OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matluba Yusuf Oxun. Xosiyatli hovli (hikoya)

Qishloqning eng chekkasida, paxtazorning shundoqqina biqinida joylashgan bu hovlining devori ham, darvozasi ham yo‘q. Chunki xonadon sohibi Rahimjon otaning o‘z e’tiqodi bor. Dunyo hammaga omonat. O‘zini to‘rt devor ichiga qamagani bilan, Olloh asramasa bekor. Otaning farzandlari harchand urinib, tug‘ilib o‘sgan hovlilarini risoladagidek qilib qo‘ymoqchi bo‘lishdi, lekin ota ruxsat bermadi.
— Hammangizning o‘z uyingiz bor, o‘shani xohlagancha tuzab-bezab olaveringlar, bu bizning vatan, — dedi Rahimjon ota. — Shu paytgacha ochiq–sochiq yashadik, bundan keyin ham yashayveramiz. Bizdan keyin nima qilsanglar, ixtiyor o‘zinglarda. Ammo, lekin adir tomonga devor urmanglar, hovliga shabadayam, barakayam kirmay qo‘yadi.
Eng ajablanarlisi, hovlining qay yeriga shunchaki urug‘ tushib qolsayam unib chiqadi, astoydil dehqonchilik qilinsa, sabzavot ham, meva-cheva ham mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Shu bois qishloqdagilar Rahimjon otaning hovlisini xosiyatli deyishadi.
Antiqa voqealar ham shu devorsiz hovlida ro‘y beradi.
Bir yili qishloqdagi hech bir hovlida uzum bitmadi. Otanikida bo‘lsa ishkomdan oshib, tomga chiqib ketgan novdalardayam hosil mo‘l bo‘ldi. Kelasi yili ko‘pchilik otaning toklaridan qalamcha oldi. Yana bir yili adir tomondan adashib kirib qolgan sovliq rosa bir hafta egasini kutib, qo‘rada turdi. Ota bolalarini har tarafga jo‘natib, qo‘yning egasini qidirtirdi. Meniki degan odam chiqmadi. Bu orada qo‘y qo‘ziladi. Sakkizinchi kunga borganda bir ayol bolasini yetaklab kep qoldi. Rahimjon ota oldin obdon surishtirdi. Nihoyat, sovliqning egasi shu ayol ekaniga ishonch hosil qilib, qo‘raga yetaklab bordi.
Uch qo‘zichoq o‘rtasida yotgan qo‘yini ko‘rib, ayol sho‘rlikning esi og‘ib qolay dedi. Uch bola bilan beva qolgan ayol ro‘zg‘orini zo‘rg‘a o‘tkazayotganiga qaramay suyunganidan qo‘zichoqlardan bittasini Rahimjon otaga qoldirmoqchi bo‘ldi.
— Sag‘irlarning haqini yemayman. Omonatni egasiga qachon topshiraman, deb necha kundan beri halovatim yo‘g‘u, sizni qarang! — deya koyib berdi.
Boyaqish ayol bitta qo‘yini to‘rtta qilib bergan otaga qayta-qayta rahmat aytib, chiqib ketdi.
Rahimjon ota bu tun kechasi bilan mijja qoqmay chiqdi. Bobosini, onasini tush ko‘rdi, ular bezovta. O‘rnidan turib tahorat oldi, joynamoz to‘shab, nafl namozlarini o‘qidi, o‘tganlarni bir-bir yod olib, uzundan-uzoq duolar qildi. Bomdod vaqti kirmagani uchun salovat aytib, tasbeh o‘girib o‘tirgan edi, adir tomondan ingragan ovoz keldi. Astoydil tingladi. Ingroq yana takrorlandi. Shoshib o‘rnidan turib, hovli sahniga tushdi. Ota ancha-muncha narsadan cho‘chimaydigan, tun qorong‘usida ham dalaga chiqib ketaveradigan inson. Biroq bu safar nimagadir yuragi uvishdi, qo‘l-oyog‘iga titroq kirdi. Ingroq ovozi qayta-qayta eshitilavergach, o‘zini qo‘lga olib dala tomon yurdi. Yo‘l-yo‘lakay har ehtimolga qarshi qo‘liga ketmon olvoldi.
