OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sayid Ahmad (XIV-XV asr)

Sayid Ahmad, Saidiy (14-asrning oxiri — Hirot — 15-asrning 1-yarmi) — shoir. Temuriy shahzodalardan Mironshohning o‘g‘li, davlat idora ishlarida qatnashmagan. Turkiy va forsiyda she’rlar yozib, devon tartib bergan hamda noma janrida «Taashshuqnoma» («Oshiqlar maktublari», Navoiy ta’biricha, «Latofatnoma») dostonini yaratgan (1435—36). Dostonni amakisi Shohrux mirzoga bag‘ishlagan. Asar Xorazmiy «Muhabbatnoma»si va Xo‘jandiy «Latofatnoma»siga tatabbu qilingan. Nazira qonuniyatlariga ko‘ra, asar tuzilishi, maktublar soni (10 ta) jihatidan ham yuqoridagi asarlarga o‘xshash; masnaviy maktublar g‘azal va boshqa lirik janrlar bilan qorishiq. Sayid Ahmad dostonida har bir g‘azalning ma’lum bir maqom bilan bog‘langanligi va ikkinchi nomaning barcha misralarida tajnisli qofiya ishlatilganligi bilan Xorazmiy va Xo‘jandiy asarlaridan ajralib turadi. Maktublar turkiy tilda. Asar rang-barang poetik shakllarga boy. Doston o‘zbek adabiyoti tarixida noma janrining rivojlanish yo‘llarini, 15-asr o‘zbek adabiy tilini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Asarning yagona qo‘lyozma nusxasi Londondagi Britaniya muzeyida, fotonusxasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.


«TAASHSHUQNOMA»dan

Kitob sababi

Tushumda bir kecha ko‘rdum sahargoh,
Ki Majnun birla bo‘ldum yo‘lda hamroh.

Manga dedikim,— ey sho‘rida ahvol,
Chiqar boshdin takabbur, qilma ehmol.

Ki oshiqlar maqomi Karbalodur,
Kishikim bo‘ldi oshiq, mubtalodur.

Chu sen ham mubtalo bo‘lmishsen oxir,
Jafodin gul tikin so‘lmishsen oxir.

Bu yo‘lda qo‘y saru somon, adam bo‘l,
Agar vasl istasang, sobit qadam bo‘l.

Taxayyul birla nazm et bir hikoyat,
Vale ne’mat qoshinda qil rivoyat.

Hikoyatkim taashshuqnoma bo‘lg‘ay,
Ulug‘lar qoshida alloma bo‘lg‘ay.


Ikkinchi nomasin aytur

Nigoro, oldi ko‘nglum yuzung oli,
Qilodur qasdi jon ham ko‘zung oli.

Otib g‘amza o‘qin payvasta qoshing,
Yuragim qon qilur payvasta qoshing.

Jamoling sham’inikim, yondurursen,
Qamuq olamni o‘tqa yondurursen.

Engingda menglaring mushki Xitodur,
Qaro zulfung sari bormoq xatodur.

Quyoshdur orazing yo Mushtaridur,
Ki jon birla jahoni mushtaridur.

Visoling zavqin istab, ey dilorom,
Tan ichra topmadi miskin dil orom.

Ko‘ngul qushini ishqing qildi shunqor,
Bu g‘amdin muddailar bo‘ldi shunqor.

Karashma qilmoq ichra qil yorarsen,
Nekim jonimg‘a qilsang, qil, yararsen.

Aningkim, ol yuzinda xoli bo‘lg‘ay,
Qachon fitna qilurdin xoli bo‘lg‘ay.

Ayitsalar sanga g‘amzangdin o‘q ot,
Ani o‘zgaga otma, bizga-o‘q ot.

Turubturmen o‘qungnung qarshusina,
Otar bo‘lsang, tutarmen qarshu siyna.

Chu tortarmen hamisha hajr borin,
Sanga aytay kungulda harne borin.

