OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Kenjabek (1956)

 Mirzo Kenjabek 1956 yil 20 fevralda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tavallud topgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1979). «Quyoshga qaragan uy» (1983), «Munojot» (1986), «Sharq tili» (1988), «Bahorim yellari» (1991), «Muhabbatning yo‘li xatarli», «Hasrat kitobi» kabi she’riy va publitsistik majmualari chop etilgan. A. S. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she’riy romani, F. Attorning «Tazkirat ul-avliyo» (1997) kitobi va boshqa bir kator islomiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.



IBODAT

Ibodat ne? Yaratganga
itoat ham ibodatdir, 
Haqiqiy bandalik birlan
saodat ham ibodatdir. 

Ibodatdir, tiriklikni
etolsang ma’rifat bog‘i, 
Mashaqqatlik ilm, san’at,
qiroat ham ibodatdir. 

Onang birla otang qalbi
o‘tar Ka’ba tavofidan, 
Alar ko‘nglini shod etsang,
shu xizmat ham ibodatdir.

Xabar oldingmi bemordan,
qarindosh, do‘st, musofirdan? 
Birovni yo‘qlasang dildan,
ziyorat ham ibodatdir. 

Umrni etmayin isrof,
o‘zing ro‘za, vujuding sof, 
Agar pok holda uxlarsen,
shu rohat ham ibodatdir. 

Mudom Allohni zikr etsang,
halol boriga shukr etsang, 
Qiyomat kunni fikr etsang,
tijorat ham ibodatdir. 

Butun borliq, nabotat ham
Yaratganga etar tasbih, 
Bobo dehqon ekib yursa
ziroat ham ibodatdir. 

Ibodatdir, biror zolim,
jafokorga desang haq so‘z, 
Va nodonga sukut qilsang,
sukunat ham ibodatdir. 

Agar jufti halol birla
ko‘ngilxushlik etar bo‘lsang, 
Falak shohid, malak hozir,
bu suhbat ham ibodatdir. 

Bu Islomdir, butun umring
ibodat holiga kelgay, 
Va ogohlik bilan o‘tgan
shu fursat ham ibodatdir. 

Tamal - iymonu ixlosdir,
bu qullik bandaga xosdir, 
Xudo deb qilganing har ish
va niyat ham ibodatdir. 

Sevib, Mirzo, faqat do‘stlik
bilan dillarni obod et, 
Agar Alloh uchun sevsang,
muhabbat ham ibodatdir!..

MUNOJOT

Men zabunman. Tun qo‘ynida qaro tunman, 
Tund bag‘rimga ziyolarni kimdan so‘ray? 
O’zim yerman, o‘zim samo - men ochunman, 
O’zdan o‘zga dunyolarni kimdan so‘ray?

Ishqim barbod bo‘ldi obod shaharlarda, 
Barcha kuldi, men yig‘ladim bahorlarda, 
Yurak shabnam bo‘lib tomgan saharlarda 
Osmonimga zuhrolarni kimdan so‘ray?!

Ko‘kdan so‘ra xayolimning hurlarini, 
Yerdan so‘ra peshonamning sho‘rlarini, 
Mendan so‘ra sen dardlarning turlarini –
Men dardimga davolarni kimdan so‘ray?!

Sen tunlarni - yaldolarni mendan sura, 
Xatolarni, savdolarni mendan sura, 
Sen ko‘zingga ziyolarni mendan so‘ra, 
Men ko‘ksimga havolarni kimdan so‘ray?!

Netay, bordir bu tog‘larning orasida, 
Oyoq izi - yuragimning yarasida. 
Shafqat yo‘kdir ul ko‘zlarning qorasida, 
Oq mehrli qarolarni kimdan so‘ray?!

Malak, sening malakliging yolg‘on ekan, 
Falak, sening falakliging yolg‘on ekan! 
Yurak, sening yurakliging yolg‘on ekan, 
Senga boshqa samolarni kimdan so‘ray?!

Men ko‘zimdan yoshlar otib yig‘lay, do‘stlar, 
Ko‘ksingizga boshlar otib yig‘lay, do‘stlar, 
Tosh bag‘rimga toshlar otib yig‘lay, do‘stlar, 
Yo‘qotmishim xudolarni kimdan so‘ray?!

Yurakkinam, navo ista, nidolar qil, 
Yo navosiz jonginamni adolar qil, 
So‘ra, yetti iklimlarga sadolar qil –
Men umrimga navolarni kimdan so‘ray?..


O’ZBEKISTON

Oppoq qayinlarga bo‘ldim oshino, 
Sayr etdim men bahri jahannamlarni. 
Mening she’rlarimda tovlandi hatto 
Beqaror Afrika savannalari.

