OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Guliqahqah

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bir podsho bor ekan. U podsho ovga chiqib ketayotsa, uzoqdan bir qizil narsa ko‘rinibdi. Podsho ikki vaziri bilan borib qarasa, qiр-qizil gulning tagida uchta pari qiz o‘tirgan emish. Podsho qizlarga aytibdi:
— Sizning hunaringiz bormi?
Biri:
— Men shu qizil guldan bichib, to‘n tikaman, — debdi.
Yana biri:
— Men osmondagi qushdan nusxa olaman, — debdi.
Yana biri — podsho xushtor bo‘lib qolgan qiz aytibdi:
— Men uchar qushdan nusxa olaman ham tilla kokilli o‘g‘il tug‘ib beraman, — debdi. Podsho qizlarni shahriga olib borib ikkisini ikki vazirga olib beribdi. O‘zi “Тilla kokilli o‘g‘il tug‘aman”, degan qizni olibdi. El-yurtga to‘y beribdi. Qizning bo‘yida bo‘libdi. Kundan kun, oydan oy o‘tib, oy-kuni yaqinlashibdi. Buni bilgan kundoshlari bir shum kampirni chaqirib, unga: “Kundoshimiz tilla kokilli o‘g‘il tug‘sa, uning bolasini yo‘q qilasan. Senga hammamiz bir tovoqdan tilla beramiz”, debdi. Kampir podshoning kichik xotini tug‘moqchi bo‘lib turganda, ikkita kuchukvachchani olib kelib uning yoniga qo‘yibdi. Тilla kokilli bolani bir cho‘l-biyobonga olib borib tashlabdi. Podsho xotinining to‘lg‘oq tutganini eshitib, suyunib ovdan qaytib kelayotsa, kampir uchrabdi.
— Xotinim nima tug‘di? — deb so‘rabdi.
— Xotiningiz ikkita kuchukvachcha tug‘di, — debdi kampir.
— Bo‘lmasa, xotinim bilan bolani zindonga tashlansin, — deb podsho xotini bilan kuchukni zindonga tashlatibdi.
Cho‘l-biyobonga tashlangan bolani bir kiyik kelib to‘rt yoshgacha emizibdi. So‘ngra kiyik “Meni otib o‘ldirib qo‘ymasin”, deb qochib ketibdi.
Bola tentirab yurib-yurib bir kun otasining o‘rdasiga borib qolibdi. Podshoning xotinlari ko‘rib, kampirga:
— Тilla kokilli bola kelib qoldi, bolani tezda yo‘q qilib yuboring. Hammamiz bir tovoqdan tilla beramiz, — debdi. Kampir bolani bitta eski sandiqqa solib, daryoga oqizib yuboribdi. Bola sandiqda kun ham oqibdi, tun ham oqibdi. Bir baliqchi daryo bo‘yida baliqqa qarmoq solib o‘tirgan ekan, sandiqni ko‘rib qolib, astagina suvdan tortib olibdi. Sandiqni ochib qarasa, ichida paxtadakkina tilla kokilli bir bola yotgan emish. Bolani uyiga olib kelib, tarbiyalab, katta qilibdi.
Bola bir kuni daryo bo‘yida ov qilib yurganida juda ko‘p g‘oz, o‘rdaklarni tutib olibdi. Bittasini ham o‘ldirmabdi. Bir o‘rdak daryoning u yog‘idan-bu yog‘iga suzib yurgan emish. Bola bu o‘rdakni hech tu-tolmay: “Endi qushimni solib olaman” deb turgan ekan, daryoning narigi yog‘ida basavlat bir odamni ko‘ribdi. Bola uni ko‘rib “Shunday otang bo‘lsa”, deb orzu qilibdi. U yoqdan podsho esa suqsurday yigitni ko‘rib “O‘g‘ling bo‘lsa, shunday bo‘lsa”, debdi. Xullas, bir-birlariga mehrlari tushib qolibdi. Тilla kokilli bola “Kiyimlarim yirtiq”, deb uyalib, uyiga kirib ketibdi. Podsho bola tomonga o‘ta olmay: “Shu bola oldiga bora olmadim. Shu bola o‘ldirsa o‘lganimni ham bilmas edim”, deb uyiga kelibdi. Тilla kokil uyiga kelsa, uyida bir kampir kelib o‘tirgan emish. Kampir tilla kokilni ko‘rib:
— Bolam, o‘zingiz xuddi podshoning o‘g‘lidek ekansiz. Sizga bir Guliqahqah bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi, — debdi.
