OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘zbektosh Qilichbek. Ko‘k somsa (hikoya)

Yigirma yoshida vafot etgan sinfdoshim D. ni xotirlab

Butunlay baxtsiz kishi bo‘lmaganidek, barcha baxtiyorlarning ham baxti tugal emas.
Baxtsizlarning ikki toifasi bor. Birinchi toifa baxtsizlar — chinakam baxtsizlar bo‘lib, ular tor va xira ko‘ngil darchasidan dunyoni qora bo‘yoqlarda ko‘rishadi. Bunday baxtiqarolarning baxtsizligi — ular o‘zlarini baxtsiz deb o‘ylashidir! Undaylar o‘ziga o‘xshaganlarni ko‘rganda quvonadi, shundaylar safi kengayishini istaydi.
Yana shundaylar borki, hayot ulardan nenidir olib qo‘ygan, sho‘rpeshonalariga qandaydir kamchilik tamg‘asini bosgan bo‘lsa-da, ular o‘z dardini tishlari orasida saqlab g‘iybatchilikdan yiroqda, quvnoq nomini olib yashash bilan birga, yaqinlariga quvonch baxsh etib o‘tadilar. Bunday kishilar esa, baxtli bo‘lib baxtini bilmagan kaltabinlardan ming karra baxtliroqdir!
— Somsaxo‘r! Hoy, somsaxo‘r!
Ancha olisdan kimningdir shunday deb baqirgani faylasufona xayollarimni buzdi. Avvaliga uning kimligini anglayolmadim. Zum o‘tmay bu ovoz do‘stim D. ga tegishli ekanini angladim. U yaqin kelib qo‘lini uzatdi.
— Ha, somsaxo‘r, o‘z laqabingdan tondingmi, qaraging kelmaydi.
— Shunday katta ko‘chaning o‘rtasida sharmanda qilasan, — dedim uning qo‘lini siqib. — Qo‘ling muncha sovuq?.. Nega kech qolding?
— Shopirim kasal bo‘p qopti, shunga... O‘zing-chi?
— Ertalabki futbolni ko‘raman, deb...
— Ha, tushunaman, — gapimni bo‘ldi u. Uning yangicha hazil qilishini shundoqqina sezib turardim. — Uy kinoteatring bo‘lganidan keyin, ko‘chaga chiqqing kelarmidi?! — u mening uyimda televizor yo‘qligini, qo‘shnimnikida futbol ko‘rishimni bilar, hozir miyig‘ida kulib shunga sha’ma qilardi. — Konditsionerni yoqib qo‘yib, qaynoqqina kofeni xo‘rillatib-a?! — U o‘tib ketayotgan yo‘lovchilarga sira parvo qilmas, xandon otib kular, xushchaqchaqlik bilan o‘ng qo‘lini yelkamga tashlab olgandi. — Yumshoq divanda yotvolib...
— Bo‘ldi, haddingdan oshma!— gapdan to‘xtataman uni. Keyin haziliga hazil bilan javob bergim keladi. — Qo‘y, kambag‘al bir yilda bir marta televizor ko‘rmoqchi, shungayam halaqit berma! O‘zing ikkita shopirim bor deysan, birov g‘ing deyaptimi?! 
— “Kambag‘al bo‘lsang, o‘zingni boydek tut”, degan ekan bir bo‘ydoq ishga ketayotganda... Ana, shunaqa gaplar...
U binoga kirishimizda menga yo‘l berdi.
— Kecha somsa yegani boruvdim...
— O‘v-v, — hayqirib yubordi u. — Qachon somsalar haqida gap boshlarkansan, deb kutib turuvdim, o‘lay agar. Boshla, jigarim, somsa yegani borsang, makaronli somsa sotayotgan ekanmi? A? — gapirmoqqa lab juftlagandim u shoshib qo‘shib qo‘ydi. — Bilaman, bir o‘zing borgansan. Aytib qo‘yay, o‘tgan kungiday “quyruqli somsa yedim, oh-oh” deb so‘lagimni oqizma!
— Xo‘p. 
Somsa yemasdan kunim o‘tmasligini, ishni tashlab somsapaz bo‘lib ketmoqchiligimni, qaerda bo‘lmasin somsalar, somsapazlik haqida jo‘shib gapiraverganimni, bir so‘z bilan aytganda, “somsa jinnisi” ekanimni birgina shu do‘stim bilar, shuning uchun o‘zimga yoqqan laqab bilan — somsaxo‘r deb chaqirardi. Dunyoda ikkita hazilkash bo‘lsa, bittasi shu do‘stim edi. Gap-gashtak yeydigan oshnalarim ko‘p bo‘lsa ham, D. ga gapirganday hech kimga ko‘nglimni ochib gapirmasdim. 
