OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhiddin Abdusamad (1982)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/muhiddin_abdusamad.jpgMuhiddin Abdusamad 1982 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy univesitetining jurnalistika fakulteti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zMU qoshidagi Oliy Adabiot kursini tamomlagan. 2005-yili bo‘lib o‘tgan IX an’anaviy Zomin anjumani g‘olibi. “Onajon”, “U” she’riy to‘plamlari nashr etilgan. “Yoshlar kitobi 2008” hamda Ozorbayjonda nashr etilgan “Sevgi fasli” to‘plamlariga she’rlari kiritilgan.
Ayni paytda “Qishloq hayoti” gazetasida mas’ul kotib bo‘lib ishlaydi


* * * 

...faqat daraxtlarga oshino ko‘nglim,
faqat daraxtlarga oshiqadirman...
...Mirtemir talpingan mahzun majnuntol —
Mashrabning patila sochlarimikan?..

...faqat daraxtlardan izladim kalom,
bir haqning kalomin, hur erk kalomin...
...zaminga sanchilgan patsimon terak —
Navoiy ushlagan o‘tlig‘ qalammi?..

...yig‘lasa yoshini yutadi daraxt,
na yerga, na ko‘kka bo‘zlar dodini...
...manov kallaklangan ozurda shotut —
birorta bechora shoir zotimi?..

...elga ham, yerga ham erkalik qilar,
samimiy tushunar aldoqlarini...
...daraxtlar tushunmas modernizmni,
ko‘z-ko‘z qilaverar barmoqlarini...

...daraxtday tobora ko‘karayapman,
jonimga ozuqa baxsh etar tuproq...
...qo‘llarimni ko‘kka ko‘tarayapman,
havoda silkinar sap-sariq yaproq...


KUTISH

Yo‘llar uzilmadi qadaming tegib,
Ko‘zim derazaga qorishib ketdi.
Soxta yo‘lovchilar kirib ko‘zimga,
Zulmat cho‘mgan dilim yorishib ketdi.

Sendan visolingni qilmayman talab,
Sendan diydoringni qilmayman tama.
Ammo shuni faqat tushuntirib ket,
Sening qiyofangga kirganmi hamma?


* * * 

Katta bo‘layapman shekilli
Tobora ko‘zimga tor ko‘rinyapti
Dunyo...


* * *

Sotib olmoqchi bo’laman dunyoni
Cho’ntagimdan to’kilib borar
Oy – chaqa...
Choychaqa...
Bola-chaqa...


* * *

Ota,
mehnat degani
bemavrid abr ekan,
qora sochlaringizga
hijjalab qor elabdi.

Ona,
zahmat degani
qip-qizil shoir ekan,
qarang, peshonangizga
satrlar qoralabdi.


* * *

Bu qanday sukunat,
bu qanday bo’shliq,
nechun shams kundanu oy tundan ayro?!
Tanimni titratib to’kilar qo’shiq,
Vovaylo, vovaylo, vovaylo...

Qancha bo’ldi senga bo’ylamagandim,
mening tashrifimga intiq g’o r—
yuragim...
Istig’for, istig’for, istig’for...

Bu qandayin fasl —
bahorda kuzak —
borlig’im,
vujudim yam-yashil xazon.
Bir nasim yelmoqda ko’ngilga bezak,
Ruhafzo, ruhafzo, ruhafzo...


* * *

Ikrom Otamurodga

Bir odam...
ich-etini kemiradi 
Vatanni deb,
Bir odam...
soat sayin semiradi 
Vatanni yeb...


* * *

uchib ketmoqchi bo’ladi daraxt
yaproqlarin qanot deb o’ylab
changalini botirib yerga


* * * 

yuragingga qamalib
oqib ketayapman
ko’zingda 


* * *

Bahor –
O’ziga bino qo’ygan yigit,
Boychechak – aldangan qiz.


ICHIKISH

Seni sog’ingandan
Bosh ko’tarishar
Ko’ksimda 
Qolgan 
boshing 
izlari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.