background
logotype

Shukur Xolmirzayev. Boychechak ochildi (hikoya)

Domla Qo‘ng‘irot anchadan beri ilmiy ishlar yozmas edi, yozishga o‘tirishi hamono yuragi siqilar, keyin, bu kimga kerak o‘zi, degan xayolga borib qolardi. Bu orada esa aziz umrining oylari, yillari o‘tib borar, sochidagi bitta-yarimta qora ham oqarib, bir zamonlar kitob ustida ko‘p o‘tirganining guvohi bo‘lgan egik kifti tobora egilar edi.
Bu o‘zgarishlarning hammasini domla bilar edi, juda yaxshi bilar edi-yu, ko‘ngliga yaqin olgisi kelmas, undagi tug‘ma qaysarlik va ruhiy porloqlik o‘tmishdagi dovruq — shon bilan qanoatlanib, o‘shalar panohida orom topar edi.
Chunki o‘shanda nimaiki yozgan bo‘lsa, qanday kitob chop ettirgan bo‘lsa, bu uning qalb-qalbi tubidan chiqqan, inongan e’tiqodlari mahsuli o‘laroq yuzaga kelgan edi. Umuman, domla o‘z ruhi, aqidasiga zid bir satr yozmagan, bir kalima ham so‘zlamagan edi.
Domla ijodini sindirgan yirik omil nimadan iborat edi? Bu avvalo lirikani eskirdi deb e’lon qilingan ba’zi o‘tkinchi mulohazalar edi.
Domla buning bir qadar asossiz va o‘tkinchiligini ham yaxshi bilar edi: lirikani rad etishlar fanning misli ko‘rilmagan taraqqiysidan kelib chiqqan bir hol, qolaversa, bu fikr tarafdorlari hayotning o‘zi tomonidan rad etildi va inson yaratgan mo‘‘jizalar ichida san’at ham toabad u bilan hamqadam bo‘lishi, busiz insonning inson atalishi qiyin bir hol ekani ham isbot etilibgina qolmay, bu eski haqiqat yangi bir to‘sikdan o‘tib mustahkamlandi — domlaga bular ham yaxshi ma’lum edi.
Ana shu odam yaqindan beri o‘zgarib qoldi.
Buning sababi bir qarashda u qadar katta emas, lekin uni inson hayotida kichik deb ham bo‘lmaydi.
Domla Kuhitan qishlog‘i etagida, daryo bo‘yida joylashgan so‘lim bir qishloqdan edi, qishloq odamlari tabiatan xushsuhbat, shirinsuxan va azaldan she’riyatni, musiqani xush ko‘rguvchi kishilar edi.
Domlaning o‘zi ko‘p yillardan buyon shaharda — markazda xotini va yagona qizi bilan kun kechirar, taniqli nashriyotda muharrirlik qilar edi.
Goho hushi kelganda, qadimiy forsiy g‘azallarni o‘zbekchaga ag‘darib qolar, shu ish munosabati bilan andak orom olar va doimiy hamrohi andishani ham unutar edi.
Lekin keyin... keyin, hamma bilgan, tanish-bilishiga otning qashqasidek ma’lum, vaqtida zo‘r ilmiy asarlar yaratgan, biroq keyin «ilhomi so‘ngan» domlaning o‘zi bo‘lib qolar edi.
Darvoqe, u ona qishlog‘iga borganda ham, do‘stlar davrasida o‘tirganda ham, yoshligi-navqironligi kechgan bog‘larda sayr ettanda ham va ilk muhabbatining guvohi bo‘lmish qari yong‘oq soyasida to‘xtaganda ham, o‘sha... oromli kayfiyatini his etar, bir nafas hamma narsani unutar, bu sirli huzurbaxsh on quchog‘iga sho‘ng‘ir va shunda yashar edi.
Bu yil naq dekabr oyida domla Qo‘ng‘irotning oltmish yoshga kirgani munosabati bilan kichkina ziyofat bo‘ldi, ziyofatda avvaldan o‘ziga ixlos qo‘ygan tengdoshlari va uning o‘shandagi asarlarini o‘qib, hurmat bilan qarovchi shogirdlari ishtirok etdi.
Ular domlani tabriklab, umriga umr, ijodiga baraka tiladilar.
Domla juda mamnun bo‘lib, o‘zini baxtiyor his etdi va haqiqatan ham endi yana qadimgidek kuch-g‘ayrat bilan yeng shimarib ishga tushadigandek Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy g‘azallarini tahlil etib hamda bugungi yosh iste’dodlar she’riyatini saralab, bulardagi shakl va mazmun bilan ulardagi shakl ham mazmunni chog‘ishtirish va mazmundagi umuminsoniylik bilan shakldagi zamonaviylikni topib, uni behad shirin til bi-lan sharhlab beradigandek tuyuldi.
