OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil (1941)

http://www.ziyouz.com/images/Asad_Asil.jpg

Asad Asil 1941 yilning 14 iyulida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi Xondayliq qishlog‘ida tavallud topgan. 1966 yil Toshkent Davlat pedagogika institutining pedagogika fakultetini, 1972 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 

Bo‘stonliq, Qibray tumani gazetalari tahririyatlarida, keyinchalik “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallari tahririyatlarida faoliyat olib borgan. O‘zbekiston yozuvchilari va jurnalistlari uyushmalari a’zosi. 

“Lochin” (1982), “Mehr” (1984), “Quvonch” (1987) hikoyalar to‘plamlari, “Tog‘liklar” qissa va hikoyalar to‘plami (1992), “Chirog‘im, men – Sidqiyman, Xandaqliqiyman!..” tarixiy, badiiy, publitsistik romani (2008), “Alqor, nega ko‘zing to‘la yosh” voqeiy hikoyalar, esse va publitsistikalar (2011) to‘plamlari muallifi. 

Yozuvchi o‘z ijodining o‘ttiz yildan ziyod vaqtini tarixda o‘chmas iz qoldirgan fidoyi ma’rifatparvar adib bo‘lmish Sidqiy Xandaqliqiyning  hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan. Sidqiy Xandaqliqiyning tanlangan asarlari to‘plovchilaridan biri.


CHIROG‘IM!..

Men yashadim tog‘larga boqib,
Suluvlarning bag‘rini yoqib,
Yor ko‘ksiga lolalar taqib:
Davrim o‘tib keksaygan chog‘im
Bir bor eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Amir Temur avlodi edim,
Bellashgani chiqdi, qani, kim?!
O‘z yelkamga oldim o‘z yukim:
Belim tolib enkaygan chog‘im
Darhol eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Muhtoj ko‘rsam chetlab o‘tmadim,
G‘ariblarni tashlab ketmadim,
Do‘stga qarshi noma bitmadim:
Nochorlanib qolsa yarog‘im
Alhol eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Yuksaklikka nomim boyladim,
Yurgan yo‘lim gulzor ayladim,
Hatto bizga tan berdi g‘anim:
Bora-bora sarg‘aysa bog‘im
Takror eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Vatan deya hayqirib yurdim,
Xalqim uchun tolmay yugurdim,
Ezgulikka yuzimni burdim:
Vatangado o‘ysa qarog‘im
Shu on eslab qo‘ygin, chirog‘im!

Qaro kunlar tushishi tayin,
Hech kim o‘lmas o‘zi atayin,
Quvvat qochar keksaygan sayin:
Men bu olamdan o‘tar chog‘im
Zor-zor eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Nokaslarga kuning qolsa gar,
Ish yurishmay beling tolsa gar,
Ot jilovin nomard olsa gar:
“Qaydasiz, ey, cho‘ng qoratog‘im?!”
Debon eslab qo‘ygin, chirog‘im.

Shunday damda men shay turarman,
Gumburlatib otlar surarman,
Yo Egamdan so‘rab berarman:
Na bo‘lsa ham charchagan chog‘ing
Darhol eslab qo‘ygin, chirog‘im!..

2002 yil, may


QAYTIB KELDIM, OTAJON!..

“Beldan quvvat ketdi, ko‘zlarimdan nur,
Hech bo‘lmasa tez-tez xabar olib tur,
Agar chorasiini topsang, toychog‘im,
Paysalga solmasdan yonimga yugur!..”

Derdingiz, otajon, paysalga soldim,
Nodonligim qursin, g‘aflatga botdim,
Bilib turib o‘zim bilmasga oldim,
Ohir-oqibatda ayrilib qoldim!..

- Dod, otajon! Meni kechiring, - dedim.
- Dod, otajon! O‘zim boshingiz yedim!!
Qani, ayting, kimga men firib berdim?!
Hatto farzandlarim lol-hayron edi...

Yana tirikchilik, yana ro‘zg‘or,
Injiq boshliqlardan bezorman-bezor!..
Otam daldasiga bo‘ldim zoru zor:
Dedi: “Najot so‘rab O‘ziga yolbor.

O‘zi yo‘l boshlovchi, ham Rahim, Rahbar,
Butun borlig‘ingni to‘plab sarosar,
Astoydil yig‘lasang, yalinsang agar
Niyat hech to‘xtovsiz, albat ushalar...

Men ham so‘rab turay: yuraklarni yoq!
Kechikmaysan, bolam, ro‘parangga boq,
Ko‘p yashaysan, ammo mudom bo‘l ogoh:
Uyimizga qaytib, chirog‘imni yoq!..”

Maishatdan kechdim, “dom”laridan ham,
“Savob ishlar qilay!”, bu menga qasam,
Qishloqdoshlar bilan bo‘lib damodam:
Otam hovlisida chirog‘in yoqsam!..

Huddi shunday bo‘ldi: qarshimda tuz-non!
Baland tog‘lar oshdik omonu omon!
Endi Xondayliqda otar go‘zal tong,
Ruhingiz shod aylab keldim, Otajon!..

1992


* * *

Eski-tuskilarga qoldi kunimiz,
O‘y o‘ylab, xo‘rsinib o‘tar tunimiz,
Buyoqda bo‘y yetib borar o‘g‘il-qiz – 
Senga, munisginam, bardosh tilayman.

Ko‘plarning boshida bor ekan bu ish – 
Hayot deganlari bo‘lmas betashvish,
Domiga tortmasin quv “tanish-bilish”,
Iymon-e’tiqodli darddosh tilayman.

