OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosir Fozilov. Mulla Shukur (esse)

1958 yilning bahor kunlaridan birida kamina ishga kelsam, shundoqqina eshik oldidagi kursida xipchadan kelgan, qoshlari kamon, ko‘zlari tiyrak bir yigitcha o‘tiribdi. U o‘rnidan turib, salom bergan bo‘ldi. Tovushi chiqdimi, chiqmadimi, bilmay qoldim. “Vaaleykum...” dedim-u, joyimga borib o‘tirdim. Boshqa xodimlar ham birin-ketin kirib kela boshlashdi. Ular bilan andarmon bo‘lib, boyagi yigitcha yodimdan ko‘tarilgan ekan. Qarasam, hali ham o‘sha eshik yonidagi kursida qunishibgina o‘tirardi. O‘zim gap ochdim:
— Uka, kimning oldiga keldingiz?
U xuddi o‘rta maktab o‘quvchisiday o‘rnidan dik etib turdi, bir nimalar deganday bo‘ldi. So‘zlari tishlarining orasidan chiqdi-yov... anglayolmay qoldim.
—    Uka, beriroq kelib... tushuntiribroq gapiring.
U oldinga uch-to‘rt qadam tashlab:
— Menga Nosir Fozilov kerak edi, — dedi iymanibgina.
— Men bo‘laman o‘sha aytganingiz.
U qo‘lidagi buklanaverib uvadasi chiqib ketgan “umumiy daftar” ichidan bitta konvert olib, menga uzatdi. Bundoq olib qarasam, “Gulxan” tahririyatining emblemasi tushirilgan konvert, konvertning sirtiga razm soldim: “Surxondaryo viloyatining Boysun tumani... Shukur Xolmirzaevga...”, deb yozilgan. Avaylab ichini ochib, xatni oldim. O‘zim yozgan xat, “Mulla Shukur...” deb boshlangan. Xatning oxirida: “... sizdan yaxshi yozuvchi chiqadi”, degan ekanman. Ichimga qandaydir bir iliqlik yugurganday bo‘ldi. Bu holat oldimda iymanibgina turgan yigitchaning kayfiyatiga ham ko‘chdi. O‘rtamizdagi begonasirash pardasi sal ko‘tarilganday bo‘ldi.
— Obbo siz-ey, mulla Shukur o‘zingiz ekansiz-da.
Yigitcha: “Ha, men o‘zimman”, deganday nim tabassum qildi.
Mulla Shukur kaminadan ushbu xatni olganida o‘rta maktabning yettinchi sinfida o‘qir ekan. Shu xat turtki bo‘lib, u tinmay hikoyalar, lavhalar yozibdi. U tahririyatimizga kelib tanishguniga qadar “Gulxan”da bir-ikkita hikoya chiqarib ham ulgurgan edi.
— Xo‘sh, mulla Shukur, yozuv-chizuvlar nima bo‘lyapti? — deb so‘radim ko‘zlariga tik boqib.
Yana o‘sha ahvol. Tishlarining orasidan “pis-pis” qilib nimalardir deganday bo‘ldi.
— Dadil-dadil gapiravering.
— Uch-to‘rtta mashqlarimni olib kelgandim.
— Qani, oling bu yoqqa...
U boyagi uvadasi chiqib ketgan umumiy daftarni uzatdi. Ochib qarasam, o‘sha o‘zimga tanish Surxonning Boysunidan keladigan dastxat. U juda husnixat edi. Ko‘rinib turibdiki, bu dastxat dastlabkisi emas, kamida uch-to‘rt marta ko‘chirilgan, qariyb top-toza edi. Shunday bo‘lsa ham, “bola boshidan...” deganlariday, tahririyatga qo‘lyozma olib kelish odobini o‘rgatmoqchi bo‘ldim.
— Mulla Shukur, endi siz shahardasiz, — dedim asta daftarni varaqlay turib. — Bundan buyon yozgan narsalaringizni mashinkada ko‘chirtirib, top-toza qilib olib kelishni odat qiling. Shunda o‘zingizga ham, bizga ham yaxshi bo‘ladi.
Yigitcha sal qizarindi, ma’qul deganday bosh silkidi.
Biz mulla Shukur bilan mana shunday tanishgan edik.
