OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shahlo Hoshimova. Jiyda gulining hidi (hikoya)

Tongda mahbuslar yerni qoplagan qorni ko‘rib, bir-birlariga ma’noli nigoh tashladilar. Nigohlarida alam bor edi: yana qish kelibdi.
Sahroda joylashgan qamoqxonaga kelgan qancha-qancha jinoyatchi-mahbuslar tushuntirish mushkul bo‘lgan qiynoqlarga duchor etilgan, bu kutilmagan tasodif qurbonlari taqdirning taqozosi bilan qalbidagi yaxshilik gullari yulib tashlangan edi. Bu yerda shunday bir taomil shakllanganki, mahbuslar o‘tmishlari xususida hech qachon bir-birlariga gapirmaydi. Kechagi kun esa oynadek ravshan. Shuning uchun mahbuslarning soatlab kelajak xususida so‘zlashishlari, oddiy, yengil-elpi hayotiy lazzatlar haqida bahslashishlari kundalik odatga aylanib qolgan. Bu yerda hissiyotli odam uzoq yasholmaydi, chunki uning miyasini suyak-suyagigacha maqsadsiz, bema’ni fikrlar do‘zax azobida qovurib, tutunday tarqatib yuboradi.
Qamoqdagi bir xil manzara mahbuslarni ruhan ezib tashlagan. Ularning yuzlariga chetdan qaragan kishi: "nahotki, mana shu odamlar ozodlikda qotillik, o‘g‘rilik, talonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa" deya o‘ylanib qoladi. Ammo bu yerda shunday odamlar ham borki, ular o‘z xohishlari oqibatida emas, taqdirning hukmi — baxtsizligi sababli begona olamda hayoti va aqliga qora choyshab yopib, yolg‘iz, barcha insoniy azoblar iztirobida daqiqalar, soatlar, yillarni sanab o‘tkazmoqda.                                         
Uchinchi raqamli mahbus ish dastgohini yurgizdi. "Yana yetti yil, bu qor beshinchisi, yana yettitasi oldinda". Mahbus o‘z xayollari girdobida mahsulotlarni tartibga keltirayotganida, ish stolidagi telefon jiringladi. Uni turma boshlig‘i huzuriga chorlayotgan edi.
Qamoqxona besh qavatdan iborat bo‘lib, yuqori ikki qavati yotoqxona, oshxona, yuvinish xonalari, undan keyingi ikki qavatida mayda detallar ishlab chiqaradigan tsexlar, birinchi qavatida esa turma nozirlarining xonalari joylashgan.  Ikkinchi,  uchinchi qavatlardagi  tsexlar  shunday joylashganki turma nozirlari har bir mahbusning ish jarayonini o‘z joylaridan kompyuterlar orqali kuzatib turaoladilar. Shu bois ish boshlagan mahbus chetdan uni kimdir ko‘rib turganini ich-ichidan his qilib, tinimsiz ishlardi. Tartibga rioya qilmagan mahbuslar turmaxona boshlig‘i   tomonidan   joriy   qilinadigan   yangi-yangi   jazolarga   duchor qilinardi.
Qirq yoshni qoralayotgan past bo‘yli, kaltafahm turmaxona boshlig‘i aslida ilm ahlidan bo‘lib, bu yerga kimlarningdir ko‘rsatmasi orqali kelib qolgan. Biroq bundan o‘zi hech qachon afsuslanmaydi. Negaki, qalbidagi yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun qamoqxona unga juda qo‘l kelgan edi. Shuning uchunmi, u fandagi barcha yangi texnologiyalarni tezda o‘zlashtirib, o‘zining rejalarini,  ya’ni  mahbuslarni jazolash usullarining yangi-yangi turlarini o‘ylab topardi.
Mahbus turmaxona boshlig‘i yo‘qlayotganligidan ham hayrat, ham qo‘rquv bilan uning huzuriga kirib bordi.
— Siz shifokorsiz, shundaymi? — deya so‘radi turma boshlig‘i uchinchi raqamli mahbusdan.
— Ha, — dedi taklif etilganligi sababini bilolmay mahbus.
— Bir shifokor o‘rtog‘im jamiyatni jinoyatchi¬lardan tozalashning yangi usulini o‘ylab topibdi. Endi uni kimdadir sinab ko‘rish lozim. Men o‘ylab-o‘ylab sizda sinab ko‘rsak, degan xulosaga keldim. Chunki siz shifokorsiz, qolaversa, yosh, baquvvatsiz. Agar tajriba kutilgan natijani bersa ozodlikka chiqdim deyavering.
Turma boshlig‘ining ayyorona kulib turgan ko‘zlaridan qandaydir ko‘ngilsizlik sezilib turgan bo‘lsa-da, o‘tgan besh yil davomida sukunatga quloq solib, o‘tmish saboqlaridan kelajagini izlayverib charchagan mahbusni ozodlik haqidagi xabar gangitib qo‘ydi.
— Men tayyorman, qo‘limdan kelganicha o‘rtog‘ingizga yordam berishim mumkin, — dedi ichki quvonchini yashirolmay mahbus.
— Sizdan hech narsa talab qilinmaydi. Faqat tajriba natijasida o‘zingizdagi o‘zgarishlarni hamkasbingizga to‘liq bayon qilib tursangiz bo‘lgani, — dedi negadir turmaxona boshlig‘i kulib.
