OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Bekat (hikoya)

Bu yerda kimlar bo‘lmagan...
Qora moyga belangan shpallar nimalarni eshitmagan...
Oh-faryod, hayqiriq, quvonch bilan aytilgan har bir so‘z huddi qora moy singari ana shu yo‘l, ana shu ko‘hna bino bag‘riga singib ketgan. Yo‘l ham, bino ham jonsiz. Ammo u ko‘p voqealarning guvohi. Dahshati kishini larzaga keltiruvchi har qanday voqea ham ular uchun parovoz qichqirig‘iday oddiy bir narsa bo‘lib qolgan.
Shuning uchun ham bu mung‘aygan bino, qoramoyga belangan yo‘l jim...
Asqarxo‘janikida to‘y tarqashi bilan Nafisa o‘g‘liga aza ochdi. “Qo‘shnimning to‘yiga zomin bo‘lmayin”, deb qoraxatni yashirib, yonib-kuyib yurgan ona qalbida yig‘ilib qolgan dardini endi yig‘i bilan chiqarardi.
Hozirgina to‘yxonadan chiqqanlar, endi qo‘shni eshikka azaga kirdilar...
Polvon tog‘a fotihaga kelganlarni o‘zi kutdi. Muborak ham Nafisaga dalda berib o‘tirib, qosh qoraymay uyiga qaytdi. O’ng qo‘shninikidagi to‘y, chap qo‘shninikidagi aza tashvishlari oxiriga yetdi. Shom azoni hamma narsaga barham berdi. Odamlarning quvonchlari ham kiprikdagi yoshday omonat bo‘lib qolgan edi. Xursandchilik hech yerga o‘z hukmini mutlaq o‘tkaza olmas, izma-iz quvib yurgan g‘amga joyini bo‘shatib ketishga majbur bo‘lardi.
-Dunyoning ishlari shu ekanda... ishqilib, Allohim ko‘pning qatorida Narzimni ham o‘z panohida asrasin,-deb qo‘yda Polvon tog‘a.
-Aytganingiz kelsin,-dedi Muborak. Keyin ko‘cha eshik tomon tikildi:-qarang-chi, kimdir turganga o‘xshayapti.
Polvon tog‘a bir yo‘talib olib: “Kimsiz, kelovring”, deb ko‘ydi. Eshik tomondan qiz bolaning “menman, Polvon tog‘a”, degan siniq ovozini eshitib, “o‘zing qaray qolasanmi?” degan ma’noda ayoliga savol nazari bilan boqdi.
-Kelovring, qizim, tortinmang,-dedi Muborak o‘rnidan turayotib.
Qiz supaga yaqinlashib salom berdi-da, ko‘rpachaning chetiga omonatgina o‘tirdi. Bir vaqtlar u Polvon tog‘adan hayiqardi. Narzi “dadam ko‘rib qolmasinlar”, deb hadiksiragani hadiksiragan edi. Faqat bir marta... Narzi urushga jo‘nayotgani kuni Nozik qo‘rqmadi. Bilishsa bilishar, deb Narzining yoniga keldi. Kelishga keldi-yu, lekin uyatdan yuzlari yonib, yerga qarab oldi. Qarindoshlari bilan xayrlashayotgan Narzi Nozikdan bir narsa kutganday unga umidvor ko‘z bilan tez-tez qarab qo‘ygan edi.
Nozik Polvon tog‘aga o‘shandan beri ro‘para bo‘lgani yo‘q. “Polvon tog‘a o‘shanda meni ko‘rganmidilar?... Balki... eslaridan chiqib ketgandirman...” Nozik shu xayolda boshini quyi egib o‘tirardi.
-Qizim, tinchlikmi?-deb so‘radi Polvon tog‘a, ayoli bilan ko‘z urishtirib olgach.
Bir daqiqagina xayol og‘ushiga sho‘ng‘igan Nozik cho‘chib, tog‘aga qaradi. Gapni nimadan boshlashni bilmay, taraddudlandi.
-Tinchlik, tog‘a... Hm... haligi... o‘g‘lingizdan... Nazrulla akamdan xat kelmadimi?
Dabdurustdan berilgan bu savoldan ajablangan er-xotin bir-birlariga qarab olishdi.
-Bir hafta bo‘ldi shekilli, a, Narzi?-deb so‘radi Polvon tog‘a xotinidan.
