OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salomat Vafo. Tutilgan oy (hikoya)

“Olmay qadr qon bo‘lsin, bermay otasi o‘stirmay onasi o‘lsin!... ”
Cho‘lpon. «Oydin kechalarda». 


Naqshinkor ustunlarning tilloviy tovlanishidan ko‘z qamashadi. Turli xil yaltiroq toshlar bilan bezalgan mehrob shaklidagi pechlar, xayoliy tasavvurlar jo bo‘lgan gulchin devorlar, aqlni o‘g‘irlaydurgon qon rangli gilamlar, mitti shamdonlardan iborat masrur qandillar osilgan sehrli bir ayvon, sehri bilan devorga suyanganicha qotib o‘tirgan bir go‘zalning xayolini buzishga ojiz. Enasi ko‘p umidlar bilan Oybibi deb nom qo‘ygan bu qizning yigidan qizargan ko‘zida, g‘amdan ko‘pchigan yuzida loqayd, beparvo bir tuygu qotib qolgan, xinador barmoqlarning nozik titrashidan, qora sochlari, kipriklarining og‘ir-og‘ir silkinishidan sovuq bir fojeaning sabolari esardi. 
Oybibi charxi kajraftorning shafqatsiz do‘nishidan, kechagi sabohli kunning fojeaviy zulmatga aylanuvidan karaxt va jonsizday o‘tirardi. Ul baxtli sabohli kunda dunyoda Ozodbek degan, Turkiyada saboq olib qaytgan zakiy bir yigitning borligini bilgandi. Azbaroyi sevinganidan, suyunganidan uning boshiga kiyib olgan kiyimni ko‘rsatib xandon-xandon kulgandi. Ul baxtli kun Oybibi:
— Boshingizdagi nadur, Ozodbek og‘a, — dedi. Ozodbek o‘ng‘aysizlanib bosh kiyimini qo‘liga olib, o‘zi ham go‘yo bu narsani birinchi bor ko‘rayotganday hayron-hayron tikildi.
— Bu fasdur, Turkiyadagi turklarning milliy kiyimi. 
Shunda qiz yanada qattiqroq kulib dedi:
— Siza o‘zimizning xorazmiy papaxlar va sheroziy cho‘girmalar ham dim yarashadi. 
— Bilaman. 
— Bilsangiz kiying-da. 
— Endi kiyamiz-da. 
Bir muddat yigit va qiz bir-biriga so‘zsiz tikilib, nigohlar ila ahdu-paymon qildilar. 
— Odingizni kim qo‘yg‘on-a?
— Enam. 
— Oybibi — Bibilarning oyi!
Oybibi o‘yida gavdalangan Ozodbekning aziz bo‘ylarini qo‘msab-qo‘msab, atrofida sho‘x-shodon yurgan boshqa qizlarning saslarini eshitmay, mahkuma yuzlarini ko‘rmay, endi ko‘z ochgan bo‘loqday ko‘zidan mildir-mildir yosh oqdi. 
Ey, Ollo nahot endi yozig‘lig‘i shu bo‘lsa? Nahot saroy mahkumalarining qismati, shu nahs bosgan bolorlar1 orasinda kechayotgai umri bir xil, har tun boradigan yo‘llarining oxiri xonning, harom va faxsh girdobida g‘arq bo‘lgan to‘shagida tugasa?
Yo Ollo, kechagina ul baxtli kun Bibilarning oyi Ozodbek bilan sarrin-sarrin yellarga, bedana va bulbullarning sayroqi-sayroqi saslariga, beda va dala o‘tlarining go‘zal-go‘zal islariga to‘lgan keng dalada uchrashgan edi. Saraton qizning yuragiday yonib yotardi. Ko‘kda quyosh shu qadar katta edi-ki, Oybibining yuragida Ozoddan boshqa, butun yer yuzida esa quyoshdan boshqa nur sochguvchi, kuydurguvchi yo‘q edi. Zo‘r kurashdan so‘ng hijron jangida g‘olib chiqqan muhabbat qo‘shinlari, rashk va ayriliq o‘tlaridan gulxan yoqmoqliklari lozim edi. Nihoyat suyimli-suyimli, aziz-aziz diydorlashdilar. Bibilarning oyini sog‘inch va intizorlik unlariga to‘la tovushi qaltirab chiqdi. 
— Assalom, — dedi bir baxtli lahzada. 
— Valeykum assalom, — dedi qiz yuragining mangu kuydurguvchi quyoshi. 
So‘ng yana odatiy so‘zsizlik davraga qalqib, yuz yillardan beri bir-birini izlab yurgan, intizor-intizor nigohlar uchrashdi. 
— Turkiqda chiqqan «Qur’oni karim»ni keltirdim. 
— Nichik, yaxshi, — qiz «Qur’oni karim» ni peshonasiga surib tavof qilib nari surdi. 
