OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oydinniso. Hayot daraxti (qissa)

Ushbu yozilmani yuragimda bolalikni uyg‘otgan 
o‘g‘lim Solihga bag‘ishlayman. 


TUSHLARINGNI DAVOLATAMIZ

Men bu daraxt niholini tushlarimdan o‘g‘irlab olgan edim... 
Onamga aytganimda ishonmagan. O‘zi kattalar shunaqa, rost gapirsang ustingdan kulishadi. 
Mayli, onam ishonmasa ishonmas. Mayli, niholni oqshom qo‘limda ushlab yotganman-u, esimdan chiqib ketgan, deya qolay... Lekin qaerdanam topganman bu antiqa niholni?.. Uni ko‘tarib tushdan tushga, tushdan o‘ngga yugurganim-chi?!
– Bu nihol emas, cho‘p, – dedi onam.
– Nihol! – deya so‘zimda turib oldim. – Daraxt niholi!
O‘sha kezlari qaysidir bir kitobda “hayot daraxti”, degan iborani o‘qigan edim. “Hayot daraxtining niholi” deb nomladim topildig‘imni. Keling, hozircha shunday bo‘laqolsin. Unib ketsa, ehtimol, nomini o‘zgartirarman. 
Uyimizda gultuvak ko‘p edi. Eng bejirimini tanlab, ichini yumshoqqina tuproqqa to‘ldirdim. Hovlining bahavo yeriga qo‘yib, unga niholni ekdim, keyin har kuni sug‘orib parvarishlay boshladim. “Bu cho‘p emas, nihol!” derdim ishonchimni mustahkamlab, o‘zimga tasalli berib. Axir, nihol vujudidagi daraxt bilan tushimda gaplashganman! U yorug‘ dunyoga chiqishni, tomir yoyib bo‘y cho‘zishni qanchalar istashini aytgan. “Menga egalik qil”, degan. U mendan yordam kutgan ilk mavjudot. Modomiki, mening egalik qilishimdan unga naf bor ekan, nega ko‘nmayin?
Oradan haftalar o‘tib... 
– Oyi, oyi, – deya yugurdim o‘pkamni qo‘ltiqlab, – niholim olibdi!!!
Onam uyquli ko‘zlarini ishqalab, so‘radi:
Qanaqa niholing?
– Hayot daraxtim!
Onam kulimsiradi:
– Yur-chi, ko‘raylik qani. 
– Siz ko‘rolmaysiz uni, oyi. U tushimda, ko‘l bo‘yida barg yoyib turibdi.
Onam tashvishlanib, meni bag‘riga bosdi: 
– Seni do‘xtirga olib bormasam bo‘lmaydi. 
– Do‘xtirda nima qilaman, soppa-sog‘man-ku!
– Tushlaringni davolatamiz. 

BORLIGING – BAXTIM

Xayriyat, onam ro‘zg‘or yumushlari bilan bo‘lib unutdimi, tuppa-tuzuk chopqilab yurganimni ko‘rib ko‘ngli joyiga tushdimi, “tushlarimni davolatish”ga olib bormadi. Men esa har kuni o‘ngimda uxlab, tushlarimda uyg‘onardim. Biroq bu haqda hech kimga og‘iz ochmasdim. 
Chindan baxtli edim! Baxtli bo‘lish uchun menga tushlarimning o‘zi kifoya. Tushlarimda daraxtimni ko‘raman. Hayot baxsh etganim – hayot daraxtimni! Uni parvarishlayman, asrab-avaylayman. 
Havoning avzoyi buzilgan kunlari daraxtimni tuvagi bilan xonamga olib kiraman. U hali judayam mo‘rt, nozik, izg‘irinda qolmasin, deyman. Oftob charaqlagach, yana hovliga olib chiqaman: daraxtim quyosh nuridan bahra olsin. U hali o‘sishi kerak, deyman. 
Bu g‘amxo‘rligim uchun tunda “rahmat” eshitaman. Sodda daraxtcham bilmaydiki, uning borligi – mening baxtim! U menga yaxshilik qilish imkonini berdi. Axir, dunyoda kimgadir kerakliging, yaxshilik qilishing mumkinligini his etib yashashdan ortiq baxt bormi?! 
– Nima qilyapsan? – deb so‘rab qoladi ba’zan onam gultuvak atrofida timirskilanib yurganimni ko‘rib.
– Gul ekmoqchiman, – deyman.
Kattalarning rost gapga ishonishi qiyin, biroq yolg‘onga oson ishonadilar. 
 
QAYSISI KIMNING YULDUZI?

