OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Tabib (hajviya)

«Nosir buva o‘rikdan yiqilib tushibdi», degan gap juda tez tarqaldi. Qo‘ni-qo‘shnilar, o‘g‘il-qizlari, boringki, jamiki qarindosh-urug‘lari to‘plandi. 
Nosir buva yetmishga kirgandi. Uni ustiga o‘rikdan ham yiqilib tushdi. Bu yog‘i ma’lum-da.
 Erkaklar bir-birlariga ma’noli bosh chayqashni, xotinlar motamda kiyiladigan ust-boshlarini hozirlashni boshlashdi. Busiz mumkin emas-da. Axir ota yetmishga kirgan. O‘rikdan ham yiqildi. So‘rida inqillashni ham ja o‘rniga qo‘ymoqda. Endi bu yog‘i...
 Faqat kampiri — Chaman xola beparvo. Qarib miyasi suyulib qolgan-da, shu pallada sigirining kanasini terish bilan ovora! Eshikdan o‘rtanchi o‘g‘li — Akramjon kirgandagina u sal sergaklanib, jilmayganicha boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
— Ota, ota, tuzukmisiz? — Akaramjon otasining tepasiga borib so‘radi.
— Ihi! Ihi! Ihi! A-a-akram, s-s-senmisan? — bemor ko‘zini xiyol ochdi.
— Menman, ota, menman!
— Rozi bo‘lasan endi, — deb ota vidolashganday ko‘zini yumdi.
— E, qayoqdagi gaplar bilan odamni qo‘rqitmang! — Akramjon qo‘l siltadi. — O‘rikdan yiqilganlarning ham-masi o‘laversa — bu dunyoda odam qolmasdi!
— Sen oldin men yiqilgan joyni ko‘rgin! — otaning ovozi zardali, shu bilan birga dadilroq yangradi. Hatto qo‘li bilan o‘rikka imladi. — Hov, ayridan yiqildim.
— E, u ayri nima bo‘libdi! — o‘g‘il o‘rik tomon yurib, shartta ayriga chiqdi. — Shu yerdan yiqildingizmi?
— Ha, ha.
— Bu yerdan yiqilgan odam o‘lmaydi.
— O‘ladi!
— O‘ladimi? Bo‘lmasa menam o‘zimni shu yerdan tashlayman, o‘laman, birgalashib ketamiz! Mana, qarab turing! — deb Akramjon o‘zini tashlamoqchi bo‘ldi.
— Hay-hay-hay! — Nosir buvaga qaydan g‘ayrat topdi, o‘mganini ko‘tarib, qo‘l siltay ketdi. — O‘lmaydikan, o‘lmaydikan! Tashlama! Mana, men o‘lmadim-ku!
— O‘lmasa ham et-beti lat yeydi, o‘n-o‘n besh kun oh-voh qilib, ko‘rgani kelganlarning tekin ovqatini yeb maza qilib yotadi! Menam bekorchiman, ota, hasratlashib yotamiz. Qarab turing!
— Yo‘-yo‘-yo‘q! Lat ham yemas ekan, mana! — bemor o‘rnidan dast turib ketdi. — Qara, hammayog‘im sog‘u salomat. Tush!
Akramjon o‘rikdan tushdi. Qo‘ni-qo‘shnilar, o‘g‘il-qizlar, qarindoshlar qo‘l siltashib jo‘nashdi. Chaman xolaning qo‘li esa, Akramjonning yelkasiga kelib tushdi.
— Akram, yaxshiyam sen borsan, bolam. Bilardim, otang o‘lmasdi. Ammo oh-voh qilib yotib olardim, uch oy kasal boqardim.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.