OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Buvi (hikoya)

Nargis to‘g‘nag‘ichini labiga qistirgancha oyna oldida soch tarar, uning salgina buralgan qalin sochlari nozik yelkalarini o‘rab turardi. U boshini yengilgina silkib, yuziga yaqin sochlarini orqaga oldi. Hozirgina kiygan xalatining bog‘ichlarini qayta bog‘lar ekan, kir taxlab o‘tirgan Umriniso buvining yoniga keldi.
— Zerikmadingizmi, buvijon? — dedi u yumshoqqina kulib. — Qo‘ying, o‘zim qilaman.
— Bekor ham o‘tiribman-da, bolam. Choy qaynayapti. Damlab beraymi?
— O‘zim, — Nargis shunday deb oshxona tomonga chiqib ketdi. Ertalabdan beri stolga engashib olib, allanarsalarni chizayotgan To‘lqin boshini ko‘tardi. Bila-gidagi soatiga qarab qo‘yib bir nafas o‘ylanib turgach, peshanasini uqalab borib radioni buradi. Oxirigacha buralgan radiodan qandaydir bir kuy gumburladi. Umriniso buvining qulog‘i chippa bitib qolganday bo‘ldi-yu, pastroq qil, degisi kelmadi. Chunki, To‘lqinning darsiga bu shovqin xalaqit bermayotganday edi. U ba’zan qo‘llarini beliga tiraganicha qog‘ozga tikilib turar ekan, «pa-pa-pam, lya-lya-lyam» deb muzikaga jo‘r ham bo‘lib qo‘yardi. Kirib-chiqib yurgan Nargisning ham yuzida tabassum, ruhining yengilligi kulgiga moyil lablaridan shundoqqina sezilib turibdi. U yaqinginada o‘qishdan qaytdi. To‘lqin bo‘lsa endi ketadi.
Nargis juda chaqqon, mehnatkash qiz. To‘lqinning qilgan savdosi onasiga yoqmagani uchun ko‘pincha bozor-o‘charga ham Nargisning o‘zi borardi. Uylarni ham yaraqlatib tutadi. Yana yarim kechagacha o‘tirib dars qiladi. Umriniso buvi uning tinib-tinchimas, jonsarakligiga qarab turib o‘zining yoshligini esladi.
Yengil qadamlar bilan Nargis kirdi.
— Qani, choyga chiqinglar, buvi! Babulya! 
Umriniso buvi muzika ovozida uning gapini eshitmadi. Boshini qimirlatib, bir qo‘lini qulog‘ining orqasiga olib bordi. Nargis radioni pasaytirdi.
— Choy ichamiz.
Umriniso buvi uning ketidan boshqa uyga chiqdi. Ketma-ket To‘lqin ham kirdi. Tovada jizillab turgan go‘sht bilan kartoshkani Nargis o‘rtaga qo‘yarkan, buvisiga qarab jilmaydi:
— Rahmat, buvijon. Qovurib qo‘ygan ekansiz, isitdim. — U bitta taqsimchada to‘g‘ralgan piyoz bilan rediska ham olib keldi-da, tortmadan vilka olib ularning oldiga qo‘ydi.
Umriniso buvining qorni ochmagan bo‘lsa ham bolalarning ko‘ngli uchun uncha-muncha yeb o‘tirdi. To‘lqin hech kimga qaramasdan shoshib ovqatlandi-yu, qog‘ozlarini o‘rab darsga ketdi. Nargis To‘lqin o‘tirgan joydagi non ushoqlari, g‘ijimlangan salfetka qog‘ozini yig‘ishtirib olar ekan:
— Buni qarang, doim ketidan yig‘ishtirib yuripshm kerak. Biram pala-partish, — dedi.
— Qo‘yaver, o‘g‘il bola.
— Dadam unaqa emaslar-ku! Uylansa, xotinining ham joniga tegadi bu! Biram g‘o‘daygan.
