OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olimjon Hayit. Gavhar (hikoya)

Avji saraton. Ko‘p qavatli uylarning derazalari quyosh chiqishi bilan yopilib, qalin pardalari bekitiladi. Chunki quyosh bosh ko‘targandayoq, issiq lopillab ichkariga uriladi. Ehtiyot choralari ko‘rilmasa, kun bo‘yi tandirning ichida o‘tirganday azobga qolish hech gapmas.
Mansur apil-tapil yuvinib, endi yoshiga to‘layotgan o‘g‘ilchasining beshigi boshiga keldi. Go‘dak miriqib uxlar, uyqusida ora-sira jilmayib qo‘yardi.
— Tushida birovlar kuldiradi shekilli, — shivirladi u xotini Manzuraga. — Qara, kulib qo‘yyapti! Ishqilib...
Mansurning kayfiyati o‘zgarib, biroz o‘yga toldi. Keyin uxlayotgan go‘dakning qo‘l-oyog‘ini bo‘shatib, shartta ko‘tarib oldi-da, bag‘riga bosdi.
— Voy, bu nima qilganingiz? — bezovtalanib pichirladi Manzura. — Uyg‘otib yuborasiz-ku!..
Xotinining gaplari Mansurning qulog‘iga kirmas, xuddi bolasidan ajralib qoladiganday go‘dakni qo‘lidan qo‘ymasdi.
— Yo‘-o‘q! — dedi u ovozini xiyla ko‘tarib. — Men seni hech qachon tashlab ketolmayman... Shunday shirin bolani-ya?.. Cen uchun jonimni bersam beramanki, tashlab ketmayman!..
— Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a? — dedi Manzura qoshlari chimirilib. — Ja sog‘insangiz, ishga opketa qoling!..
Mansur xotiniga o‘ychan qarab qo‘ydi-da, boshini chayqagancha go‘dakni joyiga yotqizdi.
— Kechir, g‘alati tushlar ko‘ribman. Shunga... Ko‘nglim buzilib ketdi.

