OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Mullajon (hajviya)

Kap-katta odam ko‘pchilikning o‘rtasida «ho‘ng-ho‘ng» yig‘lasa, juda xunuk bo‘lar ekan.
— Qo‘ying, Mullajon, astoydil sevsa, qaytib keladi. Mullajon tasalli berayotgan kishiga qarab, nimadir
demoqchi bo‘ldi, ammo o‘pkasi to‘lib, tomog‘idan gap o‘tmay entikdi, mo‘ylovining ko‘z yoshidan ho‘l bo‘lmay qolgan bir uchi sal-pal qimirladi.
— Qaytib keladi, agar ayb o‘zida bo‘lsa, albatta qaytib keladi.
Mullajon umidsiz bosh chayqadi.
Qo‘liga chamadon ushlagan o‘rta yoshlardagi bir xotin kelib uyga kirib ketdi. Bu Mullajonning xotini Bashorat edi.
Mullajon o‘rnidan turib, xotinining ketidan hovliga kirdi.
— Hoy, xotin, tavba qildim, endi ichsam, birovdan pul olsam, go‘rimda to‘ng‘iz qo‘psin.
— Eski gap. Bu gaplarni juda ko‘p eshitganman. ZAGS qog‘ozi qani?
Mullajon birov chovut solayotgandek, yon cho‘ntagini o‘ng qo‘li bilan ushladi.
— Erkak boshim bilan oyog‘ingga yiqilaman. Xotin yuzini teskari o‘girdi.
— Bir yilning ichida o‘n bir marta oyog‘imga yiqildingiz. Endi yiqilsangiz, peshonangizni qashqa qilasiz. Qo‘ying endi, ZAGS qog‘ozimni bering.
Tomga odam yig‘ildi. Bu mahallada Mullajonning hovlisiga odam yig‘ilishi odat tusiga kirib qolgan edi. Ko‘chadan o‘tgan odam tinchlik bo‘lsa ham «g‘alva chiqmadimikin» deb albatta ehtiyot shartidan ularning hovlisiga ko‘z tashlab o‘tadi. Bugungi shovqinga ayniqsa odam ko‘p yig‘ildi.
O’lgudek ichib, ko‘z yoshi qilayotgan Mullajon hovlidagi yero‘choqqa oyog‘ini osiltirib o‘tirar, hadeb rahmi kelarmikin degan o‘y bilan bir ko‘zini sal qisib, tilini chiqazib yo‘talardi.
— Bermaysizmi? — dedi xotin uning oldiga kelib, qatiy tovush bilan.
Mullajon uning ko‘ziga mo‘ltirab qaradi. Bu qarash Bashoratga sira-sira ta’sir qilmadi. U Mullajon bilan yetti yil turmush qilgan bo‘lsa, hammavaqt Mullajon qilg‘ulikni qilib qo‘yib, xotinining ko‘ziga mo‘ltirab qarab, gunohini yengillatib kelardi.
Bu gal ham uning mo‘ltirab qarashi xotinida shafqat emas, g‘azab qo‘zg‘atganiga ishonmasdi. Mullajonning ko‘rinishi shu ahvolda bo‘lsa ham ko‘ngli mutlaqo xotirjam. U, «bir pov etib yonadi-yu, o‘chadi, xotinlarning jamiykisi shunaqa bo‘ladi» deb o‘ylar edi.
Bugungi janjal nimadan chiqdi? To‘plangan odamlar bu mojaroni avvalgilariga sira o‘xshamasligini bilib qolishdi.
— Axir, men ham odamman. Rezinkani ham hadeb cho‘zaversang, oxiri uziladi. Ha, turmush bo‘lmay o‘lsin bu! Nahotki, yetti yil yashab, bir kun huzur-halovat ko‘rmasam-a!
Bashoratning gapini eshitgan Mullajon o‘choqning chetiga tiralib, o‘rnidan turdi.
Bunaqangi g‘ovg‘alar joniga tekkan qo‘shni xotin ko‘lini paxsa qilib, Mullajonning oldiga keldi.