-Bir haftadan oshdi, sakkiz yarim kun bo‘ldi,-deb aniklik kiritdi Muborak.
-Nimaga so‘rayapsiz, qizim, tinchlikmi?
-Bizga xat kelmayqoldi.
-Kimdan, Narzidanmi?
-Yo‘q... akamdan. Ular urushga bir kunda ketishgan edi...
-Sabr qilinglar, kelib qolar. Narzimdan bir oycha xat olmadik. O’g‘limni Xudoyim asrabdi, ko‘lini o‘q tatalab o‘tganmish. Aytib turib, birovga yozdiribdi. Xati boshqa bo‘lsa ham., gaplari o‘sha-o‘sha.
-Ha, mening o‘g‘lim qiziq gaplarni topishga usta,- Muborak bu chiroyli qiz oldida o‘g‘lining maqtovini keltirib, oshxona tomon yurdi.
Ayoli nari ketishi bilan Polvon tog‘a qizga sinovchan tikildi:
-Qizim, havotiringizni ko‘zingiz aytib turibdi. Yashirmang. Bugun aytolmasangiz, ertami-indinmi, baribir aytasiz. Narzi omonmi? Xolangiz yo‘g‘ida to‘g‘risini aytovring, omma u eshitmasin, yuragi chatoq.
Nozik Polvon tog‘aga bir qarab oldi-da, so‘ng nigohini uzumzorga tikib, tez-tez gapira boshladi:
-Menga xat yozibdilar... “Uyga bormayman...” debdilar.
Nozikning ovozi titradi. Polvon tog‘a unga hayrat bilan tikildi:
-Nega?
-Ko‘zlari... ko‘zlari ko‘rmayotganmish...
-Yo, qudratingdan!
Polvon tog‘a past ovozda bir nimalar dedi, lekin Nozik eshitmadi. Polvon tog‘a boshini egib bir pas jimqoldi.
-Men ertaga ketyapman,-dedi Nozik.
-Qayoqqa?
-Bokuga. O’sha yerdagi gospitalda ekanlar. Olib kelaman.
Muborak bir chinni kosada taom ko‘tarib qaytdi:
-Qizim, to‘ydan nasiba, oling.
-Rahmat xolajon,qornim to‘q...
-Bir chimdim bo‘lsa ham oling. Nasiba-da. Xudoyim hammani to‘yga yetkazsin.
...Burilishda pishqirib parovoz ko‘rindi. Orqadan tanish ovoz eshitildi:
-Qizim...
Nozik o‘girildi. Polvon tog‘a unga tuguncha uzatdi:
-O’g‘limni sizga, sizni Xudoga topshirdim. Narziga ayting: ko‘ngli cho‘kmasin. Omon qaytsa Xudoga shukurlar qilamiz. Bor baxtimiz ham o‘sha. Bekorchi xayollarga borib biz bedavolarni bebaxtqilmasin.
Poezd bu bekatda ikki daqiqagina to‘xtadi. Keyin chuqur “uf” tortib, jo‘nab ketdi.
“Shunday qiz yaxshi ko‘rarkan, Narzi mendan nega yashirdi? Aytganida urushga ketmay turib uylantirib qo‘yardim-a... Boshimizga baxt qushi qo‘nib turgan ekan-u... bilmapmiz. Ajab... Xudoyim, o‘zing mehribonsan, endi bu qushni uchirib yubormagin...Notavon bandalaringga rahming kelsin...”
...Nazrullaga zulukday ot berishdi. Huddi o‘zining qorabayiriga o‘xshaydi. Man-man degan chavandozlar ham uning shu otiga tan berishgan edi. Mana o‘sha oti. Yo‘q, bu emas, buning peshonasida oq qashqasi yo‘q. Oyog‘i ham uncha ingichka emas, aravaga qo‘shilganga o‘xshaydi, yaxshi chopolmaydi. Na iloj, urushda yaxshisini tanlashga vaqt yo‘q. Nazrulla chaqqonlik bilan egarga o‘tirdi-yu, otga qamchi bosdi. Jonivor yeldek uchdi.
-Yaxshi choparkan,-deb o‘yladi Nazrulla.-Lekin sovutish kerak. Nima bu? Jarlikmi? Dirr!
Ot ham Nazrulla ham pastlikka sho‘ng‘idi...
Uning yuzlarini tanish ko‘l siladi.
-Kim bu?
-Menman...
-Nozik?!