O‘t-o‘lanlarni shudring qoplagan edi. Otaning yaktagi jiqqa ho‘l bo‘ldi. Ammo bunga e’tibor bermay g‘o‘za oralab ovoz kelgan tomon boraverdi. Ingroq tobora yaqinroqdan eshitildi. G‘ira-shirada narsalar yaqqol ko‘rinmasdi, shu bois asta enkaydi. Bir-ikki qadam narida sharpa ko‘zga tashlandi.
— Kimsan? — dedi ota o‘zini dadil tutib.
Ehtiyotlanib yaqin bordi, qarasa barvasta bir erkak qonga belanib yotardi. Ota shoshib qoldi, ketmonni tashlab yordamga shoshildi.
— Uh, uh, hozir bolam, hozir, — derdi nuqul boshqa gapga tili aylanmay.
Yerda yotgan odam ham oqsoqolni ko‘rib xiyla tetiklashdi, turishga urindi, biroq tura olmadi. Rahimjon ota uni yelkasidan tutib, sudray boshlagan mahal, notanish kishi hushini yo‘qotdi. Ota shoshib qoldi. Shuncha urinsa ham uni bir qadam siljitolmasdi.
— Eh bachchag‘ar, qariligim pand berdi-ya, — deya o‘zidan yozg‘irdi. Jarohat o‘rnidan tinimsiz silqiyotgan qondan vahimaga tushdi, ovozining boricha yordamga chaqira boshladi:
— Kim bor, yordam beringlar!
Bomdod namoziga turgan qo‘ni-qo‘shni Rahimjon otaning ovozini eshitib, shu yoqqa yugurishdi. Cholini izlab hovliga chiqqan Farog‘at xola ham kichik o‘g‘li Rafiqjonni uyg‘otib yordamga shoshiltirdi.
Jabrlangan notanish kishini otaning hovlisiga olib kelib, ishkom tagidagi so‘riga yotqizishdi. Rafiqjon do‘xtirga yugurdi. Bir zumda bu gap tarqalib hamma Rahimjon otaning hovlisi tomon oshiqdi. Ayrimlar biror mujda aniqlash ilinjida dala tomonga ketishdi. Bu orada qishloqning narigi chekkasida yashaydigan Tursunboy do‘xtir yetib keldi. Ahvol jiddiyligini sezib, darrov ishga kirishdi, Rahimjon ota xuddi o‘zining jigari kulfatda qolganday tipirchilar, tinmay savol berardi.
— Ayting, o‘g‘lim tirik qoladimi?
— Xudo xohlasa yashaydi. Ko‘p qon yo‘qotgan. Qarang, mana bilak tomirlari uzilib ketibdi, biqiniyam ezilgan. Boshi qattiq lat yegan.
— “Tez yordam” chaqirishsinmi?
— Rafiqjon ketdi chaqirgani, ungacha men zarur yordamni ko‘rsatib turaman, — do‘xtir bemorga ketma-ket ukol qilarkan, otaga dalda berdi, — tashvish chekmang, yaxshi bo‘p ketadi. Yaxshiki, ko‘rib qolibsiz, bir-ikki soat shu ahvolda yotganida yomon bo‘lardi.
Darvoza tagiga “Tez yordam” mashinasi kelib to‘xtadi. Rafiqjon navbatchi do‘xtir bilan zambil ko‘tarib kirib keldi:
— Qani ko‘taringlar, mashinaga olaylik!
Hamma yordamga oshiqdi. Rahimjon ota mashinaning oldiga chiqib o‘tirib oldi:
— Dada, siz qolavering, men boraman! — Rafiqjon uni tushishga undadi. — Ust-boshingiz ho‘l, shamollab qolasiz!
— Yo‘q, boraman! Ko‘zini ochganida tepasida bo‘lay, kimligini bilay! — ota boshqa gapga hojat qoldirmasdan shart kesdi.
