OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Menga yetib kelmagan xat (hikoya)

Ellik to‘rtinchi yili Saidaxondan bir xat oldim. Unda avval ham xat yuborganini aytgan edi.
«Bilmadim, bu yuborayotganim xatmi, hikoyami yo boshimdan o‘tgan savdolarmi? O’qigan bo‘lsangiz, o‘zingiz biron nima deb nomlarsiz...»
Saidaxon aytgan o‘sha xat menga yetib kelmagandi. «Boshimdan o‘tgan savdolar» deganidan xat yetib kelmagani ayon bo‘ldi.
Qaytib keldim. Saidaxon bilan diydor ko‘rishdik. Bir kuni u o‘sha xatdan gap boshladi. Olmaganimni aytdim.
— Xatda ancha gap bor edi. Nimalar yozganimni hozir aytib berolmayman. Uyma-uy ko‘chib yurganimdan xatning qoralamasi ham yo‘qolib ketgan. Afsus, yuragimdagi 6utun dard-hasratlarimni qog‘ozga to‘kib, ko‘nglimni bo‘shatib olgan edim...
Yaqinda ish kabinetimni ta’mir qilish uchun kitoblarni, asarlarimiz bosilgan gazeta-jurnallarni, qo‘lyozmalarni ayvonga olib chiqdik. Shunda Saidaxon ko‘pdan topolmay yurgan, yo‘krlib ketgan deb gumon kilgan xatning qoralama nusxasi chiqib qoldi. Bundan qirq to‘rt yil muqaddam yozilgan bu xat ancha xiralashib, qora qalam bilan yozilgani uchun ko‘p joylari o‘chib ketgan edi. Muk tushib o‘qiy boshladim.
«...Men uchun xamma yo‘llar bekilgan. Radio, gazeta-jurnallar, nashriyotlarga yo‘l yo‘q. Yozganlarimni redaktsiyalar olmaydi. Radioda bittagina «Kokiling» degan qo‘shig‘imni ba’zan eshittirib turishardi. U ham to‘xtadi. Shu ko‘shiqning kuyiga Uyg‘un boshqa she’r yozib beribdi. Ro‘zg‘orning ham tagi ko‘rinib qolgan. Qaynona-kelin bir-birimizga qarab mung‘ayib o‘tiramiz. Biror joyga ish so‘rab boray desam, Uyg‘un hamma tashkilotlarga, ishga olmanglar, deb xat yuborib qo‘ygan. Nima qilishimni bilmayman. O’ylab-o‘ylab 15 yoshga to‘lganimda dadam sovg‘a qilgan tilla soatimni sotib, bir eski yozuv mashinkasini oldim.
Nashriyotdagi mashinistkalarga ko‘chirtirish uchun tez-tez qo‘lyozmalar olib kelishadi. Lekin, o‘zlarining ishlari ko‘p bo‘lganidan goxida kaytarib berishardi. Endi kelgan qo‘lyozmalarni msnga yuborishyapti. Sal ishlarim yurishgandek bo‘ldn. Oz bo‘lsa ham qo‘lim pul ko‘rdi. Bpr qismiga ro‘zg‘or qilib, yana bir qismiga u-bu olib, sizga posilka yuboraman.
Oyim sahar payti bomdod namozini o‘qishga turadi. Meni uyg‘otib yubormaslik uchun joynamoz ustida past tovushda Qur’on tilovat qiladi. Tilovatdan so‘ng msni uzoq duo qiladi. Yastiqdan bosh ko‘tarib quloq solaman. «E xudoyim, shu musofirginani o‘zing qo‘lla! Shu farishtaginaga tikilganlarning yuzini teskari qil! Bola bechora kelin bo‘lib nima halovat ko‘rdi... Kelin bo‘lib yayrab-yashnamadi. Borsa kelmasda bandi zindon bo‘lib yurgan bolamning mushkulini oson qil! Qahri qattiq Istalinning ko‘ngliga insof solgin! Kelin bo‘lib ro‘sh-nolik ko‘rmagan, o‘ynab-kuladigan, yayrab-yashnaydigan paytida azoblarda o‘rtangan shu begunoh kelinginamning yo‘llaridan g‘ovlarni olib tashla! Ro‘shnolik ko‘rsin shu bolaginam...»
