OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazokat Azim. Tengsizlik (hikoya)

"Tengsizlik" bilishimcha, Nazokatxonning dastlabki  mashqlaridan. Lekin bundan bexabar odam uni bemalol  nasrda ancha-muncha qo‘li kelib qolgan muallifning asari deyishi mumkin. Demak, aslida qizimizning zuvalasida yozuvchilik ishtiyoqi bo‘lgan-u, kitobni ko‘p o‘qib, hayotning past-balandini ko‘p ko‘rgachgina yuzaga chiqqan:yozmasang bo‘lmaydi!
Menga hikoyadagi zamon manzaralariga tiyrak, sho‘x nazar bilan qarash, ba’zi ijodkorlarga xos bo‘lgan siyqaliklardan dadil qochish, tasvirdagi noziklik (o‘ziyam Nazokat-da!) xislatlari ma’qul ko‘rindi.
Nazokat yozuvchi ekan! Yaxshi adiba bo‘lib yetishsin!

Erkin A’zam


1

Men o‘sib-ungan "mahalla" baland va hashamatli edi. Mantiqozonni eslatuvchi "mahalla"miz o‘n ikki qavatli, minorasimon bino bo‘lib, uning har bir qavati ulkan qasqonga o‘xshardi. "Qasqon"da  doira bo‘ylab joylashgan xonadonlarni esa shirin, tuzsiz, achchiq, katta, kichik, dumbali, yog‘siz, ko‘katli mantilarga qiyoslasa bo‘lardi. 
Binomizning qulf-kalit nimaligini bilmagan yakkayu yagona darvozasi to‘qson olti xonadonga kirib-chiquvchilarga doimo ochiq edi. Kimdir darvoza tabaqalarini tepib o‘tar, kimdir ehtiyotkorlik bilan ochar, kimdir bu darvozaga parvo ham qilmas, kimdir uni hatto jo‘ngina qilib, "eshik" deb ham atardi.   
 Ikkita muzqaymoqni lazzatning cho‘qqisi deb biladigan, bir kunning o‘zida ham tsirkka, ham hayvonot bog‘iga borishni buyuk baxt, deb o‘ylaydigan ajoyib bir davrlarda yuksaklikka oshno yosh qalblarimiz, bir qarashda, oddiygina bo‘lgan eshikka nisbatan "darvoza"dan o‘zga so‘z qo‘llashimizga yo‘l qo‘ymasdi. 
O‘sha davrlarda darvozamiz va uning atrofi  "haqiqat ko‘zgusi" vazifasini o‘tardi. Formula, tenglama, shior, qarg‘ish, so‘kish shaklida muhabbat, rashk, nafrat kabi tuyg‘ular bitilgan yozuvlar  sakkiz yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan mahalla ahlining qadr-qimmatini belgilar, xayolda yoki haqiqatan shakllangan munosabatlarni elu xalqqa namoyon qilardi. Harf taniganimdan beri kamolot sari intiluvchi yosh jamoaning eng inobatli fikrlari bitilgan mazkur ommaviy axborot vositasini muntazam ravishda kuzatib borarardim. O‘lsam ham birov oldida tan olmaydigan zo‘r hayajon bilan avval o‘z nomimni, so‘ngra mundayroq his-tuyg‘ular og‘ushida yaqinlarimning ismlarini  qidirardim-da, so‘ng loqaydlik ichra boshqa, menga umuman bog‘liq bo‘lmagan yozuvlarni o‘qishga kirishardim. Bunday nomalarning eng ko‘p  nusxaga ko‘chiril¬ganlaridan biri — "M + Z = S" tenglamasi nafaqat darvoza oldi-orqasini, balki beshinchi qavatimizdan to sakkizinchi qavatga eltuvchi zinalar atrofini ham ko‘rkamlashtirgan edi. 
Bilasiz,  ko‘p qavatli uylarda qo‘shnilar zinaxona¬larga bo‘linib kirdi-chiqdi qilishadi, ammo bizda qo‘shnichilik ishlari qavatlarga ajralib amalga oshirilardi. Yuqorida keltirilgan tenglama esa beshinchi qavat bilan sakkizinchi qavatni qo‘shnichilik doiralaridan chiquvchi munosabatlar bilan  bog‘lab turardi.
Ammo, keling, bir boshdan...
Ifodaning birinchi qo‘shiluvchisi Mohidil  bilan bitta qavatda turardik.  Uylarimizning eshigi yonma-yon bo‘lgani yetmagandek, yana  ikki oiladagi kir yuvish tadbirlaridan keyin tog‘oralarda paydo bo‘luvchi bujmaygan kiyim-kechaklar ham maxsus umumiy ayvonchaga osilardi. Onam kir osganlarida etaklariga o‘ralashib yuradigan chog‘larimdayoq Mohidilni ko‘rib qolsam, bo‘ldi, janjal-to‘polon bilan unga yopishib olardim.  Uncha-muncha darslarini akam yo opamga bajartirgani uyimizga kirganida ham, oyisi chiqib olib ketmaguncha, uni qo‘yib yubormasdim. 
O‘zim ham bir necha barobar ortig‘i bilan ularnikiga javob tashriflari buyurishni yodimdan chiqarmasdim. Chunki, birinchidan, Mohidilning aka-singillari bo‘lmaganligi uchun, faqat o‘ziga tegishli alohida xonada kechadigan  o‘yin-kulgularimiz tartib, vaqt kabi shart-sharoitlar bilan chegaralanmasdi. Ikkinchidan, ota-onam maktabga chiqqanimdan keyin, bitta-yarimta boshqotirma o‘yinlardan tashqari hech qanday o‘yinchoqlar bilan meni siylamay, kitobni ermak qilishimga imkoniyat yaratishgani sabab, Mohidilning yumshoq-qattiq jonivorlar, uxlaydigan, gapiradigan, suv ichadigan qo‘g‘irchoqlari; ularning uylari, mashinalari, garajlari va hokazolari bilan liq to‘la xonasi kattalar orasidagi zerikarli hayotimga  rang-baranglik kiritardi. 
Ammo, bilasiz, hayot lazzatlari hisob-kitobni yaxshi ko‘radi. Toleimga Mohidil bilan do‘st bo‘lish yozilgan ekan, darrov bu saodatim uchun tovon  to‘lashimga to‘g‘ri keldi. Ko‘cha-ko‘yda ham, uyida ham mehmonga shaylangan qizaloqdek yasanib, ko‘ylaklariga mos sochbog‘lardan taqib yuradigan Mohidilga bo‘lgan sodiqligim orqasidan, menga baxtiyor yoshligimning eng qora dog‘laridan biri bo‘lmish, hatto hozirgacha dilimni tilka-pora qiluvchi laqab taqilgan edi: Zulik-xunik, Zulik-xunik!.. 
Shunday qilib, mazkur laqab egasi "M"ning yuqorimi, pastkimi ko‘rsatkichi hisoblanardi, xolos. 
Tenglamaning ikkinchi qo‘shiluvchisi esa sakkizinchi qavatda yashovchi Gulya opaning o‘g‘li Zikir edi.
O‘g‘li  Zikirni kiyimlariga monand shirinsuxan va sertabassum Mohishga qo‘shib qo‘yadigan Gulya opa, meni uncha xushlamasdi.  Zikirning qo‘liga pul tutqazib, "o‘zing yakka borma, Mohishka bilan muzqaymoq yeb kelinglar", deya ularni qo‘l ushlatib do‘konga jo‘na¬tishlari mening hasadimni keltirar edi. Sho‘xlikni haddan tashqari oshirib yuborgan chog‘larimizda Mohidilni oldiga chaqirib, "kiyimlaringni qara, shu ish senga yarashadimi?" deya dugonamning boshini silashlari, menga esa qovog‘ini solib, "Zulxumor, uyingga bor. Yuvinib chiq!" deb turtkilashlari  jahlimni chiqarardi.  
Ammo men nafaqat Mohidil o‘ylab topgan o‘yinlarda, balki Gulya opa tomonidan tashkil etiladigan muzqaymoq yeyish shodiyonalarida ham faol ishtirok etishni kanda qilmasdim. Bitta mayizni qirq kishi bo‘lishib yeganini mubolag‘a deguvchilar, bilingki, ikki bolakayning bitta muzqaymoqni paqqos tushirishida ham hikmat ko‘p. Chunki shaxsiy kuzatuvlarimga qaraganda, kimdir tezda og‘izga solinmasa, erib ado bo‘luvchi mana shu baxtni qo‘lida mahkam ushlagancha yeydi, kimdir ahyon-ahyonda  yalaydi... 