— Menga qarang, qo‘shni. Mahalladan ko‘chib ketsak, tinchiymizmi, a? Bizniki shuncha jondan basir qildingiz, tag‘in ham Bashoratning joni po‘latdan ekan.
— Siz aralashmang, er-xotinning o‘rtasiga esi ketgan tushadi.
Gapga Bashoratning o‘zi aralashdi:
— Artelda to‘rt ming rastrat qildi, oyog‘imga yiqilib, mana shunaqa ko‘zini mo‘ltiratib turib oldi, har nima qilsa, erim dedim, tilla soatimni sotib to‘ladim. Allaqaysi skladda uch oy ishlab, ikki ming olti yuz qarz bo‘ldi, yana ko‘zini mo‘ltiratdi, ilojim qancha, sho‘rim qursin, erim ekan, gilamimni sotdim. Atta ishladi, uch ming, batta ishladi, bir yarim ming qarz bo‘ldi, bori-yo‘g‘imni sotib bitirdim. Bugun bir varakayiga uch kishi pul qistab kelsa bo‘ladimi, xotinim beradi, deb olaveribdi. Shuncha pulni qaerdan olaman? Qilgilikni qilib qo‘yib, yana ko‘zini mo‘ltiratadi-ya. Uning ustiga tilini chiqazib, yo‘taladigan odat chiqazibdi.
— Rahmi kelarmikin, deydi-da, — dedi qo‘shni xotin.
Hamma xaxolab kulib yubordi.
— Sen gapga aralashma, — dedi Mullajon. — Bosh yuvayotganingda tomdan qaraganman, bo‘yniigda sovun ko‘pirmas ekan, senga kim qo‘yibdi gapga suqilishni?
Bu gapning xozir bo‘layotgan g‘ovg‘aga nima aloqasi borligini bilmagan kishilar «egri mo‘ridan — egri tutun» deb, indamay qo‘ya qolishdi.
— O’zimni osaman! — dedi Mullajon xotiniga qarab. Bashorat qarzga sotilib ketgan buzoqning shaftoliga osig‘liq arqonini olib uning oldiga tashladi.
— Voy, bu nima qilganingiz, naq o‘zini osib qo‘yadi-ya,— dedi kimdir Bashoratning qulog‘iga shivirlab. Bashorat unga «xotirjam bo‘ling» degandek qarab k$'ydi.
Mullajon arqonni qo‘liga olib, yana tilini chiqazib yo‘taldi. Ko‘zini suzib xotiniga qaradi. Nazarida xotin yumshamaydigan ko‘rindi.
— Maylimi? — dedi Mullajon.
Xotin indamadi. Mullajon belbog‘ining qatidan nosqovog‘ini olib, kaftini to‘ldirib nos otdi, xotirjam yurib kelib ayvonning dahaniga o‘tirdi.
— Gapning ochig‘ini aytaymi? Qo‘yadigan xotinim yo‘q! Menga qara, Bashorat, meni oxirgi marta xijolatdan qutqar, atigi o‘n bir yuz so‘m kerak. Ziragingta xaridor topdim. Shu qarzdan uzilay, undan keyin go‘sht do‘koniga ishga kiraman, yeganing peshnob, kiyganing atlas bo‘ladi.
Bashorat, «esiz odamgarchilik» degandek unga bir o‘qrayib qaradi-yu, tars-turs yurib, xovlidan chiqib ketdi. Boyadan beri hurpayib, qulog‘ini qashib o‘tirgan baroq mushuk Mullajonga «xayr» degandek, qisqagina bir miyovlab Bashoratga ergashdi.
Shu bilan hikoya bitdi. Balki o‘quvchi, Bashorat-ku ketdi, u o‘tli-shudli xotin ekan, o‘zini eplab ketadi, biroq Mullajon nima bo‘ldi, tuzalib odam bo‘lib ketdimi, deb so‘rar.
Kechagi dam olish kuni Mullajonni tovuq bozorida ko‘rib qoldim, chog‘imda, urishadigan xo‘roz qidirib yurgan edi, shekilli.

1956 yil.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.