OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilon pari

O‘tgan zamonda bir podshoh yakka o‘zi ovga chiqib, ov qilib yurib, uzoqda bir narsa ko‘ribdi. Podshoh sekin borib qarasa, daraxt tagida bir pari qiz dam olib o‘tirgan emish. U qizni ko‘rgan zamon hushidan ketibdi. Birozdan so‘ng o‘ziga kelib qarasa, pari suv keltirib podshohning yuziga sepib turgan emish. Podshoh uning qo‘lidan suvni ichib, o‘zi bilan birga saroyga olib kelibdi.
Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha bilan pari qizga uylanibdi.
Oradan bir necha vaqt o‘tgach podshohning darmoni qurib, rangi sarg‘ayib, tusi o‘zgara boshlabdi. Nihoyat podshoh vaziriga aytibdi:
— Ey vaziri a’zam, men uylanganimdan buyon darmonim qurib, kuchim borgan sari kamayib, holsizlana boshladim. Nima qilmoq kerak? — debdi. Vazir:
— Тo‘g‘ri aytasiz, taqsir, rangingiz ham sarg‘ayib, tusingiz o‘zgarib, oriqlab bormoqdasiz. Bu holni bir sinchiklab tekshirishga to‘g‘ri keladi. Тaqsir, xafa bo‘lmasangiz, men sizga bir sir aytaman, maylimi? — debdi. Podshoh:
— Mayli, ayt,— debdi. Vazir:
— Тaqsir, tag‘in bu dashtdan olib kelgan qizingiz Ilon pari bo‘lmasin. O‘tmishda qarilar:
— Dashtda ko‘rma ilon bo‘ladi. Qirq yil odam ko‘rmasa u pariga aylanadi-da, odamga kunduzi pari bo‘lib, kechasi ilon bo‘lib ko‘rinadi, — der edilar. Xotiningiz tag‘in ilon bo‘lmasin,— deb gumon qilaman,— debdi. Podshoh:
— Unday bo‘lsa, nima qilaman? — deb so‘rabdi.
— Agarda xo‘p desangiz, avval uni aniq bilish kerak, keyin uning chorasini ko‘ramiz,— debdi vazir.
Vazir o‘ylab turib podshohga shunday yo‘l ko‘rsatibdi:
— Тaqsir, bir kun kechqurun xotiningizga osh buyurasiz. Qozonga sabzi-piyozni solib qovurib, suvga ketganda, qozonga bir hovuch tuz tashlab yuboring. Oshni pishirib tayyorlab olib keladi, birga yeysiz.
So‘ngra osh juda sho‘r bo‘lib ketibdi-ku, deb ko‘p choy-suv ichadi. Siz ham ichasiz. So‘ngra qolgan ishni kechasi bilasiz.
Podshoh o‘sha kuni vazir aytgandek qilibdi.
Xotini sabzi-piyozni qovurib, suvga ketganda, bir hovuch tuzni qozonga tashlab yuboribdi. Osh sho‘r bo‘libdi. Podshoh zo‘rg‘a yebdi. Pari esa uyalganidan oshdan ancha yebdi. Sho‘r bo‘lgani uchun ko‘p choy va suv ichishibdi. Kechasi yotib uxlashibdi. Yarim kechada podshoh uyg‘onib qarasa, yonida katta, uzun ilon yotgan emish, Ilon pari cho‘llab, sekin o‘rmalab hovlidagi hovuzga boshini cho‘zib suv shimiribdi. Boshi hovuzda bo‘lsa, dumi podshohning yonida emish. Podshoh qo‘rqqanidan hech narsa deyolmay jim yota beribdi. Erta bilan podshoh qarasa, yonida pari yotgan emish. Bu sirni hech kimga aytmabdi. Faqat vaziriga aytibdi. Vazir podshohga:
— Тaqsir, endi siz bir amallab bu xotiningizdan ajralmasangiz bo‘lmaydi. Buning chorasi shunday bo‘ladi. Bir temir qafasdan uy qurdirasiz. Bir amallab aldab xotiningizni shu uyga olib kirasiz, o‘zingiz chiqib keyin eshikni berkitib, tagidan o‘t yoqtirasiz, shu bilan Ilon pari kuyib o‘ladi,— debdi.
Podshoh vazirning aytganini qilibdi. Bir temir qafasdan uy soldiribdi. Uyga xotini bilan birga kiribdi. Birozdan so‘ng podshoh qafas uydan chiqib, ustidan qulf solibdi, so‘ngra tagidan o‘t qo‘ydiribdi. Bir chinqirib Ilon pari kuyib o‘libdi. Shunday qilib, podshoh uning tashvishidan qutulib qolibdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.