Niholim bo‘y cho‘zib qoldi, endi himoyamga muhtoj emas. Faqat parvarishlasam bas. Kunduzlari tuprog‘ini yumshataman, vaqt-vaqti bilan o‘g‘it solaman, sug‘oraman. Kechalari esa tushlarimda uyg‘onib, u bilan dardlashaman. Unga she’rlar to‘qiyman:
Sen — har kecha ko‘zimga cho‘kkan
shirin tushsan.
Tushlar — mening umrim. 
O‘ngda uxlab, 
tushda uyg‘onaman men
borliging uchun. 
Hayot daraxtimni topguncha yolg‘iz edim. Endi undan bo‘lak hech kimim yo‘q. Ochig‘i, undan bo‘lak hech kim meni tushunmaydi, men – hech kimni. Men qiziqqan narsalarga kattalarning kulgisi qistaydi, kattalarning yelib-yugurishlari esa menga qiziqmas. 
Daraxtim va men osmonga – yulduzlari bodroqday porloq nofarmon gumbazga qaraymiz. Yulduzlar chamani oralab yulduzimizni izlaymiz. Hamma yulduz porloq, hammasi yashnoq. Biroq ulardan bittasi, ha, faqat bittasi yurakka yaqin. Ikkalamiz bitta yulduzni tanlaymiz. 
– Mayli, seniki bo‘laqolsin, – deydi daraxtim. – Menga hayot baxsh etganing, parvarish qilganing uchun shu yulduz senga sovg‘a.
– Yo‘q, – deyman, – qarzdorman, deb o‘ylama. Seni yaxshi ko‘rganim uchun meni yaxshi ko‘rishga, tushunishga mahkum emassan. Sen borsan – men dunyoda sog‘inguvchi, orziqib oshiquvchi hilqat bor! Demoqchimanki, men uchun hayot bor! Hech kimni kutmay, yaxshi ko‘rmay, e’zozlamay yashab bo‘larkanmi, axir?! 
Tongotarda shabada esadi, ko‘l sathi ohista chayqaladi, mavjlarida botayotgan oy o‘ynaydi. Daraxtimning to‘rt faslda birday ochilib turguvchi gullari jilmayib ko‘z qisadi. Gurkiragan yam-yashil barglari qo‘l silkib, men bilan xayrlashadi. 
Ko‘zlarimni ochgim kelmaydi. Biroq tong otadi, yuragimda esa kun botadi. Hamma uyg‘onadi, men ko‘zlarimni ochib, uyquga ketaman. Daraxtimdan olislashgan lahzada hayot to‘xtab qoladi. Kunduzlari yashamayman, faqat uning yodi bilan bandman. Yashash uchun tunni, tushlarimni kutaman. 

TUSHLARIMNI YO‘QOTIB QO‘YDIM

Bir oqshom daraxtim yonida ikkita sharpa paydo bo‘ldi. Biri bo‘ychan, keng yelkali, ikkinchisi nozik, uzun sochlari shamolda hilpiraydi. 
– Ukam kunduzi seni ko‘rganini aytdi, – dedi bo‘ychan sharpa. – Uning seni ko‘rgan ko‘zlariga to‘yib-to‘yib termildim. 
Do‘rillagan ovozda aytilgan esa-da, hislar nozikligidan yuragim daryoday tebranib toshdi. Daraxtim ildizigacha titrab ketdi.
Ko‘p o‘tmay sharpalar xayrlashdi. Chirmashib ketgan ko‘ngillarini bir-birlaridan uzolmay ajralishdi. Daraxtim bilan tonggacha og‘iz ochmadik. Zavqdan-da zavqliroq bir hisdan yuragimiz sarmast edi. Zavqli voqea yakun topgan, biroq u yuragimizda endi boshlanganday edi. 
Shundan so‘ng sharpalar har oqshom kelardi. Endi biz yulduzlar qolib, ularni tomosha qilardik. 
– Kecha kun bo‘yi tushgan suratimizni tomosha qildim. Qo‘lingga tegib turgani uchun rasmdagi qo‘limga havasim keldi. Qaniydi, lahzalarni qotirib qo‘yishning iloji bo‘lganida...
– Iloji bo‘lganida, mana shu lahzalardan na o‘tmishga, na kelajakka siljimagan bo‘lardim. Umrbod shu... ha, faqat shu lahza ichida yashashga rozi edim... 
Sharpalarning shaffof xayollari, orzu-umidlari, his-tuyg‘ulariyu sirlarini asrab-avaylashni daraxtim ikkimiz o‘zimizga burch, deb bilardik. 
– Hammasi tugadi, – deb qoldi bir tuni daraxtim.
Negadir uning ovozi g‘amgin edi. Uyg‘ondimmi? Tushlarimning tersidan chiqdimmi, deb o‘yladim. 
– Tushunmadim, nima tugadi? – deb so‘radim. 
– Ularning orzu-umidlari.
Gap kim haqida ketayotganini payqadim. Yuragim orqaga tortdi. O‘zimni bosishga urindim. Daraxtimni yupatish uchun xotirjamroq bo‘lishim kerak edi. Unga taskinli so‘z aytish ilinjida quchoq ochgan edim... ko‘ksidan tirqirab oqayotgan qonni ko‘rib qoldim!
– Senga nima bo‘ldi?! – dedim o‘takam yorilib.
– Tegma! – deya shoxlari bilan yarasini yashirishga urindi. – Ulardan esdalik bo‘lib qolsin bu.
– Yo‘q, seni bu     ahvolda tashlab qo‘yolmayman! Sen hayotimsan! Hayotimga bir gap bo‘lsa...
O‘ngimga qarab yugurdim. Daraxtimga yordam berishim shart! Qanday bo‘lmasin, qonni to‘xtataman! 
– Bolam, bolajonim, qo‘rqma, men yoningdaman!..
Ko‘zimni ochsam, onam boshimni silab o‘tiribdi. A’zoi badanim terga botgan. Onamning qo‘lini manglayimdan olib, o‘rnimdan sapchib turmoqchi bo‘ldim. Ammo majolim yetmay, yotib qoldim. 
– Oyi, menga ho‘l latta bering, uni qutqarishim kerak! – dedim hovliqib. 
– Kimni? – hayron bo‘ldi onam.
– Hayot daraxtimni! 
Onam meni opichlab, shu zahotiyoq do‘xtirga olib ketdi. “Men tushlarimga qaytishim kerak!” deya xarxasha qildim. Do‘xtir nordon suyuq dori ichirdi. Shundan so‘nggina uxlashimga ruxsat berdi. 
Tushlarimni yo‘qotib qo‘ydim! Ularni topay deb ertayu kech ko‘zimni yumib yotaman, biroq tushlarim yo‘q! Izillab tun bag‘rida izg‘iyman, yo‘q! Endi qanday yashayma-an?!
Yig‘lashga qo‘rqaman: tushim ko‘zlarimning to‘riga ilinib turgan bo‘lsa ko‘z­yosh­larim yuvib yubormasin! Hayot daraxtim ekilgan tuvakni keltiring, deya olmayman: u yarador, yo‘lda urinib qolsa-chi?! Biroq suvsizlikda qurib qolishi ham mumkin...
Bir oqshom payt poylab shifoxonadan qochdim... 

