OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pirimqul Qodirov. Chaqmoqday yaltillab so‘ngan umr (romandan parcha)

Ko‘ksaroyning to‘rtinchi oshiyonida eng qattiq qo‘riqlanadigan chetki xonada o‘n to‘qqiz yoshlik Abdulla Mirzo olti oydan buyon qamoqda yotibdi.
Xonaning derazasi yo‘q, faqat qo‘l yetmas balandlikda tuynugi bor. Yaqinda shu tuynukdan turnalarning mayin quruv-quruvlari eshitilib qoldi. O‘sha kuni kechasi tepada kuchli momaqaldiroq qasir-qusur qildi.
Abdulla Mirzo bahor kirganini ana shu tovushlardan payqadi.
Olti oydan beri bu begunoh yigitni ne ko‘ylarga solishmadi! Abdulatif uning taxtga da’vogar bo‘lishi mumkinligini, bir vaqtlar Ulug‘bek Mirzo bu yosh kuyovini valiahd qilmoqchi bo‘lganini bahona qilib, Abdulla Mirzoni ham qatl ettirmoqchi edi.
Bundan xabar topgan Habiba Sulton akasidan shafoat so‘rashga bordi. Abdulatif uni qabul qilmadi. Habiba Sulton vaziri a’zam Kamoliddin Balxiy huzuriga kirdi. Otasidan meros yirik gavharni vazirga sovg‘a qilib, uni yumshatdi. Shundan so‘ng vaziri a’zam oraga tushib, o‘lim jazosini ko‘ziga mil tortib ko‘r qilish jazosiga almashtirdi.
Bu ham dard ustiga chipqon bo‘ldi. Shunda Bobo Husayn yordamga keldi. Tilla va javohirlar qutqaruvchi kuch ekanini Habiba Sulton yana bir bor bildi. Ko‘zga mil tortuvchi jallodni oltinga sotib olishib, Abdulla Mirzoni yolg‘ondakam ko‘r qilishdi.
Hibsxona nazoratchisiga ham bir hamyon tilla berishdi. Shundan so‘ng bu nazoratchi orqali Abdulla Mirzoga sarxil yeguliklar, issiq kiyimlar, o‘zi so‘ragan boshqa narsalarni yashiriqcha yuborib turishdi. Bu narsalar orasida qog‘oz va qalam ham bor edi.
Habiba Sulton umr yo‘ldoshining ruhini ko‘taradigan maktublar yozar, ularga Abdulla Mirzo muhabbat izhoriga to‘lgan she’rlar bilan javob berardi.
Juda qattiq momaqaldiroq bo‘lgan kuni tushga yaqin hibsxona eshigi oldida tapir-tupur qadam tovushlari ko‘payib ketdi. Hibsxonaning po‘lat qulfiga shoshilinch kalit solindi. Eshik ochilganda Abdulla Mirzo Habiba Sultonning ovozini eshitganday bo‘ldi.
Quloqlariga ishonmay, eshik tomonga intildi. Kutilmaganda hibsxonaga Habiba Sulton kirib keldi. Abdulla Mirzo uni bag‘riga bosar ekan:
– Tushimmi, o‘ngim? – deb so‘radi.
– O‘ngingiz, jonim! – deb Habiba Sulton uning sarg‘ayib ketgan yuziga yuzini bosib, o‘sib ketgan sochlarini nozik barmoqlari bilan siladi.
– Oftob qayoqdan chiqdi, Habiba? – deb Abdulla Mirzo sog‘inch to‘la lablar bilan Habibaning ko‘zlaridan, qoshlaridan o‘pdi.
– Oftob parvardigori olam dargohidan chiqdi! Sizni hibs qilgan zolim akamiz narigi dunyoga ketdi!
– Rostmi? Qachon?.. Kim?
Eshik tashqarisida kimlardir odob saqlab taklif kutib turar edi.
– Ana, sizga najot keltirgan siymolar! – deb Habiba Sulton eshik tomonni ko‘rsatdi.
Abdulla Mirzo eshik oldiga borib, oq soqollik nuroniy Xo‘ja Burhoniddin bilan Bobo Husayn Bahodirni ko‘rdi-yu, ular bilan quchoqlashib ketdi.
– Xayriyat-e! Xudo shu kunga yetkazganiga ming shukur!
– Chiqing endi bu kasofat hibsxonadan yorug‘ dunyoga! – dedi Xo‘ja Burhoniddin va Abdulla Mirzoni Ko‘ksaroyning ikkinchi oshiyonidagi keng, muhtasham qabulxonaga boshlab tushdi. – Endi bu joylarning egasi siz bo‘lasiz!
– Ertak eshitayotirmenmi yoki chin? Abdulatif Mirzo ne bo‘ldi?
– O‘ldi! Bobo Husayn Bahodir otgan adolat o‘qi uni yiqitdi. Bahodirning navkarlari padarkushning boshini kesib kelib, Ulug‘bek madrasasining peshtoqiga osib qo‘ydilar! Toki odamlar ogoh bo‘lsinlar, padarkushga qanday jazo berilishini yetti pushtigacha unutmasinlar! Bunday gunohi azim yurtimizda hech vaqt takror bo‘lmasin!