Sahroi Kabirda yozsam ko‘nglimni, 
Ruhimda chinorday turding ko‘karib. 
G’afur G’ulom bo‘lib nechun men seni 
Bir umr boshimda yurdim ko‘tarib?

Zardushtiy edim men - qutlug‘ o‘t o‘zing, 
Butparast bo‘ldim men, sanam-but - o‘zing. 
Sensan e’tiqodim, o‘zingsan tangrim, 
Mangu sig‘inmoqqa loyiq yurt - o‘zing.

Yerning har burchida odamlar goho 
Menga o‘z tilimda so‘ylar, gumon yo‘q: 
O’zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo 
Olamda boshqa hech O’zbekiston yo‘q!

TILAK

Muborak ayyomning tiniq tongiday,
Musaffo ranglarga to’lganda borliq,
Xushbo’y tabiatning yetti rangidan,
Osmon gardishida qolganda yorliq,
Eng porloq tuyg’ular tilayman senga,
Eng shirin orzular tilayman senga!

Archaning qorlarga qarshi isyoni,
Yashil bahor bo’lib kuldi oqibat.
Ajoyib ranglarga intiq vijdoning,
Yam-yashil hislarga to’ldi oqibat...
Gul, bulbul, gulzorlar tilayman senga,
Hech so’lmas bahorlar tilayman senga!

Yurak osmonlari chaqinga to’liq,
Jismingni olqishlab uchadi ruhing.
Zaminda chaqnagan guldirak bo’lib,
Bir kun osmonlarga ko’chadi ruhing!
Kapalak-kamonlar tilayman senga,
Eng go’zal osmonlar tilayman senga!

Tunlar ko’kka boqib o’ylaysan kimni,
Gul kabi jamoling kimga fidodir?
Samodan izlayver, mayli, baxtingni,
Sevgingni arsh bilgan oshiq – xudodir:
Baxt sari ibtido tilayman senga,
Eng sodiq bir xudo tilayman senga!

QUTLOV

Oftobro’yda o’ltirsang, yoziladi g’uboring,
Sayr etmoqqa goh yetar, goh yetmaydi madoring,
G’adir-budur tutlarda barg yozibdir bahoring,
Bobojon, bu g’animat yellar muborak senga!

Onajon, bu yillarning oqimlari o’trikdir,
Bizlar oqib boryapmiz – fursat faqat ko’prikdir.
Bu oqlik ham sochlarning to’lqinida ko’pikdir,
Ona, yangi to’lqinlar, sellar muborak senga!

Ey, sahroyi amakim, ne chaman, ne bog‘ ko’rding,
Lekin o’sha dashtlarda yuragingni sog‘ ko’rding,
Ayolingning yuzida mana bu yil dog‘ ko’rding,
Tug’ilajak qizlari ullar“ muborak senga!

Yosh oshiqqa bulbuldir kuylayotgan g’urraklar,
Sevarmikan? – Bilmaysan. Oshiqadi yuraklar.
Ko’chasida qo’shiq ayt, chalayvergin hushtaklar,
Oshiq, bu sarsonliklar, yo’llar muborak senga!

Kimdir ilk bor sochingni qiyos etdi sunbulga,
Kimdir uzoq termildi avval senga, so’ng gulga.
Bu bahor beixtiyor kirding necha ko’ngilga,
Ey, o’n olti yoshli qiz, dillar muborak senga!

Qiqir-qiqir kulasan sochib chechak isini,
Chulduraysan, aytasan, hayotning ilk so’zini,
Hozir faqat dunyoda onang tushunar seni,
Ey, baxtiyor go’dak-ey, tillar muborak senga!..

U yoqlarda chechaklar ochdi mening Surhonim,
Bu yoqlarda chechakday sochilmoqda imkonim.
Hayotga gullar bersin endi umr bo’stonim,
Qutlug‘ O‘zbekistonim, gullar muborak senga!..

ATIRGUL MAVZUIDA IKKI SHE'R

I
Gullar oqshom chog’ida, o’yga tolar emishlar,
Quyosh botgan tarafga, qarab qolar emishlar.

So’ng barchasi subhidam, sal iymanib, nozlanib,
Quyoshni kutar emish, sharq tomonga yuzlanib.

Faqatgina atirgul, sog’inch dog’lab ko’ksini,
Quyoshi ketgan yo’ldan olmas emish ko’zini.

Ters tomondan kun chiqqach, to’lib shabnam – ko’zyoshga,
Hayratu araz bilan qayrilarmish quyoshga.

...Men bir – safar odami, yo’lda kechar hayotim.
Gulim, dilda yonadi bir iltijo, bir dodim.

