimiz Maftunaning jinni ammasi chindan ham jununmidi, bebaxtmidi, elga ermak, shamolga shaloqmidi? Kim bilsin? Bir paytlar tim qora bo‘lgan bo‘liq sochlariga bugun qirov ingan bu beziyon malakning ne o‘yi borki, odamlar telba atasa-da, uning nigohlari mudom o‘ychil, tushuniksiz g‘ussaga to‘liq. Har nimaning ikki tomoni bor, deganlaridek, ikki tomondan qaray olmoqlik hammaga ham nasib emas ekan-da.

* * *

Rizvon mallani devor bosib qolibdi, degan gap qishloqqa bir zumda yoyildi. Qo‘shnim Murod bilan ko‘rgani borganimizda besh-olti odam bor edi. Rizvon bobo ehtiyotkorlik bilan yelkasiga yostiq qo‘yib, devorga suyanib o‘tirar, yuzida o‘ynoqlagan xijolatomuz tabassumdan ahvoli binoyidek ko‘rinardi. Poygakdan joy olib, otaxon bilan so‘rashgan bo‘ldik. Hamma hazil-huzil qilib, bemorning ko‘nglini ko‘tarish bilan ovora, ayniqsa, jinjak laqabli Norcha aka hech kimga gap beray demasdi.
— Vey, o‘ziyam baquvvat ekansiz-a, otam, o‘rningizda bo‘lganim-da, naq belim sinib o‘lgan bo‘lardim. Ustingizga o‘ziyam mana shunday — u ikki qo‘li bilan havoni quchoqladi — devor yiqildi-ya. Bir payt baqir-chaqir boshlandi. Eshitib tursam, Gululining ovozi. Bir balo bo‘ladiyov, degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan. Hamma Gululiga andarmon bo‘lib turgandi. Shu payt devor Rizvon bovaning yelkasiga ag‘nadi-da.
To‘rda o‘tirgan Meyli bobo pixillab kulib, uzatib o‘tirgan qiyshiq oyoqlariga shappatladi:
— Qaerimdan o‘tdi, deysan hey, jinjak? Ko‘nglimdan? Balki boshqa joyingdan o‘tgandir... xix-ix. — Keyin u birdan jiddiy qiyofaga kirib, davraga olazarak boqdi, — falokat kelsa, shundaychikin bo‘larkan-da, a, menam og‘zim ochilib, qoch, deyishgayam ulgurolmadim, oshnamga.
Norcha aka Meyli boboning gapiga javob qaytarmoqchi bo‘lib, og‘iz juftladi, keyin baribir unga bas kelolmasligini bilib, yana Rizvon boboga yuzlandi:
— O‘zi sizga halak bo‘lib, so‘rash esdan ko‘tarilibdi, Gululi nega kelgan ekan?
— Nega kelardi, doimgi odati, eski uylarni buzmanglar, arvohlar chirqiraydi, deydi-da, — dedi Meyli bobo yana gapga aralashib. — To‘ydan oldin eskini buzib, yangini tiklash udum-ku! Ana, — u yonimda o‘tirgan Murodga yuzlandi, — bir yili otang eski uyni buzib, senga ayvon solib berayotganda ham to‘polon qilib borgandi-ya shu Gululi?
Sherigim tasdiq ishorasini qilib bosh qimirlatdi.
Bu gapdan so‘ng hamma negadir jim bo‘lib qoldi.
Rizvon boboning uyidan qaytayotib, ko‘chada Gululiga ko‘zim tushdi. U har doimgidek kichik ikki tabaqali ko‘k temir darvoza yonida orqasini devorga berib o‘tirardi. Egnida o‘sha-o‘sha rangi uniqqan ko‘kish krempelen ko‘ylagi, boshida undan biroz ohori ketgan ro‘mol. Ozg‘in qomati, oq-sariqdan kelgan yuzi, peshonasiga tang‘ib olgan ro‘moli faqat ungagina xosdek. Ro‘moli ostidan chiqib turgan kulrang sochlarini ko‘rganimda boshqacha bo‘lib ketdim. Avvallari ham uni ko‘rsam ko‘nglimga g‘oyibdan g‘ulg‘ula tushar, bolalik tasavvurim bilan rosmana cho‘chirdim. Ammo uning nigohi.. Nigohidagi ma’yuslikka, mahzunlikka qorishiq telbavor kulgusida jununvash bir sehr bordek edi. U tikilib turaverar, keyin boshqa tomonga nazar solib, g‘udranib qo‘yardi. Hozir ham o‘tgan-ketganga sin solib, xiyol jilmayib turibdi. Meni ko‘rib ko‘zlari battar qisildi. Uning yonidan o‘tayotib bir voqea bexos esimga tushdi.