Yo‘liqqanga siring aytmog‘ing qiyin,
Mushkullar ozaymas kun o‘tgan sayin,
Ba’zilar chalg‘itar yo‘ldan atayin,
Shunday kunda yaxshi sirdosh tilayman.

Dunyo deganlari sinovlar ekan,
Qachon to‘liq bo‘ldi – mudom biri kam,
Toliqtirar ekan cheksiz g‘am-alam,
Yolg‘izlikda halol bir bosh tilayman...

To‘qsoninchi yillar


MARDLIK UCHUN KELGANMIZ

Umr bir joyga borib, ta’qiblarga qoldik biz,
G‘iybatlaru hasadlar, tuhmatlardan toldik biz,
Muttaham kimsalardan oxir qasos oldik biz,
Har qanday baloxo‘rning ta’zirini bergaymiz!

Andishaning otini qo‘rqoq deguvchilar bor,
Sabr aylasang tegarlar jig‘ingga takror-takror,
Hatto bosib-yanchardan qaytmaydi qilmayin or,
Bunaqa qiliqlarni sira-sira sevmaymiz...

Ozgina diyonatu insofingiz bo‘lsa gar,
Biz sizni olqishlaymiz umr o‘tgunga qadar,
Qars ikki qo‘ldan chiqar, do‘st kuniga do‘st yarar,
Bellashmoqchi bo‘lsangiz,kurash tushib to‘ymaymiz.

Yoshi bir joyga borib, charchabdi, deb o‘ylamang,
“Ola qarash”lar bilan har tomonga bo‘ylamang,
Peshona shiftga tekkach, bo‘lib qolmang hangu mang,
Do‘stginam, bu dunyoga mardlik uchun kelganmiz!


* * *

Qora tog‘lar tepasida oq bulutlar quvishar,
Buni ko‘rib bir sababdan yurakkinam uvishar:
Bulutlardek uchib-qo‘nib neni quvdim bilmadim,
Ko‘zim ochsam birdan cho‘chib, yerda yotibdi tanim.

Uchmoq tugul yugurmoqqa qolmabdi menda mador,
Osmon olis, yer toshmisol, dunyo bo‘pti tangu tor!
- Hoy, o‘ranib yotgan odam, qani tez o‘rningdan tur!
Uvadaday ketayotgan umring ortidan yugur!

Bor bisoting sarflab yubor, joning qiyna chekib oh!
Bir ish qilki, oqibatda seni qo‘llasin Olloh!

1998 yil, may
 

VATAN

Yuribman otimni boqib, tentirab,
Kichik vodiydagi kichik bir odam,
Bir darddosh topolmay atrofga qarab – 
Kecha quvnoq edim, bugun chekib g‘am...

Shunday o‘tib borar kun ortidan kun,
Har kim o‘zi bilan o‘zi ovvora,
Yurakkinam kuyar, o‘rlaydi tutun:
“Ollohim, topib ber, tuzuk bir chora”...

Tog‘larni qo‘msadim, ahir yetishdim,
Bog‘ yaratmoq bo‘ldim, bunga erishdim,
Qishlog‘im gullasin deb kuyib-pishdim...
Shu xil kechaverdi har yozu qishim...

Birpas gurung uchun bir do‘st topilmas,
O‘z joniga go‘yo qilgandayin qasd:
Hammalar ter to‘kar go‘yoki sarmast,
Tun bo‘yi yotarlar yoppasiga mast!

“Araq joning olsin!” deyman tutaqib,
Hech tayanch topmayman atrofga boqib,
Gavjumdagi do‘stlar xayolan oqib – 
Turib ketmoqchiman etagim qoqib...

“Bo‘lmadi, qaytaman yana shaharga”,
Jo‘nab ketmoqchiman erta saharlab,
Duo uchun endi qiblaga qarab:
“Kechir, Tangrim”, deyman zo‘rg‘a ochib lab.

Yo, Egam! Bu ne hol? Osmon o‘kirdi!
Birdan jala quydi qoq yoz mahali!
Men dovdirab qoldim, aqlim ham kirdi:
“Xayriyatki, ko‘chib bo‘lmovdim hali...”

Qator his-tuyg‘ular ko‘nglimdan oqar,
Meni ta’qib aylar ichki bir ovoz:
“Qochib qolish” oson, shoshma, birodar,
Bor gapni aytaylik, qalb to‘riga yoz:

Shirin gurung uchun so‘lim joy kerak,
Uni bunyod aylash emas-ku ermak!
Chinakkam yonolsin sendagi yurak – 
Bor kuchni ishga sol, kerakmas ertak!

Bag‘irlarga o‘t yoq, oldda bor o‘zing,
Chaqmoqday yondirsin yomonni ko‘zing!
Chidasang, berolsang o‘zingga to‘zim,
Mardu nomardlarga o‘tadi so‘zing!

Shugina bir ishni eplay olmasang,
Kattayu kichikni yo‘lga solmasang,
Qay yerlarga qadar qochib borasan?
“Qochdi!” degan so‘zda bormi hech ohang?!

Qiyindan qochganni tayyorxo‘r derlar,
Toshu tarozili jamiki yerlar,
Har tarafda bordir to‘ymas “ber-ber”lar,
Kindik qoni tomgan yerni der, erlar.

Axir seni chorlab o‘tdi-ku, otang!
“Tuqqon-turg‘on joyga fido” deya tan.
Senga yarashmaydi bo‘lmoqlik satang!
Oyoq ostidagi ushbudir Vatan!..

Vatanga jon fido, boshingga ko‘tar,
Qolgan bu umr ham birpasda o‘tar,
Vatanni obod et, shu senga yetar,
Nafsiga gadolar Vatanin sotar.