Oyimning mayin, xasta ovoz bilan qilayotgan iltijolaridan o‘pkam to‘lib, ko‘zlarimga yosh qalqiydi. Oyimni bag‘rimga bosib, baqirib yig‘lagim keladi. O’zimni bosaman. Ko‘rpani boshimga tortib, ezilib-ezilib yig‘layman. Ko‘zim to‘la ssh bilan uxlab qolaman. Uyg‘onganimda derazadan tushgan oftob stol ustidagi billur ko‘zada chaqmoqdek yal-yal yonadi. Uning aksi devorda nurli shakllar paydo qiladi. Oyim kirib peshonamni silaydi.
— Turing, bolam, choy damladim. Tamaddi qilib oling, — dsydi.
Andijondagi hovlimiz esimga keladi. Buvim xuddi shunaqa mahal ariq bo‘yida piyola yuvadi. Barmog‘idagi uzugi piyolaga tekkanda chiq-chiq etib ovoz chiqazardi. Keyin choy damlab, sochiqqa o‘rab qo‘yadi. Boshimga kelib: «Tur, tura qol, Saida», deb boshimni silaydi. Shu topda buvim ham choy damlab, singillarimni uyg‘otyapti. Qandoq beozor, bearmon kunlar edi Andijondagi kunlarim! Meni Toshkentga nima bog‘lab turibdi? Shu mehribon, shu pokiza kampir bilan takdirimiz birlashib ketganidanmi? Unga behad mehr qo‘yganimdanmi? Ayriliq dog‘ida o‘rtangan shu musichadek beozor xotinni tagalab ketish menga xuddi xiyonatdek bo‘lib tuyilishidanmi? Shu munglig‘, kichkinagina jussasida tog‘dek yukni ingramay, faryod urmay ko‘tarib yurgan jannati xotinni tashlab ketish MUMKINMI? Biz oyim bilan ikkimiz bitta vujud bo‘lib ketganmiz, axir! Otilgan toshlar ikkovimizga barobar tegadi. Ovsinim xam, egachilarim ham oyimni mendan qizg‘anishadi. Bizni Fotima-Zuxralar deb piching qilishadi.
Charchab, diqqat bo‘lib qolgan paytlarimda oyim: «Yuring, ovsiningiznikiga boramiz», deb qoladi. Mehmon qiladilar. Oshga unnaydilar. Shunda ovsinimning biron gapi oyimga tegib ketadi. Anjancha gapimnimi, «r»ni aytolmasligimnimi ermak qilsa, oyim darrov o‘rnidan turib, tugunini qo‘lga oladi. «Turing, Saidaxon, ketdik!» deydi. Meni xech kimga cho‘qittirib, ermak qildirib ko‘ymaydi. Eng shirin taomni oldiga qo‘yganda ham, «yuring, Saidaxon, ketdik», derdida yo‘lga tushib ketaverardi.
— Oyi, bekor qildingiz, ovsinim xafa bo‘lib qoldi, — deyman yo‘l-yo‘lakay.
— Xafa bo‘lsa bo‘lar! Tiliga ehtiyot bo‘lsin-da! Bilib ko‘ying, sizni ularga talatib qo‘ymayman. Siz Andijondek shaharni, onangizni, bir etak ukalaringizni tashlab, yenimda g‘amg‘uzorlik kilyapsiz. Har saxar sizga xudodan umr tilayman. Bu kunlar ham unut bo‘lar, bolam ham kelib qolar. Shunda ikkovimiz bir-birimizning pinjimizga sukilib yashaganimizni ertakdek eslab yuramiz.
Biz uyga yetib kelganimizda ovsinimning o‘g‘li vslosipedga suyaiib, kutib turgan bo‘ladi. Ovsinim oshni suzib, bir tog‘orachada berib yuboradi.
— Katta oyi, birpasdan keyin adam bilan oyim kelishadi, — deb jiyaningiz velosipediga minib jo‘nab ketadi.
Oyim ginalarni unutib, uy yig‘ishtirishga kirishadi.