Amakimning uyida edik. Tashqaridan baqir-chaqir ovozi eshitildi. Amakim va men ilkis derazaga nigoh tashladik.
— Qara-chi, — dedi u. O‘rnimdan qo‘zg‘alishga ulgurmay, eshik ochilib, Shahnoza opam ko‘rindi.
— Ota, anavini qarang, hovliga kirib olibdi, ketmayapti, — dedi u baland ovozda.
— Kim?
— Anavi, qo‘shni, jinni ayol... qarang.
Birin-ketin hovliga chiqdik. Darvozaxona tarafdan yangamning ham qorasi ko‘rindi. Gululi tok ostidagi karavot yonida turardi. Bizga ko‘zi tushishi bilan, teskari o‘girilib oldi. Suyagi chiqib qolgan ozg‘in-ingichka qo‘llari bilan karavotni ushlab, g‘udrana boshladi.
— Nima deyapti? — so‘radi amakim.
— Yunus Malikaga uylanmasin, deyapti, — dedi Shahnoza ko‘zini ayoldan uzmay. Amakim o‘g‘li Yunusni shu yil yozda o‘qishni bitirib kelgach, uzoq qarindoshimiz Sunnat akaning qizi Malikaga uylantirishga taraddud ko‘rayotgandi. Amakim jahli chiqib, “Nima?”, deb baqirdi. Keyin oyoqyalang oshxona tomon yurdi. U qo‘lida belkurak ko‘tarib olgan, qovog‘ini uyib, xezlanib kelardi. Supadan o‘tayotib, munkib ketdi, o‘zini o‘nglab, so‘kindi-da, bir qo‘llab pochasini qoqdi. Yana bir-ikki qadam yurib belkurakning uchini karavotning temiriga daranglatib urdi. Gululi cho‘chib tushdi. Sal nari surilib, battar mung‘aydi. Yelkasi ko‘tarilib, boshi ichiga kirib ketgandek bo‘ldi. Tovushi qattiqroq chiqa boshladi, ammo gaplariga tushunish mahol edi.
Amakim kurakni dast ko‘tarib, tag‘in ayolga yaqinlashdi:
— Ket, dedim, yo‘qol, hozir chopib tashlayman.
Ko‘zimni chirt yumib, teskari burildim. Shahnoza opam «Ota», deb baqirdi. Yangam «Bo‘ldi qiling!», dedi amirona. Yana temirning daranglashidan qulog‘im qomatga keldi.
Shu payt hovli chetidagi tandirxona tomonda ham bir narsa taraqlab ketdi. Hammamiz o‘sha tomonga qaradik. Taxlab qo‘yilgan g‘o‘zachuvak yonida qo‘shnining uyiga o‘tib turish uchun bir odam sig‘arlik devor teshigi bor edi. Gululining singlisi Nafosat o‘sha yerdan o‘tib, tez-tez qadamlar bilan biz tomon kelardi. U go‘yo xuddi biz yo‘qdek, yonimizdan sassiz o‘tdi-da, opasiga yaqinlashib, uning mayishgan qoqsuyak yelkasidan ushlab, o‘ziga qaratdi. Gululi bir seskanib, yarim burildi. Singlisini tanib, to‘liqib nafas oldi.
Nafosat: «Yuring, ketamiz», dedi va opasining qo‘lidan ushladi.
Ular darvozadan chiqib ketisharkan, yangam, «Essiz, boyoqish... opasini deb kun sayin qariqiz bo‘lib borayapti-ya», dedi so‘lish olib.
Ichkariga kirgandan keyin Shahnoza opam, u uch-to‘rt kun avval kunduz kuni ham kelgandi, bir amallab chiqarib yuborgandim, dedi. Amakimning peshonasi tirishib, qovog‘i solindi.
— To‘ydan keyin ham shunday qilaversa nima qilamiz, — dedi yangam ham jiddiy tortib.
Amakim esa:
— Nima ham qilardik, Gululi hammamizniki, — deb qo‘ydi tolg‘in tovushda. U endi hovuridan tushgandi. Ertasi kuni amakim bilan g‘o‘zachuvak yonidagi devor teshigiga g‘isht terdik.
