OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oygul Ubaydulla qizi. Sog‘inch qo‘shig‘i (hikoya)

Beshikda yotgan go‘dak yig‘ladi. Ayol ovutish niyatida ko‘kragini tutdi. Ammo go‘dak boshini sarak-sarak qilganicha yig‘isini avjiga chiqardi.
Tug‘ruqxonadan chiqishganiga mana bir hafta bo‘­libdiki, har kuni kechqurun shu ahvol. Yig‘­layverib milklari qizarib ketgan chaqaloq, oxiri, onasidan arazlagan holda uxlab qoladi.
Bugun ham shu hol takrorlandi. Go‘dak onasiga istagini bildirish niyatida umidvor termuldi. Mitti ko‘zlarini jovdiratib qarashidan onasining mehri junbushga keldi. Ko‘z kosalari yoshdan to‘ldi. Qo‘li bilan jigarbandining mushtdaygina boshini avaylab si­ladi. Bu hol go‘dagiga yoqmadi. Yana yig‘isini davom ettirdi. Jonining bir parchasi bo‘lgan go‘dagining yig‘isi ayol qalbini ostin-ustun qilib yubordi. Qal­bining tub-tubidan chiqqan o‘zidan norozilik hissi yuz-ko‘zlarida zohir bo‘ldi. So‘ngra mehrga qorishiq so‘zlar tiliga chiqa boshladi. «Beshikdagi polvonim, alla. Qalbginamning sultoni, alla».
Xayolidan erim eshitib qolmadimikan, degan o‘y o‘tdi. Yelkalari bilinar-bilinmas qisindi, boshi birozgina egildi, yuzlariga qizillik yugurdi.
Ammo, alla so‘zlarini o‘zi bazo‘r eshitdi. «Nima qilay bolajonim? Senga alla ayta olmayapman.» Ko‘z yoshlari duvillab quyildi. Go‘dagini ovutish niyatida beshikni ohista tebrata boshladi. Go‘dak yana boshini sarak-sarak qilganicha battarroq yig‘ladi.
Shu payt eshik zarb bilan ochilib xonaga eri kirib keldi.
– Qanaqa bemehr onasiz! Bir haftadan buyon bolani qiynaysiz! Alla aytsangiz bo‘lmaydimi?! – dedi.
Ayol eriga qaradi.Uncha-munchaga jahli chiq­may­di­gan erining yuz-ko‘zlarida xotiniga nisbatan nafrat aks etardi. Ayolining yoshli ko‘zlarida ilojsizlikni ko‘rgan er zumda jahlidan tushdi. Taraddudlandi. Beshik yoniga o‘tirdi. Ohista tebratib alla ayta boshladi:

Uxlab qolgin, bolam-a, alla,
Orom olgin bolam-a, alla.

