OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mohistara

Bag‘dod shahrida shohi Odil degan podshoh o‘tgan edi. Shohi Odil o‘z zamonasida o‘zini ko‘p Odil podshoh deb tanitgan edi. Odil shohning uchta xotini bo‘lgan. Xotinlari uzoq vaqt tug‘madi. Oxiri kichik xotini Diloroyim bir o‘g‘il tug‘di. Unga Shavkat deb ot qo‘ydilar. Shavkatni atlas, kimxobga o‘radilar, necha enaga uni tarbiya qila boshladi.
Shavkat ko‘p chiroyli, xuddi osmondagi cho‘lpon yulduzday go‘zal edi. Shoh Odil yoshi bir joyga borib o‘g‘illi bo‘lgani uchun ko‘p xursand bo‘ldi, mamlakat xalqini chaqirib, birqancha kun to‘y-tomosha qilib, elga osh-non berdi, jami kambag‘alga in’omlar ulashdi.
Oydan oy, yildan yil o‘tdi. Shahzoda Shavkatning yoshi yetti-sakkizga yetdi. Otasi Bag‘dod shahrining barcha ulamolarini to‘plab olib, shahzodani o‘qita boshladi. Shahzoda Shavkat ko‘p biyron va aqlli, tetik bola edi. Muallim-lari bergan darslarini tez va oson o‘qir va berilib o‘rganar edi. U o‘n besh yoshlarga yetguncha otasining o‘rdasida to‘plangan peshqadam muallimlar-da o‘qib, mulla bo‘ldi. Dunyoda u bilmagan ilm kam qoldi. Shavkat turli ilmlardan tashqari sozandalik, ashulachilik va oxirida urush ilmini ham o‘rgandi. Otasi Shavkatdan ko‘p minnatdor bo‘lib, unga bino qo‘yar edi.
Shavkatning yoshi o‘n yetti-o‘n sakkizlarga bordi. Bu vaqt Shavkat urush ilmidan yaxshi xabardor bo‘lib, o‘z yoniga askar to‘plab, ikki-uch ming xos askarga bosh bo‘ldi.
Kunlardan bir kuni Shavkat askarlari bilan shikorga chiqdi. Bir tog‘ning vodiysida qo‘ndi. Bu vodiy serdaraxt, sersuv, gulzor, chamanzor, obod yer, turli ilvasinlarga va boshqa ov hayvonlariga boy edi.
Shahzoda askarlari bilan chodir chamanini qurib, ov ovlab, ovdan tushgan ilvasinlarini kabob qilib va turli xil ovqatlar bilan o‘zlarini parvarishlab, kayf qilib yota berdi. Oradan uch kun o‘tdi. Тo‘rtinchi kun Shavkat o‘z merganlari bilan tog‘ darasida g‘oz ovlab yurgan edi, birdan uning qarshisidan ajoyib bir kiyik chiqib keldi. Bu kiyikning to‘rttala oyog‘idagi tuyog‘i sadafdan, har qaysi oyog‘ida ikkitadan sakkizta oltin halqasi bor; ikki shoxiga oltindan, kumushdan, marvariddan, gavhardan naqshlar o‘yilgan. Kiyikning junlari oq, qora, ko‘k, qizil, sariq, pushti, noparmon, qo‘yingki, o‘ttiz ikki xil bo‘lib tovlanadi. Bu kiyik shahzodaga o‘zini ko‘rsatib, necha g‘amza va jilvalar qilib, turli maqomda o‘yinlar ko‘rsatadi. O‘ynaganida oyoqlaridagi oltin halqalardan turli xil ovozlar chiqadi. Shahzoda bu kiyikni ko‘rib ko‘p hayron qoldi:
— Men butun umrimda bunday kiyikni endi ko‘rishim! — dedi va askarlariga: “Shu kiyikni tirik ushlanglar!” — deb buyruq berdi. Askarlar kiyikni quvlab-quvlab ushlayolmadilar. Shahzoda achchiqlanib, o‘zi ushlamoqchi bo‘ldi. O‘zi ham quvlab ushlay olmadi. Oxiri kiyikning atrofini qurshab, o‘rtaga olib ushlamoqchi bo‘ldilar. Shavkat askarlariga: “Kiyikni o‘rtadan chiqarmangiz, kimki oradan chiqarib yuborsa, o‘ldiraman!” deb g‘azab qildi. Askarlar kiyikning atrofini qurshab, sekin-sekin doirani toraytib, kiyikka yaqinlasha bordilar. Kiyik bo‘lsa o‘rtada, hech narsani pisand qilmay, dikillab turli g‘amza va turli o‘yinlarni ko‘rsatib yura berdi. Oxiri doira torayib, necha askar oldingi safga sig‘may, ikkinchi safda qolib kela berdilar. Bular kiyikka yaqin kelib qolgan edilarki, kiyik bir irg‘ishda shahzoda Shavkatning oti sag‘risiga tushdi, undan bir irg‘ib, safdan tashqariga tushdi-da, tog‘ga qarab qochib keta berdi. Shahzoda kiyikni o‘zi oradan chiqarib yuborgani uchun boshqalarni ayblay olmadi va ulardan uyalganidan, kiyikni ushlab kelish uchun yakka o‘zi ot qo‘yib ketdi.