Bu xushxabarni eshitib, mahbus o‘zini ko‘rinmas nayrangboz qo‘liga tushib qolgan-u, aybsiz aybdor sanalib mana shu yerlarda umrining eng og‘ir damlarini o‘tkazganligidan o‘ksinib, ota-onasi kutilmagan ozodlikdan qanchalar sevinishini ko‘z oldiga keltirdi. Ularning ozgina xursandchiligi uchun mahbus hamma narsaga, har qanday qiynoqqa rozi, faqat turmaxona boshlig‘i va’dasida turib, uni ozodlikka chiqarsa bo‘lgani.
Ertasi kuni ikki soqchi hamrohligida uzoq yurib, shaharga kirib bordilar. Mashina ko‘p qavatli bino oldida to‘xtadi. Liftda oltinchi qavatga ko‘tarilib, "ruhshunos L.B. Qodirov" deb yozilgan eshik qarshisida to‘xtadi. Ikki soqchi eshik oldida qoldi. Mahbus ichkariga kirib yozuv stoli ustida qog‘ozlarga ko‘milib o‘tirgan, to‘ladan kelgan, qosh-ko‘zlari qop-qora, ammo sochlari oppoq, ko‘rinishidan qirq-qirq besh yoshlardagi oq xalatli kishiga ro‘baro‘ keldi. Doktor qog‘ozlardan boshini ko‘tarib uni ko‘rgan zahoti yuzi yorishib ochiq chehra bilan xona burchagidagi divanga taklif qildi.
— Sizning ozodlikka chiqishingizga yordam beraman, — deya, gap boshladi shifokor. — Faqat avval yordamingiz menga juda zarur, ilmiy ishimni sizda sinab ko‘rmoqchiman. Siz esa bu tajribani jamiyatga qanchalar zarurligini atrofdagilarga tushuntirib bersangiz bo‘lgani. Axir o‘zingiz ham shifokorsiz, ilm odamisiz, meni tushunasiz degan umiddaman, — ruhshunos fikrini poyintar-soyintar bayon qilgan bo‘lsa-da, ammo mahbus uning maqsadini angladi. Mahbusning ko‘zlaridan tushunayotganligini sezib, gapida davom etdi ruhshunos. — Tarjimai holingiz bilan tanishib chiqdim, jinoyatchi emas ekanligingiz¬dan xabardorman. Bemoringizni qasddan o‘ldirma¬ganligingizni isbotlay olmagansiz. Sizning aybsiz ekanligingizga ishonaman. Shuning uchun ham sizni tanladim, sizga yordam bermoqchiman.
Mahbus ruhshunosga diqqat bilan tikildi: aybsizligimni bila turib nega meni jinoyatchi sifatida tajribada sinamoqchi?
— Nimaning hidini ko‘proq yoqtirasiz? — kutilma¬ganda savol berib qoldi shifokor.
Mahbus o‘ylab-o‘ylab nastarin bilan jiyda gulining hidini yoqtirishini aytdi.
—  Qaysi birini ko‘proq yoqtirasiz?
— Jiyda gulining hidini, — dedi hayratlanib mahbus.
— Bilasizmi, — so‘zida davom etdi unga e’tibor bermasdan ruhshunos, — uzoq yillar davomida fanda yangilik yaratish maqsadida ish olib bordim. Nihoyat uni tugalladim. Endigi bosqich tajribada sinab ko‘rish. Ishonamanki, umrimning katta qismini egallagan bu ishim jinoyatchilikning oldini oladi. Shu bilan birgalikda inson aqlini zaiflashtirib, qalbini g‘alayonga soladigan his-tuyg‘ularni o‘ldiradi. Aniqroq tushuntiradigan bo‘lsam, shaxsni jinoyatga, gunohga yetaklaydigan nafslarini jilovlaydi, ya’ni odamzod ko‘rinmas shisha qolip oralig‘ida ruhiy xotirjamlikka erishadi.
Mahbus shifokorning so‘zlarini qanchalik diqqat bilan eshitishga harakat qilmasin, ammo xayoli ozodlikdan keyingi hayotining ko‘chalariga tortib ketardi. "Agar tajriba kutilgan natijani berib, ozodlikka chiqsam hammasini boshidan boshlayman, odamlarga kerakligimni, yaxshi shifokorligimni isbotlayman... bundan keyin hech qachon erkinligimni garovga qo‘ymayman".
Ozodlik haqidagi xabar mahbusni ancha dovdiratib qo‘ygandi. Shuning uchun hech narsa haqida o‘ylab ko‘rmasdan rozilik bergandi.