JIDDIY ISH

Kunlar emaklab o‘tdi. Kunlar ketidan haftalar sudralib o‘tdi. Faqat men o‘tmadim! Chunki yaydoq sahrodek ko‘nglimni sag‘ir ilinj tark etmagan. Tushlarimni, albatta, topaman! Hayotimni topaman!
Va... topdim! Bir kecha yana tushlarimda uyg‘ondim! Hayotimni – hayot daraxtimni topdim! U tirik! Umidim oqlandi, tirik! Uni bag‘rimga bosdim. Bag‘rimga bosib, ko‘zlarimni yumib chuqur-chuqur nafas oldim – u qon-qonimga singib ketdi. Endi tomirlarimda oqib tursa-da, uni sog‘inaverdim, sog‘inaverdim... 
Ha, sog‘inaverdim! Chunki undan aslini – bir paytlar zavqi mo‘l hayot daraxtimni topa olmadim. U ko‘ksiga, naqd yuragiga o‘yib, qonlarini tirqiratib yozilgan “A + D = S” yozuvini ko‘z-ko‘zlayotgandek qilt etmay turardi. 
– Haliyam o‘sha sharpalarni eslab turibsanmi? Meni hech sog‘inmadingmi? – so‘radim ko‘zlariga mo‘ltirab qarab. 
– Bilasanmi, men jiddiy ishlar bilan shug‘ullanishim kerak, – javob berdi u. 
Qotib qoldim: nahot uning kattalardan farqi qolmagan bo‘lsa?
– Qanaqa jiddiy ish? – so‘radim bir muddatdan so‘ng bo‘shashib. 
– O‘zim ham bilmayman. Shu paytgacha hayotda burchim borday edi. Kechalari sen bilan shirin xayol surish, sharpalarning orzu-umidlarini asrash... Kunduzlari bolalar boshiga soyabon bo‘lish, ularning boshidagi beg‘ubor o‘y-xayollarini oftob tig‘idan saqlash... Tabiat go‘zalligini his etish ham mening burchim edi. Axir, u his etilish uchun yaralgan-ku! Bu ishlarning jiddiyligiga ishonardim. Borliqni o‘zimning borligimga o‘rgatib qo‘ydim, endi hamma-hammasining taqdiri uchun javobgarman, deb o‘ylardim.
– Hozir-chi? Hozir ham shunday emasmi?
– Afsuski... Hayotimning mazmunli o‘tayotganiga shubham bor. 
O‘sha tuni daraxtim tinmay savol berdi: “Jiddiy ish deganlari qanaqa bo‘ladi o‘zi? Odamlar hayot go‘zalligidan zavq olish o‘rniga vaqtini qizg‘anib, qaerga shoshadilar?” O‘zim ham o‘ylab o‘yimga yetolmayman, bu savollarga javobni qaerdan izlayin? 
Keyin bilsam, uni yo‘qlab kelmagan kunlarimning birida shamol daraxtimning qulog‘iga gap solib ketibdi: “Behuda xayol surguncha jiddiy ishlar bilan shug‘ullansang bo‘lmaydimi, telba xayolparast!”
Daraxtim men kabi o‘ylardi. Shirin xayollargina haqiqiy hayotdir, der edik biz. Biroq shamolning gapidan uning ko‘ngliga gumon oralabdi.
So‘ng... o‘sha mudhish tunda – tushimga qaytishimdan bir oz oldin sharpalar vidolashishgan. Yigit: “Ko‘zing tushsa, meni eslaysan”, deb daraxtimning ko‘ksiga yozuv yozgan. U qizga hali jiddiy ishlar bilan shug‘ullanib, boyib ketajagini aytibdi. 
“Bir-birini sog‘inib yashaydigan ikki dil uchun diydordan ortiq jiddiy ish bormikan dunyoda?”
Yana bir kunduz daraxtim soyasida beshtosh o‘ynab o‘tirgan qizaloqni onasi koyibdi: “Terakday bo‘ying bilan ertadan kechgacha o‘yin o‘ynashga uyalmaysanmi? Sal jiddiyroq bo‘lsang-chi endi. Uyga kirib darsingni qil!”
– Dunyo kezgim kelyapti! – deb qoldi daraxtim. – Qaniydi oyoqlarim bo‘lganida, ildizimni tuproqdan uzib, sayohat qilardim. Ko‘rmaganlarimni ko‘rib o‘rganardim, jiddiy ishlar bilan shug‘ullanardim.
– Sening bu dunyoda borliging – eng jiddiy ish! – dedim men. 
U inkor etdi: 
– Zarrin nurlaridan bahramandlar bo‘lmasa, Quyoshning nur sochishidan ne foyda?
– Biroq bundan Quyoshga ne zarar? 
Oraga jimlik cho‘kdi. Qarasam, daraxtim so‘lg‘in. Yana tushuntirishga urindim:
– Men uchun sen borsan, sen uchun men! Biz birgalikda baxtiyormiz. Senga mening, menga sening mavjudligimiz kifoya. Yana qanday jiddiy ish kerak senga? 
– Meni hayot daraxti, deysan-a, – o‘ychan javob berdi u. – Lekin kecha haqiqiy hayot daraxti haqida eshitdim. Uning shoxlarida zangor va oltin tusli mevalar yetilarkan. Oltin ranglilari “yaxshilik mevalari”, zangorilari esa “yomonlik mevalari”, deb atalarkan. Mening hatto mevam ham yo‘q.
– Axir, sen to‘rt faslda birday gullab turasan-ku. Hammaning bahri dilini ochasan. Ko‘ksingdagi yozuv-chi. Uni, u bilan birga o‘sha sharpalarning eng go‘zal xotiralarini asrayotganing jiddiy ish emasmi? Shoxingdagi hayot qushiga qara! Unga yashash uchun bag‘ringdan joy berganing-chi, buyam foydali ish emasmi? 
Gapirib turganimda yo‘ldan bir to‘pori o‘tkinchi bolasini ergashtirib o‘tib qoldi. Bolakay hayot daraxtimni ko‘rsatib, hayajon bilan qichqirib yubordi:
– Dada, dada, anavi daraxtni qarang, yam-yashil! Qishda ham gullab turarkan-a, bu! 
– Men jiddiy odamman, bunaqa mayda-chuydalarni tomosha qilib o‘tirishga vaqtim yo‘q! – dedi to‘pori o‘tkinchi yo‘ldan ko‘zini uzmay. – Sengayam jiddiyroq bo‘lishni maslahat beraman!