Bu dunyoda yo’l ko’pdir, Gulim, umrim – xayoldan:
Gohi janubga botib, chiqadirman shimoldan.

Atirgulim – sevgilim, men qaylarda yelmayin,
Ketib qaysi ko’chadan, qaysi yo’ldan kelmayin.

Ko’zlaringni qadab qol quyosh yanglig‘ dilimga,
Kelgunimcha qarab qol, jo’nab ketgan yo’limga!..

II
Lablarimga tabassum ko’chdi,
Seni o’ylab, hayratim cheksiz.
Shoir so’zi yodimga tushdi:
Buncha sodda, buncha o’zbeksiz!“

Quyosh botgach, jonim, atirgul,
Ma’yusgina o’yga tolasan.
Shundan ketdi, shundan kelar deb,
Mag’rib tomon qarab qolasan.

To tonggacha boshing eggansan,
Jim poylaysan quyoshing yo’lin.
Sen ham juda sodda ekansan,
Sen ham o’zbek ekansan, Gulim!

XALQ OHANGIDA

Qaro tunning bag’rida,
Yorug‘ xayol qanday xush:
Bu dunyoda bir qiz bor – 
Yostig’ining yarmi bo’sh.

Qaro sochi – jamalak,
Qaro zulfi qayrilgan.
Uning guldek xayoli,
Shabnamlarga chayilgan.

Seni suyib xayolda,
Ko’cha kezar qiynalib.
Suratlarga tushar u,
Sening uchun jilmayib.

Yostiqlar ham ko’p ekan –
Baxmaldan qurog’i bor:
O’zga soch bo’yog’idan,
Qolgan hidi, dog’i bor.

Odamlar ham ko’p ekan – 
Tun zulmati cho’kkan payt.
Yostig’ining yarmini
Band etadi xiyonat.

Bir momo bor qaydadir,
Yostiq unga dil ranji –
Ochilmagan tunlardan,
Meros qolgan paranji...

Lekin, bag’rim, o’ksima,
Sen kuylayver xushnavo.
Bu dunyoda bir qiz bor –
Xayollari musaffo.

Paxta emas, par emas,
Mehrdandir bolishi.
Sen kechalar tinglagin,
Uning nafas olishin.

Bo’sh o’rningda pok yostiq,
Go’yo, kelgin, qani, deb.
Chorlar safarga tayyor,
Kemaning yelkanidek.

Mana, bo’sh uy, bo’sh stol,
Oppoq qog’oz, men yakka.
Sen shubhangni qo’y, aqlim,
Izn bergin yurakka.

Yurak, tovushga aylan,
Yurak, ishon, chorla, jo’sh.
Bu dunyoda bir qiz bor –
Yostig’ining yarmi bo’sh.

TALABALIK KUNLARI...

Bir kun kulib qildilar imo,
Kursdosh qizlar – husnobod qizlar:
Bu kunlarni she’r qiling, Mirzo,
Qo’shiq qilib aytaylik bizlar“.

U kunlarda... Huv yiroqlardan,
Yashil-zangor nafas kelardi.
Sadalarning butoqlaridan,
Inqilobiy bir sas kelardi.

Savr edi, havo – namzada,
Kulgi istab turmas edik tinch.
Tinmas edi tunlar Hamza“da,
Kelinlarning qo’zg’oloni hech.

Soqollarni qirgancha chala,
Kunduz shoshib, andak og’rinib,
Tinglar edik, topib hafsala,
Dozentlarning saboqlarini.

Yotoqxona orti – bozorcha,
Qop-qop mayiz, olmayu yong’oq...
Vaqti kelar bizga... Hozircha,
Piyoz bering, xolajon, bir bog‘“.

U kunlarda... Qobullik tolib
Qodir bir kun keldi yotoqqa,
Vatanida inqilob bo’lib,
Afg’on eli qalqmish yoqqa.

U kulardi... Qarardim hayron,
Ko’zidagi yiltiroq yoshga:
Quvosh desam, yig’iga o’xshar,
Yig’i desam, o’xshar quvonchga...

So’ng she’r o’qib hayqirdik chunon,
Bedardlarga bo’lsak ham kulgi.
Senda hamma – shoir, onajon,
O’zbekiston, she’riyat mulki!

G’ishtin bino – bag’riga bosgan,
Barcha aybu gunohlarimni.
Turib-turib ko’nglim qo’msaydi,
Talabalik yotoqlarini.

Mana, adl sadalar... Javzo...
Yaproqlarda titraydi so’zlar:
Bu kunlarni she’r qiling, Mirzo,
Qo’shiq qilib aytaylik bizlar“.

U kunlarda, daydib, guvranib,
Qayda eding, majnun ovozim?!
O’shal uchqur-uchqur kunlarning,
Shiddatida qoldi qasosim!

