OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Yunusov (1938)

Anvar Yunusov 1938-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tugatgan.
She’rlari 1960-yildan mahalliy va respublika matbuotida muntazam bosilib keladi.
Anvar Yunusov «Mening qora ko‘zligim», «Oq lola» she’riy to‘plamlar muallifi.


HAQIQAT

Oh, nechun so‘zladim dardimni karga,
Ko‘ksimga sanchilgan armondur, tig‘mas.
Yuzlab firibgarlar siqqan shaharga,
Tokay, yolg‘izgina haqiqat sig‘mas.

G‘anim ko‘l ko‘tarsa cho‘kib ketmas tog‘.
Zero yulduzlarni etib bo‘lmas g‘arq.
Ba’zilar tilida saqichsan ey, voh,
O, mening bag‘rimda jonim bo‘lgan haq!

Nur so‘ndi qalbimning bir bo‘lagida,
Yolg‘onlar zarbidan shikasta asab.
Baland binolarning tor yo‘lagida,
Imonlar sotildi, sotildi mansab.

Shart emas quyoshni aylamoq ta’rif,
Qayda charaqlasa soyalar kuldur,
Biroq, qaragandim boshim ko‘tarib,
Kimlar boshlig‘iga, kim zarga g‘uldur.

Berkilib qolmagin, umidim yo‘li,
Hayqirib ertakdan chiqib kel, botir,
Bo‘ynida qurigan daryolar qo‘li,
Onajonim Orol jon berayotir!

O, nechun so‘zladim dardimni karga...


KUNLAR SOVIB QOLDI...

Bosib keldi qadim shaharga -
bag‘ri xazon — ko‘zakning dardi.
Xiyobonlar ko‘mildi zarga,
yuragimda fasl o‘zgardi.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Shamollarning kaftida kecha,
beshikdayin tebrandi Qo‘qon.
Eshigimni qoqdi bir qizcha.
atrguldek nozik hayajon.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Tuman tushdi, oqshom-simob rang,
Yo‘llarimga quladi og‘ir.
Men quyoshga intizor bir tong,
tomchiladi oynamga yomg‘ir.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Kengliklarga qor yog‘ar bu payt,
qilich tutib kezib yurar qish.
Borib uyg‘oq daraxtlarga ayt,
uxlasinlar ko‘rib yashil tush.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim.

Yaxlab yotar bu kech dala, qir,
bahorgacha tilayman bardosh.
Sevmog‘ingga meni ishontir,
muzlamasin ko‘ksimda Quyosh.
Kunlar sovib qoldi, dilbarim!..


ABDULLA QAHHOR XAYOLI


Atirgullarimni uyg‘ot, ey shamol,
Muattar havoga to‘lsin bog‘larim.
Ona tilim — bog‘im, bilmasdan zavol
Ming yil yashashingga umid bog‘ladim.

Yozmoq — qonimdagi uyg‘oq g‘alayon,
Ajdodlar ruhidan topmoqlik xabar.
Osmon chiqib borar minbarga yolg‘on,
Haqiqat tillari tug‘ilgan Babar.

Ne uchun qabohat tantana qurar,
Yashirib yotursan, dunyo, ne sirni?
Hamon davralarda she’r o‘qib yurar
Kecha o‘ldirganlar Usmon Nosirni.

Nuru saodat ber, qudrat ber, hayot,
Shuur ber, farqlashga qoradan oqni.
Xalq suyansa tog‘man deguvchi har zot,
Tog‘ bo‘lib bosmasin muqaddas xalqni.

Dehqonni kuydirsa saraton, sahro,
Balki bir piyola suv tutmadim men.
Gavhar donasidek tuproqlar aro,
Uvol yotgan xalqni unutmadim men.

Mungli toleimsan, dardimsan Vatan,
Zero, o‘tmishingdan qilmasman nomus.
Janggohlar o‘tida yonib, kuymagan
Ochunda bir xalqsan misoli qaqnus!


USMON NOSIR SO‘ZI

Ostonamga qo‘ymading qadam,
Ming yil bo‘ldi seni kutaman.
Baxtga yolg‘iz yetmaydi odam,
Men ertaga yonib ketaman.

To‘kilmoqda xazon — kuz ohi,
Ruhim qaqshab kechib o‘taman,
Yig‘lamoqda daraxtlar shoxi,
Men ertaga yonib ketaman.

Otash izlab, izlab muhabbat,
Chaqmoqlarga ko‘ksim tutaman.
Nigohingni samoga qarat,
Men ertaga yonib o‘taman,

Egalladim she’rim — duldulni,
Yulduzlarga noming eltaman,
Mahkam quchib yuragim — gulni,
Men ertaga yonib ketaman.

Men yonaman, kuyadi g‘anim,
Ona quyosh, senga yetaman,
Toleimda qolar Vatanim,
Men ertaga yonib ketaman!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.