Domla ko‘chaga chikdi, tanish shahar manzaralarini ko‘rdi, tanish kishilarni uchratdi, tanish munosabatlarni eshitdi.
Yana aynidi.
Biroq bu daqiqadan boshlab qalbida o‘zining yashashidan qandaydir qanoatlanmaslik hissi tug‘yon ura boshladi, qandaydir sirli-sehrli kuch ilk bor qalam olib, qog‘oz ustida o‘tirgan manziliga tortayotganini sezdi.
Bu sezgi so‘nay-so‘nay deganida, bahor yetib keldi, domla har gal yozda qishlog‘iga borar edi. Bu gal bahorda qishlog‘iga borgisi keldi, chunki bahor — odamdagi jonlanish, tiklanish domlaning qalbidagi sirli-sehrli intilish tuyg‘ularini junbishga keltirdi.
Domlaning bir qadar barvaqt kelishidan tanish yurtdoshlari uni odatdagidan zo‘rroq ehtirom bilan kutib oldilar. Odatdagi o‘tirishlar, suhbatlar boshlandi. Domla o‘ziga tanish qadamjolarga bordi. Sukut qildi.
Shaharda boshlangan bahor tog‘ etagidagi qishlokda endi yuz ocha boshlagan: dov-daraxtlar yalang‘och, qishdan qolgan izg‘irinda tunlari junjikishar, kunduzning iliq oftobida isinib ulgurolmas edilar.
Faqat qishloqning u yer-bu yerida tansiq bodomlar oppoq bulduruq bog‘lagandek gullab turar, ularning ham shamol yo‘lida turganlarini sovuq urib, oq gullarini sarg‘aytirib qo‘ygan, tomorqadagilari omon — ostida kechasi buruqsitilgan tezak tutuni ularni ayozdan asrar edi.
Hech mahal bahorda, yana bahorning ham xuddi hozirgi uyg‘onish davrida kelmagan domlaga ushbu manzaralar, yangiliklar qattiq ta’sir qildi.
Bir kecha domlaning do‘stlridan biri ko‘krak kissasini kavlayverdi, kavlayverdi va afsuslanib, bosh chayqadi:
— Esiz, tushib qopti, boychechak opkelgan edim bir dona, — dedi.
Domla Qo‘ng‘irot boychechakning qandoq bo‘lishini ham ancha yillardan beri unutib yuborgan edi, u kishi birdan hovliqib, xuddi yosh boladek quvonib:
— Qani? Hay-hay-hay!.. Qaerda ekan, qaerda ochilibdi? — deb so‘roqlab ketdi.
Cho‘ntagini kavlagan kishi hamsuhbatlarining taajjubiga qarshi, boychechak qishloqda emas, naq tog‘ning kungay betida ochilgani, uni kecha ovga chiqqan o‘g‘li olib kelganini so‘zladi.
— Boraylik, meni olib boringlar o‘sha yerga! — turib oldi domla.
Davrada o‘tirgan ijroqo‘m raisi:
— Xo‘p bo‘ladi, ertaga olib boramiz! — deb so‘z berdi.
Ertasi saharlab ijroqo‘mning yap-yangi «Villis» mashinasida yo‘lga chiqdilar.
Biroq, mashina tog‘ etagiga yetganda shofyor:
— Naryog‘iga borolmaymiz, domla. Kun ko‘tarilib ketsa, eruvgarchilik bo‘ladi, qaytolmay qolamiz, — dedi.
Domla irg‘ib mashinadan tushdi-da, paltosi yoqasini shaharchasiga ko‘tarib olib, muzlab qatqaloq bo‘p qolgan so‘qmokdan ildamlab ketdi.
— Borish kerak! — dedi ijroqo‘m raisi.
— Bu juda qaysar, yo‘lidan qaytmaydi, — dedi hamrohlaridan biri.
So‘ng, boychechak ochilgan kungay betga yetishlariga hali anchagina masofa borligiga afsuslanib hamda kecha suhbatda boychechak to‘g‘risida gap ochgan sheriklaridan nolib, domla izidan tushdilar.
Domla shu topda qalbida g‘ayritabiiy bir kuch sezib o‘zini xuddi navqirondek his etar, qarilik — kam quvvatlikni ham unutgan, go‘yo shu ketishda tog‘lardan ham oshib ketgudek vajohatda edi.
