OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xudoyberdi To'xtaboyev. Shirin qovunlar mamlakati (roman)

I BOB

MEN AKBAR QOVUNCHI BO‘LAMAN

Gap qo‘shmay tursangiz, hammasini bir boshdan so‘zlab beraman, bo‘lgan voqea qanday yuz bergan bo‘lsa, qasam ichib aytamanki, hech narsa qo‘shmasdan, hech narsani olib tashlamasdan shundayligicha aytaman. Yolg‘onchi emasman. Yolg‘on gapirgan odamni ko‘rsam, meni yetti kun hiqichoq tutadi. Uyog‘ini so‘rasangiz, yolg‘on gapirishni, birga o‘nni qo‘shib so‘zlashni Hoshimga chiqargan. Hoshimni taniysizmi? Ro‘zivoy akaning sartarosh o‘g‘lini tanimaysizmi? Yo‘q, taniysiz. Hozir esingizga tushiraman. Uning to‘g‘risida To‘xtaboyev degan yozuvchi kitob ham yozgan. O‘sha kitobni maqtanchoq o‘rtog‘im Hoshim yana ham maqtanib yurish uchun ataylab yozdirgan. Yozuvchi amaki ta’tilini o‘tkazish, shirin-shakar mevalardan yeb, soylarda maza qilib cho‘milish uchun qishlog‘imizga mehmon bo‘lib keluvdilar. Hoshim uning soch-soqolini tekinga olib qo‘ygan, atirlarning ham eng tozasi, eng xushbo‘ylaridan sepgan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, o‘sha paytda Hoshimlarning ola sigiri tuqqan edi, yozuvchiga qatiq olib o‘tganini qishloqdagi bolalar bir necha bor ko‘rishgan ekan. Bo‘lmasa, shuncha a’lochi bolalar buyoqda qolib, borib-borib maqtanchoq Hoshim haqida kitob yozarmidi? Bundan tashqari, diqqat qilgan bo‘lsangiz, o‘sha kitobdan yangi ivitilgan qatiqning hidi kelib turadi. Men hidni yaxshi bilaman, ming bir narsaning hidini ming metr naridan turib farqlay olaman. Hoshim rosa maqtangan bo‘lsa kerak. Hatto mening ham nomimni o‘sha yozuvchi hir necha bor tilga olib o‘tgan. O‘qigan bo‘lsangiz, esingizdadir, o‘sha kitobda «Akbar bo‘ri ushlabdi» degan bob ham bor. Bo‘rining bolasini ushlab olganim to‘g‘ri, uni aravachaga qo‘shib sirk tomoshasi ko‘rsatmoqchi bo‘lganim ham rost. Lekin Hoshimning shu bo‘ri bolasiga mahliyo bo‘lib Akbar yaxshi o‘qiy olmay, oltinchi sinfda qolib ketdi, degani g‘irt yolg‘on. To‘g‘ri, men o‘sha yili oltinchi sinfda qolib ketganman, lekin yomon o‘qiganim uchun emas, yo‘q, zinhor bunday deb o‘ylamang. O‘sha yili, sizga ochig‘ini aytsam, butun maktabimiz bo‘yicha to‘rt va besh baholar zaxirasi kamayib shunaqa baholar solinadigan xaltachalar bo‘shab qolgan ekan. Shuning uchun muallimlar menga nuqul yo uch, yo ikki qo‘yishavergan. O‘qituvchilar: «Akbarjon, sen o‘zi ajoyib bolasan-u, lekin bari bir senga ikki qo‘yishga to‘g‘ri keladi-da», deb bir necha bor uzr so‘rashgan. Xullas, ayb menda emas edi. Hoshim qurg‘ur butun aybni men bilan bo‘rining bolasiga to‘nkab, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Xullas, mana shunaqa gaplar. Xo‘p, nima deyayotgan edim? Ana xolos, hammasi esimdan chiqdi-qoldi! Uf, o‘zi men sal shunaqaroqman. Bir narsa haqida gapirib turaman-u, to‘satdan esimga boshqa narsa kelib qoladi. Keyin o‘sha haqda xayol surib ketaman. Mana masalan, jo‘g‘rofiya darsick o‘tiribmiz deylik. Muallim yo‘qlamani qilib bo‘lgach, o‘tgan darsdii qaysi mavzuni o‘tgan edik, deb so‘raydi, hamma qo‘l ko‘taradi, men ham ko‘taraman. Muallim: «Akbar Madumarov, doskaga chiq», deydi. Chiqaman. «Demak, «Gibraltar bo‘g‘ozi»ni o‘tganmiz, shundaymi?» «Shunday», deyman, «Qani, boshla», deydi