— Ko‘rmaysizmi?! — Ozodbek hayrat va mehrga to‘la qorachuqlarini qizning oy yuziga tikdi. 
—    Axir, — negadir qiz gapirolmay ko‘zini yerga tikildi. 
—    Ustun... 
Yigit uning, tahoratni yangilamoq kerak, degan andishali iddoasini tushunib, qiyiqchaga tugilgan bir tahlam suvratni qizga yaqinroq surib:
— Unda buni ko‘ring, — dedi. 
Dizning taxyosi ostidan qochishga chog‘langan sochlari beda va ajiriqlar ustida yaqinda po‘st tashlagan ilonday yaltirab yotardi. Shoyi ko‘ylagining keng etagi tizzalari ustidan osilgan, oyoqlarining ostida, bahoriy chechaklar va kamalak ranglari mujassam gulchambarday yoyilib yotardi. 
— Bu man, bu jo‘ram Sultonbey, — dedi Ozodbek Bibilar oyining yelkasi osha suvratlarga tikilib. 
Qizning bo‘yinlaridan, sochlaridan bahoriy dala chechaklarining bo‘ylari anqirdi. Yigitning boshi aylanib, ko‘zlari suzilib, qizga bir so‘z dedi:
— Men Amriqo, Farang, Olmon yurtinda bo‘ldim, lekin hech yerda yurtimizday bexishtiy joy, inoshunday maftunkor chiroy ko‘rmadim, — dedi zo‘r hayajon bilan. 
Yigitning dabdurustdan bunday deyishi Oybibiga ogir botdi, xayoli yomon narsalarga ketdi. 
— Nachun bundin yomon gaplarni qiz bolaga oytasiz?! Hozir turaman-u, ketaman. 
— Tovba qildim, dilim kasilsin. 
Qizning jahlidan kulgusini zo‘rga bosgan Ozodbek, bugun ataylab kiyib kelgan Sheroziy papaxini to‘g‘irlab qo‘ydi. Shu on qo‘li muattar bo‘ylar taratib yer uzra yoyilib yotgan sochlarga tegib o‘tdi. Bir lahzada kelajakdan yaxgan kunlar tilagan ikki ko‘ngil, ikki havasmand oshiq bir-biriga so‘zsiz tikilib qoldi, go‘yo ikki yurakning qoni, harorati, ruhi quyulib kelib bir-biri ila qovushishga intilardi. Oybibi bugun o‘zgacha yasanib — oq yaktaq ustidan beqasam qalami chakmon kiygan yigitga bir chimrilib qarab, nozik bir ishtiboh ila soch o‘rimlarini orqasiga o‘tkazib yubordi. Ozodbek tumanlar ichra adashgan sayyohday mungli va najotli, aziz bir juft qora ko‘zga tikilib, nechundir yurak-yuragidan bir oromsiz hijron his qildi. Chiroyli yuziga tabassum bahor jilg‘alariday tez yoyildi, ixcham soqolini silab, borliqning kunduz dunyosida adashib porlayotgan munavvar yog‘duda oy tomon egildi. 
— Sultonbey jo‘ramiz bahorda kelmoq va’da qilg‘on. Galsin, sizdi go‘rib bi-ir kuysin. 
Bibilariing oyi qizarib, oy yuzini yashirmoq niyatida yana quyiroq engashdi. 
— Bular Hofiz, Rumiy, Zamaxshariy va Najmiddin Kubro qulliyotlari. Tubandagi manim suvratlarim. 
— Idoraviy marshruta dagani nadur?
Ozodbek bu gapni eshitib, belbog‘i ustiga qovushtirib o‘tirgap qo‘lini yoyib, hayron-hayron tikildi. Yuz ifodasi tez o‘zgarib so‘lg‘in tus oldi. 
— Bu gap kitobda aytilg‘onmi? — deya qizning qo‘lidagi kitobga engashib qaradi. 
— Behos yodima tushdi. Solijon og‘am jo‘ralari bilan shu xususda jo‘p so‘llashadi. 
— Bu so‘zni aytmoqdan saqlanmoq lozim, aks holda og‘angizning hayoti xavf ostida qoladi. Savdogar, mulla-eshon, madrasa toliblari va yosh xivaliklar — idoraviy marshruta, ya’ni ta’sis kengashi harakatining asosini ta’min qiladur. Bu harakatga vaqtida Polvonhoji Yusuf o‘g‘li raislik qilg‘on. Xon esa harakatning dushmani yon berishni istamaydi chog‘imda, shusiz ham ko‘p zahmat va jabr chekkan millat va yurtning taqdirini, kelajagini saqlab qolmoq lozim. Yaxshisi mundin so‘ng so‘llamang bu xususda, — Ozodbek diqqat bilan tikiltb o‘tirgan qizga qarab olib. — Agar... shahodat va vakolat idoraviy-marshuruta a’zolariga berilsa — Urusiya tomonidan yaqinlashayotgan xavf ma’lum bir vaqtga kechikkan bo‘lardi. Illo, ular agar, bizga qo‘shilsangizlar qutilasizlar, kuragasangizlar yiqilasizlar» , demaydi. Ularning azaliy niyati — millat va din — Islomni oyoq osti qilmaydigan jumhuriyat barpo qilish. Qo‘ying-en, siyosat bilan erkaklar band o‘lsin. 
