OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Abdulla qovunchi (hikoya)

Sevgining ko‘zi ko‘r deyishadi. To‘g‘ri ekan. Ko‘r bo‘lmasa, menga Abdulla qovunchi yoqib qolarmidi? Ba’zida xo‘rligim kelganidan yig‘layman. Ba’zida, bor-e, xudo olsin o‘shani, boshqa yigit qurib qoldimi deymanu, klubga chiqaman, qizlar bilan o‘yin-kulgi qilib, o‘zimni ovutaman. Ammo uyga qaytib chiroqni o‘chiramanu, yuragim orqamga tortib ketadi, bir nima tomog‘imga kelib tiqilganday bo‘ladi. U yonimga ag‘darilaman, bu yonimga ag‘darilaman, bo‘lmaydi, ko‘z oldimdan kulib turgan basharasi o‘taveradi. Shunchalik yoqimtoy bo‘ladimi odam dunyoda? Qalin qora qoshlari ostidagi qo‘y ko‘zlari doim kulib turadi, gapirganida xuddi ashula aytyapti, deysan kishi! Faqat bitta aybi bor: har o‘n kunda sochini ustarada oldirib turadi. Buning ustiga uch tiyinlik odekolondan septirib keladi deng, odamning ko‘ngillari aynib ketadi. Boshqa yigitlarga o‘xshab soch o‘stirsa, chiroyli qilib yonigami, orqasigami yotqizib tarab qo‘ysa, qanday yaxshi. Yo‘q, bunday qilmaydi. Balki, shunday qilmagani tuzukdir. Agar soch qo‘ysa, o‘rtoqlariga o‘xshab uqa tutgan ko‘ylak kiysa bormi, qizlarning boshini aylantirib qo‘yishi hech gap emas. Aylantirganda ham mayli edi, tinchroq yurardim. Qishloqqa kelgan kunimoq o‘ziga sehrladi-qo‘ydi. Mashinadan to‘g‘ri idoraning oldida tushdim, chamadonimning ustida birpas o‘tirdim. «Mana, yaxshi qiz, shu bugundan boshlab oyingizning qaramog‘idan chiqdingiz, holingiz nima kechar ekan?» — dedim o‘zimcha. Keyin ichkariga kirdim. Raisning xonasidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovush eshitilardi. Kirishimni ham, kirmasimni ham bilmay, beixtiyor quloq sola boshladim.
— Uka, senga ming marta aytdim, — derdi zarda bilan yo‘g‘on ovoz. — Menga qovun kerak emas, ha, paxta kerak. Kolxozning obro‘yini oshiradigan ham, uning yuzini yerga qaratadigan ham — paxta. Buni etagini tugib yurgan bola ham biladi-yu, sen bilmaysan. Boshqa bir qarich ham yer bermayman.
— Atigi besh gektar, Sulayman aka, xo‘p deng, — yalinganomuz ingichka ovoz eshitildi. — Uchtepaning pasti bekor yotibdi, juda bo‘lmasa shuni bering, qovun ham kerak-ku, axir!
— Bermayman, dedim, bermayman. Tushingni suvga ayt.
Xonaga jimlik cho‘qtsi. Eshikni taqillatib ichkariga kirdim. Ro‘paramda noppa-nozanday yigit turardi. Keng yelka, baland bo‘y... Meni ko‘rib uyaldi shekilli, qip-qizarib ketdi. Salom berdim. Rais kelib qo‘limdan ushladi, keyin ensasi qotib yigitga ishora qildi.
— Tanishing: brigadir — Abdulla qovunchi. Qovundan boshqa dardi yo‘q.
Abdulla qovunchiga qaradim. Yuragim jiz etib ketdi. Nega? O’zim ham bilmayman. Sulaymon aka menga bir olayib qo‘ydi-da, shosha-pisha Abdulla qovunchini chiqarib yubordi. Jahl bilan nimalarnidir tushuntirdi.
Tavba, nega shu kolxozga keldim? Boshqa kolxozlar ham agronom so‘rashgan edi-ku!
Qizlar kechqurunlari yotoqxonada yotganimizda sevgi haqida ko‘p gapirishardi. Ammo men bir ko‘rishdayoq ko‘ngil qo‘yishimga sira aqlim yetmas edi. Nahotki, sevib qolgan bo‘lsam?! O’zimni o‘zim aldab, uni o‘ylamaslikka harakat qilardimu, ammo bu qo‘limdan kelmasdi. Kunduzi ham uni o‘ylayman, kechasi ham. Dalaga chiqsam, beixtiyor otni uning brigadasiga buraman. O’zini ko‘rmasam, qizlarni gapga solaman, uning kimligini bilib olishga harakat qilaman. Kelganimga bir hafta bo‘ldimi-bo‘lmadimi, bilmadim, uning to‘g‘risidagi hamma gaplarni bilib oldim.