Amakimning o‘sha so‘nggi so‘zlari xo‘rsiniqday bo‘lib chiqqandi. Bu xo‘rsiniqning ma’nisiga esa keyinroq tushundik. Ne tongki, yoz adoqlab to‘yga o‘n kuncha vaqt qolganida, kuyov bo‘lmish Yunus akani tok urib kutilmaganda vafot etdi. Shu-shu ayollarning aksari Gululidan hayiqadigan, ammo uni yomon ko‘radigan bo‘lib qolishdi. Bu mash’um voqea sabab Gululining aytgan gaplarini hamma esladi. Nachora, Gululi hammamizniki!
Yunus akani yerga topshirib, amakimning qaddi egilib qolgan sentyabr kunlarida biz yettinchi sinfga o‘qishga bordik. “Erta-indin hamma paxta terimiga”, deyiladigan kunlar edi. Onam ertaroq kel, tegirmonga borasan, degandi. Darsdan so‘ng koptok tepib, kechikibroq qoldim. Uch-to‘rt sinfdoshim bilan ko‘cha to‘ldirib qaytarkanmiz, ichimda allanechuk hadikni tuyyapman. Shunda Gululining har safargidek o‘z joyida muqim turganiga ko‘zimiz tushdi. Kayfiyati xushroq ekanmi, o‘ziga o‘zi gapirib kulardi. Ora-orada oyoqlarini shappatilab, tirjayadi.
— Ana, jinni, Maftunning ammasi, — dedi Suhrob va ichida bir shumlikni o‘ylagandek, ko‘zlarini katta-katta ochdi. Keyin ovozini pasaytirib dedi: — Ketdik, behisidan olamiz.
So‘ngra Gululiga uch-to‘rt qadam qolganda, o‘ngga burilib, chuqur jo‘yak ichiga sakradi. Biz ham shundagina hidi dimog‘imizni qitiqlayotgan va hosili ko‘pligidan enkayib turgan behi daraxtini ko‘rdik.
Suhrob bizga qarab kelinglar, deb imo qildi. Biz Gululiga qaradik. U endi kulishdan to‘xtagan, bizga qarab jim turardi. Bir qarashda xuddi ko‘zini ochib uxlayotgandek taassurot uyg‘otardi u. Go‘yo ozgina qaltis harakat qilsak uyg‘onib qoladigandek, oyoq uchida Suhrob tomon yurdik. Keyin har birimiz bittadan behi uzdik. Ura qocharkanmiz, ortimizdan daraxtning qattiq silkingani, mevalarning yerga “to‘p-to‘p” to‘kilgani eshitildi.
Kiyimimning etagini o‘girib, behi tuklarini artgancha darvoza hatlarkanman, ayvondagi so‘rida yonboshlab, choy ichib o‘tirgan otamga ko‘zim tushdi.
— Nima u? — dedi otam.
— Behi, — dedim qo‘limdagi mevani orqamga yashirib.
— Qaerdan olding?
Yurar-yurmasimni bilmay to‘xtab qoldim. Engagimni dahanimga tekkizib, “Gululilarnikidan”, dedim.
— Beri ke.
— Suhrob boshladi, hamma oldi, — deb yig‘lamsirab otamga yaqinlashdim.
Sal narida o‘tirgan onam ham doim otam urmoqchi bo‘lsa, oraga tushardilar. Bu safar parvoyi palak. Qo‘lyuvgich yonida o‘sma terayotgan momom esa «Nima qipti?», deb so‘radi. «Behi o‘g‘irlabdi», degan javobni eshitgach, indamay qo‘ydi.
— Beri kel, dedim senga, shu paytgacha qaerda sang‘ib yuribsan? Tegirmonga qachon borasan?
“Esimdan chiqibdi, ikkinchi qilmayman”, deb yonbosh bo‘lib bordim. Otamning shapalog‘i havoda yozildi, o‘zimni orqaga tortdim, lekin ulgurmadim. Yelkamga tekkan zarb darvozaxonada sado berdi. Sapchib tushib, “voo” deb baqirdim. Bukchayib, yelkamni ushladim. Momom har doimgi odatiga ko‘ra «Urma bachchani-e» deb qo‘ydilar, xolos.
Otam esa “Tabgir qani, hozir sening shu o‘g‘irlik qilgan qo‘lingni chopib tashlayman. Qani tabgir?”, deb burchakda turgan, o‘tin yoradigan o‘tkir asbobni olganlarida qo‘rqib yig‘lab yubordim.
U kishi menga ko‘zlarining osti bilan bosib-bosib qarab bir pas turgach, qo‘rqqanimni ko‘rib, biroz yumshadi, shekilli, tabgirni otib yubordi. Bildirmay, chuqur nafas oldim. U qo‘lini shop qilib gapira boshladi:
— Yana bir marta o‘g‘irlik qilsang, o‘pkalama. Bor, behini egasiga berib, kechirim so‘rab kel.
