OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ne’mat Arslon. Yashash huquqi (hikoya)

Sevgi o‘lim dahshatidan kuchliroq.
V.Shekspir.


Korxonananing bittagina g‘unajini bor edi. Hovlidan o‘tayotib unga e’tibor qildim. Yunglari o‘siqroq, olagina va hali yosh tumsa mol. Balki urg‘ochi ham emasdir, lekin nima uchundir menda bu mol hali tug‘magan g‘unajin degan tasavvur qoldirdi. Nariroqda rangpar bir yigit tovuq poylardi. Kasalmand edi u: rangi ko‘kimtir, yuzi cho‘ziq, ko‘zlari g‘amgin. Uning oldida ikkita tovuq donlab yuribdi. Yigit ularni tutish niyatida o‘rmalab boryapti. Unga ham bir-ikki daqiqa qarab turdim. Rangpar yigit tovuqlarni tutib, ikkalasini oyog‘idan juft qilib ushlab xuddi bir dasta gulni ko‘targanday boshi uzra tutib menga ko‘rsatdi. Tovuqlarni u qanday ushladi – buni payqamay qoldim.
Boshliqning huzuriga kirishim kerak edi. Dahlizchadan chap tomonga o‘tib chap yondagi eshikni tortdim. Boshliq to‘rtburchak shakldagi katta, ammo sayoz alyumin idishga engishgancha nimanidir kapalardi. Uning atrofida yerdan shiftgacha paxtahalvoga o‘xshash qandaydir narsalar qalashib yotibdi. Xona uzunchoq va nimqorong‘u. Hech qanaqa jihoz yo‘q, stolning ustiga ham dasturxon yoki yopqich solinmagan.
Bo‘ychangina bir ayol o‘rnidan turib menga joy berdi. Xonada yana bir yosh yigit ham bor ekan, uni keyinroq payqadim. Yigit ham o‘rnidan turdi. Men boshliqqa yaqinroq joydagi yog‘och kursiga o‘tirdim, ammo qanday o‘tirsam ham boshliqning yuzi yaxshi ko‘rinmasdi. Kursini ko‘tarib har xil holatda qo‘yib ko‘rdim va joylashib o‘tirdim.
 Hovlida tanani ko‘rganim, kasalmand yigitning tovuq tutgani va yana shunga o‘xshash bir-ikkita voqeani boshliqqa ma’lumot sifatida aytish, to‘g‘rirog‘i, o‘zimning korxona hayoti bilan tanishligimni bildirishni istardim.
Ayol stolga soni bilan tayanib, qoshlarini chimirgancha menga qarab turardi. U juda chiroyli edi. Qiyofasi g‘amginroq, yuzi oddiy, bezaksiz, ammo qandaydir mumtoz edi. «Men xuddi shunday yuzni yaxshi ko‘raman» dedim ichimda.Uning chimrilgan qoshlari peshonasiga tomon ko‘tarilib uchib borayotgan turna qanotiday siniq burchak hosil qilgandi. Yigit ko‘rinmay qoldi. Boshliq menga qarab turar, ammo aftidan meni ko‘rmasdi.
-V? chto-to xotite skazat? – dedi ayol men tomonga yarim o‘girilib. 
Biroz sarosimaga tushdim. Ruschani yaxshi gapirolmasligimni bildirib qo‘yishdan cho‘chib taraddudlanib qoldim.Boshliqning o‘zi bilan gaplashmoqchi edim. Shu maqsadda unga qaradim. Yuzi, boshi, gavdasi to‘ladan kelgan, rang-ro‘yi tiniq, qizil, umuman, butun vujudidan sog‘liq gupirib turgan kishi edi u. Shu jihati bilan sodda va erkin gaplashsa bo‘ladiganday tuyuldi. Chunki uning yuzida g‘ayritabiiy hech narsa yo‘q edi. Odatda bunday odamlarda bilim u qadar chuqur bo‘lmaydi.Ular suhbatdoshining ichki dunyosini ham yuzakiroq, yengilroq ilg‘aydilar. Murakkab jarayonlarni bilishga intilmaydilar. O‘sha lahzada ruhiyatimni ilg‘aydigan kishi menga kerak emasdi, sababi, hovlida ko‘rganlarimni bayon etish va kuzatuvchanligimni boshliqqa ko‘rsatishdan bo‘lak hech narsa yo‘q edi.
Boshliq hech narsa so‘ramadi. Stol ustidagi taqvim varag‘ini yirtib olib avval ayolga, so‘ngra menga ko‘rsatdi. E’tibor qildim: varaqda 1941 yil 7 iyun sanasi turardi.
Yana biroz o‘tirdim. Ayol holatini o‘zgartirmadi. Boshliq idishdagi unga o‘xshash narsaga qarab qoldi. Xonadan chiqib ketish kerakligini anglab o‘rnimdan turdim. «Seni itday savalayman» yoki «Sizni eshshakday ishlataman» deganda nimani tushunasiz? «Itday» degan so‘z kimga taalluqli? Ishlatuvchigami yoki ishlovchigami? Har ikkalasiga ham. Shunday emasmi? Xo‘sh, shu gapning faqat bir tomonga tegishli shamoilini qanday topsa bo‘ladi? Inson tafakkurining sira aqlga sig‘maydigan jihatlari bor.Xonadan chiqib hovlida kezarkanman, ana shu to‘g‘rida o‘ylardim va bunday o‘y shu lahzadagi holatimga sira mos kelmasdi.
«Hozir grammatikaga balo bormi» dedim birozdan so‘ng o‘zimga o‘zim. Undan ko‘ra boshliqning xonasidagi holatni tahlil qilsam bo‘lmasmidi. Nega u 1941 yil 7 iyun yozilgan sanani bizga ko‘rsatdi? Shu savol ortidan «Lekin ayol chiroyli edi» degan gap xayolimdan o‘tdi. Keyin xonadagi paxta halvo uyumlari, boshliqning un kapalashi va yigitning g‘oyib bo‘lib qolganini o‘yladim. O‘sha ayol sigareta chekarmikin? Uning lablari qanaqa edi o‘zi? Yupqa, asabiy va harakatchanmi? Yoki og‘ir, qalin, serchiziq va dag‘alroqmi? Keyin o‘sha ayol bilan o‘zimning o‘pishayotgan holatimni, yomg‘ir shivalab yog‘ayotganda bostirma ostida turganimizni va nihoyat yozning jazirama issiq paytida uning cho‘milayotganini ko‘z o‘ngimga keltirdim. Sochlari yelkasiga yopishgan, badani suvda yuvilib yaltirardi. Toshlarda shunday xususiyat bor. Chiziqlari bilinar-bilinmas rangi xira toshni suvga tashlasangiz ajib bir evrilishning guvohi bo‘lasiz. Suv ostida tosh tiniqlashadi, ranglar quyuq tortadi, chiziqlar yorqin bo‘yoqlarga belanib jilvalanadi. Uni suvdan chiqarib olsangiz toki quriguncha o‘sha ko‘rinishini saqlab turadi. Qurigandan keyin boz boyagisiday ko‘rimsiz bir narsaga aylanadi. Cho‘milayotgan ayol ham shunday demoqchiman. Albatta, ayol cho‘milmaganda ham jozibali. Men har ikkalasining ham tiniqlashuvini muqoyasa qilmoqchiman. Yo‘q, o‘ylab ko‘rsam ayol butunlay bo‘lakcha. Uni hech narsaga muqoyasa etib bo‘lmaydi.
Korxonada yana bir-ikki kun qolishga qaror qildim. Balki o‘zgarish bo‘lar. Ammo nimani kutayotganimni, qanday o‘zgarish bo‘lishini tasavvur etolmasdim. Eng yomoni, bu korxona nima bilan shug‘ullanadi o‘zi, shuni hali aniqlab ololganim yo‘q. Men birovning eshigini taqillatishdan avval hamisha o‘ylab olaman. Uydan erkak yoki ayol chiqsa qanday yo‘l tutaman, nima deyman? Qiz bola chiqsa-chi? Lekin boshliqning xonasiga kirayotganimda boshqa hissiyotlar ta’sirida edim. Butun fikrim o‘zimni shu korxona ishiga sadoqatli qilib ko‘rsatishga qaratilgandi. Lekin bunday bo‘lmadi.