— Siz samovarga o‘t tashlang! Piyolalarni kul bilan yuviig. Bilasiz-ku, Zuxurxon dog‘ bo‘lgan pislada choy ichmaydi, — deydilar.
Zuhurxon akani juda yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri so‘z, halol, birovni yalab-yulqashni bilmaydi. Bor gapni tikka betiga aytadi.
Bilib turibman, Zuhurxon akam bizning arazlab ketganimizdan ranjigan. Er-xotin jindek cho‘qishib olishgan. Bu noxushlikni tarqatish uchun er-xotin kelishyapti.
Taxminim to‘g‘ri chikdi. Shayxontohur bozorchasidan mayda-chuyda xarid qilib kelishibdi. Hech narsa bo‘lmagandek oyim ularni xandon-xushxon kutib oldi. Alla-pallagacha gaplashib, o‘tirib ketishdi.
Kech kirib, o‘z xonamga kirdim. Sizning to‘ningizni kiyib, mashinka bosishga o‘tirdim. Aziza opa degan yaxshi bir mashinistka bor edi. Uziga olgan qo‘lyozmalarning teng yarmini menga berardi. Haq berilsa, barobar bo‘li-shib olardik. Yaqinda u Muxtor Avezovning «Abay» romanini ko‘chirishga olgandi. Roman juda katta hajmda 6o‘lib, Aziza opa: «Hammasini o‘zingiz bosing, qo‘limda ish ko‘p», degan edi. Men ichkari uyda chiqillatib mashinka bosaman. Bir tomoniga ip bog‘langan ko‘zoynagini taqib, oyim Huvaydo g‘azallarini ovoz chiqarib o‘qiydi. Ba’zan ishimni to‘xtatib quloq solaman. Oyim shikasta ovoz bilan g‘azallarni juda ravon, mayin o‘qiydi. Gohida oldiga chiqib, pinjiga suqilib eshitaman. Oyim Huvaydoni negadir ayol kishi deb o‘ylaydi.
— Bolam, bilasizmi, Huvaydo bu g‘azallarni xudoning jamoliga oshiq bo‘lib bitgan, — derdi oyim.
O’zingiz bilasiz, uyda oyimning to‘rtta kitobi bor. Biri Kalomi Alloh. Esingizdami, uyimizni tintuv qilgan tergovchi Qur’onni olib ketayotganda oyim yig‘lab-yig‘lab uning qo‘lidan tortib olgandi. Fuzuliy, Mashrab, Huvaydo g‘azallari oyimning ovunchog‘i.
Bir kuni ishlagim kelmay dangasaligim tutdi. Oyimdan g‘azal eshitgim keldi. U Fuzuliy g‘azallarini o‘qidi. Bir joyda to‘xtab, baytni ikki-uch marta qaytardi. Mag‘zini chaqqandan keyin menga tushuntira boshladi.
— fuzuliy chiroyli ayollarga bag‘ishlab ko‘p oshiqona g‘azallar bitkan. Manavi baytni eshiting:

«Mahshar kuni ko‘ram deram ul sarvi qomatin,
Gar anda ham ko‘rolmasman, kel, ko‘r qiyomatin».

Bilasizmi, 6u nima degani? Yorning jamolini qiyomatda ko‘raman, agar qiyomatda ham ko‘rolmasam qiyomatning ham qiyomatini chiqazaman, degani!
Oyim Mashrab g‘azallarini kam o‘qiydi. O’qigan taqdirda ham, albatta: «E xudo, o‘zingga tavba!» deb qo‘yadi.
— Nega tavba qilyapsiz? — deb so‘rayman.
— Bolam, shoh Mashrab sal devonaroq bo‘lgan ekanlar. Ba’zan og‘izlaridan kufr so‘zlar ham chiqib ketadi.Hatto Makkayi mukarramani pisand qilmagan paytlari bo‘lgan. Bir g‘azallarida: «Ibrohimdan qolgan u eski do‘konni na qilay», deydilar. Yoki «Etagimning gardidan yuz ming Xizr paydo bo‘lur» deydilar. Shunaqa baytlarni o‘qisam, oxiratim kuymasin, iymonim susaymasin deb, allohga tavba qilaman.