Mashina tuman markaziga qarab yeldi.
Ota kasalxonaga yetib kelishi bilan shifokorlarni shoshirdi.
Ammo shu kuni bemor hushiga kelmadi. Bu orada dala oralaganlar adir pastidagi katta yo‘lda pachoq bo‘lib yotgan chet el rusumidagi mashinani topishibdi. Darrov militsiya chaqirishibdi, mashinadan topilgan haydovchining hujjatlaridan uning samarqandlik Shuhratbek G‘afurov ekani aniqlanib, uyiga xabar jo‘natishibdi.
Mashina qattiq shikastlanganiga qaraganda, u yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Biroq ikkinchi mashina yo‘q, aftidan qochib ketgan. Militsiya bu holat bo‘yicha qidiruv e’lon qildi.
Ertasi tushga yaqin Shuhratbek ko‘zini ochdi va tepasida oppoq soqolli cholni ko‘rdi.
— Ota! — uning birinchi aytgan gapi shu bo‘ldi.
— Xudoga shukur, o‘zingizga keldingiz! — Rahimjon ota darrov uning peshonasini ushlab, yuzini siladi.
Shuhratbek g‘alati jilmaydi, zo‘rg‘a:
— Rahmat, — dedi.
Otaning ko‘zi yoshlandi.
— Hammasi yaxshi, o‘g‘lim. Tirik qolganingiz uchun Yaratganga shukur qiling! Endi men uyga borib, ehson qilib yuboray. Arvohlar bezovta bo‘layapti, — dedi otalarcha mehribonlik bilan.
Shuhratbek holsiz qo‘llarini xiyol ko‘tardi, ko‘zlarini yumib:
— Rahmat ota, rahmat, — dedi bemajol.
Rahimjon ota uyiga yo‘l oldi. Kela solib kampiri bilan kelinini shoshirdi:
— Hech bo‘lmasa asrga ulguringlar, osh qilib machitga chiqaraylik. Bobom bilan onam bekorga tushimga kirmagan, qarang-a, ular meni uyg‘otib, bechora Shuhratjonga yordam berishga undagan. Shunga aytadilar-da, o‘lgan o‘likmas deb.
— Voy chol tushmagur-ey, hali u bolaning kimligi aniqmas. Oldin qarindosh-urug‘laridan birortasi kelsin, nima gap-so‘zligini bilaylik, keyin bir ish qilaylik, — dedi Farog‘at aya cholining harakatidan ajablanib.
— Qanaqa xotinsan-a, — dedi otaning jahli chiqib, — ularning kelish-kelmasligi bilan nima ishing bor? Bitta odam tirik qoldi, u tanishmi-begonami, nima farqi bor, tez qimirla!
Boshqa gapga o‘rin qolmadi.
Ayollar darrov ishga tushib ketishdi.
Hali atrofga oqshom cho‘kib ulgurmasdan Rahimjon otaning hovlisi yoniga ketma-ket ikkita mashina kelib to‘xtab, undan uch erkak, bir ayol va ikki o‘spirin tushib kelishdi. Ular qo‘llari ko‘ksida hammaga salom berarkan, ayol to‘g‘ri kelib Rahimjon otaning bo‘yniga osilib, yig‘lab yubordi:
— Otajon, ming rahmat, ukamning hayotini saqlab qolibsiz. Endi bizga ham ota bo‘ldingiz!
Qolgan mehmonlar ham birin-ketin kelib ota bilan quchoqlashib ko‘rishishdi. Kelganlar Shuhratbekning opasi Xadichaxon, ukalari, o‘g‘illari ekan. Ularning aytishicha, Shuhratbek Samarqanddagi bir xususiy korxona boshlig‘i ekan. Andijonga kursdosh o‘rtog‘inikiga to‘yga kelayotgan ekan.
— Otamiz olamdan o‘tib ketganlar, — dedi Xadichaxon hayajon bilan. — Endi otam o‘rnidasiz. Andijonda do‘stlarimiz ko‘p, mana qarindoshlarimiz ham topildi.