Ayo, Asad Asil, yomonlikni tiy,
Qalbingga quloq tut, Vatanda bo‘l biy,
Parvardigor odil, Yaratgan sahiy – 
Hammaga ham Olloh yubormas Vahiy...


* * *

Bu olamga nechun kelding
Debon so‘rsang bu zoringdan,
Bo‘yi vasling yetib erdi – 
Umidvorman visolingdan.

Qoshimda turg‘oning vaqti
Qadring bilib tutolmabman,
Uchib ketdi mening baxtim – 
Quvib aslo yetolmasman.

Na tog‘ qoldi, na tosh qoldi,
Yugurdim, izladim, yeldim,
Tamom jonu tanim toldi – 
Halokat komiga keldim.

Sira-sira majolim yo‘q,
Endi izlab borolmasman,
Na o‘lgayman, na ko‘nglim to‘q – 
Xotirjam ham turolmasman.

Yetib senga ohu zorim,
Ajib bir muddat o‘lmasmu,
Kirib kelsang, asal yorim – 
Asadning bag‘ri to‘lmasmu!..

2002 yil, iyul


OTAMGA

Ko‘zim yumib kunlar sanayman,
Derazamdan toqqa qarayman,
Barmoq bilan sochim tarayman,
Koringizga qandoq yarayman?!

Meni unib-o‘stirgan otam,
Neni unib-o‘stirgan otam,
Hijolatdan titraydi bu tan,
Ayting, bugun qandoq yayrayman?!

Sakson to‘qqiz yil chillasida,
Ayni qaynoq yoz pallasida,
To‘da odamlar sallasiday
Tobutning ortidan qarayman...

Yillar o‘tdi, men ham qaridim,
Oq-qorani endi tanidim,
Qaro yerga bormas, ayting, kim?!
Yodingiz jonimda asrayman...

2002 yil, iyul

 
VAFOLI QOLDIM...

Yor o‘tdiyu ketdi, bizga shamoli qoldi,
Ko‘z oldimdan sira o‘chmay jamoli qoldi,
Yana duchor kelganida qaray olmasman:
Netay, u o‘zganing jufti-haloli qoldi.

Yo‘liqmasa unutgandek tusda yurarman,
Cho‘g‘ yuzini kul bosgudek bir hol ko‘rarman,
Oh, yo‘liqsa, “do‘zah”dagi cho‘g‘da kuyarman,
Qayta kelmas endi yoshlik maloli qoldi.

Do‘stlar deydi: xushing to‘pla, o‘zingga bir boq:
“Bozor qaytish” bo‘pti, qara: soch-soqoling oq!
Toleingga shukr ayla: o‘tmading-ku toq!
Shunda yurak shivirlaydi: “vafoli qoldim”.

Yor o‘tdiyu ketdi, menda xayoli qoldi,
Ko‘z o‘ngimda uning o‘chmas jamoli qoldi.


* * *

Sochlarim qaytadan qoraysa,
Yuzdagi chiziqlar toraysa:
Hayratdan: ne gap, deb so‘rayman,
Indamay jilmayib qaraysan.

Farzandlar kamolga yetdilar,
To‘y ko‘rdik, do‘stlarim bo‘ldi jam,
Qalblarda qolmadi hech alam:
Baxtimiz sahnida yayraysan.

Turmush tashvishlari ko‘paygan sayin,
Boshlarni egadi, bu – tayin,
Shunda sen ovutib atayin:
Avaylab sochlarim taraysan.

Qolmasa sira bir imkonim,
O‘zimga bo‘ysunmas hech tanim,
Ilinjim – bir tomchi suv manim:
Shunda Sen kunimga yaraysan...

2002 yil, iyul


O‘G‘LIMGA

Har kim yozar farzandiga xat:
Tilar sihat, yana katta baxt,
Gar ilojin topolsa, albat,
Yasab berar hatto toju taxt.

Mendan-ku bu imkonlar yiroq,
Ammo niyat barchasidan oq,
Bolajonim, bo‘taloq, toychoq,
Ishonmasang, izlarimga boq:

O‘tgan yo‘lim Gulshan ayladim,
Elim bir jon – bir tan ayladim,
Tuqqon yerim Vatan ayladim,
Ezgulikka ko‘nglim boyladim...

Men tug‘ilib-tanigan Vatan – 
Buyuklarning makoni ekan!
Fido bo‘lsin unga jonu tan:
Bul nidoni ajdodlar aytgan.

Amir Temur avlodimiz biz!
Buni bilsin har bir o‘g‘il-qiz,
Birovlarga biz cho‘kmaymiz tiz!
Hammamizdan baland bo‘ling Siz!

Ulug‘larning avlodi sen ham,
Ota-onang, ayt-chi, kimdan kam?!
Biron inson dermi bizdan “dod!”
Isming go‘zal: farzandim, Behzod!

Ko‘nglim to‘q: Sen mardon yashaysan,
Mard va dadil qadam tashlaysan,
Savob istab, yayrab-yashaysan,
Sendan o‘zar nabiram Najot!

Najotbek ham Olloh ne’mati,
Bo‘y ko‘rsatur kelgach navbati,
Asila-ku, Otamning oti:
Bir-biridan totlidur bu zot!

Men o‘lmayman; avlodim yashar!
G‘anim borki, zir-zir titrashar!
Bu avlodni unutmas bashar!
Asad Asil!.. noming yarashar!..

2006 yil, may


OROLNING SHO‘RI

Nihollar joyida qotibdi, do‘stim,
Uni quritibdi qattol bir g‘anim!
“G‘anim”ni qidirib Orol bo‘yidan
Yuqoriga yurdik bilmayin tinim.