Oyim tasavvuf falsafasini bilmaydi. Uchchala kitobdagi may to‘g‘risida g‘azallar bor bo‘lgan sahifalarga xatcho‘p tashlab qo‘ygan. Shu sahifalarni menga xam o‘qib bermaydi. O’qing, desam, qo‘ying, bolam, oxiratimiz kuymasin, deydilar.
Bundan tashqari, oyim bu qama-qamalarni Stalin bilmaydi deb o‘ylaydi. «Stalin bilsa, hamma mahbuslarni qo‘yib yuborardi», deb umid qiladi. Stalin o‘lganda oyim nihoyatda xafa bo‘ddi. Skverdagi haykali atrofidan bir necha marta aylanib o‘tdi.
Stalin o‘ldi, Beriya otildi. Ammo, biron yengillik bo‘lishidan darak yo‘q. Juda diqqat bo‘lib ketdim. Usmon Yusupov Ministrlar Sovetiga rais bo‘lib keldi, oyimning nomidan unga ariza yozdim. Ahvolimizni tushuntirdim.
— Oyi, manavi arizani Usmon Yusupovga olib chiqib berasiz. U kishi o‘g‘lingizni yaxshi taniydi, — dedim.
— Voy bolam, u kishini qaydan topaman?! Borsam, oldiga kiritishmaydi. Undan ko‘ra, o‘zingiz opchiqib ber-sangiz yaxshi bo‘larmidi, — dedi oyim.
Jahlim chiqib ketdi. Qaynona-kelin o‘rtasida gap qochdi.
— Agar opchiqib bermasangiz, men Andijonga ketaman! O’g‘lingizni kutish kerak bo‘lsa, Andijonda ham kutaveraman! — deb shart qo‘ydim.
Oyim mung‘ayib qoldi. Ko‘zlarida yosh aylandi. Unga ta’sir qilish uchun yanada qattiqroq gapirdim. O’sha gaplarimga haligacha pushaymon qilaman. O’zimni o‘zim kechirolmayman. Xullas, oyim rozi bo‘ldi. Ertalab vaqtli ikkovimiz «Qizil maydon»ga borib, daraxt tagida qimirlamay o‘tirdik. Soat to‘qqizlarda Yusupovning mashinasi uzoqdan ko‘rindi.
Arizani oyimning qo‘liga berdim.
— Yuguring! Anavi militsioner turgan eshikka qarab yuguring! — dedim.
Oyim qo‘lida ariza bilan o‘kdek otilib ketdi. Yusupov mashinasidan tushayotgan payt oyim ancha berida edi.
— Hoy, bolam! Hoy, Yusupov bolam! — deb qichqirdi oyim.
Ichkariga kirmoqchi bo‘lib turgan Yusupov orqasiga o‘girilib qaradi. Bu kampir kim ekan deb, bir-ikki qadam oyim tomon yurdi.
— Keling, aya. Keling!
— Men yozuvchi Said Axmadning onasiman. Shu qog‘ozni sizga olib keldim. Hamma gap shunda yozilgan. Adolat qiling, bolam! Sizdan boshqa hech kimdan umidim yo‘q.
Yusupov qog‘ozni olib, bir nima dedi. Oyim boshini tebratdi.
— Qaerga borasiz? Ana, mashina eltib qo‘yadi.
— Yo‘q-yo‘q!
Oyim shunday dediyu zudlik bilan orqasiga qaytdi. Oyim ko‘zdan yiroqlashguncha Yusupov orqasidan qarab turdi.
Shu voqeadan o‘n kunlar o‘tib, Navoiy ko‘chasida Sobir Abdullani uchratib qoldim. Yusupov bir nechta atoqli yozuvchilar bilan suhbat o‘tkazgan ekan. Shunda Yusupov Uyg‘unni tikka turg‘izib qo‘yib, qattiq-qattiq gapiribdi.
— Yoshlarni turmaga tayyorlaganmizmi?! Qayoqqa qarab o‘tiribsan?! Agar Said Axmad dushman bo‘lsa, sen bilan men ham dushmanmiz! Chunki uni biz tarbiyalaganmiz.
Uyg‘un javob berolmay, lavlagidek qizarib-bo‘zarib, joyiga o‘tirib qolibdi.
