OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mashrab Boboyev. Tuproq hidi (hikoya)

Ahmadbek ko‘chasiga burilib o‘n-o‘n besh qadam yurdi-yu, muyulishda o‘tirgan odamlarni ko‘rib, to‘xtab qoldi. Qovjirab qolgan maysa ustida kiyim-boshi va yuzlaridan qishloqdan kelgani bilinib turgan ikki ayol bolalarini emizgancha bir-birlariga nimalarnidir tushuntirib, ularning o‘rtasida esa, yoz bo‘lishiga qaramay kitel kiyib olgan bir erkak boshini egib, qo‘lidagi cho‘p bilan yerni tirnab o‘tirardi. Ahmadbekning yuragi odatdagidek shig‘ etib ketdi, ko‘ngli nimagadir orziqdi.
U har doim muyulishda o‘tirgan odamlarni ko‘rganda shu holga tushar, yugurib borib o‘sha odamlarni quchgisi, changga belangan kiyim-boshlarini yuz-ko‘ziga surtgisi kelardi. To‘yib-to‘yib hidlagisi kelardi ularni. Ha, hidlagisi kelardi. Chunki, Ahmadbek belana-belana ulg‘aygan tuproq hidi kelardi ulardan. Ahmadbek ko‘pdan beri shaharda yashar, qishlog‘iga juda kam borar, borganda ham mehmondorchilikdan bo‘shamas, shuning uchun ham bu hiddan benasib edi. U mana shu ziyofatlardan qochib, yalangoyoq bo‘lib tuproqli ko‘chalarni changitib yurgisi, yosh bolalar bilan chillak o‘ynagisi, qamishzor kanal bo‘yidagi maysada ag‘anab yotgisi kelardi. Kattakon, buning ustiga shaharlik, yana buning ustiga olim odamning bunaqa yurishini hamqishloqlar ayb bilishardi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deganlaridek, shu qishloqdan boshqa joyda, ayniqsa, shaharda uzoq yashab ko‘rmagan odamlarga tug‘ilgan yerni sog‘inish hissi begona edi. Ahmadbek shunday ziyofatlarda siqilib o‘tirgan kezlarida talabalik yillarini katta bir armon, og‘riq bilan qo‘msardi. U paytlar butun yozni o‘zi istagancha o‘tkazar, u nima qilib yursa ham, odamlar:“Ha, student-da!”, deb qarab, hech narsa deyishmasdi. Xullas, o‘z erki o‘zida edi. Endi esa...
Ahmadbek institutni tugatar yili kursdoshi Dilfuzaga uylandi. O’zini orli-nomusli deb o‘ylaganidan, dang‘illama hovliga ichkuyov bo‘lib kirishni istamadi. Bir rus kampirning hovlisidan ijaraga bir xona olib ko‘chib keldi. Dilfuza o‘ziga to‘q oilaning qizi bo‘lsa ham, shaharda o‘sgan emasmi, pulning qadrini bilardi. O’ziga nisbatan sodda va qo‘li ochiq Ahmadbekni ham pulni misqollab topish va misqollab sarflashga o‘rgatdi. Nihoyat, Ahmadbek dissertatsiyasini himoya qilganidan bir yil keyin, ketvorgan bo‘lmasa ham, o‘zlariga yarasha bir hovli sotib olishdi.
Ularning mahallasida mashhur vrach Salim Akbarovich yashar, unikiga butun respublikadan shifotalab odamlar kelib turishardi. Salim aka ancha ko‘ngli bo‘sh odam bo‘lib, ishdan horib-charchab qaytsa ham, uyiga umid bilan kelib o‘tirgan odamlarni haydab yuborolmas edi. Ahmadbek deyarli har kuni ishdan qaytayotganida Salim Akbarovichning tor ko‘chasi muyulishida o‘tirgan yoki uning uyini qidirib yurgan odamlarni uchratardi. U bunday uchrashuvlarning birinchisidayoq allaqanday notanish bir hisni kechirgan, lekin buning qanday his ekanligini bilmagan, uning ismini topolmagan edi.
...Ahmadbek ishdan qaytayotgan edi. Bolali uch ayol, ikki erkak ko‘chada kimningdir uyini qidirib yurganini ko‘rdi. Ular Ahmadbekdan so‘ramoqchi bo‘lishdi-yu, uning savlatidan iymanibmi, indashmadi. Shunda allaqanday bo‘lib ketgan Ahmadbekning o‘zi gap ochdi:
– Kimnikini qidirib yuribsizlar?
– Assalomu alaykum, – dedi yoz bo‘lsa ham telpak kiyib olgan, cho‘qqisoqol, yoshi elliklar atrofiga borib qolgan chayir bir kishi. – Bizga haligi do‘xtirning uyi kerak edi, mullaka.
Ahmadbek Salim Akbarovichning uyini ko‘rsatib qo‘ydi. Ularning orqasidan birpas qarab turdi, keyin chaqirib so‘radi:
– Qayerda joylashdinglar?
Xotinlarni boshlab ketayotgan erkaklar to‘xtashdi. Bir-biri bilan nimalarnidir gaplashib olishdi.
– Poyezddan ertalab tushuvdik, hozir topib keldik bu yerni, – dedi haligi odam bu orada oldilariga yetib kelgan Ahmadbekka. – Biron joy topilar...
Ahmadbek biroz o‘ylanib qoldi.
– Avval mehmonxona topib, joylashish kerak edi, – dedi keyin.