— Kecha ko‘ksomsa yegani atayin bozorga tushdim. Bergan somsasining ichidan bedaning bargi chiqsa bo‘ladimi? Xo‘randalarni mol deb o‘ylaysiz shekilli deb...
— To‘xta-to‘xta! Ko‘ksomsa deb nima ko‘kargan bo‘lsa, solavergan ekan-da! — D. ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib qaqillab kular, qornini silab damba-dam mening qornimga ham urib qo‘yardi. — Bedadan somsa yeb damlab qolmadingmi, ishqilib?!
Kechqurun sal-pal bezovta bo‘lganimni eslab ich-ichimdan g‘ijinib D. ning gaplaridan xijolat bo‘ldim. Xonamizga kirgach, u termosdan quloqli piyolasiga quyib qandaydir suyuqlikni ichib oldi. Damlamaning o‘tkir hidi dimoqqa urildi. Anchadan buyon uning allaqanday dorivor damlama ichib yurishini bilsam ham, yumshoqroq qilib so‘radim.
— Qanaqa ichimlik?
— Ha, bumi? — u piyolani to‘nkarib qo‘ydi-da, qo‘l siltadi. — Hech nima... Oddiy vitamin. Vitaminlar to‘plami-da! Majlisga chiqamizmi?!
Uning ustomonlik bilan yolg‘on ishlatishi va buning ustiga gapni silliqqina burib yuborishidan dardini yashirish istagi kuchli ekanligini sezdim va uni ortiq qistab o‘tirmadim. Sochimni taragan bo‘ldim-da, uning ortidan ergashdim. D. ning yoniga o‘tirayotib uning gipslangan chap qo‘lini ko‘rib tok urgandek titrab ketdim.
— Nima qildi? — beixtiyor uning qo‘lini ushlab oldim.
— Ha, bumi... hech nima. Kecha zinapoyadan yiqilib tushdim.
— Qanday qilib?! Hovlida turasan-ku?!
— Kecha tushdan keyin klinikamizga boruvdim. Do‘xtirga ko‘rinib chiqibman-da, qog‘ozxaltamni qabulxonada unutib qoldiribman. Uning ichida pasport-masport, uyning hujjatlari bor edi. Ko‘chaga chiqqanimda esimga tushib orqamga qaytdim. Shoshganimdan adashib uchinchi qavatga chiqib ketibman. Ikkinchi qavatga chopib tushayotganimda... — menga uning mana shunday batafsil gapirishi yoqardi. Uning yuziga tabassum yoyildi, bu tabassum birmuncha mungli edi. — Tushayotganimda, gimnastikachilarga o‘xshab uchib ketdim-da, qarsillab devorga urildim. Ko‘zimni ochsam, qo‘lim ikki joyidan sinibdi.
— Sumkangni topdingmi?!
— Yo‘q-da! Hammayoqni qarab chiqdik. Qanot chiqarib uchib ketganmi, hech qayoqda yo‘q. Hammadan so‘rab chiqdik, hech kim bilmaydi!
— E, xudo! Birontasiga tayinlab keldingmi, mabodo topilib qolsa, menga xabar qiling, deb! Klinikada nima qilib yuruvding?
— Ha, u yerdami... Qo‘yaver, aytishga arzimaydi. O‘pkamni ko‘rib qo‘yishdi. Do‘xtir, yotasan, deydi. E, jinnimisiz, men yotmayman dedim. E, lekin ularning bitta narsasiga besh ketdim, hozirgi meditsina ko‘krak qafasiniyam yorib tashlarkan! Men shu paytgacha qovurg‘alarni kesib operatsiya qilisholmaydi, deb yurardim. Sizni shunaqa operatsiya qilamiz, deydi...
— Yo‘g‘-e...
— Ha... Keyin do‘xtir...
Xonaga boshliq kirib yig‘inni boshlagach, bizning suhbatimiz bo‘linib qoldi. Boshliq harqancha jon kuydirib so‘zlamasin, uning hech bir gapi qulog‘imga kirmas, butun fikru xayolim yonimda o‘tirgan, shunchalik og‘ir, har qanday bardoshli odam uchun ham og‘riqli bo‘lgan dardini ichiga yutib ertalabdan kulishga o‘zida kuch topgan, o‘zgalarni-da kuldirib, hammaga yaxshi kayfiyat ulashayotgan odamda edi.