U kunlardan kamyob omadim,
Ko’z ostida qoldirdi izlar.
U kunlarni she’r qilolmadim,
Qo’shiq qilib aytmadi qizlar...

"SEVASIZMI?“ – DEGIL

“Sevasizmi?” – degil, savollar yog’dir,
Bor gapni sug’urib olgin ko’nglimdan.
Jim qovushtirilgan qo’llarim oxir,
Ohista sirg’alib tushar qo’ynimdan.

“Sevasizmi?“ – degil, savol ber qiyna,
Nursiz kunlarimning bitsin hisobi.
Tug’yonli onlarga chorlasin yana,
Sovuq bo’salarning qaynoq azobi.

“Sevasizmi?“ – degil, so’rayver, so’ra,
Nigohim titrasin oppoq ko’ksingda.
Parishon aksimni bir nafas ko’ray,
Parishon o’tinib turgan ko’zingda!..

Yolg’iz sening sevging yetmaydi, netay,
Umrimiz bog’lari qoladi g’arib.
Sen sevgi so’rayver, men chiqib ketay,
Muhabbat axtarib, mehr axtarib.

JAZO

Sening yashnab turgan ko’ylaklaring bor,
Yodimga soladi xushbo’y kezlarni.
Hayotning torgina yo’laklari bor,
To’qnash keltiradi goho bizlarni.

Sen meni ko’rmaysan, payqamaysan hech,
O’tasan jimgina boshingni egib.
Sen meni sezmaysan, payqamaysan hech,
Qo’llarim qo’lingga ketsa ham tegib...

Tunlar jim kezaman tinch daraxtzorni,
Bir qasos sezaman tinch shamollarda.
Uzun sochlaringning hasrati bordir,
Jimjit yig’layotgan majnuntollarda.

Axir, yonayotgan yuraklaringni,
Qismatim yuziga qarab otsang-chi!
Boshingni xam qilgan gunohlarimni,
O’zimning bo’ynimga ossang-chi!

Nega jim yashaysan, sokin yashaysan?!
Sezmaysan, qo’llarim ketsa ham tegib.
Olamda men yo’qdek, hech payqamaysan,
Yashaysan jimgina boshingni egib.

Men esa tirikman hayot bag’rida,
Tirik o’kinchlardan yongan qalbim bor.
Lekin men bilaman, sening qalbingda,
O’zimning... qarovsiz qolgan... qabrim bor!

XAYRLASHUV
Chorvachilik va dehqonchilik yumushlari bilan RSFSRning Kirov viloyatiga ko’chib ketgan yurtdoshlarimga.

Ko’nglim yumshab, bo’g’inlarim bo’sh endi,
Fe’lingizni asrang ko’chgan o’zbeklar.
Sizni tuproq asrolmadi, xo’sh endi,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Dehqonmisiz, buzoqboqar, molboqar,
Qolayotgan Vatan sizga lol boqar,
O’rollarda, bilmam, qanday hol boqar,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Ulgi oling Sir va Amu nahrimdan,
Mendan keching, kechmang yurtning bahrindan,
Siz ko’chdingiz lekin jigar-bag’rimdan,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Turkiy kuyda Dulbarjining yodi bor,
Qoshg’ariy ham Mir alisher dodi bor,
Til yo’qotgan zotning qanday zoti bor?-
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

“Alla“ ko’rmay o’sgan qulun qulunmas,
“Yor-yor“ ko’rmay tushgan kelin kelinmas.
Hali sizga taqdir makri bilinmas,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Balki unda rizq-nasiba to’kinroq,
Tuz-qum – ajal bo’roni yo’q, sokinroq.
Endingizmi Enasoyga yaqinroq,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Hali yurtda handalakning bo’yi bor,
Olish-uloq, karnay-surnay to’yi bor,
Ona tilda onaning dard-o’yi bor,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Xiyonatlar qilib ruhi poklarga,
“Nasrullo“ni almashdikmirok“larga?
Tangri madad bermas tili yo’qlarga,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Til – yurakning intiqomi, asrori,
O’zbek qizin mehri, oftob uzori!
Begonaga qo’shilmagan mozori,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

Siz ketsangiz, men netayin, bor bo’ling,
Hech xor bo’lmang, burgut bo’ling, sor bo’ling,
Lekin bir bor ona yurtga zor bo’ling,
Tilingizni asrang, ko’chgan o’zbeklar.

 

ONA O‘ZBEKISTON

Yurtga maqtov emas, muhabbat kerak,
Yana o‘z so‘zimga qaytdim, gumon yo‘q:
"O‘zbek ko‘p butun yer yuzida, ammo
Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q!"