Abdulla Mirzo Bobo Husaynning qo‘lini olib, bahodirona ish qilgani bilan tabrikladi.
– Abdulatifning qo‘riqchilari ko‘p edi-ku! Ularning orasidan qanday omon chiqdingiz? – deb so‘radi.
– Xudo o‘zi o‘ng keltirdi. Bog‘i Balanddan chiqaverishda katta sadaqayrag‘ochlarning ortida navkarim bilan panalab turgan edim. Abdulatif to‘rtta qo‘riqchisi bilan yaqin joydan o‘tib qoldi. Men orqadan otgan yoy o‘qi yuragiga borib qadalgan ekan, otdan yiqiliboq jon beribdi. Qo‘riqchilari menga hamla qilar deb o‘yladim, navkarim ikkimiz kamonga o‘q o‘rnatib, hujum qilishsa otgaymiz deb shaylandik. Yo‘q, qo‘riqchilar Abdulatifning jasadini tashlab tiraqaylab qochib qoldi. Shundan sezdimki, qo‘riqchilari ham undan bezor bo‘lib, qutulishning yo‘lini o‘ylab yurgan ekanlar.
– Sizning shu jasoratingiz tufayli biz hibsdan ozod bo‘ldik. Bu najotkorligingizni umrbod unutmasmen, janob Bobo Husaynbek!
– Bir men emas, mana, shayxulislomimiz hazrat Xo‘ja Burhoniddin boshliq yuzlab adolatparvar odamlar maslahatlashib shu ishni qildik.
– Endi najotkorlik navbati sizga kelmoqda, amirzodam! – dedi Xo‘ja Burhoniddin. – Mamlakatni zolimlardan poklamoq uchun davlatni yaxshi odam boshqarmog‘i kerak. Rahmatlik Ulug‘bek Mirzo sizni o‘zlariga valiahd qilish niyatlari borligini menga aytgan edilar. Ul zoti oliyning shu niyatlarini biz vasiyat o‘rnida qabul qilurmiz.
– Tashakkur, hazratim. Ammo menga imkon bering... Sal o‘zimga kelay!
– Abdulla Mirzoning ko‘pdan beri tarashlanmagan qop-qora soqol-mo‘ylovi o‘sib, lablarini bekitib qo‘ygan, sochlari peshonasi va bo‘yinlarini qoplab yotardi.
– Habiba Sulton yasavulboshi va saroy xizmatchilarini zo‘rg‘a topdi. Chunki Abdulatifning o‘ldirilgani haqidagi xabar butun saroy ahlini vahimaga solib, qochirib yuborgan edi.
Ko‘ksaroydan Bo‘stonsaroyga o‘tdilar. Taxt turgan qabulxona, vazirlar devonxonasi bo‘m-bo‘sh. Ilgarigi amaldorlar tumtaraqay bo‘lib qochib qolgan edi. Lekin Bo‘ston saroyda yuvinadigan joy ham, ovqatlanadigan bo‘lmalar ham hammasi bor edi.
Kechagina Abdulatifga xizmat qilgan va uning qo‘rqinchli fe’lidan titrab-qaltirab yurgan oftobachi endi sartaroshni topib kelib, Abdulla Mirzoning soch-soqolini oldirdi, uning yuvinishiga va shohona toza kiyimlar kiyishiga yordamlashdi. Boshiga jig‘a qadalgan chiroyli zarrin salla kiydirdi.
Bungacha oshxonada bedana kabob tayyorlandi. Abdulla Mirzo sevgilisi Habiba Sulton yozgan dasturxondan to‘yib ovqatlandi, uzum sharbatidan ichib, chanqog‘ini bosdi.
Bu orada Bobo Husayn va boshqa sodiq amirlar Xo‘ja Burhoniddin bilan birga shaharda osoyishtalikni saqlash va Abdulla Mirzoni taxtga chiqarish tayyorligini ko‘rdilar.
Jome masjidida imomlik qilgan Xo‘ja Burhoniddin Abdulatifning padarkush sifatida halokatga uchraganini va Ulug‘bek Mirzoning vasiyatiga binoan Abdulla Mirzo taxtga chiqqanini e’lon qildi.
Oradan bir kun o‘tgach, juma kuni Abdulla Mirzoning nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi.
Yangi tojdor Bobo Husayn bahodirni vaziri a’zam qilib tayin etdi. Ikkovi qo‘riqchi navkarlar va mulozimlar qurshovida Amir Temur maqbarasini va Shohi Zindani ziyorat qildilar. So‘ng Ulug‘bek Mirzo madrasasiga yo‘l oldilar.
Madrasa peshtoqida kechadan buyon padarkushning boshi osilganicha odamlarga tomosha bo‘lib turar edi.