2

Oramizda sakkiz  yillik farq bo‘lgan opamga nisbatan  menga yosh jihatdan ham,  ma’naviy  jihatdan (ya’ni tantiqlik darajasi bo‘yicha)   ham ancha  yaqin bo‘lgan Mohidilni avval oyisi  opamga qo‘shib maktabga yuborardi, keyinchalik, opam maktabni bitirgach,  meni Mohidilning o‘zi maktabga olib boradigan bo‘ldi. 
Adashmasam, ayni o‘sha paytlardan boshlab, sakkizinchi qavat sahnida eshiklarimizning ochilishini kutib turadigan Zikirning zinalarni dupurlatib sakrab tushishi eshitilardi. So‘ng  u maktabga yetgunimizcha uch qavatga teng masofaning tekislikdagi proektsiyasini saqlagan holda  bizni  maktabgacha kuzatib borardi. 
Mohidildan ikki sinf pastda o‘qiganligim uchun darslarim ertaroq tugardiyu dugonamni kutish bahonasi bilan maktab hovlisida arqondan sakrash, chiziqda dikirlash kabi o‘yinlarni maromiga yetkazib turardim. Ba’zan  bo‘ o‘yinlarimizga Zikir ham qo‘shilardi. Qor-yomg‘ir tufaylimi, popkamdagi bitta-yarimta "uch" tufaylimi,  o‘yinga hushim bo‘lmay turgan paytlarda, Zikir yonimga kelib meni gapga solardi. U bilan suhbatlarimiz taxminan: "— Mohidil qani? —Darsda. —Uyga qachon ketasizlar? —Ishing nima?" tarzida qisqa va qo‘rsroq shaklga ega bo‘lsa-da, yuqori  sinfdagi bo‘yi uzun, sochlari doimo tekkis taralgan, sheriklari singari yelkasiga rang-barang xurjun emas, to‘rtburchak portfel osib yuruvchi xushro‘y bolaning aynan men bilan gaplashishi sinfdoshlarim o‘rtasida o‘zgacha hurmat qozonishim uchun yetarli edi. 
Kattaroq sinflarga o‘tganimizda Mohidil musiqa ohangiga uncha-muncha qo‘l qimirlatadigan qizlar qatori maktabimizda ochilgan raqs to‘garagiga tanlab olindi. Uni endi mashg‘uloti tugaguncha kutadigan bo‘ldim.  Dugonam poylayverib zerikkan itoatgo‘y ko‘zlarimga rahmi kelibmi yoki qizlarga xos sezgirlik bilan shu atrofda o‘ralashib yurgan Zikirdan har ehtimolga qarshi meni nariroqda tutish uchunmi,  kaminani ham tanish-bilishchilik bilan to‘garakka yozdirib qo‘ydi-yu, men bechoraning haligi laqabim o‘z dolzarbligini yangi kuch bilan namoyon qila boshladi: Zulik—xunik, Zulik-xunik!..   
Jismoniy tarbiya darsining me’yorlarini arang "uch"ga bajara oladigan "chaqqonligim" bilan raqs harakatlarini betinim buzishim orqasidan eshitmagan dakkilarim qolmaganiga qaramay, ikki yil ichida to‘garagimiz oldi bo‘lmish to‘rtta raqqosaning biriga aylandim, Mohidil esa hamma odobli qizlar yubka kiyganda "mini"da, hamma shimga o‘tganda "shortik"da yuruvchi, "gap-so‘z" degan balolarni pisand qilmaydigan jasur qiz bo‘lib yetishdi.      
Orada Mohidilning otasi oilasini tashlab, boshqa ayolga uylandi, men esa kelin va kuyovlarga ega bo‘lgan hurmatli oilaning kenjatoyi sifatida "bir oz erka bo‘lsa ham, yaxshi qiz" degan yangi maqomni oldim. 
Mohidil maktabni bitirib, san’at insti¬tutigami, madaniyat universitetigami hujjatlarini topshirdi. Uning ijodiy imtihonlarning o‘zidayoq yiqilgani oilamizda har tomonlama o‘rganilganidan so‘ng, menga maxsus o‘qituvchilar yollanadigan bo‘ldi, yangi kiyim-kechaklaru ortiqcha teatr-kinolarga qo‘shib, raqsga o‘xshash "bekorchilik"larim ham tag-tugi bilan kesib tashlandi. 
Keyingi bir yil ichida opamni erga berishimiz, akamning uylantirilishi bilan bog‘liq tashvishlar; mening o‘qishga mukkasidan ketishim Mohidil bilan aloqalarimizning susayishiga olib kelmagan bo‘lsa ham, har qalay, keyingi rivojiga to‘sqinlik qildi.   

3

Shunday bo‘lishiga qaramay, bir kuni Mohidil uyimizga bir savat olma ko‘targancha kirib keldi. Hamjihatlik bilan ikkovlon murabbo  tayyorlashga kirishdik. 
Men yuvib berayotgan olmalarni chaqqonlikcha po‘stidan xalos etarkan Mohidil maqsadga ko‘chdi:
— Zulxumor, bugun-erta  biror ish-pishing bormi?  
Mohishning so‘zlarni juft-juft qilib gapirish odatiga taqlidan:
— Olma-polma olib kelmaganingda hech narsa bilan shug‘ullanmagan bo‘lardim, — dedim. Dedim-u, kecha domlam ertagacha yechishni buyurib ketgan oltita masala kabi "hech narsa"lar yodimga tushdi.
— Bitta ish bor edi, — dedi u. — Ham dam olib kelamiz, ham oz-moz pulli bo‘lib olardik. 
— Zo‘r-u! Shunaqasi ham bo‘larkanmi? — deya qo‘limni sochiqqa  artgancha Mohishga tikildim.
Mohidil esa spiralsimon lentalarga aylangan olma po‘choqlaridan ko‘zini uzmay yuragini yordi:
— Senga aytmoqchi emasdim... Ammo ilojim yo‘q. Men bir-ikkita qizlar bilan raqs dastasi tuzganman... Uch-to‘rt oydan beri restoran-pestoranlarda raqs tushyapmiz. O‘qish-po‘qishga kirishga hali vaqt bor, bir narsa bilan shug‘ullanish kerak-ku! Aksiga olib, bugun bitta sherigimiz kasal bo‘lib qolibdi... Yordam-pordam bermasang bo‘lmaydi.  
Mening hayratim yanayam oshdi. Voy, Mohidil-ey!  Zo‘r dugonam bor-da!.. Ammo nima uchun shu paytgacha bunday muhim narsalardan xabarim yo‘qligi birdan xayolimdan o‘tdi-yu, ichimdan otilib chiqayotgan zavqni bekitish uchun qovog‘imni solib oldim. 
— Men bora olmasam kerak, — dedim, uning qiziqarli hayotiga havasim kelsa ham yasama behafsalalik bilan. — Biznikilarni bilasan...
— Bilaman. Ammo zo‘r buyurtma edi-da... Bitta boyvachchaning Chorvoqdagi dalahovlisiga borishimiz kerak. Ikki soatda bo‘shaymiz. Keyin o‘zimiz ham cho‘milib-po‘milib qaytamiz. Har birimizga ellik dollalardan to‘larkan. O‘zing o‘ylab ko‘r! Bu unaqa-bunaqa pulmas. Har doim ham shuncha to‘lashavermaydi. 
Buncha pulni hatto qo‘limga ham ushlamaganligimdan dovdirab:
— Yarim yildan beri raqs bilan shug‘ullanmayapman, chiqib qolgan bo‘lsam kerak, — dedim ikkilanib.
  — Qo‘ysang-chi, Zulxumor, raqs ham velosipeddek gap, bir marta o‘rgangan odam...
— Oyimga nima deymiz?
— Bizning dacha-pachamizga ketyapmiz deymiz-qo‘yamiz.
— Seni oyingdan so‘rasalar-chi?
— Ular kasalxonadalar. Kelganlarida haqiqatdan ham dachaga borgan edik, deb pishitib-netib qo‘ysam bo‘ldi, — dedi Mohidil. 
U ikkilanayotganimni ko‘rib, eng nozik joyimdan ushladi:
 — Kiyim-piyimlaringga qara, opangning eski-tuskisini kiyib yuraverasanmi? 
— Singilning fojeasi ham shu-da, — derkanman, ikki yil burun urf bo‘lgan uzun tumshuqli tuflimning yo‘lakda poyma-poy  mung‘ayib turishiga o‘ksib qaradim. Lekin baribir ko‘nmadim, boshimni sarak-sarak qilgancha, Mohidilning gaplariga ham, tuflimga ham boshqa ahamiyat bermaslikka o‘zimcha ahd qilib,  archilgan olmalarni to‘g‘rashga kirishdim.
Mohidil ishini to‘xtatib, suyanchiqsiz kursilarimizdan biriga o‘tirdi.  
— Zulya, iltimos, "yo‘q"  demagin. O‘lay agar, boshqa ilojim yo‘q.   Oyim o‘tgan yilgi opretsiyadan keyin hech o‘zlariga kelolmayaptilar. Har oy kasalxonadalar. Hozir shu buyurtmadan quruq qolsam... — derkan, Mohidilning ko‘ziga yosh keldi. 
Ellik dollar... dars o‘rniga dam olish... o‘yin-kulgi... yana bu yoshlar...  O‘lay agar, mening ko‘nglim bo‘sh emas... Ammo yoshligimizda singillari bor qizlarga havasi kelib,  yog‘in-chochindan keyingi sayrlarimizdan so‘ng "bo‘tig"imdagi loylarni cho‘p bilan tozalaydigan, rang-tusimni bo‘g‘ib qo‘yuvchi opamdan qolgan qora surma o‘rniga aft-angorimga yarashuvchi to‘q jigarrang qalam sovg‘a qilgan, doimo meni nafosat sari undovchi dugonamning menga zor bo‘lib tikilgan nigohiga dosh berolmadim. "Xo‘p, mayli" deya ikkita tasdiq yuklamasini birdan qo‘llab yuborganimni o‘zim ham sezmay qoldim. 
Mohidil sakrab o‘rnidan turdi-da, yuzimdan cho‘ppilatib o‘pdi.
— Gap bitta, — dedi u. — Kechqurun biznikiga chiqsang, qizlar kelishadi, raqs-paqslarni ozgina qaytarib olishing kerak. Kostyum-postyumlarni ham olib kelganman.  Yuvib, dazmollab qo‘yamiz. Ertalabga taxt bo‘lib tursang, o‘nlarda jo‘naymiz... 
So‘ng olmalarni chaqqonlik bilan to‘g‘rab katta tog‘oramizga joylay boshladi. 
Bankalarga joylashtirilgan murabboni ko‘rib, pishgan olmadek yumshagan oyimdan ikki to‘y xizmatida horigan, yana repetitorlarning  qo‘liga tushib xo‘p azoblarni boshidan kechirayotgan qizlarining bir kungina dam olishiga ruxsat olish ancha oson kechdi. 