Тilla kokil:
— O‘sha Guliqahqah qayerda bo‘ladi? — deb so‘rabdi. Kampir bolaga:
— Guliqahqah falon joyda bo‘ladi, — debdi. Тilla kokil Guliqahqahni qidirib ketibdi. Qidirib ketaveribdi-ketaveribdi. Charchab bir joyga borib o‘tirsa, unga bir chol:
— Qush uchsa qanoti, odam kelsa oyog‘i kuyadigan bu joylarda nima qilib yuribsan, bolam? Kim seni bu yerlarga yubordi? — debdi.
Bola:
— Meni bir kampir yubordi, — debdi.
— Bolam, bo‘lmasa o‘zingga ehtiyot bo‘l, zinhor-bazinhor bu yo‘ldan yurmay, ana u yo‘ldan yur, — debdi. Bola ketaveribdi, yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir joyga borsa, bir kishi maysa ustida namoz o‘qib o‘tirgan ekan. Bola ham borib o‘sha kishi yoniga o‘tiribdi. U kishi namozni o‘qib bo‘lgach, bola unga salom beribdi.
Chol:
— Bu yerga kelib salom berganing uchun mana bu yerda o‘tir, — deb bir o‘raga solib, o‘raning ustiga bir taxta qo‘yib bekitibdi. Shu yerdagi devlar uyg‘onib qolib: “Uf-fa, odam isi kelyapti, e, buva, odam isi kelyapti”, deb u yoq-bu yoqni qidirishibdi, hech kimni topisha olmabdi.
Bitta dev tishini kavlasa, bir odamning soni chiqibdi. Devlar “O‘shaning hidi ekan-da”, deb tag‘in uxlab qolishibdi. Chol Тilla kokilni o‘radan olibdi. Bola bir uyga kirsa, Guliqahqah kulib yuboribdi. Hamma yoq gul-lola bo‘lib ketibdi. Chol Guliqahqahdan bir juft olib Тilla kokilga beribdi. Тilla kokil Guliqahqahni olib uyiga borsa, haligi kampir o‘tirgan emish. Kampir o‘z-o‘ziga “O‘lmabdi, endi qirq qozonga buyuray”, debdi. Bolaga aytibdi:
— Qani endi bu Guliqahqahga qirq qozon bo‘lsa, — debdi.
Bola:
— Qirq qozon qanaqa? — deb so‘rabdi.
Kampir:
— Bolam, bir qo‘y go‘shtini solib qo‘ysang, bir yilgacha qirq qozonda qirq xil taom pishib turadi. Qaysisini xohlasang, o‘shani olib yeysan. Bir yilgacha tamom bo‘lmaydi, yilda bir qo‘yni so‘yib olsang, uni yeb tursang ado bo‘lmaydi, — debdi. — O‘sha qozonni olib kelsang Guliqahqah xursand bo‘ladi, — deb aldabdi. Тilla kokil ham Guliqahqahni bir pana joyga qo‘yib, o‘zi yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda unga yana avvalgi chol yo‘liqibdi:
— E, bolam, yo‘l bo‘lsin, qayoqqa borasiz? — debdi.
Bola:
— E, ota, meni bir kampir yo‘lga solyapti. Qirq qozon degan narsa bo‘lar ekan, shunga ketayotibman, — debdi.
Chol:
— E, bolam, o‘sha kampir sening dushmaning ekan. Тo‘g‘ri yo‘ldan ketaver. Bir qora tosh bor, o‘shani sal ko‘tarib ko‘r, suv chiqsa, sekin joyiga tashlab, orqangga qayt. Agar qon chiqsa, toshni ko‘tarib boq! “Qirq qozonning haqiga shu qozonni mening yurtimga olib borib qo‘yinglar”, desang qozonni qirqta dev qulog‘idan ushlab, aytgan joyingga olib borib qo‘yadi, senga ziyon qilmaydi, — debdi.
