OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Do‘stmuhammad. Ma, osh (hikoya)

Bahor kechki ovqatdan so‘ng idish-tovoqlarni yig‘ib oshxonaga keltirdi-da, ularni yuvishga tutingan joyida qo‘li ishga bormadi. Ko‘ngli allaqanday noxushlikni sezganday birdan yuragi uvishdi, choy damlab, oila a’zolari jamuljam o‘tirgan ravonga qaytdi. Ostonaga yetganida ichkari xona eshigida kostyumini ko‘rsatkich barmog‘iga ilib osiltirib tutganicha qaqqayib turgan otasini ko‘rdi. Onasi, ukalari boyagi-boyagi xontaxta tegrasida o‘tirishardi.
— Rostdanmi?.. Hazillashayapsizmi?.. — deb so‘radi onasi o‘tirgan joyidan, otasining qo‘lidagi kostyumdan ko‘z uzmay.
Katta ukasi Bobur ham bo‘ynini cho‘zib otasiga g‘alati alfozda baqrayib qolganini ko‘rgan Bahor yuragi besabab uvishmaganiga iqror bo‘ldi.
Otasi g‘alati kulimsiradi, biroq bu kulimsirash uning bo‘zday gezargan betidagi mavhumlikni battar kuchaytirib yubordi.
— N-nega hazillashay?.. Hazillashadigan narsa m-mas-ku... — deya g‘udrandi u.
Mastura “dik” etib turib, erining yoniga bordi, uning qo‘lidagi kostyumga tegsa barmog‘i kuyadigandek qo‘llarini orqaga yashirgan ko‘yi kostyumga “bosh-oyoq” angraydi.
— Mana shu cho‘ntakka solgandim... Aniq, aniq esimda... Pulni kassadan olgach, changallagancha xonamizga kirdim, sanadim. Hech zog‘ ko‘rmadi. Shu cho‘ntakka... Bor edi...
Sabriddin maosh qo‘liga tekkan paytdagi holatlarni ovoz chiqarib aytib eslayaptimi yoki xotini va bolalariga hisobot beryaptimi — tushunish qiyin edi.
— Qanchaydi? — tashvishlanib so‘radi ayoli.
— Nima qanchaydi? Nimani izlayapsizlar?
Bahor beixtiyor so‘rab yubordi-yu, tilini tishladi. Faqat u ko‘ngliga tushgan g‘ulg‘ulaning boisi shu topda ayonlashishini sezganidan tilini tiya olmagan edi.
— Maoshshi o‘g‘ri uribdi!..
— Voy-y! — deb yubordi Bahor oyog‘iga qaynoq choy to‘kilgandek turgan yerida sachrab.
U ildam yurib kelib qo‘lidagi choynakni xontaxtaga “taq” ettirib qo‘ydi-da, ukasining gapiga ishonmay onasiga mo‘ltiradi.
— Vahima ko‘tarmalaring! — dedi Sabriddin o‘zini bosib. — Avval qaray-chi...
Otasi gapirayotib nafasi ichiga tushib ketdi. Kostyumning dam ichki, dam yon cho‘ntaklariga birma-bir besamar kirib chiqayotgan qo‘li titray boshladi.
— Paltoni cho‘ntagiga solgandirsiz, balki? — dedi Mastura hamon umidini uzmay.
Sabriddin kostyumining ilgichidan barmog‘ini o‘tkazib tutganicha ichkariga kirib ketdi. Zum o‘tmay kostyumni ikki buklab bilagiga tashlagan ko‘yi paltoni ko‘tarib chiqdi. Ota oila a’zolarining ko‘z o‘ngida endi palto kissalarini titkilashga tushdi. Ayoli, qizi, katta o‘g‘li, hali beshga to‘lmagan kenjasi — hammalari nafaslarini ichiga yutib, Sabriddinning qo‘lidan ko‘z uzishmadi.
Va nihoyat:
— Yo‘q, — deya g‘o‘ldiradi Sabriddin uzil-kesil ma’noda boshini saraklatib.
— Voy, sho‘rim-mm! Boshqa narsalaringiz joyidami?..
— J-joyi...
— Q... qarang, axir...
— Qaradim... — Sabriddin shunday dedi-yu, palto va kostyum kissalariga qayta boshdan birma-bir qo‘l suqishga tutindi. Ikki-uch parcha-purcha qog‘oz, avtobusning oylik chiptasidan bo‘lak matoh chiqmadi.
— Shunaqayam beparvo bo‘lasizmi, dadasi?
Sabriddin ayolidan bu qadar muloyimlikni kutmagan edi, vaholanki, bidillab, vaysab quloq-miyasini yegudek bo‘lsa bo‘ralatib so‘kinmoqchi, shu tarzda o‘zi ham xumordan chiqmoqchi edi, aksiga olib Mastura... Sabriddin xotiniga achinib ketdi. Uning ko‘ziga qarolmadi. Kuldi. Kulgisi juda beo‘xshov chiqdi.