Yo‘lovchilarning mavqei ularning mashinada egallagan o‘rinlaridan bilinadi. Orqa o‘rindiqning o‘rtasida, odatda, yoshi kichik odam o‘tiradi — bu men, albatta. Xoreografiya bilim yurtini bitirishganiga qaramay, kelajakda qo‘shiqchi bo‘lish orzusida yonayotgan Fotima va Zuhralar ikki tarafimdan joy olishgan. Ular kechalari Mohidilning dastasida pul ishlasharkan, kunduzlari konservatoriya o‘qituvchilaridan  ta’lim olib, estrada qo‘shiqchiligi fakultetiga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishar ekan.   Mohidil mashina egasiga eng yaqin odam sifatida haydovchining yonidagi joyni egallagan. Haydovchimiz esa  sakkizinchi qavatda  yashaydigan qo‘shnimiz — Zikirvoyning o‘zlari.  Mohidil ertalab uni menga "dastamiz prodyuseri" deb o‘zicha boshqatdan tanishtirgan bo‘lsa-da, u sharoitga qarab turlicha vazifalarni bajararkan. Ba’zida hozirgiday aravakashlik qilsa, ba’zan qo‘riqchi, ba’zan xazinachi, ba’zan ma’mur, mijozlar bo‘yicha direktor kabi katta-kichik mansablardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga ega ma’sul xodim sifatida qizlarning og‘irini yengil qilar ekan.      
Bundan tashqari Zikir kamgap Zuhraga tegajog‘lik qilib, Mohidilni yarim chin, yarim hazil rashkini keltirib ham turar ekan.  
Zikir yo‘l bo‘yi Zuhraga "Zuhrusha, bitta ashula aytib ber!", "Zuhratik, qo‘lingdan bitta ushlay, keyin katta ashulachi bo‘lib ketganingda "shu yulduzu Zuhroni qo‘lidan ushlaganman" deb maqtanib yuraman" kabi iltimoslar qilar, Mohidil esa uning yelkasiyu bilagiga tarsillatib-tarsilattib shapaloqlar tushirardi. Zikir  tarsakilardan battar quvonib kular, "Zuha, bunga ahamiyat berma. Mohidil kecha meni mantiga rashk qilgan, ishonasanmi? Manting o‘zingdanam shirin chiqibdi, deganimga ham kaltak yeganman", deb yana Zuhraga gap otishni avjiga chiqarardi.   Zuhra esa uning suyuq-quyuq gaplariga "xumpar", "voy, xumpar", "xumpar-ey!", "o‘l, xumpar" kabi  qisqa va lo‘nda javoblar berardi.
Har xil tuzli-tuzsiz gap-so‘zlar bilan Chorvoqqa yetib kelganimizda  quyosh tik  bo‘lgandi. Zikir "ish yuzasidan" bir kunga olingan dadasining mashinasini qirg‘oq tomonga ehtiyotkorlik bilan burib to‘xtatdi. 
"Kimo‘zar"ga suvombor tomon choparkanmiz, orqada kimdir qoqilib  yiqilganini eshitdim. Qarasam — Mohidil. Dugonam oyog‘ini ushlagancha ingrayotgan edi.  Endi uning oldiga borib yordam bermoqchiydim, Fotima qo‘limdan tortib, meni oldinga sudradi-da, qulog‘imga: "klassik priyomlardan birini mahorat bilan bajardi, qo‘yaver", deb shivirlab, qiqirlagancha  meni suvga itarib  yubordi. Qo‘qqisdan suvga tushganimdan entikib, nafasimni arang rostlagach, atrofga qaradim. Tog‘lar, tepaliklar, balandliklar... Xarsang toshlar, shag‘al, qum... Sal nariroqda   esa Zikir... Zikirning qo‘lida Mohidil... Mohidilning  uzun qora sochlari yigitning mushaklar o‘ynagan yelkasini silagandek yengil hilpirar — go‘yo ikki yoshning tuyg‘ularini bizdan yashirishga urinardi. 
Har bahor hovlingizdagi o‘rikning gullaganini ko‘rgansiz. Ammo "ajoyib kunlarning birida" kilosi ikki ming so‘mlik meva soladigan daraxt ko‘nglingizga shunday ajib iliqlik baxsh etadiki, unga mahliyo bo‘lgancha, qandaydir mo‘’jizaga qaragandek tikilib qolasiz! Men ham shalabbosi chiqqan ko‘ylagimni tartibga solishga urinarkanman, Mohidil bilan Zikirdan ko‘zlarimni uzolmayman. Ular go‘yo bir tana bir jondek ketib borishar, qiyin masalaning mohiyatiga yetib, "sevgi" deb atalmish mavhum "iks"ning qiymatini nihoyat topgan o‘quvchilardek baxtiyor edilar.      
Ularning kayfiyatlari opa-singillarga ham o‘tdimi, yoki tog‘ning havosi hammamizga birdek ko‘tarinkilik baxsh etdimi, bilmaymanu, lekin Fotima ham ularga qarab:
— Mana buni qo‘shiq desa bo‘ladi... — deb qoldi. — She’r bilan kuy  bir-biriga mos kelsa...
Zuhra ham opasining gapini ma’qulladi:
— Xumparlar-ey...