Elliginchi yillarning oxirlari va oltmishinchi yillarning boshlarida bolalar hikoyachiligida bir shablon syujet paydo bo‘lgan, bu sayyor syujet hikoyadan hikoyaga ko‘chib, shunaqangi jonga tegadigan darajaga kelib qolgan ediki... Masalan, bola bir ayb ish qilib qo‘yadi. Unga kattalar tanbeh beradi. Bola aybiga iqror bo‘lib, kattalardan kechirim so‘raydi, vassalom! Hikoya tayyor. Bu syujet vositasida yuzlab, minglab hikoyalar yozilgan va yozilayotgan edi o‘sha paytlar. Bunday hikoyalarni aksariyat shaharda istiqomat qiladigan, kitob o‘qib yozishni mashq qiladiganlari zar edi. Xuddi ana shunday paytda Shukur bolalar prozasiga bir sof havo — hayot nafasini olib kirdi. Shukur yozgan hikoyalarda tasvir tiniq, dialoglar pishiq-puxta bo‘lardi. Men uni xuddi mana shuning uchun o‘zimga yaqin olar edim.
Biz mulla Shukur bilan Milliy universitetning birinchi kursida o‘qib yurgan chog‘laridayoq aka-uka bo‘lib ketdik. U endi tahririyatimizga iymanibgina emas, dadil kirib keladigan bo‘ldi. Jurnalimizda tag‘in besh-oltita hikoyalari chop etildi. O‘sha hikoyalarning ko‘pchiligi ov haqida, ayiq, tulki, bulduruqlarning o‘ziga xos xatti-harakatlari, fe’l-atvorlari haqida edi. Kamina ham tabiat qo‘ynidan kelganlardan emasmanmi, bunaqa hikoyalarga jon-jon deb jurnaldan joy ajratishga harakat qilar edim. Mening bu sirimni bilgan Shukurbek bir kuni Surxonday joydan ataylab bitta kaklik olib kelibdi. Tol chiviqdan to‘qilgan bejirim qafasda kaklik sho‘rlik “kikir-kikir” qilib turardi. Men xursand bo‘ldim, albatta. Shukur ketganidan so‘ng o‘ylab qoldim: “O‘zim domda, torgina joyda yashayotgan bo‘lsam... kaklik bechora bu joyda qanday yashaydi? Unga keng, pastu baland, dov-daraxtlari bor joy kerak-ku, axir!”. O‘ylab-o‘ylab, oxiri Do‘rmonga, ustoz Abdulla akaga olib borib berishga qaror qildim. Har holda ustoz dala hovlisida, u yer keng, bog‘-rog‘. Olib bordim. Abdulla aka xursand bo‘lganday ko‘rindi. Bir haftadan keyin boqqa chiqsam, Abdulla akaning hovlisida o‘sha tolchiviqdan to‘qilgan qafas turibdi-yu, ichida kaklik yo‘q.
— Ie, kaklik qani, ustoz?
— Bilmasam, — dedi ustoz yelka qisib. — Don-suv berganimizda qafasning eshigini berkitish xayolimizdan ko‘tarilgan shekilli... yugurib chiqib shox-shabbalar orasiga kirdi-yu, g‘oyib bo‘ldi.
Abdulla aka bu gaplarni hech achinmasdan, o‘kinmasdan xotirjam aytdi. Shundan payqadimki, ustoz bu jonivorning joniga jabr qilmay, atayin o‘zlari tabiat bag‘riga qaytargan edi. Bu taxminimdan ich-ichimdan zil ketdim-u, masalani chuqurlashtirib o‘tirmadim. Ustoz ham boshqa hech nima demadi, men ham...
Bir kuni uyga Shukur kelib qoldi, tevarak-atrofga alang-jalang qilib, nazarimda kaklikni qidirardi.
— Kaklikni izlayapsiz-da, a?
Men Abdulla aka bilan bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay gapirib berdim va qalbimda kechgan taxminimni ham aytdim. U birpas indamay turdi-da:
— Ustoz ustimizdan rosa kulibdi-da, Nosir aka, — dedi sal xijolat tortib. — O‘zimiz-ku, tabiatni muhofaza qiladiganlardan bo‘lsak, tabiatning erkin parrandasini qafasga solib... tag‘in uni ustozga olib borib berganimiz nimasi?
U endi astoydil qizarib ketgan edi. O‘zinigina emas, meni ham qo‘shib ayblar edi.
... Kunlardan birida Shukurjon tahririyatga kirib keldi. Kayfiyati sal chatog‘roq. Buning ustiga jindek ichib ham olgan, og‘zidan aroq hidi anqib turar edi. Rostini aytsam, bu andakkina nafsoniyatimga tegdi. Ko‘nglim og‘riganini bildirmaslikka harakat qilib, salom-alikdan so‘ng asta so‘radim:
— Bu nima yurish, uka?