Abdullajon o‘n uch yasharligida otasi frontga ketibdi, onasi bilan yolg‘iz qolibdi. O’qishdan kelar ekanu, dalaga, onasining yoniga chopar ekan. O’yin nimaligini bilmas ekan. Hali pomidorning tagini chopgan, hali piyoz o‘toq qilgan, kechalari onasining yo‘q, deyishiga qaramasdan, chaylada qovun polizni qo‘riqlab chiqar, ertalab o‘rtoqlari bilan pochtaga yugurar ekan. Oradan bir yil o‘tibdi. Shu bir yil ichida otasidan atigi ikkita xat kelibdi. Bittasida: «O’g‘lim, arzanda, yakkayu yagona o‘g‘lim, hali urushning oxiri ko‘rinmaydi. Men albatta dushmanni yo‘q qilmaguncha qaytmayman. Onangizga ehtiyot bo‘ling, uni sizga topshirdim. Uchtepaning orqasidagi qovunlardan xabar olib turing. Og‘ilxonaning bo‘g‘otidagi eski telpakda g‘alati qovun urug‘ bor. Farg‘onadan olib kelganman. Kuchingiz yetsa, shuni ko‘paytiring. Sizni sog‘ingan otangiz — Hamidulla qovunchi» — deb yozibdi otasi. Ikkinchisini... ikkinchisini o‘zi yozmabdi, rota komandiri yozibdi. Bu xat butun qishloqning to‘s-to‘polonini chiqarib yuboribdi. Bu — qoraxat ekan.
Abdullajon shu xat kelgandan keyin uch kun ko‘rinmai ketibdi. To‘rtinchi kuni saharda uyga qaytib, otasining ketmonini olibdi-da, Uchtepaga qarab jo‘nabdi. Shu-shu, butun respublikaga dong‘i ketgan qovunchi Hamidulla akaning o‘rnini uning o‘g‘li Abdullajon egallabdi. Otasi yetishtirolmagan qovunlarni yetishtiribdi. Haqiqatan ham qovun polizga borsangiz, og‘zingiz ochilib koladi. Sap-sariq oltinday cho‘girlar, ko‘k beqasam to‘n kiyib, qator chuzilishib yotgan ananaslarni yegani ko‘zingiz qiymaydi. O’tgan yili Moskvaga ko‘rgazmaga bizning xo‘jalik nomidan Abdullajon o‘z qovunlari bilan qatnashdi. Juda qiziq bo‘ldi. Kechqurun rais bilan omborda qaysi brigada qancha narsa topshirganini tekshirib o‘tiruvdik, darvozadan Ab-dullajon eshak arava xaydab kelib qoldi. Aravaning usti brezent bilan yopilgan.
— Ha, qovunchi, bu nima qiliq? — dedi rais hayron bo‘lib.
— Qovun olib keldim, — Abdullajon nimagadir iljayib qo‘ydi.
— Mashina qurib qoldimi?
— Zaxa yeydi.
— Zaxa yesa, bittasi yeydi, ikkitasi yeydi, tezroq yig‘ishtirishni o‘ylash kerak, uka!
— O’zi bitta-da.
— Bitta? Nima bitta?
— Qovun bitta.
Abdullajon jilmayib qo‘ydi. Brezentni olgan edi, og‘zimiz ochilib qoldi. Umrim bino bo‘lib bunaqa katta qovunni ko‘rmaganman. Aravani bitta o‘zi egallabdi-qo‘yibdi, desam lof bo‘lmas. Sulaymon akaning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi.
— Yasha, o‘g‘lim! — dedi Abdullajonni peshonasidan o‘pib. — Seni bilmagan ekanman. Rahmatli otangdan ham o‘tib ketding.
— Endi yer berarsiz-a, rais? — dedim qulay paytdan foydalanib.
— Yer? Ha, aytganday... yer... — Sulaymon aka o‘ylanib qoldi, keyin qo‘lini bir siltadi-da. — Mayli, qancha kerak? — deb so‘radi.
— Ellik gektar.
— Ellik gektar?! Hay, mayli olgin! Rais shu zahotiyoq rayonga telefon qilgani ketdi. Abdullajon yonimga kelib:
— Rahmat, — dedi va qo‘limni shunday siqdiki, «dod» deb yuboray dedim.