5

Soat oltilarda mashina atrofida sochilgan ashqol-dashqollarimizni yig‘ishtirgach, atir-upa xaltalarimizni chiqarib bo‘yanishni boshlab yubordik. Upamni olib endi yuzimga surkashimni bilaman, Fotima bir nima surilgan nam paxtani burnimning tagiga suqqancha tanbeh bera ketdi:
— Fonogrammaga tusholmaydigan havaskor bo‘lmay ket! Birinchi, mana bu bilan ertalab surgan bo‘yoqlaringni artib tashla!  Teri ham dam olishi kerak. Bunaqa ketishda o‘ttiz yoshingda yuzing ajinga to‘ladi. 
Qo‘lidan paxtani olib artarkanman:
— Nima bu o‘zi, Fotima opa? — deb so‘radim.
Opa-singil menga hayron bo‘lib tikilishdi.
— Xumparmisan, nima balo? — dedi Zuhra birinchilikni qo‘lga olib. 
Fotima esa xaltasidan mo‘ralab turgan chiroylikkina idishga ishora qilib:
— Loson, — dedi. 
So‘ng kiprik yopishtirishga kirisharkan, menga "nasihat" qila boshladi:
— Xali aytganlarimiz esingdan chiqmasin, mijozning darvozasidan kirishimiz bilan, men Loraga, Zuhra Noraga, Mohidil esa Kamilaga aylanadi. 
— Eng asosiysi, o‘zingning otingni esingda tutsang bo‘ldi. Tag‘in Karina deb chaqirsak, kim ekan deb anqayib-panqayib o‘tirmagin, — deb sherigimizning gapini davom ettirdi Mohidil. 
So‘ng  opa-singillar   orasida nimadan ish boshlashimni bilmay turganimni ko‘rib,  meni yoniga o‘tqazdi-da: "ko‘zingni yumib tur", "gapirma", "qoshingni ker", "labingni tiling bilan ho‘lla", "oz-moz og‘zingni och"  kabi buyruqlar  bilan o‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘n olti yoshlik jamolimni yigirma beshga tenglashtirdi-qo‘ydi. 
Bo‘yash davomida ota-onam qo‘ygan ismimning ularga nimasi yoqmasligini izohlashga ham ulgurdi:
— Qoida shunaqa.  Restoranda ham,  klub-mlublarda ham hech kim haqiqiy ismlarimizni bilmaydi. Bundan tashqari,  u yerdagilar  bizni faqat bo‘yangan, yasan-tusangan holda ko‘rishadi...  Agar seni raqs shaydolaridan birortasi ko‘cha-ko‘yda tanib-netib qolguday bo‘lsa ham, — dedi istehzo bilan Mohidil, — ismingni eslay olmaydi, chunki ismlar o‘xshash: Kamila-Karina, Lora-Nora...  Keyin "meni  kimdir bilan adashtiryapsiz, shekilli" deysan, ayniqsa, oldingda xijolat-sijolat bo‘ladigan odaming bo‘lsa... Baribir raqqosa, qo‘shiqchi-po‘shiqchilarga munosabat yaxshi emas. Bunday nayranglarsiz boshing balodan chiqmaydi... Bo‘ldi, Zulik-xunik! Bir tamosha qiling-chi o‘zingizni...   
Oynaga qarasam, haqiqatdan ham Zulik-xunik menga qarab turibdi. Aft-angorimning tabiiy rangi tugul, qovog‘imni solsam ham, yig‘lasam ham yuzimga ajabtovur xushchaqchaqlik baxsh etib turuvchi sepkillarimdan hatto nom-nishon qolmabdi. Qoshlarim kuya surkalgandek qop-qora. Kipriklarimning notabiiy uzunligi, qovoqlarimning jigarrangning uch xil tusida do‘rdayishi uncha-muncha kitob ko‘rgan ko‘zlarimni qandaydir bema’no qilib qo‘ygandek. Avval qizil qalam bilan yangi shakl chizilib, keyin bo‘yalgan lablarimning cho‘chchayishini endi haqiqatdan ham laqabimdagi zulukka o‘xshatsa bo‘ladi. Achchig‘im chiqib, oynani Mohidilga otib yubordim:
— Mohish, tentakmisan? Nima qilganing bu? G‘irt anundaqa qizlarga o‘xshab qolibman-ku!
Mohidil  otilgan oynani chaqqonlik bilan tutib oldi.
— O‘zing tentaksan. Nima, sop-sodda ko‘zlarimu onasi o‘pmagan lablarim bilan Mohish sahnaga chiqarib qo‘yadi, deb o‘yladingmi? — dedi u menga sinchkovlik bilan qararkan. — Uchrashuvga ketmayapsan, bilib qo‘y! Maqsad — sahnada chiroyli ko‘rinish, qolgani bilan  ish-pishing bo‘lmasin. 
Atrofimda  o‘tirgan Fotima-Zuhralar ham parvoyi falak meni tomosha qilisharkan, kattasi  yarim hazil, yarim chin makiyajimga baho berdi:
— Zulya, san’at muzeyiga bormaganmisan? O‘zingga eng yoqadigan rasmning yaqiniga borib qarasang, suratlar  alqash-chulqash bo‘lib ketadi, uzoqroqqa o‘tib tomosha qilsang, ular yana o‘ziga keladi. Sen ham hozir o‘shanaqa rasmdeksan. 
    Uning e’tirozlarga o‘rin qoldirmaydigan tushuntirishidan so‘ng, Zuhraning "Mana shunaqa, xumparlar ..." deb boshlangan gapini eshitgim ham kelmadi. Mendek "san’at asari"ni yaratgan "muallifim"ga o‘qrayishdan ortiq hunarim o‘tmasligini tushunib, mashinadagi joyimni egalladim. 

6
Baland devorlar bilan o‘ralgan kattagina hovliga kiramiz.
Birdan boshlang‘ich sinfdagi ustozim qo‘limizga olishni ham qat’iyan ma’n etgan "Diktantlar to‘plami"ni o‘g‘rincha ochib o‘qiyotganimdagi hayajon va  sarosima meni chulg‘adi. 
Atrofga qarayman. Kiraverishda biror geometrik shakldan ko‘ra ko‘proq lotincha "S" harfini eslatuvchi sayozgina hovuz.  Tubidagi toshlarga boylangan nilufar gullarini masxaralayotgandek jipirlagan baliqchalarning o‘ynoqlashi suv betidagi sokinlikka putur yetkazolmagandek, bizning bu yerlarda dikirlab paydo bo‘lishimiz ham na birovni sarosamaga soladi, na tinchini buzadi. Yalangni go‘yo tartibsiz ravishda bir necha qismga bo‘lgan bir qancha tosh yo‘lkachalar hovli o‘rtasiga solingan uch qavatli qasrchaga olib borarkan, yerdan bir qarich ko‘tarilgan fonuslarni goh aylanib o‘tadi, goh to‘qnash kelib ikkiga ajraladi. Yerga yotqizilgan ko‘m-ko‘k chimning bir tekisda o‘rilgan "olifta"ligini hisobga olmasa, binoning bor ko‘rkini yashirmaslik uchun ahyon-ahyonda ekilgan odam bo‘yidan pastroq butalar, shoxlari tarvaqaylagan bahaybat gullar, pakana archalar, "katta" odamning kamtar xizmatkorlari kabi boadab. Yo‘lakchalarning u yon-bu yonidagi bo‘yi mana shu archalardan past bo‘lmagan xumlar ham qorindor bo‘lishlariga qaramay, ba’zilari darz ketganligi, ba’zilari esa ranglarining o‘chiqligi orqasidan kamsuqumlikda yuqoridagilar bilan bahslashadi.  
Zikir ko‘rinishi bilan bizni ichkariga kiritgan, yuzlariga mo‘min-qobillik yarashmagan ikki yigitdan biri yo‘l boshlab, hammamizni qasrcha ichidagi ellik besh yoshlar chamasidagi ayolga topshirdi. Ayol e’tirozlarimizga ahamiyat bermay yigitning qo‘lidan yuklarimizni bir qismini yulqib oldi-da, tatarcha chaqqonlik bilan ikkinchi qavatga qarab ketdi. Hammamiz uning orqasidan o‘zimizni zinaga urdik. Mohidil tepada ayolga yetib olgach, bizga ikkinchi qavat noqulayligini, har bitta raqsga alohida kiyinib chiqishimiz uchun xonamiz iloji boricha sahnaga yaqin bo‘lishi kerakligini tushuntirarkan, men panjaraga osilib pastdagi kattagina mehmonxonani tomosha qilishga tushdim.  Chap tomondagi kichkina sun’iy sharsharaning atrofini o‘rab, xonani shartli ravishda ikkiga bo‘lgan oqish divan-kreslolaru xuddi shu rangdagi paxmoq gilamdan bo‘lak zamonaviy jihozlardan xoli bu xonada ko‘rgazma uyushtirilgandek edi. Bu yerda ham hovlidagi singari eski xumlardan bir nechtasi o‘z odmiligi bilan gerdayardi. Devordagi tokchalarga, chetroqdagi uzun-qisqa kursiyu stolchalarga terilgan turli hil haykalchalar, qanaqadir qadimgi idish-tovoqlar, mis patnislar, laganlar, qumg‘on va ko‘zalarga tushgan ko‘zim qaysi biriga diqqat qilishini bilmay sarson edi. 
— Yana bir qoida, — dedi Mohidil meni pastga sudrar ekan, —  mijozlarning narsa-parsalariga anqaymaslik kerak. 
Xola esa endi uzr so‘ray boshladi:
— Voy, men o‘lmasam, sizlarni xo‘jayinning mehmonlari deb o‘ylabman, hozir sizlarbop joy hozirlayman, — deganicha, yana o‘sha chaqqonlik bilan birinchi qavatdagi xonalarning biriga ravona bo‘ldi.
Bizga ajratilgan xonaga kirib, kiyimlarimizni almashtirarkanmiz, qora oynali derazadan tashqariga mo‘ralab, raqsga tushishimiz kerak bo‘lgan joyni chamalashga kirishdik. Qasrning biz hali o‘tmagan orqa tarafidagi hovlidan besh-olti qarich teparoq qilib ko‘tarilgan, diametri besh-olti metrli raqs maydonchasi derazadan ko‘rinib turardi. Maydoncha bilan kattakon to‘rtburchak cho‘milish havzasi orasiga qo‘yilgan dumaloq stol atrofida o‘ntacha erkak bazmu-safo qilishardi.  
Semiz, ozg‘in, pakana, novcha, kelishgan, xunuk odamlarni o‘z atrofiga yiqqan dasturxon turli xil taomlaru ichimliklar bilan limmo-lim. Dasturxonning bo‘shab qolishidan  qo‘rqqandek stol atrofida aylanib yurgan ikki yigitcha damba-dam likoplarni almashtirib turish, qadahlarni to‘ldirish bilan ovora edilar. To‘ldirilishi zahoti ohanrabo kabi bir-biriga uriluvchi qadahlar zarbidan hosil bo‘lgan "stolning tortishish kuchi" "raqs shaydolari"ni dasturxondan bir qadam ham nari jildirmasdi. 