— Nega beparvo bo‘lar ekanman, — dedi o‘zini oqlab. — Opkelib qo‘lingga tutqazmoqchi edim. Qizing so‘rayotganini oberaqolaylik, qolganini Boburboyning maktabiga berasanmi, Botirbekning bog‘chasiga berasanmi — yanagi maoshgacha ro‘zg‘orri amallab turgin, demoqchi edim.
— Shunga xayolingiz ketgan-da, xayol chalg‘itgan.
— Kissadagi pulga xayolning nima ziyoni bor?..
— Ziyonini ko‘rib turibsiz-ku!.. Shu-uncha pulni ikki qo‘llab oldiri-ib o‘tiribsiz-ku!.. Qaysi kissangizda edi, o‘zi?
Shu topda Sabriddin yo‘qotgan bir dasta pulining topilishiga yana umid bog‘ladi.
— Sen qara-chi, — dedi xotiniga, kostyumining qo‘ynidagi kissani ko‘rsatib. — Qog‘ozga o‘rab, joylab qo‘ygandim...
Mastura erining kostyumini qo‘liga olishga ham cho‘chidi, nazarida kissaga qo‘l suqsa, birov barmoqlaridan tutib qoladigandek yuragi betlamadi.
— Bahor qaqqayma, beri ke, sen qara-chi!..
Bahor indamaygina dadasining yoniga keldi-da, kostyumning qo‘yin kissasiga ohista qo‘l suqdi.
— Ichki cho‘ntakdan qanaqasi oladi, dada? Ustingizda palto bo‘lsa?..
Hozirgi ahvolida Sabriddin ayolining emas, o‘g‘il-qizlarining oldida ham o‘zini go‘dak boladek tutayotgan edi. U yelkasini qisdi.
— O‘zimni ham aqlim bovar qimayapti... — deb g‘udrandi.
— Avtobusda odam ko‘pmidi? — deya savol qotdi Bobur ko‘pni ko‘rgan izquvarlarga xos jiddiy alfozda qosh-ko‘zini chimirib.
— Ko‘p edi. Tiqilinch... Baribir, paltoning ostidagi kostyumning ichki cho‘ntagida pul borligini qanday bildi ekan, badbaxt?!
Shu payt Bahor barcha shubha-yu taxmin va gumonlarga nuqta qo‘ydi.
— Voy-y! — deb chinqirib yubordi u to‘satdan chiyillab. Uning kostyum cho‘ntagiga suqqan to‘rt barmog‘i kissaning yon tomonidan yorib chiqdi. — Cho‘ntak yirtiq-ku, dada!
Sabriddin, Mastura hang-mang bo‘lib qolishdi. Birin-ketin yirtiq cho‘ntakka qo‘l suqib ko‘rishdi. Ensiz, uzun kissaning biqini tikkasiga ochilib yotardi.
— Qachon yirta qoldingiz? — hayron bo‘lib so‘radi Mastura, eridan.
— Yirtmadim, butun edi, — dedi Sabriddin. — Kecha, bugun ertalab kavlaganimda ham butun edi. Tushlikdan keyinroq maosh oldim, xonaga kirib sanadim, avval cho‘ntakni kavladim, hech vaqo yo‘q edi, so‘ng pulni joyladim, mana endi!..
Sabriddin ming‘irlab gapini ado qilgunicha Mastura qizi bilan hamkorlikda kissaning yirtig‘ini ko‘zdan kechirib ulgurdi.
— Yirtilmagan, — dedi u qat’i tovushda.
— Qirqilgan! — Onasining gapiga ilova qildi Bahor.
— Piskada qirqadi, ular! — deya vahimaga moy sepdi Bobur.
— Sen ham chetda qolma, taxmining bo‘lsa, ayt, — dedi Sabriddin kenjasiga tirjayib. So‘ng ayoli, qizi bamisoli motam tutishayotganini ko‘rib, jiddiylashdi. Kostyumini, ustidan paltosini kiyib, tugmalarining barini erinmay qadadi. U ne niyatda bunday qilayotganini boshqalar tushunolmay, hayron bo‘lib turishganda Botirbek dadasining oyog‘iga tarmashdi.
— Tetmang ada!.. Tetmang!
— Ketmayman, o‘g‘lim, — dedi Sabriddin kenjatoyining boshini silab. Va butun oila a’zolariga yangi qo‘yilayotgan tomoshadan lavha ko‘rsatmoqqa shaylangan teatr aktyori singari xatti-harakatlar bilan gapga tushdi:
— Ishxonamdan shu kiyimda, shu alfozda chiqdim.
— Yo‘lda biron yoqqa kirmadingizmi?
— Yo‘q, — deb boshini saraklatdi Sabriddin ayoliga. — Avtobusga chiqdimu, uyga kelaverdim.
— Odam ko‘pmidi? — so‘radi Bahor.
— Yo‘q, avvaliga ko‘p emas edi. Ikki-uch bekat o‘tgach, yo‘lovchi ko‘paydi.
— O‘tirib olmabsiz-da, dadasi?..