Qadimgi bepoyon sahroi cho‘llar
O‘rnini bosibdi behisob ko‘llar.
Har xil qalang‘iyu qasang‘ilarni
Ko‘llarga eltarkan g‘alati yo‘llar.

Ana qimorbozlik, o‘g‘rilik, g‘orat
Bilan g‘ujg‘on ekan har qiru o‘rlar,
G‘oratda o‘zaro ko‘rsatur “ibrat”
Orolning rizqiga tashlangan to‘rlar!

Oh, bu ko‘rguliklar to boshga qadar
Hech uzluksiz davom etaveradi,
Borliqni bulg‘agan minglab oqpadar
Bemalol yo‘liga ketaveradi...

Qanday qilib endi nihol ko‘karsin,
Hammayoqni tutgach ajalning to‘ri?!
Orol uchun tinmay ko‘zyosh to‘karsan,
Orolning sho‘ri, bu odamlar sho‘ri...

1991 yil oktyabr


MEN SENI “UNUTDIM!”

Men sening nomingni “unutdim”
Bir umr yo‘lingga ko‘z tutdim,
Chorasiz tutoqdim, qon yutdim
Va sening borliging “unutdim”.

Men sening nomingni “unutdim!”
Na iloj, “ming” yillar ko‘rmadim,
Oh, umid uzolmay ko‘p kutdim
Va, lekin, qidirib yurmadim.

Maysalar ketma-ket o‘sdilar,
Biz tergan lolalar bor hanuz,
Izimiz ko‘p izlar bosdilar,
Ammo sen tomondan uzmam ko‘z.

Bilaman, bu galgi umrimiz
Tarxida bor ekan ayroliq,
Qayta bor dunyoga kelsak biz
Uchrasak, yo‘q bo‘lsa aroliq.

Bu gapni men aytdim: istadim!
Sening-ku, izmingni bilmadim,
Borlig‘im-yo‘qligim qistadim,
O‘zing-chi, yuribsan nega jim?!


USTOZ VA SHOGIRD

Eshik chertildi-da, sekin surilib,
Asta mo‘raladi nuroniy inson.
Xokim ko‘z tashladi vazmin burilib
Ko‘rdi-da, xizmatga shay turdi shu on.

-Kamolxon, salomat bormisiz, ukam?!-
Muallim ichkari odim tashladi.
Shogirdi ko‘rishdi qo‘l siqib mahkam,
Domlasin avaylab to‘rga boshladi.

-Keling, taqsir, bo‘lsin ishlar ilgari,
Katta uy-joy tiklab yotgan emishsiz...
Izlab yuribsizmi to‘sin, g‘isht, xari?
Qiynab qo‘yibdi-da, sizni o‘g‘il-qiz?!

Ammo, zamon hozir, bilasiz, notinch...
Mayli hafa bo‘lmang, chora topilur.
Pishiq g‘isht bo‘lmasa, yaxshi yo‘li: sinch,
Qishga qolib ketmas, tom ham yopilur...

Muallim shogirdga tikildi hayron,
Yuz yosh qarigandek bo‘ldi, chamasi.
Oyoq-qo‘l bo‘shashdi, quridi darmon,
Ne deyishin bilmas, “Bu gap nimasi?!

Sevimli shogirdim mehrini qo‘msab
Kelsam-u, ta’ma deb tushundi... nodon!”
Shishintirar ba’zi kimsani mansab,
Ustoz xomush qaytdi, bo‘lmadi shodon.

Yosh boshliq o‘ylardi: “Dovdir bechora,
Ko‘rinib turibdi: niyati katta,
Obro‘-salobatim bosib, nachora
Bizga aytar gapin unutdi, hatto!..”


QIRQ BIRINCHI YILLAR QISMATI

(Dramatik doston)

Salkam yetmish... o‘tar dunyo o‘tarini o‘yladim,
Umr yo‘lim qanday kechsa, shundayicha kuyladim:
“Sho‘rpeshona ekanman-da, yo oldinroq, yo keyin
Tug‘ilsam-ku, tinch-xotirjam yashashim edi tayin”,
Kabi o‘ylar charh uribon yanchib tashlagan sayin,
Boshim urib talpinaman tog‘-toshlarga atayin!..
Bu bosh sira yorilmadi, hatto toshlar yorildi –
Ko‘z yoshimdan bo‘ztuproqlar erib-erib qorildi...