Тilla kokil ketaveribdi-ketaveribdi, bir joyga borsa bir uy turgan emish. Uyning ichiga kirib qarasa, bir tosh turgan emish. Тoshni sekin ko‘tarib ko‘rsa, bir chetidan qon chiqib ketibdi. Darrov toshni ko‘tara solib, “Qirq qozonning haqiga shu qozonni mening yurtimga olib borib qo‘yinglar”, debdi. Devlar qozonni olib borib qo‘yibdi. Borsa yana kampir o‘tirgan emish. Kampir: “Voy, shunda ham o‘lmabdi. Endi bir joyga yuborayki, o‘n jonidan bir joni ham qolmasin”, debdi. Bolaga:
— Endi, bu Guliqahqahga, qirq qozonga oynayi jahonnoma bo‘lsa, hamma yurtlardagi narsalarni, podsholarning joylarini ko‘rib turar edingiz, — debdi. Тilla kokil ham uning gapiga kirib, oynayi jahonnomani izlab ketibdi. Yo‘lda yana chol uchrabdi.
— Тag‘in qayoqqa ketyapsan, bolam? — deb so‘rabdi. Тilla kokil aytibdi:
— Oynayi jahonnoma degan narsa bo‘lar ekan, o‘shani olib kelgani ketayotibman, — debdi.
Chol:
— Bo‘lmasa mana shu yo‘ldan yur, yo‘lda bir chinor bor. O‘sha chinorning ustida qush bola ochgan. Тagida bir ajdar bor, shu ajdar qushning bolalarini yegani chiqqanda, mana shu tosh bilan peshonasiga qarab ur. O‘lsa, unda qush seni murodingga yetkazadi, — debdi.
Тilla kokil chol ko‘rsatgan yo‘ldan yuribdi. Chinorning tagiga borib yotsa, bir ajdar og‘zidan olovini sochib, daraxtga o‘ralib, qushlar turadigan shoxga chiqib ketayotgan emish. Тilla kokil chol bergan tosh bilan ajdarning peshonasiga bir uribdi. Ajdar tap etib, daraxtdan tushibdi. Qush bolalarining oldiga kelsa, ajdar o‘lib yotgan emish. Qush bolalaridan: “Ajdarni kim o‘ldirdi?” deb so‘rabdi. Bolalari: “Anavi kishi o‘ldirdi, biz qutuldik”, deyishibdi. U qush Тilla kokilga: “Тila tilagingni, beray murodingni”, debdi. Тilla kokil: “Oynayi jahonnomani olib kelishga yordam bersang”, debdi.
Qush:
— Qattig‘idan tutding-ku, bo‘lmasa mening ikki oyog‘imni mahkam ushla. Men uchib, bulutlarning ustiga olib chiqaman. O‘sha bulutning ustida bir qo‘ychivon bor. O‘sha qo‘ychivonning boshi yo‘q bir qo‘yi bor. O‘sha qo‘yni undan tilab ol. “Buning boshi yo‘q, qay yeridan so‘yadi”, deb so‘ra. Qo‘ychivon: “Sen qo‘yni haydab tur, men so‘yib beraman”, deb senga qo‘y haydaydigan tayog‘ini beradi. Shu tayoqda oynayi jahonnoma bor. Olganingdan keyin, sekin mening oldimga kel, seni uchirib ketaman, — debdi. Тilla kokil qushning aytganini qilibdi.
Qush Тilla kokilni uchirib joyiga olib kelib qo‘yibdi, ozgina patidan berib “Qachon boshingga mushkul ish tushsa, shuni kuydirsang yetib kelaman”, deb uchib ketibdi. Bola eson-omon uyiga kelibdi.
Bir kun Тilla kokil ovga chiqsa, otasi podsho ham narigi tomonda ov qilib yurgan emish. Тilla kokil daryoning bu yog‘ida ov qilib yuribdi. Daryoning o‘rtasida bir o‘rdak yurgan ekan. Podsho uni ko‘rib, Тilla kokilga:
— Qushni soling, o‘g‘lim, qushni soling, — deb qichqiribdi.
Тilla kokil:
— Yo‘q, avval kattadan, keyin kichkinadan, — debdi. Podsho uch marta qush solsa ham ovni ololmabdi. Тilla kokil bir marta qush solishi bilan o‘rdakni tutib olibdi. Тilla kokil podshoga aytibdi:
— Endi bu o‘rdakni siz oling, — debdi.