Bu bekat Polvon tog‘a bilan Muborak xolani boshqa ko‘rmadi. Nozik bilan Nazrullani har yili kuzatadi, keyin kutib oladi. Avval ular ikki kishi edilar, keyin uchta bo‘lishdi, so‘ng esa to‘rtta...


Bekatdagi suv do‘koni ikki kundan beri ochilmaydi. Uchinchi kuni xizmatchilar orasida shivir-shivir tarqaldi:
-Lolaxon o‘lib qolibdi...
-Qachon?
-Ikki kun bo‘libdi...
Bu gap-so‘zlarga birgina farrosh e’tibor bermadi.
-Allohning qudrati,-deb qo‘ydi.
Peshinga yaqin bekat ko‘chasidan o‘n - o‘n besh kishi tobut ko‘tarib o‘tdi. Farrosh oqsoqlanib borib, tobutning bir tomonini ko‘tardi. Pichirlab duo o‘qidi, keyin tobutni boshqa kishi yelkasiga olgach, safdan chiqib, yuziga fotiha tortdi-da, bekat tomon yurdi.
Tepasiga paranji tashlangan tobut ichida kim yotganini u biladi.
O’sha yillari ham u farrosh edi. Bekat binosi qad ko‘targanidan beri shu xizmatda.
Dastlab suv do‘koni ochilib, durkungina qiz Lolaxon ishga kelganida uni ko‘rib, ko‘p yigitlar qatori uning ham yuragi “jiz” etib qo‘ygan edi. Lekin... “bizdek cho‘loqqa yo‘l bo‘lsin”, deb qizga yaqin yo‘lamas, shilqimlik qilmasdi. Avval Sarvarga hasad bilan qarab yurdi.Bu yigitning bekatda har kuni o‘ralashib yurishi bejiz emasligini bildi. Bir kuni bahor oftobida mudrab o‘tirganida Sarvar unga salom berdi. Yonida yasanib olgan do‘sti. Ikkovi ham bir hildagi ikki saman otni minib olishgan.
-Mansur aka, to‘yga aytib keldim, birga bo‘ling. Yakshanba kuni ertalabdan boraverasiz.
Mansur unga bo‘lgan hasadini yashirishga urinib, bazo‘r jilmayganicha qutladi. Ot ustida mag‘rur o‘tirgan yelkador bu yigitga qarab: “baxti kulgan ekan, boshiga do‘ppi, beliga belbog‘ yarasharkan”, deb qo‘ydi. Kelin bolaning kimligini so‘ramadi. Sarvarning Lolaxonga uylanayotganiga amin edi. Yanglishmadi.
Shundan so‘ng bu bekatda Sarvarni yana ikki marta ko‘rdi. U Sarvarni avvallari ko‘p marotaba ko‘rgan bo‘lsa-da, uch uchrashuv xotirasiga muhrlanib qolgan edi. Shulardan biri - ot ustida kulimsirab o‘tirgan Sarvar.
Ikkinchisi...
Yozda urush boshlandi.
Kuzda Sarvar bilan uchrashdi. Yonida Lolaxon. Ko‘zlari qizargan. Boshini Sarvar akasining yelkasiga qo‘yib xomush turardi. Sarvar Mansurni ko‘rib negadir jilmaydi. Bu ot ustida o‘tirib to‘yga aytgan yigitning jilmayishi emasdi.
Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Mansur sekingina o‘zini chetga oldi. Uning vazifasi yigitlarni kuzatish emas, odamlar tarqalganidan keyin supurib-tozalash.
Poezd o‘rnidan jildi. Ufqda quyosh - go‘yo qip-qizil barkash, osmon etagiga omonatgina osilib turardi. Poezd quyoshni mo‘ljalga olganday to‘g‘ri o‘sha tomon yurdi. Bora-bora quyosh bag‘riga kirib ketdi - ko‘rinmay qoldi. Mansur shuncha yil bekatda ishlab, bunday manzaraga e’tibor bermagan ekan.
“Tavba, quyosh yutib yubordimi?”,-deb qo‘ydi u o‘zicha.