7  

Yarim soatdan keyin dasturimizni boshlab yubordik. Avval Mohidilning o‘zi chiqib "Nastarin"ga tushdi, keyin biz dokaparanglarimizni silkitgancha, sekin unga qo‘shildik. Bosiqroq o‘yinlardan boshlangan nomerlarimiz, avval Xorazm raqsiga almashdi, keyin lo‘lichasiga og‘ishdi. Stol atrofidagilarning ba’zilari kursilarini sahnaga qaratib o‘tirib olishdi, ba’zilari turib tomosha qilishga kirishishdi. Ular ora-sirada pul uzatishar, qizlar chaqqon harakatlar bilan barmoqlarining uchida besh yuztalik, mingtalik qog‘ozlarni sug‘urib olishardi. Egizaklar bir-ikki marta stolni aylanib, pul chiqarish niyati bo‘lmaganlarni ham "sog‘ib" kelishdi. 
Navbatdagi raqsga Mohidil ikkalamiz libosxonamizda tayyorgarlik ko‘rarkanmiz, sherigim opa-singillarning likillashini kuzata turib, menga po‘pisa qildi:
— Stol-pstolning oldiga umuman yaqinlashma, eshitdingmi? Sen o‘zingni qanaqa tutishni bilmaysan. Tag‘in qovun-povun tushirib yurmagin! 
Men ispancha yubkaning etaklariga o‘ralashib, o‘zimni tartibga solarkanman:
— Ko‘zim uchib turgani yo‘q haliyam. Ammo hov anovi semizni ko‘rdingmi? O‘yin tugashi bilan orqamdan yopishib, stolga taklif qilyapti, — dedim.
— Bunaqa paytda ularga ters gapirib-netib bo‘lmaydi. Hammasi ichib olgan. Semizingga "xo‘p, yana bir soatlik dasturimiz bor, keyin gaplashamiz", degin.
Men unga hayron bo‘lib qarayman.
— Anqayma, kiyin tezroq. Ikkita raqsimiz qoldi. O‘ynaymizu, orqa-porqaroqdagi eshikdan  sekin jo‘nab qolamiz...   
— Unaqa desam, — deyman tashvishlanib, — yana bir soat raqsga tushmagunimizcha pul berishmasa-chi?
— Siz xavotir olmay qo‘ya qoling endi! Pul-mullar hali kirishimiz bilan olib bo‘lingan. Oldindan to‘lamasa, birov raqsga tusharmidi? Hammasini olganmiz, davrada tushgan pul-mullarni hali qaytayotganimizda birgalashib mashinada bo‘lishamiz.   
Oxirgi raqsni tugatib, hammamiz xonaning o‘rtasidagi katta katga uyulgan kiyimlar orasidan futbolkayu jinsilarimizni topib kiyarkanmiz, Mohish endi egizaklarni shoshiltirishga kirishdi:
— Tez-tez bo‘linglar, qizlar! Juftakni rostlash kerak. Anovilar, — dedi u stoldagilarga ishora qilib, —  qoppa-qotib qolibdi.
Sumkasiga kostyumlarni shoshilmay taxlayotgan Fotima, har doimgidek singlisi ikkisi nomidan gapira boshladi:
— Zikir "xo‘jayinning shaxsiy studiyasi bor ekan", deyapti. Keyinchalik klipimizni yozishga yordami tegishi mumkin emish. Bugun qolishsin, gaplashib olamiz, deganmish. Keyin yana raqsga tushsak, pulni ikki baravar qilib berisharkan. Zikir kelishib qo‘yibdi. Biz qolsak kerak.
Mohidil ikki mushtini og‘ziga tiragancha Fotimaning gaplarini eshitarkan, tobora bo‘shashib borayotgan barmoqlarini yoyib, yuzini ishqaladi. Yuzidagi bo‘yoqlar bir-biriga chaplanib, endi haqiqatdan ham dugonamning san’at muzeyidagi rasmlardan farqi qolmadi.  Xayolga botganday sekingina derazaning oldiga borib, bir oz tashqariga alanglagach, "ko‘rinmayapti bu yoqda", dedi-da divanning bir chekkasiga o‘tirdi. Bir ozdan so‘ng meni "prodyuser"imizni chaqirib kelishga jo‘natdi. 
Tashqariga chiqishim bilan haligi semiz kishiga duch keldim. Poylab turganmi, nima balo? 
— Karina, Karina, devochka nimfetka..., marmeladka.., konfetka,  — deya xirgoyi qilganicha, u men tomonga kela boshladi. — Vay-bo‘, ismingiz ham jismingizga mos ekan.  
U menga panshaxadek qo‘lini cho‘zdi. Menga tobora yaqinlashayotgan do‘rsillama panjalarga kimyoviy reaktivlarga qaragandek, bir oz hayro-o-o-n bo‘lib qaradim-da, darrov yuzimga kimyo o‘qituvchimizda sinab ko‘rilgan "bechora qiz" (bunda lablar bir oz tepaga ko‘tariladi, qovoqlar ochiladi, ko‘zlar iloji boricha kattalashtirilib, ularda iltijo aralash hurmat aks ettiriladi, kipriklar esa musichaning qanotlaridek titrashga tushadi)  ifodasini berdim. 
— Zikir akamni ko‘rmadingizmi? — dedim so‘ng ma’yusgina. 
N2Odan boshqa narsani bilmaydigan boshimni "uch"li attestat balosidan saqlab qolgan jonsarak nigohimu o‘tsiz ovozim "semiz"ning ham cho‘g‘ini ancha susaytirdi chog‘i, u "hozir topamiz, hozir topamiz..."  deya lapanglagancha qaergadir yo‘q bo‘ldi. Men esa qasrcha devorlarini yo‘lak bilan birlashtiruvchi bostirma tagiga o‘zimni oldim. 
Shu payt dasturxon va dasturxon atrofidagilarga xizmat qilib yurgan "sun’iy yo‘ldoshlar" o‘tib ketisharkan, ularning gaplari qulog‘imga chalinib qoldi:
— ...  ustidan hamma mashmasha, — dedi ulardan biri patnisini chertarkan. 
— O‘ziyam svejiy ekan-da! — ma’qulladi sherigi.     
Ularning orqasidan "semiz" ham Zikirni yelkasidan quchgancha qaytib keldi.
— Bratishka, bugun qolmasalaring bo‘lmaydi. Vay-bo‘, mazza-ku! - dedi semiz kishi irshaygancha.
— Aka, gaplashib ko‘raman, — deb javob berdi Zikir kalovlanib. 
Menga ko‘zi tushishi bilan  "ichkariga kir" degandek ishora qildi-da:
— Ayting, xo‘jayin xafa bo‘lmasinlar... Nasib qilsa, boshqa safar.., — deya "muzokara"ni davom ettirdi.    