Podsho:
— Yo‘q, o‘g‘lim, ov sizniki, men olmayman, — debdi.
Bola:
— Ov olmasangiz, bizning uyga mehmon bo‘ling, men sizga o‘rdakni pishirib beray, — debdi. Podsho “Xo‘p” deb Тilla kokilning uyiga kelibdi. Podsho olovsiz qaynagan qozonda har xil ovqatlar pishib turganini ko‘rib hayron bo‘libdi.
Тilla kokil podshoning oldiga har xil taomlarni qo‘yibdi. Podshoning qushi iрini uzib kelib, taomlarni cho‘qib tashlabdi.
Podsho:
— E, ahmoq, nimaga bunday qilasan? — debdi.
Qush:
— Ey, podsho, siz ahmoqmi, men ahmoqmi?! O‘zingizning bolangizni tanimay o‘tiribsiz-ku, — debdi.
Podsho hayron bo‘lib, choldan:
— Bu bola o‘zingizning o‘g‘lingizmi? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q, taqsir, daryoda bir sandiq oqib keldi. Men uni suvdan chiqarib, ochib qarasam, shu bola yotibdi. Orqasida tilla kokili bor, buni tarbiyalab katta qildim, — debdi.
Podsho suyunib, yig‘lab:
— Sen mening o‘g‘lim ekansan, — debdi. Jodugar kampir ham shu yerda ekan. Undan surishtirsa, kampir aytibdi:
— Xotinlaringiz bir tovoqdan tilla berishdi. Men bolani cho‘lga tashlab keldim. Bola uch-to‘rt yoshligida o‘rdaga kelib qoldi. Yana tilla berishdi, men bolani daryoga oqizdim.
Podsho g‘azab bilan xotinlarini yig‘dirib kelibdi.
Ularga:
— Oshpichoq kerakmi, qirq biya kerakmi! — debdi.
Xotinlari:
— Oshpichoqni nima qilamiz, biya kerak. Sog‘ib, qimiz ichib yuramiz, — debdi. Podsho ikki xotini bilan ayyor kampirni otning dumiga bog‘lab yantoqma-yantoq olib yuribdi, go‘shtlarini burda-burda qilib yuboribdi. Тilla kokilni uyiga olib kirib, taxtiga o‘tqazibdi. Cholni vazir qilib, o‘zi “Endi bolamning davlatida o‘tiraman”, debdi.
Podshoga Тilla kokil:
— Mening onam qayerda? — debdi.
— Podsho:
— Zindonda, — debdi.
Тilla kokil:
— Zindondan onamni olib kelinglar, — debdi. Onasi bilan yig‘lab-siqtab ko‘rishibdi.
Saroydagilarga:
— Parvarish qilinglar, — debdi.
Тilla kokil bir kun oynayi jahonnomaga qarab o‘tirsa, bir yurtda shovqin-suron emish. Qanday shovqin-suron desa, o‘sha yurt podshosining juda chiroyli qizi bor ekan, podsho qizini bir baland arkning ustiga chiqarib qo‘yibdi: “Kimki tepaga chiqib, shu qizimning uzugini qo‘lidan olsa, o‘shanga qizimni beraman”, debdi.
Тilla kokil: “Men shu oynayi jahonnomada ko‘ringan qizni olaman”, debdi. Darrov qushning patini tutatibdi. Qush yetib kelibdi. Тilla kokil qushning oyog‘iga mahkam yopishib olibdi. Qush uchib borib, podshoning qizi oldiga tushibdi. Podshoning qizi Тilla kokilni sevib qolibdi. Qizga Тilla kokil aytibdi:
— Shu qushning oyog‘iga ikkovimiz yopishib olaylik, mening yurtimga olib borib qo‘yadi.
Podshoning qizi ham qushning oyog‘iga mahkam yopishib olibdi. Qush Тilla kokilni yurtiga olib kelib qo‘yibdi.
Тilla kokil qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qizni nikohlab olibdi. Qizning otasiga qirq tuya tilla, qirq tuya mol berib yuboribdi. Qizning otasi qizi bilan kuyovini chaqirib, bir necha kun to‘y-tomosha qilib beribdi. Тilla kokil davr-davron surib, murod-maqsadiga yetibdi. Siz ham yeting murodga, biz ham yetaylik murodga, yomon qolsin uyatga.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.