OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Tekshiruvchi bo‘lgim keladi... (hajviya)

Men sizga aytsam, shuncha yil ishlab, birovning ishini tekshirmabman. Tekshiruvchilar guruhiga a’zo ham bo‘lmabman-ey. Buning uchun nima qilish kerak, kimga uchrashish kerak, bunisini ham bilmayman. Men o‘zi aslida tekshiruvchilarni kutib oluvchi, ularga taftish bo‘yicha hisob beruvchi va ularga choy-poy tashuvchilar toifasiga mansubman. Hamma ham o‘zida yo‘q narsani orzu qilganidek men ham tekshiruvchilar kelyapdi deb hovliqib chopib yurgan odamlarni kuzatib, ularga qo‘shib g‘imirlab yurarkanman ichimda, “eh, qaniydi men ham tekshiruvchilarning boshlig‘i yoki bir a’zosi bo‘lib qolsam”, – deb ularning o‘rniga o‘zimni tasavvur qilib hayol surib qolaman gohida. Orzuga ayb yo‘q-ku, har qalay. Menga o‘xshab ochiq aytmasa ham, ko‘pchilik ichida orzu qilsa keragov.
Ilgarilari o‘rischasiga “kamissiya” deyishardi. Endi o‘z ona tilimizda tekshiruvchilar deymiz-da. “Tekshiruvchilar kelyapti. Taftish qilarmish ishimizni, miridan sirigacha ko‘rarmish. Barcha teshiklarga kalla suqarmish. Har bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qo‘li bilan ushlab, burni bilan hidlarmish. Xudoning g‘azzabi emish-ey. Qo‘shni tumanni bir haftadan berish bosib yotganmish. Erta-indin biz tomon yurish qilarmish...”
Selning vahimasi oldidagi shamolida deganlaridek, tekshiruvchilarning ham o‘zidan oldin keladigan “keldi-ketdi” gapi vahimali. Aslida ular ham sizu bizday oddiygina, ikki oyog‘ining tagi yapaloq odamlar-u, faqat ulardan hamma qo‘rqadi. Hatto biz qo‘rqadigan boshliqlarimiz ham qo‘rqadi-ey. Ana shunisiga havasim keladi-da. Axir qo‘rqib tursa yomonmi?! Mazza-ku, shunda-ay gerdayib tursang, hamma qulluq qilib o‘taversa. Yoki o‘zing ham tuzuk bilmaydigan biron narsani dabdurustdan so‘rab qolasan-da, javob beruvchi bilganini ham to‘g‘ri aytolmay vajohating oldida qaltirab qolsa. Arzimagan bir narsani yolg‘ondan bo‘lsa ham gapirib qo‘ysang, “to‘g‘ri, to‘g‘ri” deb tasdiqlab turishsa. Ishidan biron ishkal topib qolsang-ku, tamom, yot desang yotadi, tur desang turadi... He-e. Tekshiruvchi bo‘lishning shu tomonlariga besh ketaman-da-e.
“Tekshiruvchi kelyapti” – desak-u, katagina tulki oralagan tovuqday hamma pitirlab qoladi. O‘zimiz ham-da. Avval ust-boshni to‘g‘irlaymiz. To‘y-tomoshalarda kiyaman deb sandiqqa tashlab qo‘ygan kiyimlarga ham shu bahonada shamol tegib qoladi. So‘ng o‘tirgan xonalarni tartibga solamiz, o‘rischasiga aytganda “otido”. Kerak bo‘lsa, hujjatlarni kechasi bilan qayta ko‘chirib chiqamiz. Ishimizga aloqador buyruqlarni qachon, nega, qaerda chiqqanigacha yodlaymiz. Cho‘ntakdan pul yig‘ib ohak deysizmi, bo‘yoq deysizmi sotib olib binoni, barcha xonalarni qayta ta’mirlaymiz. Endi-i, tekshiruvchilar uchun qilinadigan ziyofatni-ku gapirib o‘tirishning o‘zi noto‘g‘ri. Chunki mehmon otangdan ulug‘, choy-non, odamgarchilik degan gaplar eskidan qolgan, minnat qilish yaxshimas. Sarf xarajatni esa gapirib o‘tirishga arzimaydi. Ko‘pincha bir-ikki kishiga mukofot puli yozilib yoki oylikdan ushlab tekislab yuboriladi. Ba’zi joylarda cho‘ntagiga “ko‘kidan” tiqarmish-ey...
To‘g‘risini aytganda, tekshiruvchilar kelib ketgach, hovrimizdan tushib, ancha vaqtgacha gurungimiz mavzusi shu to‘g‘rida bo‘lib yuradi. Bir-birimizga qarab xursand bo‘lib rosa kulishamiz. 
– E, zo‘r ish bo‘ldi-da. Hamma tomon paryadka bo‘ldi-qoldi-ya.
– Ey, mening manovi ishimni bir yildan beri tugatolmay yurardim, bir kecha-da bitirdim-a.
– Meni aytmaysiz, meni. Shu bahonada xonamdagi keraksiz hujjatlarni yo‘qotib oldim. O‘ziyam yuz yillik narsa to‘planib qolgan ekan-ey.
– Xonalar ham ta’mirlandi.
– Hovlini aytmaysizmi. Yog‘ tushsa yalagudek qildig-a.
– Barisi o‘z yo‘liga-yu manovi Turdievni aytaman. Soqollari o‘sib, kir-chir bo‘lib yurardi. Toza kiyinib, o‘ziga qarasa binoyidek yigit ekan-ey. 