8

Zikir kirishi bilan Mohidil eshikni tarsillatgancha yopdi-da, uni ko‘kragidan  itarib divanga o‘tqizdi. 
— Menga qara, Zikir, hozirgina menga "xo‘jayin" madaniyat institutining prorektori-mrorektorimi ekan, o‘qish-po‘qishga joylashtirib qo‘yishi mumkin ekan, deyayotgan eding-ku, endi media magnatga aylanibdi-da? Yo‘q dedim, shekilli, eshitmadingmi? Qizlarning boshini nega qotiryapsan? 
— Mohish, sen qolging kelmasa olib borib qo‘yaman, gap yo‘q. Qizlar qolishadi. Hech kim zo‘rlayotgani yo‘q. Kim xohlasa qoladi. Pulini ham dvoynoy berishadi. Nimasi yomon? 
 — Mohish-pohishlama, bu yerda. O‘zingni go‘llikka ham solma. Men mana bu ikkitasiga o‘xshagan ahmoq emasman. Hali xola biz bilan adashtirgan qizlar kelmadi. Bizni o‘shalarning o‘rnini bosishga chaqirishyapti. Balki senga ham qo‘shib-po‘shib beramiz, deyishgandir? Qo‘shmachiliging uchun, a?
Zikir boshini hovuchlab bir pas indamay o‘tirdi-da, keyin tilga kirdi:
— Mohish, qo‘yishmayapti, men ham nima qilay? Darvozani yopib qo‘yamiz deyishyapti. Bir kun ming kun emas-ku? Pulini ham beramiz...
Mohidil yana tutoqdi:
— Bo‘ldi qil. Puling ham, o‘zing ham... — Keyin hozir Zikir bilan pachakilashishning mavridi emasligini tushundi shekilli, hovurini ma’danli suv bilan o‘chirib, so‘radi: — Ikkalasi qolsa ularga yetarkanmi? 
Bu gaplardan keyin Fotima yalingansimon ohangda:
— Voy, biz qolmaymiz, Mohish. Men axmoq bularni boshqacha tushunibman, — deya kiyimlarini ko‘rilmagan chaqqonlik bilan yig‘ishtirishga kirishdi. — Zikirning notani buzib ashula aytishi xayolimga kelmabdi.
Zuhra esa:
— Xumpar, baribir xumpar ekan! — deb, egnidagi raqs ko‘ylagini yirtgandek yechib tashladi. 
Mohidil ularga ahamiyat bermasdan Zikirga qaradi. Zikir piypalanib:
— Ha, bo‘ladi, shunga ham xursand bo‘lishadi, — dedi 
— Bo‘lmasa, bunaqa, hozir chiqasan-da, ikkitasi qolarkan, qolganlarini shaharga eltib-netib qo‘yishim kerak, deysan. Tushundingmi? Keyin mashinani tayyorlab tursang, biz chiqamiz. Bular ham bizni kuzata-puzatayotgan odamdek tashqariga chiqishadi. Hammamiz tez mashinaga o‘tirib olganimizdan keyin, gazni bosasan.

9

Reja o‘xshadi. Mohidil ikkalamiz orqa o‘rindiqqa joylashganimizdanoq, eshikni yopmasimizdan egizaklarning biri oldinga, ikkinchisi orqa o‘rindiqqa sakrab o‘tirishdi-da, darvoza yonidagi sarxush yigitlarning hushtaklariyu qiyqiriqlari ostida jilidik. Katta ko‘chaga chiqib, endi nafasimizni rostlayotgan edik, orqadan mashinalarning to‘xtovsiz signali eshitildi. Mohidil bizlarni itarib tizzasi bilan o‘rindiqqa teskari o‘tirarkan, ikkita mashina izimizdan tushganligidan xabar berdi. "Mers", deb qo‘ydi  Zikir.  Barchamizning "gazni bos, tezroq, yetib olishadi" kabi baqir-chaqirlarimiz ostida Zikir bor haydovchilik uquvini ishga solsa ham, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, orqadagi mashinalardan biri oldimizga chiqib oldi. Ikki "nemis"ning  o‘rtasida qolgan o‘zbek ulovimizni  to‘xtatishdan boshqa chora qolmadi. 
 Men mashinamizni o‘rab olgan yigitlarning vajohatlaridan qo‘rqqanimdanmi, jahl ustidami "inson huquqlari", "konstitutsiya", "qonun oldida javob berishadi" deya valdiray boshlagan edim, Mohidil tirsagi bilan belimga bir tushirdi-da:
— O‘chir. Odamga o‘xshasang-chi! Basharang-masharangni yorib qo‘yishmasin tag‘in. "Semizing"ning vajohatini ko‘rmayapsanmi?  Hech kim mashinadan chiqmasin! Hozir o‘zim gaplashaman ular bilan, — deganicha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.  
Mashinadan tushishi bilan uni o‘rab olgan yigitlar bilan bir narsalarni gaplashgach, ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas oldimizga qaytib kelgan Mohidil bizga qaramay  Zikirdan:
— Pul-mullar qani? — deb so‘radi. 
Zikir yonidagi o‘rindiqqa ishora qilib:
— Joyida, — dedi.  
Fotima mashinadan tashqariga chiqmay, qo‘l tormozi ustidan  hatlab orqaga o‘tib oldi. Mohidil o‘rindiqni ko‘tarib piypalanarkan, ikki soat oldin stol atrofida bizlarni tabassum bilan olqishlagan kishilardan ikkitasi haydovchi tomondagi eshikni ochishdi.
— Ukam, hammasi ko‘nadi, deb qo‘yuvding-ku! Kelishuv nima bo‘ldi? Qani, soqqalarni buyoqqa cho‘z-chi! — dedi bo‘yi pastrog‘i.  
 Bo‘yi uzuni jirtakiroq ekan: rangi bo‘zargan, qo‘llari qaltiragan Zikirni yoqasidan ushlab mashinadan tashqariga sudradi. Mohidil qo‘liga bir hovuch pulni olib, Fotimaning "Borma! Qayt, Mohish, qayt!" deyishiga qaramay, Zikirning ketidan yugurdi. 
Zuhra ham:
— Xumpar, balo bormi u yoqda, — deganicha qoldi. 
Shu payt Mohidilning ortidan sakrab mashinadan chiqib olganimni bilmay qoldim. Nima bo‘lsa ham laqabim bekorga qo‘yilmagan-da!
Ammo tushishim zahoti yana haligi semiz kishining qo‘liga tushdim. Bu safar u nam qo‘li bilan bilagimdan qattiq ushladi.
— Vay-bo‘! Karinaxon! —dedi men kutmagan muloyimlik bilan.
U yoq-bu yoqqa o‘zimni tashlaganim bilan uning iskanjasidan qutulib bo‘larmidi?! Shimimning cho‘ntagiga bir narsa solib qo‘yganidan keyin, o‘zi meni mashinamizning ichiga itarib o‘tqazarkan:
— Yana kelinglar, albatta, — deb qulog‘imga shivirladi-da, mashina eshigini yopdi.
Men "semiz"ning qulog‘imga sal-pal tegib ketgan ho‘l lablaridan bir seskandimu, junjikib qaltiray boshladim. (Uzr, qo‘rqqanimdan bo‘lsa kerak, mashinadagi sheriklarimning na yuz ifodasi, na harakatlari esimda. O‘sha paytda yo men ularga ahamiyat bermaganman, yo ular beozorlik bo‘yicha qo‘zichoq bilan bahslashishgan, yo u ham, bu ham emas: mashina saloni qop-qorong‘i bo‘lgan). Faqat bir ozdan so‘ng Mohidil yugurgancha kelib o‘zining ertalabki o‘rniga emas, bizning oldimizga o‘tirganidan so‘ng sal o‘zimga keldim. Xursand bo‘lib, uning pinjiga tiqildim. Orqasidan  Zikir ham  shoshilib o‘z joyiga sakrab o‘tirdi. Ta’qib qiluvchilarimiz yo‘lni bo‘shatishgach, Zikir mashinasini ildamlatdi. 
Mashina kecha qa’riga kirgani yetmagandek, yana uzoq vaqt sukunat ichiga g‘arq bo‘lgandek edi. To‘rt kishi siqilib ancha joygacha borib qolganimizdan so‘ng, oxiri tinchlikni Zikir buzdi:
— Mohish, mashinani to‘xtataymi? Oldinga o‘tirib olasan.
Mohidil indamay meni quchoqladi. Fotima bir Zikirga, bir Mohidilga qaradi-da,  "o‘lsak ham musiqa bilan o‘laylik" deya hali kelgan yo‘lidan qaytib, oldingi joyiga o‘tib olgach, magnitafonni yoqib yubordi.
"Xip-xop" ohanglari ostida shaharning yaqinlagidan darak beruvchi issiq shamolga yuzimni tutarkanman, muhojirlikdan ona yurtiga qaytayotgan sayyohdek betoqatlanaman, fikrlarimni jamlay olmay besaranjom xayollarga cho‘kaman. 
 O‘shanda nimalarni o‘ylaganim, albatta, hozir umuman esimda yo‘g‘-u, lekin  poygadan so‘ng sergaklangan ko‘nglim, g‘ayratini tonggacha kecha qa’riga yashirgan ko‘chalar kabi ma’yuslashgani hamon yodimda. 
Shaharga kirganimizda kun allaqachon tungi ko‘ylagini kiyib olgan, ko‘cha-ko‘yda odam siyraklashgan edi.  Tashqarida qolganidan o‘pkalab boshini egib olgan ko‘cha fonuslari zulmatga qarshi kurashlarda xiralashgan ma’yus nurlari bilan bezori mashinalarni beparvo kuzatardi. Shinamgina uylarga joylashib olgan chiroqlar  derazalardan sho‘x jimirlar, mashina faralari bilan o‘ynashib betinim ko‘z qisardi.  Ko‘cha fonuslarii esa uyli-joyli qarindoshlariga qaragisi ham kelmay, uh tortgancha, boshpanasiz taqdiriga qasdma-qasd quyoshning otashin nurlaridan horigan asfalt quchog‘iga o‘z shu’lasini tashlardi.
Mahallamizga yetib kelganimizda soat o‘n ikkilar chamasi edi. Mohidilning Fotima-Zuhralar bilan uzoqdan-uzoq xayrlashyotganini ko‘rib, uyimdagilarning qovoq-tumshuqlariga tezroq to‘yish ilinijida yugurganimcha tepaga chiqib ketdim...    