— Ko‘ryapsan-ku, chizmakashligidan bo‘shamayapti. Charchagandir bechora bolam.
— Shuncha bolani qanday katta qilgansiz-a, buvi? Nargis buvisini gapga solishni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa yoshligi, bolalarini qanday tarbiya qilgani haqida ko‘p so‘raydi. O‘zi kam gapiradi. O‘zbekchani yaxshi tushunadi-yu, qiynalibroq gapiradi. U choy quyib uzatar ekan, buvisini yana so‘roqqa tutdi:
— Dedushkam sizga qarasharmidi?
— Qarashishga vaqti yo‘q edi, bolam. U vaqtlarda doktorlar kam, kasal bo‘lsa ko‘p edi.
— Charchamasmidingiz-a?
— Avval yosh edim. Keyinroq bolalarning o‘zlari qarashadigan bo‘lishdi.
— Mana, siz pedagogikani bilmaysiz-a, buvi? Umriniso buvi nevarasiga tikildi.
— Bilmadim. Darsingmi u?
— Ha, dars desa ham bo‘ladi. Umuman tarbiya, bolalarning tarbiyasi haqida. Lekin bolalaringizning hammasi yaxshi.
Umriniso buvi sekin xo‘rsinib qo‘ydi:
— Men ularning yaxshi tomonlarini ham, boshqaga bilinmaydigan kamchiliklarini ham bilaman, bolam.
— Mana, dadamni olaylik. Juda madaniyatli, to‘g‘ri, yana nima desa bo‘ladi, — Nargis fikrini aytishga so‘z topolmay qoldi. — Ha, halol odam. Uni siz boqqansiz. Lekin pedagogikani bilmaysiz. Qiziq-a?
Umriniso buvi kulib qo‘ydi. Ko‘zlariga yana xayol cho‘kdi. U eri Otajonni eslagan edi.
Bir kuni ukol olib yurgan qo‘shnilaridan biri qo‘yarda-qo‘ymay yigirma so‘m pul tashlab chiqib ketdi. Umriniso avvaliga olmadi. Keyin o‘ylanib qoldi. Axir, do-ri-darmonni eri pulga sotib oladi-ku. Bironta kamlariga yarar. Bolalar ko‘p. Birining eskisini biri kiyadi. Kichkinaroqlariga yangi kiyim olib berisholmaydi. Ana shu o‘y bilan pulni olib qoldi. Kechqurun Otajon ishdan qaytdi. Ovqatlanib bo‘lib gazeta o‘qib o‘tirgan edi. Bolalarning ham hammasi uyda. Kattalari dars tayyorlashib o‘tirishardi. Umriniso haligi pulni eriga aytdi-yu, baloga qoldi, Otajonning rangi oqardi, lablari pirpirab uchdi. Xotiniga hech qattiq gapirmagan odam gazetani shaldiratib silkib tashladi.
— Uyalmadingizmi? Nahotki uyalmadingiz?! Qo‘shningiz-a! Sharmanda qilibsiz. Erim boyish uchun, uyda pul topish uchun doktorlikka o‘qidi, deyar ekansiz-da?
Otasini hamma vaqt og‘ir, sipo ko‘rishga o‘rgangan bolalarning rangi o‘chib, javdirab turishardi. Otajon yigirma so‘m pulni o‘g‘li Sharifning qo‘liga tutqazdi.
— Bor, olib chiqib ber!
Sharif bir dadasiga, bir boshini egib turgan onasiga qaray-qaray pulni olib chiqib ketgan edi. O‘sha Sharif hozir Nargisning dadasi. Ana shu hayotda o‘sgan, ana shu muomalalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bolaning halol bo‘lmasligi bormi?! Umriniso buvi ana shularni o‘ylardi-yu, nevarasiga qanday tushuntirishni bilmasdi.