* * *

Tug‘ildim men!.. Xonadonda katta quvonch-tantana:
“Toleimiz baland ekan! – deyishdi, - o‘g‘il yana!”
Ism tanlab: - Sher, - dedilar, ortga hech qaytmasin deb,
Og‘ir kunda “olg‘ir”larga sirini aytmasin deb...
Bir oygina sahiy quyosh nurlaridan totdim men,
Qo‘l-oyog‘im istagancha qimirlatib yotdim men!
Keyin... endi gapirishga tanglayimda tilim yo‘q,
Menga tengdosh go‘daklarning toleiga tegdi o‘q!..
“Boshlab kelding urushni, - der, alamzada otamiz,
- Qaytamanmi-yo‘qmi endi, tug‘ilmay o‘l, betamiz!”
Onam aytar, “Urush o‘lsin, bu go‘dakda ne ayb?
Omon qayting baxtimizga, hatto bo‘lmasdan mayib”.
- Ovozingni o‘chir, darrov yo‘lga tayyorla ul-bul,
Mayib bo‘lib qaytsam mayli, qolganingdan ko‘ra tul...
(- Xuddi shunda farishtalar “ovmin” aytgan ekanlar,
Umr bo‘yi afsuslanib, dadam shunday deganlar.)
...O‘rislarning nimasi ko‘p: maydoni-o‘rmoni ko‘p,
Ishlagani qurol-yarog‘, qidirgani nuqul to‘p...
Dadam ketdi “xashar” bo‘lib, yovga qarshi to‘p otib,
Uch go‘dak va onam qoldi tog‘-tog‘ g‘amlarga botib.
Qani ayting, osonmidi bizga o‘sha mahallar?
Onam sho‘rlik yig‘lab-siqtab rizq-ro‘z izlar saharlab.
To‘ng‘ichimiz – Bog‘opamiz go‘zallikda oy edi,
Undan keyin o‘g‘il bola: tantiq, erkatoy edi.
Biz-chi, badbaxt qirq birinchi yil bag‘rida yaralgan,
Kunda ming bor o‘lib-so‘lib, kunda ming bor tirilgan.
G‘afur G‘ulom yonib aytgan o‘sha yetim biz edik!
Bir burda non topsa onam, mayli, urushga dedik.
Ona suti qayda deysiz, tish kirini so‘rganmiz,
Tinch-xotirjam yotmaganmiz, biz ham urush ko‘rganmiz...
Qirq uchinchi yoz pallada mayib qaytdi dadamiz,
Toshlar otib qarshilabman ikki yoshli “betamiz”.
“Bu dadang-ku, bolajonim, bo‘ynidan quch”, der onam,
Ne uchundir ters qarabman, yayramas emish tanim...
“Bexosiyat tug‘ilgansan, mayib etding sen o‘zing! –
Mast qaytganda dadam so‘kar: - o‘yib tashlayman ko‘zing!..
Dushman tanki majaqlagan oyog‘ini ko‘tarib,
Tepmoq bo‘lar hatto meni, bor narsani to‘ntarib...
Ora kirgan onajonim boshida kaltak sinar,
Urib-urib obdan ko‘ngli to‘lganda dadam tinar.
Oh, onajon, ming bir azob ustiga bu ham bormi?
Hamma uchun keng bu dunyo yolg‘iz siz uchun tormi?!
Men – o‘rtancha onam bilan yurar edim o‘rtanib,
Kuch yetgancha ko‘maklashib, ukalarim ko‘tarib...
“O‘lmay yetsam, - derdi onam, - meni Shertoyim boqar,
Manov qizni kelin qilsam, ul ham jonini qoqar!..
Onajonim mo‘ljalida qorato‘ri bir suluv,
Kecha-kunduz borlig‘imda qo‘zg‘ab turardi g‘uluv...
Oraliqni boylab turgan o‘shal go‘zal qiz edi,
Onajonlar orasida doim sizu biz edi.
Men bor joyda doim paydo bo‘lar edi ko‘hlik qiz,
Go‘daklikda yo qaymahal tanishganmiz bilmaymiz.
“Ikkalovi bo‘y yetsalar to‘y qilamiz sochilib”,
Der edilar onajonlar gul-gul yashnab ochilib.
Bu niyatga yetmadilar mehribonlar va biz ham,
Ne-ne ishlar bo‘lib ketdi... hamon qalbimda alam!
Ko‘rguliklar sababchisi emish qirq birinchi yil,
Bu dahshatni aytish uchun hatto aylanmaydi til!..
Qirq birinchi yilda ahir buyuk inson tug‘ilgan,
Eng balandga ma’naviyat deb atalmish tug‘ ilgan!
Besh yuz yilni aytmaganda Bobomizga tengdoshmiz!
Kerak emas hech yomonlik, Hazratga ko‘zu qoshmiz!
Fahrlanmay bo‘ladimi bu yil uchun azizlar?!
Qoldiraylik Navoiydek o‘chirib bo‘lmas izlar!..