Domla tog‘ unguriga yetganda qiyshiq yo‘l bilan pastga yurdi.
Yo‘lning so‘l tomoni uncha chuqur bo‘lmagan jarlik, jar tubida muzlarni yalab jildirab suv oqyapti — rangi sarg‘ish, qaerdadir sariq tuproqqa ishqalanib kelyapti. Yo‘lning o‘ng tomoni nishab yonbag‘ir, unda-bunda maysalar ko‘kargan, lekin hali ulardagi nam ko‘tarilmagan, sabzalar chiroyi ochilmagan.
Yana bir oz yurganlaridan keyin, domla bu yoqlarga bir emas, bir necha marta kelganini xotirladi va endi... nechun shuncha yillardan beri hech kelmaganini, axir bu yerlar ham o‘zi uchun o‘ta tabarruk qadamjolar ekanini o‘ylab, qattiq o‘ksindi.
— Shu manzil ilgari ham bormidi, taqsirlar? — dedi.
Hamrohlar kulishib, domlani gapga tutish payida bo‘ldilar, bu orada ulardan biri belgilangan manzil shu yer ekani, shu yerlardan ham boychechak topish mumkinligini aytdi.
— Darhaqiqat... to‘g‘ri! — dedi domla.
Izlab ketdilar.
Domla gangib parishonhol, yo‘l yoqasidagi g‘adir-budur xarsangga suyanib o‘tirdi. Unga qo‘lini tekkizdi, muzdek. «Hali sovuq, shuyam muzlagan-a!» deb o‘yladi. Keyin xarsangga xiralasha boshlagan ko‘zlarini tikarkan, uning u-bu yerida miltirayotgan jajji tomchilarni ko‘rdi, barmog‘ini tekkizdi, qo‘li ho‘l bo‘ldi.
Domla xo‘rsinib, narigi betdaga qorayib ko‘rinayotgan o‘rkach-o‘rkach tog‘larga, ular ustidagi oppoq qorlarga qaray boshladi va bir damga o‘zini unutdi, tez-tez yurib, pastga tushdi, suvdan hatlab, aylanma bilan tepaga ko‘tarildi.
Kiftiga oftob tegdi, ko‘zlari qisinqirab, qarshisida million-million yulduzchalar misol porlayotgan qorga tikildi.
Tunlari bu yerdan izg‘irin-shamollar ko‘p esgan, ular qor betini yalab, cho‘tir qilib ketgan, ba’zi joylardagi qor surilib, qiyshayib qolgan, ba’zi joylarda u shu qadar yupqaki, xuddi doka pardaga o‘xshaydi, tagidan muz qotgan xas-xuslar ko‘rinib turadi.
Domla teparoqda ola po‘stin kiygandek ko‘rinib turgan archani ko‘rdi va g‘ayrishuuriy bir quvonch bilan halloslab shu tomonga yo‘naldi.
Lekin unga yetishi ancha qiyin bo‘ldi: qor yupqa joylarda yurish oson, qor qalin joylardan botib qolgan oyoqni ko‘tarish malol kelardi.
Domla hansirab, kattakon bir mo‘‘jizani topgandek, archaga iljayib tikila boshladi. Qiziq: xuddi unda xayollarida azaldan o‘rnashib, endi xiralashib qolgan qandaydir ranglar, yo‘qolgan — o‘tmaslashgan tuyg‘ularini ko‘rayotgandek angrayib qoldi va asta-sekin atrofini aylana boshladi. Nihoyat, sovqotayotganini, oyoqlari karaxtlanganini sezib tursa-da, bu tansiq holatdan o‘zini opchiqish haqida asti o‘ylamay, sekingina archa tagiga kirdi, cho‘nqaydi va bekinmachoq o‘ynayotgan boladek, yelkalariga archa shoxlari tegdi, yerga o‘tirib oldi.
«Dunyoga kelganimga shukur. Tirikligimga shukur. Shu go‘zalliklarni ko‘rib turibman!» deb shivirladi u.
Ana shunda qalbida boshqa bir g‘alayon — bu tuyg‘ularni aytish, hayqirib aytish, yo‘q... yozish istagi jo‘sh urayotganini payqab qoldi.
Keyin... Domlaning bu tomonga ketayotganini ko‘rib izidan tushgan hamrohlari yetib kelishdi va uni shu alfozda ko‘rib, sog‘lig‘i haqida o‘ylab, yalina ketdilar:
— Ketdik, domlajon, ketdik!
— Axir, sovuqqa oldirasiz o‘zingizni!