Sharifni o‘ylaganda ona mamnunlik bilan bir entikib oladi. Uning ishi g‘oyat savobli ish. U gazetada ishlaydi, umri komandirovkada o‘tadi. U oblastning hamma burchaklarini bilar, uning qalamidan yaxshilar elga tanilsa, yomonlar sharmanda bo‘lardi. U har ketganda qanchadan-qancha yangi odamlarning nomini aytib kelar, yaxshi kishilar haqida to‘lib-toshib, zavq muhabbat bilan gapirib berardi. Umriniso buvi gazeta ushladimi, ko‘zoynagini tutib, undan o‘g‘lining otini, familiyasini qidirardi. Topib olsa kulimsirab, tikilib qolar, qo‘li bilan silab ham qo‘yardi. Ha, uning o‘g‘lini hamma biladi. Tanimaganlar ham baribir, nomini eshitishgan. Onaning eng katta baxti mana shu edi.
Kelini Sultonxon ham juda yaxshi ayol. U katta bir maktabning direktori. Kamtar, mehnatkash xotin. Sharifjonni juda avaylab turadi. Shuning uchun ham Umriniso buvi uni yaxshi ko‘radi. O‘g‘lining tinchligi, xursandchiligi xotinining yaxshiligidan-da. Bolalari ham yomon emas. Faqat, ba’zi narsalar keksa onaga yoqmaydi. Bozorga To‘lqin borishi kerak. Nargis emas. Har qalay erkak kishi xarajat qilishni o‘rganishi kerak-da. Yuk ko‘tarish ham o‘g‘il bolaga osonroq. Undan keyin buvilari bo‘lmasa Nargis ukasi bilan o‘zbekcha gapirishmaydi. Nargis idishlarni yuvib qo‘yib uyga kirdi.
— Nega o‘ylanib qoldingiz? Dedushkam esingizga tushib ketdimi? — dedi hazillashib.
U to‘g‘ri aytayotgan zdi. Ertaga payshanba, uyiga borib chirog‘ini yoqib kelmasa bo‘lmaydi.
— Buvi, kechqurunga nima ovqat qilaylik?
— Bilmadim, bolam.
— Hali vaqtli ekan. Kirlarga dazmol bosib qo‘yay, keyin qilarman.
— Ovqatni men qila qolarman.
— Yo‘q, siz dam olib o‘tiravering. Ketaman demasangiz bo‘lgani. Esizgina, karam olib kelganimda do‘lma qilar edik.
Nargis shipillaganicha taxlog‘liq kirlarni ko‘tarib chiqib ketdi. Bir nafasdan keyin uning ovozi balkondan eshitildi.
— Buvi, bu yoqqa chiqing! Yonimda o‘tiring. Umriniso buvi o‘rnidan turib ro‘molini asta tuzatar ekan, nevarasi yoniga chiqdi. U Nargisni yaxshi ko‘rar, yolg‘iz o‘zi qolganida zerikishini ham bilardi. Nargis ham unga yurak sirlarigacha ishonib aytar, kurslaridagi bir yigit uni yaxshi ko‘rishini ham qizara-qizara gapirgan edi. O‘zi haqida indamagan bo‘lsa ham uning yonib, porlab turgan ko‘zlaridan ko‘ngli moyilligini keksa ona payqagan edi.
— Onasi bor. Dadasi urushdan qaytmagan ekan, — degan edi achinib Nargis. — Amallab opasini uzatishibdi. O‘qishni tamomlab ozroq ishlasak, keyin to‘y qilamiz, deydi. Unaqa to‘la-to‘kis turishmaydi, buvi. Nima, aybmi, o‘zimiz ishlab topib olarmiz. Mana, dadam bilan oyim ham hamma narsani o‘zlari olishgan. To‘g‘rimi, buvi?
Umriniso buvi uning yelkasini mehr bilan silab shunday degan edi:
— Kim boy, bilasanmi? 
Nargis yelkasini qisdi.
— Yaxshi ko‘rishganlar, ahil turganlar boy. Kim baxtsiz? Janjalli uyda yashaydiganlar baxtsiz.