Azizlar ismiga vatandir nisbat,
Yelgay yurt nomida suvoriy bo‘lib:
Bejizmi, Ismoil o‘g‘li Muhammad
Jahonga tanildi Buxoriy bo‘lib!

Jaholat najotga bo‘lolmas garov, 
Garchi dunyo ishi bo‘lur nisbatan.
Vatanni yuksakka ko‘tarsa birov,
Birovni yuksakka ko‘targay Vatan!

Mahshar taloshida iymondan bulak
Nima bor joninga kirguvchi ora? -
Termiziy bermasa ma’nodan darak,
Termizni tanirdi qaysi bechora?

Payg‘ambar bog‘ida tush ko‘rib ozod,
Faqih deb ataldi, bo‘ldi yurtga zeb:
Dunyoni g‘aflatdan uyg‘otgan bu zot
Ataldi Abulays-Samarqandiy deb!

Adolat izmida gurkirar hayot, 
Bo‘lmas muhabbatsiz shijoat, azm. 
Oshiq Xorazmiylar qoqmasa qanot, 
Qayga ham uchardi o‘troq Xorazm?! 

Yozuvsiz xarita qit’alaridek, 
Yurakka yozilur Bistomiy, Shomiy. 
Tug‘ilish va o‘lim nuqtalaridek, 
Mavlono atalmish Balxiy va Rumiy! 

Aziz O‘zbekiston! Seni kim sevmas, 
Azizlar beshigi, ey shonli yurak! 
El baxti sen bilan bo‘lsa chambarchas, 
Sening ham el bilan baxting mushtarak. 

Yo‘ling pok, safaring bexatar bo‘lsin, 
Abadiyat sari talpin, yelib uch! 
Kim asli Vatandan bexabar bo‘lsa,
Umri puch, so‘zi puch, g‘oyalari puch! 

Qaytsang, yaxshilikka qaytlgil, ey dunyo! 
Men ham o‘z so‘zimga qaytdim, gumon yo‘q: 
O‘zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo 
Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q.


VATAN

Vatan, qalblardasen, qaroqlardasen, 
Qodiriylar bilan qamoqlardasen. 

Vatan, dillardasen, iymonlardasen, 
Shahidlaring bilan maydonlardasen. 

Vatan, nafaslarda - havolardasen, 
Osmon ahli bilan fazolardasen. 

Vatan, jonlardasen, tolalardasen, 
Zahmatkash jon bilan dalalardasen. 

Vatan, ko‘ngildasen, masdarlardasen, 
Musofirlar bilan safarlardasen. 

Meni hayron etar gap beruvchilar, 
Har qanday zamonga chap beruvchilar. 

Meni hayron etar, suxan soturlar, 
Vatani og‘zida bo‘lgan botirlar. 

Vatan, jonlardasen, vujudlardasen, 
Dunyolarga sig‘mas hududlardasen!.. 


G‘ILDIRAK 

Sulxondalyoga ketaylik, dada. 
Nima qilasan, o‘g‘lim? 
G‘ildilak haydayman!.. 
O‘zimizning suhbat 

Qiltiriqmiz: ovulning 
Kular xotin-xaloji. 
Har birimiz bittadan -
G‘ildirakning yog‘ochi! 

Mis kabi, birinj kabi 
Kuyib qotgandir tanlar: 
Mashshoq kamon tegizsa, 
Tiringlaydi badanlar. 

Bizdek besh-o‘n bolani, 
Qo‘shib, berilsa sayqal, 
Eng ozg‘in bir shoirga 
Qo‘ysa bo‘ladi haykal! 

Tuzon ichra haykalning 
Ko‘zlar yaltiraydi. 
G‘ildirak g‘ildiraydi... 

Quvnaymiz. Akam kelib, 
G‘ildiraging zo‘r! deydi. 
Qo‘limga xat tutqazib, 
Anov qizga ber, deydi. 

G‘ildirakni tez shaylab, 
Sodiq qolib akamga, 
Qutlug‘ xatni avaylab, 
Qistiraman lipamga. 

Titroq edi akam ham, 
Bu qiz ham... qaltiraydi. 
G‘ildirak g‘ildiraydi. 

Oqshom qizg‘ish chang ichra 
Gurung qilar taqsirlar. 
Devorlarga suyanib, 
Tek o‘ltirar kampirlar.
 
Chol-kampirlar yonidan 
G‘ir-g‘ir o‘tib ketamiz. 
Hali shoir bo‘lamiz, 
Xotirani titamiz: 

Yurak ichra momoning 
Ko‘zlari miltiraydi. 
G‘ildirak g‘ildiraydi. 

Tuzum, firqa, siyosat, 
Bolalikka ne kerak?! 
Barchasining ustidan 
Surib o‘tdi g‘ildirak. 