— Bir og‘aynim... — deb chaynaldi u. “Tag‘in o‘zini oqlamoqchi bu”, deb xayol qildim. U qo‘llarini asabiy ishqalab gapini davom ettirdi. — Ketmoqchi qishlog‘iga...
— Nega ketadi?
Shukur bor gapni to‘kib soldi. Bir og‘aynisi anchadan beri she’r yozishni mashq qilarkan-u, o‘sha mashqlardan birini yoshlar gazetasiga olib borgan ekan. O‘sha paytlarda gazeta tahririyatida bir shoir og‘aynimiz ishlardi. U o‘zini o‘sha davrning eng yetuk shoiri deb hisoblar, tahririyatga kelgan uncha-muncha qalamkashlarni gap bilan dovdiratib qo‘yishi hech gap emasdi. Shular jumlasidan Shukurning og‘aynisi ham bitta “Mitti yulduz” degan she’r ko‘tarib borgan ekan, u sho‘rlik haligi shoir og‘aynimizning qo‘liga tushib qolibdi. Bu og‘aynimiz o‘sha paytda mayxo‘rlikka andak ruju qo‘yganlardan edi. U she’rni o‘qib bo‘lib, daf’atan yosh shoirga o‘shqira ketibdi:
— Xo‘sh, siz qaysi yulduzni nazarda tutayapsiz? — debdi sal ovozini ko‘tarib. — Siz aytayotgan yulduz sovet yulduzimi yo kapitalistik yulduzmi?
U paytlarda bunaqa savolni eshitgan har qanday odam dovdirab qolishi turgan gap edi. Davr shunaqa edi. Xullas, she’r ko‘tarib kelgan bechora yosh shoirning dovdirab qolganini ko‘rgan tahririyat xodimi darhol hamlaga o‘tibdi:
— Sizlarni kim o‘qityapti o‘zi? Komsomol kotiblaring kim? Men xat yozaman. Qanaqa tarbiya berishyapti sizlarga!
Shu gap, shu dag‘dag‘adan so‘ng yosh shoir qo‘rqib ketib, kelgan qishlog‘iga juftakni rostlamoqchi bo‘lgan ekan-u, Shukur unga maslahat beribdi: “Mening tanish akalarim bor, bir maslahatlashib ko‘ray... Ja bo‘lmasa, ketish qochmas, sabr qil”.
Shukurning oldimga qovoq-tumshuq qilib kelganining boisi shu ekan.
— E, chatoq bo‘pti-ku. Yaxshi shoirmi o‘zi? Qaerdan?
— Yaxshi shoir. Qashqadaryodan.
— Boshqa she’rlari ham bormi?
— Ancha-muncha.
— Bo‘lmasa, she’rlarini olib kelsin mening oldimga. Qachon kelasizlar?
— Shu bugun...
U shunday dedi-yu, shartta o‘rnidan turib, otilib chiqib ketdi...
Tushlikdan qaytib kirsam, ikkalovi boshlashib kirib kelishdi. O‘tirishdi. Shukurning qanaqaligini bilaman, bu shoirni endi ko‘rishim. Salom-alikdan so‘ng bundoq ko‘z qirimni tashlasam, oddiy qishloq bolasi. Qirg‘izqovoq, jikkakkina yigit ekan. Qarashlari dasht ohusidek hurkak. Hayt, desang ura qochadigan holatda omonatgina o‘tirardi. Ko‘rib turibman, ahyon-ahyonda Shukur bildirmaygina uning biqiniga: “Dadil bo‘l”, deganday turtib ham qo‘yardi.
— Uka, Qashqadaryoning qaysi qishlog‘idansiz?
— Nekuz degan joydan.
— She’rlar yozib turar ekansiz-da, a?
Xuddi she’r yozish bir gunoh ishday yigitcha xijolatomuz qo‘zg‘alib qo‘ydi. Vaziyatdan tezroq chiqish uchunmi, Shukur yigitchaning qo‘lidagi yupqagina papkani olib, menga uzatdi. Asta ochib qaray boshladim. Papkada ellik-oltmishtacha she’r, ikkita doston bor edi. Yigitcha menga termulib: “Nima derkin? Tag‘in nima gap eshitarkanman”, deganday hayajonda o‘tirar edi.
— Yaxshi, — dedim men papkaning tepasiga razm solib. U yerda katta harflar bilan Abdulla Oripov deb yozib qo‘yilgan edi. — Abdullajon, Shukurjon, papkani menga tashlab ketinglar. Bir tanishib chiqay. Mayli-mi?