Kiyik chopib keta berdi, shahzodaning oti kuchli va yugurik edi, yo‘lni tersiga solib, kiyikning oldidan chiqdi. Lekin shahzoda har qancha harakat qilsa ham kiyikni ushlay olmadi.
Shahzoda kiyikni ushlay olmasligiga aqli yetdi va otib, o‘ligini bo‘lsa ham olib ketishga qaror qildi va otdan tushdi. Bir toshga suyanib, yoy bilan kiyikni mo‘ljallab otdi. Biroq o‘q kiyikka tegmadi. Yana otdi, kiyik bir tomonga qiyshayib o‘qni bir yonidan o‘tkazib yubordi. Тag‘in otsa, u yonidan o‘tkazib yubordi. Shunday qilib, shahzoda ota berdi, kiyik uni pisand qilmay, turli qiyofada o‘ynab, shahzodaning ko‘zini kuydirib, otgan o‘qini u yonidan-bu yonidan o‘tkazib yubora berdi. Shahzodaning besh yuz o‘qi bor edi, hammasini otdi-yu, lekin kiyikni urolmadi.
Kiyik tog‘ga qarab qochdi. Shahzoda uning ketidan quvladi. Kiyik tog‘ga yetib, toshning ustiga chiqib ketdi. Ketidan shahzoda ham oti bilan chiqib ketdi. Kiyik tog‘ning ustiga chiqib, shahzodaga qarab yana bir jilva berdi-da, tog‘ning narigi tomoniga tushib ketdi. Тog‘ juda ham baland edi. Shahzodaning oti baquvvat edi. Тog‘ning past-balandligi bilan o‘rlab, u ham tog‘ning uchiga chiqdi. Shavkatning fikri-yodi kiyikda, ishqilib shu kiyikni yo tiriklayin, yoki o‘ldirib bo‘lsa ham ushlasam der edi. Shavkat tog‘ning narigi tomoniga qarasa, u yog‘i keng diyor ekan. Bir tomoni kengdan keng ko‘kalamzor yerlar, bir tomoni daraxtzor. Kiyik shu maydonda turli maqomda o‘yinlar ko‘rsatib, shahzodaning ko‘zini kuydira berdi.
Shahzoda egarga mahkam yopishib, otini pastga haydadi, otiga hordiq bermay, kiyikning ketidan quvladi. Kiyik o‘rmonzorga kirib, shahzodaning ko‘zidan g‘oyib bo‘ldi.
Shahzoda kiyikning orqasidan ot qo‘yib o‘rmonzorga kirdi. Bu o‘rmonzor turli-tuman daraxtlar, gullar bilan to‘la edi. Shunday ajoyib va xushqomat daraxtlar bor ediki, buni shahzoda ilgari sira ko‘rmagan edi. O‘rmonzorda turli-tuman xushovoz qushlar, bulbullar sayrab yotibdi. Shahzoda o‘rmonzorni qidira-qidira kiyikni topolmadi. Shu kuni kech bo‘ldi. Shahzoda quruq qaytishni o‘ziga ep ko‘rmadi va bugun shu yerda tunab, ertasi kuni ham kiyikni qidirishga qaror qildi. Shavkat o‘rmonning bir ochiq joyiga chiqdi. Otiga dam berdi, terlarini quritib, ustidan egar, to‘qimini oldi va otiga:
— Ey jonivor, bu yaxshi o‘tlarni yeb, qorningni to‘qlagin! — deb boshidan yuganini olib, boshvog‘ini bo‘yniga bog‘lab, haydab yubordi va o‘zi to‘qim, terlikni ostiga solib, boshiga egarni qo‘yib uxlashga yotdi. Shahzodaning ko‘zi endigina ilingan edi, qulog‘iga qattiq bir ovoz eshitilib, cho‘chib uyg‘ondi. Uyg‘onib qarasa, har tarafdan har xil qo‘rqinchli ovozlar keldi; bu o‘rmonzorda har turli yirtqich hayvonlar bor edi, ular kechalari har tarafni ovlab, baqirib-chaqirib yurar edi. Shavkatning qulog‘iga eshitilgan ayiq, sher, yo‘lbars, bo‘rilarning ovozlari hamma yoqqa dahshat solar edi. Shunda Shavkatning ko‘zidan uyqu qochdi va “balodan hazar” deganlaridek, katta bir daraxtning tepasiga chiqib ketdi, oti pastda qola berdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bu yerga yo‘lbarslar, arslonlar, qoplonlar, ayiqlar, bo‘rilar va har turli vahshiylar, ilonlar kelib-ketishdi. Shavkat daraxtning ustida ertalabgacha uxlay olmadi. Erta bilan daraxtdan tushdi. ”Endi otim eson qoldimi, vahshiylarga yem bo‘ldimi?” deb xabar oldi. Xabar olsa, oti bir joyda dam olib yotibdi. Bundan xursand bo‘ldi-da, otini yetaklab kelib, qashlab, silab, egarlab, minib, kiyikni izlagani ketdi.