— Sizga... sizga rahmat, — dedim zo‘rg‘a qo‘limni ishqalab turib. — Shunday qovun yetishtirish hazil ish emas.
Shu payt Sulaymon aka kelib qoldi.
— Bo‘ldi, — dedi u Abdullajonning yelkasiga qoqib. — Ertaga rayondan odamlar kelishadi. Moskvaga jo‘naysan.
Haqiqatan ham rais aytganday bo‘ldi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas Abdullajon ko‘rgazmaga jo‘nadi. U yo‘g‘ida o‘tkazgan o‘n besh kunim o‘n besh yil bo‘lib ketdi. Shu kunlari uni sevib qolganimga chippa-chin ishondim. Biroq nima qilish kerak? Miq etmaydi. Faqat ishdan gaplashadi. Boshqa yigitlarga o‘xshab klubga chiqmaydi, chiqsa ham bir burchakda o‘tirib olib, iljaygani-iljaygan. Mayli, qaytsin-chi, o‘zim bilaman nima qilishni! Institutda yigitlar: «Sening tiling yomon!» — deyishardi hazillashib. Shu tilimni ishga solaman. Ammo u qaytdi ham, ishga tushdi ham, lom-mim deb og‘iz ocholmadim. Qaytaga ilgarilari bemalol gaplashadigan odam, endi u bilan yolg‘iz qolsam, tilim tanglayimga yopishadi-qoladi. Moskvadan qaytgan kuni idorada ancha o‘tirdik. Butun ko‘rgan-bilganlarini gapirib berdi. Xuddi sehrlab qo‘yilgan odamday, undan ko‘zimni uzolmayman. Ozarbayjondagi qaysi bir kolxoz cho‘girining urug‘idan so‘rabdi. Xullas, «O’zbekiston paviloni» kunda g‘uj-g‘uj odam emish. Hamma tarqalgach, u meni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Biram sevinib ketdim!
— Ovora bo‘lmang, — dedim jo‘rttaga beparvolik bilan.
— Ovorasi bor ekanmi? Yuring!
Yo‘lga tushdik. Menga qishloqning chekkasidan uy berishgan. Katta ko‘chani qo‘yib, chapga burildim. Shu yoq sal uzoqroq.
— Charchamayapsizmi? — so‘radi Abdullajon yonma-yon borar ekanmiz.
— Charchash qayoqda! — dedim kulib. — Charchashga qo‘l ham tegmaydi.
— Rost aytasiz. Men ham ishni juda sog‘inib qoldim. O’n besh kun ikkala qo‘l cho‘ntaqda yursa-ya! Aytganday, bizning brigadaga ham borib turibsizmi? Ishlar qalay?
Ustimdan birov bir chelak suv quyganday bo‘lib ketdi. Boshim aylandi, to‘xtab qoldim.
— Ishlar yaxshi! — dedim xo‘rligim kelib. — Brigadangizning ishlari yaxshi! Piyoz o‘toq qilindi... kechki... kechki qovun chopib qo‘yildi... garmdori sug‘orildi... Yana nimani gapirib beray?
— Mavjudaxon, nima bo‘ldi? — Abdullajon o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. — Mendan xafa emasmisiz?
— Yo‘q, sizdan xafa emasman, — dedim labimni tishlab. — Tishim og‘rib qoldi. Bu yog‘iga o‘zim ketaman, rahmat.
— Kuzatib qo‘yay? Yolg‘iz o‘zingiz...
— Rahmat.
— Mavjudaxon, axir...
— Yo‘q, yo‘q, — dedim zarda bilan. — Siz ishingizdan qolmang.
Shunday dedimu kuchim boricha uyga yugurdim. Kelib yechinmasdan o‘zimni karavotga tashladim-da, to‘yib-to‘yib yig‘ladim. Tavba, qanday odamlarki, ishdan boshqa narsani bilmaydi?!
Shu alfozda mana bir yil o‘tdi. O’zimni undan olib qochganim sari unga intilaman. Ammo, Abdullajondan hech qanday sado yo‘q. Gaplashsak, bir-birimizga qaramay gaplashamiz. Abdullajon ham mendan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qoldi. Saharda dalaga ketadi, qorong‘i tushganda qaytadi. Idoraga ham chaqirtirilganda keladi.
Alamimni ishdan oladigan bo‘ldim. Kunning issig‘iga, sovug‘iga qaramay, dalama-dala yuraman. Hatto, kechalari o‘sha yoqlarda qolib ketaman. To‘rt yuz gektar yangi yer ochdik. Shuning yarmisiga paxta ekdik. Qolganiga meva ko‘chatlari o‘tqazib chiqdik. Abdulla qovunchiga o‘sha va’da qilingan ellik gektar yer berildi. Shu paytgacha uni bunday deb atamas edim. Endi aytaveraman. Bir kuni, hatto majlisda ham shunday deb yubordim.