— Biz kennoyimizga nima javob beramiz keyin? Ular yo‘lga qaytib tushdilar.
Domla, hali suyanib o‘tirgan xarsangga yetganda yana unga o‘tirgisi keldi.
— Boychechak topdilaringmi? — birdan so‘rab qoldi u. — Axir, boychechakka chiqqanmiz-ku, taqsirlar!
Hamrohlar afsus bildirishdi:
— Yo‘q, shekilli. Balki bitta ochilgandiru uni shu bola uzgandir.
Kulishib, domlani endi orqaga yurishga undadilar.
— Xo‘p, man bir oz damimni rostlay, — dedi u va tag‘in xarsangga o‘tirdi. Qo‘tir xarsang ustidagi qirov endi «erigan», uning hamma yeri nam edi.
Domla quyoshga qaradi-yu, xuddi uni birinchi marta ko‘rayotgandek bo‘ldi, bu oftob o‘ziga azaldan tanish, juda qadrdon oftob ekaniga iqror bo‘ldi.
Shunda birdan uning xayoliga guvillab, allaqachon hayot rad etgan tabiatga qarashlar — quyoshga ham oddiy bir sayyora deb qarash, olamda uning shu nurlari misol dahshatli zarralar kezib yurgani xususidagi vahimalar quyilib keldi.
«Yo‘q, bu toza oftob! Agar fazoda biron yomon narsa bor bo‘lsa, u yo‘qolishi kerak. Axir, insonlar buning uchun kurashishi kerak... Mana shu oppoq qorlar bor bo‘lsin, archalar, suv, xarsang.. Ko‘katlar!»
Domla bir daqiqa o‘zini anchadan beri hayotning go‘zalligi uchun kurashmayotgan kishidek, allaqanday ko‘zbo‘yamachi — jinoyatchidek his etdi va bir zamonlar yozib qo‘ygan risolalari, poetik taxlillari o‘z qimmatini hamon yo‘qotmaganiga, ularning vijdonan yozilganiga, ular insonlar yashashiga yordam berishi, insonlarning yana ham go‘zalroq yashashlari uchun kerakli ekanligini o‘ylab qoldi.
Bu his domlaga qattiq ta’sir etib, uni mahzun qildi.
Ana shunda bu holatdan yana tabiatning o‘zi qutqardi: naq xarsang yonida qandaydir gulning ingichka, och pushti boshi chiqib turganini ko‘rib qoldi. Domla apil-tapil burilib, barmoqlari bilan uni siypay boshladi.
— Boychechak! Boychechak! — deb hayqirib yuborishdi hamrohlar.
Boychechakning ipdek tomiri chuqur edi.
Domla ishga berilib ketdi, barmoqlari sovqotdi, tirnoqlari qizarib zirqiray boshladi — u sezmaganday edi, oxiri gulni tortib, uzib oldi. Puflab, iskadi va o‘ta nozik, unutilayozgan bir hidni tuydi.
«Muncha qo‘pollashib ketmagan bo‘lsam!» deb o‘yladi u battar ta’sirlanib va yana hiddadi. Endi domla yosh go‘dakning pokiza, o‘tkir sezgisi bilan hidni yaxshi payqadi, yana... yoshligiga qaytdi.
Shunday qilib, ular orqaga jildilar. Ijroqo‘m yo‘ldagi bir xonadonga ovqat buyurgan ekan, u uyga kirdilar.
Domla Qo‘ng‘irot shaharga qaytdi.
Uni ko‘rgan xotini ham, qizi ham chehrasidagi shodiyonalik, barq urib turgan ko‘tarinkilikdan hayron bo‘lishdi, bu holni uning do‘stlari va shogirdlari ham payqashdi.
Endi, tanish his — yozish hissi domlaning qalbida tamom o‘rnashib bo‘lgan edi.
Biroq domla stulga o‘tirishi bilan qiziq hol sodir bo‘ldi.
Xuddi yozajak maqolasini kimlargadir achchiq qilib yozadigandek, nimalarnidir inkor etadigandek tuyulayotganini sezdi va bu hol ham uni yozishga undadi.
U kutubxonasiga kirib, azaliy do‘stlari — zavol bilmas og‘aynilari — javonidagi kitoblariga tikildi.
Biz domla Qo‘ng‘irot bilan shu yerda xayrlashaylik, mayli, kimgadir achchiq qilib ham yozsin, lekin bizga ma’lumki, «kimgadir» nomli shaxs — uning o‘zi, gumonlari.
O’zini esa yaqin-orada yengadi.

1971

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.