Mansur bilan Lolaxon o‘rtasida salom-alikdan boshqa aloqa yo‘q edi. Farrosh indamay yurgani bilan ayolni zimdan kuzatardi. Shuning uchun ham kitel kiygan, baqbaqasi osilgan, beo‘xshov qorin qo‘ygan kishining suv do‘koni atrofida aylanishib yurganini darrov sezdi. Lolaxon ko‘zga yaqin, ko‘rkamgina juvon bo‘lgan edi. Uning hayoti, husni ayni bahor pallasini boshdan kechirayotgan edi. Mansurning nazdida u o‘zini asray olmadi: nobop shamolga uchradi. Suv do‘koni atofida yurgan beo‘xshov semiz kishi lobar ayol bahorini xazon qilguvchi ayamajuz edi.
Oradan bir yarim yilcha vaqt o‘tgan edi...
Tushga yaqin poezd kelib to‘xtadi. Harbiy kiyimdagi bir qiz Mansurni chaqirdi:
-Hoy amaki! Amaki, deyman, bu yoqqa keling, qarashib yuboring.
Zambildagi odam Mansurga tanish ko‘rindi. Yuzidagi chandiqlarni hisobga olmaganda Sarvarning o‘zi edi.
-Mansur aka, assalomu alaykum, tanimayapsizmi? Sarvarman...
-Sarvarbek! Omonmisiz, birodar?..
Mansurning ko‘rishmoq uchun uzatgan qo‘li havoda muallaq qoldi. Sarvar hazin jilmaydi. Uning bu jilmayishida qandaydir alam, o‘kinch bor edi. Mansur buni sezdi. Etlari jimirlashib ketdi.
-Shunaqa bo‘lib qoldi, Mansur aka. Qo‘l-oyoqlarni Stalingradga tashlab kelyapmiz.
-Yo alhazar! Ishqilib, boshingiz omon ekan, shunisiga shukur! Men hozir, birodar... hozir...
Mansur shunday deb, shox tashlaganicha yugurib suv do‘konga bordi:
-Lolaxon, singlim, suyunchi bering: Sarvarbek keldilar!
Lolaxon bu xushxabarga ishonqiramay so‘radi:
-Kim dedingiz?
-Sarvarbek, o‘rtog‘ingiz...
Sarvar zambilda yotganicha, o‘sha alamli jilmayish bilan xotinini qarshi oldi. Lolaxon bir narsadan cho‘chiganday zambil yaqinida to‘xtadi.
-Sarvar aka?..
-Lolaxon... mana...
Lolaxon asta tiz cho‘kdi. Choyshabning bir uchini avvaliga cho‘chibgina ko‘tardi. Keyin qandaydir kuch uni majbur qilganday, choyshabni butkul ochib yubordi-da, dahshat bilan qichqirib, o‘rnidan turdi. Orqaga tisarildi.
-Yo‘q, yo‘q!- u shunday deb nido qilganicha harbiy kiyimdagi hamshiraga yuzlandi:-Erimni qanday olib ketgan bo‘lsalaring menga shunday qaytarasanlar.! Yo‘q, yo‘q! Endi u odam bo‘lmaydi. E, Xudoyim, peshonam shunchalar ham sho‘r bo‘ladimi, a?!
U o‘krab-o‘krab yig‘lardi. Mansur ham, hamshira ham uning ovunishini kutib jim turishardi. Sarvar labini tishlab olgan, ko‘z yoshlarini tiya olmasdi. Lola ovunmadi:shasht bilan burilib, yugurib ketdi. Uning bu yig‘isi Sarvar urushga ketayotgandagi yig‘isiga sira o‘xshamas edi.
Sarvarni tibbiy mashinada qaergadir olib ketishdi.
Mansur uni boshqa ko‘rmadi.
Suv do‘koni atrofida turli-tuman erkaklar ko‘p aylanishadigan bo‘lishdi.
Mansur Lolaxon bilan salom-alikni yig‘ishtirdi.
O’shandan keyin necha marta bahor keldi. Mansurning sochiga oq oraladi. Sog‘ oyog‘idan ham quvvat ketdi. Ishini yarimlamay turib oyog‘i sanchib og‘riy boshladi. Supurgisini sudrab borib, bekatga kiraverishdagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Shu yerda o‘tirgan kishi unga bir qarab olib, salom berdi.
-Tanimadingiz, a?-deb so‘radi.
-Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsiz-u, eslolmayapman, qarichilikda, birodar...
-Urush boshlangan yili do‘stim bilan shu yerga kelib sizni to‘yga aytgan edik.
-Kim bilan?
-Sarvar bilan. Kelin suv do‘konida ishlardi, esladingizmi?
-Ha, ha. yodimga tushdi. Ikkovinglar saman otda edinglar. Xo‘p yarashgan edi-ya!