“Boshida shuncha tashvish-u uning ertalabki hazil-huzulini qara, — derdim o‘zimga-o‘zim. — Bor-budini yo‘qotibdi-yu so‘ramasang, g‘iring demaydi! Ertaga jarroh stoliga yotadigan bo‘lib turibdi, bu ham esida yo‘q! Loaqal sumkasini olgan o‘g‘ri mushukni so‘kib noinsof ham demadi-ya?!”
Har kim o‘z uyida xayoliy qo‘llari va tasavvuri ko‘zlari bilan Baxt xudosini yaratadi. Bu yerda o‘z uyi deyilgani bejiz emas, chinakam shaxs oilasidan chetda baxtni tasavvur qilolmaydi. Do‘stim D. ning baxt xudosi shunday ediki, u hammaga bir xil ko‘z bilan qarar, barchaga birdek quvonch baxsh etardi.
O‘sha yig‘ilishda menga mehnat ta’tili berishdi.
Oradan ikki haftalar chamasi vaqt o‘tib D. menga telefon qildi.
— Ko‘rgani kelmaysanmi? — uzoq salom-alikdan so‘ng uning aytgani shu bo‘ldi. — Somsaxo‘rlik qilardik!
— Boraman erta-indin... E, menga qara, Baxt xudosi kimiydi?!
— Nechta harf? — uning ovozi uzuq-yuluq eshitila boshladi. — O‘zbekchadami yo lotin tilidami? Agar o‘zbekchada bo‘lsa, yozib qo‘y: Baxt xudosi — M, Ye, N, men.
Keyin aloqa uzilib qoldi. Men esa do‘stimning oxirgi gaplarini takrorlagancha qoldim. “Baxt xudosi — men!”
D. ning kasalxonada yotganligini ertaroq bilmaganim uchun o‘zimni so‘kib-qarg‘ab apil-tapil bozor qildim-da, uni ko‘rgani yo‘lga tushdim.
Ho‘l meva solingan qog‘ozxaltani ko‘ksimga bosib olganimdanmi yo hayajon zo‘ridanmi klinikaning ikkinchi qavatiga chiqqanimda yurak gurs-gurs urar, peshonamdan reza-reza ter quyilardi. Hamshira qiz D.ning xonasini ko‘rsatdi-da, yengimdan tortib to‘xtatdi.
— O‘n minutdan oshiq gaplashmang, bemorni urintirib qo‘yishingiz mumkin.
Unga “xo‘p bo‘ladi,” — dedim-u ichimdan boshqa xayol o‘tdi.— “Ikki qadrdon o‘rtoq bir yarim oy deganda bir marta ko‘rishadi-yu aytgan gapingizni qarang! Shuyam insofdanmi?!”
Bir kishilik palataga kirib do‘stimni taniyolmay qoldim. Undan hech nima qolmagandi: et suyakka yopishgan, karavot labida o‘tirgan skeletga katta kallani o‘rnatib qo‘yishganday edi. Mikrobmi, qurtmi uning o‘pkasini yeb bitirgan, o‘pka yetishmovchiligi — gipoksiyadan oyoq-qo‘llari shishib, hammayog‘i ko‘karib ketgan, ovozi zo‘rg‘a xirillab chiqardi. Lekin ko‘zlari aslo o‘zgarmagan, hamon o‘sha-o‘sha kulib turardi. U harchand urinmasin, mendan tuzukroq hol-ahvol so‘rayolmadi.
— O‘sha kuni seni haligi aptekar qiz bilan ko‘ruvdim, — qog‘ozxaltani tortma ustiga qo‘yib, uning ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim. — U sen bilan gaplashib turuvdi. Pastda...
U kulmoqchi bo‘ldi. Lekin qattiq yo‘tal tutib xirillab qoldi. Karavot ostidagi tufdonni oldim-da, u tuflaguncha tutib turdim. U zo‘riqib bo‘lsa-da, o‘zini sal-pal o‘nglab oldi-da, kulmoqqa urindi, lekin uning ko‘zlarida mung aks etdi.
— U-u-u-u... m... m-m-en b... b-bilan e... e-em-mas, — harflarni cho‘zib gapirdi u. — M... m-men u bilan t-turuvdim!
— To‘ylaringda o‘zim davrakashlik qilaman! — Odatdagidan balandroq tovushda kuldim men. — Bir umr hammaning esida qolsin!
— Unda... somsani-chi?!
