OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Mahv bo‘lgan shahar (hikoya)

"Behbudiyga bahshida” hikoyalar turkumidan

Dushman mahv etgan shahar or-nomusi toptalgan qizga o‘xshaydi.
Lev Tolstoy

Urushni hamisha yomon odamlar boshlashadi, ammo unda asl insonlar nobud bo‘ladi.
Ernest Xeminguey

1868 yilning ayni tut pishig‘i mahali keksa Camarqand qattol dushman ko‘lankasidan seskanib tushdi; aniqrog‘i, titrab ketdi. Manfur yov allaqachon Zarafshon daryosidan o‘tgan, Cho‘ponota yonbag‘irlarida chodir tikkan edi.Hamma qatori sokingina ro‘zgurzonlik qilib kelayotgan ahli Samarqand diliga g‘ulg‘ula solgan holda garmon chalishar, qiyqirib, raqsga tutshishardi. Illo, ko‘ngilxushlik bilan qon to‘kish istagi bir-biriga batamom zid, g‘ayri-g‘ayri tushuncha bo‘lsa hamki, bunday noxush arafa, taassufki ro‘y berib bo‘lgan edi.
Qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham. O‘rislar goh-gohida cho‘qinib, Iso Masih alayhissalomdan, yaratganning o‘zidan hidoyat, madad so‘rashar; minglab chaqirim masofalarni umid bilan bosib kelgan, o‘z iboralari bilan aytganda: sodiq provaslavlarni benasib qoldirmasligini iltijo qilib so‘rashar, bu serhosil zamin, iliq daryolar, shovullagan bog‘lar o‘zlariniki bo‘lishini qumsashar; shahanshoh va qo‘mondonlari, o‘t ochar zambaraklari, chapdast qilichvoz kazaklari bilan zohiran faxrlanishardi, albatta. Shu bilan birga har bir jangchida talosh qilishga ruxsat beriladimi, yo‘qmi, baribir, uyga quruq qo‘l bilan qaytmaslik, biror nimarsalik bo‘lib borishdek zohiriy istak ham yo‘q emasdi. Musulmonlar oltin taqinchoqlarga, qimmatbaho buyumlarga o‘ch bo‘lishini ko‘proq tilga olishib, shu mavzuda ezmalik bilan hazillashishlarining boisi ham mazkur hirsning namoyon bo‘lishidan o‘zga narsa emasdi.
Rus ziyolilarining katta bir qismi esa, inchunin, bu yerdagi komandirlar mazkur urushni tarixiy zarurat deb bilishar, bunga o‘zgalarni ham ishontirmoqchi bo‘lishardi. Boisi: sartlar qoloq, omi odamlar – ularga kimdir ma’naviyat, ma’rifat eshigini ochishi kerak; bu missiyani Xudo biz – ruslarga ravo ko‘rgan, degan tushunchada edilar. Shu bilan birga ayrim nopisandlarda: satrlarning hozirgi tariqa ilmsiz bo‘lgani ma’qul, degan mujmal mensimaslik ham yo‘q emasdi. Samarqand – dengizga chiqishimizdagi bir bekat bo‘lib qoladi, deb o‘ylashardi bunday toifadagilar.
Xullas, sabab, mohiyatini o‘sha zamon odami ham ham, hozirgilar ham tushunaverishi qiyin bo‘lgan fikrlar, munosabatlar maqsadlar.
Yo‘q, fotihlarning shahar ostonasiga kelib qolishi daf’atan ro‘y bergan yohud kutilmagan tasodif emasdi: Samarqand bozorlarida oltin buyumlar, qurol-aslaha, ot-arava qimmatlashib, hovli-joy, ro‘zg‘or ashyolari, kiyim-kechak arzonlashganiga bir necha oylar chamasi bo‘lgandi. Bularning bari el-ulusning anchayin notinchligidan dalolat berardi.
Ruslar yo‘l-yo‘lakay shahar-qishloqlarni xarob etib kelishayotganligi, olamni dahshatga soladigan zambaraklari bilan qal’alar, qadimiy obidalarni hoki-turob qilib, qarshilaridan chiqqan kishini – u bolami, ayolmi, cholmi –avsiz qirib, olg‘a siljishayotganidan shahar ahli boxabar edi, albatta. Chunki bu xalq turli nizo-yu urushlardan juda-juda zada bo‘lib ketgan edi.
