OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurmamat Almurodov. Odamning xo‘rozi (hajviya)

Bugun Ravshan aka Hazratqulovning shirkatlar uyushmasiga rais etib tayinlanganiga roppa-rosa ikki hafta bo‘ladi. Birovni tanisa, birovni hali yaxshi tanimaydi. Ishni nimadan boshlashni bilmay xonasida xayol surib o‘tiribdi. Nogahon telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni olib, o‘ng qulog‘iga tutdi.
— Allo, yaxshimisiz. Men viloyat hokimligidan Hamroqul Sultonovman. Toshkentga borayapman. Agar xizmat bo‘lmasa bir soat ichida katta yo‘lga Xo‘rozni olib chiqing, iltimos, — dedi qisqagina qilib.
Ravshan aka shunday katta lavozimdagi kishining o‘ziga yaqin olib ish buyurganidan boshi osmonga yetib:
— Xo‘p, akajon, bir og‘iz gapingiz. Boshqa xizmatlar bo‘lsa ham bosh ustiga. Hech tortinmay aytavering, akajon, — deb go‘shakni joyiga qo‘ydi.
Darhol vaqtni qo‘ldan boy bermaslik uchun uyiga kelib, xotini Oybarchin bilan maslahatlashdi:
— Kattakonlardan biri xo‘rozni olib chiqing, Toshkentga borayapman, deb sim qoqdi. Ammo nechtaligini aytmadi. Qo‘chqorni olib chiqing, demaydimi. Ko‘krakni kerib, bo‘rdoqi hisori qo‘chqorlardan birini olib chiqar edim. Hokimlar ham qiziq. Arzimagan parrandani nima qilar ekan, xotin.
— E, dadasi, juda ham soddasiz-da, — dedi Oybarchin bilag‘onlik qilib, — xo‘rozga ishqiboz birorta nozik odamga sovg‘a qilsa kerak. O‘ki birorta yaqin kishisi shifoxonada yotgan bo‘lsa, folbin-solbin qon chiqarib, xo‘roz bilan qoqtirib tashlang degandir. Qani, tez bo‘ling, kechikasiz, — deb tovuqxonadan ikkita dakang xo‘rozni ushlab berdi.
Ravshan akaning ko‘ngli joyiga tushib moshina tezligini oshirdi. Hamroqul Sultonov allaqachon o‘zi aytgan joyga kelib, yo‘l bo‘yidagi chinor tagida kutib turgan ekan. Salom-alikni ham nasiya qilib:
— Xo‘roz qani, Xo‘roz? — dedi.
Ravshan Hazratqulov qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarib qo‘yganini o‘zi ham bilmay:
— Mana, akajon, — deya iljayib moshinasi yukxonasidan oyog‘i mahkam bog‘langan ikkita semiz xo‘rozni olib ko‘rsatdi. — Moshinaning qaeriga qo‘yay.
Sultonov yetti uxlab tushida ko‘rmagan bu qiziq voqeadan hayron bo‘ldi:
— Nima deyapsiz, Ravshanbek, — dedi kulib, — bu bo‘lmaydi...
Jabborqulda jon bormi deganlaridek, rais Ravshan Hazratqulov:
— Bo‘lmasa boshqasiga almashtirib kelaman, — deb yugurib ketayotgandi, shunda Sultonov qat’iy:
— To‘xtang! — deb orqasiga qaytardi. — Qanaqangi gapga tushunmaydigan odamsiz. Men sizga tovuqning xo‘rozini emas, odamning xo‘rozini — oqqovunlik mohir fermer Xo‘roz Abdujabborovni olib chiqing degandim. O‘zim bilan u kishini ertaga Toshkentda bo‘ladigan katta yig‘ilishga olib bormoqchi edim. Attang, vaqtim bekorga ketdi. 
— E, shunaqami. Uzr, akajon. Men kallavaram boshqacha tushunibman, — deb Ravshan Hazratqulovning nafasi ichiga tushgancha, Xo‘roz Abdujabborovning uyiga qarab oq “Neksiya”sini yeldik uchirib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.