Abdulla Mirzo madrasa hovlisida ko‘ringanda ichkaridan marhumning onasi yuzlarini yulib-qonatib, dod-faryod qilib chiqdi:
– Voy, men ona bo‘lmay o‘lay! Bolamning jasadini ko‘mgani qo‘ymaydilar-a! Tanasi boshqa joyda, boshi bu yerda! Bu qanday shafqatsizlik! Voy, ruxsat beringlar! Sho‘rlikni tuproqqa topshiray!
Motamzada onaga ko‘pchilikning rahmi keldi. Abdulla Mirzo marhumni shu bugunoq dafn etishga buyruq berdi.
Lekin Abdulatifni temuriylar xilxonasiga – otasining yoniga qo‘yishni mo‘ysafidlar ma’qul qo‘rmadi. Marhumni kechki payt chetroqdagi qabristonga olib borib tuproqqa topshirdilar.

* * *

Nohaq hibs qilingan olimu mudarrislar ham qamoqhonalardan chiqarildi. Ularning orasida Abdulla Mirzoga ilmi nujumdan saboq bergan Ali Qushchi ham bor edi. Abdulla Mirzo Ali Qushchini hibsxona oldida quchoq ochib kutib oldi, yaxshi bir otga mindirdi.
– Uyga borib damingizni oling, mavlono, – dedi. – Keyin rasadxonani qayta ishga tushirish bo‘yicha neki taklifingiz bo‘lsa birga ko‘rib chiqurmiz.
Qatag‘on kunlari har qayoqqa tarqab ketgan mullavachchalar ham madrasalarga qaytdilar. Samarqandda hayot asta-sekin Ulug‘bek davridagidek izga tusha boshlagan kunlarda Buxoro tomondan tashvishli xabar keldi.
Abdulatifning hukmi bilan Buxoro arkiga qamab qo‘yilgan Sulton Abusayid Samarqandda yuz bergan o‘zgarishlardan foydalanib hibsdan bo‘shab chiqibdi. Buxoro ulamolarining peshvosi Xo‘ja Arquqiy Sulton Abusayidning Abdulla Mirzodan olti yosh katta ekanini va Shohruh Mirzoning akasi Mironshoh avlodiga mansubligini vaj qilib ko‘rsatibdi.
– Samarqand taxtiga Sulton Abusayid munosibroq! – degan fikrni ko‘pchilik orasida targ‘ib qila boshlabdi.
Bu targ‘ibot bultur Samarqandni Ulug‘bek Mirzodan tortib olishga uringan arg‘in urug‘iga beku navkarlarni yana Sulton Abusayid atrofiga to‘playdi. Xo‘ja Arquqiyning ko‘pchilik muridlari ham Abusayid Mirzo tarafiga o‘tadi.
Bu xabarlar ishonchli odamlar orqali Samarqandga yetib kelgandan so‘ng Abdulla Mirzo ham shoshilinch ravishda qo‘shin to‘plashga kirishdi.
Sulton Abusayid Buxorodan ikki ming askar bilan yo‘lga chiqib, Samarqandga tahdid solib kela boshladi.

* * *

Sulton Abusayid qo‘shinining asosiy qismi yaydoq cho‘llarda ot choptirib o‘rgangan ko‘chmanchi arg‘inlar edi. Miyonqol deb ataladigan ikki daryo oralig‘idagi dov-daraxtlar va sholizorlar ularning harakatini qiyinlashtirib qo‘ydi. Sug‘oriladigan yerlarga ot qo‘yib kirgan arg‘inlarning ancha-munchasi suv to‘ldirilgan sholizorlarda balchiqqa botib, yurolmay qoldi va Abdulla Mirzo navkarlarining o‘qlariga nishon bo‘ldi. Yov qo‘shinlari polizlarni toptab, boshqalari sarg‘ayib yetilgan bug‘doyzorlarni payxon qildi, bog‘lardagi mevali daraxtlarni sindirib ketdi. Bu hammasi Miyonqol aholisining g‘azabini keltirdi.
Ochiq maydonda Abdulla Mirzo qo‘shini Abusayid askarlari bilan yuzma-yuz turib qattiq jang qilayotgan paytda minglab Miyonqol yigitlari orqadan arg‘inlarga kuchli zarbalar berdilar.
Ikki o‘t orasida qolgan Sulton Abusayid jangni boy berib, Dabusiya qal’asiga qarab chekindi. Ammo bu qal’adagilar uni dorvozadan ichkariga kirgizmay haydadilar. Buxoro qal’asidagilar ham qamalda qolish ehtimolidan cho‘chib, Abusayidga darvoza ochmadilar.
Abdulla Mirzoning quvg‘inchilari Abusayidni ta’qib etib kelmoqda edi. Sulton Abusayid o‘ng yonida ot choptirib kelayotgan Xo‘ja Arquqiyning maslahati bilan jilovini Turkiston tomonga buradi. Biroq Bobo Husayn boshliq quvg‘inchilar uning izidan Turkistonga ham yetib boradilar. Shundan keyin Sulton Abusayid Dashti Qipchoqdagi Abulxayrxonga qarashli yerlarga qochib o‘tib, zo‘rg‘a jon saqladi.