Oybibi sahar chog‘i gulbargidan zamiiga tushgan shudryng jarangiday nozli-nozli kuldi. Qizarib lab ustidagi tuklari bilinar-bilinmas terlaganday bo‘ldi. Uzini o‘nglab olib, yigitga yurak-yuragidan o‘tadigap qilib, qiyo boqdi-da, bir so‘z dedi:
— Ularning dilini2 o‘rganish onson bo‘lmog‘ondir?
— Kimlarni?
— Turklarni!
— Oybibijon — o‘qig‘on qiz, nahot ular bilan bir tilda so‘llashimizni bilmasangiz. 
— Ibiiy, xudo ursin, agar, xavarim yo‘qakan. 
— Ont ichmang-ey, yomon bo‘ladi. 
Aytganidan yomon bo‘ldi, yomon bo‘ldi, rang-ro‘im somon bo‘ldi, somon bo‘ldi, bog‘da bulbul o‘rnina boyo‘g‘li kuldi, u chekkan ohlar osmona uchdi, yerlara kirdi. Muzlagan ko‘ksida orzular o‘ldi, orzu daraxtining yashil yaprog‘i— xonning tosh saroyida so‘ldi. 
Oybibi hanuz ko‘zlarini yarim ochgancha, kechagi kuni garq bo‘lgan, hasrat dengizining o‘pqonlarida, girdoblarida sarosar kezib yurardi. Hasrat dengizinnng adashgan tomchilari, borliq dunyoning kechasida adashmay porlayottan oy yuzini yuvib tushardi. Kimningdir qattiq turtuvidan seskangan Oybibi o‘ziga kelib, oldidagi bir toboq seryog‘ shavlani, so‘ng engashib turgan qoracha yoqimligina qizni ko‘rdi. 
— Muncha yig‘lamasang, bari befoyda... 
— Baribir xonniki bo‘lishing darak. 
Shavla sovib, yog‘lari qotdi u yana hasrat dengiziga cho‘kib ketdi. So‘ng uni qadim sharq bozorlaridan sotib olgan tilsiz bir qulday, itoatkorligidan shod bo‘lib cho‘miltirishdi, yasantirishdi. Turfa xil zarrin liboslarga burkangan, o‘zining alamidan ozroq qimmatbaho toshlar va zebu-ziynatlarni osib ko‘zgu oldida turgan qizga har kim bir so‘z dedi:
— Mangloyi qora-ya, xon seni yeb qo‘yadi. 
— Xiyla ishlat, xiyla.
— Mozoli so‘lla tez yuradi
— Og‘iri shugun. 
Oybibini xilma-xil rangdor glamlar osig‘lig‘, baxmal ko‘rpachalar solig‘lig‘, juda katta shinam xonaga kirgizgan xotinlar kunduzgi arvoxday bir zumda g‘oyib bo‘lishdi. Xona to‘rida katta yasatig‘lig‘ kart, uning qarshisida ulkan tosh ko‘zgu joylashgan. Butun devorni qoplagan eroniy gilam ostiga cho‘g‘day yongan ko‘rpachalardan joy qilingan, noz-ne’mat to‘la xontaxta qo‘yilgan edi. Deraza rafiga qo‘yilgan O’sh sham xona ichiga ajib osoyishtalik va halovat bag‘ishlagan dunyoda hech qanday xavf va tajovuz yo‘qligidan dalolat berganday miltillab yonardi. Miyasiga, qochib ketsamchi degan o‘y kelib, deraza oldiga chopib bordi, Derazadan sal narida qorin quygan ikkita sarboz aylanib yurardi. Oybibi nomus va hijolatdan qo‘li bilan yuzini berkitdi, kaftlari nam buldi. Shu lahza tashqari eshikni ochilib yopilgani, gilamlarga bosilgan qadam tovushlari eshitildi Oybibi tislanib borib gilam qotilgan devorga suyuldi, ko‘zini yumib oldi. Deraza ortidagi allaqanday dunyodan suvning shildirashi, xaram qizlarining behayolik bilan hoholab kulgani elas-elas eshitildi. Shu lahza keluvchi belidan qattiq quchdi, qiz xushidan ketib yiqilmaslik uchun devorni ushladi. Yuziga issiq nafas urilib, dimog‘ida yoqimli islar qoldi. 