* * *
Tajriba yakunlanib, mahbus o‘ziga kelganda atrofida hech kim yo‘q edi. Ro‘parasidagi katta-katta deraza oynalaridan shom vaqti bo‘lganligi ko‘rinib turar, atrof juda tinch, xona ichi esa yop-yorug‘ edi. Ustidagi yopinchiqlarini chetga surib, o‘rnidan turdi-yu, biroq o‘tgan voqealarni barchasi xotirasida qayta tiklanib, o‘zini yana to‘shakka tashladi. Oldiniga o‘zidagi o‘zgarishni sezmasdan ko‘zlarini yumib, tajriba natijasini kuta boshladi. Xonaga hech kim kiravermagach, o‘rnidan turib o‘tirdi. Shundagina mahbus butun tanasini qoplagan shishasimon niqobni payqab qoldi. Niqob teri ustidagi shisha qolipga juda o‘xshab ketardi. Lekin teri bilan shisha qolip orasida ma’lum bir masofa borligi sezilib turardi. Mahbus tanasini siypalab hech narsani his qilmadi. Silliq shishaga qo‘l tekkizgandek bo‘ldi. U oldiniga qo‘rqib ketdi, ammo ruhshunosning tajribasini eslab, eshitayotganligi, ko‘rayotganligidan biroz tinchlandi.
—   Bu qolipda qancha yurarkanman, — o‘yladi mahbus deraza oynasiga yopishtirilgan "jurnal" degan yozuvni o‘qib. — Ishqilib yana avaxtaga olib borishmasa, tutqunlikka tashlashmasa bo‘lgani... Qamoqxonada yashashga ortiq chiday olmayman...
Mahbus derazadagi  yozuvni  qayta-qayta o‘qib,  ota-onasini,  hukm o‘qilishi oldidan sud zaliga kelgan barcha tanish-bilishlarini ham esladi...  Yuragi o‘rtanib,  Yaratganning menday  bandasi borligi yodidan  ko‘tarilgan  shekilli,  degan  fikr xayolidan  lip  etib o‘tdi-yu, qaerdandir jiyda gulining ifori dimog‘iga urilib, havo yetishmasdan, tanasida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. 
Amaliyot nihoyasiga yetib, mahbus uyquga ketganidan so‘ng, ochiq havoda biroz aylanib qaytgan shifokor iloji boricha o‘z toleini tezroq o‘zgartirishga chin dildan kirishgan sinovchisini yerda bukchayib yotganini, yuzigacha o‘zgarib ketganini ko‘rib, yordamchilarini chaqirdi. Ikki-uch kishi birgalashib uni to‘shagiga yotqizishdi. Ular nima bo‘lganligini tushuna olishmasdan, mahbusning o‘ziga kelishini kutishdi.
Shifokor mahbusning og‘riqdan qiyshayib ketgan yuziga termulib kelgusida shisha qolip uning qalbidagi barcha insoniy tuyg‘ularni yanchib, bo‘g‘ib tashlashi, ilgarigi hayotiga butunlay nomunosib bo‘lgan sharoitda nafas olishga undashini o‘ylab, bemoriga joni achib, qattiq tashvishga tushib qoldi. Mabodo mahbus shunday sharoitga ko‘nikkanda ham uning umrini teng yarmini shisha qolip yutib yuboradi. Negaki, bunday yashash  suvdagi baliqni qumga chiqarib tashlash bilan barobar edi.
—    Mahbus o‘ziga kelib, tepasidagi oq xalatlilarga ko‘zi tushdi. Meni yana nima qilisharkan, degan tashvish bilan ruhshunosga qaradi.
—   Biroz o‘zingizga kelib qoldingizmi, gapira olasizmi? — shifokor tashvishlanib so‘radi undan.
—  Tajribangiz nihoyasiga yetdimi? — dedi mahbus o‘zini qo‘lga olib.
—   Ishimni yakunladim. Siz o‘zingizni qanday his qilmoqdasiz? Tashqi ko‘rinishingizda hech qanday o‘zgarish sezilmayapti.
— O‘zimga kelganimda butun tanamni qandaydir shishasimon qolip egallaganligini his qildim. So‘ng terilarimdagi sezish tuyg‘usi yo‘qolganligini sezdim  ichki xo‘rsinish bilan so‘z boshladi mahbus. — Oldiniga ruhiyatimdagi o‘zgarishni bilmasdan o‘tgan o‘tmishimni xotirlab tursam, qaerdandir dimog‘imga kelib urilgan jiyda guli hididan seskanib ketdim. O‘ylashimcha, hammasi ana shundan boshlandi. Dimog‘imdagi hiddan nafas olishim qiyinlashib, go‘yo butun tanamni qoplab turgan qolip qisuvidagi azob vujudimga tarqalib, hushimni yo‘qotdim. To‘g‘risi, qolip oralig‘ida qolganimga juda kam muddat o‘tgan bo‘lsa-da, biroq bir narsaga amin bo‘ldimki, unda yashagan har qanday inson faqat bir parcha go‘shtga aylanib qoladi. Chunki siz yaratgan shisha qolipdan nafas olishni boshlagan odam, ruhiy inqirozga uchraydi. Shuurida qandaydir keskin burilish yasalib, vujudiga singgan har qanday nafsini, ma’naviy boyliklarini, razil, tuban, qabih hislarini osonlikcha, pushaymonsiz parchalab tashlaydi. Mabodo, bu qolipga biron-bir milliarder kirib qolguday bo‘lsa, o‘zining yangi taqdiridan voz kechish uchun butun boyligini bir daqiqadayoq sovurib yuborishi muqarrar.    