* * *

Abdulla Mirzo nomiga bitilgan g‘alaba fathnomasi mamlakatning barcha viloyatlariga tarqatildi va maxsus chopar bilan Hirotga ham yuborildi.
Gavharshod begim Abdulla Mirzoning taxtga chiqqanini eshitganidan buyon:
– Mening Samarqandga boradigan yo‘llarim endi ochilibdir! – deb safarga tayyorlanmoqda edi. Shuning ustiga suyukli nevarasining Abusayid bilan jang qilib g‘olib chiqqani haqidagi xushxabar ham keldi-yu, begim quvonganidan qanot chiqarib uchgudek bo‘ldi.
Asad oyi kirib, issiqning tapti sal pasaygandan so‘ng Hirot tojdori Abulqosim Bobur momosini uzoq safarga kuzatib qo‘ydi. Keksa begim yo‘llarda ko‘p ozor chekmasligi uchun ipak pardalar tutilgan shohona mahofa uning ixtiyoriga berildi. Mahofada toliqqanda baquvvat yigitlar begimni yumshoq taxti-ravonda ko‘tarib boradigan bo‘lishdi.
Zamon hali uncha tinchigan emas. Abdulatifning o‘limidan keyin quvg‘inga uchragan Balx va Badaxshon sipohilari Samarqanddan o‘z yurtlariga alamzada bo‘lib qaytib ketayotganda talonchilik qilayotgani haqida tashvishli xabarlar bor edi.
Shuning uchun Abulqosim Bobur momosining xavfsizligini ta’minlab borishni Nizomiddin Ahmad Tarxon boshchiligidagi besh yuz kishilik qo‘riqchi askarlarga topshirdi.
Hirotdan momosi kelayotganini eshitgan Abdulla Mirzo Habiba Sultonni yoniga olib, Termizga yetib keldi. Gavharshod begimni kemaga solib Payg‘ambar oroliga olib o‘tdilar. Bu yerda Ulug‘bek Mirzo kurdirgan chiroyli ko‘shk bor edi. Shu ko‘shkda eng avval Ulug‘bek Mirzoni yodga olib tilovat qildilar. Boshlaridan o‘tgan mudhish voqealarni eslaganda dil yaralari yangilanib, ko‘z yosh to‘kdilar. Eson-omon diydor ko‘rishganlari uchun parvardigorga shukronalar ham aytishdi.
Gavharshod begim kelin-kuyovga Hirotdan bir sandiq sarupolar, duru gavhar taqinchoqlar, kuyovga bedov otlar, ov qushlari olib kelgan edi. Bularning hammasidan behad quvongan Habiba Sulton momosining bir yelkasidan, Abdulla Mirzo uning ikkinchi yelkasidan quchdi.
– Momojon, biz ikkovimiz ham sizning tarbiyangizni olganmiz-a! – dedi Habiba Sulton buvisini oppoq sochidan o‘pib.
– Rost, sizning duolaringiz bilan shu kunlarga yetishdik! – deb Abdulla Mirzo momosining oq fotiha tilab yozgan javob maktubini esladi.
– Oh, aylanay sizlardan! Kelin-kuyovlik ikkovlaringa ham behad yarashibdi! Gulday ochilib, shunday ko‘hlik bo‘libsizlarki, ilohim yomon ko‘zdan asrasin!
– Ha, dunyoda bizga ko‘z tikkan yomonlar ko‘p!
– Rahmatlik bobongiz Shohruh Mirzo menga nevaralar tarbiyasini topshirib, «bularni lochinday yuksakda parvoz etadigan qilib tarbiyalang» degan edilar. Aksiga olib, men tarbiyalagan nevaralardan biri Alauddavla... ilonning ishini qildi. Biri Abdulatif... padarkush bo‘ldi. Bundan ko‘nglim vayron bo‘lib yurgan edim. Xoqoni Sayyidning topshirgan neki ishini uddalay olmadim deb o‘ksinar edim. Lekin, xayriyat, Samarqandda, mana Abdulla Mirzo bilan Habibajon... Hirotda Abulqosim Bobur... Hozir uchchovingiz mening eng mehru oqibatlik nevaralarimsizlar. Rahmatlik bobolaring orzu qilgan lochinlar sizlardan ortiq bo‘lmas!
– Unday bo‘lsa bizning ona lochinimiz – o‘zingizsiz! –dedi Habiba Sulton.
– Shunday shirin so‘zlarni aytgan tilginangdan o‘rgilay! – deb momosi Habibani quchoqlab, suyib o‘pdi.
Daryo salqinida rohatlanib, Payg‘ambar orolida bir kecha tunadilar. Ertasi kuni o‘ng qirg‘oqqa o‘tib, Samarqandga yo‘l oldilar.
