OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Noma’lum rassom (hikoya)

Mahalladoshlar uni unchalik xushlashmaydi. Deyarli har yili yangilanib turiladigan mashinalar, dang‘illama imoratdagi chet el jihozlari nopok yo‘l bilan kelayotganini hamma biladi. Shunga qaramay, uning oldiga kelib turishadi, iltifot ko‘rsatishadi. Axir, kimning tashvishi yo‘q? Birovga g‘isht, boshqa birovga ko‘mir zarur bo‘lib qoladi. Kimningdir o‘g‘lini sudda himoya qilish kerak, yana birov mashina ololmay halak. Bunaqa yumushlarga uning suyagi yo‘q: tanishlarini ishga soladi, urushda “qon to‘kkanini” pesh qiladi, bular ham ish bermasa tegishli joylarga yozadi.
Shaharga tutash kolxozning brigadiri uning uyiga yoz davomida meva, sabzavot jo‘natib turadi. Avji pishiqchilik davrlari o‘zi ham keladi, mahsulotni topshirolmay ovora bo‘layotganidan noliydi. Shunda bu odam uning mushkulini oson qiladi, gohida alohida vagon olib beradi.
Kiborlarga xos nopisandligini jinim yoqtirmasa, buning ustiga suhbatimiz uncha qovushmasa hamki, uning qarshisida o‘tirib, meshchan falsafasiga quloq tutishga majburman.
Bu dargohga ijara izlab kelganim kechagiday yodimda. Menga peshvoz chiqqan xushbichim beka boloxonadagi uy bo‘shligini, xo‘jayin esa kechqurun kelishini aytdi. O‘sha kuni qorong‘i tushmasdan yetib keldim va bu odam bilan tanishib qoldim. Yodimda: xo‘jayin menga xuddi bozordagi xaridorlarga xos sinchkovlik bilan razm soldi-yu, qaerdanligimni surishtirib qoldi.
–Urgutdanman, - dedim, so‘ng qo‘shib qo‘ydim: - Yurfakda o‘qiyman.
–Ha, tuzuk, - dedi u chiroyi ochilib.
Shu bilan gapimiz tugadi. Ikkalamiz ham jimib qoldik.
– Mayli, - dedi u nihoyat, - ammo mast bo‘linsa, ayol-payol olib kelinsa xafalashib qolamiz.
Ko‘chib kelganimning birinchi haftasi edi. Kechqurun xonamga kirib ketayotganimda, xivichdan to‘qilgan kresloda yalpayib o‘tirgan xo‘jayin meni choyga taklif qilib qoldi. Uning ro‘parasidan joy oldim-u, nigohim ko‘kragiga chizilgan katta rasmga tushdi. Tabiatan badaniga turfa yozuvlar va rasmlar bo‘lgan kishilarni yoqtirmasdim. Noxush bo‘ldim. Xo‘jayin hol-ahvol so‘ragan bo‘lib, choy uzatdi. Uning kayfiyati yaxshi edi. O‘zimni mumkin qadar beparvo tutishga urinib, uning ko‘kragiga tag‘in zimdan nazar tashladim. Balog‘at yoshidagi qizning juda zo‘r hafsala va did bilan chizilgan rasmi edi u. Qiz boshini osiyolik juvonlarga xos tang‘ib olgan bo‘lsa-da, qirra burni va yana allanimalari yevropacha edi. Ko‘kragi juda bo‘liq, siynabandi osmonrang. Ko‘kragining yarmi xo‘jayinning maykasi ostida qolgandi. Ammo, sinchiklab qaralsa, to‘r ostidagi uning bor vujudini ko‘rish mumkin edi. Nazarimda u hozirgina cho‘milishdan chiqqanday, ustiga mato tashlab olgandi. Qizning boshi negadir bir oz xam qilib chizilgan, tabassumida bilinar-bilinmas g‘ussami, istehzomi yashiringandi.
–O‘qish qachon tamom bo‘ladi? – nogahonda so‘rab qoldi xo‘jayin.
–Yana bir yil bor.
–Yaxshi! Keyin hayot tuzuk bo‘lib ketadi. Hozir sudya-yu tergovchilarning pichog‘i moy ustida.