-Qoyilman, xotirangiz zo‘r ekan.
-Sarvarbek... omonmilar? Hozir qaerdalar?
-Toshkentda. Hozir uning oldiga ketyapman. Ertaga dissertatsiya yoqlaydi.
-A, labbay?
-Olim bo‘lyapti oshnam.
-Bir o‘ziga qiyindir?
-Nega bir o‘zi bo‘ladi, oilasi bor. O’g‘li ham katta yigit bo‘lib qolgan. Birinchi xotini haliyam shu yerda ishlaydimi?
-Qaerga ham borardi...
...Ana shu Lolaxon ikki kun ilgari o‘libdi. Murda ikki kun qarovsiz qolibdi. Keyin savobtalab qo‘shnilar uni qabrga qo‘yib kelishdi. Hassakash ham yo‘q, uyda aza ochuvchi ham yo‘q.
Bu voqeaga bir odam go‘yo farqsizday...
...bekat binosi ham mish-mishlarga parvo qilmaydi. U avvalgiday mung‘ayib turibdi...


Oltinchi kupening eshiga haligacha yopilmagan, chirog‘i ham o‘chirilmagan edi. Kupega ketma-ket kirib kelgan ikkala yo‘lovchi ham bosh qimirlatib salomlashganicha hali bir-birovlariga so‘z qotishgani yo‘q. Vagonog‘asi tashlab ketgan choyshab, sochiq, yostiqjild taxi buzilmay yotibdi.
Norbo‘ta avvaliga qo‘lidagi gazetalarga ko‘z yugurtirgan bo‘ldi. Uning nigohi satrlarda bo‘lsa-da, xayoli bo‘lak fikrlar bilan band edi:
“Qorayibdi, ozgina to‘lishibdi. Husni ilgarigidan ham ochilibdi. Men u bilan salomlashdim. U nima uchun indamay ketyapti? Gapirishni istamayapti? Yo o‘zim so‘z boshlaymi? Nima deyman? Siltab tashlasa-chi?..”
Marg‘uba deraza osha tashqariga tikilib o‘tiribdi. Bu o‘tirish o‘ziga ham noqulay tuyuldimi, yaltiroq qora sumkachasidan kitobcha chiqarib, o‘qishga tutinganday bo‘ldi. Kitobchani u o‘qib bitirgan, ammo hozir satrlarga ko‘z tikib o‘tirishdan o‘zga chora topolmagandi.
“Qayoqqa ketyapti? Uyigami? “Institutda omadi yurishmadi”, deyishgan edi. Shu to‘g‘rimikin? Qiziq, nimaga indamayapti? Atayin qilyaptimi yo gapirishga yuzi chidamayaptimi? Hech o‘zgarmabdi. Qishlog‘iga borayotgan bo‘lsa yana sakkiz soat yuramiz... Nega gapirmaydi?..”
Norbo‘ta juvon nigohining bir sahifadan uzilmay turganini sezdi. Yengil yo‘talib, o‘rnidan turdi.
-Joyingizni solib yoting, men yo‘lakka chiqib turaman. Charchaganga o‘xshaysiz,-dedi.
-Yo‘q, yo‘q,-dedi juvon shoshib,-bezovta bo‘lmang. Men baribir poezdda uxlay olmayman. Siz bemalol yotavering, men chiqib turaman.
-Men ham poezdda uxlay olmayman...
Yana joylariga o‘tirishdi. Yana jim qolishdi.
-Hali ham o‘sha yerdamisiz?-dedi Norbo‘ta bir zumdan so‘ng.
Marg‘uba “qaerdaligimni rostdan bilmaysizmi?” deganday unga bir qarab oldi. Norbo‘ta bilardi, lekin ayni damda gap boshlashga o‘zga bahona topa olmadi. Marg‘uba uning hamma narsadan bexabar ekaniga ishonganday bo‘lib javob qaytardi:
-Ha, o‘zingiz bilgan o‘sha maktabdaman.
-Direktor hali ham Rasul akamilar?
Marg‘uba endi unga “nahot bilmasangiz?” degan ma’noda oshkora ajablanib qaradi:
-Yo‘q... u kishi olamdan o‘tdilar...
Norbo‘ta juvonning nigohiga dosh berolmay pastga qaradi.