Bora-borguncha tog‘lar ham, vodiylar ham, shaharu qishloqlar ham begimga o‘g‘li Ulug‘bekni eslatardi. Ana, Boysuntog‘. Undan narida Hisor tizmasi, Xo‘jayi pok cho‘qqisi... Sayrob chashmasida suzib yurgan baliqlar... Bular hammasi Mirzo Ulug‘bekni ko‘p marta ko‘rgan. G‘uzor, Shahrisabz, Taxti Qoracha dovoni... Bu go‘zal manzillardan Gavharshod begim o‘g‘li Ulug‘bek bilan necha marta birga o‘tgan edi. Endi bu joylar hammasi begimdan Mirzo Ulug‘bekni so‘roqlayotganday bo‘lardi. Hatto kechasi osmonni to‘ldirib chiqqan yulduzlar ham yer yuzidan Ulug‘bekni topolmay, uning onasiga ma’yus termilib turganday ko‘rinardi.
Samarqandga, Amir Temur maqbarasiga yetib borganlarida Gavharshod begim Ulug‘bek qabrini xuddi beshik kabi quchoqlab, yelkalari silkina-silkina uzoq yig‘ladi. Ulug‘bek go‘daklik paytida begim kechalari uning beshigiga bag‘rini berib, bola emizganlari yodiga tushdi. Shundan keyingi ellik besh yillik hayot ko‘z oldidan yashin tezligida o‘tdi. Lekin xayoli o‘ziga kelganda go‘dakning iliq nafasi keladigan beshikni emas, qirralari ko‘kragiga botib turgan sovuq qabr toshini quchoqlab yig‘layotganini ko‘rdi...

* * *

Gavharshod begim uchun Ulug‘bek Mirzo yaxshi ko‘radigan Bog‘i Maydonda, Chinnixona qasrida maxsus joy tayyorlab qo‘yilgan edi. Bu yerdan rasadxona yaqin. Ertasi kuni begim Abdulla Mirzo bilan Habiba Sultonni ikki yoniga olib, rasadxonaga bordi.
Yer tagidan chiqib kelgan va uch qavatlik ulkan binoning shiftigacha ko‘tarilib borgan zinapoyalarda Ulug‘bekning ruhi kezib yurganday tuyulardi. Gavharshod begim Ulug‘bekning ruhiga sadoqat saqlab kelayotgan va rasadxonada, uning ishini davom ettirayotgan Ali Qushchi boshliq olimlarga sarupolar kiygizdi.
Alg‘ov-dalg‘ov paytlarida rasadxonadagi qimmatbaho asbobu-olotlardan anchasi o‘g‘irlangan ekan.
 – Bu asboblarni yangidan yasatish mumkin emasmikin? – so‘radi Gavharshod begim Ali Qushchidan.
– Loyihalari bor, ustalarga buyurtma berish mumkin, ammo katga mablag‘ kerak.
– Mablag‘ni topib berurmiz, mavlono! – dedi Abdulla Mirzo.
– Momongiz ham bu ishga ozgina hissa qo‘shgay! – dedi Gavharshod begim va Hirotdan po‘lat sandiqqa solib kelingan tilla tangalardan besh mingtasini
rasadxona xarajatlari uchun inom qildi.
Ertasi kuni Ulug‘bek madrasasiga borib, mudarrislar va tolibi ilmlar bilan uchrashdilar. Gavharshod begim madrasa ehtiyojlari uchun ham besh ming tilla sovg‘a qildi.
– Momojon, bobomdan qolgan oltin zaxiralaringiz hali ko‘pmi? – deb hazillashib so‘radi Abdulla Mirzo. – Bizga ataganingiz ham bordir?
 – Bor, shoh o‘g‘lim. Hirotga qaytsam sizga bir sandiq oltin berib yuborgaymen.
Samarqandda Ulug‘bek Mirzo xotirasi uchun Gavharshod begim nomidan juma kuni elga osh tortildi, xushovoz qorilar tilovatlar qilishdi.
Kuz kirib, bog‘larda barcha mevalar yetilgan paytda mahallalarda yana dasturxonlar yozilib, Ulug‘bek Mirzoning yil oshisi berildi.
Bu orada Gavharshod begim Bog‘i Dilkushoga borib, Abdulatifning onasi va bolalaridan xabar oldi.
Husn Nigor xonim kasalmand bo‘lib, hassaga suyanib qolgan edi. U darvoza oldiga yetib kelguncha Abdulatifning besh o‘g‘li birin-ketin yugurib chiqib katta momolarini ta’zim bilan kutib oldilar. Bir yilda sochlari oppoq oqarib ketgan Husn Nigor xonim Mahdi Ulyo qaynonasining oyog‘i ostiga o‘zini tashlab, uvvos solib yig‘ladi.
Gavharshod begim uning yelkasidan olib, zo‘rg‘a oyoqqa turg‘izdi.
– Afu eting, hazrat begim, kechiring!
– Parvardigorning o‘zi kechirsin, kelinposhsho! Siz bilan biz endi mana shu nevaralarni mehru oqibatlik qilib o‘stiraylik.