* * *

Jurnalistning noni qattiq. Ertalabdan qog‘ozga ko‘milganicha shomga borib boshini ko‘taradi. Vaqtning selday guldirab o‘tib ketganini payqamaydi ham. Bugun Mansurning qo‘li ishga bormadi. Sababini o‘zi ham tushunmaydi. Ertalab xotiniga g‘alati tush ko‘ribman, degani shunchaki og‘ziga kelib qolgan gap edi. Aslida...
Bir hafta burun ishga kelgan Hosila ismli kotiba qiz uning tinchini o‘g‘irlab qo‘ydi. Ozg‘ingina, oq-sariqdan kelgan, sochlarini yoyib yuradigan bu qiz boshqalarga o‘xshab yuz-ko‘zlariga bo‘yoq surmasa-da, go‘zalligi bir qarashda yurakka cho‘g‘ solardi. «Qiziq, — ko‘nglida kechayotgan tuyg‘ularni tushunolmay o‘ylardi Mansur, — uylangan bo‘lsam, farzandim bor. Nega endi uni ko‘rdim-u, tinchimni yo‘qotdim? Yo‘-o‘q, o‘zimni qo‘lga olishim kerak».
Shu payt eshik «g‘iyq» etib ochildi-yu, ostonada qo‘lida choynak ko‘targan Hosila paydo bo‘ldi. Beixtiyor o‘rnidan turib ketgan Mansurning hozirgina xayolida charx urayotgan o‘ylari havoga uchdi. U shahdam qadam tashlab qizga peshvoz chiqdi.
— Keling, Hosilaxon, qaysi shamollar uchirdi bizning xonalarga?
— Choy so‘raganmidingiz?
— H-ha, ha... Rahmat. Qani, mana buyoqqa qo‘ya qoling! Keling, o‘tiring...
Hosila choynakni stol ustiga qo‘yib, omonatgina o‘tirdi. Bu orada Mansur uning sharsharadek yoyilib tushgan tim qora sochlariga o‘g‘rincha qarab ulgurgandi.
— O‘rganib qoldingizmi ishxonaga? — so‘radi u o‘rtadagi noqulaylikni yo‘qotishga urinib. — Yoqdimi sizga?
— Ha, — kuldi Hosila, — chidasa bo‘ladi.
— Shunaqa deng? Kotibalikning ham o‘ziga yarasha tashvishi bor, biroq hali ko‘nikib ketasiz.
— Siz muxbir bo‘lib ishlaysizmi bu yerda?
— Shunaqa desayam bo‘ladi. Ishimiz yozish-chizish. Boshqa nimayam qilardik? Kechirasiz, bir narsa so‘rasam maylimi?..
— Mayli.
— Turmushga chiqqanmisiz?..
Hosilaning boshi egilganini ko‘rib, Mansur nojoiz savol berib qo‘yganidan xijolat tortdi. Ammo bilgisi kelayotgandi, hayajonini yashirolmadi. U qizning yuzlariga yana o‘g‘rincha boqdi. Hosila javob berishga shaylanib, lablarini qimtib qo‘ydi. Keyin shikasta tovushda:
— Chiqqandim, — dedi. — Ajrashib ketganmiz.
— Siz-a?
— Ha, men. Nima, mening boshqalardan ortiq joyim bormi? — o‘zini majburlayotganday dardli jilmaydi u. — Peshonamga yozilgani shu ekan...
— O‘sha yigitning o‘rnida bo‘lganimda... Siz bilan hech ham ajrashmagan bo‘lardim. — Bu gap og‘zidan qanday chiqib ketdi, Mansurning o‘zi ham payqamay qoldi. Hosila yalt etib uning ko‘zlariga boqdi.
— O‘zingiz uylanganmisiz?
— M-menmi? H-ha... Bir o‘g‘lim bor.
— Demak, baxtli odam ekansiz...
Mansur gap topolmay qoldi. O‘zini o‘nglab, og‘zini juftlagunicha qiz xonani tark etgandi.

* * *

— Bugun sizni kuzatib qo‘ysam maylimi? — dedi ertasi kuni ikki o‘t orasida qolgan Mansur qizga niyatini oshkor qilishni ko‘ngliga tugib. — Ishoning, keyingi kunlarda o‘zimga nima bo‘layotganini bilolmay qoldim. Tunu kun xayolimda faqat siz. Ko‘zimga boshqa hech kim ko‘rinmay qo‘ydi...
— Qo‘ying, Mansur aka, — dedi Hosila chuqur xo‘rsinib, — oilangiz, farzandingiz bor. Yaxshimas...
— Men... Meni to‘g‘ri tushuning... Sizga yomonlik qilmoqchi emasman. Faqat kuzatib qo‘ysam bo‘ldi, ikki og‘iz gaplashsam... Boshqa hech narsa kerakmas...
— Yo‘q, men istamayman! Boshim ochiqligini bilib shunday deyapsiz. Umuman, erkaklarning hammasi bir go‘r. Yolg‘izligingni sezishdimi, aylantirmoqchi bo‘lishadi.
— Shunaqa deng. Nahotki, meniyam o‘shalar qatoriga qo‘shsangiz?
— Bilmadim... Bilmadim. Qo‘ying, bu haqda gaplashmaylik!
— Mayli, ammo bilib qo‘ying, istamasangiz ham baribir orqangizdan ketaveraman...
Hosila kulib yubordi. Uning jarangdor, beg‘ubor kulgisi Mansurning yuragini o‘rtab yubordi.