“Ustozining taqdiriga shunchalar befarqmi?” deb o‘yladi Marg‘uba. Institutda o‘qib yurishganida Norbo‘ta Rasul akani ko‘p eslab: “Ustoz bo‘lmaganlarida men bu yerga o‘qishga kelolmasdim. Menga ruhsat olib beraman, deb rais bilan achchiqlashib olishgan. O’qish bitgach, o‘zimning bag‘rimga kelasan, deb oq fotiha bergandilar”, derdi. Alhol, shu so‘zlar yigitning ham juvonning ham xayolidan o‘tdi.
Norbo‘ta ustozi bilan bo‘lgan so‘nggi uchrashuvni esladi. “Senga buyruq berolmayman, senga mening hukmim o‘tmaydi. O’zingga yetarli aqling bor. Ko‘nglingga qaer xush yoqsa o‘sha yerda bo‘lishing mumkin. Lekin yelkangdagi tuz haqqini unutishing mumkin emas. Sendan rajimayman. Faqat... ko‘p yillik umidimning yuziga tuproq tortish menga og‘irlik qilyapti...”
Ular soy bo‘yida, eski ko‘prikka yetmasdan xayrlashishgan edi. Ko‘zlari qisiqroq, burni yapasqiroq, biroq istarasi issiq, sochlariga oq oralagan, oddiy dehqon kabi kiyinib olgan Rasul aka...
Norbo‘taning ko‘z oldida u endi shu ko‘rinishda saqlanib qoladi.
“Umidiga men tuproq tortgan edimmi? Endi baribir emasmi? Axir o‘zlari qorong‘u va zax yer bag‘ridalar-ku?.. “O’rnimga o‘zing direktor bo‘lasan”, derdilar. Kiziq... hozir kim ekan?”
-O’rinlariga kim bo‘ldi?-deb so‘radi Norbo‘ta bir necha nafaslik sukutni buzib.
-O’g‘iloy opa.
-Ilmiy mudirami? Uning o‘rniga-chi?
-Men...
Norbo‘ta buni kutmagan edi. Shuning uchun yana jim qoldi. Lekin bu jimlik uni noqulay ahvolga solib, suhbatni davom ettirishga undadi:
-Uyingizga tushuvdingizmi?
-Yo‘q, uyga kirib-chiqishga vaqt bo‘lmadi. Moskva poezdidan tushdimu bunga chiqa qoldim.
Norbo‘ta unga savol nazari bilan tikilib, gapining davomini kutdi. Marg‘uba bu qarashning ma’nosini anglasa ham ko‘zini olib qochib, indamadi. Norbo‘ta qayta so‘ramadi.
“Moskvadan kelyaptimi? Birorta majlisga borgan shekilli? Hozir maktabda ish qaynaydigan payt. O’ynagani bormagandir... Sevishib, ahd-paymon qilgan kunlarimiz esidamikin? O’pich bergani-chi? Esidadir. Lekin endi bundan nima foyda? Endi u boshqa odam, men boshqa odamman. Nima uchun qishloqda qoldi? Menga o‘chakishdimi yo rostdanam qishloq yoqib qoldimi? Yo shaharga qaytib borishga yuzi chidamadimi? Qaytib ketmagani uchun balki hozirgacha o‘kinar? Nega o‘kinadi? Baxtli bo‘lsa-chi? Tursun traktorchiga tekkani rostmikin? Taqdir qiziq ekanda... Unga mening qishlog‘im yoqdi. Men esam uning shahridan ko‘ngil uzolmadim. Xato qildimmi? Axir qishlog‘iga qaytishni istamaganlar ozmi? “Harobgina yozgi kinoteatr, bahorda pillaxona, kuzda hasharchilarga boshpana bo‘luvchi “klub” otli bostirma, choyxona... Bular yoshlik sururiga zid emasmi?” degan edim unga. U esa: “Mehr-chi” degandi. Qanday mehrni nazarda tutgandi? Ota-onam o‘lib ketishgan bo‘lsa. Akalarim bilan ota merosni bo‘lisholmay olishib yurishim mehrga kirarmidi? Xayrlashayotgan paytida ko‘zlarida yosh bor edi. Menga ishonib qishloqqa kelgani uchun xafa edimi yo mening shaharga qaytib ketishim og‘ir botganmidi? “Siz hammani norizo qilib ketyapsiz. Qaytishni o‘ylayapsizmi? Yana qaytib kelishga yuzingiz chidaydimi?” devdi. “Yuzingiz chidaydimi...” Bu nima degani? Axir men jinoyat qilmadim-ku? Shaharda baxtimni sinab qaytdim. Ilmda omadim yurishmadi. Izza chekishga loyiq ish qilmadim. Faqat... olti yil qishlog‘imga kelolmadim...”