Yog‘iy bostirib kelayotgan shaharning ruhini tasavvur qilish qiyin emas. O‘pkasi to‘lib turgan qiz bolaga o‘xshaydi u. Bunday mahzun damlarda kindik qoning tomgan tuproq, vatan tushunchasi teranlashadi; yovga, eng avvalo, uning podshosi, qumondoniga o‘lim tilashadi; or-nomusi bo‘lgan erkak qo‘liga qurol oladi; shu bilan birga xotin-xalaj, bola-chaqa taqdirini xavotirona o‘ylashadi, ularni qutqarish tashvishida bo‘lishadi.
Xo‘jai Abdu Darun masjidining mudarrisi, imom xatibi Behbudxo‘ja chandon xavotir tortdi: dushman Panjakent yo‘lini to‘sib qo‘ysa, xotin-xalajni Baxshitepaga – qaynonasinikiga qochirish niyati ro‘yobga chiqmay qolardi.
Anchayin tahlikali peshin namozidan keyin u amri ma’ruf qilmadi, o‘rniga Parvardigorga iltijo etdi: “Yo Xalloqi Karim! Rahm-shafqatingni darig‘ tutma! Afu et, biz insonlarni, hidoyat et. Zolimlarni qahr et, mahv bo‘lsin zulm! Kofirlar din-u diyonatimizni, azizu avliyolarimizni oyoq osti qilmoqchi. Ishonchimizni komil et, toki g‘ayori dinlarni tuprog‘imizga oyoq bostirmaylik! Dushman oyog‘imiz ostiga yiqilsin! Omin!”
Nogahonda Behbudxo‘ja namozxonlar va mullovachchalar nigohidagi mo‘minlik zohiriy intiqom bilan almashganini his etdi, bir necha daqiqalik kalovlanishdan keyin ularni beixtiyor Cho‘ponotaga da’vat etdi. Odamlar yo‘l-yo‘lakay o‘roq, bolta, pichoq xullas, qo‘lga ilinganini oldilar.
Samarqandning toshfarch ko‘chalari ham, tuproq yo‘llari ham biz hozir “qochoqlar” deb ataydigan muslimu muslimalarga to‘lib ketgan edi. Qo‘qon aravalarining taqir-tuquri, otlarning bezovta kishnashi, muysafidlarning nigohlaridagi serg‘ussa sarosimalik, bolasini ko‘tarib olgan ayollarning mungli yig‘lashlari juda-juda noxush falokat sodir bo‘layotganidan dalolat berardi.
Bular, beixtiyor tinchlik deb ataladigan ma’naviy ne’mat huvaydo bo‘lgan joylarni: kimdir Bog‘dod yoki Balxni; tag‘in kimdir Shahrisabz yohud Termizdagi qarindoshlarni yoki shunchaki, inson insonga tig‘ ko‘tarmaydigan tog‘u toshlar qo‘ynini mo‘ljallab, yo‘lga otlangandilar. Chumoli inini suv bossa, eng avvalo, bolalarini tishida ko‘tarib qochganidek, bular ham zurriyotni saqlab qolish instinkti bilan yo‘l bosardilar.
Xayr, alvido, Vatan!
Seni qaytib ko‘rolamizmi yo‘qmi - Xudo biladi.
Ammo shu bilan birga bir toifa odamlar, go‘yoki sharqqa otlanganlarga qasdma-qasd o‘laroq teskari tomon shoshilardilar. Bular, asosan, yigit yoshidagi erkaklar, suvoriylar, mullovachchalar ... Mushtini tugib olgan bu odamlarning nigohlarida qasos, intiqom o‘ti yonardi. Aslida bular ham tinchlik uchun qo‘lga qurol olishgandi. Yurt osoyishta bo‘lishi, ayollar, bolalar musofirlikdan qaytib kelishi uchun dushmanni yo‘q qilishi talab etilardi.
Cho‘ponotadagi qirlarning yonbag‘irlari odamga to‘lib ketgan edi. Faqat sarbozlar emas, turli toifa va yoshdagi kishilar, hatto ayollar ham bor edi bu yerda. Kimlardan pilta miltiq, qilich, nayza ham ko‘rinardi.
Oldingi qatorda Amir Muzaffarning qurollangan sarbozlari jangga shay edilar. Tag‘in nariroqda esa shahar hokimi va qozikaloniga qarashli jangchilar tizilishgandi. Bu azamatlarni ko‘rib, olomonning dili jilla taskin topardi.
Behbudxo‘ja bir amallab tepalikka chiqdi-yu, ko‘zi qamashib ketdi: daryoning ikki sohilidagi dushman son-sanoqsiz edi. Suvoralar, to‘p ortilgan aravalar, saf tortgan otryadlar tartib bilan turar; farmon kutishardi.
- Dayuslar! – dilidagisi tiliga chiqdi uning.