U yana kulmoqchi bo‘ldi. Lekin bu gal ham qattiq yo‘tal gapini tugatishga xalaqit berdi. Men esa bir vaqtlar unga “to‘yingda somsapazlik qilib hammaning tanglayini tushiraman” deganimni esladim. Do‘stim D. hozir o‘sha gapimni eslatmoqchi bo‘layotgandi.
— Ha, yaxshi eslatding, go‘shtli tandir somsa opkelgandim. Qaynoqqina... To‘ylaringdayam xuddi shunaqasini pishiraman.
— Yana... — xih-xihlab gapirdi u, — somsaga beda solib yurmagin...
Men uning ko‘ngli uchun jilmayib yelimxaltachaga solingan somsalardan birining ichini yorib D. ga ko‘rsatdim. U qo‘limning kuyayotganligini bilib qo‘li bilan “joyiga qo‘y” deganday imo qildi.
— Somsa opkelishingni bilardim... — dedi u. — Servitamin somsalar deysan-da!
— E, bu somsalarning foydasini bilmaysan-da, bular dimlab pishirilgan. — U ko‘zlarini katta-katta ochib maroq bilan toshib-jo‘shib gapirayotgan “somsaxo‘rga” qarab o‘tirardi. — Bu yerga kelishda qatlama somsa olgandim. Bittasini g‘archcha tishlasam, ichidan uzun qanor qopning ipi chiqib turibdi-da!
Men gapimni tugatgunimcha u dam qizarib, dam ko‘karib, og‘zini kappa-kappa ochib, o‘ng qo‘l kaftini botiq ko‘ksiga bosib-bosib gapirishga tayyorlandi. Keyin dadil gapirib hiqillab kuldi.
— Bergan ikki yuz so‘mingga kanop chiqmay, baxmal chiqsinmi?
— Eh, — menga uning tagli hazil gapi yetib bormagandi. Bu ahvolingda kulishga yo‘l bo‘lsin, deganday biroz ginaxonlik, ozroq achinish hissi bilan gapirdim. — O‘sha paytda dori ichib yurishingni bilardim. Nega “vitamin Iks” ichyapman deb aldarding-a?! Dardingni aytsang, bo‘lmasmi-di?! 
Keyin uning sog‘ayib ketishini, bu haqda dunyoning kuchli ruhshunoslari kitobidan parchalar o‘qib unga dalda berdim. U boshini bir joyda tutib turishga qiynalar, iyagiga musht tiragan joylari qonsizlanib oqarib qolar va bir muddat shu holicha turardi.
— Qanday baxtlisizlar?! — u kasalxona bog‘iga qarab olgandi. Uning “Baxtlisizlar” so‘zini qanday ohangda aytganligini eslasam, hali-hanuz tovonimgacha muzlab ketaman. — Qanday baxtlisizlar?! Hozir o‘sha yoqdan kelyapsizlar! Men esa...
U yig‘lavordi shekilli ovozi chiqmay qoldi. 
— E, nima qilasan ko‘chada? — men shoshganimdanmi yo uning ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqqanim uchunmi pala-partish javob berdim. — U yer shovqin-suron, issiq, dim, havosi buzilgan.
Uni beto‘xtov yo‘tal tutganidan hamshira kirib, ketishimga imo qildi.
Tashqariga chiqib hamshiraning gaplarini tinglarkanman, unga nimadir degim kelar, lekin bo‘g‘zimga tiqilgan achchiq yig‘i so‘zlagani bermasdi.
Peshona ekan-da, deyishadi-ku, ko‘pni ko‘rgan qariyalar, xuddi shunday peshona, sho‘rpeshona ekan, deyman: men shifoxonaga borgan kunim do‘stim D. ning hayotdagi eng so‘nggi kun ekan. Ertasiga uning o‘limi haqida eshitdim. Joni uzilayotganda ham do‘stimning oqarayotgan yuzida tabassum, mungli tabassum qotib qolgan bo‘lsa kerak... Do‘stimning o‘lganiga sira-sira ishongim kelmaydi. U bebaxt yashab, baxtsizlarcha erta vafot etgan bo‘lsa ham, baxt haqida buyuk haqiqatni aytib ketgandi. Uning hayoti bunga isbot edi: “Qaerda va qanday yashashingdan qat’i nazar, hayot — faqat va faqat kulish, quvonish uchun berilganligini aslo unutma!” Baxtning bu oltin qoidasi ko‘ngildan-ko‘ngilga o‘tib mangu yashaydi. 
Baxt xudosi do‘stim D. timsolida ko‘z o‘ngimda jonlanadi. U yuragidan nimadir olib ustimizdan hovuchlab sochib yurganday.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.