OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘rabek Ramazonov. Kechikkan baxt (hikoya)

Alisherni kecha uchinchi operatsiyaga kiritishdi. Uning majruh bo‘lib qolishi haqidagi taxmindan keyin Gulruxsor o‘zini tamomila yo‘qotib qo‘ydi. Bir tomondan, kasalmand erining har qanaqa kutilmagan dardga chalinishi mumkinligini biladi. Lekin ba’zan haftada bir qozon qaynamaydigan uyda nogiron er bilan yashashni ko‘z oldiga keltirib, yuragi orqaga tortib ketadi. Yangi turmush qurgan paytlari eri hartugul ishlar, ro‘zg‘ori but edi. Keyin negadir tez-tez tobi qochadigan bo‘lib qoldi. Avvaliga oddiy shamollashga yo‘yilgan dard xavfli xastalik bo‘lib chiqdi. "O‘tib ketadi" deb xotinini ovutishni kanda qilmaydigan Alisherning o‘zi ham borib-borib kamgap odamga aylandi. Bu esa o‘z navbatida nochorlikdan nishona edi ayolning nazarida. 
Bu oqshom ham shahar shifoxonasidan parishon qaytdi. Hali hech narsa ma’lum emasmish. Bidon idishni hafsalasizlik bilan ostonaga qo‘ydi-da, yolg‘izlikning nafaqat hidi, balki bo‘y-basti ham yaqqol ko‘rinib turgan uyga bir qur nazar tashladi. So‘ng bu xonadondagi yakka-yu yagona sarishta xonaga ohista kirdi. To‘rt yildan oshdi bu xonaga chimildiq tortilganiga. Uni yechish baxtini beruvchi kunni esa Tangri hali nasib etgani yo‘q. Qaysidir ma’noda u farzand ko‘rishdan ham qo‘rqardi. Boshqacha aytganda, g‘aribona uyda qornini to‘yg‘aza olmay, farzandi qarshisida gunohkor bo‘lishdan cho‘chiydi. Ammo baribir Gulruxsor hamma ayollar qatori onalik baxtini orzu qilardi. Bu baxt o‘zi taqdiriga bitilganmi-yo‘qmi, Xudo biladi. 
Shu dam ko‘chada mashinaning yengilgina to‘xtagani eshitildi-yu, ko‘p o‘tmay hovlida allaqanday qog‘oz xaltachani qo‘ltiqlab olgan Ne’mat ko‘rindi. U erining bolalikdagi do‘sti, armiyada ham birga xizmat qilishgan. O‘ziga to‘q oila farzandi bo‘lsa-da, nimagadir haligacha turmush qurmagan. O‘ttiz yoshli bo‘ydoq. 
– Uydamisan? Eshik ochiq ekan, kirib kelaverdim, – dedi u Gulruxsorga ko‘zi tushishi bilan.
– Aassalomalaykum. Keling.
Ne’mat qo‘lidagi xaltachani avaylab eski stol ustiga qo‘ydi-da, hech qanaqa taklif va takalluf kutmay ko‘rpachaga cho‘kdi.
– O‘tir, – dedi ayolga bir qarab qo‘yib. – Bilaman, senga qiyin, lekin... Bugun kasalxonaga o‘tgandim. Bilasanmi... Sen har qanday ko‘ngilsizlikka tayyor turishing kerak. 
Ayol savol to‘la nigohi bilan bir qarab qo‘ydi. 
– Tushunmadim, – dedi keyin sekingina.
– Yolg‘on! Hammasini tushunib turibsan... Guli, menga rahmi kelyapti deb o‘ylama. Faqat... Bunday yashamasliging kerak.
– Nima qilay bo‘lmasa?
Ayolning ovozi mahzun, ammo afsus yo‘q edi bu tovushda. Yigit esa yerga qarab picha o‘ylandi-da, so‘ng shu ko‘yi davom etdi:
– Alisher sog‘ayib chiqqan taqdirda ham u bilan baxtli yasholmaysan. Bir umr farzandsiz o‘tasan, tushunyapsanmi?
Ayol unga "yalt" etib boqdi. Endi uning chiroyli, yumaloq ko‘zlari katta-katta ochilgan va hayrat bilan to‘la, qiyofasi esa nihoyatda jiddiy tortgandi.
