OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azizbek Hakimov (1985)

Azizbek Hakimov 1985-yil Namangan viloyati Chortoq tumanida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Kushoyish” nomli to’plami nashrdan chiqqan .


MENGA ATALGAN SHE’R 


Kelmasliging aniq bilsam-da,
To tonggacha kutdim telbavor .
To tonggacha yig’lay olmadim ,
To tonggacha …
Tinmabdi-ku qor !?

Tuni bilan ruhimni tikdim ,
Ming erida ming bir yamoqcha .
“Bo’laqol!” deb qistaydi uyqu 
Ko’zlarimni quluflamoqchi .

Hozir yuvib chiqdim ko’nglimni ,
Endi esa ketyapman .
Bo’pti !
Ha ,aytganday ,tushimga kirsang ,
Oyog’ingni artib kir, ho’pmi ?


* * *

Seni desam men ,aqldan ozaverdim ,
Xatlar yozdim har kun she’rlar qo’sha-qo’sha .
Bitta javob kelmasa ham ,yozaverdim ,
Sen o’shami ,ishqilib ?
Men o’sha –o’sha .

O’lmayapman ,o’lar holda bo’lsam hamki ,
Kelmasmiding mabodo men o’lsam hamki ?
Bilmaysan-da ,seni shunday qumsaymanki …
Yuragim ham tugay dedi jo’sha –jo’sha .

Tamom bo’ldim .
Tamom nima ,bilasanmi ?
“Bo’m-bo’sh ikki tomon” nima ,bilasanmi ,
Yomon !
O’zi yomon nima ,bilasanmi ?
Toqatim toq ,iztirobim qo’sha –qo’sha .

Bir kelsang-chi !?
Yig’lasan-gchi boshim silab ,
Yig’lasan-gchi yuzimdagi yoshim silab ?!
Yo shivirla mayin –mayin ,qoshim silab 
“Mayli ,to’yib bi-i-ir yig’lab ol ,bo’sha ,bo’sha !..”

Tamom bo’ldim .
Tamom nima ,bilasanmi ?..


* * * 

Bilurman deb dam urma ,
Bilganing- yolg’on bilmassan !..
Jaloliddin Rumiy .

 
Hudoga bir to’yib ibodat qilsam , 
Bir to’yib yig’lasam onamni quchib ,
Bir to’yib o’psamu qo’lida o’lsam -
Jonimdan to’ydirgan sanamni quchib ,
Jannat naqd bo’larmi ,bilmayman .

Asl baxt –iymonda ,-derlar ,-aslida .
Tinglarmi Tangrim ul kun ohlarimni -
Tilim tavba aytsa takroru takror,
Dilim qumsayversa gunohlarimni ,
Shu ham baxt bo’larmi ,bilmayman .

Jandamni tashlasam ,bugun taxt ham taxt 
Hoziroq toj hozir ,qulohdan kechsam .
Ammo huruj qilib jununim bir kun ,
Ko’ngil tusab qolsa ,tojimni echsam ,
Quloh taxt bo’larmi ,bilmayman .

Boshqacha gaplarni aytmoqchi edim ,
Unutdim –kuy tinmas xayol torida .
Men sizdan mingdan –ming roziman .
Sizchi ?
So’rab qo’ygan yaxshi imkon borida ,
Keyin vaqt bo’larmi ,bilmayman .

Men boshqacha gaplarni aytmoqchi edim …
 

O’TINCH 

Oyatulloga  

Hudoyim –ay,
Huzuringa 
Qonuningni buzib keldim -
Qo’lim tutgan ,
Yo’lim tutgan 
Ming zanjirni uzib keldim .

Osiy bo’lsam ,kechir ,ammo 
O’zing gumroh yaratmishsan .
Kimni undoq ,kimni mundoq ,
Bizni shundoq yaratmishsan .

Ko’nglimga boq ,
Bir sen bilgan 
Sirlardan ham sal narida -
Bir ISM bor –chappar urib 
Gullab yotar dil qa’rida .

Manglayimni tutib keldim ,
Yarim baxtim o’chirib ber .
Faqat –o’sha bitta SO’ZNI 
Peshonamga ko’chirib ber !


* * *

Kelishdig-u ,ko’risholmadik ,
Ko’ngil ko’z yosh qa’riga cho’kdi .
Ko’rishsak ham ,qo’l usholmadik ,
Kaftingizga kaftim ichikdi .

Yig’ladingiz ertaklar aytib ,
Uxlab qolgan o’g’ilchangizga .
Ko’changizda shamolday daydib ,
Yo’lolmadim derazangizga …

Ko’rishdig-u kelisholmadik,
Bu yo’l so’ngi sarhadga etdi .
Kelishsak ham ,qo’l usholmadik -
Na murod ,na maqsadga etdik 

…Siz jim yig’lab paypoq yamaysiz ,
Ishingiz yo’q o’g’lingiz bilan .
Bilmam ,endi qanday yashaysiz 
Mendan qolgan ko’nglingiz bilan ?


* * *

Gulbarg – hijobimdir ,
To’sar olamdan ,
Men chilla o’tirdim 
G’uncha ichida.
Munojatlar qildim 
Kirq kecha –kunduz 
Va yana yig’ladim 
Shuncha ichida .

Yig’ladim :

Aylama meni oshkor ?!-deb ,

Baribir 
Kun kelib ,
Kun bo’sa oldi .
…Ko’z yordi bo’saga aldangan g’uncha :
Men –g’oyib ,
To’rt tomchi ko’z 
Yoshim qoldi …

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.