OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mashq-da

Bir podsho o‘z xotini bilan ovga chiqibdi. Yo‘lda osmonda bir qushni ko‘rib, podsho xotinidan:
— Mana shu uchib borayotgan qushni otib tushiraymi? — deb so‘rabdi. Xotini rozilik beribdi. Shunda podsho poylab turib, miltiqdan bir o‘q uzib, qushni urib tushiribdi. Podsho huzur bilan xotiniga qarab:
— Qoyil qoldingizmi? — debdi. Xotini esa beparvolik bilan:
— Mashq-da, debdi. Podshoning jahli chiqib, xotiniga hech so‘z aytmay, uni dashtda qoldirib, saroyga qaytibdi.
Oradan bir necha oylar, yillar o‘tibdi. Podshoning xotini o‘z yaqinlariga:
— Menga bir yangi tug‘ilgan buzoqni keltirsangiz. Men uni boqib katta qilsam, — debdi. Unga bir buzoqni keltirishibdi. Podshoning xotini bir xilvat joyga boloxonali imorat qurdirib, haligi boloxonaga zina orqali har kuni buzoqni bir necha marta ko‘tarib olib chiqib, yana ko‘tarib olib pastga tushaveribdi.
Buzoq katta bo‘laveribdi. Haligi ayol uni ko‘tarib boloxonaga olib chiqaveribdi va tushaveribdi. Podshoga xabar yetibdi. Podsho kelib qarasa, bir ayol har kuni bir katta buqani boloxonaga ko‘tarib olib chiqib, yana bir ozdan so‘ng olib tushar ekan. Shunda podsho xotinining so‘zini esiga olib:
— Bu ham mashq-da,—deb aytgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.