Yig‘layotgan go‘dak tinchib qoldi. Ko‘zlarida hayrat jilvalandi. Jilmaydi. Berilib tinglay boshladi. So‘ngra ko‘zlari ohistagina yumildi.
Erkak beshikning govrapo‘shini qiya ochiq qoldir­­di. O‘rnidan turdi. Xonadan chiqar ekan, ortiga burilib ayoliga qaradi. Ayoli ko‘z yoshlari aralash eriga minnatdorchilik hissi bilan boqib turardi. Er xotinini tushundi. Rahmi keldi.
– Alla aytishni bilmasangiz ana gazeta, jurnallardan yodlang. Topa olmasangiz yozgan she’ringizni cho‘zib aytsangiz allaga aylanadi. Har ikki qatoridan so‘ng alla, deb qo‘shib qo‘ysangiz yana ham chiroyli chi­qadi.
Ayol bilinar-bilinmas jilmayar ekan, ni­goh­la­ridagi minnatdorchilik hissi yanada barq urdi. Shu kundan boshlab erkak har kecha go‘dagiga alla aytib uxlatadigan bo‘ldi.
Oradan bir yarim oycha vaqt o‘tdi.
Ayol o‘yladi: «Baribir alla aytishim kerak! Am­mo...»
Ayol go‘dagini mehr bilan cho‘miltirdi. Kattagina, yumshoqqina sochiqqa, so‘ngra ko‘rpachasiga o‘radi. Jigarbandiga qarab turib kulgisi keldi. Chunki u «Lolo va uning sarguzashtlari» multfilmidagi pingvin bolasiga o‘xshab qolgandi.
Ko‘ylakchasini, qalpoqchasini kiydirdi. Avaylab beshikka yotqizdi. Onasining ukalarini beshikka so­­­layotganida aytadigan so‘zlari yodiga tushdi. O‘sha so‘zlarni aytdi. “Qani-qani, bobovlar, ketinglar-chi. Uyimizning egasi keldi”.
Oyoqlarining orasiga, ikki chetiga latta qo‘ydi. Ko‘rpachasi bilan o‘radi.Qo‘lbog‘ini ustidan o‘tkazib o‘radi. Ipini beshikning yuqori qismiga bog‘ladi. So‘ngra qo‘lchalarining ikki chetiga ham latta qo‘yib ikkinchi qo‘lbog‘ni beshikdan aylantirib olish uchun egildi. Onasining tinimsiz erkalab gapirishiga go‘dagi jilmaydi. Boshini egib «miyov-miyov» qilganida go‘­dagi qiqirlab kuldi.
Ayol atlas qo‘lbog‘lar bilan bog‘langan dilbandi­ning ustiga, qo‘lda paxtani chigitidan ajratib ta­y­­yor­lagan satin ko‘rpachasini yopdi. Qalpoqchasini to‘g‘­­­riladi. Baxmal govrapo‘shini yopib bosh tarafini bi­­roz qayirib ochib qo‘ydi. So‘ngra o‘ng qo‘li bilan beshikka suyanib biroz engashgan holda ko‘kragini go‘­da­gi­ga tutdi.
Ayol jigargo‘shasini emiza turib guldan-da chiroyli chehrasiga, osmondan-da beg‘ubor ko‘zlariga termuldi. Go‘dak mitti og‘izchasini mammasi bilan to‘ldirib, miriqib emar ekan, bir zum bo‘lsin nigohini onasining nigohidan uzmasdi. Ayol jilmaydi. Dilbandining nigohida kulgu barq urdi.
Shu payt ayolning ko‘nglida onalik mehr-muhabbati ko‘pirib toshdi. Ko‘kraklariga sut kelib taranglashdi.
Ayol beshikni ohista tebrata boshladi. Go‘dagi unga yana nimanidir istagan holda umidvor termuldi. Ayol past ovozda alla ayta boshladi.

Osmondagi oyginam-o, alla-yo alla,
O‘ynab oqqan soyginam-o, alla-yo alla.

Ayolning ovozi o‘ziga begona edi. Go‘dagi onasining yuz-ko‘zlariga ajabsinib tikildi. So‘ngra bu hol o‘ziga yoqmayotganini bildirish niyatida yig‘isini boshladi. Ayol ovozini balandlatib davom eta boshladi:

Jon bolam, jonim bolam,
Jonimdan bunyodim bolam, alla-yo alla.
Jon bolam, jonim bolam,
Jonimga payvandim bolam, alla-yo alla.
Qolar izim, alla-yo alla,
Aytar so‘zim, alla-yo alla.