* * *

Deraza ochildi. Meni imlab ichkariga chorlashdi. Imlagan ayolning qo‘li edi. Uzuklari quyosh nurida yarqirab nur taratardi. Lekin aniq bilamanki, boshliq oldida uni uchratganimda birorta ham taqinchoq yo‘q edi. Qo‘llarini stolga tirab turganda barmoqlarida uzugi yo‘qligiga e’tibor qilgandim. Birozgina egilib turardi u va men uning quymichiga ham birrov qarab olgandim. Kuylagi nafis matohdan edi, kuylak ostida ichki kiyimining qavssimon jiyagi bilinib turardi. Ataylab menga ko‘rsatish uchunmi degan xayol miyamda sado bergani ham yodimda. Hatto frantsuzcha mana bu ikki misrani ichimda aytib turgandim:
Su votr jyup blansh
Bree lya ansh
Sizning oq yubkangiz tagidan oyog‘ingiz oqarib ko‘rinadi degani bu. Ayol qo‘li bilan meni ichkariga tomon imlarkan, ana shu mayda tafsilotlarni sira miyamdan chiqarib tashlolmasdim. Kirdim. Xonada ayol yo‘q edi. Meni boshqa bir kishi qarshi oldi:
– Muqaddam sudlanganmisiz? – so‘radi dabdurustdan.
– Ha, o‘n besh sutka o‘tirib chiqqanman.
– Nima uchun?
– Mayda bezorilik deb ayb qo‘yishgandi, lekin qamalish sababi butunlay boshqa edi. Bir joyda nojo‘yaroq gapirib qo‘ygandim.
– Robesper bo‘lmoqchi edingiz, – dedi u boshini mazmundor likillatib.
– Balki, – dedim qaysarligim tutib.
Uning ham qaysarligi tutdi:
– Siz sariq chaqaga ham arzimaysiz.
Indamadim. Bu haqoratga mos javob topolmadim. O‘rnimdan turib eshik tomon borarkanman, rahmatli bobomning o‘gitlari yodimga keldi:
– Javobi ahmoq – sukut, – dedim.
Kulgi ovozi eshitildi.Kulayotgan xayolimda ayol kishi edi, ammo ortimga o‘girilib qaramadim. Korxonadan butunlay ketishni dilimga tugib tashqariga chiqdim.