* * *

Mansur Hosilani kuzatib qo‘ya boshlaganiga ham ikki haftacha bo‘ldi. Suhbatlashib ketarkan, uning husniga tikilib to‘ymaydi. Nazarida, Hosila tobora ochilib borayotganday. Nihoyat ehtirosi junbushga kelgan Mansur o‘zini tutolmadi:
— Men sizni sevib qoldim, Hosila! — dedi u joniqib va Hosilaning bilagidan tutib o‘ziga tortdi. — Ortiq chidolmayman. Keling, meni ko‘p qiynamang! O‘lib ketmay sizga zor bo‘lib!
Hosila bir zarb bilan qo‘lini tortib oldi, ko‘zlariga yosh quyilib keldi:
— Siz... Siz meni kim deb o‘ylovdingiz? Hali maqsadingiz shumidi?
Mansur kalovlanib qoldi. U savqitabiiy bilan qo‘liga ixtiyor berib qo‘yganini payqab: — Kechiring, men bilmay qoldim! — dedi afsuslanib. — O‘lay agar, bilmay qoldim! Kechiring!..
Hosila sumkasidan ro‘molchasini oldi-da, ko‘z yoshlarini artdi.
— Boshida aytgandim-ku, erkaklarning hammasi bir go‘r deb!
— Yo‘q, aslo undaymas! Men boshqa odamman. Faqat xafa bo‘lmang! Ikkinchi qaytarilmaydi...
Hosila xo‘rsindi.
— To‘g‘risini aytsam, Mansur aka, o‘zim ham hayronman. Negadir siz to‘g‘ringizda o‘ylagim, kimlargadir gapirgim kelaveradi... Ayolning qalbini tushunmaysiz-da! Kechalari ko‘rpaga burkanib olib, uzoq-uzoq yig‘layman. Nega yig‘layotganimni o‘zim ham bilmayman. Faqat yig‘layman. Mansur aka, iltimos, dilimga ozor bermang! Men sevgim pok bo‘lishini istayman... To‘g‘ri, turmush ko‘rgan ayolga osonmas. Lekin siz menga yaqinlashsangiz, battar qiynalaman... Agar qiynalishimni istamasangiz, meni chindan yaxshi ko‘rsangiz, menga qo‘l tekkizmang!
— Xo‘p bo‘ladi, Hosila, — dedi Mansur lablarini asabiy tishlab. — Bu gapingizdan keyin sizga mehrim yanada oshdi.
— Yana bir iltimosim bor.
— Xo‘sh...
— Meni deb oilangizdan sovimang!
— Iltimosingiz qabul qilindi deb hisoblayvering! — Hosilaning aqliga, odobiga ichida tan bergan Mansur kulib yerga qaradi. — Sizning gaplaringizni hech qachon yerda qoldirmayman!