muallim. Ko‘zlarimni xiyol qisib, chakkamni qashlab, bir oz jim turaman-da, boshlab yuboraman. Gibraltar bo‘g‘ozining qaysi dengizlarni tutashtirib turgani, bu dengizlar qaysi mamlakatga qarashli ekanligi, bo‘g‘ozning yuk tashishdagi ahamiyati, bu bo‘g‘oz tufayli... deyman-u, keyin miyamda bo‘g‘oz degan so‘z aylanaveradi... To‘satdan, sigirimiz bu yil bo‘g‘oz emas, esizgina, qisir qoldi-ya, deb o‘ylayman. Keyin o‘yimni davom ettirib, endi sut-qatiq masalasi chatoq bo‘ladi-da, shirguruch qilmoqchi bo‘lsak, tovoq ko‘tarib Hoshimlarnikiga chiqishga to‘g‘ri keladi. Maqtanchoq Hoshimning buvijonisi sut berguncha, landovur dadang bitta sigirniyam qochirolmabdi-da, deb shunaqa diydiyo qiladiki, oxiri shu sutni ichgandan zahar ichgan ma’qul deb qaytayotganda sut to‘la idishlarni yerga urging keladi... Ana shunaqa gaplarni o‘ylab ketaman. Qancha o‘ylasam, o‘yim shuncha chuvalashib ketaveradi...
— Nega jim qolding? — deb so‘raydi muallim.
— Jim bo‘lganim yo‘q, — deyman hamon o‘yga tolib.
— Gapir bo‘lmasa, — deydi muallim yana.
— Sigirimiz bo‘g‘oz emas, — deyman.
— Nirna?! — deydi muallim o‘rnidan xiyol qo‘zg‘alib.
— Endi sut masalasi chatoq bo‘ladi-da.
— Nima-nima?! — deb muallim o‘rnidan turib ketadi.
— Hoshimning buvisidan sut so‘ragandan ko‘ra... — deya duduqlana boshlayman.
— Tavba! — deya muallim yoqasini ushlab qoladi.
— Mahallamizda yaxshi buqa yo‘q, — deyman-u, gapiinning uyog‘ini aytolmayman. Nega desangiz sinfda gurillab kulgi ko‘tariladi. Muallim ham kula boshlaydi. Ko‘pchilikdan qolish yaxshimas deb o‘zim ham jo‘r bo‘laman. Miriqib-miriqib kulaman. Muallim kulgidan to‘xtab, qovog‘ini uyib:
— O‘tir, — deydi, — bahong — ikki!
Mana shunaqa kamchiligim bor. Zarur gapni o‘rnida aytolmayman. Shuning uchun ham tengqurlarim menga «Qovunchi» deb laqab qo‘yishgan. Ya’ni men tez-tez qovun tushirib turarmishman. Laqabim qovunchi bo‘lgunga qadar qovun tushirdi degan gapning mazmuniga uncha tushunmas edim. Keyin o‘ylab ko‘rsam, o‘rnida aytilmagan har bir gap, o‘rnida bajarilmagan har bir yumush keraksiz joyga qovun tushirgandek bir gap ekan... Xullas, mana shunaqa gaplar... Uyog‘ini surishtirsangiz, o‘zim ham qovunni o‘lguday yaxshi ko‘raman. Laqabim Akbar qovunchi bo‘lgani uchun emas, yo‘q, yo‘q, unday deb o‘ylamang, qovun shirin bo‘lgani, boz ustiga eyayotganda tani-jonim yayrab ketgani uchun yaxshi ko‘raman. Qovunni ko‘p yeganim va yana shu haqda kechasiyu kunduzi o‘ylaganim uchunmi, uning haqidagi maiumotim eng zo‘r muallimlarnikidan ham ko‘proq. Yolg‘on so‘zlayotganim yo‘q, rost aytayapman. Beinaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi, degan maqol bor, to‘g‘rimi? Xo‘sh, to‘g‘ri bo‘lsa ayting-chi, nega uning urug‘i ko‘p bo‘ladi, nega? Ana, bilmas ekansiz-ku! Men bilaman. Aytib beraymi? Quloq soling bo‘lmasa. Qovun gul tashlagandan keyin bosh barmoqdekkina xamakcha paydo bo‘ladi. Xamakcha yangi tug‘ilgan buzoqcha onasining emchagini so‘rgandek palakni so‘rib katta bo‘ladi. Tomirlarda paydo bo‘lib, palaklar orqali oqib kelayotgan oppoq sut xamakchaning og‘ziga quyilib turadi. Ana shu sutni urug‘lar ko‘proq so‘rsa, ular ko‘payib ketadi-yu, qovunning eti bemaza bo‘lib qoladi. Qalay, bilar ekanmanmi? Men yana qovunlarning yetmish olti xilini hidiga qarab ajrata olaman. Ko‘zimni yetti qavat doka bilan boylab, qovunni orqangizga berkitsangiz:
— Bu bosvoldi, bu chala pishgan begimsuydi, bu banjida bo‘lgan oq urug‘, bu bir yoniga oftob tegmagan qizilurug‘, — deb bexato aytaveraman.
Mahallamizda Savri xola degan kampir bor. Bir kuni ko‘chamizdagi bolalar bilan bas boylashib, bir arava qovun yutib olganimni ko‘rib: «Suf-suf, bolam, ko‘z tegmasin. Ockmlarning aqli kallasida bo‘lardi, sening aqling burningda ekan, burningni ehtiyot qil», deb nasihat qilgani hali-hali esimda. Ishonsangiz, o‘shandan buyon goho yomon bolalar bilan mushtlashib qolguday boisam kallamni emas, burnimni ehtiyot qilaman. Mening boshqalarda uchramaydigan yana bitta fazilatim bor. Aytib berardim-u, lekin bari bir ishonmaysiz-da. Ha, mayli, ishonmasangiz ham aytaman. Men qovunni qoiimga olishim bilan uning ichida necha dona urug‘ borligini ham bexato ayta olaman.
Qovunni kaftimga qo‘yib ko‘zimni yumishim bilan ko‘z o‘ngimda televizor ekraniga o‘xshash sarg‘ish bir lagan paydo bo‘ladi-yu, shu lagan sathida urug‘lar dona-dona bo‘lib bii tomonga surilib o‘taveradi. Eh-he, bu haqda avval ko‘chamizda, keyin maktabda, undan keyin tuman markazida o‘tkazilgan katta qovun sayllarida necha-necha martalab bahs boylashlar bo‘lib o‘tmadi deysiz! Faqat bir martagina xato qilib qo‘yganman xolos. Qirqma qovunni qo‘limga tutqazib:
— Ayt! — deyishdi.
Ko‘zimni chirt yumib, sarg‘ish ekranda namoyon bo‘lgan dona-dona urug‘larga bir nigoh tashladim-da:
— Yetti yuzu qirq! — dedim.
— So‘y! — deyishdi.
So‘yib, sanab ko‘rishsaki, yetti yuzu qirq bitta urug‘i bor ekan. Rosa xafa bo‘ldim, dardi-dunyom qorong‘i bo‘lib ketdi. Urug‘larni o‘zim qaytadan sanay boshladim. Eh- ha, mana, xato qayerda ekan. Urug‘lardan biri egizak, ya’ni maqtanchoq o‘rtog‘im Hoshimjonning tili bilan bayon qiladigan bo‘lsak, Hasan-Husan ekan. Hasani yaxshi rivojlanib, Husanini tagiga bosib olgani uchun ko‘z tashlaganimda yaxshi ilg‘amay qolgan ekanman... Xullas, mana shunaqa gaplar... Xo‘p, nima deyayotgan edim, ha, esimga keldi. Xullas, o‘rtog‘imning yolg‘on-yashiq gaplari orqali men ham sizga qisman tanishman. O‘zimni qaytadan tanishtirib o‘tirishimning hech hojati yo‘q demoqchiman-da. Mabodo tog‘ orasidagi mana shu Soyboshi qishlog‘iga yo‘lingiz tushib, egri-bugri ko‘cha-ko‘ydami, surnay chalinib ziyofat berilayotgan to‘y- ma’rakadami o‘rta bo‘y, g‘ippa semiz, cho‘ziqdan kelgan yuzi sarg‘ayib pishgan handalakka xiyol o‘xshab ketadigan, qop-qora ko‘zlari hamisha kulib, charaqlab, sergo‘sht lablari qiziq bir narsa aytmoqchiday tabassumga moyilnamo qimtinib turadigan yigitchaga duch kelsangiz — bu menman! Mana, qarshingizda o‘tiribman. Hikoyani davom ettiraveraymi? Xo‘p bo‘lmasa, jinday suv ichib olay, suv ichsam gapim ravonroq ketadi-da. Sizga aytadigan eng katta hikoyamni boshlashdan oldin yana hir voqea esimga kelih qoldi. Ruxsat hersangiz shuni ham tugatib olsam. Sizga Katta tagoblik Hoshimjon bilan qanday tanishligimni aytdim-u, undan qanday ajralganimni va ajralishganimizdan so‘ng boshimdan nimalar o‘tganini aytmabman. Shularni aytib bersam maylimi, shoshayotganingiz yo‘qmi?

To'liq:  PDF

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.