* * * 

Darvoza ortida uch kishi turardi.
– Choy iching,– dedi ulardan biri
– Ikkita quloqchasi bor ekan, – dedi boshqasi.
– Qo‘llari baquvvatgina, chidaydi, – qo‘shildi uchinchisi.
Bu gaplarni eshitmaganga olib yo‘lda davom etdim. Ular ortimdan ergashdilar. Yomon bir narsa bo‘lishini yuragim sezdi, lekin bildirmadim. Taqdirimda borini ko‘raman. Yashashning ham qiziqchiligi yo‘qqa o‘xshaydi o‘zi. Balki hayotimni to‘g‘ri qurolmagandirman.
– Shoshilmang, – degan ovoz keldi ortimdan.
– Boshliqning xonasiga kirdingizmi?
– Kirdim.
– Ko‘rdingizmi?
– Ko‘rdim.
«Nimani» deb so‘ramadim. Zero, foydasi ham yo‘q edi. Ortimdan kelayotgan bandalar hissiyotdan butunlay mahrum.
– O‘ngga yuring! – degan bo‘ldi orqadan.
Hukm qat’iy, bosiq va aniq edi, ammo buysunmadim, o‘zimni eshitmaganga oldim. Balki qochib qutularman degan xayolga bordim, ammo qochish rejasi miyamda hali pishib yetilmagandi.
– O‘ngga!
– To‘g‘riga ketaversa ham mayli, bari bir o‘sha yerga boradi.
– Mayli, to‘g‘riga!
– Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz.
Ular o‘zlarining gaplariga ichakuzuldi bo‘lib kulishdi. Bu gapning nimasi qiziq tuyuldi ekan, anglamadim. Balki meni qo‘ydek oldilariga solib haydab borishayotgani uchun kulishayotgandir. «Qo‘ydek» ularga taalluqlimi yoki mengami? Yana mantiqiy sillogizm. Undan ko‘ra qochib qutulishni o‘ylashim kerak.

* * *

Ortimga bir qarab oldimu bor kuchim bilan yugura ketdim. Uzoq yugurdim. Baxtga qarshi yo‘l tobora yuqorilab borardi. Nafasim og‘zimga tiqilib harsillab qoldim va nima bo‘lsa ham qir ortiga o‘tib olishni mo‘ljalladim. Qir ustiga chiqarkanman, muvozanatimni saqlab turolmay munkib ketdim. Qir orti tik qiyalik edi. Shu qadar tik ediki, gohi-gohida mayda g‘o‘rashakli toshlar o‘z-o‘zidan «shiqir-shiqir» etib pastlikka tomon siljirdi. Tutib qolay desam birorta buta yoki tosh yo‘q. Oyog‘im toyib ketib ortim bilan o‘tirib qoldim va o‘zimni to‘xtatolmay pastga tomon sirpanib keta boshladim. Keyin dustaman yotib butun vujudim bilan yerga qapishdim, qizil g‘o‘rashakli shag‘alni quchoqladim. Barmoqlarimni changak qilib yerga botirishga urindim; tizzam, iyagim va yerga tirash mumkin bo‘lgan barcha a’zolarimni safarbar etib o‘zimni to‘xtatishga urinib ko‘rdim, qayta-qayta urindim, bo‘lmadi. Orqam bilan yotib tovonimni tiradim. Foydasi yo‘q edi, pastlikka – Aspalatisofilinga tomon shiddat ila ketib borardim. Tez orada shimimning orqasi yirtilganini payqadim, ammo o‘rnimdan turolmadim. Oyoq ostida va hamma joyda tuproq ham emas, sopolga o‘xshash, allaqanday, no‘xat kattaligidagi toshsimon g‘o‘rashaklar turishga sira imkon bermasdi. Yiqila-surina ortimga o‘girilib qaradim. Qir ustida yetti kishi turganini ko‘rdim, o‘sha lahzada sanab ulgurmagan bo‘lsam-da, pastga tomon toyg‘anib bora turib hisobini chiqardim. Haligi uchchalasi yonma-yon turishar, o‘rtada boshliq va uning yonida yana ikki kishi. Biri ayol... demak, oltita ekan.
– Qayt! qayt!
Ovoz menga notanish edi, lekin ichki bir hissiyot bilan boshliqning o‘zi chorlayotganini angladim.
Bu ham boshliqning ovozi edi.
Yonbag‘ir tobora nishablashib borardi. Endi o‘zimni to‘xtatib qolishdan tamom umidimni uzdim. Oyoq tirashim, panjalarim bilan g‘o‘rashak yerni changallashim, ortimni yerga mahkamroq bosishimdan zarracha naf yo‘q. Qiyalikning oxiri ko‘rinmasdi. Meni qutqazuvchi kun bu dunyoda yo‘qligini bilsam-da, yordam so‘rab qichqirdim:
– Qutqaringlar! Yordam beringlar! 
Ovozimni shamol yulqib olib uchirib ketdi. Endi havo zarbi yuzimga shu qadar shiddat bilan urilardiki, yana bir marta yordam so‘rab qichqirmoqchi bo‘lgandim, barcha so‘zlarimni shamol ho‘l lattaday lo‘ndalab og‘zimga tiqdi.