* * *

Mansur bilan Hosilaning munosabati tez orada hamkasblari orasiga yoyildi. Ayniqsa, ular duch kelib qolishganida ayollar pinxona ko‘z qisib jilmayishardi.
Oradan ikki xafta o‘tdi. Bir kun ertalab xonaga Hosila shaxd bilan kirib keldi. Keyingi paytlarda yanayam ochilibdi, husniga husn qo‘shilibdi. Labidan tabassum arimaydi. Nahotki, bularning barisi Mansur uchun...
— Assalomu alaykum! — Mansurga yaqin kelib sekingina salom berdi Hosila. — Yaxshi keldingizmi?
— Rahmat.
— Bir daqiqaga tashqariga chiqa olasizmi?
— Bo‘lmasa-chi? — Mansur hovliqib qo‘llarini oldinga cho‘zdi.
— Siz taklif qilasiz-u chiqmaymanmi?
Hosila xonalarga bir-bir ko‘z tashlab olib, sekin o‘girildi:
— Siz meni yaqin orada jinni qip qo‘yasiz.
Bu kutilmagan gap Mansurni hushyor torttirdi.
— Nega?
— Ha, o‘zingizga o‘rgatib olib, endi bilmaslikka olayapsizmi? To‘g‘ri-da, sizga oson. Oilangiz bor, o‘g‘lingiz bag‘ringizda. Kechasi borib o‘sha xotinchangizni quchog‘iga kirasiz. Men bo‘lsam...
— Hosila, sizni taniyolmay qoldim, — dedi Mansur asabiylashib.
— Nima bo‘pti? Keling, ochiqchasiga gaplashib olaylik. Ortiq chiday olmayman. Yo u yoqli, yo bu yoqli qiling! Birovning hissiyoti bilan o‘ynashishga o‘ynashdingizmi, oxirigacha hal qiling!
— Nimani hal qilay?
— Voy, — Hosilaning qalin qora kipriklari pirpirab, lablari titray boshladi. — Bilmaysizmi? Men bilan nima maqsadda gaplashib yuribsiz? Shunchaki ko‘ngilxushlik uchunmi? Yo‘q, yaxshi yigit, bunaqasi ketmaydi. Yo meni deysiz, yo o‘sha xotinchangizni!
— Axir... bu mumkin emas! Q-qanday qilib?
— O‘, ja ustamon ekansiz-ku! Bir begunoh ayolning ichiga kirvolib, endi silliqqina chiqib ketmoqchimisiz? Bu hunaringiz o‘tmaydi. Agar hal qilmasangiz, xotiningizga boraman-da: «Eringni tiyvol, meni tinch qo‘ysin! Ko‘z ochirgani qo‘ymayapti», deb aytaman.
— Xo‘sh, keyin-chi? — Mansurning miyasida og‘riq turdi. Yuragi tez urib, a’zoyi badani qizib ketdi. — Keyin nima bo‘ladi?
— Mening nima ishim bor? Keyin undanam ayrilib, so‘ppayib bir o‘zingiz qolaverasiz...
— Yo‘q, Hosila, — Mansur azbaroyi qo‘rqib ketganidan vaziyatni yumshatishga urindi, — bu yaxshimas... Men sizga qo‘limniyam tekkizgan emasman.
— Qo‘lingizni tekkizmay turib hislarim bilan o‘ynashdingiz. Meni azob changaliga solib qo‘yib, o‘zingiz bir chetda tomosha qilayapsiz. Ahmog‘ingiz yo‘q, ertagacha kutaman. Agar hal qilmasangiz, o‘zingizdan ko‘ring!
— Xo‘p, nimani hal qilay?
— Voy, bilmaysizmi? O‘ylang!
— Xotinimni qo‘yib, sizga uylansam, ko‘nglingiz to‘ladimi?
— Bilmayman. O‘zingiz hal qiling!
Hosila zarda bilan ortga o‘girildi-da, ichkariga kirib ketdi. Mansur turgan joyida shamday qotdi. U qaerga borishni, nima qilishni bilmasdi. «Afsus, shaytonning yo‘liga kirib qo‘ydim! — o‘ylardi u musht bo‘lib tugilgan qo‘llarini tizzasiga urib. — Chiroyiga uchibman! Nimaga? Gulday oilam nima bo‘ladi endi? Murodjonim otasiz o‘sadimi? Ayolning makri — ilonning zahri. Meni Majnunga aylantirguncha muloyim supurgi edi. Ana, bugun asl basharasi ko‘rindi-qo‘ydi... Qo‘lingdan kelganini qil! Xotinimga aytarmish. Ayt! Menam tushuntiraman. Manzura tushungan ayol. Kerak bo‘lsa, kechirim so‘rayman. Qayoqqa borardi bu sharmanda?! Sakrab-sakrab joyiga tushadi... Ammo ishxonada-chi? Bunaqalar birinchi navbatda ishxonadagilarga dardini doston qiladi. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin!».