— Ming rahmat, bolam, Yaratgan egam meni bir vositachi qip qo‘ydi, xolos. Umrini ziyoda qilgan ekan, Shuhratbek o‘g‘lim tirik qoldi, shunisiga shukur, — dedi ota vazminlik bilan.
Mehmonlar ko‘zlariga yosh olib, qayta-qayta minnatdorlik bildirishdi.
Shuhratbek tuzalib chiqqunicha otaning hovlisi gavjum bo‘ldi. Bemorning Andijondagi do‘stlari mehmonlarni olib ketmoqchi bo‘lishdi, ammo ular mana shu devorsiz hovlida qolishni afzal bilishdi. Ayniqsa, Xadicha opa otaning yonidan bir qadam siljimas, suhbatlashib to‘ymasdi.
Bir haftalar o‘tib, Shuhratbek ancha o‘ziga kelib, shifokorlarning ruxsati bilan Toshkentga ko‘chiriladigan bo‘lib qoldi. Ketar mahal Rahimjon otaning qo‘lini tutib, rahmat aytdi:
— Ota, xoh ishoning, xoh ishonmang, mashinam “KamAZ”ga urilib, men tashqariga otilib chiqib ketayotganimda ko‘z oldimga oppoq soqolli chol keldi! Dalaning ichiga sudralib kirishimga ham o‘sha chol sabab, tobora holim qurigani sari qayoqdandir “oldinga silji” degan ovoz kelaverdi. Hushimni yo‘qotmaslik uchun sudralaverdim, sudralaverdim. Salgina boshimni ko‘tarsam ko‘zimga faqat devor ko‘rinadi. Nafasimni rostlamoqchi bo‘lib, boshimni yerga qo‘yuvdim, tepamda sharpa sezilganday bo‘ldi. Qarasam, oppoq soqolli chol. Qo‘li bilan sizning hovlingiz tomonni ko‘rsatdi. Undan yordam so‘radim, biroq u darrov ko‘zdan yo‘qoldi. Eslab qolganim bir qo‘lining barmoqlari to‘mtoq ekan.
Rahimjon ota seskanib ketdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib, shoshib:
— Bu — bobom! — dedi.
Shuhratbekning ham rangi oqardi:
— Demak, men ruhni ko‘ribman-da!
— Ha, ammo bu dunyodan o‘tganlar o‘likmas, bolam. Qolaversa, bobom katta domla bo‘lgan, nafasi juda o‘tkir edi. Hozir yashayotgan hovlim shu bobomdan meros. Bolalarim hadeb “devor bilan o‘raylik” deydi. Bobom rahmatli vasiyat qilgan. “Aslo devor urmagin, men shu yerda o‘tirib, hovli poyonidagi adirlikda jannatni ko‘raman. Bu dunyo bilan u dunyoning o‘rtasida devor yo‘q, vaqt bor, xolos”, derdi. Shu bobomni ko‘rgansiz, bolam. Sizning kelishingizni esa menga belgi qildi. Xullas, ikki dunyo oralig‘ida bir-birimizni topdik-da, — hayajonga to‘lib gapirarkan, otaning yuragi hapriqdi.
— Otajon, umrim oxirigacha xizmatingizdaman, — dedi to‘lib-toshib Shuhratbek.
— Agar rostdan ham menga o‘g‘il bo‘lgan bo‘lsangiz, bir iltimosim bor, — dedi ota sokinlik bilan.
— Qulog‘im sizda, ota.
— Sizni urib yuborgan “KaMAZ” haydovchisi yosh bola ekan. Qochib ketib noto‘g‘ri qilgan. Ammo qo‘rqib ketgan, o‘shandan beri isitmada alahlab yotgan ekan, melisaxonaga opketishibdi, ota-onasi qaqshayapti.
 — Ota, siz birdaniga ikki insonning hayotiga jon fido qildingiz. Iloyim, sizday insonlar ko‘paysin. U yigitga da’vom yo‘q. Meni o‘limdan saqlab qolib, oilam quchog‘iga qaytardingiz.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.