* * *

Aspalatisofilinga tomon shiddat bilan ketaturib «aslida umrning o‘tishi ham shu» dedim. Dengizlarda faqat bir daqiqagina yashab, shu muddat ichida avlod qoldirishga ulguradigan allaqanday jonivor bo‘larmish. Do‘zaxning bir sutkasi yer yuzining 1600 yiliga teng deydi yapon yozuvchisi Kenzaburo Oe. Aspalatisofilin esa do‘zaxning eng chuqur joyi. Men endi ana shu qo‘rqinchli chuqurlikka tomon siljib yoki sirpanib emas, uchib boryapman. Nazarimda oyoqlarim tagidan uchqunlar sachrayotganday. 
Quloqlarim ostida shamol hushtak chaladi. «Ikkita quloqchasi bor ekan» degandi haligi, ortimdan kelayotgan, uch kishidan biri. Ha, qulog‘im bor, ammo endi undan menga ne naf? Og‘zimdan, ko‘zimdan-chi? Yo‘q, har holda ko‘zim nimalarnidir farqlayotganday. Ana, oldinda qandaydir simchiziqqa o‘xshash narsa ko‘rindi. Bamisoli «Rishtai Maryamday» ingichka. Miyam ham bir nav ishlab turibdi. Yaqinlashganim sari simchiviqning yo‘g‘onlashayotganini anglayapman. Qalamday, jimjiloqday, boshbarmoqday...
Ushladim! Birdan shamol to‘xtadi, hushtak tindi. Simchiviqni mahkam ushlagancha bamisoli turnikda mashq qilayotgan sportchiday bir alpozda turibman. Aspalatisofilinga qilayotgan shiddatli sayrim to‘xtagan, sukunat. Yelkam, tirsaklarim, orqam shilingan, g‘uvillab achiydi. Bu qaysi gunohim uchun berilgan jazo, bilmayman. Xudoga shukur deyman, hozircha tirikman. Nogoh qulog‘imga ingragan tovush chalinganday bo‘ldi. Balki o‘pkam yoki biror ichki a’zolarimdan chiqayotgan tovushdir. Nafasimni ichga yutib quloq tutdim. Ha, kimdir ingranar va oh tortardi. Nahotki bu jahannam toyg‘anog‘ida mendan bo‘lak ham biror jonzot bo‘lsa! O‘sha ojiz tovush go‘yo «ha, men bor» deganday yana takrorlandi. Ovoz berdim:
– Kimsan? Qaerdasan?!
– O-o-oh, yordaaam!...
Ovoz o‘ng yondan, janub tarafdan kelardi, o‘sha tomonga qaradim. Qorong‘ulikda hech narsa ko‘rinmadi. Yo‘lga tushdim. Oyoq bilan emas, qo‘l bilan yurib boryapman. Qo‘llarim bilan simga osilgancha janub tomon siljiyapman. Barmoqlarim karaxtlashib, bilagim toliqib, yelkalarim og‘irligimga dosh berolmay qolgunga qadar yurdim. Bu ahvolda yo‘l bosish og‘ir edi. Qanday bo‘lmasin dam olish chorasini ko‘rish kerak . Tovonimni yerga tirab, qo‘llarim bilan simni qattiq tortib gavdamni ko‘tardim, sim ustiga chiqib olmoqchi edim, bo‘lmadi, qo‘ltig‘im bilan bir muddat osilib turdim. Iyagimni ham ishga soldim. Barmoqlarimga kuch qaytguncha ikkala qo‘ltig‘imga simni qisib, jag‘imga tayanib turdim. Iztirobga to‘la ovoz yana takrorlandi:
– Yordaa-am!
Endi aniqroq eshitildi. Ovoz ayol kishiniki. U mendan unchalik uzoqda emas, hatto ingragani ham eshitila boshladi.
– Hozir, bir ozgina sabr qiling!
– Qo‘yvoraman, tezroq!
Nolaga to‘la ovoz meni yugurishga majbur qildi. Qo‘llarimning o‘rnini tez-tez almashtirib «qadamba qadam» siljiyapman. Qora ko‘rindi. Mendan uch-to‘rt qadam narida nimadir simga osilib turardi. O‘sha tomonga intilarkanman, yelkam bilan alla narsaga taqalib to‘xtab qoldim. Shu paytgacha simni nima ushlab turganini o‘ylab ko‘rmaganimni qarang. Yelkamga taqalgan narsa beton ustuncha edi. Demak, ma’lum bir masofada simni tutib turish uchun ustunchalar o‘rnatilgan. Bu menga katta quvonch bag‘ishladi. Qarang-a, hatto shunday holatda ham quvonish mumkinmi dunyoda! Ammo hozir bunga fursatim yo‘q. Nola qilib yordam so‘rayotgan ayolni qutqazish kerak avval. So‘ngra bir gap bo‘lar.
– Mana, boryapman, bir ozgina chidang!
– Oh, tez bo‘ling!..
«Qadamimni» tezlatdim, biroq yetib borolmadim. Qo‘limni cho‘zdim-u, uning bilagidan ushlashga ulgurmadim. Kuch-quvvati batamom tugagan, so‘nggi daqiqada mening yaqinlashganimni va qo‘l cho‘zganimni ko‘rib tamom o‘zini tashlab yubordi.
– Yo!.. – degan bo‘g‘iq, kuchsiz, ammo jon holatda aytilgan nido meni keskin harakat qilishga undadi. Uning qo‘llari simchiviqdan uzilgan va u bir necha soniya ichida tubsizlik qa’riga tomon uchib ketishi mumkin edi. Talpindim, qo‘lim yetmadi va shu lahzaning o‘zida oyog‘imni cho‘zdim va qichqirdim:
-Ushla! Oyog‘imdan ushla!
Bu holatlar bir soniya ichida bo‘lib o‘tdi albatta. Uning qo‘llari poychamga yopishdi va yuqoriga chiqish uchun tipirchilay boshladi. Qo‘llarim qanchalik toliqqan bo‘lmasin, poychamga ilashib, tebranib turgan, ixrab– sixrayotgan jonzotning vazni unchalik katta emasligini payqadim. Tizzamni yuqoriga tortib uni o‘zimga yaqinlashtirdim. Chap qo‘lim bilan simni ushlagancha pastga egildim. Qo‘limga uning sochi ilashdi. 
– Torting, mayli, tortavering, chidayman, – dedi u umidvorlik bilan.
Oyog‘im bilan himo qilib sochidan yengilgina torta boshladim. Vazni yengillashganini payqab u ham boldirimdan mahkam quchoqlab oldi. Ikkinchi oyog‘imni ishga soldim. Boshmog‘im allaqachon yirtilib tamom bo‘lgandi, bosh barmog‘im bilan yerni paypaslab oyog‘im ostida ikki barmoq joylashgulik chuqurchani «kashf» qildim... Qandaydir bir jonivorning uyasimi yoki oyog‘im bilan paypaslaganda o‘rnidan ko‘chgan toshning kavagimi, nima bo‘lganda ham biz uchun najot chambaragi edi. Ikki panjamni unga joylashtirib qo‘limga biroz dam berdim. Poychamga yopishib turgan xilqatni yuqoriga tortib olish uchun shuning o‘zi yetarli edi. Yoshligimda gimnastika va og‘ir atletika bilan shug‘ullanganimga shukur qilib uning sochidan qo‘yvordimu qo‘ltig‘idan tutdim. U avval belimga, so‘ngra tirsagimga va nihoyat bo‘ynimga yopishdi. Ikkala qo‘li bilan bo‘ynimdan mahkam quchoqlab oldi.