U xonaga kirdi-da, eshikni ichkaridan tambalab, o‘zini kresloga tashladi. Shu ko‘yi qancha o‘tirganini bilmaydi, bir mahal eshikning ohista taqillashidan hushiga keldi. O‘rnidan turib, derazadan tashqariga qaradi. Allaqachon ketadigan payt bo‘libdi. Ehtiyotkorlik bilan oyoq uchida yurib borib, tashqariga quloq tutdi. Qiziq, kim ekan taqillatgan? Ie, boshliq bo‘lsa-ya? U shosha-pisha eshikni ochdi. Ro‘parasida Hosila kulib turardi.
— Keling, — dedi siniq ovozda, — ichkariga kiring!
Hosila yuzida tabassum bilan ostonadan yengil hatlab xonaga kirdi.
— Ketmadingizmi? — so‘radi qiz unga ma’noli tikilib.
— Yo‘q, shoshib qaergayam borardim?
— O‘ylab ko‘rdingizmi?
— Nimani?
Hosila tuyqusdan kulib yubordi.
— Nega kulasiz? Mazax qilyapsizmi?
Hosila jiddiy tortdi: — Yo‘q, sizni mazax qilib bo‘ladimi, Mansur aka, kechiring meni! Boya sizni behuda xafa qilib qo‘ydim. Rosti-chi, sizni sinamoqchi edim.
Mansur yalt etib Hosilaga qaradi: — Xo‘sh, sinovdan qanday o‘tdim?
— Zo‘r o‘tdingiz. Chindan oilasiga sadoqatli erkak ekansiz. Rahmat sizga! Doim shunday bo‘ling, bo‘ptimi? Men kelib-kelib sizday xokisor odamning uyini buzarmidim? O‘zingiz mundoq o‘ylab ko‘rmadingizmi? Yo‘q, boshqalarni bilmadim-u, men bunday yo‘l bilan baxtli bo‘lolmayman. To‘g‘ri, siz menga yoqasiz, sizni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun ham hayotingizga aralashmayman. Chin yurakdan yaxshi ko‘rgan odam sevgan kishisiga yomonlikni ravo ko‘rolmaydi.
Bu gaplardan Mansur hushyor torta boshladi.
— Shu gaplarni o‘zingiz gapiryapsizmi? — uning lablarida tabassum paydo bo‘ldi. — Ishongim kelmayapti.
—    Ishonmasangiz o‘zingizga havola. Men baribir ishdan ketayapman. Eslab yurarsiz...
— To‘xtang, nega ishdan ketasiz? O‘zi yaqindagina joylashdingiz-ku!..
— Men sinovdan o‘tolmadim, — kulib javob qildi Hosila. — Sizday kuchli emas ekanman...
— Kimning sinovidan o‘tolmadingiz?
— Kimning bo‘lardi, boshliqlarning-da... Mayli, Mansur aka, xayr, baxtli bo‘ling! Hech qachon o‘g‘ilchangizni tashlab ketmang-a?
Mansurning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.
— Ha, sizga bir gapni aytmoqchiydim, — dedi Hosila ortiga qayrilib. — Maktabda adabiyot o‘qituvchimiz: “Har bir insonning topinadigan gavhari bo‘ladi, bu birov uchun farzandi, boshqa birov uchun oilasi yo kasb-kori, balki ota-onasi bo‘lishi mumkin... Agar odam ana shu gavharini asrab-avaylasa, yo‘qotib qo‘ymasa, hayotda xo‘rlik ko‘rmaydi”, derdi. Gavharingizni asrang, shunda men ham sizdan xavotir olmayman.

* * *

Mansur ishxonadan chiqib, uyiga qaytarkan, Hosilaning ko‘rsatgan “hunar”ini eslab miyig‘ida kuldi: “Qanchalar ayyor-a bular! E, yo‘q, buni ayyorlikkayam yo‘yib bo‘lmaydi. Hosila baribir oqila ekan. U mening ko‘zimni ochib qo‘ydi. Ochgandayam...“.
Uyiga kirdi-yu alanglab, xotini bilan o‘g‘li qaysi xonadaligini bilgisi keldi. Manzura o‘g‘ilchasini bag‘riga olib televizor ko‘rayotgan ekan. Mansur o‘g‘liga talpindi, uni bir qo‘liga oldi, bir qo‘li bilan xotinini quchdi...
— Oh, mening gavharlarim!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.