OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Iso (1956)

Bahodir Iso 1956-yilda Rishton tumanidagi Do‘tir qishlog‘ida tavallud topgan. Fargona pedagogika institutini 1977-yilda tugalladi. Biroq, faoliyatini asosan adabiyotga, san’atga bog‘ladi.
Uning she’rlari, dostonlari respublikamizning barcha matbuotlarida, kollektiv to‘plamlarda chop etilgan. 1988-yilda nashr etilgan «Xayrli tun» she’riy to‘plami bilan muxlislarga yaxshi tanishdir.


UCHRASHUV

Oydik kecha. Bog‘ tomon
lang ochilgan deraza.
Boqqa boqib bir jonon
musht o‘qtalar:
«— Ko‘rasan!»
Musht o‘qtalar erkalab,
mushti mushtmas, olmadir.
...O‘zi bilmay, bog‘ taraf
egiladi qomati...
Shunda nogoh «cho‘lp» etar...
Shitirlaydi bog‘ ichi...
Sharpani quvib ketar
g‘aflatda qolgan kuchuk...


ESHAKNI ESLASH HAQIDA

Men
qachon
nodonni
so‘kmoqchi
bo‘lsam,
sen
shunda
esimga
tushasan,
eshak...


HALI O‘LMAGAN ODAM


«Boshiga tosh bilan bir ursam...»,
deb o‘ylaydi kimdir men xaqimda.
«Boshini bag‘rimga bossam...»,
deb o‘ylaydi kimdir men haqimda.
Men esa
ko‘tarib yuraman
o‘sha —
ming marta tosh tegib yorilgan,
issiq bag‘irlarda dimiqqan,
hamma uchun qiziq
boshimni...


SIYOSAT HAQIDA

(Hazil)

Siyosat bu — ko‘p nozik narsa,
U bilan o‘ynashib, qiynalma,
Siyosatga tegma, qiz bola bo‘lsang,
o‘g‘il bola bo‘lsang, uylanma.


ALAHLAYOTGAN MUTAFAKKIR

Kapalak tishlaydi odamni yomon,
Boshliq baqiradi quloqni yorib,
To‘qchilik keltirar qurigan ummon,
Paxtani yeb bo‘lar och qolsa qorin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.