OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Ozodlik (hikoya)

Otajon sapchib o‘rnidan turdi. Quloqlariga ishonmay, radio yoniga yashindek uchib bordi va butun vujudi quloq bo‘lib tingladi. Diktor gapini tugatgach, u radiopriyomnikni mahkam quchoqlab, chunonam o‘pdi-ki, hatto temir jism ham shu topda saryog‘dek erib ketdi chamasi. Keyin uning miyasiga yarq etgan fikr keldiyu o‘zini eshikka urdi. «Ozodlik! Ozodlik e’lon qilindi! Ozodlik!» deb hayqirgancha qishloq ko‘chalari oralab yugurib ketaverdi. Aql bovar qilmaydigan bunday xabarni hali eshitib ulgurmagan odamlar sal bo‘lmasa uni jinniga chiqarib qo‘yayozishdi. Hammadan oldin uni etikdo‘zning uyida tomsuvoq qilayotgan bir to‘da hasharchilar ko‘rishdi. Ular avvaliga rosa xoxolab kulishdi. Keyin esa hademay bir kor-hol ro‘y berishini payqagandek tomdan tushib, loyli qo‘llarini ham yuvmasdan ko‘chaga chopishdi. Ular Otajonning uchastka militsiyasi idorasi tomonga yugurib ketayotganini sezishgan edi. Chunki u bilan Stepanning o‘rtasida azaldan kelishmovchilik borligini ular yaxshi bilishardi.
O‘sha kelishmovchilik boshlangan paytlarda Otajon hali kichkina bola edi. Otajonning otasi Jalol Parchaev urushda qatnashib, Berlingacha borgan, keyin ko‘ksi to‘la medallar bilan qishloqqa qaytgan edi. Urushdan so‘ng u kolxozda yeng shimarib mehnat qildi. Bir oyog‘ini urushda yo‘qotib kelgan bo‘lsa ham oyog‘i butunlardan ko‘ra ko‘proq ishladi. So‘ng brigadir bo‘ldi. Kolxozda obro‘si juda baland edi. Hademay kolxozga rais bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emasdi. Ammo «qama-qama» avj olgan payt edi.
Nima bo‘ldiyu, bir kuni yarim tunda militsionerlar kelib, Jalol Parchaevni qo‘llariga kishan solib olib ketishdi. Otajon bola edi. Odamlarning pishqirgan, do‘rillagan ovozlaridan uyg‘onib ketdiyu, otasini olib ketishayotganini ko‘rib, qo‘rqqanidan «piq-piq» yig‘lar edi. Keyin yonida onasi borligidan taskin topib, uxlab qoldi. Shundan so‘ng, har kuni yarim tunda, ayni o‘sha paytda uyg‘onib ketadigan bo‘ldi. Har gal uyg‘onganida onasi mijja qoqmay, qorong‘ida unsiz yig‘lab o‘tirgan bo‘lar edi. Otajonning yuragi siqilardi. Hammasidan ham ko‘ra maktabda ayrim bezori bolalar: «Sen xalq dushmanining o‘g‘lisan», — deyishganda uning xo‘rligi kelib ketar edi. Ona-bola otani uzoq kutishdi. Ammo otadan dom-darak bo‘lmadi.
O‘shanda Jalol Parchaevni Ivan Nikolaevich Grishkin qo‘liga kishan solib olib ketgan edi. U qishloqda uchastka inspektori edi. Ivan Nikolaevichdan hamma qo‘rqardi. Ayniqsa, undan ham ko‘ra uning o‘g‘li Stepandan hamma ajaldan qo‘rqqandek qo‘rqishar edi. Stepan ayni kuchga to‘lgan, kelbatidan ot hurkadigan, uzzu-kun mushtlashishni mashq qiladigan yigit edi. U shunchalik tantiq bo‘lib ketgan ediki, xohlagan odamini tutib urardi. Hech kim uning mushugini pisht deyolmasdi. Ivan Nikolaevich esa ko‘pchilikning oldida o‘g‘lining yelkasiga qoqib: «Bo‘lajak inspektor. Savlatini qaranglar, haqiqiy militsioner shunday bo‘lishi kerak», — deb maqtanishni yaxshi ko‘rardi.