Bilursenkim, qulungdurmen kamina,
Karam qil, boqmag‘il qulnung kamina.

To‘kar hardam firoqing diyda qoni,
Meningdek bir dag‘i g‘amdida qoni?

Ko‘ngulda garchi hajring dog‘i bordur,
Valekin vasl umidi dag‘i bordur.

Nechakim g‘amdamen, ey qaddi shamshod,
Bo‘lurmen har qachon ko‘rsam seni shod.

Tarahhum bu gadog‘a qilg‘in oxir,
Yo‘q ersa, o‘lgusi qayg‘udin oxir.

Ulodur Saydi Ahmad, qil yarog‘in
Aning bori bir ishiga yarog‘in.

Eshitgil bu g‘azalni chun Iroqiy,
Ajam sozin tuzub, aytay Iroqi.

G‘azal

Vafo borinda ey sho‘xi sumanbar,
Jafo ko‘p qilma oxir ey sanavbar.

Latofat birla nozikluk ichinda,
Belingdur sochu soching mushku anbar.

Agar oh ursam, ohim shu’lasindin
Ezilgay Qof, erigay ko‘hi Xaybar.

Ko‘ngulnung lavhida ishqing sifotin
Bitibturlar azaldin o‘qub azbar.

Unutmaydur bayon Saydi suyunur,
Necha javru jafo ko‘p qilsa dilbar.


So‘znung xulosasi

Kel ey soqi, keturgil bodau jom,
Icholi may ba yodi Ahmadi Jom.

Mayekim, ruh andin mast bo‘lg‘ay,
Muhabbat ko‘yida sarmast bo‘lg‘ay.

Xumorimizni ul maydin yozali,
Mudom ichmaganin ne deb yozali.

Bilursenkim, jahonning yo‘q baqosi,
Baqosi yo‘q jahong‘a ne baqosi.

Tahammul yaxshi ishtur pesha qilmoq,
Taxayyul birla ham andesha qilmoq.


Oltinchi nomasin aytur

Ayo husnu malohat ichra foxir,
Ne bo‘ldikim, unuttung bizni oxir.

Sochingdur laylatul-qadru yuzung oy,
Bo‘yung to‘biyu husnung jannatoroy.

Sening ishqing balo bo‘lg‘aymu, ey do‘st?
Balo desam, ravo bo‘lg‘aymu, ey do‘st?

Yovuz ko‘zlar yuzungdin dur bo‘lsun,
Jamolingdin jahon ma’mur bo‘lsun.

Tishingning vasfini har xom bilmas,
Guharning qadrini chun om bilmas.

Kular gul ko‘rsa chehrang shodliqtin,
Suyunur sarv ham ozodliqdin,

Qiyomingdin qiyomat qo‘pqusidur,
O‘tursang, fitna ham o‘lturg‘usidur.

Yaroshur noz ila sizga o‘turmoq,
Ko‘ngullar xirmanig‘a ham o‘t urmoq.

Yuzungdur nargisu guldur yangoqing,
Magar obi muallaqdur saqoqing.

Ilikingdur yadi bayzo nishoni,
Ki bordur haq taolodin nishone.

Munavvardur yuzungdin barcha ofoq,
Muattardur soching isidin uchmoq.

Jafo oz qilsangiz ne bo‘lg‘ay, ey jon?
Bilursizkim, vafosizdur bu davron.

Ochunda qulsizik sulton xush ermas,
Nechukkim, dardi bedarmon xush ermas.

Sulaymonsen, shaho, men bir qorincha,
Duogo‘ymen sanga to jon borincha,

Firoqing zulmidan dod istaram, dod,
Raqibing dastidin faryod-faryod.

Eshitkil aytayin ko‘nglum niyozin,
Qo‘buz qo‘bsab, tuzub ushshoq sozin.

G‘azal

Inoyat chog‘idur, ey yor, ey yor,
Ki ko‘p qildi jafo ag‘yor-ag‘yor.