Nargas suyunib buvisini quchoklab olgan edi.
— Zamonaviy kampirsiz-da, buvi. Shu zamonda yashab turib o‘n beshinchi asrda yurganlar ham bor.
— Unday dema, bolam. Hamma zamonda ham yaxshilar yashagan, yomonlar ham. Dunyoning tinchligi yaxshilarning sharofatidan.
— Shuni aytyapman-da. Lekin ayamga hali aytmayman. Ishi ko‘p. Hozirdan o‘y o‘ylatib nima qilaman.
Kampir nevarasi yoniga o‘tirayotib ana shularni esladi. Nargis kirga suv purkar ekan, buvisining hayolini bilib turganday shivirladi:
— Buvi, bilasizmi, oyisini ko‘rdim.
Umriniso buvi kimning oyisi haqida gap borayotganini darrov payqadi.
— Birga ketishayotgan ekan. Uzokdan ko‘rib qoldim. Yaxshi xotinga o‘xshaydi.
— O‘g‘li yaxshi bo‘lsa, onasi ham yaxshi bo‘ladi-da, bolam.
— Mening suratimni uylariga qo‘yib qo‘ygan emish. Suratim yoqibdi. O‘zim ham yoqarmikanman? — Nargis shunday deb sharaqlab kulib yubordi. Uning yuzlariga qizillik yugurgan edi.
— O‘zing ham yoqasan, bolam.
— Buvijon, siz hamma vaqt yaxshi gaplarni gapirasiz.
Umriniso buvi oyog‘i ostida yotgan bir varaq qog‘ozni engashib olib yozuviga tikildi.
— Ko‘zim o‘tmayapti. Bu nima ekan, o‘qib ko‘r. Dadangning xatiga o‘xshayapti. Tag‘in kerakli qog‘ozi bo‘lmasin.
Nargis dazmolni qo‘yib, qog‘ozni oldi. Qoshlarini chimirib, unga ko‘z yugurtirdi-da, buvisiga qaytarib ber-di.
— Tushunmadim. Qishloq xo‘jaligi, daromad, yana nimalardir yozilgan. Dadamning gazetaga yozganlaridan bo‘lsa kerak.
Umriniso buvining yuragi allanechuk bo‘lib ketdi. Ha, dilini xira qilgan narsalarning biri mana shu edi. Lekin pedagogika degan darsida bu haqda aytilmaganmikan...
— Bilasanmi, — dedi Umriniso buvi o‘ychanlik bilan, — sen qaynonanga yoqmasliging ham mumkin. Dazmolni ko‘tar, kuydirasan!
Hangu mang bo‘lib qolgan Nargis shoshib dazmolni oldi-da:
— Nega endi birdaniga? — dedi hayronlik bilan.
— Seni kim boqib katta qildi? 
Hech narsaga tushunmagan Nargis:
— Dadam, ayam, — dedi ko‘zlarini pirpiratib.
— Qanday qilib, nima bilan boqishdi?
— Buvijon, nima demoqchisiz o‘zi?
— Javob ber!
— Ishlab boqishdi-da, albatta.
— Dadangning topib kelgan nonini yeysan, olib kelgan ko‘ylagini kiyasan. Lekin qanday qilib bu pullarni topdi, nimalarni yozdi, uning senga qizig‘i yo‘q. Shundaymi? Dadangning yozgan narsasini hatto tushunmaysan, ammo puli yaxshi. Uyalmaysanmi, bolam? Ukang bo‘lsa sendan battar.
— Voy, buvijon, umuman tushunaman, lekin qiyin.
— O‘nta tilni bilsang ham mayli, bilaver. Lekin seni boqayotgan tilni bilmasang, odammisan sen? Agar qaynonang mening ko‘nglimdagidek xotin bo‘lsa, boring, bolam, avval onangizning tilini o‘rganib keling, deydi.
Nargis gap topolmay nuqul: «Voy, buvijon» — deyar edi.