- Ey, Ollohi azim, - iltijo qilardi bir muysafid, - mute bandalaringdan lutfu-karamingni ayama! Tarahhum ayla! Ey, najotkori olam, ey taborak va taolo! Bizga muzaffariyat ato et! Ey, azizu-avliyolar, o‘zingiz qo‘llang!
- Shumo dar kujo, - zorlanardi bir ayol, - ey sohibqironi olam ... 
Ha, bundan tahlikali lahzalarda Amir Temurning ham yodga olinishi bejiz emasd, axir Jahongir sevgan shaharga, uning poytaxtiga hujum qilish shakkoklik emasmi?! Amir Temur tirikligida shunday bo‘larmidi?! Hech ham!
O‘z raiyatining osoyishtaligini saqlagan, ularga tinchlik ato etgan yurt egalariga Xudodan rahmatlar yog‘ilsin!

Durbin bilan bu holatni sinchkov kuzatayotgan general fon Kaufman zohiriy xavotir aralash mamnunligini yashirmay, ad’yutanti – ofitser kazakka yuzlandi.
- Forma, qara, sartlar ko‘payishayapti, -dedi sof rus tilida.
- Kuzatayapman, Konstantin Petrovich; uyushmagan tarqoqdek, - dedi u kazak lahjasida va qo‘shib qo‘ydi: - zambaraklari ham ko‘rinmaydi.
Garchand ozroq va eskiroq bo‘lsa-da, to‘plar bor edi. Ad’yutant bu gapni dushmanning anchayin ojizligidan mamnunligini izhor etish uchun aytgandi. Zero, xo‘jasiga qanaqa gaplar yoqishini bilardi u.
General Kaufman bungacha Turkiston general gubernatori edi va rasmiy jihatdan Buxoro amirligiga tobe bo‘lgan bu shaharni buysundirishdan oldin talaygina ma’lumot to‘plagandi. Jumladan, shahar hokimi Sherali Inoq amirga buysunmay qo‘yganligi, oralarida ixtilof borligi, qozikalon ham shu kayfiyatda ekanligini bilardi. Bular bari ayni muddao edi, chunki dushman hamisha qal’aning omonat joylarini izlaydi. 
- A’lo hazratari, komandirlar diltang bo‘lishyapti, ehtimol komanda berilar, - so‘radi o‘rinbosarlardan biri.
General javob bermadi. Uning nazarida, raqib tomondan oq bayroq ko‘tarib, elchi keladiganday, shaharni jangsiz topshirishga rozi bo‘lishadiganday edi. Bunday taxmin asossiz emasdi: uning tasavvuricha, rus imperiyasiga qarshi turadigan kuch yo‘qligini hamda tuzukroq qurol-aslahaga ega bo‘lmagan armiya, yoxud cho‘mich, o‘roq ko‘tarib chiqqan olomon to‘pga yem bo‘lishdan o‘zgasiga yaramasligini yurt egalari idrok etishlari zarur, deb bilardi. Axir, har qanday sharoitda ham mantiqni madadga chaqirish kerak-ku!
Shu bilan birga, general o‘zini yaxshi tarbiya ko‘rgan kishi, deb hisoblardi va magaram, shahar qarshiliksiz taslim bo‘lsa, kamroq qon to‘kilardi, degan mujmal niyatda edi. Tag‘in: Injilda yozilgan – “Senga nafrat bilan qaraydiganni, hatto dushmaningni ham sev”, degan fatvodan xabardor edi; bu halqning ham urf odatlari, diniy e’tiqodlari, asriy obidalarini e’tirofu ehtirom qilishimiz zarur, degan unchalik qat’iy bo‘lmagan zohiriy fikrdan uzoq emasdi.
- A’lo Hazratlari, taloshga ruxsat berilar, - so‘rab qoldi kimdir, - soldatlar ancha yo‘lni bosib kelishdi ...
- Yo‘q, - keskin javob berdi Kaufman, - sha’nimizga dog‘ tushirmanglar! Qadlaringni g‘ani tutinglar!
Ertasi ham oq bayroq ko‘targan elchidan darak bo‘lmadi, jangchilar va olomonning soni va g‘azabi oshib borardi.
“Mayli, o‘zlaridan ko‘rishsin; madomiki, sulhga unashmas ekan, rus zambaraklarining qudratini ko‘rib qo‘yishsin”, nadomat ila ko‘nglidan o‘tkazdi u. Nadomat chekkaning boisi shundaki, uning zohiriy taktikasiga ko‘ra, bu shahar taslim bo‘lsa, navbatda turgan Qo‘qon xonligi, Xorazm davlatidagilar ham o‘ylab ko‘rishardi – samarqandliklardan ibrat olishardi.