Bir kuni yarim kechada Otajon odaticha uyg‘onib ketganida uy ichida erkak kishining ovozi eshitildi. U avvaliga otam qaytib kelibdi, deb xursand bo‘lib ketdi. Keyin o‘sha odamning qo‘pol so‘kinganini eshitib, hushyor tortdi va o‘rnidan qimirlamay quloq tutib yotaverdi. Birozdan so‘ng o‘sha odamning johil Stepan ekanligini payqadi.
— Sen manavi Xudo qarg‘agan yerlardagi eng go‘zal ayolsan. Menga tegsang hayoting iziga tushib ketadi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, — der edi Stepan pishqirib.
— Tushingni suvga ayt. Mening erim bor, bolam bor. Nima haqqing bor mening uyimga bostirib kirishga? Tag‘in yarim kechada!— dedi g‘azab bilan Ra’no.
Stepan masxara qilib kuldi.
— Erim bor deb yuribsanmi hali? U allaqachon xalq dushmani bo‘lib ketdi-ku. Ehtimol o‘sha Sibirda oq ayiqlarga yem bo‘lgan bo‘lsa ham ajab emas. Endi u kelmaydi. Mo‘’jiza yuz berib qaytgan taqdirda ham odam bo‘lmaydi. Uni xayolingdan chiqarib tashlayver.
— Bekorlarni aytibsan. Otasi hech kimning dushmani emas. Bu senga, sening otangga o‘xshaganlarning fitnasi. Otasi albatta qaytib keladi. Gitlerning-ki joyini solgan, senga o‘xshaganlarning kunini ko‘rsatadi hali.
— Ko‘p valaqlayverma. Mayli, kel, xotin bo‘lishga ko‘nmasang, xushtor bo‘laqol. Vaqti-vaqti bilan ko‘nglimni ovlab tursang bo‘lgani. Qolganini o‘zimga qo‘yib beraver.
— Meni o‘zingning Marusyalaring bilan adashtirayapsan, yaramas. Tur yo‘qol, yaqinlashma, sariq mashak. Hozir dod solib butun qishloqni oyoqqa turg‘izaman. Sharmandangni chiqaraman.
Stepan hech narsadan tap tortmay unga tashlandi. Shu payt avval ayol chinqirdi, keyin Stepan yuzini changallagancha uvvos solib o‘kirib yubordi. Otajon g‘ira-shira yorug‘da Stepan onasining yuziga tarsaki tushirganini ko‘rdi. Lekin u bola edi. Qo‘lidan hech narsa kelmasdi. Qo‘llarini musht qilib tugib, yuzini yostiqqa bosgan ko‘yi piqillab yig‘ladi.
Stepan yuzini changallab, so‘kina-so‘kina chiqib ketdi. U ketaturib: «Bilib qo‘y, men bor ekanman, senlar yorug‘lik ko‘rmaysanlar. Bolangni aslo ko‘kartirmayman. Yodingdan chiqarma», — deb dag‘dag‘a qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay Ivan Nikolaevich pensiyaga chiqib, shahardagi uyiga ketdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Stepan inspektorlikka tayinlandi. Endi u butunlay o‘ziga bino qo‘ydi. Aytgani-aytgan, degani-degan bo‘lib qoldi.Kimdir bilib-bilmay g‘ashiga tekkudek bo‘lsa, u albatta to‘pponchasini o‘qtalar edi. Boshqa militsionerlarning to‘pponchasida bir yoki ikki dona o‘q bo‘lsa, Stepanning to‘pponchasi o‘qqa to‘la bo‘lar, hatto yonida o‘qqa to‘la yana bir magazin turar edi. U forma kiyganidan keyin tantanavor qiyofada yana Jalol Parchaevning uyiga keldi. Ona-bolani yana masxaralab kuldi.