Biz qumdan uy qurganmiz, 
Biz g‘ildirak surganmiz. 
O‘shanda ham bilganlar 
Bilganlarin qilganlar. 

Hayotimni changitib, 
Bolalik pildiraydi. 
G‘ildirak g‘ildiraydi. 

Dunyo qiziq o‘ynchoq, 
Biz bolamiz, to‘ymasmiz: 
G‘ildiratib bir umr, 
Seni qo‘ldan qo‘ymasmiz! 

Boshimda g‘ildiraysan, 
Poyimda g‘ildiraysan, 
Yurgan, turgan va yotgan 
Joyimda g‘ildiraysan. 

Ogoh bo‘ling, haloyiq, 
Ogoh bo‘ling bu g‘amdan: 
Nahot, g‘ildirak haydab 
O‘tib ketdik olamdan! 

Za’far xazon ichinda, 
Qirmiz tuzon ichinda
Bitta shoir xo‘rsinib, 
Xo‘rsinib tentiraydi; 

Davrlarning suroni 
Boshida guldiraydi, 
Yuragida mangulik 
Jilg‘asi jildiraydi... 

G‘ildirak g‘ildiraydi... 


KUZGI DARAXT 

Daraxt o‘ch azaldan oshkoralikka, 
Tana, barg, kurtagi, gullari bilan. 
Haqiqat shukrini aytur falakka, 
Shitirlab behisob tillari bilan. 

Har yashil hilqatga qismat shudir, bas, 
Necha kuz ko‘rsa ham, kechmas haq kuydan. 
Daraxt yaproqlari sarg‘aygan emas, 
Haqiqatni aytib, tillari kuygan.


DUNYO SIZNIKIDIR 
(Ba’zi dunyodorlarga)

Dunyo siznikidir, kiring qatiga! 
Mening ozuqamdir xo‘rlik, haqorat.
Men elning muborak malomatiga, 
Qutlug‘ ta’nasiga qilgum tahorat. 

Na do‘st, na qo‘llovchi biror kishim bor, 
Qiyomat kun kabi muhtojman Haqqa. 
Dunyo siznikidir, nima ishim bor, 
Garchand og‘riqlarim yetgay suyakka. 

Borliq siznikidir, yastaning iyib, 
Dod demam hech ahli olam dastidan, 
So‘zlagim kelsa gar, dunyoni qo‘yib, 
So‘zlayman yo osmon, yo yer ostidan. 

Quloqni keltiring, mayli, qomatga,
Bordir na da’vomiz, na dil komimiz, 
Halal bersa sizning istiqomatga, 
Bitsin shuhratimiz, o‘chsin nomimiz. 

Men jon deb kiyurman yo‘qlik abosin, 
Ibrohim Adhamdek bo‘lsam-da o‘sol, 
Ul yechib dunyoyu davlat libosin, 
Oxirat xirqasin kiygani misol! 

Bu dunyo va kibor halovat, havas 
Sizgadir ishratlar, baxmal, barqutlar. 
Bas, endi angladim, menga kerakmas, 
Namrud, Fir’avndan qolgan sarqitlar. 

Dunyo siznikidir, sizga shu Vatan, 
Menga o‘limning ham yo‘qdir ziyoni. 
Bu moddiy dunyoda men yo‘qman, zotan, 
Bo‘shatib berganman sizga dunyoni!..


YOLG‘ONNING UMRI 

Yolg‘onning umri uzun... 
Rauf Parfi

 
G‘oyatda qisqadir yolg‘onning umri, 
U, dunyo turguncha turgaydir faqat. 
So‘ngra boshlanadi rostlik diyori 
Oxirat diyori, mangu saltanat.

... Insonlar to‘zg‘igay, tog‘lar to‘zg‘oq jun, 
Qaytar hamma narsa ortiga tezkor. 
U kun... Quyosh g‘arbdan chiqib bo‘lgan kun
Sajdalar behuda, tavbalar bekor! 

Yolg‘on umri qisqa. Ey, dil, u yakto 
Haq bir-bir ko‘rsatar hujjatlarini. 
Ekaver qiyomat onigacha to 
Rostlik va muhabbat ko‘chatlarini. 

Bas, qiyomatgacha yashar yolg‘on, koj, 
So‘ng tugar... bu olam majoziy, soxta. 
G‘arbdan ko‘tarilib daf’atan quyosh, 
Yolg‘onning umriga qo‘ygaydir nuqta! 


QOG‘OZ QASIDASI 


Bir uzrim bor, 
Bir shukrim bor, senga qog‘oz, 
Sen chidading; 
Oq yuzingni 
Qaro qildim yozib oz-oz, 
Sen chidading. 

