OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nohid Hojiyev. Qalb o‘tinchi (hikoya)

Jalol yuzidagi grimni arta turib, hozirgina o‘ynagan spektaklidagi sevimli monologini nim tovushda qaytardi. Mazkur sahna uning ruhiyatida dadillik uyg‘otardi.
Eshik ohista ochildi. Ostonada qo‘lida guldasta ko‘targan Anvar aka ko‘rindi.
— Gullar senga, Jalol o‘g‘lim, — dedi Anvar amaki.
— Amakijon, katta rahmat, — Jalol nigohini gullardan uzolmay qoldi. — Ovora bo‘lib nima qilardingiz? — dedi u xijolat bo‘lib, lekin qalbi quvonchdan chapak chalardi. Anvar amakidek san’at shaydosi uni tan olyapti-ya! U kishi san’atni nozik tushunadi, hammaga ham hurmat ko‘rsatib, tabassum bilan siylayvermaydi!
— Ovora bo‘lib nima qilibman. «Rahmat»ni esa, gul olib kelganga aytarsan.
— Ularni siz olib keldingiz-ku? — hayron bo‘ldi Jalol.
— Yo‘-o‘q, men emas. Men bir sohibjamol qizning o‘tinchini bajardim, xolos.
Kim ekan u sohibjamol? Balki uni yo‘lakda kutib turgandir! Hozir eshikni ochadi, istiqboliga go‘zal bir qiz chiqib: «Gullarni men olib keldim. Axir, ertaga yo‘lga otlanayapsiz-ku. Yo‘lingiz oydin bo‘lsin», deydi.
Jalol eshikni ochib yo‘lakka qaradi, lekin hech kim yo‘q edi.
— Kimligini ayta qoling, Anvar amaki, gul taqdim qiladigan tanish qizlarim yo‘q.
— Gaplaringga ishona qoldim, — deya jilmaydi Anvar amaki. — Shunday chiroyli yigitning qizi yo‘q emish. Meni laqillatolmaysan!
Anvar amaki uning nozik joyiga tegib ketgandi. Jalol bir qizni sevardi, lekin u oilali bo‘lib ketgan. Boshqaga ko‘ngil qo‘ya olmay, qiynalib yuribdi. Qarindosh-urug‘lari “Vaqting o‘tib ketyapti, tezroq uylanmaysanmi”, deya holi-joniga qo‘yishmaydi. Bugun esa yuragi jiz etgandek bo‘ldi. Balki, baxt deganlari o‘z oyog‘i bilan kelgandir?
— Ishoning, Anvar amaki, — dedi Jalol g‘amgin ohangda. — Qalbimni zabt etolgan qizni hali uchratmadim. Ha, darvoqe agar o‘sha qizni ko‘rsangiz, taniysizmi?
— Taniy olmasam kerak, — Anvar amaki Jalolni qiyin ahvolga solib qo‘yganligiga, qizdan biror narsa so‘rab olmaganiga o‘kingancha xayrlasha boshladi. — Keksa odamni kechir. Ha, mayli, oq yo‘l senga. Qiynalib qolgudek bo‘lsang, albatta xabar qil. Bizlarni unutib yuborma. Xat yozib tur.
Anvar amaki bo‘shashgancha eshikka yo‘naldi.
Jalol chuqur xayolga cho‘mdi. Nahotki o‘sha qiz bo‘lsa? Guldastani bag‘riga mahkam bosgancha, tashqariga chiqib, shahar ko‘chalari bo‘ylab ohista qadam tashlab borardi. Yonidan mashinalar g‘izillab o‘tib qolar, onda-sonda yo‘lovchilar ham uchrardi. Shahar uyqu og‘ushida edi. Faqat dengiz to‘lqinlanib, shovqin solardi. Ertaga u jonajon shahri, dengiz bilan xayrlashib, yo‘lga otlanadi. Qachonlardan beri rejissyor bo‘lishni orzu qilardi! Mana, nihoyat orzusi ushalib, uni o‘qishga taklif qilishdi.
Gullar namuncha xush bo‘y taratmasa! Yuragi bir vaqtlari, sevimli qizi bilan uchrashib yurgandagi kabi, ajib orziqish bilan gursillay boshladi.
Uyga yetib kelganida uni kuta-kuta charchagan onasi dasturxonga ovqatini qo‘yib, jomadonga joylagan buyumlarining tartibini tushuntirdi-da, yotog‘iga kirib ketdi.