10

Ertasiga kunduzi Mohidildan xabar olgani kirdim. Ko‘zlarining tagi qop-qora, rangi ham siniq, g‘ijim xalati ham "ko‘rk"iga "ko‘rk" qo‘shib turibdi. Oshxonasiga kirsam, qumg‘oniga sovuq-choy ham qo‘ymagan. Bosh-poshi og‘riyatgan bo‘lsa kerak, deya tashxis qo‘yganimcha, uy bekaligini qo‘limga olib, nonushta tayyorlarkanman, oldimda beparvo o‘tirgan dugonamdan hol-ahvol so‘radim. U esa javob berish o‘rniga indamay qo‘shni xonaga chiqib ketdi-da, bir pasdan so‘ng qo‘limga pul tutqazdi. 
— Mohish, pullarni kecha berib yubording-ku anovilarga. Nima, o‘z pulingni tarqatyapsanmi? — deb e’tiroz qildim.
Mohidil arang iljaydi:  
— Opachang hali o‘z pulini tarqatish darajasida boyib ketgani yo‘q. Sol cho‘ntagingga. Va’da-pa’da qilganimcha bo‘lmasa ham, har holda...
Pulini olmaslikka urinayotganim unga jon kiritdi, chog‘i:
— Meni pulning hammasini berib yuboradigan ahmoq-paxmoq deb o‘yladingmi? — deya qo‘limni qaytardi. — Qorong‘ida pullarni g‘ijimlab-g‘ijimlab tashlaganimni ko‘rgandirsan. Bari bir qo‘llariga tushishi bilan sanab olmasdi. Uning ustiga ular uchun puldan ko‘ra, kelishuv muhimroq edi. 
U ko‘ziga kelgan yoshni mushti bilan artdi. Yaqin qarindoshini ko‘mib kelgan odamdek ajib bir g‘ussada boshini egdi: 
— Zikirjon oldindan ham sal-pal boshqacha va’da bergan ekan...
Unga piyolada suv uzatdim-da, oldiga o‘tirib chakkasidan ohistagina o‘parkanman, shu paytgacha uning yuzida menga sezilmagan titroq lablarimga ko‘chgandek bo‘ldi. 
 Mohidil suvni ichib bir oz o‘ziga keldi, hatto, uning ahvolidan yig‘lashga shayligimni sezib, "qayg‘urma", degandek burnimning uchini chertib  ham qo‘ydi.
Mohishning ozgina bo‘lsa ham chehrasi ochilayot¬ganidan xursand bo‘lib pullarni ololmasligimning sabablarini tushuntirishga kirishdim:
— Mohish, bilasanmi, men bu pullarni baribir ishlata olmayman, — dedim birinchi "ish haq"imdan ko‘z uzmasdan. — Biror yangi narsa sotib olsam, baribir, oyimmi, dadammi ko‘rib qolib, pulni qaerdan olding,  deb so‘roq qilishadi. Ko‘chada yeb-ichishga ham yaqin-o‘rtada vaqtim yo‘q. O‘zi kecha kech kelganimdan keyin, endi umuman hech qayoqqa chiqarishmaydi. 
— Kiyim-piyim sotib olmoqchiyding-ku, — dedi Mohidil.
— Biror joyga boradigan bo‘lsam, sening kiyimlaringdan olib turaman.  
Mohidilning baribir pullarni men tomonga surayotganini ko‘rib:
 — O‘zi menga birovlarning narsasi juda yarashadi, sezdingmi? — deya davom ettirdim.
So‘ng cho‘ntagimdan kecha semiz solib qo‘ygan yuz dollarlikni chiqarib Mohidilga uzatdim.   
— Mana buni senga berib qo‘yishimni so‘rashuvdi.
— Kim? — ishonqiramadi dugonam.
— Semiz kishi. Sizlardan pullarni olib qo‘yishayotganda berdi. 
— Senga bergan bo‘lsa, pul seniki, — dedi Mohidil qat’iylik bilan. — Yo bundan jirkanyapsanmi? 
Nima deyishimni bilmay dugonamga qaradim. Odam puldan ham jirkanarkanmi? Onam yoshligimizdan pulni asrash kerak, unga non sotib olamiz, shuning uchun nonni qanday ko‘zimizga surtsak, pulni ham shunday qadrlash kerak, deb o‘rgatganlar. Bu pulni nima uchun ololmasligimning asl sabablarini hatto o‘zim ham tushunmasdim. Balki bu mening birinchi ish haqim bo‘lgani uchundir. Birinchi oylik... Birinchi oylik haqida orzu qilmaganning o‘zi bo‘lmasa kerak! Men ham birinchi oyligimdan dadamga, oyimga, akamga, opamga qanaqa sovg‘alar olishim kerakligini necha marotaba xayol qilganman. Endi mana oldimda o‘sha men orzu qilgan oylik turipti-yu, uni na birovga ko‘rsata olaman, na biror sovg‘a-salom sotib ololaman. Agar shu pullarni oladigan bo‘lsam, pul nimaligini tushungan paytimdan beri ko‘nglimga tukkan orzum chilparchin bo‘ladi. 
Xayolimdan shunaqa narsalar o‘tgan bo‘lsa ham, bu gaplarni nimagadir Mohidilga aytishdan tortindim, go‘yo bu gaplarni aytsam, u xafa bo‘ladigandek tuyuldi. Keyin o‘zimni "bechora" qilib ko‘rsatishdan ham uyaldimmi-ey, bilmayman. Uning ustiga kechagi semizning ho‘l lablari tekkan qulog‘im... Har qalay o‘spirinlikdagi "idealizm" odamgarchiligimdan yuqori keldi. 
— Ha, jirkanaman, — deb eshikni tarsillatib yopgancha  chiqib ketdim.  