– E, bizga mehmonxona yo‘l bo‘lsin, mullaka, – dedi erkaklarning yoshrog‘i, terdan dog‘ bo‘lib ketgan shlyapa kiyib olgan yigit, avval o‘zining u yoq-bu yog‘iga, keyin hamrohlariga qarab, gunohkorona jilmayish bilan. – Til bilmasak...
– Bo‘lmasa, biznikida mehmon bo‘lasizlar, – dedi Ahmadbek. – Ho‘, anavi muyulishdan chapga burilasizlar. Sakkizinchi uy.
– Endi... qulluq, mullaka, – dedi shlyapalik kishi. – Ovora bo‘lmang, bir ilojini qilarmiz... – u yana hamrohlariga qarab qo‘ydi.
– Iye! Bir ilojini qilarmizmish! – Ahmadbekning jahli chiqdi. – Bu bolalar bilan qayerga borasizlar?! – u bir pas turdi-da, jahlini yutib, jilmaydi. – Tag‘in... xavotir olmayapsizlarmi, tunaydi deb?
– Yo‘g‘-e, nima deyapsiz mullaka... – deb yubordi telpakli kishi.
– Bo‘lmasa, gap shu! Do‘xtirnikidan chiqib to‘g‘ri boraverasizlar! Kutib o‘tiraman!
Ahmadbek yana ular e’tiroz bildirishmasin deb gapiga javob ham kutmay burildi-da, tez-tez yurib ketdi. Uyiga kelib, Dilfuzaga mehmonlarbop ovqat buyurdi. Uning“Kim?”,  deb bergan savoliga “Hali ko‘rasan”, dedi-da, Rustamjon bilan gulzorga kirib ketdi.
Dilfuza mehmonlarni ijirg‘anib bo‘lsa-da, yaxshi kutib oldi. Ularning gaplari, yurish-turishlari, kiyim-boshi uning g‘ashini keltirar, lekin u bor dardini ichiga yutib, jilmayib muomala qilar, har zamon-har zamonda butun nafratini nigohiga joylab, Ahmadbekka qarab qo‘yardi.
– Qayerdan topib keldingiz bularingizni? – dedi u ertalab mehmonlar ketgandan keyin Ahmadbekka so‘roqdan ham ko‘ra “ikkinchi bunaqa noma’qulchilikni qilmang!” degan buyruq ohangida.
– Muncha odamoxun bo‘lmasang, – dedi Ahmadbek piching bilan. – Bular ham odam. Senga, menga o‘xshagan.
– He, odam bo‘lmay... – Dilfuza gapning davomini ichiga yutdi. – Munday... kiyinishni bilmasa! Mehmonxonaga borsin!
– Mehmonxonada ham senga o‘xshagan madaniyatlilar joy berishmaydi bularga!
– Mening uyim mehmonxona emas! Bular bir kecha yotdi. Endi butun ko‘rpa- to‘shakni yuvishim kerak.
– Muncha hazar qilasan?! – Ahmadbekning endi jahli chiqib ketdi. – Axir, odam-ku bular ham! Qo‘shnining kuchugini ham qanday erkalatasan yalaguday bo‘lib! Bular mening avlodim. Men ham shulardaqa odamman! Menga nega xotin bo‘lib o‘tiribsan bo‘lmasa?!
– Bo‘pti! –  Dilfuza jahldanmi, yo tiliga kelib qolgan biror yomon gapni o‘tkazib yuborish uchunmi, birpas gapirmay turib qoldi. – Bo‘pti! Lekin bundan keyin takrorlanmasin munaqa mehmondorchilik! Kim ko‘p, Salim Akbarovichnikiga keladigan ko‘p! Hammasini boshlab kelaversangiz...
Dilfuza Rustamjonni  olib chiqib ketdi. Ahmadbek uning orqasidan qattiq bir o‘kinch bilan qarab qoldi.
Ahmadbek yuragini hovuchlagancha yana ikki marta shunaqa mehmon boshlab keldi. Dilfuza birinchi gal ham bir balo qilib chidadi, lekin ikkinchi marta mehmonlarni uyga kirgizmadi. Janjal bo‘ldi. Janjalga Dilfuzaning ota-onasi ham aralashdi. Ahmadbek g‘azabga minib ora ochdi qilmoqchi ham bo‘ldi-yu, lekin ishini, bolasini o‘ylab, bema’ni fikridan qaytdi.
Ana shundan beri goh muyulishda o‘tirgan, goh ko‘chada Salim Akbarovichning uyini qidirib yurgan odamlarni ko‘rdi deguncha bir dam to‘xtab qoladi. Yuragida tug‘yon qilayotgan tuyg‘ular girdobida bir dam charxpalak bo‘ladi. Yugurib borib o‘sha odamlarni quchgisi, changga belangan kiyim-boshlarini yuziga, ko‘ziga surtgisi, to‘yib-to‘yib hidlagisi keladi. Lekin o‘zini tutadi. Negaki, ularning oldiga borsa, albatta, uyiga taklif qilishi kerak. Uyiga taklif qilmay o‘tib ketolmaydi ularning yonidan.
...Ahmadbek yuragida tug‘yon qilayotgan tuyg‘ular girdobidan chiqolmasa ham, o‘zini tutib oldi-da, go‘yo hech kimni, hech narsani ko‘rmaganday, qaddini g‘oz tutib, yo‘lida davom etdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.