Jalolning xayolini yana guldasta tortdi. Suvga solsa yaxshi bo‘lardi, so‘lib qolishi mumkin. Guldastaning o‘rtasidagi buklog‘liq qog‘ozga ko‘zi tushib qoldi. Qo‘li gulning tikonlariga timdalanib qog‘ozni sug‘urib oldi: «Nogoh Sizning o‘qishga ketayotganingizni eshitib qoldim. Rostmi shu? Agar shunday bo‘lsa, Sizga oq yo‘l tilayman. Gullarni mening xayrlashuv so‘zim sifatida Sizga topshirishadi. Meni ko‘rmaysiz».
U maktubchani yana bir bor o‘qib chiqdi. Xat yozgan qizga nisbatan qalbida iliqlik paydo bo‘lgandi. Aftidan, yozuv avvalgi xatlardagiga o‘xshaydi. Stol g‘aladonini tortib, Jalol bir bog‘lam xat oldi. Ha, dastxat bir xil. Faqat ostidagi sana va yillar turlicha.
«Dunyoda borligingiz naqadar yaxshi. Siz bilan bir shaharda yashayotganimdan baxtliman. Mensiz ham ishingiz boshingizdan oshib yotganini bilaman. Sahnadagi har bir rolingiz hayotingizning bir bo‘lagiga aylanib qolishiga ishonaman. O‘zgalar quvonchi, g‘am-anduhiyu orzu-umidlari Siznikiga aylanib, beoromsiz. Rol ijro etayotganingizda o‘zingizni unutib yuborasiz. Men-chi? Sizni har safar yangi libos, yangi inson timsolida ko‘rib, yillarni yillarga ulayman...».
Xatlar uzundan-uzun edi. Qisqalari ham bor edi. Manavinisini esa, aftidan, spektaklni tomosha qila turib, bloknot varag‘iga shosha-pisha yozgan: «Bugun yurakdan, mazza qilib kuldim. Ko‘pdan buyon bunchalik zavq bilan kulmagandim. Baxtsizligimu musibatlarimni ozgina bo‘lsa-da unutdim. Sizga katta rahmat!»
«Sizni yangi rolda ko‘raman deb teatrga kelib, afishalarga qaraganim-qaragan».
«Talabalik yillarim ham tugadi. O‘rtoqlarim o‘z bog‘lariga uchib ketishdi. Men esa... men Bokuda qoldim. Faqat bir o‘zim... Ayting-chi, Sizni tashlab qayoqqa ham keta olardim?».
«Bugun haqiqiy bayramim. Ishga ham bormayman. Shaharning toqqa yondosh qismidagi uylardan biri mening loyiham asosida qurilgan. Tasavvur qila olasizmi? Bugun uning yonidan necha marta o‘tganim yodimda ham yo‘q. Mening uyimga odamlar ko‘chib kirishyapti... Hozir kech bo‘ldi, yana shu yerdaman. Uyimda birinchi chiroq yonishini ko‘rishni xohlayman. Mana nihoyat... derazalarda nur porlay boshladi! Nazarimda, barcha chiroqlar mening yuragimda yonayotgandek... Xonadonlardan bittasi Sizniki bo‘lishini judayam istardim. Balki, o‘zingizning uyingiz yaxshiroqdir?! Yo‘q, baribir, mening uyimdagi derazalardan biri Sizniki bo‘lishini juda-juda istayman!»
Jalol o‘zini favqulodda hayajonga solgan xatni topdi. «O‘shanda o‘n yetti yoshda edim. Men Jalolni sevib qolgandim. Qanday baxtliligimni bilsangiz edi! Chunki u ham meni sevardi-da. Men to‘qqizinchi sinfda, Jalol esa Politexnika institutining uchinchi kursida o‘qirdi. Bizni unashtirishdi. Maktabni tugatishim bilanoq to‘y bo‘lishi kerak edi. Ikkala xonadonda to‘yga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilardi. Nihoyat, bitirish imtihonlari yaqinlasha boshladi. Men imtihon topshirayotib, to‘ygacha qolgan kunlarni sanardim. Iyulning boshida esa Jalol halok bo‘ldi. O‘shandan beri necha yillar o‘tdi, lekin ko‘zlarim hammayoqdan uni, faqat uni, faqat unigina qidirardi. Men uning o‘limiga ishonmasdim. Bu dahshatli tush, uyg‘ongan zahotim hammasi joy-joyiga keladi, deya o‘zimni ishontirmoqchi bo‘laman.
Ota-onam meni ovutish maqsadida Bokuga ko‘chib o‘tishdi. Men Politexnika institutiga o‘qishga kirdim, u doimo men bilan birga edi. Kunduzi ishlardim, kechqurun o‘qirdim. Atrofimdagi odamlarni sezmasdim. Bir kuni esa...