11

O‘sha kuni darvozamizga, zinaxonamiz devorlariga bitilgan mashhur  "M + Z = S" tenglamasi qip-qizil tirnoq bo‘yog‘i yordamida madordan qolib yiqilayotgan to‘g‘ri chiziq hamda mening shijoatu g‘ayratim bilan tengsizlikka aylantirildi. Endi darvozamiz atrofi, zinaxona devorlarida  "M + Z  = S" yozuvini o‘qish mumkin edi.
Kechqurun beshinchi qavatimizni supurib turganimda tepadan tanish dupur-dupur ovozlari eshitildi. Supurgimni tashlab bir uyga kirib ketgim ham keldi-yu, ammo tomoshaga o‘ch fe’lim xolis niyatimdan baland keldi.
— Mohish qani? —menga ko‘zi tushishi bilan so‘radi Zikir.
— Uyida.
U devordagi yozuvga qarab yana savol berdi: 
— Kim qildi buni? 
Men u bilan gaplashgim kelmayotganini anglatish uchun:
— Ishing nima? — deb supurishni davom ettirdim. 
Zikir bir oz serrayib turgach:
— Mana endi bu yozuv haqiqatga aylanibdi,  — deb qoldi. 
Men boshimni ko‘tardim-da, hayratlanib Zikirga tikildim. Zikir haftada ikki bor uyimga kelib dars beradigan domlam kabi mehribonlik bilan tushuntira ketdi:
— Mana, qara. "Mohidil"  qo‘shuv "Zikir" barobar "sevgi", deylik. Agar ushbu tenglamadan Mohidilning  qiymatini topadagan bo‘lsak, sevgidan Zikirni ayirish kerak bo‘ladi, tushundingmi?.. 
Albatta tushundim, bekorga yarim yildan beri "Axborotnoma" testlarini yechmayotgandirman! Ya’ni, M  + Z = S bo‘lsa, u holda M  +  S — Z bo‘ladi.
 — Sevgidan ayrilgan Zikir qanaqa qilib Mohidilga teng bo‘ladi? — davom ettirdi ayriluvchiga aylangan "qo‘shiluvchi". —  Demak, tenglikdan ko‘ra, tengsizlik haqiqatga ko‘proq to‘g‘ri keladi. 
Ajoyib sevgi nazariyasi! Qaniydi uning amaliyotga talqini ham shunchalik oson bo‘lsa!  
Endi Zikir faqat oldingi qatorlardagi faol o‘quvchilargina emas, orqa partadagi bedavolar ham eshitishi uchun baland ovozda gapirishga odatlangan umumta’lim maktabi o‘qituvchisidek ovozini balandladi: 
— Zulisha, sen baribir tushunmaysan. Bir sizlarni sinab ko‘rmoqchiydim-da! 
Unga ishonqiramay turganimni ko‘rib, u yangi dalillar keltirishga tushdi:  
— Mohishkani shunday qilib restoran, klublardan qaytarmasam bo‘lmasdi. O‘zing ko‘rding-ku u yoqdagi ahvolni. Mohishga necha marta shu ishingni qo‘y dedim, ko‘nmadi! Men nima qilay, unga gap ta’sir qilmasa? 
— Bo‘lmasam nega bizni mashinada quvishdi? 
— Zulichka, o‘zing eshitding-ku!.. Anov semiz bilan gaplashib qo‘yuvdim!.. Pullaringni bir qismini qaytarib beraman degandim, ozgina "gonka" o‘ynashga rozi bo‘ldi, — dedi Zikir, ovozini yana ham ko‘tarib.   
Shu payt eshikning g‘ichirlab ochilgani eshitildi.  Ostonada ko‘zlari yig‘idan qizargan Mohidil paydo bo‘ldi. Mohidilning yuzida afsus-nadomat emas — nafrat, alam emas — g‘azab bor edi. 
— Alda, yana alda! —dedi u Zikirga o‘shqirib. — Qaytarding. Boplab qaytarding! Endi o‘ynamayman. 
Keyin menga  qaradi, Zikirga yana bir bor o‘qraydi-da: 
— Sizlar bilan o‘ynamayman! — deb eshigini qulflab zinadan yugurib pastga tushib ketdi. 

12

Oradan yillar o‘tdi.
Mohidil turmushga chiqdi. Aytishlaricha, ikkinchi xotin bo‘lib...
Zikir uylandi. Aytishlaricha, o‘zidan o‘n yosh katta bir tillafurush ayolga...
Ammo bularning hammasi gap-so‘zlar, xolos. Odamlarning gapining qaeri rost, qaeri haqiqat ekanini bilib bo‘lmaydigan davrlar ham keldi, oxiri! Axir "haqiqat ko‘zgu"sida nomlarimiz aks ettiriladigan yoshdan ancha o‘tib qolganmiz!    
Zinaxonamizu darvozamizdagi yozuv-chizuvlar, tenglama-tengsizliklarga keladigan bo‘lsak, ulkan "mantiqozon"imiz devorlari, nihoyat, tirnoq bo‘yagichimizdan ancha katta bo‘lgan cho‘tkalarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldi! Bir avlod solnomasi yopilib, tarixning yangi sahifasi ochildi!
Ammo yaqinda Mohidilni ko‘chada uchratib qoldim. Yo‘lni kesib o‘tayotsam, hadeb mashina signal chalaverdi. "Ko‘rinishim zo‘r, shekilli, bugun" deb endi gerdayib o‘tib ketmoqchiydim, qarasam — yuzining o‘rtasidagi kulgichini o‘ynatib Mohidil mashinaning ichida kulib o‘tiribdi.  
Sanoqsiz o‘pichlaru tinimiz quchoqlashishlardan so‘ng, u meni universitetga tashlab qo‘yadigan bo‘ldi. Orada o‘zimiz haqimizda gaplashib, umumiy tanishlarimiz haqida g‘iybatlashib ketarkanmiz, ushbu hikoya janri bo‘yicha orqamizdan bitta mashina quvib signal chala boshladi. Bu safar bizni eski "Jiguli" ta’qib qilardi. Avval Mohidil bunga ahamiyat ham bermadi. Mening betoqatlanayotganimni ko‘rib: "Yo‘lda bo‘lib turadi. Bizning yigitlar rulda ayol kishi o‘tirishiga haligacha o‘rganisha olmayapti", dedi. Institutimiz  eshiklari oldidagi svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtaganimizda "Jiguli" chap tarafimizda to‘xtadi-da:
— Kennoyi, moshinalar zo‘ru! Bizzayam haydardik! — deya haydovchisi  shilqimlik qila boshladi.
Mohidil menga har doimgidek bir nima deb aql-paql o‘rgatib turgan edi, gapini kelgan joyida to‘xtatdi-da, haliga bolaga shartta qayrilib:
— Mening boshimdan o‘tganlar senikiga tushganda, sen ham haydarding, — dedi-da, deraza oynasini yopib qo‘ydi. 
Haydovchi gapning bunaqa burilishini kutmagan, shekilli, mashinasiga gazni ayamay bosdi-da, chapga qayrilib ketdi. Men esa beixtiyor Mohidilning  yo‘lga qadalgan  ko‘ziga tikildim. Yana o‘sha ko‘z yoshlari... Ajabo! Tagida mashina, qo‘liyu bilaklarida qo‘sh-qo‘sh uzuklar... 
Mohidil bekatga yaqinroq joyda mashinasini to‘xtatdi. Yana quchoqlashdik.  Dugonam ruchka qidirib mashina salonidagi qutilarini picha titkiladi-da, uyining telefon raqamini yozib, cho‘ntagimga soldi. Uchrashib turishga va’dalashayotganimizda, u yozib bergan qog‘ozni olib sumkamga joylarkanman, qog‘ozning ichidan ko‘kish rangli pul mo‘ralab turganiga ko‘zim tushdi. Pulni ko‘rmagandek, bamaylixotir Mohishning lablaridan uch marta o‘pdim.  Biroq ichimdagi qora g‘ashlik burushuvlariyu tirishuvlarini yuzimga ko‘chayotganini sezarkanman, meni qandaydir xijolatlik chulg‘adi. Mohidil mashinasini jildirdi. Men esa odob yuzasidan mashina ko‘zdan bo‘lmasa ham, har holda oldimdan yo‘qolishini kutmasdanoq dugonamdan va balki, yoshligimdagi laqabimdan qochish uchun orqamga qaramay ketdim. Universitetimiz zinalaridan tepaga chiqarkanman, yomg‘irdan so‘ng yerni yorib chiqqan zamburug‘dek paydo bo‘lgan g‘ururga o‘xshash g‘alati bir baloibad, ko‘nglimning qaysidir chekkasida turib, nafasimni bo‘g‘ayotganini seza boshladim.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.