Yozuqsiz to‘kmagil qonimni oxir,
Bilursenkim, emas xunxor-xunxor.

Bo‘lur o‘z xijlatidin hayrat olib,
Ko‘rub husnungni dar gulzor, gul zor.

Bo‘lur mushkin nafasning hasratindin
Qachon bo‘lg‘usi har attor-attor?

Ayo Saydi, sanamlar mashrabindin,
Tama’ tutma vafo zinhor-zinhor.


So‘znung xulosasi

Kel, ey soqi, ketur jomi pur az may,
Ki g‘amlarni ko‘ngullardin qilur tay.

Icholi ul buti ayyor birla,
Qaroqlari qaroqchi yor birla,

Ki kechti bevafo bu umr yeltek,
Borishali aning birla bu eltek.

Tahamlul yaxshi ishdur pesha qilmoq,
Taxayyul birla ham andesha qilmoq.


Yettinchi nomasin aytur

Ayo jodu qaroqliq ishva pardoz,
Qilur zulfung sari jon qushi parvoz.

Jamolingdin munavvardur charog‘im,
Yuzung alida o‘lmaktur yarog‘im.

Quyosh husnung ko‘rub, ey mohi tobon,
Xijolat toptiyu bo‘ldi yaraqon.

Qachonkim la’lingiz bo‘lsa shakarxand,
Nabot erning qoshinda suv bo‘lur qand.

Dudog‘ing chun erur shirintar az jon,
Kishi degaymu oni obi hayvon.

Shaho, payvasta qoshing qiblagohi —
Erur jonu ko‘ngulning sajdagohi.

Qoshing chun yoyu kirpuklaring o‘qtur,
Karashmang xud base elni tuzubtur.

Firoqingdin ko‘ngul devona bo‘ldi,
Ochunda ushbu so‘z afsona bo‘ldi.

Tilarmen tunu kun subhi visoling,
Ko‘zumdin lahzae ketmas xayoling.

Ko‘nguldin dardu mehnat bori ketmas.
Etokingga ilikim chunki yetmas.

Manga sensiz kerakmas tanda jonim,
Chu sensen munisu jonu jahonim.

Malaksen yo pari yo hur yo nur,
Ki olam barcha sendin bo‘ldi ma’mur.

Kamina chokaring qulluqchisidur,
Azizu qaysaru xoqonu fag‘fur.

Ko‘ngul mehringni saqlar jon ichinda,
Seningdek jon qani davron ichinda?

Qamuq olam sening birla xush, ey jon,
Ki sensizdur tiriklik noxush, ey jon.

Salotinlar qachonkim bo‘lsa paydo,
Muboh o‘lur gadolarg‘a tamosho.

Ijozat bo‘lsa, ey sultoni xo‘bon,
O‘quyin bu g‘azalni, dar sifohon:

G‘azal

Begim, so‘zkim soching vasfinda bordi,
Rivoyat qilg‘uchilar qilni yordi.

Engingni ko‘rdi yoqut, az xijolat,
Gahe sarg‘ordiyu gohe qizordi.

Qilur erdi o‘zini mushk ta’rif,
Mengingni ko‘rdiyu yuzi qarordi.

Eshitti chun aqiq erning sifotin,
O‘zindin yaxshilik otin ketordi.

Qabul qilsang ne bo‘lg‘ay ko‘nglum, ey jon,
Bu miskin kelmaku bormoqdin ordi.

Aning birla meni ko‘rgaymusen teng?
So‘ngakim ushbu xasratdin qovordi.

Ko‘runma ko‘zga, deding — o‘ltururmen.
Qoshingdin ketmadi Saydi, qoshordi.


So‘zning xulosasi

Kel, ey soqi, keturgil may...
Ki qolmas dunyida hech kishi boqi.

Bilursenkim kechar ayyom oxir,
O‘zingni qilmag‘il badnom oxir.

Tahammul yaxshi ishdur pesha qilmoq,
Taxayyul birla ham andesha qilmoq.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.