OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Mehr (hikoya)

Har kuni saharda, hali quyosh chiqmasdan sayr qilish odatim bor. Ko‘chaga chiqaman, anhor labida aylanaman, keyin boqqa o‘taman.
Erta tongda bog‘ning husni o‘zgacha bo‘ladi. Havo muzdek, buning ustiga tiniq. Qushlar shoxdan-shoxga o‘tib sayraydi, goh olisda, bog‘ning orqa tomonida, goh shunday tepangizda kakku kukulaydi. Chittak o‘ynashib oyoqlaringiz orasida o‘rmalaydi yo pir etib yuzingizni silab o‘tib ketadi.
Bo‘m-bo‘sh turgan sahnalar, kamalak tus skameykalar esa chumchuq galalari ixtiyorida. Gur-gur uchib, don izlashadi.
Shunday tonglarning birida bog‘da aylanib yurgan edim, katta sadaning tagida o‘zimga tanish chol — bog‘ qorovulini ko‘rib qoldim. U supurgiga iyagini tirab xomush turardi.
Yaqinroq bordim. Allanarsa jonholatda chirqillardi. Cholning qulog‘i shunda. Ovoz goh tinadi, goh kishini seskantirib chirqillaydi. Ancha quloq solib turdim. Chol ham joyidan qimirlamasdi. Ko‘zlari o‘ychan. Bir mahal supur-gisini tashladi-yu, sadaning orqasidagi ekinning ichini cho‘kkalab olib tita boshladi.
Kancha vaqt titkiladi, bilmadim, o‘rnidan turganda, qo‘lida hali shundoq jish qush bolasi bor edi. Jonivor kichkina tumshuqchasini katta-katta ochib chirqillardi.
Chol allanarsalar deb qushchani erkalagan bo‘ldi, tili bilan avaylab og‘zini ochib ho‘lladi. Keyin sadaga qaradi. Men ham qaradim. Sadaning odam bo‘yi keladigan butog‘ida qandaydir qushning ini bor edi.
Chol shunga tikilib qoldi. Qushcha hamon chirqillardi.
Chol bir oz o‘ylanib turgach, qo‘lini cho‘zib uni iniga qo‘ydi. Qushchaning ovozi tindi, chol jilmaydi-da, supurgini yelkasiga tashlab, bog‘ning ichkarisiga kirib ketdi.
Men uning orqasidan qarab qoldim. Ko‘z oldimda xaroba bo‘lgan shahar, yong‘in, gumbur-gumbur tovushlar, tuproqqa qorishib yotgan ayol va uning sovuq ko‘kragini tatalab, chinqirib yig‘layotgan bola keldi...
Balki meni o‘sha ofatdan qutqarib olgan, nom bergan odam shu choldir? Faqat u shinelda edi.
Beixtiyor tomog‘imga bir narsa tiqilib o‘tib ketdi, cholni qidira boshladim. Ammo topolmadim.
Shu payt bog‘ yorishib ketdi, oltin shu’lalarini sochib, quyosh chiqdi. U nihoyatda katta edi.

1961
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.