U rayonimizda badavlat odamlar ko‘pligini aytib, Gena degan serpul kishini surishtirib qoldi. Tanimasligimni bilgach, afsuslandi.
–Juda ham uddaburro odam. Bir vaqtlar Moskvadagi restoranda direktorlik qilgan. Bunday odamlarni tanib qo‘yish kerak!
Uning o‘gitlarini tinglagan kishi bo‘lib, tag‘in rasmga nazar tashladim. Har qalay bu ulkan san’atkorning ishi edi: rasm uchun chap siynaning usti ya’ni yurak atrofi tanlangani bejiz emasdi. Yurak tepkanda qizning uzun kipriklari, bo‘liq, oppoq ko‘ksi tebranib ketar va bu g‘ayritabiiy hol kishini beixtiyor hayajonga solardi. Bu sohibjamolning nozik barmoqlari ham shu qadar oppoq va nafosatli ediki, ta’rifiga so‘z ojizlik qilardi.
Xo‘jayin qo‘zg‘aldi, negadir dekanimizning familiyasini surishtirib qoldi. Men cho‘chib tushdim va javob berdim.
–Taniyman, - dedi u. – agar biror ish chiqib qolsa, menga aytilsin, yordam beraman!
U homuza tortib, xonasiga kirib ketdi. Rasm esa xayolimga ko‘chdi va mixlanib qoldi.
Ertasi xo‘jayin kech keldi. Uning kayfi baland edi. Beka sarosimalanib unga suv tayyorladi.
–Bilasanmi, xotinlar nima uchun yaratilgan? lablari tamshanib, xotiniga savol berardi u.
–Bilaman, bilaman – erkaklarning ermagi uchun, - hazil tariqasida, qo‘rqibgina javob qaytarardi xotini.
Ayol erini uyiga olib kirdi. Xo‘jayin kimnidir boloxonador qilib so‘kdi. Keyin jimlik cho‘kdi.
Bir haftagacha uning maykachan chiqishini kutib yurdim. Yakshanba kuni endigina kreslodan joy olganda, haligi tanish brigadir kelib qoldi. U rasmga mutlaqo e’tibor bermay, nuqul iltimos qilardi.
– Faqat pomidor qoldi. Ikki kun tursa, bari ezilib ketadi. Boramiz−u kelamiz.
Ular chiqib ketishdi va tushdan keyin shirakayf bo‘lib qaytishdi. Tok ostida joy hozirlashgach, qimtinibgina pastga tushdim.
– Qani, student, bi-ir choy ichaylik.
Men ichkaridan omonatgina joy olib, tashna nigohlarimni xo‘jayinning ko‘ksiga qaratdim. Issiqdan bo‘lsa kerak, qizning yanoqlarida reza-reza ter yaltirardi. Inson qiyofasi aks etgan jamiki polotnolar, portretlar, haykallardan faqrli o‘laroq, bu rasm jonli edi: u qizarar, terlar, gohida chimirilar, tabassum qilgan bo‘lardi.
Brigadir nuqul bu yil hosil barakali bo‘lganini, birinchi kotib uni ta’riflaganini takrorlardi. Xo‘jayin ezma suhbatdoshining gapiga shunchaki odob yuzasidan quloq solganday bo‘lsa-da, aslida batamom boshqa narsalarni o‘ylayotganini bilib olish qiyin emasdi. Nafsilambirini aytganda, uchalamiz ham rol ijro etayotgan aktyorlarga o‘xshab ketardik shu tobda.
–Topshirishni o‘ylamang, - dalda bergan bo‘ldi xo‘jayin, - biz bor ekanmiz, hosilingiz yerda qolmaydi.
Suhbat qovushavermagani uchun bo‘lsa kerak, brigadir uzr so‘rab, ketishga shaylandi. Uni darvozagacha kuzatib qo‘ydik. Xo‘jayin kreslodan olib, xotinini chaqirdi.
–Qarzni obkeldimi, ana u? – qo‘shni tomon imladi.
- Yo‘q! Keyinroq berar, xotinini Leningradga olib ketdi. Bu yerda davolab bo‘lmasmish...