Yigitchalarning ikkalasi ham, mayli, deganday boshlarini silkitishib o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi.
 — Qachon xabar olsak bo‘ladi? — deb so‘radi Shukurjon.
— Uch kundan keyin.
Ular ketishdi. Ish vaqtim tugagach, haligi papkani qo‘ltiqlab, men ham uyga ravona bo‘ldim. Kechqurungi ovqatdan so‘ng sekin papkani ochib varaqlay boshladim. Qarasam, bir ajoyib she’rlarki, asti qo‘yaverasiz: ichida o‘xshatishlar, istioralar, majozlar, tesha tegmagan qofiyalar... Xuddi cho‘g‘dek yalt-yult qilib turibdi. Bu she’rlardan go‘yo qadim Nasaf dashtlarining muattar ifori ufurib turar edi. Birpasda o‘qib bo‘lib, dilim ravshan tortdi. Hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zimcha, she’rlarni saralashga tushdim. Tunning bir joyiga borib, o‘ntacha she’r tanlab oldim-u, unga: “Qishlog‘imni kuylayman”, deb umumiy sarlavha qo‘ygan bo‘ldim.
Ertalab tahririyatga kelsam, xayriyat, muharririmiz ham kelib o‘tirgan ekan. Shartta oldiga kirib, suyunchi so‘radim.
— Erkin aka, men bir yaxshi shoir topdim.
— Yaxshi, — dedi u beparvogina.
— Shuni berishimiz kerak.
— Yaxshi, bering.
— Shu may soniga.
— Sal isitmangiz yo‘qmi? Beshinchi sonning nishona nusxasini indinga olamiz-ku, qanday qilib berasiz?!
— Beramiz. Men hozir o‘sha she’rlarni Floraxonga ko‘chirtirib, tayyorlab qo‘yaman-u, Gerkules akani chaqirib, qo‘liga tutqazaman. U zudlik bilan terdirib, jurnalning o‘rtasiga — razvorotga qo‘yib yuboradi. O‘sha joydagi hikoyani olib qo‘ya turamiz.
Muharririmiz Erkin Jabborov bilimdon, odamoxun, Chorsu dahasining chapani ziyoli yigitlaridan edi. O‘sha paytlarda jurnalimizning obro‘si juda baland: hali to‘la ruxsat bo‘lmagan esa-da, Cho‘lpon, Usmon, Nosir, Abdulla Qodiriy asarlarini birinchi bo‘lib bizning jurnalimiz chop etgan. Endigina hibsdan ozod etilgan Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Said Ahmad kabi adiblarimizning yirik asarlaridan parchalarni yurak yutib bizning tahririyatimiz e’lon qilgan edi va buning uchun mushtariylarimizdan, adabiyot ixlosmandlaridan olqishlar olgan edik. Shundanmi, muharririmiz bizga o‘ziga ishongandek ishonar edi. Bir nima desak yo‘q demas, dadil takliflarni hamisha qo‘llar edi. Xullas, men o‘z gapimda turib oldim. Axiyri bo‘lmagach, sensirab yubordi:
— E, bor-e, bilganingni qil, qo-zoq! — dedi yasama jahl bilan. Men bundan o‘zimcha xulosa chiqardim: “Sensiradimi, demak ishning bitgani shu! Sensiragani — o‘ziga yaqin olgani!”
Bu payt jurnal qariyb tayyor holga kelgan. Haligi men aytgan o‘rtadagi hikoyani olib, o‘rniga mana bu matnni qo‘yish texredlar uchun juda qiyinchilik tug‘dirardi.
— Mana bu matnni oling-da, zudlik bilan terdiring. Rassomimiz g‘aladonida eski sonlardan qolgan klishelar bor, she’rlarning u yer-bu yeriga sochib yuboring. Matn terilib bo‘lganida meni chaqiring. Borib o‘qiyman-u, o‘sha joyning o‘zida bosishga imzo chekib beraman...
Bilib turibman, Gerkules aka bu gapni juda og‘ir oldi, lekin rad etmadi, norozi bir qiyofada sekin chiqdi-ketdi.
Masalaning rivoji xuddi men aytganday bo‘ldi. Indiniga jurnalning nishona soni keldi, unga muharririmiz nimtabassum bilan: “Aytganingni qilding-a, qozoq!”, deganday imzo chekdi. Va’daga muvofiq ertasiga Shukur bilan Abdulla tahririyatga kirib kelishdi. Salom-alikdan so‘ng ular eshik oldidagi o‘rinliqlarga o‘tirdilar.
