OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Jinni bo’lish osonmi (hajviya)

Temir darpardalar yo'qolganidan buyon hozir hammaga hamma narsa mumkin bo'lib qolgan. Birov moshinada, birov velosipedda, birov ot-aravada dunyoni aylanib chiqayapti. Piyodalab hajga jo'nayapti, piyodalab yer yuzini kezayapti. Rossiyaga borib kelish-ku, vodiyliklarning Mirzacho'lga qovun ekib kelishiday gap bo'lib qoldi. Koreyaga ketayotganlarning son-sanog'i yo'q. Amerika, Portugaliya, Kanada hammasi puling bo'lsa bir qadam. Yaqinda Zafar degan bittasi to'rt kishini Amerikaga, xalqaro kitobsevarlar simpoziumiga 200 dollardan olib jo'natmoqchi bo'ldi. "Moshennik emasmisiz?" -so'rashdi to'rt kishi. "Xudo saqlasin, -dedi Zafar, -men bilan yozuvchilar uyushmasida ishlaydigan jo'ram Amerikada gazeta chiqarayapti, o'sha to'rt kishini taklif qilgan." Shu bilan olti oydan keyin Amerikaga ketmoqchi bo'lganlardan birini ko'rib qoldim. "Hali ketmadingmi", -so'radim. "Yana odam yig' deyapti, -dedi u. Hozir yana beshtasini topdim". "Manga qara, odamlarning pulini olib Nosir akaga o'xshab  uzoq muddatli safarga ketib qolma tag'in", -dedim. "Kimni-kimni, meni aldayolmaydi", -dedi u. Shundan buyon to'rt yil o'tdi, hali hozirgacha o'n kishining puli o'sha Amerika orzumandining bo'ynida.

Falonchi Koreyaga borish uchun falonchiga besh ming dollar beripti, Amerikaga borish uchun o'n ming dollar beripti, aldab ketipti, degan gaplar odatiy hol bo'lib qolgan. Shuning uchun men birorta firma yoki chet elga jo'natuvchi firibgarlarga ishonmayman. Davlat tomonidan shartnoma bilan ketayotganlar-boshqa gap. Yashirinib yurmaysan, odamga o'xshab yashaysan, sog'qa qilasan. Ham sayohat, ham tijorat deganday, ana shu maqsadda tashqi emigratsiya agentligiga murojaat qildim.

-Nima, bu yer yoqmayaptimi? -dumaloq ko'zoynak taqqan, mo'ylovchasi yarashib turgan agentning birinchi savoli shu bo'ldi.

-Yo'q, nega dunyoni bir ko'rsam, devdim...

-U yerga dunyoni ko'rishga emas, ishga borasiz, -dedi mo'ylov.

-Ishga bo'lsa ishga-da, -dedim dangaliga ko'chib.

-Unday bo'lsa, mana bu ro'yxatda ko'rsatilgan ma'lumotlarni yig'ib keling, -u qo'limga o'n punktdan iborat eslatmani tutqazdi.

Ishga kirishdim. Dastlab chet elga chiqish uchun viza ochdirishga bordim. Bu yerdagi odamni ko'rib, yopiray, hamma chet elga ko'chib ketayaptimi, deb o'yladim. "Chet elgami, -dedi bittasi menga sinovchan qarab. -Tanish bo'lmasa, baribir hech narsa qilolmaysan". "Tanishni qaydan topaman?" "Mana men topaman-da, tanishni. Soqqasini kelishsak bo'ldi". Savdolashib, oxiri 75 dollarda to'xtadik. Buyog'i silliq kechdi. Vizani ochdirib oldim. Ikkita mehnat daftarcham bor, ishlamagan joyim qolmagan, ko'chirma qilguncha ancha pulim ketdi. Harbiy biletni yo'qotib qo'ygandim, uni tiklab, nusxa olguncha anchaga tushdim. Chet davlatga chiqish uchun tibbiy ko'rikdan o'tish kerak ekan, bosh vrach 20 ta duxturga yo'llanma berdi.

-Shuning boshqacharoq iloji yo'qmikan, -dedim muloyimlik bilan.

-Bor. Har bir duxturga ataganingizni berasiz, ma'lumotnoma ikki kunda tayyor bo'ladi. Ikki kundan keyin ma'lumotnomali ham bo'ldim.

-SPID bo'lganingiz yo'qmi, -dedi SPID markazi duxturi.