— Chog‘laringni ko‘raverlaring, erta-indin uylaring buziladi. Xalq dushmanlariga davlatning bir qarich yeri xam hayf. Bu yerda yog‘och-taxta omborini quramiz, — dedi u tahdid bilan.
U «xalq dushmani»ning oilasini hech kim himoya qilmasligini yaxshi bilardi. Va aytganini qildi ham: bir hafta o‘tar-o‘tmas buldozer kelib, he yo‘q, be yo‘q, ularning uyini buzib tashladi. Ona-bola zor yig‘lashdi. Qo‘ni-qo‘shnilar esa pana-pastqamdan zo‘rg‘a mo‘ralab turishardi.
Bir necha yildan keyin Jalol Parchaev qamoqdan qaytib keldi. Lekin sog‘ligi juda abgor ahvolda edi. O‘qtin-o‘qtin yo‘talar,uzzu-kun yostiqdan boshini ko‘tarolmay yotar, ba’zan ko‘ksini changallab, bukchayib qolardi. Nihoyat, u bir yilga ham yetmay dunyodan ko‘z yumdi. Janozaga kelishga hammaning ham yuragi betlamadi, oz-moz odam to‘plandi. Bir amallab tobutni qabristonga olib borishdi. Mayitni ko‘mar chog‘ida taomilga ko‘ra «Birodarlar, marhum qanday odam edi?» — deya so‘raldi. «Xalq dushmani edi», — dedi orqa tomondan kimdir baralla ovozda. Hamma o‘sha tomonga o‘girilib qaradi. U yerda istehzoli qosh chimirib, qo‘lini beliga tiragancha Stepan turardi. Otajon uvvos solib yig‘lab yubordi. «Qabristonda yig‘lanmaydi, bo‘tam», — deb unga taskin berishdi chollar.
Jalol Parchaevning iztiroblarga dosh berolmagan ayoli ham ko‘p o‘tmay yorug‘ olamni tark etdi. Otajon huvillagan eski tashlandiq uyda yolg‘iz o‘zi qoldi. U alamlar ichida yo‘q bo‘lib ketmaslik uchun o‘zini turli yumushlar bilan chalg‘itar, kitoblar bilan ovutar edi. Qariyb bir yilcha o‘tgandan keyin esa Jalol Parchaevning oqlanganligi haqida xat keldi. Otajon ko‘zlariga ishonmadi. Kechikib kelgan shu xatni ko‘ksiga bosdi. O‘kirib-o‘kirib yig‘lab, xatni takror-takror o‘qidi. «Shu paytgacha qayoqda eding, la’nati xat? Shunchalar ham kechikasanmi, haqiqat?!» – deya u yeru ko‘kni larzaga solib yig‘lardi. 
Keyin xatni qo‘lida baland ko‘targancha ko‘chaga yugurdi. Qishloqdagi har bir uyga kirib, xatni o‘qitib chiqdi. Endi u Stepanni eslab qoldi. «Unga aytish kerak. Otam xalq dushmani emasligini u bilib qo‘yishi kerak, — deya o‘ylardi u. – Xatni ko‘rib qo‘ysin. O‘qishni bilmasa ham ko‘rib qo‘ysin! Yirtib tashlamasmikin? Yo‘q, hukumatning xatini yirtishga qo‘li bormaydi». Bu kun bozor kuni edi. Stepanni bozordan topish mumkin. Ha, u albatta o‘sha yerda bo‘ladi. Otajon xatni bag‘riga bosib, bozor tomonga yugurdi. Olomonning orasidan Stepanni axtarib topdi. Uning ro‘parasiga keldi-da, bor kuchini jamlab yuziga tarsaki tushirdi. Stepanning ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketdi. Nima ro‘y berganini tushunmay, bir zum ko‘zi tinib, boshi aylangach, yana o‘ziga kelib, to‘pponchasini chiqardi. Odamlar, hozir shu to‘pponchadan o‘q uzilishi aniq, deb qo‘rqib ketishdi.