Aslida ishim yo‘g‘-u, o‘zimni xuddi ishlayotganday ko‘rsatib:
— Jurnalning yangi soni chiqqan edi. Shuni varaqlab turinglar, men mana bu ishimni tugatib olay, so‘ng gaplashamiz, — deb atay olib qo‘ygan jurnalning nishona sonini ularning qo‘llariga tutqazdim. Yigitlar jurnalni beparvogina varaqlay boshlashdi. Ko‘zimning qirini tashlab o‘tiribman. Ana, nihoyat jurnalning o‘rtasi ochilib, “Abdulla Oripov. Qishlog‘imni kuylayman”, degan joyga kelganda, ko‘rib turibman, hayajondan ikkalasining ham qo‘llari titray boshladi. Oradan uch kun ham o‘tmay, she’rlaring jurnalda bosilib tursa! Ular uchun bu kutilmagan holat-da. Bu jurnal ekan-u, hatto gazetada ham juda kam uchraydigan voqea hisoblanar edi. Yigitchalar o‘zlarida yo‘q darajada xursand, nima deyishlarini bilmas edilar. Ularning bu holatlari menga ham ko‘chgan edi...
— Ukalar, shu jurnal sizlarga siylov!
Ular tish yorib bir nima demadi, men ham.
Biror soatlardan keyin zarur ish bilan Navoiy ko‘chasidagi Bosh pochtamt oldidan o‘tib ketayotib, boyagi yigitchalarga ro‘baro‘ bo‘lib qoldim: jindek-jindek olishgan, kayfiyatlari chog‘ edi... Ko‘nglimdan: “Yuvishibdi-da! — degan gap o‘tdi. — Ha, ukajonlar-a!”
Oradan bir necha yillar o‘tdi. Ular o‘qishni bitirishdi. Shukur bu orada “Oq otli”, “To‘lqinlar”, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” degan qissalarni yozib, elga tanilib qoldi. Bu qissalarni ham mening nazarimdan o‘tkazib olgan edi. U menga juda-juda o‘rganib qolgan, xursand bo‘lsa ham, biror nimadan xafa bo‘lsa ham, jigarrang sakvoyaji bo‘lardi, shuni ko‘tarib biznikiga zipillab kelib qolardi. O‘sha paytlari, oxirgi kurslarda bo‘lsa kerak. Shukur meni teatrga taklif qildi. Bilmagan ekanman, u universitet dramto‘garagiga qatnashar ekan. Shekspirning “Hamlet” spektaklini Milliy teatr sahnasida qo‘yadigan bo‘lib qolishibdi. Hamlet rolini Shukur ijro qilar ekan. Borib ko‘rdim. Talant — talant ekan-da! Shukur shunaqa o‘ynadiki, men uni taniyolmay qoldim. Professionallardan kam emas! Shunda xayolimdan: “Bordi-yu, yozuvchilik qilmaganida undan zo‘r artist chiqar ekan”, degan fikr o‘tgandi o‘shanda. Ha, aytganday, Shukur o‘z baxtini — Saidasini o‘sha Milliy teatr ostonasida topdi. Xuddi o‘sha spektaklda u Saida bilan birga rol o‘ynagan edi...
...Shuncha yil aka-uka bo‘lib yurib, u bilan qattiq-qurum gaplashmagan edim. Kunlardan birida kutilmagan holat ro‘y berdi. Bir kuni u biznikiga xursand bo‘lib kirib keldi.
— Bir qissa qoralagan edim. Uch-to‘rt toboqdan oshmaydi, kichkinagina. Bir ko‘rib berasizmi?
— Juda soz-da. Bugun dam olish kuni. Ikkovlashib birpasda o‘qib tashlaymiz, — dedim.
Asar o‘qishni galga solmaganim uchun u xursand bo‘lib ketdi. Choydan so‘ng:
— Qani o‘qing, mulla Shukur, — dedim.
O‘qiy boshladi. Xullas, o‘qib bo‘lib: “Xo‘sh, qalay?”, deganday menga tikildi. Men boshimni sarak-sarak qildim. U negaligini tushunolmay hayron. Xullas, Abror Qosimov degan bir yaxshigina o‘rtog‘imiz bo‘lardi. O‘sha bilan Shukur keyingi paytlarda juda apoq-chapoq bo‘lib ketgan, uni o‘z yurti — Surxonga taklif qilgan ekan. Nimadir bo‘lib, ularning orasidan gap qochib, u sho‘rlikni dashtu biyobon o‘rtasiga olib boribdi-da: “Ana, to‘rt tomoning qibla. Ketaver!..”, debdi. Qissadagi bor gap shu edi.