Kunlardan bir kuni men Bo‘ynoq hamda Voqif ko‘chalarining chorrahasida tasodifan Sizni ko‘rib qoldim, ko‘zim ko‘zlaringizga tushdi. Jalolning ko‘zlari! Yo‘q, faqat ko‘zlarigina emas, aynan o‘zi edi. Bo‘y-basti, yurishi, qoshlari, ko‘zlari, jingalak sochlari quyib qo‘ygandek o‘xshardi. Qarab, hayratdan dong qotib, yo‘l o‘rtasida to‘xtab qoldim. Siz ajablangancha menga qaradingizu o‘tib ketdingiz...
O‘sha kechasi mijja qoqmadim. Jalol tirik?! Tirik! Ertalab Sizni uchratgan joyimga yugurdim. Kechqurun darsga bormay yana o‘sha yoqqa bordim. Keyingi kuni ham... Sizni yana bir bor ko‘rishga jonu jahonimni berishga ham tayyor edim! Lekin hech omadim chopmadi. Men Sizni u yerda boshqa hecham uchratolmadim. Alamdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Lekin Xudoyim meni unutmagan ekan.
Sizni zangori ekranda ko‘rib qoldim, she’r o‘qirdingiz. Yo xudoyim-ey, odam ham bir-biriga shunchalik o‘xshash bo‘ladimi! Men she’rlarni eshitmasdim, faqat qadrdon chehrangizdan ko‘zimni olmasdim. O‘sha kecha yostig‘imning ikki tomoni ko‘z yoshimdan jiqqa ho‘l bo‘ldi... Agar uddasidan chiqsam, mazkur daqiqani abadiy to‘xtatib qo‘yardim-da, umrimning oxirigacha ko‘z uzmay Sizga tikilib o‘tirgan bo‘lardim.
Ishonsangiz, shu uchrashuvdan so‘ng men butunlay oromimni yo‘qotdim. Sizni ekranda ko‘rgan hamda yuzma-yuz to‘qnash kelgan daqiqalarim hayotimdagi eng baxtli onlar edi! Butun keyingi hayotim ana shu daqiqalar yolqini-la jilolanib turardi. Men o‘zimni havoda muallaq uchib, dengiz to‘lqinlarida suzib yurgandek his qilardim. Shundayku-ya, lekin meni cheksiz anduh chulg‘ab oldi. Bu bedavo anduh yuragimni tilimlab, qalbimni poralardi — Sizni yana, yana ko‘rgim kelardi.
Men bir necha yillar muqaddam yo‘qotgan tuyg‘ularimni topgandim. Ustimdan kulishsa, masxaralashsa ham mayli! Men hammasiga roziman, faqat Jalolimga ikki tomchi suvdek o‘xshash artistni ko‘rish, onda-sonda bo‘lsa ham ovozini eshitish baxti nasib qilsa bas!
Bir kuni gruhimiz bilan yosh tomoshabinlar teatrida Samad Vurg‘unning yangi asarini tomosha qildik. Spektakl qahramonining ismi Jalol ekanligini eshitdimu dunyodagi hamma narsani unutdim. Xuddi mening hayotimdagi kabi Jalol halok bo‘ladi. Uning ma’shuqasi mendan baxtliroq ekan – u ham halok bo‘ldi. Men esa hijron azobini chekishim kerak.
«Oy har kech o‘z jamolini ko‘z-ko‘z qiladi, lekin Jalol ham, humoy ham uning jamolidan bebahralar!» — Samad Vurg‘unning bu so‘zlari kechayu kunduz qalbimda aks-sado beradi.
Nega men tirik qoldim? Jalolsiz nega yashayapman? Nega seviklim bilan birga o‘lmadim?
Vaqtingizni olganim uchun kechiring. Lekin yozmasdan tura olmadim. Men haqimda qanday fikrga borsangiz ham, baribir, baxtliman. Siz bilan bir shaharda — Bokuda yashayotganimdan, Siz nafas olayotgan havodan men ham bahramandligimdan baxtliman! Nazarimda, Siz hammasini tushunib, qalb qa’riga ko‘milgan armonlarimni, qalb faryodimni to‘kib solayotganim uchun meni koyimaydiganga o‘xshaysiz.
Siz meni tanimaysiz. Qanday yashayotgan bo‘lsangiz, shunday yashayvering, men hech qachon Sizga xalaqit bermayman. Lekin mening biron daqiqam, biron kunim Sizsiz o‘tmaydi. Jurnaldan qirqib olgan suratingiz doim yonimda. Har kuni Siz bilan qishlog‘imiz bo‘ylab sayr qilaman. Siz, bir vaqtlar Jalolim qo‘limdan ushlagandek, avaylab qo‘limdan ushlab yakka qayrag‘och ostidagi sevimli joyimizga yetaklaysiz. Baxmalday yumshoq maysalar ustiga o‘tirganimizda, bir vaqtlardagi kabi: «Kuyla, Gurenfil, kuylab ber!» — deb iltijo qilasiz. Men Siz uchun «Bulbul» qo‘shig‘ini kuylayman:

Tun yarimdan og‘ar bo‘lsa gar,
Mayni ichib tugatsa Jalol,
Bog‘dan uchib ketsa bulbullar
O‘zim soqiy bo‘lay, bulbuljon!