* * *

Dodu faryod sig‘mas ekan odam ichu tashiga!
Kayf kasofat ne kunlarni solmas inson boshiga.
Dadamizni mayib etgan ekan dushman yarog‘i,
Insonlikdan yiroq etdi o‘rislarning arag‘i...
Yo, alhazar, ichib kelgan kunlarini eslasam!..
Tog‘-tog‘ kulfat boshimizda, tog‘-tog‘ alam, qayg‘u-g‘am.
Volidamiz parvonaday bizni bag‘riga bosar,
O‘tib bo‘lmas qalqon bo‘lib otam yo‘lini to‘sar!
Uni ul yon, buni bul yon otib o‘shqirar dadam:
“O‘ldiraman, qani meni mayib etgan shumqadam!..”
Onajonim ne ko‘ylarga tushib meni qutqarar,
Afsus, o‘zi qutulolmas, boshi baloga qolar!..
Tepkilarga, ur-surlarga qanday chidar yolg‘iz jon?!
Yo‘q, bo‘lmadi, qololmadi, onam qolmadi omon!!!
Men o‘n beshga to‘lar-to‘lmas, boshga tushdi bu kulfat:
Volidamiz tashlab ketdi, oh, bu qanchalar ofat!!!
Mening uchun bu dunyoning hech qizig‘i qolmadi,
Volidamga qo‘shib nega mening jonim olmadi?!
Har kun sahar onam izlab qabristonga boraman,
Bo‘ztuproqni loyga belab, dilginamni yoraman:
“Menga boqish kafolatin bergandingiz, onajon!
Bu ishonchlar qayga ketdi, qandoq chidaydi bu jon?!”
Pastu baland, do‘mboq “uy”lar menga hayron boqadir,
Qabristonning bag‘rin ezgan nola kimga yoqadir?!
Quyosh ketar “o‘zboshimcha” bu boladan arazlab,
Tog‘ ortidan asta chiqar oymoma menga qarab.
“Endi tinch qo‘y, onajoning qiynalib ketdi-ku, - der.
- Kimlarni bag‘riga olsa, qaytarmaydi qaro yer!”
Men yotaman kunu tunlar yosh to‘kib, mozor quchib,
Onajonim birla jannat bog‘ida uchib-uchib...
“Hoy, bolakay, uyingga qayt! – deb o‘tardi odamlar,
- O‘qish-ishga aylanishsang, unut bo‘lar bu damlar...”
“Voy, odamlar, chin so‘zimni endi sizga aytayin:
Onajonim qaytmas bo‘lsa, qandoq yolg‘iz qaytayin?!”
Aynan shu tun mendan bezdi oymoma ham burildi,
Eshitildi qulog‘imga: ana onam tirildi:
“Jonim, bolam, onam rozi bo‘lsin desang uyga qayt,
Dil rozingni to‘g‘ri borib, ul mo‘g‘liq dadangga ayt:
Degil: “Sizdan onajonim rozi ekan, qisinmang,
Parvardigor rozi bo‘lsin, do‘zahlarda “isinmang”!
Ota rozi – Tangri rozi ekanini unutma,
Urmay tugul o‘ldirsa ham, sen yoqasidan tutma!
Boraqolgin, padaringning yoniga darrov yugur,
Bolajonim, har zamonda onangni ham eslab tur...”
Hiraligim volidamni qiynab qo‘yibdi, turdim,
Duo o‘qib, xayrlashdim, so‘ng dadamga burildim:
- Onajonim Sizdan rozi ekan, yig‘lamay yuring,
Qanday yumush bo‘lsa endi, mana, menga buyuring!..
Dadam to‘lib yurgan ekan, toshdi, o‘krab yubordi,
“Menga o‘xshab zolim bo‘lma, - deya ko‘nglini yordi. –
Olloh qolib, araqlarga sig‘indik biz – erkaklar,
Unutildi barchamizni ruhlantirgan ertaklar.
O‘qi, bolam, hech bo‘lmasa kasb egalla, hunar ol,
Ezgulikda mendan o‘zgin, mard bo‘lib orqamda qol!..
- Onam nega chidab yurdi jon chiqquncha atayin,
Boshin olib ketmasmidi, zulmlar oshgan sayin? – 
Deb so‘rayman Bog‘opamdan yurakkinam bo‘lib qon,
“Yetimcha qiz qayga borsin, qayda saqlay olar jon?! – 
Der egachim ko‘zlaridan marjon-marjon yosh oqib, - 
Onam boyning qizi ekan, qolmish dadamga yoqib.
Shu kezlarda padarimiz bo‘lgan zamon shotiri,
“Quloq”larni tugatishda botirlarning botiri.
Sho‘rlik bobom Sibir ketar chog‘ida im qoqibdi,
Dadamizga g‘aribona nigoh bilan boqibdi.
O‘zgalarga sezdirmasdan kichik tugun uzatib,
Shivirlabdi: “Qoldi qizim, yordamlashing tuzatib...”
Buvimiz ham ado bo‘pti yo‘ldoshidan ayrilib,
O‘n besh yoshli qizcha qopti qanotlari qayrilib...
Bobom bergan tugunchada ancha tillo bor ekan,
Tillosi bor odamlar ham parcha nonga zor ekan.
“Uddaburon” ekan dadam, qizni saqlab qolibdi,
O‘n yosh kichik bo‘lsa hamki, nikohiga olibdi...
Onajonim shu damlarda ekan mudom minnatdor,
“Meni asrab oldi, - derdi, - birovlarga qilmay xor”
Bora-bora dadamizga “tuzoqchi”lar ergashib,
Tillolarni sarflatishar ekanlar “qashib-qashib”.
“Iydirish”ning oson yo‘li ekan o‘ris arag‘i,
Jigarginam, o‘zingga ham oydin bundan buyog‘i...”
Opajonim aytolmasdi boshidagi savdoni,
Aytmasa ham bilar edim oxiri yo‘q g‘avg‘oni!..

* * *

Dadam qaytdi yomonlikdan, illat libosin yechdi,
Yomonlaru razillardan – barchasidan voz kechdi.
Men o‘rtanchi o‘rtanganmiz, yolg‘oni yo‘q so‘zimiz,
Dadamizga so‘z berganmiz, o‘tga urdik o‘zimiz!
Tinim bilmay tog‘u toshdan yupanch-ilinj izladik,
Ba’zan og‘ir azoblardan bo‘tadayin bo‘zladik.
Do‘lanami, yoki olcha, yohud ravoch orqalab,
Bozorlardan ul-bul topib, yurdik ro‘zg‘orga yarab.
Shu alfozda necha yillar o‘tib ketdi dag‘darib,
Pul topganda boyvachchamiz, quruq qaytsak, biz g‘arib...
Jonga tegdi bunday yurish, o‘z-o‘zimga so‘zladim,
Nima qilib bo‘lsa hamki, o‘quv yo‘lin ko‘zladim:
“Qirq birinchi” taqdirida kunduz o‘quv yo‘q ekan,
Bir amallab sirtdan kirish... shunga ham shukr degan.
Maktablarni a’lo o‘qib bitirganim qildi kor,
Yo taqdiri azalmikin, peshanamda o‘quv bor!
Ishqilib, bir urinishda sirtdan ilinib oldik,
O‘qiyapmiz va ishlaymiz – ko‘zga ko‘rinib qoldik.
Dadamizning nafaqasi nimagayam yetardi,
Ukalarim o‘sishyapti, qancha topsak ketardi...
Bor-yo‘g‘i qirq ikki yoshda o‘tgan onamdan tuyoq – 
Uch o‘g‘ilu uch qiz yashab, yoqardik uyda chiroq.
Akam bilan opajonim qora ishda qoldilar,
O‘qiganlar yayrab yurar, ular “qish”da qoldilar.
Kecha-kunduz yuragimni bitta armon kemirar:
“Ukalarim shundoq qolsa, qaysi qo‘lga telmurar?”
Vo darig‘o, kenjalar ishli-o‘quvli bo‘ldilar,
Tashvishu g‘amlar ketib, dillar ziyoga to‘ldilar...