Shukur haliyam “Nega?”, deganday yuzimga tikilib turar edi.
— Mulla Shukur. Birinchidan sizning o‘rtog‘ingizga qilgan muomalangiz hech qanday odob doirasiga sig‘maydi. Qo‘polroq qilib aytganda, odamgarchilikdan emas, — dedim ensam qotib. — Ikkinchidan, adabiyot degani yomon ko‘rgan odamdan o‘ch olish maydoni emas. Shuni yaxshi bilib oling!
Shukurning boyagi ko‘tarinki kayfiyatidan asar ham qolmagan edi. Qissaning nomi “O‘tkinchi” edi. Men sopini o‘zidan chiqarib, tasalli bergan bo‘ldim:
— Hechqisi yo‘q. Ijodda shunaqa holatlar ham bo‘lib turadi, mulla Shukur. Bu bir o‘tkinchi holat...
Bilib turibman, ayni paytda u bu tanbehlarni hazm qilolmadi-yu, oradan ancha vaqt o‘tgach: “Gapingiz to‘g‘ri ekan. O‘ylab ko‘rdim!”, deb tan oldi. Bilmadim, o‘sha qissa uning arxivida bormi yo yo‘qmi? Qizi Sayyoradan so‘rasam, bilmadim, dedi. Meningcha, yirtib tashlagan bo‘lsa kerak. Bunaqa deyotganimning sababi, Shukurda shunday bir xarakter bor ediki, egri maslahatni ko‘tarolmasdi, ayni chog‘da to‘g‘ri gapni ham tez qabul qilolmaydigan qaysarlikka moyil odati bor edi. Ba’zida esa, maslahating to‘g‘ri bo‘lsa, agar shunga ko‘zi yetsa, mardlarcha tan olib, kechirim so‘rashni ham bilardi...
Gap bilan bo‘lib sezmay qolibmiz: tushlik payti ham yaqinlashib qolgan ekan, birpasda bug‘i burqirab bir lagan sergo‘sht shilpildoq ham kelib qoldi dasturxonga. Shukurbek ko‘zlari yiltillab menga qaradi. Tushundim, deganday o‘rnimdan turib, servantdan bir shisha “Stolichniy” olib, stolga qo‘ydim. Buni ko‘rib Shukur gul-gul yashnab, kaftlarini bir-biriga ishqaladi. Uning boyagi tund kayfiyatidan asar ham qolmagan edi.
Shu yerda munozaramiz barham topdi. Shukur o‘qilgan qo‘lyozmasini asabiy yig‘ishtirib, papkasiga joylay boshladi.
— Baribir men buni yozaman! — dedi o‘jarligi tutib. Yozdi ham, yozganlari uch-to‘rt joyda bosildi ham. Eshitishimga qaraganda, o‘sha yozganlari tanlangan asarlari majmuasining to‘rtinchi jildiga ham kiribdi.

* * *

...Mana, azizlar, mulla Shukur haqida ba’zi bilganlarimizni Sizlar bilan baham ko‘rdik. Dunyoning o‘zi shunaqa qurilgan ekan-da. Kechagina oramizda yurgan do‘stimiz bugun yo‘q. U bu dunyoga kelib, bekorga yashamadi. Nashriyotda, “Sharq yulduzi”, “Guliston” tahririyatlarida ishladi. Siz bilan bizga, millatiga talay-talay hikoyalar, qissalar, romanlar, dramalar qoldirib ketdi. U yozgan asarlar muallifning ikkinchi umriga aylanib, to‘rt jildli kitob holida Siz bilan bizning qo‘limizga tegdi. Mehnatlari hukumatimiz tomonidan yuksak qadrlandi. Ho‘, boya xotiramizning ibtidosida tasvir qilganimiz — tahririyatimiz eshigi oldidagi kursida iymanibgina o‘tirgan kamon qosh, tiyrak ko‘z yigitcha yillar o‘tib O‘zbekiston xalq yozuvchisi, degan faxriy unvonga sazovor bo‘ldi. Davlat mukofotining sovrindori. Bu hazilakam gap emas! Bundan ortiq tag‘in nima kerak yozuvchi uchun?! Hech nima!
Iloyim joying jannatda bo‘lsin, ukajon!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.