Bir vaqtlar "Aql ham to‘la hidoyatga qodir emas, dunyoga nazar soling, hamma aqlini ishga solib turli yo‘lga kirmoqda va hamma o‘zinikini to‘g‘ri deb da’vo qilmoqda. Ammo aqlning ustidan ham hukmini o‘tkazuvchi hidoyat bor" degan jumlalarni muqaddas kitobda o‘qigan edim. Shuning uchun hislarimga ham, aqlimga ham ishonmasdan yuragimning tub-tubidagi allaqanday buyruqqa bo‘ysunardim. Kamdan-kam holatlardagina xarakterimda lov etib yonish yuz berardi. Ayni damda mana shu qolipga nisbatan qalbimda cheksiz qahru g‘azab uyg‘onib kelmoqda. Xayolimda hozir u kul ostida sekin burqsib tutayotgandek. Nazarimda Yaratganning nuri ixtiroingizdan bebahra qolgan... O‘ttiz yillik   hayotim   davomida    odamzod    mudhish    darajada    yashovchan, ko‘nikuvchan, osoyishta hayot kechirmoq uchun hamma narsaga itoat qiluvchi degan xulosaga kelgan edim. Bilmadim, balki adashgandirman. Qamalishim ota-onam uchun juda qayg‘uli. — Mahbus ohista so‘zida davom etdi, — shu bois har qanday qiynoqqa bardosh beraolaman. Meni erkin ko‘rishsa,  shisha qolip  o‘zimgagina  ayon  bo‘lib,  hech  kimga  ko‘rinmasa yaqinlarim oldiga ketishimga javob bering, — mahbus manglayi tirishib, qayg‘u-hasrat to‘la ko‘zlari bilan shifokorga iltijoli tikildi.
Atrofdagilar uning so‘zlarini e’tibordan qochirmay tinglab, chehrasidagi vos-vos dahshatini ko‘rib unga achinib ketishdi.
—   Axir o‘zingiz ixtiroim oralig‘ida yashash juda og‘ir deb ta’kidlamoqdasiz, shu bilan birgalikda mana shu hayotni davom ettirmoqchisiz. To‘g‘risi, men sizga tushunolmay qoldim, — dedi hayratini yashirolmasdan ruhshunos.
—     Siz meni haqiqatdan tushunmadingiz, — deya so‘z boshladi mahbus. — O‘lim jazosi berilgan jinoyatchiga ham bu qolipni hech qachon tavsiya qilmagan bo‘lardim. Chunki jinoyatchiga berilgan har qanday jazo so‘nggida ma’lum bir umid bor. Jinoyatchi ana shu umid uchungina yashaydi... lekin sizni ixtiroingiz jamiyatga tadbiq qilinib barcha jinoyatchilar qoliplarga joylashtirilsa, ... men buni sizga tavsiya qilardim. O‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, sinov davri bir yil muddatga cho‘ziladigan bo‘lsa, qachondir bu qolip iskanjasidan qutulaman degan umid ilinjidagina amallab bardosh berishim mumkin. Undan ortig‘iga, menimcha, sabrim yetmaydi. Sabrim yetgan taqdirda ham vujudim chidash berolmasa kerak.
Mahbusning so‘zlarini tinglab shifokorlar bir-birlariga ma’noli qarashdi.
—  Bilasizmi, men shisha qolipga jinoyatchini kiritish yo‘linigina o‘ylab topganman... ammo sizni ishontirib aytaman-ki, boshlagan ishimni oxiriga yetkazaman. Buning uchun o‘zingiz yordam berasiz degan umiddaman, — dedi har bir gapini chertib-chertib shifokor.
—   Nima, bu ahvoldan meni qutqarish yo‘lini bilmaysizmi? — so‘radi qo‘rquvdan ko‘zlari katta-katta ochilib ketgan mahbus.
— Hozir sizga bir narsa deya olmayman. Qolaversa, qalbingizni, hislaringizni sinovdan   o‘tkazishim    lozim.    Biroq   bardoshingizga yakunlaganimdan keyin sizni chaqirtiraman. Ana o‘shandagina haqiqiy ozodlikka erishasiz. Ungacha Xudodan o‘zingizga sabr tilang, — dedi hamdardlik bilan ruhshunos.
Ostona hatlab ichkariga kirgan mahbus hovli yuzida ivirsib yurgan otasiga ko‘zi tushdi. O‘tgan vaqt mobaynida otasi ancha cho‘kib, keksayib qolibdi.
Mana shu kichkina hovlida mahbusning bolaligi o‘tdi.  Shu yerda o‘qidi, ilm o‘rgandi, dunyo tanib, odamlarni, hayotni tushundi. Eng yomoni, shu yerda taqdirini tubdan o‘zgartirib yuborgan mudhish xatoga yo‘l qo‘ydi. Mana, yana  shu  hovliga  qaytdi.  Uning  birinchi   nigohi   yozning  oydin kechalarida    yolg‘iz    o‘zi oyga qarab yotib qurbaqalarni bir    maromda qurullashini tinglab yotgan hovli o‘rtasidagi supaga tushdi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. Otasi tomonga ikki qadam tashlagan zahoti, hovli etagidan quchog‘ini ochib, yugurib kelayotgan onasini ko‘rdi. Bu vaqtda darvoza oldida turgan o‘g‘lini ota ham ko‘rdi. Ota-ona farzandini ko‘rganlaridan sevinchlari ichlariga sig‘masdan o‘zlarini unga otishdi. Mahbus ular tomonga ikki qadam tashladi-yu, dimog‘iga urilgan  jiyda guli hididan boshi aylanib, yerga quladi.