— Bo‘sh o‘rindiq bo‘lmasa, oyoq ostiga o‘tirmayman-ku, onasi, — dedi Sabriddin o‘pkalab.
— Tugmangiz taqilganmidi? — so‘radi Bahor.
— Taqil...gan... bilmadim, esimda yo‘q.
— Taqmagansiz, — deb dadasiga “ko‘maklashdi” Bobur.
— Avvaliga taqilgan edi, — yodiga tushib dedi Sabriddin. — Yo‘lovchi ko‘paygach, isib ketdim shekilli, paltoning tugmalarini bo‘shatdim.
— Kostyumnikini yechmagandirsiz?
— Yechmadim, yechmadim. Lekin ichki cho‘ntakda, qo‘ltiqning ostida pul borligini qaydan bildiykin, ablah?!
— Do‘mpayib turgan, shundan bilib, tavakkal qilgan-da, qirilgur!
Sabriddinning chiroyi ochildi.
— Topding, tavakkal qilgan. Tavakkal qilmasa, kostyumning ichki cho‘ntagini qirqib, pul o‘marishni uncha-muncha odam eplolmaydi!..
— Shartta qo‘lini tiqqanu, lezva bilan qirqqan, tamom!
Boburning vahimasidan Masturaning esxonasi chiqib ketdi.
— Quribgina ketsin-a, eplamay!.. Xayriyat, biqiningizni tilib yubormabdi!..
— Badanimga tegsa sezardim-a!
— E, nafasingizni yel uchirsin!
— O‘sha tirband avtobusda, qo‘ynimga qo‘l suqib, cho‘ntagimni kesibdimi — eplagani-da!.. Illo, qoyilman!
— Nimaga qoyilsiz?! — Burnini jiyirib savol qotdi Mastura, ensasi qotib.
— Paltoni ostidagi kostyumning ichki cho‘ntagidan eplab oldimi, qoyil-da!
— Sizga qolsa, borib qo‘lini siqib, tabriklab ham kelasiz!..
— Topsam-ku, o‘zim bilaman-a, qanday tabriklashni!.. — U shunday deb birdan jim bo‘ldi, so‘ng o‘zicha ming‘irladi: — Yoki paltoning etagi...
— Paltoning pul turgan tomondagi etagi ochilib qolgan, o‘g‘ri shundan foydalangan.
Sabriddin qizining topqirligiga tan berdi.
— To‘g‘ri, Bahor, bir payt o‘girilsam, paltoning chap etagi ikki kishi orasida qisilib qopti, bazo‘r tortib, sug‘urib oldim.
— Siz paltoning etagini sug‘urib olguncha o‘g‘ri pulingizni sug‘urib olgan, ishini bitirib ulgurgan!
— Kostyumning tugmasini yechmasdan-a?!
— Yechib zarilmi?! Sizni chalg‘itsa bas-da, ular!..
— “Ular” deysanmi?!
— Kissavurlar yolg‘iz yurmaydi, dada. To‘da-to‘da bo‘lib yuradi. Kamida ikki-uchtalab, beshtalab yuradi.
— Beshtalab?! — Shunday deb Masturaning ko‘zi charaqlab, ola-kulasi chiqib ketdi. — Yaxshiyam sezmaganingiz, dadasi! Tag‘in to‘rtta-beshta kissavur bilan yoqalashib, voy, bir xudo asrabdi-ya!.. Bosh-ko‘zingizdan sadaqa-ya, o‘sha maoshingiz!..
Sabriddin ichakuzdi latifa tinglagan odamday ochilib kuldi.
— Shu maoshga besh kishi ovora bo‘lgani kulgili!..
— Beshta — hali hammasi emas, ular ham o‘marganidan cho‘tal cho‘zadi.
— Maoshning o‘zi cho‘talcha chiqmaydi-yu, nimasini bo‘lishadi? — Endi Sabriddin taqdirga tan beribgina qolmay, ko‘ngliga mutoyiba ham sig‘ayotgan edi. — Cho‘ntak qirqqaniga tuzukroq tegar, o‘ldimi! Bo‘lishay desa urvog‘ ham bo‘lmas!..
— Bola-chaqamizga urvoq bo‘lmaydi-ku, cho‘ntakkesarga yuqarmidi?!
— O‘, bechora badbaxt!.. Shu-uncha yurak yutib, tavakkaliga sezdirmay-netmay cho‘ntak kesib, mening maoshimdan baraka toparmidi!.
— Ro‘zg‘or, osh-non deganday.
— Maosh o‘g‘riga osh-non bo‘larmidi. Maosh ro‘zg‘orga, qora qozonga mo‘ljallangani uchun ham ma-osh, men esa hardamxayollik qilib, kisavurga ma, osh qip kepman...
— Kulasiz-a, dadasi, — o‘zi ham kulimsirab dedi Mastura boyagindan anchagina yumshab. — “Tavba” deng, joningiz omon qolganiga shukr qiling. Faqat uydagi o‘g‘rilaringiz nima qiladi, endi?..
— Sabr qiladi, onasi. Hademay yana maosh berishadi, ma, osh...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.