— E, senmisan, itvachcha, — dedi Stepan qarshisida jazavasi qaynab turgan ozg‘in yigitni tanib.
— Mening otam xalq dushmani emas ekan, Stepan, dushman emas ekan. Mana, xatni ko‘rib qo‘y, gazanda. Otam oqlandi, hammasi tuhmat ekan, uydirma ekan. Senga o‘xshagan gazandalarning fitnasi ekan, tushunayapsanmi? Endi tilingni tiyib yur, hayvon. Xalqning haqiqiy dushmani sensan.
Stepanning ko‘zlari olaydi, g‘azabdan tishlari g‘ijirladi. To‘pponchasini g‘ilofiga solib qo‘ydi-da, yengini shimardi. U o‘ziga qo‘l ko‘tarishga jazm etgan tirmizakni musht bilan sulaytirib huzur qilmoqchi edi. U gurzidek mushti bilan Otajonning ko‘kragiga urdi. Otajon gandiraklab yiqildi. Uning hali bolaligi bor edi, kuchga to‘lmagan edi. Stepan odamlarning ko‘z o‘ngida Otajonni ayamasdan savaladi. U javdirab odamlarga qaradi. Lekin ularning ko‘zlaridan najot zarrasini topolmadi. Shunda Otajon o‘zini umrida birinchi bor yolg‘iz, mutlaqo yolg‘iz sezdi. Hatto avval otasi, keyin onasi dunyodan ko‘z yumganida ham yolg‘izlikni bunchalar chuqur his etmagan edi. U butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Tanidan kuch ketib, yerga cho‘kkalab qoldi. Stepan esa hamon quturib savalar edi. Tomoshaga to‘plangan olomon, qanchalik ichi achishmasin, miq etmay kuzatib turdi. Ular bir og‘iz so‘z aytishga ham botina olishmadi. Axir, ular yaxshi bilishardi: Stepanning tulporday kuchi, o‘q to‘la to‘pponchasi, egnida formasi, eng muhimi, hammanikidan ham ustun turadigan HUQUQI bor.
Stepan baribir xumordan chiqmadi, shekilli, mushukbolani ushlagandek baquvvat kafti bilan Otajonning bo‘ynidan ushlab, militsiya idorasiga sudrab ketdi. Idoraning yerto‘lasi bor. Bir paytlar bu yerto‘lani Ivan Nikolaevich qurdirgan edi. Qandaydir aybda gumon qilinib tutib kelingan odamlar bir-ikki kun shu yerto‘lada saqlanar, bu esa Stepanning joniga oro kirib, u ana shu «tirik nishon»larni do‘pposlab chiniqar edi. Ko‘pdan-ko‘p odamlar shu yerto‘laning azobini tortib chiqishgan. Stepan Otajonni ham o‘sha yerto‘laga bir hafta qamab, rosa kaltakladi.
Yerto‘ladan abgor bo‘lib chiqqan Otajon ikki oy deganda zo‘rg‘a o‘zini tiklab oldi. Shundan so‘ng yillar davomida hech kim bilan ishi bo‘lmay, o‘zi bilan o‘zi ovunib yurdi. Stepanning esa adovatlari hamon davom etardi. Otajon maktabni oltin medal bilan tugatish arafasida turganida Stepan maorif bo‘limi mudiriga «U xalq dushmanining o‘g‘li» degan mazmunda xat yo‘llab, imtiyozdan mosuvo qildi. O‘qishga kirmoqchi bo‘lganida esa institutga yana shunday mazmunda xat yubordi. Shu tariqa Otajon hech qaerda o‘qiy olmadi. Biron joyga ishga ham kirolmadi. Har qadamini Stepan kuzatib yurar edi. U qishloqda odamlarning yumushini bajarib tirikchilik qiladigan bo‘ldi. Odamlar bilan deyarli gaplashgisi kelmasdi. Dilkashi faqatgina radio bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ham, Ittifoq barbod bo‘lib, Respublika ozodligi e’lon qilinganida ana shu dilkashini to‘yib-to‘yib o‘pdi. Quvonchi ichiga sig‘may, ko‘chaga chopdi.