Ota-ona ko‘zlari to‘la yosh, bolasi atrofida parvona bo‘lib, bir-birlariga nimalarnidir baqirib, tinimsiz yig‘lashdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, mahbus o‘ziga keldi. Undan hech narsani so‘rashmadi, u ham ularga bir og‘iz tushuntirish bermadi. Ammo oradan bir oylar o‘tgandan keyin, ota-ona farzandimiz tutqanoq kasaliga chalinibdi, degan xulosaga kelishdi. Lekin uning xarakteridagi o‘zgarishlarga ko‘nika olmasdan, o‘g‘lidan xafa bo‘la boshlashdi. Chunki qolip mahbusni tubdan o‘zgartirib xudbin qilib qo‘ygan edi. U faqat qolip hukmiga bo‘ysunar, bu esa uni insoniy xohishlariga yo‘l bermay, odamlardan uzoqlashtirar, yolg‘izlikda esa qalbi sim-sim zirqirardi. U uyiga qaytib kelayotganida "tajriba, shisha qolip haqida zinhor hech kimga aytmayman", deya o‘ziga shart qo‘ydi. Chunki u birovga gapirgani bilan muammosi hal bo‘lmasligini bilar, bu bilan esa faqat o‘zi qiynalardi.
Poytaxtdan ancha olisda joylashgan shaharcha odamlari juda sodda, samimiy, ochiqko‘ngil bo‘lishsa-da, ammo o‘zlariga yarasha xarakterga ega edilar. Ular ko‘rmagan narsalariga hamma odamlar singari qiziqsa-da, ko‘rib turganlari haqida ko‘proq fikr bildirishni xush ko‘rardilar. Shuning uchun shaharchada sodir bo‘lgan oddiy voqea ham ancha vaqtgacha tildan tilga o‘tib yurardi. Bir safar mahbus ota-onasining undan xafa bo‘layotganligini ko‘rib, ularga hammasini, nima uchun uni ozod qilishgani-yu, shisha qolip oralig‘ida yashash qanchalik azobligi xususida batafsil gapirib bermoqchi bo‘ldi. Keyin o‘ylab ko‘rgach, bu ularga hozirgidan ham og‘irroq bo‘ladi, degan qarorga keldi.
Mahbus qamalganida ota-ona o‘g‘lini ozod qilish maqsadida ro‘zg‘ordagi yillar davomida to‘plangan barcha ko‘zga ko‘ringan narsalarini sotib, oqlovchilarga berib yuborganligi bois, oila juda kambag‘allashib qolgan, er-xotinning nafaqasidan boshqa daromadi yo‘q edi. Ular o‘g‘illari qaytib kelsa hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, degan ilinjda kun o‘tkazishardi. Qamoqdan qaytgan mahbus esa ishga kirish, tirikchilik tashvishi haqida mutlaqo o‘ylamasdi. Negaki, uni odamlar bilan bo‘ladigan muomala qattiq iztirobga solardi.
Ko‘z oldida ota-onasining g‘amdan qartayib borayotganligi esa uni ruhan ezib yuborayotgan bo‘lsa-da, shisha qolip hukmi hamma narsadan ustunligi   sababli   kunu tun   xonasida   qamalib   o‘tirishga   majbur bo‘lardi.  O‘g‘lini  xonasida  qamalib  olib,   odamlardan  o‘zini  olib qochishi, hech kimga gapirmay har zamonda rangi qizarib-bo‘zarib g‘ujanak    bo‘lib hushini yo‘qotishi esa ota-onani adoi tamom qilmoqda edi.  
Mahbus tibbiyot institutini a’lo baholar bilan yakunlagan. O‘z vaqtida uning yaxshigina shifokorligini atrofdagilar ham bilardilar. Taqdirning inoyati bilan qamoqqa tushishi esa tasodifiy holatligidan ham hamma xabardor.  Shunmng uchun avaxtadan qaytganligini eshitib avvalgi ishlagan shifoxonasidagi ustozlari yana mahbusni ishga taklif qilishdi.    Ozroq   dam    olmoqchiman,    degan    bahona    bilan    ularning takliflarini   rad  etdi. Ota-onasini  uning     kasalini   poytaxtdagi taniqli shifokorlarga ko‘rsatish rejalariga esa mening kasalimni tibbiyot yo‘li bilan davolab bo‘lmaydi, deya bahona qildi. Hamma umidi tajriba yakunidan. Shuning uchun yaqinlariga ozroq sabr qilinglar, hammasi iziga tushib ketadi, deya tassalli berardi.