KO‘ZYOSH TO‘KIB BOY BO‘LAMAN

Daraxtim yillar karvonini ma’yus kuzatdi. Endi uning oldiga sharpalar kelmay qo‘ygandi. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, ularning o‘rnini endi boshqalari egallagandi. Beshtosh o‘ynayotganlar ham avvalgi bolalar emas. O‘tkinchilar ham begona. Daraxtim Tangriga iltijo qilib yashardi: “Menga oyoq ato et, dunyo kezay. Sharpa, bola, o‘tkinchi tanishlarim va boshqalar qanday jiddiy ishlar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib kelay!” 
Nihoyat, kun yetib osmonu falakdan amru farmon keldi: 
– Hayot daraxti! Chin dildan so‘ralgan orzu ushalmay qolmagay. Men orzuingni ushaltiraman. Bugundan boshlab jisming har lahza tepaga o‘sadi. Ya’ni, falakka sayohat qilasan. Dunyo kezishing uchun imkon – uchqir xayol beraman. Har gal shamolni yuborganimda u xayollaringni olib uchib, istagan manzilingga yetkazadi. Xayollaringni birov ko‘rmaydi, biroq sen hammani ko‘rasan. Ko‘ngillarga, o‘y-fikr, orzu-umidlarga doxil bo‘lib, odamlarni o‘rganishing mumkin. Bo‘ying lahza sayin o‘saveradi. Qachonki izlaganingni topsang, shunda o‘sishdan to‘xtaysan. 
Daraxtim rozi bo‘ldi va shu lahzaning o‘zidayoq bo‘yi yetmish quloch o‘sdi. U bo‘ynini cho‘zib, bir paytlar jiddiy ish bilan shug‘ullanmay xayol surgani uchun kattalardan gap eshitgan bo‘ychan, keng yelkali sharpani qidirdi. Topdi! Daraxtimning xayollari tanasidan sirg‘alib chiqdiyu, shamolning qanotiga ilashib o‘sha tomon uchib ketdi. 
Sharpa son-sanoqsiz ko‘lmakchalarda ko‘z ochgan bir-biridan go‘zal nilufargullarga termilib, yum-yum yig‘lardi. 
– Nega yig‘layapsan? – so‘radi daraxtim uning xayollaridan.
– Ko‘zyoshimdan ko‘lmak hosil bo‘lsin, deyman.
– Ko‘lmakni nima qilasan?
– Nilufargul o‘stiraman. 
– Nilufargulni nima qilasan?
–Sotib pul topaman. Boy bo‘laman! Manavilarni qara, – nilufargullarni ko‘rsatdi sharpa, – hammasi mening ko‘zyoshlarimdan unib-o‘syapti.
– Ko‘zyosh to‘kib boyimoqchimisan?
– Nima bo‘pti? Men endi jiddiy odamman! Ishning ko‘zini biladigan odamlarning hammasi shunday qiladi. Vaqtini bekor sarflamaydi, xas-cho‘pdan, hatto ko‘zyoshdan ham foyda topishni biladi. 
– Lekin... qanday qilib yig‘layapsan? Yig‘lash uchun yo iztirob chekish yo xursand bo‘lish kerak-ku... 
– Bu qiyin emas. Men yig‘lashga odatlanib qolganman, yig‘isiz yasholmayman. Ko‘zyosh ham menga o‘rganib qolgan, shekilli, chorlasam, quyilib kelaveradi. 
– Qanday chorlaysan?
– Eslayman. 
– Nimani?
– O‘tgan kunlarimni. Huv o‘sha... sen guvoh bo‘lgan xushvaqt oqshomlarni. Keyin esa... daydi itday haydalgan kunimni. “Necha marta aytdim senga odam bo‘lmaysan deb! Ro‘zg‘or tutish tugul, kuningni ko‘rishga ham yaramaysan, sen xayolparast! Ket! Senga qizini beradigan ahmoq yo‘q!” degan gaplar quloqlarim ostida jaranglaydi. So‘ng ko‘zlarimga quyilib yig‘i keladi. Endi ket, xalal berma, men yig‘lab olay. Hali ko‘zyoshlarimda ko‘p nilufargullar o‘stiraman. Bu ko‘lmaklarda baliq boqish rejam ham bor. Ko‘rib qo‘yishadi hali, qanday jiddiy odamligimni! Boyib ketay, yonlaridan salom berib o‘taman! 
Shunday deb sharpa ho‘ng-ho‘ng yig‘lashga tushdi. Daraxtimning xayoli joyidan jilmadi. Biroq xalal bermaslik uchun nafasini ichiga yutdi. Ko‘zyoshlardan birpasda ko‘lmak hosil bo‘ldi. Yig‘idan tingach, sharpaning yuz-ko‘zida tabassum jilvalandi. 
– Zo‘r ish bo‘pti-ku, jo‘ra! – dedi u daraxtimning xayoliga. – Keyingi paytlarda bunday katta ko‘lmak hosil qilolmagandim. Qiynalib yig‘layotuvdim. Sen dardimni yangilab berding, har kuni kelib tur. Aytib-aytib yig‘lasam, tezroq boyib ketarkanman.
– Lekin... bunday yashashga uyalmaysanmi? 
Sharpa jiddiy tortdi. 
– Bunday yashashim uyatligini unutish uchun ham ko‘proq yig‘layman, – dedi u va ko‘zlariga yosh quyilib keldi. 
Hayot daraxtimning xayoli sharpani xoli qoldirib, tanasiga qaytdi. To‘yib-to‘yib termilmoqchi edim, u ko‘zlarimga sig‘madi. Ha, ko‘zlarimga sig‘madi u! Juda-juda yuksalib ketibdi! Uzundan-uzun bo‘yiga yarashmagan alfozda battar o‘ychan bo‘lib qolibdi. 
– Nahot sharpaning jiddiy ishi hayotdan zavqlanib yashashdan afzalroq bo‘lsa?! – so‘radi u mendan. 
Javob izlab topishga ulgurmadim – tong otib qoldi. O‘ngimga qaytishga majbur edim. 