Ushbu qo‘shiqni kuylarkanman, Siz yana va yana: «Kuyla, Gurenfil, kuyla!» — deb iltijo qilishingizni qo‘ymaysiz.
Axir, nima qilay? Mening birdan-bir ilinjim, baxtim — orzu-umidlar dunyosida, xayol qanotida yashashdan iborat!»
Qizning so‘zlari, qo‘shiq misralari, sevgi rozi yigitning qalb tubiga kirib borib, vujudini larzaga soldi. U uydan chiqib, teatr yonidagi trolleybus bekati tomon yo‘naldi — qiz hamon shu yerda turib uni kutayotganiga ishonchi komil edi. Uyga qaytayotganida nega bu yerdan shoshib o‘tib ketdi?
Lekin bekat, teatrning oldi va, nihoyat, uyning atrofida ham hech kimsa ko‘rinmasdi. Tun yarmidan og‘ib qolgandi. Ko‘cha so‘lim va sokin edi. U bekatdagi matbuot do‘koniga suyangancha ancha turib qoldi, nazarida qiz qaerdadir shu yaqin atrofda uni kutib turganga va yana birozdan keyin qarshisiga jilmaygancha yurib keladiganga o‘xshardi. Bu yerda qancha turgani Jalolning esida ham yo‘q. Uyga qaytib, yana xatlarni o‘qiy boshladi. O‘qigani sari hayajoni kuchayardi.
Keyin yechinmay karavotga cho‘zildi-da, qalbiga muhrlanib kolgan qizning so‘zlarini takrorlay boshladi: «Biron daqiqam, biron kunim yo‘qki, Sizsiz o‘tsa!»
Bo‘zarib tong ota boshladi. Xonaga onasi mo‘raladi.
— O‘g‘lim, turaqol, kech qolma tag‘in.
— Onajon, uxlamayapman, kech qolmayman, xavotirlanmang!
— Bolaginam, nima bo‘ldi? Mazang bo‘lmayaptimi? — Onaning ko‘zlarida xavotir alomatlari zohir bo‘ldi.
— Soppa-sog‘man, onajon.
— Endi uxlamoqchi bo‘lyapsan shekilli? Yoki uxlab qolib, samolyotga kech qolaman, deb qo‘rqdingmi? Hatto yechinmabsan-a.
— Yo‘q-yo‘q, oyijon, — u onasini tinchlantirishga shoshildi, negadir uxlolmadim.
Onasi jilmayib, o‘g‘lining quyuq sochlarini siladi.
— Demak, kechasi bilan onamni sog‘inib qolaman, deb o‘ylab chiqibsan-da? Shundaymi?
Onasining iltijoli nigohi va ovozi Jalolni o‘ziga keltirdi. U shosha-pisha o‘rnidan turdi.
— Voy oyijon, men rostdanam kechikyapman.
— Qayoqqa, axir, hali samolyotga erta-ku?
— Spektaklga, — dedi qat’iyatsiz ovozda Jalol va kulib yubordi. — Ha, yana bitta spektaklda o‘ynashim kerak bo‘lib qoldi. Tushunyapsizmi? Yana bitta, hayotimdagi eng muhim spektakl!
— Yaxshi, bora qol, o‘g‘lim.
Jalol qizarib ketdi, ona o‘g‘li bugun uchib ketmasligini tushundi va juda sevinib ketdi: o‘g‘li yana bir kun bag‘rida bo‘ladi.
Jalol shoshib qoldi, onasini o‘pib, ilgichdagi plashini qo‘liga olib yo‘l-yo‘lakay kiygancha:
— Kechikib qolsam, xavotirlanmang, — dedi.
— Nonushta qilmay ketyapsan-ku, — bezovtalandi onasi.
— Shu vaqtda tomog‘imdan ovqat o‘tarmidi, onajon?
— Saharlab qanday spektakl ekan, o‘g‘lim?
Jalol jilmaydi-da, eshikni yopishni ham unutib zinalardan yugurib tushib ketdi.
Ona maydonchaga chiqib, o‘g‘lining yosh bolalardek ikki-uch pillapoyadan hatlab o‘tib, tongga, balki baxtga peshvoz chopayotganini yuragi orziqib kuzatib qoldi.

Ozarboyjonchadan Hikoyat Mahmudova tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.