Hademay, bir necha chaqirimga cho‘zilgan to‘plar oldida harakatlar tezlashdi; ko‘p o‘tmay sarhadlar osha komanda yangradi: 
- Ogon! Ogon! Ogon!
Zambaraklar nilidan birin-ketin, avval oppoq tutun chiqar, so‘ng qarsillagan ovoz quloqni qomatga keltirardi; lovullab yonayotgan o‘qlar duch kelgan joyni xoku turobga aylantirardi.
Javoban, avval amir jangchilari to‘p, miltiqlarini ishga soldilar, so‘ng shahar hokimiga qarashli kuchlar dushmanni mo‘ljalga ola boshladilar.
Urush boshlandi!
Urush! Insoniyat bunyod bo‘libdiki, uni qoralaydi. Lekin baribir, odamlar bir-birlarining qonlarini to‘kaveradilar. Ruslar o‘z iboralari bilan aytganda: sartlar yoki musulmonlarni o‘ldirish uchun bir necha ming chaqirim masofani otda yoki piyoda bosib kelganliklari boisini tushunish, izohlash mushkul.
Urush! Nima uchun? Ochko‘zlikmi, tabiiy ehtiyojmi, tarixiy zaruratmi? Ehtimol, mohiyatan, biz barimiz tarix qo‘lidagi quroldirmiz va uning yo‘rig‘idan chiqolmaganimiz uchun jang qilarmiz?!
Yo‘q,yo‘q, menimcha, bu eng avvalo, ma’rifat va jaholatning to‘qnashuvi aniqrog‘i, chap yelkadagi yuk (jaholat) vaznining nisbatan oshib ketishi oqibatidir.
Jami dinlar odam o‘ldirishni qoralashadi, ammo cherkovda cho‘qinib olgan nasroniy ham, machitda sajdaga bosh qo‘ygan musulmon ham qon to‘kishdan o‘zini tiyolmaydi. Adolatsizlik ustiga – adolatsizlik: arzimas jinoyatga qo‘l urgan kishi qamoqqa tushadi, ammo urushni boshlab, minglab kishilarning o‘limiga, nogiron, vatangado bo‘lishiga sabab bo‘ladigan jinoyatchi, ko‘pincha tarixda qoladi.
Ha, mayli ... Nima bo‘lsa hamki, urushni hech qachon yaxshi odamlar boshlashmagan!
Zum o‘tmay qilichlarini o‘ynatib, kazaklar ham yetib kelishdi. Front chizig‘idan (ta’bir joiz bo‘lsa) o‘tgan rus jangchilarining bir qismi o‘ng qanotdagi sarvozlar bilan qilichbozlikni boshlab yubordi, olomon ustiga ot solganlari esa nochor odamlarning boshlari, qo‘llarini xuddi polizdagi karamni chopib olayotganday kesib tashlay boshlashdi. Atrofni otlarning bezovta kishnashi, o‘q va shamshir ovozlari, yaradorlarning faryodi qopladi; chang va to‘zon aralashmasi nafaslarni bug‘a boshladi. Olmon nima qilishini, qayoqqa qochishini ham bilmay qoldi.
Behbudxo‘ja beixtiyor orqaga chekina turib, uzala tushib yotgan otni ko‘rdi. Uningi ichak-chovog‘i chiqib yotar, iltijoli ingrardi. Axir, Behbudxo‘ja eng avvalo, mudarris ya’ni muallim edi: u faqat bolalarnigina emas, jonivorlarni ham yaxshi ko‘rardi. Urushning bu ilk qurboni ruslarga tegishli ekanligini uning g‘ayrioddiy egaridan bildi. Shu qismatni deb ming chaqirim masofa bosganligidan nadomat chekdi.
Bunisi xolva ekan: sal nariro?da behush yotgan kishini tanib qoldi u o‘z hamkasbi qo‘shni machitda ishlaydigan mudarris bo‘lib, bag‘oyat mo‘min halol odam edi. Zambarak o‘qimi, nogahoniy qilichmi bir oyog‘ini tizzasidan batamom uzib tashlagandi. Uzilgan oyoq nariroqda turar, hamon qon sizardi. Behbudxo‘ja yordam berish ilinjida o‘sha tomonga intilgan edi., ammo qo‘y podasiga o‘xshab, bu dahshatdan qochayotgan olomon uni ancha nariga surib ketdi. Boyagi chang, to‘zon, tutun hidiga qon hidi ham qo‘shilib, nafasi qisildi va o‘zini bir chekkaga olaman, deb inson xuni qalqib turgan bir chuqurlikda murdalar ayqayib yotganini ko‘rdi. 