SOYAMGA SALOM BERDING

Ertasiga yana shamol keldi. Daraxtimning xayoli to‘pori o‘tkinchini qidirib yo‘lga tushdi. Huv o‘sha, daraxtimga qayrilib qarashdan vaqtini qizg‘angan jiddiy to‘porini. Qani, u qanday jiddiy ish bilan band ekan? 
Ana, ko‘rdi! To‘pori o‘tkinchi bir qutichani qo‘ltiqlab, ildizsiz shamolday u yoqdan bu yoqqa yelib-yugurardi. Uni tutish oson bo‘lmadi. Ko‘p urinib, nihoyat etagidan ushlab oldi va so‘roqqa tutdi:
– Bu qutingda nima bor?
– Fikrlar, – javob berdi o‘tkinchi.
– Uni nima qilmoqchisan?
– Xalqqa oshkor qilaman.
– Keyin nima bo‘ladi?
– Meni dunyoni o‘zgartirdi, deb tan olishadi.
– Dunyo o‘zgaradimi?
– E-e, dunyoni o‘zgartirib bo‘larmidi! Menga nima ish qilayotganim emas, odamlarning men haqimda nima deb o‘ylashi muhim. 
– Bu bilan nimaga erishasan?
– Meni hammadan aqlli, deb o‘ylashadi. Soyamga salom berishadi. 
To‘pori o‘tkinchi yana shamolday yelib ketdi. Xayol og‘iz juftlagandi, savoli bo‘g‘zida qoldi: “Fikrlarni qutiga solish shartmi? Miyangda ko‘tarib yursang bo‘lmaydimi?” 
Xayol o‘tkinchidan uni tutish uchun yana ko‘p urindi. Oxiri qulog‘idan ushlab, savolini so‘radi.
– Ie, qutiga solib qo‘ymasam, fikrlar tarqab ketadi-da, – javob berdi o‘tkinchi. – Keyin uni boshqalar olib qo‘yadi. 
U keyingi gapini negadir hadiksirabroq gapirdi. Daraxtning ko‘nglida shubha uyg‘ondi. 
– Ishqilib, fikrlar o‘zingnikimi? – so‘radi u. 
– Nima farqi bor? Gap kimnikiligi emas, kimniki deb o‘ylashda. Asli ular hammaniki. Qoch endi, meni tinch qo‘y! Shoshib turibman. Birortasi egallab qo‘ymasidan men ularni o‘zimniki qilib olishim kerak. 
Xayol hafsalasi pir bo‘lib daraxt tanasiga qaytdi. Ertasi daraxtimning ko‘zi yana o‘sha to‘pori o‘tkinchiga tushdi. To‘pori o‘zidan mamnundek edi. Fikrlarni egallab ulgurgan ko‘rinadi. Qo‘lida kechagidan-da kattaroq quti, qulfiga kalit solib burash bilan ovora.
– Salom! – dedi xayol uning yoniga borib.
– Ko‘rdingmi, senam soyamga salom berding! – dedi o‘tkinchi ilk bor yuziga tabassum yugurib.
– Men soyangga emas, o‘zingga salom berdim.
– Qo‘ysang-chi, orqasida odami bo‘lsa, soyaga ham birinchi bo‘lib salom berishadi. Soyamning orqasida men turibman-da. 
Daraxtim hech nimaga tushunmadi. Yelka qisib qo‘ydi-da, o‘zini qiziqtirgan savolni berdi: 
– Qutingda nima bor? 
– Istaklarim.
– Nega uni ochayapsan?
– Buyruq chiqarmoqchiman!
– Qanaqa buyruq?
– Bundan buyon odamlar meni hurmat qilishi, mendan qo‘rqishi lozimligi to‘g‘risida. 
– Seni sevishlarini-chi, istamaysanmi?
O‘tkinchining to‘pori basharasi bo‘zarib, lablari titrab ketdi. Bir lahza harakatdan to‘xtab, jim qoldi-da, so‘ng dedi:
– Bu... bu boshqa masala. Ortiqcha istaklarni ko‘tarib yurish og‘irlik qiladi. 