– Qaerdan oldingiz bu gapni? – yarim iltijo, yarim jiddiylik bilan so‘radi.
– Bilasanmi... U armiyada nam okopda uxlab qolgan. O‘sha yoqdayoq ma’lum edi kasali. Shuncha payt jim yashadim. Lekin Alisher bilib turib seni baxtsizlikka boshlamasligi kerak edi. Nomard odamning ishini qildi u. Guli, men...
Uning keyingi so‘zlari ayolning qulog‘iga kirmadi. Gulruxsor kafti bilan og‘zini yopib, unsiz yig‘lab yubordi. Bir lahzagina keyin ikki kaftini baravar yuziga bosib, ho‘ngragancha yig‘lay boshladi. Va shu yig‘i aralash bo‘g‘iq ovozi baland chiqdi:
– Nimaga keldingiz bu uyga?
Ne’mat boshini egganicha bir daqiqalar jim o‘tirdi. So‘ng yuziga ovozsiz fotiha tortdi-da, ohista qo‘zg‘aldi. Eshik oldiga yetganida to‘xtab, hanuz boshini ko‘tarmay yig‘layotgan ayol tomon o‘girildi.
– Ezilishdan foyda yo‘q – dedi sekin tovushda. – Eng muhimi, hayotingni qaytadan boshlashga hali ulgurasan.
Ayol uning taklifini idrok etadigan holatda emasdi. Darvoza "g‘iyq" etib yopilgach, mashinaning o‘t olib, asta-sekin tovushi o‘chgandan keyingina Gulruxsor yuzini kaftlari iskanjasidan bo‘shatdi. Qovog‘ini yengilgina ishqalab, bir nuqtaga tikildi. "Hayotingni qaytadan boshlashga ulgurasan". Nimaga shama qildi u? Shuncha vaqt uylanmay yurganiga sabab, demak, uning ham ko‘ngli bor Gulruxsorda. Nega buni ancha kechikib aytayapti? Yo chindan ham hali qayta hayot boshlashga ulguradimi? Lekin eri-chi, u nima bo‘ladi? Yo‘q, gunohga botishdan qo‘rqadi ayol. Biroq Alisherning o‘zi umr yo‘ldoshini aldab yashashi gunoh emasmi? Darvoqe, u xotiniga bu xususda og‘iz ochmagan. Bepushtligi haqidagi xabarni bugun faqat Ne’mat aytdi. Nahotki bu rost bo‘lsa, Xudo?! Nahotki bu uydagi chimildiq bir umr bezovta arvohdek tebranib turishga mahkum? Yo‘q, u bunga chidolmaydi. Ne’matning taklifini jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak. Eriga ming achinmasin, baribir dunyodan befarzand o‘tishni istamaydi-ku?! Qolaversa, Alisher o‘rtog‘i aytganidek nomard bo‘lmaganida bu baxtsizlik girdobiga tortmas edi uni. Xo‘p, eri bilan orani ochiq qilgan taqdirida ham Ne’mat bilan turmushi baxtiyor kechadimi? Alisherning-ku hech kimi yo‘q, ammo o‘ziga to‘q xonadon uni bir umr malomatga ko‘mib qo‘ymaydimi? Xullas, yo nogiron er bilan o‘lguncha befarzand yashash, yo bo‘lmasa abadiy xo‘rlik... Qaysi biri og‘ir? Bu xayollar bora-bora uni jinni qilib qo‘ymasaydi. Axir, hatto hayotdan ham bezgan u. 
Bir oy davomida shahar shifoxonasiga borish uchun Gulruxsorning sariq chaqasi ham yo‘q edi. O‘n ikki chaqirim yo‘lni yayov bosib o‘tishga esa majol kerak. Tirikchilik eng dahshatli muammoga aylangan uyda har baloni o‘ylaydi kishi.
...Alisher butunlay sog‘aygan kun shifoxonadan atigi ellik qadamcha naridagi binoga Gulruxsorning jasadini keltirishdi. Dastlabki ekspertiza tekshiruvidayoq o‘z joniga qasd qilgan ayolning homiladorligi ma’lum bo‘ldi. Bu vaqtda hech narsadan bexabar yigit sog‘lom oyoqlarida ravon qadam tashlab, qishloqqa shoshardi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.