* * *

Beg‘ubor qalb ichra nish urgan buyuk his taqdiri,
Ne balolarga giriftor – aytayin men qay birin?
Dodu faryod aylamakdin hech murod bo‘lganmi hal?
Beg‘ubor ishq ahli maqsadga yetolgan qay mahal?!
Balki bir shu yo‘l turur, ishq ahli shu yo‘ldan o‘tar,
Sevgi otlig‘ ne’matin qadrini bizga o‘rgatar...
Onajonim boshin olib ketdi g‘avg‘odan qochib,
Qalb sirimni ichga yutdim, behisob yoshlar sochib.
Qayda yurmay, qayda turmay, ul go‘zalni o‘yladim,
Bedavo bu dard firoqin o‘ksib-o‘ksib kuyladim:
“Balki rahm aylab kelar qoshimga bir kun ul Hakim,
Yor murodga yetkarur zahmat-la kutsa kimda-kim...”
Telmurishdan qon jigar, oxir bo‘lib qoldim sorig‘,
Boyu boyonga uzatdi sevgilimni, vo darig‘!..
Onasi bag‘rida qolsa, oni derlar gul yetim,
Gar onadin ayrilur ersa bo‘lodir shum yetim...
Biz kabi kim – shum yetimlarga nazar solmas birov,
O‘zlarin olib qochurlar, biz erurmiz misli yov!..
Volidai mehribonin asray olmas ersa kim,
Bir umrga darbadarlik, ham ko‘tarur g‘am yukin...

Menga bu yorug‘ jahonu bor bisotlar xoru xas,
“O‘ch olurman bevafolardan beshafqat, bo‘ldi, bas!..”
Bosh olib ketdim gadoytopmas tomonlarga qarab,
Har bekatda bir sanam, ko‘zlar suzuk, sochni tarab.
Gah desang qo‘lga qo‘nar boyvuchchalar etak-etak,
Kecha-kunduz qil “ziyorat”, narhlari xuddi kepak!
El arosinda nomim chiqdi: “anov shilqim, uchar,
Burgaga achchiq qilib, bo‘pti balolarga duchor!..”
Xuddi shu alfozda tush ko‘rdim: yana qoldim garang,
Oq kiyimda onajonim, boshida doka farang! – 
“Bolajonim, tut o‘zingni, endi to‘g‘ri yo‘l budir:
Aylanishma kas-kasofatlarga, baxtingni qidir.
Qaysiki, bir avliyo joyda seni baxting kutar,
Tangri hukmi deb bilib, mahkam etagingdan tutar.
Qo‘zichog‘im, bitdi muddat to qiyomatga qadar,
Tangrining ko‘rsatmasi: onangni kutmoqda safar.
Ayta olmas gaplarimni otajoning aytadur,
O‘zboshimcha bo‘lma, jonim, ul kishi izmida yur...”
O‘ngu so‘lga telmurub, onam qidirdim sarbasar,
Betinim ko‘kka tikildim, izladim imkon qadar...
Topmadim mehrigiyoim, yeru ko‘k hayron edi,
Bu sinoat siridan voqif dadam shunday dedi:
- Bolalikda men edim yaxshilarning yaxshisi,
Sidqidildan o‘qimog‘u, ishlamoq erdi ishim.
Domlamiz mendan nihoyatda bo‘lubon shodmon,
Der edilar ota-onam, yoru do‘stga maqtabon:
“Gar namozu ro‘zasin tark etmasa bu mehribon,
Ikki dunyosi obod bo‘lg‘usi beshak, begumon...”
Ul Mudarris domlaning avliyoligi rost edi,
Biz kabi iymoni zaiflarning mashqi past edi.
Barchaga kelgan bu “to‘y” deb, nafsimizni tiymadik,
Izlab ichdik, bo‘zlab ichdik, ko‘zimiz hech qiymadik.
Pokdamon sen – bir go‘dakni xo‘rlaganim o‘ylasam,
Bor vujudim o‘rtanur ming marta ichsam-da qasam!..
Onajoning tushda ko‘rdim, menga aytgan gaplarin,
Senga ham ochgan chiqar kuygan yuraklar daftarin!
Men senga oq yo‘l tilayman, oq fotiham, bu chinim,
Baxting izlab to‘g‘riga uch, sher bilakli lochinim!..
Yelkasidan tog‘ tushib, ketdi dadam onam sari,
Bag‘riga oldi ularni qayta Olam Sarvari...
Lek munisu mehribonim ko‘z o‘ngimdan ketmadi,
Ming nolayu fig‘on chekmay, azizimga yetmadi...

(Onajonimdan qolgan yolg‘iz yodgorlik – o‘chib ketayotgan suratni topib qayta chizdirdik, kattalashtirib uyimiz to‘riga o‘rnatdik).

...Bu xonada endi bo‘lmas xunuk ish – 
Aysh-ishrat, g‘iybatga botish, so‘kinish,
Ko‘ngilga sig‘adi ich-ichdan tinish,
She’r ham bitish mumkin – qalbdan to‘kilish...