–Nodon! Rizqi but bo‘lsa, nima farqi bor?!
Ayol mendan hijolat bo‘ldi. Mavzuni ustalik bilan boshqa tomonga burdi.
–O‘g‘lingiz attestatini olibdi... Bilim yurtiga borsam maylimi, deyapti...
–Yo‘q, - dedi u keskin, - yo yurfakka yoki savdo sistemasiga boradi. Mana shu bolalar, - u men tomon imladi, - qishloqdan kelib o‘qiyapti-ku.
Shundan keyin oradan o‘n kunlar chamasi vaqt o‘tdi. Mening shirin umidlarim, orziqib kutishlarim sarob bo‘lib qolaverdi. Bu orada beka meni juda qadrlaydigan bo‘lib qoldi. O‘sha kuni uning maslahati bilan mahallaga to‘yga borgandim. Xizmat qilib yurganimda xo‘jayin kelib qoldi. Uch-to‘rt bakovul unga peshvoz chiqib, to‘rdan joy ko‘rsatishdi. So‘ng alohida dasturxon yozib, noz-ne’mat keltirishdi. Xo‘jayin bu yerda ham o‘ziga xos viqor bilan o‘tirdi. Mahalla oqsoqoli bilan qadah urishtirdi, kimgadir zarda qildi. U chiqib ketishi bilan odamlar g‘iybatga tushib ketdilar.
–Mast bo‘ldi, muttaham!
–Bu zulukni odam qilib yurgan – o‘sha xotini. Bo‘lmasa allaqachon baloi azimga duchor bo‘lardi.
Ularni gapidan shu narsa ayon bo‘ldiki, beka xo‘jayinning uchinchi xotini ekan. Birinchisi uzoq yil kutgan bo‘lishiga qaramay, xo‘jayin o‘sha yoqdan xotin olib kelibdi. Keyin ikkalasi murosa qilmagani uchun javoblarini berib yuboribdi.
–Baribir mahallaga shunaqa odam kerak, g‘iybatni yakunlashdi ular, - yordami tegib turadi.
To‘ydan kelsam, xo‘jayin kresloda maykachan o‘tirgan ekan. Juda quvonib ketdim.
–Xo‘sh, student, ishlar joyidami, to‘yga borildimi?
–Ha.
–Ko‘rildimi, bari menga dumini likillatadi. Lekin qo‘llaridan kelsa, bir kun qo‘ymaydi, bu nokaslar!
Tanish rasmga ko‘zim tushib, yuragim gupillab ura boshladi. Uning nigohlarida bu gal o‘ta johil odamning qo‘liga tushib qolgan bokira ayolning iztiroblarini ko‘rganday bo‘ldim. Eh, suluv edi u!
Shundan keyin har gal qizning yangidan-yangi qirralarini kashf etardim; uni intiqlik bilan, tashnalik bilan qo‘msardim, negadir peshonalarini silagim, dalda bergim kelardi. Xo‘jayin esa aksiga olib, ko‘pincha xalat kiyib chiqar va mening tashna nigohlarim mung‘ayib qolaverardi.
O‘sha kuni mahalladan bir kishi iltimos bilan kirib keldi.
–Shu akamiz kasal bo‘lib qolgan deng. Duxturga borsak, joy yo‘q, deydi...
Xo‘jayin kresloda yastanib o‘tirib oldi, xotini telefon apparatini oldiga keltirib qo‘ydi. U kimlargadir telefon qilib, haligi odamning hojatini chiqardi. So‘ng so‘radi:
–Qaerlarda ishlayapsiz?
–O‘sha – avvalgi joyda.
–Avvalgi joy qaer edi?
–Parrandachilik fabrikasi.
–Darvoqe, tovuqlar semirib yuribdimi?
–Semirib yuribdi.
–Nima, eshitish bor-u, ko‘rish yo‘qmi?
U bugunoq yetkazishga so‘z berdi. Xo‘jayin quvondi va negadir namoyishkorona xalatini yechib ko‘kragini ochdi.
–Mana, student...
Men xijolat tortdim. Xo‘jayin rasmni yoqtirib qolganimni bilmaydi, deb o‘ylagandim-da.