– Bu bolalar ham malomatga qoldi, hazrat begim. Maktabga borsa tengdoshlari «Padarkushning o‘g‘li» deb davraga qo‘shmas emishlar.
– Yo, tavba! Bu norasida bolalarda ne ayb? Unday bo‘lsa, men bu chevaralarimni Hirotga olib ketaymi?
– Borasenlarmi Abdurazzoq? Jo‘qiy? Qaydu? – Borgaymiz! – deyishdi katta chevaralar. Kichigi Boqiy Mirzo hali endi besh yoshga kirgan edi.
– Mayli kelin, kichiklari siz bilan qolsin. Nevara shirin bo‘lur. Ovungaysiz. Shu qarorga kelishib, yo‘l taraddudini ko‘rishayotganda Dashti Qipchoq tomondan noxush xabar keldi.
Yozda Samarqandga hujum qilib uni ololmagan Sulton Abusayid endi Sabron va Sig‘noq tomonlarga borib, Jo‘jixon avlodidan bo‘lgan Abulxayrxonga qulluq qilayotgan emish. Abulxayrxonning o‘ttiz mingdan ortiq qo‘shini bor edi. O‘zi Ulug‘bek davrida bir necha marta Samarqandu Buxoro atroflariga talonchilik yurishlari uyushtirib, katta o‘ljalar bilan Dashti Qipchog‘iga qaytib ketgan edi. Bu gal agar u Temuriyzoda Abusayid bilan ittifoq tuzib, Samarqandga bostirib kelsa, Abdulla Mirzo ularga bas kelishi amri mahol.
Bundan tashvishga tushgan Gavharshod begim tezroq Hirotga qaytish va Abulqosim Boburni Abdulla Mirzoga ko‘mak yuborishga ko‘ndirish niyatini ko‘ngliga tugdi.
Begim endi chevaralar taqdiri uchun ham o‘zini javobgar sezardi. Shu sababli Abdulatifning o‘g‘illari, ya’ni Ulug‘bek Mirzoning nevaralari Abdurazzoq va Jo‘qiy Mirzolarni o‘zi bilan birga Hirotga olib ketdi.
Bir vaqtlar Ulug‘bek Mirzo davridagi urush harakatlarini to‘xtatishda Gavharshod begim alloma Orif Ozariy orqali katta ish qilgani va shundan keyin Hirot taxtini egallaщda Abulqosim Boburga o‘z maslahatlari bilan yordam bergani uchun bu nevara momosini juda e’zozlardi, hafta-o‘n kunda bir marta Bog‘i Safedga kelib, begimdan xabar olib ketardi. Abulqosim Bobur saroyining Gavharshod begimga ehtiromi ham shunga yarasha juda baland edi.
Begim Samarqanddan qaytayotgani haqida Hirotga xabar kelganda podshoning topshirig‘i bilan bosh vazir va shahar dorug‘asi bir kunlik yo‘lga peshvoz chiqib, Gavharshod begimni kutib oldilar. Ertasi kuni ertalab Bog‘i Safedga Abulqosim Boburning o‘zi ham momosini ko‘rgani keldi. Gavharshod begim tojdor nevarasini bag‘riga bosib ko‘rishar ekan, undan xushbo‘y may hidi kelayotganini sezdi.
Abulqosim Bobur o‘ttiz yoshlik xushsurat va shoirtabiat yigit bo‘lib, otasi Boysunqur Mirzoga o‘xshab, may bazmlarini yaxshi ko‘rar edi. Bugun kechasi ham tongotar may bazmi qilgan bo‘lsa kerak, kam uxlaganidan ko‘zlari qizarib turibdi. Ovozi ham do‘rillab eshitildi:
– Hazrat momojon, qalay, Samarqanddan xursand bo‘lib qaytdingizmi?
– Xursandchilik ko‘p bo‘ldi, siz menga qo‘shgan odamlar uzoq safarda og‘irimni yengil qilganlaridan minnatdor bo‘lib, besh vaqt namozlarimda sizni duo qildim!
– Tashakkur, momo!