Shoshib ko‘chaga chiqdim. Qanday borsamikin, nima deb beraman, degan xayolda bir muddat talmovsirab qoldim. Baxtimga ko‘chada hech kim ko‘rinmadi. Faqat Gululi o‘sha alfozda jimgina o‘tirardi. Yuragim taka-puka bo‘lgancha, sal harakat qilsa, qochishga shay bo‘lib, sekin yoniga bordim. U miq etmay menga tikilib turardi. Ko‘zlari qorachiqlarida bir ismsiz, tubsiz mung bor edi. Va u odamga mangu g‘amgusorlikni yuqtiradigandek edi. Bir pas jim turgach, sal o‘zimga kelib, sekingina behini uzatdim. U ham qo‘l cho‘zdi. Kechiring, ikkinchi o‘g‘rilik qilmayman, dedim qariyb shivirlab. Yuzida biror o‘zgarish sezilmadi, indamay behini oldi. Shundan keyin men negadir Gululidan qo‘rqmaydigan bo‘ldim.

* * *

Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi, necha-necha qizlar kelin bo‘ldi. Bolaligimda bo‘y qiz, o‘smirligimda qariqiz bo‘lgan Gululi, men institutni bitirib, uylanib, xo‘jalikda ish boshlaganimda ham xuddi qavchin ovulday mavjud, ariq bo‘yidagi qari tollarday sobit yashab yurardi. Faqat yoshini ortda qoldirgan sochlari kumushrang, qovoqlariga ajin ingan, ammo ko‘zlari hanuz avvalgiday sirli, qavchinliklarga yaxshilik sog‘inib boqib turardi.
O‘rta ko‘chada maktab jo‘ram Erali bilan gurunglashib turgandik. U o‘g‘ilchasini opichlab olgandi. Men esa oilamizda yangi mehmon kutayotganimizni aytib, hozir kimning uyida anor topiladi, deb so‘rab turgandim. Bir payt u ko‘zi bilan orqa tarafga imo qildi va negadir kuldi. Ortimga burilsam, Gululi turibdi. Egnidagi kiyimi, yurishi, qiyofasi o‘n yil oldin qanday bo‘lsa, haliyam o‘shanday. Faqat ko‘zlari juda xotirjam edi. Ana shu halovat ichidan balqib turgan qorachiqlarida bir dunyo sir qalqib turgandek. Qo‘llarida qip-qizil olti-etti anorni ushlab olgan.
— Nazar tag‘a, — dedi u menga tikilib, — tunov kuni anor o‘g‘irlaganimda baqirgandingiz. Shu... — u boshini egib jim qoldi. Yerga boqib pichirlay boshladi. Keyin yana menga yuzlandi — kechiring...
Dabdurustdan, u bobom haqida gapirayotganini tushunib qoldim. Balki o‘xshatgandir. Bobomning vafotiga ham o‘n besh yilcha bo‘lgandi. U kishining bog‘bonlik qilganlari ham rost. U anorzorlar hozir tag-tugi bilan yo‘qolib, o‘rniga uylar qurilib ketgan bo‘lsa-da, keksalar haligacha Nazar bog‘bonning tuyatish anorlarini eslab turishadi. Balki Gululi ham go‘dakligida havasi ketib, anor o‘g‘irlaganu bobomdan dakki eshitgandir.
Bir payt u qo‘lidagi anorlarni menga uzatdi.
 — Oling, tag‘am xafa bo‘lmasinlar.. aytib qo‘yasiz-a... — uning ko‘zlari yosh bolanikiday jovdirardi.
Anorni olganimdan keyin u orqaga burildi. O‘rig‘idan marvariddek tovlanib turgan qip-qizil munchoqlarni ko‘rib, ichimga iliqlik yugurdi. Shu payt meni kimdir chaqirayotgandek tuyuldi. Qarasam, kichik amakimning qizi darvozamiz yonidan qo‘l silkiyapti.
— Aka, uyga tez kelarkansiz, yangamning mazalari bo‘may, o‘qchiyaptilar, — u shunday deb ichkariga chopib kirib ketdi.
Yonimdagi maktab jo‘ramning «Tabriklayman», degan gapi qulog‘imga elas-elas eshitildi. Ko‘zimda yongan cho‘g‘dan butun miyam yorishib ketgandek bo‘ldi. Yana Gululiga qaradim. U tanish yurishida o‘z uyiga yetay deb qolgan edi. Xayolimda shu ma’sum ayolning ortidan hali insoniyatga tanish bo‘lmagan ulkan bir sinoat ergashib ketayotgandek edi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.