– Xoy uka, shunday kulturni yursang, uylantirib ham qo‘yamiz...
Men bir chetda gurungga quloq tutib o‘tirarkanman, tekshiruvchilarning ana shunday g‘oyibona kuch-qudratiga yana ham tan berib, ularga yana ham ixlosim ortib, xayol dengiziga cho‘milar edim.
Yaqinda, o‘zlaringizning ham xabarlaringiz bor, gripp degan bir kasallik tarqaldi. O‘ta yuqumli, hamma joyda televizor va radiolarda ham kasallikdan himoyalanishning eng oson yo‘li to‘rt qavatli dokadan niqob tutib yurish ekanligi targ‘ib qilindi. Qo‘rqish baloi jon-da, men ham bolalarimga: “Ko‘chada ham, sinfda ham niqob taqinglar, har ikki soatda almashtirib turinglar” – deb, ikkitadan niqob tikdirib berdim. Uch-to‘rt kunlardan so‘ng 2-sinfda o‘qiydigan qizim to‘satdan kasallanib yotib qoldi.
– Qizim, gripp kasalini yuqtirib olibsan. Niqobni taqmabsan-da?! – desam, qizim yig‘lab yubordi. 
– Nima bo‘ldi? Nega yig‘layotibsan?
– Muallim opa niqoblarni o‘sha birinchi kundan yig‘ib olib qo‘ygan edi. 
– Ie, nega?
– Niqobni har kuni taqib yursa kir bo‘lib qoladi. Shuning uchun buni faqat maktabga tekshiruvchilar kelganda beraman, taqib o‘tirasizlar. Ketgach yana olib yig‘ib qo‘yaman degan edilar. O‘shandan beri tekshiruvchilar ham kelmaydi-da... – dedi qizim yig‘idan o‘pkasini bosolmay.
O‘z vaqtida tekshirishga bormaganligi va qizim niqobini taqmagan uchun kasallanib qolganligi bois tekshiruvchilardan biroz koyinib, ularni ham tekshirib turish kerak degan fikr kallamga keldi. 
Nachora. Qizimni o‘n kun uyda o‘zim davoladim. Lekin baribir tekshiruvchilarga bo‘lgan ixlosim so‘ngani yo‘q.
Bo‘limimizning farishtadek oppoq kiyinib olgan xo‘jalik bekasiga: 
– Kasallarni tekshirib ko‘rgandan so‘ng qo‘lni yuvib artinishga toza sochiq bersangiz, – deb murojaat qilsam, beka meni endi ko‘rayotgandek betimga bezrayib:
– Sochiq yo‘q. Bittagina yangisi bor, uni ham tekshiruvchilar kelganda beraman. Ketgach yana olib qo‘yaman, tag‘in qo‘l artib iflos qilib qo‘ymanglar, – deydi.
Men xo‘jalik bekasi gigiena qoidalariga biz duxturlarchalik tushunmaydi, bu muammoni bo‘lim boshlig‘i bilan hal qilaman deb uning xonasiga yo‘l oldim. Shu payt xumday kallasi bilan yo‘g‘on tanasi orasidagi bo‘yni baqbaqaga aylanib ketgan bo‘lim boshlig‘ining o‘zi tog‘ora boylagandek katta qornini osiltirib oldimdan chiqib qoldi. Eshik oldida dardimni aytdim. U so‘yilayotgan xo‘kizdek pishillay-pishillay:
– Xo‘jalik bekasi to‘g‘ri aytibdi. Kerak bo‘lsa, sovun sochig‘ingizni uyingizdan opkeling. Bo‘lim hisobidagi sochiqlarni esa tekshiruvchilar kelganda qo‘yamiz. Manovi qon-dog‘ tekkan xalatingizni ham uyingizda yuvdirib, dazmollatib keling. Boshqa gap bo‘lishi mumkin emas. Men hozir hamshiralarga tayinlayman. Bemorlar ham toza choyshablar to‘shalgan karavotlarga yotmay turishsin. Tekshiruvchilar kelib ketguncha uydan olib kelgan dorilarini ham yashirib turishsin. Bizda hamma narsa bepul-ku, – dedi-da, lapanglab yonimdan o‘tib ketdi.
Nimayam derdim. Yana o‘sha gap. Tekshiruvchilar kelyapti. Bo‘lim boshlig‘imiz ham tekshiruvchilar vahimasi tushganki, harsillab shoshib yuribdi. Xe, bularni ko‘rgandan so‘ng ham qoyil bo‘lmay ko‘ring-chi. O‘h kuchingdan, tekshiruvchilar.
Kim nima desa desinu, ishqilib tekshiruvchi bo‘ling ekanda-e. Ularga maza ekan. Avvalo hamma undan dir-dir titrab qo‘rqib turadi. Bir kun turadimi, o‘n kun turadimi yegani oldida, yemagani cho‘ntagiga. Ana obro‘-yu, mana izzat-ikrom. Kun tug‘sa ham, oy tug‘sa ham tekshiruvchiga tug‘sin... yana nima kerak?! Havas qilsang ham, xasad qilsang ham, bo‘lari gap shu.
Boshqalarni bilmayman-u, lekin mening shu tekshiruvchilarga havasim haddan ortiq zo‘rda-e. Oh, qaniydi... men ham bi-ir tekshiruvchi bo‘lsam... Shunday tekshirardim, shunday tekshirardimki... Xe-e. Orzuga ayb yo‘q-ku. Nima dedingiz. A, labbay?! ...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.