Begim Hirot tojdoriga avval quvonchli voqealarni so‘zlab berdi-da, keyin Dashti Qipchoq tomondan Samarqand ustiga bostirib kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatardan so‘z ochdi:
– Abusayid Mirzo yigirma yettiga kirgan, ko‘p balolarni ko‘rib pishgan tadbirlik raqib. Agar u Abulxayrxon bilan ittifoq tuzib, Samarqandni olsa, Hirot ham xavf ostida qolgay. Sohibqiron Amir Temur Turonni chingiziylardan ozod qilgan edilar. Chig‘atoy avlodlarini Mo‘g‘ulistonda, Jo‘ji avlodlaridan bo‘lmish To‘xtamishxonni Oltin O‘rdada mag‘lub etgan edilar. Shundan beri chingiziylar alamzada bo‘lib, temuriylarga qarshi necha bor tajovuz qildilar. Ularning qancha hujumlarini Ulug‘bek Mirzo bilan rah-matli bobongiz Xoqoni Sayid qaytardilar. Lekin hali temuriylardan birontasi Dashti Qipchoqdagi chingiziylarga yordam so‘rab borgan emas edi. Sulton Abusayid Abulxayrxon bilan ittifoq tuzib, dushman qo‘shinini Samarqandga boshlab kelsa, temuriylar sulolasining ildiziga bolta urganday bo‘lur. Hazratim, siz ham shu shajara daraxtining yashnab turgan bir shoxisiz. Ildizga urilgan bolta barcha shoxlarga zarar keltirur. Shuning uchun men sizdan iltijo qilurmen, Samarqandga, Abdulla Mirzoga ko‘mak yuboring. U sizga sovg‘a-salomlar bilan shayxulislom Xo‘ja Burhoniddinni elchi qilib yuborgan. Hozir siz Hirotda, Abdulla Mirzo Samarqandda mening ikki qanotim bo‘lib turibsizlar. Iloyo, bu qanotlarim doim bir-birlaridan kuch olib parvoz etsinlar!
– Aytganingiz kelsin, hazrat momo. Men Abdulla Mirzoning elchisini yaqin kunlarda qabul qilgaymen. G‘arbiy chegaralarimiz notinchroq bo‘lib turibdir. Qora qo‘yunli turkmanlar Tabrizu Isfahonga qanoat qilmay Jurjonu Astrobodga ko‘z olaytirmoqdalar. Ularni daf qilgandan so‘ng amiru ayonlar bilan maslahatni bir joyga qo‘yib, Abdulla Mirzoga, albatta, ko‘mak yuborgaymiz.
Lekin g‘arbiy chegaralarni tinchitish Abulqosim Bobur o‘ylaganidan ko‘proq vaqt oldi. Xurosonlik amiru ayonlar, ayniqsa, ularning eng e’tiborlisi bo‘lgan Amir Sherhoji Turonga borib, Chingizxon avlodlari bilan urushib yurishni istamas edi. Yumshoq tabiatli Abulqosim Bobur bu amirlarga doim ham o‘z so‘zini o‘tkazolmasdi.
Abdulla Mirzodan elchi bo‘lib kelgan Xo‘ja Burhoniddin qish bo‘yi Hirotda qolib, kutilgan natijaga erisholmadi. U Samarqandga qaytayotganda Gavharshod begim Shohruh Mirzodan meros qolgan so‘nggi xazinani ochtirib, Abdulla Mirzoga va’da qilgan oltinlarini usti yopiq bir aravaga yuklatdi. Elchiga ishonchli qo‘riqchilar ham berib, bu boylikni Samarqandga jo‘natdi.
Hayot-mamot jangiga tayyorlanayotgan Abdulla Mirzo uchun momosi yuborgan oltinlar juda asqotdi. Yozgacha o‘n ming kishilik askarlar yollanib ular ot ulov va qurol yarog‘ bilan ta’minlandi.
Javzo oyining oxirlarida Sulton Abusayid qo‘shini Shohruhiya va Jizzax orqali Samarqandga yaqinlashib kela boshladi. Abdulla Mirzo o‘z lashkari bilan Samarqanddan chiqib, uning yo‘lini Bulung‘urda to‘sdi.
Abusayid Mirzoning qo‘shini sakkiz ming atrofida edi. Abdulla Mirzo tap tortmay bu qo‘shin bilan jangga kirishdi.
Ko‘p urushlarni ko‘rgan tajribali Abulxayrxon ataylab Sulton Abusayid qo‘shinini oldinroq jangga soldi. O‘zi esa yigirma ming askari bilan ancha orqada – Sangzor daryosiga va Marjonbuloq tomonlarga boradigan suvsiz soylar ichida, tepaliklar ortida pistirma bo‘lib panalab turdi.
Abdulla Mirzo Abulxayrxonning alohida qo‘shin bilan orqadan kelayotganini bilardi. Uning nazarida, avval Sulton Abusayidni tor-mor qilsa, qeyin Abulxayrxon bilan yakkama-yakka olishish osonroq bo‘ladiganga o‘xshardi.
Biroq Sulton Abusayid lashkari orqaga chekinib borib, Abulxayrxon qo‘shini bilan birlashdi-yu, juda katta kuchga aylanib ketdi.
Samarqandliklar Abusayidni Bulung‘urdan Sangzor tomonga quvib borayotganda pistirmada turgan Abulxayrxonning yigirma ming qo‘shini soylardan, tepaliklar ortidan selday yopirilib chiqdi.
Dashtiy Sultonlar to‘lg‘ama usulini ishlatib, Abdulla Mirzo qo‘shinining ikki qanotiga tegmay aylanib o‘ta boshladi.
Buni ko‘rgan Bobo Husayn Abdulla Mirzo mingan otning jilovini tutdi:
– Hazratim, qaytmoq kerak!
– Qochaylikmi, a? Qaysi yuz bilan Samarqandga qaytamiz?!