Ko‘p o‘tmay bu mudhishliklarning bari uni karaxt bir holatga tushirdi: Behbudxo‘ja atrofdagi voqealarni ko‘rar, eshitar ammo nima bo‘layotganini obdon idrok etolmay qolgandi. Zero qon kechgan kishining devonavor holatini tasavvur qilib ko‘rish uncha jo‘n ish emas. Nazarida Azroilning noxush nigohi unga bot-bot qadalayotganday va bu tabiiyday, ahamiyatsizday edi. Negadir chekingisi ham kelmas, hayotning mazmuni puchga aylanganday edi. Kimdir “Taqsir qoching!” – dedi (talabalardan birortasi bo‘lsa kerak). Haligi ovoz uning yodiga o‘zi bilan kelagn talaba namozxonlarni soldi: nima bo‘ldi ekan sho‘rliklarga? 
Behbudxo‘ja boshi oqqan tomonga ketaverib, Cho‘ponotaga tutash bo‘lgan Rabotig‘oziyon qishlog‘iga kelib qoldi. Bu yerda ko‘pgina uylar yonar, ammo hech kim o‘chiray demasdi. Odamlar qochardilar – uy-joydan, mol-mulkdan ham zarur bo‘lgan tinchlik tomonga – Sharqqa shoshardilar. 
Urush taqdiri kechgacha hal bo‘ldi. Amir Muzaffarning ishongan lashkarboshisi Usmonbek chekinish haqida buyruq berishga majbur edi. Ular Buxoro yo‘lini oldilar. Lashkarboshi bir tomondan qo‘ldan ketgan Samarqand uchun iztirob chekar, Buxoroi sharifda xushxabar kutib o‘tirgan amir bu holdan qahrga minishini bilar va shu bilan birga o‘zini ovutardi: “Samarqandliklar yaxshiliklarimizni bilishmadi – endi jazolarini tortishsin! Biz ona shahrimiz –Buxoroni himoya qilamiz – dushmanni Zirabuloqdan nariga o‘tkazmaymiz!”
Kazaklarning sodiq atamani Kaufman kutgan tashrif ertasi amalga oshdi: shahar hokimi va qozikalonidan elchi keldi. Nomada qon to‘kishning hojati yo‘qligi bayon etilib, ancha nisbiy shartlar ham qo‘yilgandi. Jumladan, Samarqandda aziz avliyolar ko‘pligi shuning uchun shaharga kirishda otdan tushib, piyoda yurish kerakligi; shunday qilinganda bu yurt ahli rus xalqining buyuk podshosi Aleksandr hazrat oliylariga hamda ularning botir sarkardasi Konstantin Petrovich Kaufman janoblariga sadoqatli bo‘lib qolishi uzundan-uzun, anchayin g‘aliz, ko‘tara nosamimiy tarzda yozilgandi.
General miyig‘ida kuldi. Tarjimonga istehzo bilan buyurdi. 
- Elchiga tushuntir va yozib ber – biz sulhga rozimiz! Ammo bizning ham shartlarimiz bor: hokim bilan qozikalon bizni rus taomiliga ko‘ra non, tuz bilan peshvoz olishi kerak. Chunki bu yurtga yaxshi niyat bilan kelganmiz. Podshoh hazratlari sartlarga ma’rifat va tinchlik ato etishga bel bog‘laganlar. Maktablar, kasalxonalar ochamiz, bu tuproqqa birorta dushmanni yo‘latmaymiz va hakozo.
Shunday keyin ham siyosatning g‘irrom o‘yinligiga ishonmasangiz, ixtiyor o‘zingizda. Ma’rifat va tinchlik kabi buyuk ma’naviy ne’matlar nomidan jinoyat qilish munofiqlik, jaholatdan o‘zga narsa emas! Zero bu ne’matlar zambaraklarga ortib kelinmaydi!
Xo‘jai Xizir masjidi oldida dushman non va tuz bilan peshvoz olinganiga Behbudxo‘janing o‘zi guvoh bo‘ldi.
- Musulmonlar, qaranglar, - murojaat etdi qozikalon avval turkiy so‘ng forsiyda, - Kaufman (u shunday talaffuz qildi) hazratlarining bir yelkalarida Xo‘jai Xizir, ikkinchi yelkalarida Xusan ibn Abbos ruhi; bu – Xudoning hohishi!