Marg‘uba yana kitobga tikildi.
“U shon-shuhratga intildi. Buni men bilmasmidim? Sezardim. Lekin e’tibor bermagandim. Bir kuni: “Omad eshigingni qoqib turganda andishani o‘ylab pusib yotmaslik kerak”, degan edi. “Omad” deganda menga ham egalik qilishni nazarda tutganmikin? Unga ko‘ngil qo‘yishim omad bo‘lib tuyulgandir balki? U yaxshi sportchi edi. Darsga nisbatan musobaqalarga ko‘proq qatnardi. Bunaqa o‘qishda bilim sayoz bo‘lishiga o‘zining akli yetmadimi? Bilmagandir... Bilsa ilmiy ishni orzu qilarmidi? Men esam to‘g‘risini aytolmadim... Institut rahbarlariga obro‘ olib beruvchi yaxshi sportchi kerak edi. Sportchining butun umri shohsupalarda o‘tmaydi-ku? Pastga tushadigan payti ham bo‘ladi-ku? Uning pastga tushadigan vaqti yetdimi? Olti yil umrini havoga sovurdi. Xato qilganini endi angladimi? Men-chi? Men xato qilmadimmi? Uni sevdim. Uni deb qishlog‘iga keldim. Ajab, o‘z qishlog‘i ko‘ziga xunuk ko‘rindi-ya! Men shaharga qaytmadim. Xatoim shumi? Yo‘q. Men unga ko‘ngil qo‘yib xato qilgan edim...”
Vagonog‘asi kirib uning xayolini bo‘ldi:
-Qizim, istasangiz bo‘sh kupe bor, birini ochib beraymi?
-Bo‘sh bo‘lsa men chiqa qolay,-dedi Norbo‘ta,-yuklari bilan ovora qilmaylik.
-Shunisi ham ma’qul. Qizim, siz bafurja dam olavering. Ertalab uyg‘otib qo‘yaman.
Ular chiqib ketishdi. Marg‘uba eshikni qulflab, to‘shakni yoydi-da, yonboshladi.
Vagonog‘asi va’dasiga xilof qilmay ertalab eshikni taqillatganda Marg‘uba tushishga tayyor turardi. U narsalarini ko‘tarib, dahlizga chiqdi. Ikki kupe narida turgan Norbo‘taga ko‘zi tushdi. Ko‘zlar to‘qnashdi. Bir-biridan so‘z kutdi. Ikkovidan sado chiqmadi. Norbo‘ta o‘zini ichkari olib, yo‘l bo‘shatdi. Marg‘uba o‘tib ketdi.
Marg‘uba vagondan pastga tushib, atrofga alangladi. Norbo‘ta vagon zinasiga oyoq qo‘yganicha undan ko‘z uzmay qarab qoldi. Ikki yashar qizchasini ko‘tarib olgan erkak Marg‘ubaga yaqinlashdi. Juvon qizchani bag‘riga bosib o‘pa ketdi Norbo‘taning ko‘kragini bir narsa kuydirib o‘tganday bo‘ldi.
Bu bekatda poezd ikki daqiqagagina to‘xtardi. Teplovoz jilish fursati yetganini ma’lum qilib chinqirdi. Norbo‘ta pastga tushmay, orqasiga qaytdi.
-O’g‘lim, tushmaysizmi?-deb ajablandi vagonog‘asi.
-Adashibman,-dedi.Keyin qo‘shib qo‘ydi:-Tashvishlanmang, haqini to‘layman.
-Tashvishlanayotganim yo‘q,-dedi vagonog‘asi, so‘ng hazil qildi:-Haqini to‘laydigan bo‘lsangiz istaganingizcha adashavering.
Poezd asta jildi. Qizchasini bag‘riga bosgan Marg‘uba, yuklarini ko‘tarib olgan erkak, mung‘ayib turgan bekat binosi ortda qoldi.Bularning barchasi Norbo‘ta uchun go‘yo begona edi...

***

Ko‘p sirlarni bag‘riga singdirgan bekat hamon o‘z o‘rnida. Sog‘ingan yuraklar uni ko‘rganda shodlikdan yonadi. Kimlargadir esa begona...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.