OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Yo’ldoshev. Hadya (hajviya)

Ikki  hafta davomida kechani kecha, kunduzni  kunduz demay dars tayyorlaganlarim havoga uchdi-ketdi. Fakultetda “Sattorovning  darsidan besh baho oldim”, deb ko’krak kergan talabalarni sanashga bir qo’lning barmoqlari ham ko’plik qiladi. Men ham shular safiga kirsammikin, degandim-da.
- Tak, -  dedi Sattorov burnining ustiga qo’ndirgan ko’zoynagini tepaga ko’tarib. – Ishing “duoyi salom”ga qolyaptiku, uka. 
Kayfiyatim tushib ketdi. Gapirishga endi og’iz  juftlagan ham edimki, u “tss”, dedi-yu gapida davom etdi: 
- Sen meni  noto’g’ri  tushunyapsan. Bilaman, pora berish gunoh demoqchisan. Sen buni pora deb emas, shunchaki hadya deb hisobla. Xo’pmi, uka? 
Yomg’irda qolgan kuchukdek shalvirab qoldim. Yuqori bosqichda o’qiydigan bir talaba: “Sattorov hammadan oladi”, degan edi. Demak, uning gaplari to’g’ri ekan-da… Jahlim chiqdi. 
- Ustoz, hadya dedingizmi? 
- Ha. 
- O’sha narsani hadya deb emas, bosh-ko’zimdan sadaqa deb bersam qandoq bo’larkin?! 
Sattorovning ko’zlari ola-kula bo’lib ketdi: 
- Hammang gapga o’qigansanlar. Senga sadaqani ko’rsatib qo’yaman. 
Qishki ta’tilni igna ustida o’tirgandek bedor o’tkazdim. “Mana senga”, deb baho qo’yib bermasa-ya… O’zim ahmoqman-da. Tinchgina duoyi salomini berib qo’ya qolsam o’larmidim. Ta’til tugashiga uch kun qolganda kursdoshim Abduvali telefon qilib qoldi: 
- Sattorovdan besh olishga qachon ulgurding, xumpar? 
Men jurnalni o’z ko’zim bilan ko’rmaguncha uning gaplariga ishonolmasdim.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.