Tiyiqsiz xayollar bo‘lolmas sarkor,
Nom-nishonsiz ketsin beibo havas...
“Chakki qadam bosma zinhor-bazinhor”
Arang eshitilar shivirlagan sas.

Endi bu xonada yonib turar nur,
Fayzi ham o‘zgacha, farishtasi ham,
Goh mahzunlik, goho balqiydi surur,
Bir tomondan qalbni qiymalar alam!

Alamki, kunu-tun quloqlari ding...
Ko‘raverar ekan o‘lmagan odam,
Ana, ma’yus boqar, bolalarining
Orzu-havasiga yetmagan onam!..

Mahzun-munisgina turibsiz qarab,
Armonli ketganim, mening azizim...
Tevaragim bo‘ylab uchib-chirqirab
Yurgan ruhingizga qilayin ta’zim!..

* * *

Bir vafodor yorni istab izladim devonavor,
Tog‘u tosh oshdim, shaharlarda qidirdim zoru zor..
Kim qidirsa qaytmayin, albatta baxtini topar,
Hech mahal maqsadga yetmas, ora yo‘lda qolsa gar.
Tosh kemirdik, suv simirdik va yo‘liqdi qora ko‘z,
Bir-birovni izlaganmiz, biz turibmiz yuzma-yuz:

- Sen tug‘ilding daryolarning ul naryog‘ida –
Ko‘rkam chamanda,
Men tug‘ildim daryolarning bul beryog‘ida – 
Tog‘lar tomonda.
Vaqti yetib, qo‘msab bizni bir yor visoli,
Kezdik jahonni,
Munosibin topa olmay ovvora bo‘ldik,
Qiynadik jonni.
“Yo, yaratgan Egam, dedik, chorasiz qoldik,
O‘zing qo‘llagin,
Yaratding-ku, bu qulingni to‘g‘ri yo‘lga sol,
O‘zing yo‘llagin...”
Bir ishorat dilga tushdi: “Aqlu xushing yig‘,
O‘rningdan tez tur,
Baxting izla, joning qiyna, tog‘dan pastga tush,
Temanga yugur!..”
Go‘yo kimdir chorlagandek yura boshladik,
Bir tomonga biz,
Va ro‘baro‘ bo‘ldik nasib etgan joydamiz,
Turdik yuzma-yuz...
Tilim so‘zga kelmasa-da, yurakni yutdim:
Qo‘llaring tutdim!
Sen ham jimsan, diling sirin etardi izhor:
“Men sizni kutdim...”
Butun yurtdan yuz yigirma tolib yig‘ildi,
O‘ylab ko‘r axir!
Bo‘stonliqdan edi faqat bir yigit, bir qiz,
Bu qandayin sir?!
Bu shundayin sirki, faqat Ollohga ayon – 
Tan beraylik biz,
Orzu aylab yurganlardek kamolga yetar
O‘g‘il-qizimiz.
“Sevasizmi, men sevaman” kabi izhorlar
Aytmay qo‘ya qol,
Bu singari dil rozidan biz balanddamiz,
Tangri bizga yor!..
Bizni O‘zi qovushtirdi, yana mehrini
Ayladi bisyor,
Shukronalar aylay Senga, ey eng buyuk Zot,
Yo, Parvardigor!..
Taqdir kimning izmidadir, qaysi joydadir 
Hech kim bilolmas,
Agar O‘zi topishtirsa hech bironta kas
Judo qilolmas...

* * *

Endi menga katta tashvish, o‘qish bo‘ldi nopisand,
Hech bir g‘anim yo shum raqib bera olmas edi pand.
Axir Olloh topishtirgan malak yonimda yurar,
Ma’sumaning bor ishonchi, mehri qonimda yurar...
Tog‘lar uzra javlon urib, shaharlarga yetdik biz,
Oliy bilim dargohlarin soz-saranjom etdik biz.
Do‘stu dushman, elu yurtga bo‘ldi yorug‘ yuzimiz,
Qanday orzu etsak shunday o‘sdi o‘g‘lu qizimiz.
Ollohning bu karomatin oqlaymiz tavof bilan,
Saodatga yo‘l ochamiz tuganmas savob bilan.
Mazlumlaru muhtojlarga tayanch bo‘lib yuray men,
Zoriqqanlar boshin silab, yonlarida turay men.
O‘tgan ishlar o‘tdi – ketdi bevatanlikdan nishon,
Endi menda gul Vatan bor, Mustaqil bu jonajon!
Har qarich bag‘ringni obod aylayin shiddat bilan,
Gulu gulzorlar ichinda men yuray himmat bilan.
Bu ishonchu, bu quvonchlar ortida bir kimsa bor – 
Kecha-kunduz kuch-yupanch baxsh aylamakda bizni yor!
Sevikdoshing oqil ersa, oting hecham qoqilmas,
Pand bermasa bag‘ringdagi, pand berolmas hech nokas.

* * *

Men istadim go‘zal ayolni
Yuzlari gul, lablari bolni,
O‘n besh kunlik to‘lin xilolni,
Hijron emas, shirin visolni...

Men qo‘msadim qoshi kamonni,
Mudom tayanch, emas zavolni,
Chashma otlig‘ tiniq zilolni,
Raftori ol – lola misolni.

Men izladim shakarguftorni,
Ajib navo kuylovchi torni,
Xayol emas, yonimda borni,
Jonga malham, emas ozorni...

Ohim Karim qabul ayladi,
Karimaga umrim boyladi,
G‘animlarni surib tayladi,
Shukr, bizni Olloh siyladi!..

2009 – 2010 yillar

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.