–Bilganman, student, bilganman shu rasm yoqib qolganini.
Meni nogahoniy xijolatdan chiqarish uchun bo‘lsa kerak, u qadahlarga kon’yank quydi, birini menga uzatdi.
–Hech icholmayman! Ichmaganman!
–Olinsin, student, rasmning tarixini aytib beraman!
Men qadahni oldim.
–Bu rasm – Polshadan yodgorlik. Kontslagerdan.
Qiziqishim oshib, unga yaqinlashdim. U ham e’tiborimni jamlab olishim uchun bir lahza sukut saqlab davom etdi.
–Rimlik bir rassom bilan birga tushib qolgandik. Juda mo‘min-qobil odam edi. Bizning taqdirimiz ma’lum emasdi. O‘zimiznikilar yaqinlashib kelayotgan paytlar edi o‘shanda.
“Do‘stim, - dedi bir kuni o‘sha rassom juda iltijo bilan, - o‘ttiz yildan beri xayolimda bir siymoni olib yuribman. Yo‘q dema, shuni sening ko‘kragingga chizay. Ko‘ksing juda keng, beg‘ubor ekan”.
“Rasm chizishga balo bormi, - dedim noxush, - erta-indin o‘ladiganga o‘xshab turibmiz-u...”
“Yo‘q, biz o‘lmaymiz, - dedi u ishonch bilan, - bu rasm senga asqotadi. Ishonaver!”
Men chalqancha yotdim. U ancha unnadi. Qalam bilan chizib, ignani qora rangga botirib sanchib chiqdi. Bir haftadan keyin bizni otishga olib chiqishdi. Ablah fashistlar barimizni qator qilib qo‘yishdi. Bir mahal mo‘‘jiza ro‘y berdi. Safning oldidan o‘tib ketayotgan ofitser atayin orqaga qaytib, ko‘kragimdagi rasmga suqlanib tikilib qoldi. So‘ng sheriklarini ham chaqirdi. Ular allamahalgacha chuldirab muhokama qilishdi. Keyin ofitser meni safdan chiqarib yubordi.
–Qolganlar-chi? – shoshib so‘radim.
–Otib tashlashdi, - dedi u sovuqqina qilib.
–Rassomni hammi?
–Ha!
–Afsus! Nomini so‘ramaganmidingiz?
–Yodimdan chiqib ketgan, - dedi u loqaydgina, - keyin o‘sha ofitser rasmni yaxshi ko‘rib qoldi. Meni Germaniyaga olib ketmoqchi bo‘lgandi, ammo biznikilar bostirib kelib, iloji bo‘lmadi. Keyin o‘pkam shamollab gospitalda yotdim. Vrachim ham shu rasmni yaxshi ko‘rib qolsa bo‘ladimi. Keyin bilsam, tuzalganimdan keyin ham javob bermay yurgan ekan. Bir hamshira bilan soz bo‘lib qoldik. O‘shani olib, qaydasan Samarqand deb yo‘lga tushdim. Bu yerda kundoshlar kelisholmadi. Ikkalasidan ham voz kechib, bu ayolimga uylanganman.
Xo‘jayin tin oldi. Mening ko‘z o‘ngimda o‘limga mahkum etilgan iste’dodli rassom, mana bu galvarsni bir necha yil kutib, orzulari sarobga aylangan ayol, yana allanimalar gavdalandi. Xo‘jayin davom etardi:
–Bir kuni hammomda bir chol shu rasmni yoqtirib qoldi. Rassom ekan. “Ruxsat ber, peshanasidan bir o‘pay”, deb yalindi. Jerkib soldim.
U qarshisidan qadahni to‘ldirdi. Mening ryumkamni ham zo‘rlab tutqazdi.
–Davay, student, ichamiz!
–Mayli.
–Davay!
–Nuqul yaxshi odamlarga qiron keltirgan urushga qiron kelishi uchun!
Keyin xonamga shoshildim. Hayot-mamot jangida qatnashgan xo‘jayin, uni ezgulikka chorlagan rassom va yana allakimlar ko‘z o‘ngimdan xuddi kino lentasiday paydar-pay va bot-bot o‘tib turdi.

1975

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.