Otajon ko‘chalar bo‘ylab yugurib borarkan, vujudi yanada kuch-quvvatga to‘layotganini his etardi.
Stepanni axtarib bormoqda edi. Uni qaerdan topishni yaxshi biladi: «Hozir u albatta idorada tutib kelinganlardan birontasini boshida yong‘oq chaqib o‘tirgan bo‘lsa ajabmas».
Ayni choqda Stepan idoraning yonida mototsiklining buzilib qolgan qaysidir murvatini kavlab o‘tirgan edi. Otajon shiddat bilan kelib, Stepanning yumshoq joyiga chunonam tepdiki, Stepan yuztuban yiqilib, yuzi shilindi, lablaridan qon sizdi. Kutilmagan hamladan Stepan esankirab qoldi. Zarba juda kuchli bo‘ldi. Bu endi qandaydir bolakayning emas, tog‘ni ursa talqon qiladigan zabardast odamning zarbasi edi.
Stepan bir zum gangib turgach, o‘zini o‘ngladi. Haqiqatdan ham ro‘parasida qiltiriq bola emas, bilagi kuchga to‘lgan savlatli yigit turardi. Stepanning ko‘zlari qonga to‘ldi. Atrof qorong‘ulashib, ko‘ziga faqat ana shu zabardast yigit ko‘rinib qoldi. Endi uni musht bilan sulaytirib bo‘lmasligi ma’lum edi. Yoqalashib o‘tirish befoyda. Yuragida qasos o‘ti yonayotgan bu yigit olishuvda uni yengib tashlashi ham mumkin. Stepan buni tushundiyu, tupponchasini qo‘liga oldi va ko‘z oldida qaddini g‘oz tutib turgan yagona nishonga tik o‘qtalib boraverdi.
Otajon ko‘ylagini yirtib, unga ko‘ksini tutdi.
— Ot, Stepan, ot. Qo‘lingdan kelsa so‘nggi nishoningni otaqol. Lekin otolmaysan, Stepan, otolmaysan. Otgan o‘qing ko‘ksimni tesholmaydi. Mingta o‘q otsang ham o‘lmayman. Sening davring tugadi. Ozodlik e’lon qilindi. Sening suyanganing bor-yo‘g‘i shu to‘pponcha. Qani, nega qarab turibsan, otib ko‘rmaysanmi, gazanda.
Stepan uning gaplarini ham, nega kutilmaganda hamla qilib qolganini ham tushunmadi. U yangilikdan bexabar edi.
To‘pponcha sharaqladi. U nishonni yana bir bor ko‘zi bilan chamaladi. To‘pponchaning otishi muqarrar bo‘lib qoldi. Otajon esa hamon ko‘ksini tutib baqirardi. Stepan qahr bilan tepkini bosdi. Bir emas, ichidagi so‘nggi o‘q ham otilguncha qayta-qayta bosdi. Ammo o‘qlarning hammasi osmonga uchdi. Stepan muzday suv sepgandek seskanib ketdi. Allaqachon to‘planib ulgurgan olomon unga o‘qrayib qarab turar, odamlar uning to‘pponcha ushlagan qo‘lini osmonga ko‘tarib tutib turishar edi. Stepan so‘kinmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi. Ammo qarshisidagi odamlar endi undan zarracha ham qo‘rqishmayotgan, qaytanga uning yana birgina qaltis harakatini kutib turishgan, agarda hozir ana shu qaltis harakat sodir etilgudek bo‘lsa, uni parcha-parcha qilib tashlashlari mumkinligini ularning nigohlaridan uqib oldi. Stepanning oyoq-qo‘llari qaltirab, to‘pponchasi yerga taraqlab tushdi. Odamlar to‘pponchani oyoqlari ostiga olib, pachoqlab tashlashdi. Stepan behush yiqildi.
O‘sha voqeaning ertasiga Stepanning qishloqdan qochib ketganligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.