VI

Bilaklarimda g‘ayritabiiy bir kuch paydo bo‘lganini his qildim. Kelgan yo‘limdan asta-sekin ortimga qayta boshladim. Endi yukim avvalgidan og‘irroq bo‘lsa-da, ancha ildam borardim.
– Isming nima? – so‘radim yurishdan to‘xtamagan kuyi.
U javob bermadi. Uxlab qolgandi. Boshini ko‘ksimga qo‘yib bo‘ynimdan quchoqlagancha bemalol uxlardi. Sochi yuzimga ishqalanib borar va iliqqina nafasi bo‘ynimni qitiqlardi.
– Mayli, uxlayver, – shivirladim uning boshiga yuzimni bosib va yana bir necha odim siljidim. Mana, ustuncha! Qani endi unga bir amallab chiqib olsam. Bo‘ynimga chirmashgan qo‘llar bo‘shashdi, uning nozikkina bilagi yelkam uzra ohista sirg‘alayotganini payqab bir qo‘limni simdan bo‘shatdim va qizning belidan tutdim. Iyagim bilan turtib boshini silkita boshladim. Uni uyg‘otish kerak edi, bu ahvolda uzoq turolmasdim. Birdan atrof yorishib ketdi. Oy chiqdi. To‘lin oy. Qiz uyg‘ondi va o‘zini chetga olmoqchi bo‘ldi. Tasodifan o‘zini begona erkak quchog‘ida turganini ko‘rgan qiz qanday ahvolga tushsa u ham ana shu hissiyotni boshdan kechirmoqda edi. Yaxshi hamki uning belidan mahkam ushlab turardim.
– Tinchlan, – dedim uni cho‘chitib yubormaslik uchun yumshoqroq qilib, – mana bu simdan ushla.
– Simdan?! – qichqirib yubordi qiz cho‘chib.
U endi o‘zi qaerdaligini eslagandi. Bir necha daqiqalik uyqu davomida balki shirin tushlar ko‘rgandir, tushida tekis yerda sayr qilib yurgandir. O, Yer ustida ishonch bilan oyoq bosib yurish naqadar katta baxt, o‘zimning ham yuragim orziqib ketdi. Pastda nima bor o‘zi? Nahotki tubsizlik ustida osilib turgan bo‘lsak?!
Xayolga berilishning mavridi emasdi.
– Simdan ushla! -keskin ohangda buyurdim qizga.
U tizzalari bilan mening ustimda harakat qilib simni changallab oldi.
– Mana shu yerda, chap yelkamning yonida ustun bor...
Tovushim zo‘riqib chiqdi. Chunki bu paytda tovonlarimni yerga tirab, qo‘llarim bilan yuqoriga tortdim va shu usul bilan qizni ham ko‘tarmoqda edim. Bir qo‘limni yana simdan bo‘shatib olishga to‘g‘ri keldi. Qizning to‘pig‘idan tutib, oyog‘ini ustun ustiga oshirdim.
– Yermi?!
Bolalarcha quvonch yangrab ketdi uning ovozida.
– Yer, bizning yerimiz.
Qiz tovushimdagi alam va iztirobni tushundi, jimib qoldi. Ustunchaning eni bir qarich, uzunligi uch-to‘rt qarich bor. Ikki kishi bemalol sig‘ishi mumkin. Qiz ikkala qo‘li bilan sochlarimdan mahkam ushlagancha tirmashib chiqib, yelkamga ikki oyoqlarini qo‘yib oldi. Nimadir yuzimni silab qitig‘imni keltirardi. Boshimni ko‘tarib qarab uning belida osilib turgan ikki bo‘lak lattani ko‘rdim. Qiz ham menga o‘xshab ishtondan ayrilgan va oy yorug‘ida uning orqasi oqarib ko‘rinib turardi. Kulgim keldi. Qiz yelkalarim silkinayotganini payqadi. Alam va iztirob kulgusidan silkinayotgan vujudimni u toliqqan tananing titrog‘i deb o‘yladi va tezroq ustunchaga chiqib olishga shoshildi.
– Orqaga o‘girilib qorning bilan yerga yotib ol, – dedim har ehtimolga qarshi uning oyog‘ini qo‘yvormay.
Qiz aytganimni chaqqonlik bilan bajardi. Endi uning yukidan butunlay xalos bo‘lgandim. Chamamda qizning og‘irligi o‘ttiz besh kilodan ortiq emasdi. Bunday yukni yerda bo‘lganimda kun buyi bemalol qo‘limda ko‘tarib yurgan bo‘lardim, o‘z kuchimga ishonaman. Axir men uzoq yillar tosh ko‘tarish va shtanga bilan ham mashq qilganman. Bu sohada Rustamboydan uzib ketaman deb o‘zimni ko‘p qiynaganman. Hatto pitbul zotli Amerika itlaridek tishim bilan turnikka osilib turish mashqini ham olganman.
«Yerda» deganim erishroq tuyuladi, albatta. Boshqa nima ham dey, havoda muallaq desam ham to‘g‘ri kelmaydi, tik turibman yoki yotibman ham deya olmayman. O‘tirolmayman ham. 
Tong otdi. Endi ikkalamiz oldinma ketin, men orqada, qiz oldinda ustuncha ustida turib quyoshni kuzatardik. Quyosh hali chiqib ulgurmagan, uning nurlari osmon sathida parparon urib o‘ynardi. Esayotgan yengilgina shabada qizning sochlarini to‘zg‘itar va olib kelib mening yuzimga urardi. Qiz o‘girilib menga qaradi. Jilmaydi. Bir nafas ko‘zlarimdan nigohini olmadi, tikilib turdi. Nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, istihola qilardi. Buni tushundi. Men orqamni yerga mahkam tirab qizning belidan ushlab turardim.
– Nachora, boshqa ilojimiz yo‘q, – dedim uning o‘ng‘aysizlayotganini sezib, – sen qanday qilib bu tuzoqqa tushib qolding?
– O‘sha korxona... Aa-a-a!
Qizning ko‘zlaridagi dahshatni ko‘rib ortimga qaradim-u, o‘zimni pastga otdim. Ikkalamiz oldinma-ketin qiyalik bo‘ylab dumalab kelayotgan ulkan harsangni ko‘rib qolgandik. Tosh to‘ppa-to‘g‘ri biz turgan ustun ustiga bostirib kelib unga tegay-tegay deb o‘tib ketdi.