O‘LIMNI O‘LDIRAMAN!

Daraxtim xayoli sayohatga chiqmoqchi emas, muhim narsalarni o‘ylab olishi kerak edi. Lekin nimani o‘ylashni bilmadi. Lahza sayin bo‘yi o‘sar, bo‘yi o‘sgani sayin shamol uning xayollarini bir joylarga olib qochib ketaverardi. Bir necha muddat u xayolini g‘orga bekitdi. G‘orda bir odam tinimsiz baqirar, ora-sira toshlarni mushtlab qo‘yardi. 
– Nega g‘orga kirib baqiryapsan? – so‘radi undan xayol.
– Bu yerda birinchi bo‘lib gapirish imkonim bor. Mana, eshitib ko‘r: “Men istasam, olamni guliston qilaman!”
“Guliston qilaman... guliston qilaman...” G‘orda aks sado yangradi. 
– Ko‘rdingmi, u mendan keyin guliston qiladi, men esa undan oldin! – tirjaydi haligi odam.
So‘ng toshni mushtlay ketdi: “O‘chir ovozingni! Men sendan oldin gapirdim!”
Daraxtim xayoli g‘ordan chiqib, o‘ychan kezib yurdi. Birinchi bo‘lib gapirishni istagan odamning bo‘g‘riqqan yuzi ko‘z o‘ngidan ketmadi. Bir necha soat o‘tib, yana undan xabar olgani g‘orga tushdi. G‘orda hech kim yo‘q edi. Uni daryo bo‘yida uchratdi. Yonida bir yigit ham bor. Yigitdan o‘zib ketishga urinayotganday, bor kuchini oyog‘iga berib, yugurgilab boryapti. Yonidagi yigit bamaylixotir qadam tashlayaptiyu, biroq undan qolayotgani yo‘q. 
Ular yura-yura ko‘prikka yetishdi. Birinchi bo‘lib gapirishni istovchi odam ko‘prikni ko‘riboq birinchi bo‘lib undan o‘tish maqsadida ildamladi. Yigitcha esa, miyig‘ida kulib, daryo bo‘yiga cho‘kdi-da, uni ortidan tomosha qilib o‘tirdi. Sherigi ko‘zdan yo‘qolgach, xurjunidan ko‘za chiqarib suv ho‘plagancha qo‘shiq xirgoyi qila boshladi. 
– Qayoqqa ketyapsizlar? – so‘radi xayol uning yoniga borib. 
– O‘limni o‘ldirishga!
– Mangu yashamoqchimisizlar?
– Ha, kimki ildamroq yurib o‘limni o‘ldirishga ulgursa, o‘sha mangu yashaydi. 
– Unda nega ko‘prikdan avvalroq o‘tishga harakat qilmading?
– O‘rtamiyonalarga yo‘l berish kerak, iste’dodlilar yo‘llarini o‘zlari topib oladilar.
– Shundaymi? Lekin baribir yo‘lingni topishing uchun yo‘lga chiqishing kerak-ku! Nega o‘tiribsan?
– Hozir yashashim kerak bo‘lgan hayotimni yigirma daqiqa oldin yashab qo‘yganman. Hozir yurishim kerak bo‘lgan yo‘lni uch yil avval yurgan edim. Bilasanmi, men bor-yo‘g‘i yigirma yil kun ko‘rdim, biroq ellik yoshdaman. Anavi ko‘prikdan o‘tib ketgan odam esa ellik yil kun ko‘rdi, hali o‘n sakkizga kirgani yo‘q. 
– Odam tezroq yashasa, avvalroq o‘lmaydimi?! 
– Aytdim-ku, o‘limni o‘ldirgani ketayapmiz, deb. Shu ishning uddasidan chiqsam bas, odamlarning yodida mangu yashayman.