Biz siyosatni g‘irromlik deymiz. Agar din ham siyosatlashsa, aldam-qaldamga aylanib qoladi. Shuning uchun ko‘pgina mamlakatlarning konstitutsiyalaridan din siyosatdan ayri ekanligi alohida ta’kidlanadi. Insoniyat siyosatlashgan din anarxiyaga olib kelganiga bot-bot guvoh bo‘lgan.
Ammo Behbudxo‘ja batamom o‘ziga kelolmagani uchun bu gaplarning mohiyatiga uncha e’tibor berolmadi, mushohada qilolmadi. Faqat ruslarning bayrog‘idagi ikki boshli burgut va ularning xalaqib chiqqan beo‘xshov tillarni ko‘rdi. Tilini o‘ynayotgan ikki boshli ilonga o‘xshab ketdi ular nazarida. Uning bir boshi Xo‘jai Xizir, ikkinchsi esa Qusam ibn Abbos yotgan Shohizindaga qarab turganday edi.
Ko‘p o‘tmay Temurbek qurdirgan hashamatli ark darvozasiga ham bayroq o‘rnatildi. Burgutning bir boshi xaqiqatan ham Bo‘stonsaroyga, ikkinchisi Ko‘ksaroyga qarab turardi.
Bayroq degani shunchaki yog‘ochga ilintirilgan latta emas, u zafar va tobelik, g‘urur va o‘ksirlik va yana allanimalardan darak beradigan ramz ham.
Ey, tahqirlangan vatan!
Ey, toptalgan qadriyat!
Qaydasiz: spitamenlar, temurmaliklar, sarbadorlar!!!
Ruslarning mazkur zaftu zafari haqida o‘sha davr ziyolilari ham, bugungi siyosatchi-yu tarixchilar ham turfa fikr-mulohazalarni aytishadi va tabiiyki, bunday mubohasalar kelajakda ham davom etadi. Agar amir Muzaffar bilan Sherali Inoq inoq bo‘lishganda yoxud Buxoro amirligi bilan Qo‘qon, Xiva xonligi kuchlarni birlashtirganda yo dushmanga qarshi Sirdaryo bo‘ylarida jang olib borilganda, bu hol ro‘y bermasdi, deyishadi. Bir guruh ravshanfikrlar (ha, aynan ular) qozikalon bilan hokim ortiqcha qon to‘kmaslik uchun to‘g‘ri yo‘lni tutishdi, degan fikrlardan qaytishmaydi. Tag‘in bir guruh ziyolilar: dushmanga qarshi so‘nggi damgacha kurashish zarur ekanligini ta’kidlashdan charchashmaydi. Kim bilsin, Kichik baliqlar hamisha kattalariga yem bo‘lganidek, Rossiya o‘z atrofidagi yurtlarni birlashtirishi tarixiy zarurat edi, degan fikrlar ham yo‘q emas.
O‘zi shunday bo‘ladi: u yoki bu tarixiy jarayonga, ijtimoiy voqelikka baho berishda, ko‘p hollarda shaxsiy manfaatlar nazarda tutiladi. Ammo tarix va taqdir deyiladigan barhaq bir qudrat borki, uni inkor etib bo‘lmaydi!
Yashirib nima qildik: bir zamonlar bizning sarkardalarimiz ham o‘zga yurtlar, shaharlarni xuddi shu tariqa mahv etishmaganmi, begunoh bandalarning qonini to‘kishmaganmi, o‘sha yurt boyliklarini tashib kelishmaganmi, fotehlik qilishmaganmi?! Zero, jamiiki qilmishlar uchun hatto nogahoniy shuhrat, zafar uchun ham u dunyodagina emas, shu yerning o‘zidayoq javob berishga to‘g‘ri keladi. Otasi olamdan o‘tsa, o‘g‘li uning qarzini to‘lashi shart qilib qo‘yilgani singari o‘tgan avlodlar uchun farzandlarning tovon to‘lagani shu emasmi?!
Bobolarimiz inkor etgan saltanatni beshafqat tarix va taqdir inkor etgani, ehtimol shudir!
Buni tan olish uchun mayda manfaatlardan andak ustun bo‘lishimiz talab etiladi.
Magaram inkorni inkor etish qonuniga tayanadigan bo‘lsak, bu olamda boshlangan hamma narsa: kun, tun, oy, yil, asr; tuzum, saltanat tugashiga iqror bo‘lsak, qachonlardirrus imperiyasi ham barbod bo‘lishiga ishonmog‘imiz lozim edi.
Xo‘sh, bunga ham ishonib yashadikmi?