Eh, nega o‘g‘il bola emasman-a! Shartta oldiga borardim-da: «Yaxshi yigit, rostini ayting, anavi qiz sarg‘ayib ketdi-ku, ko‘nglingiz bormi-yo‘qmi?» — deb so‘rardim. Yo‘q desa-chi? O’zimning bu bema’ni xayolimdan o‘zim seskanib ketdim. Yo‘q, Abdullajonsiz hayot-hayot bo‘larmidi? Qirdan juda charchab kelgan bo‘lsam ham, o‘rnimdan turdim, kostyumimni yelkamga tashlab, ko‘chaga chiqdim. Qorong‘i tun. Klubdan qandaydir muzika eshitilyapti. Daryo tomonga yurdim. Hech zog‘ yo‘q. Bitta-bitta qadam tashlab, olmazordan o‘tdim. Oyog‘im ostida xazon yoqimli shitirlaydi. Bulut orasidan oy suzib chiqdi. To‘lqinlanib oqayotgan daryo kumushdek yaltirab ketdi. Yaqinroq borib tomosha qila boshladim. Shu payt, shu payt...
— Mavjuda! — deb qoldi tanish ovoz.
Yalt etib orqamga o‘girildim: Abdullajon!
— Salom!— dedim hovliqib, ertalab ko‘rishgan bo‘lsak ham.
— Salom. Nima, uyqingiz kelmayaptimi?
— Ha, — dedim jilmayib. — Siz-chi?
— Menmi? Men... — Abdullajon ham jilmaydi.
— Kechasi sayr qiladigan odatim bor. Shunday bir aylanib kelmasam, uyqu kelmaydi.
— Qachondan beri?
— Bir yildan oshib qoldi.
— Uxlatadigan dori iching.
— Ichib ko‘rdim, foyda bermayapti.
— Bo‘lmasa...
— Mavjudaxon!
— Labbay?
— Bilasizmi?
— Nimani? Abdullajon yutindi.
— Yuring, hov anavi yoqqa borib kelamiz. Maylimi?
— Mayli, — dedim jo‘rttaga eringanday bo‘lib, ammo ichimda «bor ekansiz-ku, yaxshi yigit», deb qo‘ydim.
Biz ancha sayr qildik. Osma ko‘prikdan o‘tib, bedazor bo‘ylab ketdik. Bir mahal qovun polizga kelib qolibmiz. Abdullajon bitta qirqmani uzib chiqdi. Etigining qo‘njidan pichog‘ini olib, shunday tegizgan edi, jonivor «tars» yorilib ketdi. Sovuqdan tishim-tishimga tegmay tursa ham, bir tilim oldim. Biram shirin.
— Dunyoda bundan ham shirin narsalar bor, — dedi Abdullajon.
Hayron qoldim. Gapiga emas, uning jur’atiga hayron qoldim. Ammo o‘zimni eshitmaganga solib, indamadim. Buni payqadi shekilli:
— Yanagi yilga shu urug‘dan ko‘prok ekaylik, — dedi qovun polizga suq bilan qarab.
— Avval tajriba qilib ko‘raylik, — dedim unga qo‘shilib. — Keyin mayli.
— Yordam berasiz-a?
— Albatta.
— Yaxshi chiqsa, qishi bilan buzilmay turadigan qovun bo‘ladi-da.
— Turing, ketdik. Kech bo‘lib qoldi.
Yo‘lda Abdullajon churq etmadi. Men ham jim bordim. Gapning nima keragi bor? Ikkalamiz ham o‘z xayolimiz bilan bandmiz. U nimalarni o‘ylayotganikin? Balki qovunlarini o‘ylayotgandir? Mayli, o‘ylasa, o‘ylayversin! O’yi bor odamning yuragi bor. Balki shuning uchun ham uni yaxshi ko‘rgandirman. Men-chi, men uni o‘ylayapman. O’ylasam arziydi.
— Mavjuda, — dedi Abdullajon olmazorga yetganimizda.
— Labbay?
— Ertaga... ertaga ham chiqasizmi?
U shu topda yosh bolaga o‘xshab ketdi: ko‘zlari javdir-javdir qilardi.
— Chiqaymi? — dedim jilmayib.
— Ha, albatta chiqing.
Uyga qushdek uchib keldim. Keldimu, yechinmasdan o‘zimni karavotga tashladim va anchadan beri birinchi marta tinch, orom olib uxladim.

1961
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.