* * * 

Biz muqarrar o‘limdan qutulib qolgan bo‘lsak-da, noma’lum «kelajak» sari shiddat bilan ketib borardik. Yo‘lning adog‘i ko‘rinmasdi. Yarim soatlar o‘tgach, qiz ingranib yig‘lay boshladi. Dam qorni bilan yotar, dam orqasi bilan yotar, dam o‘ng yonboshiga, dam chap yonboshiga ag‘darilardi. Men bo‘lsam unga yordam berolmayotganimdan xunobim oshib chora izlardim. Uni ustimga mindirib olishdan o‘zga ilojim qolmadi. Shunday qildim.
– Sen nima sababdan bu yerga kelib qolding? – so‘radim nimadir qilib uni chalg‘itish maqsadida .
– Qochdim.
– Kimdan?
– Boshliqdan.
– Nega?
– Zo‘rlamoqchi bo‘ldi.
– Nega borganding u yerga?
– Ishga.
– Nima ish qilarding?
– Sigir sog‘moqchi edim.
– Nega boshqa tomonga qarab qochmading?
– Boshqa tomonga yo‘l yo‘q. Barcha yo‘llar shu yerga olib keladi.
– Sen qaysi sigirni sog‘moqchi bo‘lganding?
– Ola tanachani. Bolalagandan keyin. Meni bir ayol olib borgandi. Uzun bo‘yli, chiroyli ayol.
Boshliqning xonasidagi ayol ko‘z o‘ngimdan o‘tdi va so‘radim:
– O‘sha ayol kim o‘zi?
– Boshliqning... hamxonasi.
– Anavi tovuqboqar-chi?
– O‘sha ayolning ukasi. Kasal. Siz ularni qaerdan bilasiz?
– Men ham ishlash uchun borgandim.
– Sizni ham... zo‘rlamoqchi bo‘ldimi?!
– Nimalar deyapsan? Yo‘q, lekin nima gunoh qilganimni bilmayman.
– Ba’zilar o‘sha tovuqboqar yigit ayolning ukasi emas deyishadi. Ayolga qaragani, uni yaxshi ko‘rib qolgani uchun boshliq shunday qilib tashlagan emish.
– Isming nima?
– Subhiya.
– Ota-onang bormi?
– Bo‘lishgan, hozir yetimchaman.
– Necha yoshdasan?
– O‘n... yetti.
Subhiya oxirgi raqamni o‘ylanibroq aytdi. Mendan yoshini yashirayotganga o‘xshardi.
– Sizga bari bir emasmi? – dedi birozdan so‘ng. – Endi yoshning men uchun farqi yo‘q.
Uning fikrini tushundim. Ko‘zlari jiqqa yosh edi. O‘limga mahkummiz, bu tuzoqdan qutulib ketolmaymiz, demoqchi edi. Yana qiyin ahvolda qoldim. «Qutulib ketasan, hali yoshsan» demoqchi bo‘ldim, ammo yolg‘on aytishdan ne naf. Aspalatisofilin tomon ketib borayapmiz. To‘g‘ri, endi harakatimiz avvalgiga nisbatan ancha sust. Bu tomon nisbatan tekisroq, hatto bir-ikki joyda ozgina to‘xtaganday ham bo‘ldik. Ammo qandaydir mubham bir kuch bizni muqarrar komiga tortib borayotgani aniq edi. U to‘xtab qolishga imkon bermasdi.