-Yo'g'-e, -deb qo'liga bir siqim pul tutqazdim.

-Teri-tanosil kasalligiga chalinganmisiz, -so'radi navbatdagisi.

-Xudo saqlasin, -deb tortmasiga pul tashladim.

-Qanday giyohvand moddalar iste'mol qilasiz, -so'radi keyingisi.

-Nos chekaman, -deb, jurnalining tagiga pul qistirdim. 12 ta rangli fotosuratning pulini to'ladim, karischa o'qiganligim to'g'risidagi guvohnomaga jimjimador qilib imzo chekdim. Pulini to'laganingdan keyin xohlaganday imzo chekasan-da! Ota-onam bilan xotinning roziligini olish qiyin bo'ldi. Na pulga ko'nishadi, na gapga.

-Boshqasini topib ketadi, -yig'laydi xotin.

-Uzoqning quyrug'idan yaqinning somoni yaxshi, bolam, -deydi ota-onam. -Nima qilasan yot ellarda sargardon bo'lib...

Yo'q, bir balo qilib ko'ndirdim. Mahalladan spravka olishga chiqdim.

-Ha, sanam ketayapsanmi, -dedi mahallakom. Hammang ketaversalaring, bu yerda molni kim boqadi? Yo bizning sharoit yoqmayotgan bo'lsa, to'g'risini aytavur...

-Do'm buva, bizning sharoitdan yaxshi sharoit yo'q, faqat bir aylanib kelmoqchiman xolos, deb, cho'ntagiga sekin pul tiqqanimdan keyin uning chiroyi ochildi.

-Qancha vaqtga ketmoqchisan, -so'radi u. -Bedaraklar safiga qo'shaymi, yo shu yerda, deb qo'yaymi?

-Shu yerda, deb qo'yaqoling, -dedim.

-Unday bo'lsa qo'sh, -dedi mahallakom cho'ntagini ko'rsatib. Qo'shdim.

Xullas, hamma ma'lumotlarni bir papka qilib to'pladim. To'ppa-to'g'ri dumaloq ko'zoynakli mo'ylovchaning oldiga olib bordim.

-Hammasi bo'ldimi, -so'radi u.

-Bo'ldi, -dedim.

-Endi bu papkani Dadamurodni topib, unga topshirasiz, hammasi yaxshi bo'lsa, ikki oydan keyin Koreyaga jo'naysiz, -dedi agent. Dadamurodni topib, papkani unga tutqazdim. Dadamurod  zipillab agentning yoniga kirib ketdi. Qaytib chiqqanidan keyin:

-Hamma hujjatlar to'g'ri, -dedi. -970 dollar pul sizning hisobingizga omonat kassaga qo'yiladi, yo'lkira puli, choypuli, hammasi besh ming dollar bo'ladi...

-Nimaga besh ming dollar bo'ladi? -hayron bo'ldim. -Menga hammasi bo'lib 1800 dollar bo'ladi, deyishgan ediku?

-To'g'ri, boshida 1800 dollar bo'ladi, oxiriga borib 5 ming dollarga aylanadi. Buning ustiga agent sizni 1200 dollarlik ishga jo'natmoqchi. Yaxshi ishlasangiz, to'rt oyda ko'rmaganday bo'lib ketasiz...

Agentning yoniga qaytib kirmoqchi bo'ldim.

-Ovora bo'lasiz, -dedi Dadamurod. -Agent faqat men qo'l qo'ygan hujjatlarni oladi...

Dadamurodga bu hujjatlarni to'plaguncha 200 ming so'm pulim ketganini, juda qiynalganimni aytmoqchi bo'laman-u, qo'lim harakatga kelsa ham, tilim kalimaga kelmaydi, deng. Dadamurod "Tushunaman", -degancha boshimni silaydi. Xo'rligim kelib, uning ko'ksiga boshimni qo'yib yig'lab yubordim. Keyin "Oltin devor" dagi artist "Tosh, tosh, tosh", - deb aylanganiday, bir qo'limni shunday Dadamurodning basharasiga cho'zib: "Besh!" dedim. Keyin ikkinchi qo'lim bilan "Besh, besh, besh" degancha kuchim boricha uning basharasiga qulochkashlab tushirdim. Qolgani esimda yo'q. Ko'zimni ochsam, jinnixonada yotibman...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.