SAHRO – UMID QILISH IMKONI

Ko‘pdan beri birinchi marta u mendan yordam so‘radi: “Shamolni yonimga yaqin yo‘latmay turgin, o‘ylab olishim kerak”. Oh, yurakka yaqining sendan yordam so‘raganda og‘irini yengillatish qanday yoqimli ish! Ehtimol, dunyodagi eng jiddiy ish – yaqinlaringga ko‘mak berishdir?
Biroq bu gal qo‘lim kaltalik qildi. Daraxtimning tizzasidan ham kelmasam, qanday qilib uni shamoldan to‘say? O‘sganing sayin birovga suyanishing qiyin kecharkan-da. Senga suyanishadi, biroq sen hech kimga suyana olmaysan. 
Qarshiligimga qaramay, shamol daraxtimning xayollarini sahro tomon uchirib ketdi. Bo‘m-bo‘sh sahroda bir odam yelkasiga to‘rva osib, timirskilanib yurardi. 
– Nima izlayapsan? – so‘radi xayol undan.
– Giyoh izlayapman.
– Biror yaqining betobmi?
– Men giyoh terib sotaman. Cho‘lning giyohi qimmat turadi. 
Daraxt to‘pori o‘tkinchining gapini esladi: “Menga nima qilayotganim emas, odamlar nima deb o‘ylashayotgani muhim”. 
– Qaqragan sahrodan giyoh topishing amrimahol-ku. Tog‘dan tergan giyohingni cho‘lniki deb sotsang bo‘lmaydimi? Bemorlar ixlos qo‘ysa bas, tuzalaveradi. 
– U holda qachon umid qilaman? – javob berdi giyohchi. – Bilasanmi, sahroda umid qilish imkoni bor. Bo‘m-bo‘sh kenglikda, jaziramada, och, tashna yurib izlayotganingni izlaysan, izlayverasan... Mabodo bir giyoh topilib qolsa, buning rohati nechog‘li totli ekanini tasavvur etib ko‘r! Tog‘dagi mo‘l-ko‘l giyohlar orasidan topib bo‘lmaydi bundayin shifobaxshini! Bu giyoh faqat bemorlar tanini emas, mening rohatga tashna dilimni ham davolaydi. Behisob lazzatlar ichidan topolmaganimni mana shu sahroda topaman. Mabodo sahroni giyohzorga aylantirishsa, qattiq xafa bo‘lardim. 
Sahrodan daraxtim xayoli xushnud bo‘lib qaytdi. 
– Men bir nimalarni tushungandayman, – dedi u. – Dunyodagi eng mushkul va eng oson ish – o‘zingni o‘zing aldash. Ehtimol, eng jiddiy ish ham shudir?! Axir, shuni uddalasanggina o‘zingdan mamnun bo‘lasan. O‘zingdan mamnun bo‘la olsanggina baxtiyor yashaysan.
– To‘g‘ri, – dedim uning ko‘ngil yorayotganidan mamnun bo‘lib, – boshqalarga yoqish ilinjida biror ish qilgan kimsa tentakdir. Kattalar ayni shu istakda boylik va obro‘ orttirishga chiranadi. Boyligi oshib-toshgani sari qashshoqlashib borishini bilmaydi. 
Daraxtim indamadi. U meni yana yaxshi ko‘rib qolishini, burungiday mening xayolim bilan yashashini istardim. Bir oz yon bosganini ko‘rib, yana davom etdim:
– Asli bu dunyoda kutib, kutilib, sog‘inib, sog‘inilib, bir-birining ko‘nglini ko‘tarib yashashdan muhimroq ish yo‘q. 
U shoxlarini silkib dedi: 
– Odamzod mavjudotlar orasida eng aqllisi. U bir nimani bilmasa, gapirmaydi. Dunyoda biz bilmagan biror jiddiy ish bo‘lsa kerak...
– Axir, nega tushunmaysan? Men ham odamman-ku! – qizishdim. – Bilib qo‘y, ko‘p o‘ylanganda hamma narsa shubhali bo‘lib chiqaveradi. 
– Sen hali yosh bolasan, ko‘p narsani bilmaysan. Hatto mehringni kimga berishni-da bilmaysan. Yelim o‘yinchoqni ham bor mehringni berib yaxshi ko‘rasan. Unga buning qizig‘i yo‘q. Nazarimda, bajarayotgan ishingning kimlargadir qizig‘i bo‘­lishi kerakday... 
Uni fikrlarimga ishontirish uchun katta odam bo‘lib qolgim keldi.

LAHZANI QOTIRIB QO‘YDIM

– Hormang! – dedi Hayot daraxti.
– Bor bo‘ling! – dedi nozik sharpa. 
Uning qomati endi ancha yo‘g‘on tortib qolgandi. Uzun sochlariga oq oralagan. Sandiqqa kirib olibdi. 
– Bu yerda nima qilyapsiz?
– Tis-s! Sekinroq gapiring, birov eshitib qolmasin! 
– Xo‘p. Nima qilyapsiz bu yerda?
– Bu sandiqqa kechamni yashirib qo‘yganman. Hamma uxlagan paytda kirib, kechagi kun bilan yashayman. Buni erim, bolalarim bilib qolsa, yaxshi bo‘lmaydi. 
– Nihoyat, lahzani qotirib qo‘yishning yo‘lini topibsiz-da?
– Topdim. Lekin faqat... umuman olganda, umrbod bir lahzada yashab o‘tishdan ko‘ra shunisi qiziqroqqa o‘xshaydi. Kunduzi bugunni, kechasi kechani yashayman. Kechani yashash lahzalarini kutib, bugunni o‘tkazaman. Turmushim yomon emas. 
Shamol daraxt xayollarini olib ketayotib, bir parcha qog‘ozni uning yoniga uchirib keldi. Xayol shoshib qog‘ozga ko‘z yugurtirdi:
“Kunduzi porlagan yulduzlar, tunda charaqlagan quyosh to‘g‘risida eshitganmisan? Ular qadri borliq oldida nechog‘li – tasavvur qila olasanmi? Sen hamisha hayotimga ular kabi kirib kelasan va quyoshlik, yulduzlik vazifasini o‘tab qo‘ygandek his qilasan o‘zingni. Yonib kutganimda hovurimni bosguvchi bir najot topmayman. O‘z o‘timni o‘zim ko‘zyoshlarim bilan o‘chirganimda, sening kerakligingni his qilmay qo‘yganimda yonib kirib kelasan. Sen xuddi ohanrabodek o‘zingga tortasan, biroq butunlay tortib olishga ojizlik qilasan. 
Ochig‘i, yuzi qora tunlarni, xijolatdan qizargan kunlarni orqalab yashashdan charchadim. Mening ham osmonim hammanikiga o‘xshashini istayapman. Xayr, omon bo‘l!”
Bu – nozik sharpaning bo‘ychan sharpaga jo‘natmagan maktubidan bir parcha edi. 