– Iloji yo‘q. Dashtiy Sultonlar bizni qurshovga olmoqchi! Qarang, qanotlarimizga tegmay orqadan zarba berishmoqchi!
Abdulla Mirzo g‘ulda o‘zi bilan birga jang qilib kelayotgan ikki ming otliq yigitni orqaga qaytardi. Ammo dashtiy Sultonlar bu orada ot choptirib, qaytish yo‘lini ham bekitib olishga ulgurdilar.
Abdulla Mirzo otning jilovini yoli ustiga tashlab, chap qo‘liga ham qilich oldi. Ikki qo‘lda ikki qilichni sermab, yov askarlarining uch-to‘rttasini egardan ag‘anatdi. Bobo Husayn boshliq yuztacha beku navkarlar Abdulla Mirzoni ikki yondan va orqadan himoya qilib, qurshovni yorib o‘ta boshladilar.
Shu payt ochiq turgan old tomondan yov kamonchilari o‘q yog‘dirdilar. Bu o‘qlardan besh-oltitasi Abdulla Mirzoning zirhli dubulg‘asiga va jibasiga urilib qapchib ketdi. Shunda dushman mergani Abdulla Mir-zoning bo‘ynini mo‘ljalga oldi.
Bosh harakatda bo‘lishi uchun zirhni kiyimning bo‘yinga yopilgan qismida ozgina ochiq joy qoldirilardi. Yov mergani epchillik bilan otgan yoy o‘qi ana shu ochiq joyni topib o‘tdi-yu, Abdulla Mirzoning bo‘yniga sanchildi.
Bo‘yinning yo‘g‘on tomiri o‘tgan joydan qon tizillab otildi. Abdulla Mirzoning hushdan ketib, egardan og‘ib tushayotganini ko‘rgan Bobo Husayn tez borib uni ushlab qoldi va o‘zining otiga o‘ngarib oldi.
Navkarlar endi Bobo Husayn mingan otni o‘rab olib, yov qurshovini yorib o‘tdilar. Behush Abdulla Mirzoni jang maydonidan olib chiqdilar. Lekin Samarqandga yetib borgunlaricha Abdulla Mirzo hushiga kelmay jon berdi.
Marhumni bobokalonlari maqbarasiga dafn etdilar. Uning ruhiga bag‘ishlab tilovat qilgan Xo‘ja Burhoniddin:
– Abdulla Mirzo chaqmokday yaltillab so‘ndi, boqiy dunyoga shahid bo‘lib ketdi! – deb ko‘ziga yosh oldi.
Habiba Sulton begim musibatdan o‘rtanib yig‘layotgan paytda amakivachchalari Abusayid Mirzo Samarqandga g‘alaba karnayini chaldirib kirib keldi.
U bilan izma-iz kelgan Abulxayrxonning g‘olib lashkari bir vaqtlar Amir Temur askarlariga qarorgoh bo‘lib xizmat qilgan Konigilni egalladilar.
Abusayid Mirzo o‘ziga homiylik qilib toju taxtni olib bergan Abulxayrxonni xursand qilish harakatiga tushdi. Abdulla Mirzo tarafdorlarining molu mulki ayovsiz musodara qilindi. Butun shahar aholisidan Abulxayrxon foydasiga juda katta moli omon yig‘ib oldilar.
G‘olib sultonlar bu bilan qanoatlanmadilar. Sulton Abusayid ularning talabiga bo‘ysunib, Ulug‘bek Mirzoning o‘n sakkiz yoshlik go‘zal va oqila qizi Robiya Sultonni ellik yoshlik Abulxayrxonga o‘lja tarzida majburan nikohlatib berdi.
Temuriylar tarix sahnasiga chiqqandan buyon hali chingiziylar orasidan chiqqan birorta xon temuriy malikalarni o‘lja tarzida o‘z nikoxiga ololgan emas edi.
Abulxayrxon bu sharafga birinchi bo‘lib erishganidan g‘ururga to‘lib, Dashti Qipchoqqa obro‘si benihoya oshib qaytdi.
Bu g‘urur bejiz emas edi. Chingiziylar bilan temuriylar orasida bir asrdan buyon davom etib kelayotgan kurashlar keskin burilish pallasiga kirganini mana shu hodisalar ilk bor namoyon qildi. Lekin bunga ko‘p odam e’tibor bermadi.
Chunki temuriylar saltanati hali mustahkam ko‘rinardi.
Oradan ellik-oltmish yil o‘tar-o‘tmas Abulxayrxon ochgan yo‘llardan uning nevarasi Shayboniyxon bostirib kelishini, butun Turonu Xurosonni zabt etib, temuriylarni Samarqanddan ham, Hirotdan ham siqib chiqarishini, tog‘ ko‘chkisiday shafqatsiz bosqinlar natijasida Sulton Abusayidning nevarasi Zahiriddin Muhammad Bobur vatanidan judo bo‘lib, Hindistonga ketishini hali hech kim tasavvur ham eta olmasdi.

"Ona lochin vidosi" romanidan

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.