* * *

Subhiyani ustimdan tushirdim. Yelkam va tirsaklarim shilinib ketgandi. Ilma-teshik kostyumimni uning ostiga to‘shab berdim. Siljib borayotganda kostyum yenglarini qizning qo‘ltig‘i ostidan o‘tkazib olib bog‘lab qo‘ydim va tugun tagidan qo‘limni o‘tkazib oldim. Yonma-yon borayapmiz. Yuqoriga chiqishning sira imkoni yo‘q. Ortga qaytishning demoqchiman. Bu borada qilgan barcha urinishlarimiz behuda ketdi. Bekorga kuch sarflamaslik uchun yana nishablik izmiga bo‘ysunishga to‘g‘ri keldi. Juda sekin, lekin qarichma-qarich tubsizlikka tomon boryapmiz. Tagimizda g‘o‘rashak shag‘al bir maromda shig‘irlaydi. Tepadan boshqa tosh dumalatishmadi... Shusiz ham baribir o‘lishimizni bilishadi. Toshni shunchaki ermak uchunmi, qiziqchilikkami dumalatishgan bo‘lsa kerak.
– Shunday ketaveramizmi?
Qizning yuziga qarab nima maqsadda bunday deyotganini bilmoqchi bo‘ldim va so‘radim:
– Nima qil deysan?
Subhiya ko‘zlarini olib qochdi.
– Siz kimsiz? Uylanganmisiz? Bolalaringiz bordir balki?..
– Hech kimim yo‘q.
– Men ham sizga begonaman. Hech kimingiz bo‘lmayman.
– Bizning taqdiri a’molimiz bir.
– Lekin hayotimiz boshqa-boshqa.
– Hayotimiz ham bir. Toki o‘limgacha shu yo‘lni birga bosib o‘tamiz.
– Bir-birimizga begona holdami?
– Kim bo‘lishimizni istaysan? Aka-singilmi, ota-bolami, yoki...
– Inson umrining oxirigacha aka-ukasi yoki ota-onasi bilan birga yashay olmaydi. Yigit ham, qiz ham voyaga yetgach oila quradi, o‘ziga hayot yo‘ldoshi tanlaydi. Faqat ana shu yo‘ldosh bilangina umrining oxirigacha boradi.
Birdan havo bulutlanib yomg‘ir yog‘a boshladi. Subhiya sovqotib pinjimga tiqildi. Momaqaldiroq gumburlar, chaqin chaqar, atrofimizdan qonday qip-qizil suv oqardi. Lahza o‘tmay jiqqa ho‘l bo‘ldik. Qizning yomg‘irda yuvilgan yuzi oydaygina edi. Suv ostidagi toshdek tozarib yarqirardi.

* * *

Quyosh chiqishini bir olam quvonch bilan kutib oldik. Subhiya sovuqdan ko‘kargan lablarini, yelkasini oftobga tutar, butun vujudi bilan unga intilar, quyoshni bag‘riga bosishni istardi. Kaftim bilan uning yelkasiga, bo‘yniga shuvalgan loyni artib qo‘ydim. Kostyumimni belidan yechib olib oftobga yoydim. Bu paytda biz birinchi «yurish»dan to‘xtagandik. Yonbag‘ir odam o‘zini tutib turolmaydigan darajada tik bo‘lsa ham yomg‘ir oqizib kelgan g‘o‘rashak va loy oyog‘imiz ostida to‘planib noshudgina zinacha hosil qilgan va biz bu noyob qurilmaga oyoqlarimizni avaylabgina qo‘yib turar, bir-birimizga qarab xushnud jilmayardik, go‘yo olamshumul bir kashfiyotni buzib quyishdan qo‘rqqandek ehtiyot bo‘lib harakat qilardik. Shunday tik yonbag‘irda zinacha hosil bo‘lishining o‘zi haqiqatan ham mo‘‘jiza edi.
Quyosh endi durustgina qizdirar, "ro‘zg‘orimiz"ning yakkayu yagona bisoti kostyumdan iliq bug‘ ko‘tarilardi. Biz shu soniyalarda g‘oyat baxtli edik. Yana bir necha daqiqadan so‘ng nimalar ro‘y berishini ham, oyog‘imiz ostida tubsiz bo‘shliq turganini ham unutgan, kelajakni o‘ylamas, shu lahzaning shodligi bilan yashardik. O‘tirishga va bir-birimizga ro‘y-rost qarashga, ko‘zlarimizga tikilib huzur olishga imkon berilganiga shukronalar aytardik. Dillarimiz so‘zsiz bir nido bilan qo‘shiq kuylamoqda edi.
Nogoh uning ko‘zlarida quvlikka o‘xshash bir narsani ko‘rdim. Undan «hozir mo‘‘jiza ko‘rsataman» degan ma’noni uqdim. Haqiqatan ham u kaftlari bilan yerga tayanib menga orqa o‘girdi. Lozimasining tilka-tilka bo‘lib yirtilganini unutgandi aftidan. U egilgancha mendan yashirib nimadir qildi. Ko‘zlari quvonchdan porlab menga qaradi. Kichkinagina mushtchasini mahkam siqib turardi.
– Ko‘zingizni yuming, – dedi yosh qizchalarga monand o‘yinqaroqlik bilan.
Bir hisobdan uning bu qilig‘i yoshiga mos ham edi. Nazarimda hali u o‘n beshga ham to‘lmagandi. Ko‘zimni yumdim.
– Og‘zingizni oching!
Og‘zimni ochdim.
Nozikkina barmoqlar lablarimga tegdi, kaftining haroratini his qildim.
– Bo‘ldi!
Ko‘zimni ochib uning quvonchdan yorishib turgan yuziga qaradim. Og‘zimda danak kattaligida nimadir bor edi. Daf’atan uni g‘o‘rashak tosh deb o‘yladim. Subhiya menga hazil qilayotgandir degan xayolga bordim va shu lahzaning o‘zida og‘zim suvlanib nordongina ta’mni sezdi.
– Qurut!..
O‘zining ham lunji dumpayibgina turardi. Ikki barmog‘ini og‘ziga tiqib oq zo‘ldirchani olib ko‘rsatdi va yana og‘ziga soldi.
– Boshqa yo‘q, – dedi go‘yo shuni uzoqroq, tamshab-tamshab shimishimni uqdirganday bir ohangda. Bunday ohang menga tanish. Onam qo‘limga bor dona qand yoki bir bo‘lak non tutqazardilar-da, «boshqa yo‘q» deb pisanda qilib qo‘yardilar.
Men bosh silkib jilmayib qizning bu ishini rag‘batlantirdim. Qurutdan bilinar-bilinmas ter hidi kelar va nazarimda ta’mi ham boshqacharoq edi.
– Cho‘ntagingda yana bordir, – dedim jiddiy qiyofada.
– Cho‘ntagimda yo‘q, – iqror bo‘ldi qiz.
Oftobshuvoqda yotib qurut shimidik.