Yo‘q, aslida mening ham xulosalarim nisbiy. “Ildiziga qara”, - deydi Arastu. Men buni o‘zgacha talqin etardim: har qanday ijtimoiy voqelikning sababigina emas, sababining sababiga qarash taqozo etiladi. Bunga esa mening ham quvvai hofizam qosirlik qiladi. Chunki bu ildizlar juda chuqurlikda.
Dushman mahv etgan shahar or-nomusi toptalgan qizga o‘xshaydi, deb yozgandik.
1868 yilning sarvida Samarqand shu kuyga tushdi.
Bu ibtido edi!
Uning intihosi qachon kelishini yolg‘iz Yaratuvchining o‘zi bilardi.
Asalarichilikda: oilani kuchaytirish, degan ibora bor. Biror uyada podshoh nobud bo‘lsa, noshud chiqsa, yoxud keksayib, rahnamolik quvvati susaysa, asalarini uni kuchliroq oila bilan birlashtiradi. Ammo bu jarayon oson kechmaydi. Asalarichi qator tadbirlarni ko‘rishiga qaramay, janjal boshlanadi: ikki tomondan ham ancha-muncha ari nobud bo‘ladi. Bunday paytda ojiz oilada tirik qolganlar oldida uch yo‘l bo‘ladi: o‘lish, oiladan chiqib ketish yoki yangi podshohga xizmat qilish.
Samarqandliklar ham shu holatda qoldilar. Kimdir qurbon bo‘ldi, kimdir kelgindilarga qarab, yuziga tabassum surtdi, talay kishilar esa boshqa yurtlarga bosh olib ketdilar. Behbudxo‘ja to‘rtinchi yo‘lni tanladi – uzoqroq qishloqqa, aniqrog‘i, Baxshitepaga borib yashashni afzal bildi. Bobokaloni Xo‘ja Ahmad Yassaviyning: “Vatanidan ajralgan – hamma narsasidan judo bo‘ladi”, - degan nasihatini otasidan bir necha bor eshitgandi.
Behbudxo‘janing bu qarorini eshimtib, Haydar devkor ham unga ergashadigan bo‘ldi.
- Siz bilan boraman: dasturxoningizdan ushoq terib, tirikchilik qilaman, - dedi u hokisorlik bilan.
- Mayli, - dedi Behbudxo‘ja, - yonimda bo‘lsang, yelkangga bosh qo‘yish mumkin.
Haydar devkor deganimiz aslida shaharga tutash Badal qishlog‘idan. Uning otasi machitning namozxonlaridan edi.
- Taqsir, - dedi u bir kuni namozdan oldin, - arzim bor: bizning avloddan ham birorta xat-savodli kishi chiqsa degandim ... Dadam bolaligimda mudarrisga olib borgan edilar, ammo urush boshlanib ketdi: besavod bo‘lib qoldim. Shuning uchun o‘g‘limni olib keldim: go‘shti sizniki, suyagi bizniki. Ammo-lekin zehni juda tez.
Mittigina bola kelib, ta’zim bajo keltirdi.
- Buning oti Haydar devkor, - dedi otasi.
Ammo u zehnli bo‘lib chiqmadi. Bolaga o‘tin yorish, yer ag‘darishni buyursangiz, zavq-shavq bilan ishlardi-yu, imlo o‘rganishga kelganda ... Har holda u zavqli, odobli edi. Ammo tasodifni qarang-ki, taqdiri otasinikiga mengzab ketdi: savodi chiqmay, urush boshlandi.
Baxshitepaliklar Daryovot deb ataydigan bu qiyaliklar daryoga yaqin bo‘lsa hamki, suvdan benasib edi. Buning ustiga qayroqqum mo‘lligidan ketmon urib bo‘lmasdi. Behbudxo‘ja Haydar devkor bilan ana shu qarovsiz zaminda bog‘ qilishga kirishdilar.
Vaqt – buyuk hakamgina emas, dono hakim ham. Fursat o‘tishi bilan boshqa ziyolilar singari Behbudxo‘janing dilidagi yaralar ham birin-ketin bita boshladi. O‘shanda, garchand Samarqandga qaytib kelmaslik – kofirlar yuzini ko‘rmaslikka ahd qilgan bo‘lsa-da, bunday qilolmadi. Yomini, Toshkandi mahallasidagi qavmlar, do‘stlar diydori tortdi uni. Har gal shaharga tushganda, ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan ham qiziqdi u. Urushda ko‘plab yaxshi odamlarning nobud bo‘lganligi yoki vatanni tark etganligi, Amir Temur arkining, aniqrog‘i Ko‘ksaroy bilan Bo‘stonsaroyning vayron etilganligi iztirobli dard edi, albatta. Ammo dilafro‘z mujdalar ham yo‘q emasdi. Samarqandda tuzem maktablar ochib, jumladan musulmon bolalarini ham o‘qitishayotganligi, ularga jahoniy fanlardan ham saboq berilayotganligi quvonchli edi. Shuningdek, shifoxonalar, kutubxonalar ochishayotganligi, shaharga zabardast olimlar, muallimlar kelishayotganligi har qanday ravshan fikrli kishini mamnun etardi.