— Go‘zingni och, qo‘rqma!
Oybibi ko‘zini ochib, o‘zi tasavvur qilgan sakson yashar badjahl chol o‘rnida, baland bo‘yli, kelishgan ozg‘in odamni ko‘rib, hayron-hayron tikildp. Qarshisida kulib turgan odam, elatdoshlarp aytgan minglab odamlar yostig‘nin quritgan qonho‘r Isfandiyorga sira o‘xshamasdi. Xalq qo‘shiq ham to‘qigandi:
Isfandiyorxon xon bo‘ldi, yegan-ichganimiz qora-qon bo‘ldi.
Amirona harakatga chorlovchi buyruqdan cho‘chib o‘ziga keldi.
— Barigal!
Ilon oldida jodulanib, dunyoning neligini unutgan bir jonzodday sudralib xonning oldiga bordi. Xon unga boshdan-oyoq tikilgach, ko‘ngli joyiga tushdi shekilli, yayrab, «o‘tir» deb imo qildi. Limmo-lim sharob to‘la xitoyi piyolani uzatdi. Oybibi bosh chayqadi. 
— Ich. Ko‘rqmiydig‘on bo‘lasan. 
Xon allanarsalarni o‘ylab, na’shali-na’shali kulib, bir qo‘zg‘olib qo‘ydi. 
— Kim aytadi seni bekni qizi deb, bir kosa sharobni icha bilmasang. 
Oybibining oy yuzi ichida qo‘zg‘olayotgan vulqonlar ta’siridan qizargan, o‘ljasini poylagan burgut kabi qotib o‘tirardi. Xon shod va ma’sud yonboshlab, ko‘rsatkich barmog‘idagi katta uzugi bilan sharob piyolani bir kuyga monand urib, «hay-y... hay-y... » degan ovoz chiqarardi. Xonaga shu yer jihozlariday og‘ir va mustahkam sukut cho‘kkan, gilamlar, yaltiroq darpardalar, yostiq jildlari, xonning boshdan-oyoq zarga botgap libosi — o‘zidan mudroq va erinchoq nur taratgan kuyi intizor bir osudalik bilan mudrab yotardi. Xonning kayfi, xumori qizitilgan tandirday tobiga kelgach, shirin bir xomuza tortib, sollona-sollona yurib tinmay bag‘riga chorlayotgan kartga borib og‘ir cho‘qdi. 
— Qani, kel-chi!
Jodulangan jondoz, Bibilarning oyi, ko‘zida ongsiz va shuursiz purni alangalatib, uning ko‘zlaridan ayirmay, yoshligi, nomus-hayosi, ul yigitga ilingan orzumand kuni barbod bo‘ladigan kartga yaqinlashdi. Shunda u Isfandiyorning minglab odamlarning hayotini, qismatini, «jallod» degan so‘zni aytishi bilan yer bilan yakson qalin labini, shahvoniy xirs va tam’a o‘rnashgan qorachuqlarini, bir zamonlar uni ham dunyoning sho‘riga bir ona tuqqanligidan dalolat berayotgan terlagan manglayini juda yaqindan ko‘rdi. «Yot» degan buyruq yangrashi bilan, qonida ming yillik qasos va o‘chi kurtaklangan burgut kabi g‘animining ko‘ziga chang soldi. Erka xansiroqlar, nozli kulishlar va mahkumaning bokiralik nishonasini kutgan ko‘rpa-to‘shaklar, darpardalar, gilamlar, g‘alati noyob hodisadan silkinib-silkinib ketdi. Xonning har kun o‘n bora, balki yuz bora «jallod» chapagiga ochiladigan qo‘llarini qon aralashgan ko‘z yoshlari yuvib tushdi, yuvib tushardi. 
— Maram!!!
Eshik ochilib, suyakdan quruq qolgan sadoqatli laychalar kirib, tosh ma’budaday qotib turgan Oybibiga tashlandi. 
— O’ldir garni, qaynogon suv quyib o‘ldir!
Uni bir qop go‘shtday garib-u notavon etib, sudrab tosh hovliga chiqishayotganida, o‘yiga bedazorga qo‘nib orom olgan bir kun — ul baxtli kun keldi. Endi ul yerlarda yurmasligini bilib, Ozod degan yigitni qayta ko‘rmasligini sezib bo‘zlab yubordi. Uch-to‘rtta xotin och kalxatday yopirilib, qarg‘ab, tortqilab kiyimlarini yechdilar. Ko‘pol yapaloq toshlar ustida ozod turgan qizning nozik vujudi, gulbargiday musaffo badanini ko‘rmoqdan istihola qilganday oy yuzini berkitdi. 
Tosh hovli odatdagiday, ertaning ozod o‘ylari bilan yashagan bir mahkumaning qo‘rqinchli, talvasali unlarini yutib yubordi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.