Chidolmadim, 
Bo‘lindim men parchalarga, 
Sen chidading; 
Mening qalbim 
Chidolmagan narsalarga 
Sen chidading!.. 


TO‘RTLIKLAR 

Ha, men sokin yuradirman yerga qarab, 
Balki, hikmat teradirman yerga qarab. 
Dunyo ichra nigohimn g‘ofil dema, 
Men osmonni ko‘radirman yerga qarab. 

* * * 

Bir so‘zim bor, aytay senga yo‘li bilan: 
El bo‘lmagin el bo‘lmasning eli bilan. 
Dunyo bilan muhoraba aylasang ham, 
Katta yo‘lda tortishmagin lo‘li bilan... 

* * * 

Kechirdim, kim meni etdi xor, abgor, 
Kechdim, gar kimningdir mendan qarzi bor. 
Rabbim, Ikki dunyo biror bandangga 
Meni sabab qilib bermagil ozor! 

* * * 

Umr o‘tar, o‘tadi ochu to‘qliging, 
Haq nuri ketkazar gunoh, sho‘xliging. 
Shunday yengil bo‘lki, hech bilinmasin, 
So‘nggi kun tobutda boru yo‘qliging!.. 

* * * 

Ular sharob ichdi, biz ichdik ziyo, 
Ular dunyo yedi, biz totdik ma’no. 
Guruhlar qasrlar qurganda gurros, 
Bizlar qabrimizni bezadik bir oz... 

* * * 

Qaytish ham turfadir, hayot jumboqdir: 
Yaxshilkka qaytmoq olg‘a yurmoqdir. 
Zulmat, jaholatda ilgari ketmoq 
Tobora orqaga qadam urmoqdir. 

* * * 

Oson emas Haqqa qariblik, 
Dunyo g‘oyat nozlik, firiblik. 
Jam’ qilgandek ularni sarvat, 
Birlashtirgay bizni g‘ariblik. 

* * * 

Asl g‘avvos bo‘lsang, durni ko‘rgaysan, 
Sof bo‘lsang, ketar chog‘ hurni ko‘rgaysan. 
Hamma yoq zulmat deb shikoyat qilma, 
O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan... 

* * * 

Vatan deb qon yutgan qalblar, halaksiz. 
Asl makondan ham qolmang daraksiz: 
«Allohdan qo‘rqingiz va biling, shaksiz, 
Uning huzurida to‘planajaksiz!»

* * * 

Adolat deb o‘ldim zaharxandadan, 
Sas chiqdi men boshim qo‘ygan kundadan: 
Mavhumni axtarib xor bo‘lgan ey zot, 
Adolat tilanma hargiz bandadan! 

* * * 

To‘rt devor ichida erkka yalchidim, 
To‘rt jonib to‘rt faslin qalbga sanchidim. 
Shu dunyodir mening tutgan madrasam, 
Yotgan mehmonxonam, topgan maschidim. 

* * * 

Do‘st, mayli, tuhmat qil, haqorat qilgin, 
Tangrim, sen sabrga ishorat qilgin. 
Qalbimga urilgan har bir ozorni 
Biror gunohimga kafforat qilgin. 


TERMIZ DARAXTLARI 

Termiz ajdodlarga qadimiy vatan, 
Yellari qalbimga berur farahlar.
Lekin xayolimni tortar daf’atan 
Xiyol bir tomonga og‘gan daraxtlar. 

Ayon, erkalikdan bu bog‘lar xoli, 
Chunki kasbi bo‘lmish kurash va sabot: 
Nihollik chog‘idan afg‘on shamoli - 
Achchiq qumlar bilan siylamish hayot! 

Har shajar kitobin yellar varaqlar - 
Yashirin sir qolmas biror yaproqda: 
Dovullar qo‘ynidan uryon daraxtlar 
Mening yuragimga qarab kelmoqda. 

Tiriklik hamisha taloshli bo‘lur, 
Har ko‘chat boshida bo‘lg‘usi na hol? - 
Hayot jabhasida bardoshli bo‘lur 
Siltovlar ichida o‘sguvchi nihol. 

Ignalari bilan igna barglilar, 
Shamoldan o‘ziga tikibdir rido: 
Yashil saltanatin saqlashga ular 
Raqibdan himoya topibdir hatto! 

Termiz - ajdodlarga qadimiy vatan, 
Tafti ham qalbimdan otash so‘roqlar. 
Lekin xayolimni chulg‘ar daf’atan 
Siltovga dosh berib o‘sgan daraxtlar. 

Shamollar bog‘lanib, tinganda quyun, 
Bog‘larni kuzatdim: nechog‘ baxtiyor! 
Yellarda - moziylar salomi tayin, 
Yellarda yomg‘irlar xushxabari bor! 