To‘g‘ri, ularning yangi shaharda fohishaxona ochishgani haqida ham gap-so‘z yurardi. Ammo nachora ...
Behbudxo‘ja bog‘da qolib ketmadi. Daryovotdagi yumushlarni Haydar devkorga yuklab, Dorami masjidida mudarris bo‘ldi. Bolakaylarga avvalgidek “Haftiyak”, “Chorkitob”, “Qur’oni Karim”dan saboq berishga kirishdi.
Ruslar bosqinidan naq yetti yil o‘tib, Daryovotdagi nihollar hosilga kirgan yili Xudo Behbudxo‘jaga o‘g‘il berdi.
Unga Mahmudxo‘ja deb nom berdilar.
Bola ashraf, dilovar edi! Tiyran ko‘zlarida zakiylik nuri munavvar edi uning. Chaqaloqning qulog‘iga azon aytgan ota Yaratganga shunday iltijo qildi.
“Ey, Tangri taolo! Sen mag‘firatingni darig‘ tutmaydigan mehribonimizsan! Afu et bizni, hidoyat et! Yer yuzinda sulh va silohi umumi ato ayla! Bu go‘dakni bobokalonimiz hazrat Ahmad Yassaviy ruhlari bir umr qo‘llasin! Uni nogahoniy tuhmatlardan asra! O‘g‘limiz o‘lg‘ayib, haq so‘z bilan odamlarni ma’rifat va najot yo‘liga chorlaydigan alloma bo‘lsin!”
Yoz kunlarining birida Haydar devkor bolani otga mindirdi. Ot qimirlamay, jim turdiyu “Demak, bola qobil-mo‘min bo‘ladi”, - dedi otasi. Ko‘p o‘tmay, saman bir tepsinib oldi-yu, oldingi oyog‘i bilan bir maromda chiziq torta boshladi. Bu horl ancha davom etgandan keyin Haydar devkor quvonchini yashirolmadi.
- Mahmudxo‘ja sohibi qalam bo‘ladiganga o‘xshayaptilar.
Behbudxo‘ja ichki bir qoniqish bilan, mamnun bosh silkidi.

Bu orada talay suvlar oqib o‘tda, ancha-muncha gaplar bo‘ldi. Ammo bu gaplarning voqealar rivojiga, aniqrog‘i, asarimizga aloqasi bo‘lmagani sabab e’tibordan soqi qilib, qahramonimiz Mahmudxo‘ja ibn Behbudiyning mo‘ylovi endigina sabza urgan kezlarda tog‘asi, nufuzli qozi Muhammad Siddiq bilan otasi Behbudxo‘ja oralarida bo‘lib o‘tgan gapdan voqif etamiz sizni.
- Mullopochcha, - dedi qozi istihola, ehtirom ila, - Mahmudxonni ixtiyorimga bersangiz – mirzo qilib olur edim. Bir mirzomiz bor edi, savodi tumtoq bo‘lgani ustiga andak ta’magir chiqib qoldi. Bilasiz: bunaqasi menga to‘g‘ri kelmaydi.
Ota tamkinlik ila sukut saqladi.
- Mirzolikni udda qilurmu? Yosh ...
- Aql yoshdamu? Qur’oni Karimni tushirdi; turkiy, forsiy, arabiyni sharros bilur, o‘rischaga ham fahmi yetur. Zehnu zakovati qozilikni ham olib ketadurg‘on. Axir, o‘rnimga jonishin ham tayyorlamog‘im kerak-ku!
- Durust, ammo orzu etib edimki, o‘g‘lim mudarris bo‘lsa, ahli muslimga ilmu-urfon o‘rgatsa, ma’rifat, adolatdan dars bersa ...
- Zarur kelganda mudarrislik ham qilur – imkon yaraturman. Zero qozixona ham ma’rifat, adolat uyidir, -dedi tog‘a ishtiboh bilan.
Shunday qilib, yosh Mahmudxo‘ja o‘z faoliyatini qozixonada mirzolik qilishdan boshlab yubordi.
Ota Qur’on tilovat qilib, duolar ila o‘g‘lining ishiga kushoyishlar tiladi.
Iloho, duolar mustajo bo‘lsin.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.