OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Xomtalash (hajviya)

«Kambag‘al bo‘lsang ko‘chib boq, boyvachcha bo‘lsang o‘lib boq» degan gapda hikmat ko‘p ekan. Bu hikmatning ma’nisi kechqurun bilindi. Mahallaning so‘fisi marhumning bevasini ayvonga chaqirib, qolgan marosimlarni qandoq o‘tkazish to‘g‘risida yo‘l-yo‘riq ko‘rsata boshladi.
— Yanga, bir o‘lim hammamizning ham boshimizda bor. O‘lgan o‘ldi. Qolganga qiyin. Endi shundoq qilsangiz: yettisiga bir qo‘y so‘yasiz. Olti mahalladan odam aytiladi. Alalxusus, yigirmasida ham shundoq bo‘ladi. Har shanba kuni mahalla qariyalarini chaqirib, osh-tuz qilib duoyi-fotihani uzmaysiz. To qirq kungacha arvoh chirqillab, uy atrofida aylanib yuradi. Ha, shundoq.
Kampir ko‘zlarini pirpiratib nima deyishini bilmay turardi. Uning eri unchalik oshib-toshib ketmagan, ro‘zg‘origa yarasha pul topib kelgan odam edi. O‘lgandan keyin bunaqa xarjlarni sira xayoliga keltirmagan. Kampirni vahm bosdi. Bir yilgacha bu tariqa xarjlarga pulni qaydan oladi. Rasm-rusmni qilmasa ayb bo‘ladi. Yurt nima deydi? Arvoh eshik oldida chirqillab yurgan bo‘lsa. So‘fi yana gap boshladi.
— Yanga, marhumning qarindosh-urug‘lari ko‘p edi. Akasi, ukasi, singillari, jiyanlari. Bu hovli marhumning otasidan qolgan. Hovlida shu sag‘irlarning mahri bor. Ana, eshik oldida turishipti. Shu gap janjalga qolmay, issig‘ida hovliga narx qo‘yib merosxo‘rlarning mahrini belgilab qo‘ysak.
Eshik oldida turgan mahrtalablar quloqlarini ding qilib ayvon tarafga qarashdi. Hammasining egnida qimmatbaho kiyimlar, qo‘llarida tilla soat, oyoqlarida xirom etik, uchi nayza tufli. Biri qorin tashlagan, birining bo‘yni yiltiragan, biri brilliant ko‘zli uzuk taqqan...
Beva kampirning egnida qora ko‘ylak, boshida ham motam munosabati bilan bo‘yalgan shtapel ro‘mol. Oyog‘ida tak charmi ikki marta yangilangan kavush. Uning holatidan, nihoyatda tang ahvolda qolgani bilinib turardi. Oxiri u jur’atsizgina qilib gapirdi.
— Bu, axir, o‘likni talash emasmi? Bu uy o‘lgur ertami-indin buzilib ketadi. Nimasini talashishadi. Bir yilgacha marosimlarni o‘tkazaman, deb qoqqanda qozig‘im, osganda xurmacham qolmaydi. Jigar bo‘lsa, aka bo‘lsa, uka bo‘lsa, singil bo‘lsa, mundoq yonimga kirib xarjlarni sal yengillatishsin-da.
Bo‘yni yiltiragan mahrxo‘r tilla tishini yaltiratib gap qotdi.
— Kelin aya, sarfni ayamay qilavering. Hovli sotilgandan keyin mahr hisobidan raschyotini to‘g‘rilaymiz. Bu yog‘iga xotirjam bo‘lavering.
— Ha, shundoq bo‘laversin, — dedi qorin tashlagan mahrtalab. — Ammo, lekin, xarjni unchalik katta qilib yubormang. Mahr taqsimida uncha-muncha qo‘limizga ham tegadigan bo‘lsin.
Marvarid shodali zirak taqqan, ponbarxat ko‘ylagining yengini shimarib bolasiga holvaytar yedirayotgan mahrxo‘r xotin gap qotdi:
— Qandoq xarj bo‘lsa akalarim, ukalarim hisobidan bo‘lsin, xotin boshim bilan nega men qilarkanman. Mening mahrimni bechiqim qilib berasizlar.
Beva kampirning ko‘zlarida yosh yiltiradi.
— Qandoq qilaman? Bu xarjlarni qayoqdan olaman?
So‘fi o‘ylab turib juda ham «ma’noli» bir gap aytdi.
— Hoziroq hovliga baho qo‘yish kerak. Ana shu baho hisobidan birovdan pul ko‘tariladi.
Bo‘yni yiltiragani bu gapni ma’qulladi.
— Shundoq bo‘lgani ma’qul. Masalan, men hovli hisobidan qarz berib turishim mumkin. Ammo uch-to‘rt kishining guvohligida.
Shu payt eshikdan ikki xotin kirdi. Boya mahrni bechiqim olaman deyayotgan xotin o‘rnidan tura solib kelgan xotinlarning bo‘yniga osildi.
— Jigarimdan ayrilib qoldimo...

Sandiq to‘la sariq gul
Taqsam ado bo‘lmaydi.
Jigarimning dardini
Aytsam ado bo‘lmaydi.


Voy akaginam qandoq odam edi-ya, shundoq mehribonimdan ajraldimo...
U yig‘ini tugatib, yana orqaga qaytdi. So‘fining oldiga kelib:
— Har kimning mahrini o‘z qo‘liga berasiz, — dedi.
— Xo‘p, opa, xo‘p. Narxi ochildi. Ukangiz qarz berib turadigan bo‘ldilar.
Xotirjam bo‘lgan xotin yana ovozini baland qo‘yib yig‘i boshladi.

Uzun-uzun arg‘amchi
Yo‘lda yotsa maylimi.
Shundoq aziz jigarim
Go‘rda yotsa maylimi.


Akaginamdan ayrilib qoldimo-o-o...
Ham eridan, ham hovli-joyidan ayrilgan kampir ko‘zidan milt-milt yosh oqizib, qimirlamay turardi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.