O‘ttiz yoshga kirgan Ayol uchun Alla begona edi.Alla uchun Ayol ham begona edi. Shu sababli ular bir-biriga o‘rgana olmayotgan edilar. Bu hol esa go‘dagiga yoqmas, shu sababli yig‘isini bir zum bo‘lsin to‘xtatmasdi.
Uning tilidan alla so‘zlari chiqishi barobarida olis qishlog‘i bag‘rida qolgan bolaligi ko‘z o‘ngiga keldi. Onasining bemorlik yenggan kichik jussasi, zahil, kulgu nimaligini unutgan chehrasi, ukasining bevaqt o‘limidan so‘ng to‘shakka butkul mixlanib qolgani, avtohalokat tufayli akasining o‘limi, bu fojiani ko‘tarolmagan onasi ham ko‘p o‘tmay olamdan bevaqt ko‘z yumgani ko‘z o‘ngidan kino tasmasiday o‘tdi.
So‘ngra ayolining o‘limidan so‘ng bir etak bola bilan qolib ketgan otasining bukchayib qolgan gavdasi, ma’yus chehrasi, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan aka-ukalarining xomush bo‘lib qolganligi, singillarining yirtiq-yamoq kiyimlarda yurishi, kechalari ko‘zlariga uyqu kelmay onasini sog‘inishi, ichikib yig‘lashlari yodiga tushdi. Kichik jussasiga barvaqt tushgan tandir to‘la non yopishlari, kirsim to‘la kiyim-kechaklarni yuvishi, sigir sog‘a turib bilaklari tolib qolishi yodiga tushdi.
To‘yi bo‘layotganida onasini eslab to‘yib-to‘yib yig‘lagani, uyi ostonasidan o‘tib tashqariga chiqqanida, otasining «borgan joyingda toshdek tingin! Uvali-juvali bo‘lib, qo‘sha qarib yuringlar», deb ko‘zlarida yosh bilan duo qilishi ko‘rindi.
Sakkiz yil bo‘yida bo‘lmagani bois qayin opasining «ayb kelinda bo‘lsa, uni haydaymiz» degani, ovsini unga kalondimog‘larcha qarab «o‘ylanmang, kelinposhsha, menda oltita bola bor, birini sizga beraman» degani, singlisi, aka-ukalarini yig‘ib «birortalaring bolalaringdan birini beringlar, oilam buzilmasin. Bolalaringga o‘z bolamdek qarayman. Hech nimaga zoriqtirmayman. Yaxshi joylarda o‘qitaman. Oliy ma’lumotli qilaman», deb zorlanishiga javoban, ularning miq etmay turishlari ko‘rindi.
Mushtipar, bir burdagina bo‘lib, beli bukchayib qolgan qaynonasining har gal qishloqqa borishganida ma’yus va umidvor ohangda «birorta yangilik bormi, kelin» deya yangilik eshitish ilinjida jovdirab qarab turishi, gohida yig‘lab «agar nevaram bo‘lsa, etagimga solsam, keyin shu turganimcha o‘lsam, bu dunyoda armonim qolmasdi» degan so‘zlarini qayta eshitganday bo‘ldi.
Tunlari uxlay olmay yig‘lashlari, erining sochlarini silagan holda yig‘lamang, hammasi yaxshi bo‘ladi, hali menga bir etak bola tug‘ib berasiz, deya ovutishlari yodiga tushdi...
Ayol to‘lib-toshib alla aytar, aytgani sari alla so‘zlari qalbidagi tog‘dek dardlarini yomg‘ir misoli eritar, erigan dardlar esa o‘zanini buzgudek bo‘lib, ko‘zlaridan sel kabi to‘lib-toshib chiqardi. U toshdek qalbi yumshab borayotganini angladi. Shu anglanish barobarida onalik mehru muhabbati qalbini butkul zangdan aritib, nafaqat qalbini, balki butun vujudini ishg‘ol qildi.
Ayol qancha vaqt alla aytganini bilmadi. Bilgani ko‘z yoshlaridan ro‘molining ikki uchi ho‘l bo‘lib ketgandi. Qalbi munavvar, ruhi ozod qushdek biram yengil edi-ki...
Ayol go‘dagiga ozor berib qo‘yishdan cho‘chigan kabi lablarini sekin uning peshonasiga tegizdi. Dilbandidan biram shirin bo‘y taralardi. Jigargo‘shasini to‘yib-to‘yib hid­ladi. Onasining so‘zi yodiga tushdi. «Cha­qaloqdan jannatning hidi keladi». Go‘dagi onasining mehrini, mu­habbatini tuydi. Uyqu aralash shiringina jilmaydi.
Ayol beshik yoniga solingan o‘rniga o‘zidan mamnun holda cho‘zildi. Qo‘llari beshik yopiqlarini silar ekan, ko‘zlari yumildi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.