Bu gaplarni Sobir Abdulla aytib berdi.
Bilmadim, Usmon Yusupov aralashdimi, hartugul, meni Birlashgan nashriyotga korrektor kilib ishga olishdi. Bu nashriyotda asosan siyosiy adabistlar bosiladi. IIlenumlarda o‘qilgan dokladlar ertalabgacha bosmadan chiqarilib, tarqatilishi kerak. Kechasi soat ikki-uchlargacha ishda qolib ketaman. Muxarrir o‘rinbosari Rixsi Saxiboev, O’zTAG tarjimoni Yaxyo Io‘ldoshevlar bilan qayti-shim kerak. Ular sizning uyingizda yashayotganimni bilib qolmasinlar deb, oldinroq piyoda uyga jo‘nayman. Ko‘chalar xavfli. O’g‘rilar, yo‘lto‘sarlar ko‘p. Tongotarga yakin uyga yaqinlashganimda katta ko‘chaning boshida oyim qimirlamay kutib turgan bo‘ladi.
— Ha, ishingiz xam bor bo‘lsina!
U mening sog‘-omonligimni bilgach, pildiragancha oldimga tushib ketadi. Orqasidan xovliga kiraman. Dasturxonga o‘rab qo‘yilgan iliq ovqatni oldimga ko‘yadi. Mudrab-mudrab bir-ikki qoshiq ovqat yeymanu yechinmasdan ko‘rpacha ustida uxlab qolaman.
Shu uxlaganimcha soat o‘nlarda uyg‘onibman. Choy ichib o‘tirgan edik, ko‘cha tomondan mashina tovushi eshitildi. Bir ozdan keyin eshigimiz taqilladi. Oyim borib eshikni ochgan edi, bitta o‘ris xotin ichkariga kirdi.
— Zunnunova Saida shu yerda yashaydimi? - deb so‘radi u.
— Izdes, izdes, — deb javob berdi oyim. Men hovliga tushdim.
— Zunnunova men bo‘laman, — dsdim.
— Moskvaga ariza yuborgan edingizmi?
— Ha, — deb javob berdim.
— U yokdan sizning ishingizii tekshirgani odam keldi. Soat to‘rtda Markaziy Komitetga boring. Siz bilan gaplashishadi.
U ketgandan keyin shoshilib kiyindimu nashriyotga chopdim. Nashriyot direktori Vasiliy Fyodorovich Arxangelskiy bir ajoyib insoi edi. Unga meni yuqoriga chaqirishayotganini aytdim.
— Xabarim bor, - dedi u. - Kecha kechqurun men bilan gaplashishdi, sen to‘g‘ringda bilganlarimni aytib berdim. Bejiz kelmagan. Yaxshilik bo‘lishini sezib turibman. Ko‘pam hayajonlanmasdan, o‘zingni bosib gapirgin. Ortiqcha gap aralashtirma...»
Qirq to‘rt yil muqaddam yozilgap ushbu xatning oxirgi sahifasi yo‘q edi. Partkomissiya vakili nima dedi, bilmadim. Shuni yaxshi bilamanki, 1954 yilning o‘rtalarida Saidaxondan hamma ayblar olib tashlandi. Yezuvchilar uyushmasining a’zoligiga tiklandi. Gazeta-jurnallarda asarlari birin-ketin chop etila boshlandi. O’sha yili «Gullar vodiysi» nomli she’riy to‘plami ham bosilib chikdi.
Oyim qazo qilganda Saidaxon hamma marosimlarini bir farzanddek ado etdi. O’zi ham to umrining oxirlarigacha, oyim undoq edilar, oyim bundoq edilar, deb eslab yurdi.
Qirq to‘rt yil ko‘zdan yashirilgan xat bugun qo‘limda. Kichkinagina jussasida shuncha g‘amlarni fildek ko‘tara olgan Saidaxonning munis chehrasi ko‘z oldimga keldi. Ichimdan alamli bir xo‘rsiniq otilib chikdi-yu bo‘g‘zimii kuydirdi.
Dunyoning ishlari shunaqa ekan-da, chidamay ilojing qancha, deb o‘zimni o‘zim ovutaman.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.