Har yurak shajardan topur farahlar, 
Har dilni yashillik yashnatar tag‘in. 
Lekin siltovlarda o‘sgan daraxtlar 
Ko‘nglimga yaqindir, ko‘nglimga yaqin!..


HIKMAT 

Dunyo uying bo‘lsin, chamaning bo‘lsin, 
Doim erkin xayol ma’maning bo‘lsin. 
Jahongashta bo‘lib dunyo kezsang ham, 
Oqibat qaytarga Vataning bo‘lsin!.. 


MA’NOGA KELDING 


Sunnatli bir kunda dunyoga kelding, 
Tug‘ilgan chog‘ingdan g‘avg‘oga kelding, 
Yig‘i tasbih bo‘lur - poklik sanosi, 
Asliy fitrat bilan sanoga kelding. 

Tiriksan, sen qalblar ziyoratin qil, 
Do‘stlarga ogohlik ishoratin qil, 
Tun va kun oxirat tijoratin qil,
Asli shul muborak savdoga kelding! 

Olovning ziddiga qaysi has kelur? -
Raqib nomard bo‘lsa, dono past kelur, 
Sabru sukut blan ishing rost kelur, 
Ko‘p yashab, endi shul ma’noga keldng. 

Botirlik, peshravlik emas jasorat, 
Nafsingni kishanla, shudir mahorat, 
Kaslar qilaversin tinmay haqorat, 
Sen ular kelmagan ma’voga kelding. 

Mirzo, yo‘ldoshngdir munavvar fikr, 
Yer ustini ko‘rding: ola-bula, kir, 
Endi shoshilmasdan yer ostiga kir - 
Sabri bilan Mavloga kelding!.. 


AVVAL INSOF AYLAGIL
 
Odam o‘g‘li, o‘zni dilsof aylagil,
So‘ngra fikri girdu atrof aylagil,
Odil o‘l, olamda ko‘p xavf aylagil, 
Mosuvodin qalbni ham sof aylagil,
Oxirat to‘nini zarbof aylagil,
Har ne qilsang, avval insof aylagil.

Boq, yorug‘dir kunlaring oftob ila,
Boq, yorug‘dir tunlaring mohtob ila,
Kechdi payg‘ambar necha ashob ila,
Adlu insof, nuri olamtob ila,
Sen-da fikri nuri ashrof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Bor bo‘lib shunday go‘zal Payg‘ambaring,
Sohibi furqonu hikmat sarvaring,
Ne uchun bo‘ldi razolat korlaring,
Mas’iyatlardin kelur dushvorlaring,
Kim dedi: ” Umringni isrof aylagil“?
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Ahli iymon mazlumu aftodadir,
Ahli inkor zulm ila yag‘modadir,
Fir’avnlar izni ham Mavlodadir,
Boq, alar hukmi faqat dunyodadir,
Oxiratdin sen faqat xavf aylagil, 
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Boqki, dushman xoinu makkor erur,
Shakli do‘st-u, kasbi istismor erur,
Kimgaki iymon, saodat yor erur,
Mahrum etmak istayur, g‘addor erur,
Et hazar, andin diling sof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Ista Robbingdan mudom hikmat, bilim,
Haq degaydir: molu avlod, ey qulim,
Foyda bermas, bo‘lmasa qalbing salim,
Bir o‘limdan boshqa so‘ng yo‘qdir o‘lim,
Yodi mahshar et, diling sof alagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Bermish Alloh qulga juz’iy ixtiyor,
Nurga yor o‘l, bo‘lmoq ersang, baxtiyor,
Tavba qilgan zotga ne’mat beshumor,
Tavbakor bir qalb ila Rabbingga bor,
O‘yla, fikri surai Qof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Yetmagaymu Xaq sanga, Qur’on sanga,
Imtihondir har nafas, har on sanga,
Bas, g‘animatdir go‘zal davron sanga,
Yo‘q, berilmas boshqa bu imkon sanga,
Baski, taqvo birla dil sof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Qalb go‘zal bo‘lsa, kelur ilhom go‘zal,
Din go‘zal, ehson go‘zal, ikrom go‘zal,
So‘z go‘zal, af’ol go‘zal, in’om go‘zal,
Haq go‘zaldir, ne’mati Islom go‘zal,
Shukr etibon, qalbni ko‘p sof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Ilmu irfon izla, Mirzo, top kamol,
Ishqu shavqu jahdu g‘ayrat bemisol,
Piri komildin go‘zal keldi maqol:
Senga bo‘lgay oqibat jannat-jamol,
O‘zni turli sohib avsof aylagil,
Har na qilsang, avval insof aylagil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.