TUYG‘ULARINGNI TARBIYALAB OL

– Oyi, oyijonim, u nohaqlik qilyapti!
– Kim u, seni qiynayotgan? – mehribonlik bilan boshimni siladi onam. – Buncha ozib ketding, bolam? Nimalar bo‘lyapti o‘zi?
– Kimligini aytmayman, oyi. Uningsiz yashay olmayman! U esa meni na yoqtiradi, na yoqtirmaydi. U meni o‘zining borligiga o‘rgatib qo‘ydi, endi esa men bilan ishi yo‘q. 
Onam jilmaydi.
– Yoshlikda hamma qiynaladi. Sen hech qachon mehr bergan kishingning ortidan qarz berganday ergashib yurmagin. Undan mehring ajrini kutmagin. Ana shunda qiynalmaysan. 
– Buni bilaman, oyi. Men bunday qilayotganim yo‘q. Lekin... lekin bilasizmi... tuyg‘ularim tiyiqsiz! Tuyg‘ularim ustidan kulaman, lekin baribir ularga ixtiyor beraveraman. Faqat ungagina topinaman, xayolimda faqat u kezadi, hamma narsani faqat uning bilan uyg‘un ko‘raman. Uningsiz dunyoda bor-yo‘qligimni ham unutib qo‘yaman. Eng yomoni, oyi, uni yo‘qotib qo‘ydim! Agar butunlay yo‘qotganimda, izsiz yo‘qotganimda boshqa gap edi. U bor! Har kecha uni ko‘rgani boraman. Biroq u o‘zida yo‘q! Faqat tanasi, ulkan tanasi bor, xolos. Ayting, oyi, uni topish uchun nima qilayin? Uni avvalgiday avaylab-asrash, unga avaylab-asralganidan mamnun bo‘lish hissini qaytarish uchun nima qilay? 
Onam savolimga javob bermadi. Nazarimda, u gaplarimni tushunmadi yo his etmadi. Menga – yakkayu yolg‘iz farzandining cho‘zilib qolgan bo‘y-bastiga mehr bilan tikilib, peshonamdan o‘pdi-da, butunlay boshqa bir gapni aytdi: 
– Mashoyixlar deydilarki, muhabbat uqubatli yolg‘izlikdan qochmoq uchun bir boshpanadir, xolos. Sen aqling ko‘zi bilan qara, tuyg‘ularingni tarbiyalab ol, shunda boshingga tushgani ko‘rgilik emasligini anglab yetasan. Qolgani o‘tib ketadi...

CHIN HAYOT

Hayot daraxtimning bo‘yi osmon bilan bo‘ylashib qolgandi. U endi faqat yerni emas, osmonni ham ko‘ra oladi. Atrofiga qarab, bir qizga ko‘zi tushdi. U havoga chirmashib, osmonga chiqayotgan ekan. Egnida yal-yal libos, ruhi terga botgan.
U qizni tanidi: bu o‘sha – jiddiy ish bilan shug‘ullanmay, beshtosh o‘ynagani uchun onasidan koyish eshitgan qizaloq. 
– Osmonga nega chiqayapsan? – so‘radi undan.
– Yulduz bo‘lmoqchiman.
– Yulduz bo‘lib nima topasan?
– Izlaganimni.
– Izlaganing nima?
– Bilmayman. Topganimda bilarman.
Daraxtim bir paytlar osmonu falakdan kelgan amru farmonni esladi: “Qachonki izlaganingni topsang – o‘sishdan to‘xtaysan”. U o‘sishdan to‘xtay olmadi. Yaralganida tushunganidan ortiq yana nimanidir tushunish, topish ilinjida ko‘kka qarab bo‘y cho‘zaverdi, cho‘zaverdi, cho‘zaverdi... oxiri osmon gumbazini yorib, narigi tarafiga o‘tib ketdi... 
Shoxida in qurgan hayot qushining qanoti Quyoshga tegib ketdi. U yona boshladi. Jon talvasasida chirpirak bo‘lib uchdi. Tushlarimga o‘t tushdi! Yong‘in ichida bir o‘spirin ham bor edi. Qayoqqa qocharini bilmay, uyam yonib ketdi! Yonayotib qichqirish tugul hatto ingramadi, bir tomchi ko‘zyosh to‘kmadi. Jilmaydi. Xuddi hozir, yonayotib, katta hayotga qadam qo‘yajak odamday, jiddiy ishlarning boshini tutajak odamday jilmaydi...
Ko‘zlarimni ochib, gultuvagim turgan joyga qarab yugurdim. Tuvak chil-chil sinib, to‘kilgan tuproq ustida qurib qolgan cho‘p yotardi.

* * *

O‘sha o‘smir men edim, oyi. Tushlarimda yonib ketgan o‘smir men edim. Mana, aytganingizday, hammasi o‘tdi. O‘tdi va ketdi. Biroq o‘tgani emas, o‘tmagani chin hayot ekan. Bugun men yo‘qman! Qarshingizda sochi oqargan donishmand tuyg‘ulari bilan bo‘m-bo‘sh jild turibdi, xolos. 
Siz dunyodagi eng yaxshi oyisiz, oyijon! Tushlarimni davolatmoqchi edingiz, davolatib bering! Parvarishlab bering bemor tushlarimni. Tarbiyali tuy­g‘ularimni tarbiyasizga aylantiring, quloqsiz tushlarimni tarbiyalab bering, oyi! O‘sha tushlarda yonib ketgan o‘smirni, uning telba, tiyiqsiz, biroq rost tuyg‘ularini tiriltiring. Hayotimga – to‘rt faslda birday gullab turuvchi hayotimga, zangor faslimga qaytaring meni! 

2011 yil oktyabr
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.