— Agar buvang tirik bo‘lganida 6u qilmishing uchun, bilmadim, nima qilar edi. Bolalaring bo‘lsa, o‘zing bilmagan tilni ularga qanday o‘rgatasan? Maktabidan o‘zbek tilidan ikki olib keladimi?
Umriniso buvining shunday jahli chiqqan ediki, hatto Nargisni gapirishga ham qo‘ymay, siltab-siltab tashladi. Nargis buni payqadi. U g‘alati, o‘ng‘aysiz ahvolda qoldi. Sevimli buvisi uni hech qachon bunchalik urishmagan edi.
— Tavba qildim, buvijon. Juda ham unchalik tushunmayman emas.
Kampir qog‘ozni silab, tekislab ikki bukladi-da, unga tikila-tikila o‘g‘lining stoliga qo‘yib chiqmoq uchun uyga kirib ketdi. Qo‘ng‘iroq jiringladi. Nargis yugurib chiqib eshikni ochdi. Bu Sultonxon edi.
— Namuncha qizarib ketibsan?
— Dazmol bosayotgan edim.
Nevarasiga zimdan nazar tashlagan Umriniso buvi keliniga yuzlandi:
— Keldingizmi, bolam?
— Zerikmay o‘tiribsizmi? Yaxshiyamki Nargis bor ekan. Siz bo‘lsangiz, Nargisning ham uydan chiqqisi kelmaydi.
— Endi uyga kirgisi kelmasa-chi?
— Nega? — Sultonxon javdirab ikkalalariga qaradi.
— Qo‘ysangiz-chi, buvijon. Hecham unday emas. — Nargis kulib, balkonga chiqib ketdi.
Hamon savol nazari bilan qarab turgan keliniga kampir:
— Ozroq urishdim, — dedi kulib. Sultonxon ham kulimsirab qo‘ydi.
Kechqurun ovqat ustida ham Nargis buvisiga qarab-qarab qo‘yar, ba’zan hayol surib qolardi. Uning ahvolini Umriniso buvi sezar, gaplarini qattiqqina tekkanini ham payqar edi. To‘lqin ham o‘qishdan qaytdi. Qo‘llarini yuvib stolga o‘tirar ekan:
— Ujasno kushat xochu, — dedi. Nargis javdirab buvisiga qaradi.
— Chiq, oshxonada yeya qol. Yur, yur, deyapman senga! To‘lqin erinibgina o‘rnidan gurdi.
— Sharifjon qachon kelarkan? 
Sultonxon qaynanasiga choy uzatar ekan:
— Zerikib qoldingizmi, oyi? — dedi kulib. Sultonxon qaynanasining fe’lini yaxshi bilib qolgan. Ertaga hech qanday kuch uni bu yerda olib qololmas-ligini ham biladi. Umrini, mehri, mehnatini bolalariga ulashib yurgan bu kampir, nuragan, jimjit uyi bilan bir kungina sirlashib, o‘chgan xotiralarga chiroq yoqib kelishni kanda qilgan emas. Uni charchashga qo‘ymagan e’tiqod ham, balki shudir.
Umriniso buvi hozir shu hakda o‘ylardi. Hamma narsaga e’tiqod kerak. El-yurtga ham, muhabbat, ro‘zg‘orga ham, hatto tilga, so‘zga ham. E’tiqod qo‘yilmagan narsa xarob bo‘ladi. Nevarasining dilini og‘ritdi. Lekin tushuntiroldimikan...
Ha, hech kim o‘z farzandining yaxshi, yomon tomonini onasichalik bilmaydi. Lekin ona hammaga aytavermaydi. Ko‘ngli to‘lmasa, ko‘ngliga yoqmagan narsalarni to‘g‘rilay olmasa, pinhoniy dard chekadi. Umriniso buvi hozir ana shunday ahvolda edi. U nevaralarini nihoyatda yaxshi ko‘rar, baxtli bo‘lishlarini, ularga hamma havas bilan qarashlarini juda-juda istar edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.