* * *

Arining g‘ing‘illashiday ovoz eshitildi. Subhiya xirgoyi qilardi:

Yo‘l bo‘yida bir to‘p olma bor,
Men sho‘rlikday tanho va yolg‘iz.
Yo‘lovchisin kutar umidvor,
Oh, olmachalar, bo‘yga yetgan qiz...

Uni shu lahzada avaylabgina bag‘rimga bosgim, erkalatgim, sochlarini silagim keldi, ammo bunday qilmadim. Mumkin emas, haqqim yo‘q, unga begonaman. Bundan tashqari hissiyotlarim ham allaqanday chuchmal. Hammasi aralash: otalik hissi bilan yana boshqa tuyg‘u qalbimda tinimsiz kurash olib borayotganday. Balki bu hislar qo‘shilib bir-biriga chatishib qolgan-u, endi biri ikkinchisini mahv etib va ajralib chiqib, vujudim va shuurimga hukmronlik qilishga urinayotganday.

Ana yo‘lda ko‘rindi birov,
To‘kildilar olmalar to‘p-to‘p...

Uning qo‘shig‘i shu joyda uzilib qoldi. Yonida begona erkak borligi yodiga tushib yalt etib qaradi, yuziga duv etib qizillik yugurdi. Nima uchundir menga achchiq aralash qaradi. Ko‘zlarida ginamikan, ta’namikin, shamamikin, xullas, men nomini aniq bilmagan nimadir balqib turardi.
– Nima gap? – so‘radim ajablanganimni yashirmay.
– Olmalar, men sho‘rlikday tanho va yolg‘iz... – deya qo‘shig‘ining, aftidan o‘ziga qattiq ta’sir etadigan misrasini takrorladi, ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.
– Sen yolg‘iz emassan, Subhiya.
Qiz bola uchun ko‘nglidagi fikrni aytish qanchalar qiyin. Hammasini tushunganim holda men ham keskin fikr aytishga botinmay turardim. 
– Baribir o‘lamiz, shunday ekan...
– Shunday ekan, bir lahza bo‘lsa ham...
Men ham davomini aytolmadim. Yonimda ayol kishi bo‘lganda balki hammasi osonroq hal bo‘lardi. Shu haqda o‘ylab qoldim.
– Dunyoda muhabbat borligini bilmay o‘lib ketish katta baxtsizlik, – dedi Subhiya va ko‘zlarimga iltijo bilan qaradi.
Men uning bilagidan ushlab o‘zimga tortdim. Qarshilik ko‘rsatmadi. Shu paytgacha qilgan yaqinliklarimiz: uni bag‘rimga bosishim, ko‘ksimga bosh qo‘yishi va boshqa barcha holatlar taqdirning taqozosi bo‘lib, boshiga bir xil kulfat tushgan ikki insonning dardkashligi va bir-biriga yordami edi. Endi esa ikkalamizda ham butunlay bo‘lakcha hissiyotlar tug‘yon o‘rmoqda.
– To‘xtang, – dedi Subhiya ko‘kragimdan ohista itarib, – nikoh o‘qitish-chi?
Shu lahzada uning ko‘zlarida zuhur etgan ifodani so‘z bilan ta’riflayolmayman. Qandaydir vahshiyona kuch sharm va hayo pardasini yirtib tashlab otilib chiqishga shay turar, nazarimda qo‘zichoqni yeyishga shay turgan bo‘rining ko‘zlariga o‘xshardi, uning ko‘zlari. Balki boshqacharoqdir, ammo nachora, mening jaydari ta’rifim shu. Balki bu fikrim xatodir, menga shunday tuyulgandir, har holda dovdirab qoldim. Uning vujudidagi titroq menga ham o‘tdi.
– Nikoh o‘qitamiz, – dedim. Tovushim arang chiqdi.
– Men roziman!
Quyoshga qaradim. Olam yoritgichi qizarib botib bormoqda edi.
– Ey ulug‘ otamiz! – dedim Subhiyaning yelkasiga qo‘limni quyib. – Nidomizni eshit, iltijomizni rad etma, mana bu qiz – Subhi. Men – Benavo. Bizga rahnamolik qil, o‘limimiz oldidan nikohlab qo‘y!
Subhiyaning ham lablari pichirlab turar yo mening so‘zlarimini ichida takrorlar yoki dilidagi eng yashirin gaplarini ulug‘ So‘fimiz – Quyoshga aytardi.
Biz Quyosh botguncha kutdik. Tun borliqqa va oyog‘imiz ostidagi tubsizlikka choyshabini yoparkan, Subhiya bag‘rimga kirdi va o‘zini butunlay mening ixtiyorimga topshirdi.

* * *

Es-hushimizni yig‘ishtirib olganda avvalgidan ham katta tezlik va shiddat bilan tubsizlik tomon ketib bormoqda edik. Muhabbat jazavalariga oyog‘imiz ostidagi nochorgina Yerimiz dosh berolmagan va o‘z fuqarolarini taqdir hukmiga qo‘sh qo‘llab topshirib qo‘yaqolgandi. Subhiyani yo‘qotib qo‘ymaslik uchun bag‘rimga mahkamroq bosdim.
Nogoh ostimizdagi g‘o‘rashak toshlarning shig‘irlashi to‘xtadi. Vujudimning yengil tortganini payqab qo‘lim bilan bilan ostimni paypaslab ko‘rmoqchi bo‘ldim, Yerni topolmadim. Biz havoda uchib borardik. Vujudimiz yerdan uzilgan, muallaq holatda edik. Yuqoriga ko‘tarilyapmizmi yoki pastga tomon ketib borayapmizmi – bilmasdik.
Endi biz uchun buning ahamiyati ham yo‘q.
Subhiya bo‘ynimdan mahkam quchgancha qulog‘imga harorat bilan shivirladi:
«Men sizni sevaman»!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.