Bir kuni onasi yalinib-yolborib o‘g‘lini folbin kampirga olib bordi. Rangpar va oriq, nimjon, yoshi bir joyga borib qolgan badqovoq kampir, mahbusga nihoyatda sinchiklab, diqqat bilan qaradi. Go‘yo uning ichki sirlaridan xabardor bo‘layotgandek, onasining hech bir so‘zini e’tibordan qochirmay tingladi. So‘ngra ko‘zlarini yumib uzoq o‘ylab, ehtiyotkorlik bilan: «O‘g‘ling vahima kasaliga chalingan. O‘zi bilan o‘zi gaplashish xastaligi boshlangan. Unga hozir juda ham og‘ir. Keyingi vaqtlarda joniga qasd qilish haqida ham ko‘p o‘ylaydigan bo‘lgan. Bu qora xayollardan qutulish uchun bitta qora mushukni topib, uni arqonga osib, mushukni qanchalar qiynalib jon taslim qilishini esa o‘g‘ling kuzatib tursin. Bu uni vos-vos kasalligidan xalos qiladi. U, bilishimcha juda yomon jodulangan. Shu bois uni ertaroq qamoqxonadan ozod qilishgan. Jodulagan odamni ham unga juda rahmi kelmoqda-yu, biroq jodusini qaytarib olish uchun uning endi kuchi yetmaydi. Ha, ha, yetmaydi. Lekin Yaratgan egamning marhamati keng, o‘g‘lingdan marhamatini ayamaydi», deb duo qildi. "Ertaga tongda turib bitta sham bilan qabristonga borasizlar. Sen darvoza oldida qolib, o‘g‘ling yolg‘iz o‘zi u yerga kirsin. So‘ng shamni yoqib, u yonib bo‘lguncha qabrlar orasida yursin. O‘g‘ling ehtiyot bo‘lsin, arvohlar hammasi qabrdan ko‘tarilganda shamol turib, sham o‘chib qolishi mumkin. Agar shunday bo‘lib qolsa, mushkuling hech qachon osonlashmaydi. Yana bir gap, sham yoqib, qabrlar oralig‘ida yurganingda hamma narsani ya’ni, tiriklarga aytolmaydigan dardlaringning barchasini Yaratganga, o‘sha yerda yotgan arvohlarga aytib, yordam berishlarini iltijo qil, chin dildan so‘ra. O‘g‘lingga hech kim xalaqit bermasligi kerak. Shuning uchun odamlar kamroq boradigan qabristonga bor."
Bir necha soniya davom etgan fol ochish jarayonida kampir uzuq-yuluq, poyma-poy gaplarini yakunlab, ona-bolani, tezroq uyga borishlarini tayinladi.
Ona-bola indamasdan uyga qaytishdi. "Kampir haq, agar Yaratgandan shisha qolip iskanjasidan qutulishimni chin dildan so‘rasam, mushkulim oson bo‘ladi, — deya o‘yladi yigit. — Axir ruhshunos ham allaqanday sehr-jodu ta’sirida meni shu ko‘yga soldi-ku!"
Ona-bola ostona xatlab hovliga kirishlari bilan so‘rida ularga orqa o‘girib o‘tirgan oila boshlig‘ini ko‘rishdi. O‘z xayollari girdobida o‘tirgan ota darvozadan kirgan xotini bilan o‘g‘lini sezmadi ham. Mahbus esa otasini bezovta qilmaslik uchun o‘z xonasiga kirib ketdi. Ota o‘g‘lining kasalligini tushunishga harakat qilsa ham uning haddan ortiq xudbinligini kechira olmasdi. Butun umri mana shu o‘g‘lining tashvishlari bilan o‘tgan bo‘lsa-yu, u barcha mehnatlariga tupurib, undan o‘zini olib qochishini o‘ylagani sari, yuragini alam o‘rtamoqda edi.
Bir kuni otaning sabri tugadi. O‘g‘lining hech kimga yuragini ochmay, mahalla-kuyga aralashmasdan katalakdek xonadan chiqmasligiga ortiq bardosh berolmay, uning xonasiga bostirib kirdi.
— Nima qilmoqchisan, kelgusi hayotingga biron-bir rejang bormi? Axir qamoqdan kelganingga ham uch oydan oshdi. Uch oydan buyon mana shu ahvoldasan. Qariganimizda bizni bunchalik qiynamasang, onangni o‘ylasang-chi. Bechorani ahvoliga bir qara! Qo‘ni-qo‘shninikiga ham chiqmay qo‘ydi. Qamalib bir kuydirding, endi bu qilig‘ing nimasi?
Erining ovozidan yugurib xonaga kirgan ayol, uning asabiylashib borayotganini ko‘rib, tinchlantirishga harakat qildi. Onaning tasallisi yonib turgan olovga yog‘ sepgandek bo‘ldi. Yillar davomida qalbini iztirobga solib kelayotgan o‘g‘lining omadsizligi unga qo‘l ko‘tarishga olib keldi. Ota shu vaqtgacha o‘g‘lini urmagan, hattoki unga qattiq gapirmagan edi. Ota qo‘liga nima ilinsa o‘sha bilan o‘g‘lini savaladi. Bu orada ularni ajratish uchun o‘rtaga tushgan xotini ham kaltakdan bebahra qolmadi. Ota qattiq asabiylashganidan holdan toyib, xona o‘rtasiga o‘tirib qoldi. Kaltakdanmi yoki o‘g‘lining davosiz kasalidanmi, yelkasini qisib deraza oldida ezilib yig‘layotgan xotiniga ko‘zi tushib yuragi achishdi. Go‘yo bu mashmashalar unga begonadek, loqayd boqib turgan o‘g‘lining ko‘zlari bilan nigohi to‘qnashdiyu "yo Rabbim, bandangga bunday kasallikni nega ravo ko‘rding, shusiz ham yer yuzida davosiz kasalliklaring kammidi?.. Bu tirik murdani qaysi gunohlarim evaziga menga tuhfa qilmoqdasan?" deb dilidan o‘tkazdi. Ota keyingi vaqtlarda shunchalik ezilib ketgan ediki, umrida birinchi marotaba yosh boladek ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Otasining ko‘z yoshlarini ko‘rib, o‘g‘il o‘zini ortiq ushlab turolmadi. Ularni qanchalik yaxshi ko‘rishini, qamoqdagi vaqtlarida qanchalar sog‘inganligini, mana shu diydor uchun o‘zini tajriba qilishlariga rozilik bildirganligini aytish uchun og‘iz juftlaganida qaerdandir gup etib, jiyda gulining hidi dimog‘iga kelib urildi...
Ertasi kuni ona-bola shahar chekkasidagi qabristonga borishdi. Kirish eshigi yopiq ekan. Atrof esa baland devor bilan o‘ralgan. Ular endi nima qilamiz, deb bir-birlariga qarab turishgandi. Qabriston darvozasi o‘z-o‘zidan ochilib, ichkaridan o‘rta yoshlardagi bir ayol chiqdi. Eshikni ochiq qoldirgancha, janub tomonga qarab tez-tez yurib ketdi. Yaratgan egamning marhamati shu bo‘lsa kerak, degan fikr ikkalasining ham xayolidan bir vaqtda o‘tdi. Shamni yoqib yigit qabriston ichkarisiga kirib ketdi. Ona esa darvoza oldida qoldi.
U yo‘lakdan qo‘lida yoqilgan sham bilan "Fotiha" surasini o‘qib borar ekan, bolaligidagi bir voqea xotirasida tiklandi. O‘shanda u chamasi o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlarda bo‘lib, biologiya o‘qituvchisi Darvin nazariyasi haqida dars o‘tayotib tasodifan unga bir savol bilan murojaat qilib qoldi: "Sen Xudoning borligiga ishonasanmi?" — "Ha", dedi u hech narsani o‘ylamasdan. Chunki buvisi Xudo osmonda o‘tirishini, hammaning yashirincha sirlarini ham ko‘rib turishini, eng muhimi uni hech qachon aldab bo‘lmasligi haqida unga juda ko‘p gapirib berardi. Shunda o‘qituvchi: "Bilishimcha sen Allohning borligiga chin dildan ishonasan, Darvin nazariyasini esa inkor qilasan... senga bir savol: dadang bir tonna maydalangan yemishni hovliga yoyib tashla, deb, buyruq berib ketdilar. Sen esa to‘satdan kasal bo‘lib qolding. Kun issiq, topshiriqni bajarmasang dadang kelgunicha yemish mog‘orlab qoladi.
Qani ayt-chi menga, o‘sha Xudoing agar sen aytgandek bor bo‘lsa, iltijo qilsang yemishingni mog‘orlab qolmasligining oldini oladimi?.." O‘shanda u birinchi marotaba shubha oralig‘ida qolib, o‘qituvchisiga hech qanday javob berolmagan edi. Ammo borliq va yo‘qlik orasiga oddiy misol bo‘lib kirgan bu mantiqsiz voqea xotirasida kechagidek turibdi.
Mahbus shamning lip-lip yonishini kuzatganicha, qabristonning ichkarisiga kirib borardi.
U muqaddas kalimalarni takrorlab, qabrlar oralab pastlikka tushib borayotib, otasi bilan buvisining bir suhbatini esladi. Bu yana unga azob bera boshladi.
Buvisining o‘limidan bir kun oldin, tongda otasi o‘z onasidan hol-ahvol so‘ragan edi. 
—   Sen juda ilmli odamsan, — nimagadir birdan gap boshladi buvisi. — Balki sening yo‘lingga to‘sqinlik qilmaganimda, shu yurtning oldi farzandi bo‘lib, puling juda ko‘p, martabang baland bo‘lardi. Ammo o‘g‘lim, hamisha ko‘ngling kemtik yurarding. Shuning uchun seni o‘zga yurtda qolishingni istamagandim. Meni deb qaytib kelding. Biroq bu yerda o‘rningni topolmasdan, oradan necha yil o‘tgan bo‘lsa-da, hamon iztirobdasan. O‘g‘lim, bunga sabab — sening iymoning sustligida.
Yigitning otasi shu yerda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ammo boshqa joyda o‘qigan, boshqa millatni tarbiyasini olgan, eng yomoni, xarakteri ham o‘zga millat ta’sirida shakllangan. Shuning uchun ham u o‘z yurtida o‘zini begona his qilardi.
— Oyi,— dedi negadir jahl bilan otasi. — Mendan xafa bo‘lmang, ammo mening ham qalbimni tushuning. Juda ko‘p mamlakatda bo‘ldim, turli dinga mansub taqvodor odamlarni ko‘rdim. Va shunga iqror bo‘ldimki, ular hech qachon hayotdan bahra olib yashamaydi. Negaki, barcha dindor odamlar qilayotgan oddiygina ishini ham savob deb faraz qiladi. Biroq bu mening insoniy burchim  deb o‘ylashmaydi. O‘sha odamlarga o‘xshab savob tilanib yashamayman. O‘z olgan tarbiyamga, e’tiqodimga tayanib yashayman.
—  Sen mening tarbiyamni olmagansan, — dedi buvisi va o‘g‘lini birinchi marotaba ko‘rib turgandek, dahshatdan qotib qoldi...
Mahbus buvisining nigohini ko‘z oldiga keltirdi: "buvim aytganlaridek, Xudoyim bor! U meni ko‘rib turibdi. Qalbimga, nafsimga, jonimga taqvo ato etib, dardimga shifo beradi. Umidlarimni sarobga aylantirmaydi... Mana shu yerda yotganlarning ruhi haqqi-hurmati agar ozodlikka chiqsam, qolgan umrimda Parvardigorga sajda qilib, Uning bandalari salomatligi yo‘lida xizmat qilaman". — Mahbus shamda yuragini o‘rtayotgan butun dardlari yonayotgandek yengillasha boshlagan bir vaqtda qarshisida allaqanday kishi paydo bo‘ldi. Bir necha soniyalardan buyon mahbusni kuzatayotganligi uning ko‘zlaridan sezilib turardi. Sham yonib bo‘lay deganda paydo bo‘lgan bu odamni ko‘rgan mahbus uni arvoh deb o‘yladi. So‘ng miyasi biroz tiniqlashib, uning arvoh emasligiga ishonch hosil qildi. Ular bir-birlariga so‘zsiz termulib turishganda, qattiq shamol turib, sham lipillay boshladi. Sham o‘chib qolishidan cho‘chigan mahbus qarshisidagi odamni unutib shamolga orqa qildi. 
—  Kimsan, nima qilib yuribsan, bu yerda?— dedi haligi odam sukunatni buzib.
—  Men kasalman, — dedi iltijoli ohangda mahbus. Shamolning tezligi kuchayib, sham ikki marta lipilladi-yu, o‘chib qoldi. Dahshatga tushgan mahbus, o‘zini qaerdaligini, nima maqsadda bu yerga kelganligini ham unutdi. Dimog‘iga urilgan hiddan gandiraklab, eski qabr ustiga qulab tushdi...
Qabriston ichkarisiga kirib ketgan o‘g‘lini duo qilib o‘tirgan ona o‘g‘lini begona odam suyab kelayotganligini ko‘rib, hayratdan dong qotib qoldi.
Haligi kishi yigitni qabristondan olib chiqib, darvoza oldida iztirobdan adoi tamom bo‘lgan onani ko‘rsa ham, bir og‘iz so‘z aytmadi. Yam-yashil o‘tloqzor chetiga o‘tqazdi. Ularga ergashgan ona ham o‘g‘lining yoniga borib o‘tirdi. Haligi odam qabristonning lang ochiq darvozasini yopib qo‘ydi. Ona-bolaga qiyo ham boqmasdan kunchiqar tomonga tez-tez odimlab ketdi.
Ona-bola uyga qaytib kelishganida hovli o‘rtasidagi so‘rida ota qattiq asabiylashib o‘tirardi. O‘g‘lini ko‘rib battar tutoqdi.
— Ha, yelkangni qisib yana qaerdan kelyapsan?
Hamma narsadan hafsalasi pir bo‘lgan yigit otasining zaharxanda so‘zlariga e’tibor ham bermadi. Xonasi tomonga indamasdan o‘tib keta boshladi. Ota  o‘g‘liga qo‘l ko‘tardi. Bu safar mahbus indamay turolmadi. Jahl bilan kelgan otani itarib yubordi. U hovli o‘rtasiga yiqilib tushdi. Xotini eriga yordamga yugurdi.
Xonasiga qamalib olgan mahbus xuddi tomiriga qizigan temir bosishgandek jonsarak bo‘lib, xonaning u boshidan bu boshiga borib kela boshladi. "O‘z taqdirimga chap berishga qanchalik urinmayin, sabab pardalariga o‘ralgan hayotimda hech bir ma’no qolmadi"...
O‘g‘ilning boshini xam etib, darvozadan chiqib ketganini ko‘rgan ota-onaning uni chaqirishga ham yuraklari betlamadi. Biroq endi uning qaytib kelmasligini ikkalasi ham bilishardi.
Mahbus xayoliga kelgan yomon fikrdan sovuq iljaydi: "Uning marhamatini kutishim shart emas". Pichirlab aytilgan bu so‘zlar uning uchun chiqarilgan hukmga aylandi. Mahbus o‘zi chiqargan hukm girdobida tuman markazidagi ko‘p qavatli kasalxonaga borib, uning tomiga chiqdi. U yerda uzoq o‘tirdi. Pastda o‘z tashvishlari bilan yurgan ozod odamlarni uzoq kuzatdi. Ularga havasi kelib, buvisini aytgan gaplarini esladi. "Agar meni ko‘rib turgan bo‘lsang, mo‘’jiza yaratib, mana shu shisha qolipdan xalos et! Meni shu ahvolga solgan ruhshunosning jazosini O‘zing ber! Bu qilmishim to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini ham O‘zing bilguvchisan. Zero hamma narsani Sendan so‘rash mumkin"...
Mahbus yana sovuq iljaydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.