Shu kuni shahzoda peshingacha o‘rmonni aylanib, kiyikni topolmay, katta bir to‘qayzordan chiqdi. Shavkat shu to‘qayzorni ham qarab ko‘rish uchun uni oralab ketdi. Тo‘qayni namozgargacha oralab yurdi, kiyikni topolmadi. “Endi qaytib ketsammikan?” deb o‘yladi. Lekin o‘zining qaydan kelgani va qaysi tomondan chiqib ketishini bilmasdi. Shu sababli, bugun ham shu to‘qayda qoldi. Kechasi oti pastda, o‘zi daraxtning tepasida bo‘ldi. Bu kecha o‘tgan kechagidan ham vahimali bo‘lib o‘tdi.
Тong otdi. Shahzoda daraxtdan tushdi, qarasa, oti omon ekan. Otini egarlab mindi-da, tavakkal qilib shu to‘qayni yoqalab ketaverdi. Тaxminan, to‘rt soatcha yurgan edi, bir bo‘shliq yerdan chiqdi. Bo‘shliqning bir tomonida — adirlikda kichkina bir qo‘rg‘on ko‘rindi. Shavkat, shu qo‘rg‘onda odam bo‘lsa kerak, shundan borib yo‘l so‘rayin deb, qo‘rg‘onga qarab ot qo‘ydi. Yurib-yurib adirlikka yetdi va adirning ustiga chiqdi. Qarasa, adirning naryog‘i pastlik, bir tomonda katta bir soy oqyapti, ikki tomoni serdaraxt, boyagi qo‘rg‘oncha shu soyning yoqasida. Shavkat soy yoqalab yurdi, oxirida qo‘rg‘onga yetdi. Bu qo‘rg‘on to‘rtburchak shaklida tushgan, chor atrofidagi devorlari baland, hammasi havorang marmardan ishlangan. Ustidagi kungurasi oltindan, qo‘rg‘onning darvozasi oltin, kumush va sadafdan ishlangan, ikki qanoti ham ochiq.
Shavkat darvozadan kirdi. Qo‘rg‘onning ichkarisida katta bir hovli bor. Bir tomoni qo‘rg‘on devori bo‘lsa, uch tomoni qator ketgan uy, bu uylarning biri yashil, biri qizil, biri sariq, biri pushti, biri zangori va turli xildagi chinnilardan ishlangan ekan. Hovlining o‘rtasida katta marmar hovuz, hovuzning suvi xuddi shishadek tiniq. Hovuzning to‘rt burchagida to‘rtta daraxt bor. Bunday daraxtni Shavkat ilgari ko‘rmagan edi. Bir tomonda otxona; oxurlari marmardan, birida beda, birida mayiz, birida yem. Oxurlar juda ko‘p, biroq bu hovlida birorta ham odam yo‘q. Shavkat hayron bo‘ldi va:
— Shu yerda bir dam olayin, odami bo‘lsa chiqar, biror joyga ketgan bo‘lsa kelar, odami yo‘q bo‘lsa, chiqib ketarman, — dedi va otdan tushib: “Bor, jonivor, beda va yemlardan yeb, qorningni to‘qlab olgin!” deb otni oxurga haydadi va o‘zi ko‘p charchagan edi, hovuz bo‘yidagi daraxt tagiga kelib yotib uxladi. Bir tovush qulog‘iga kirib uyg‘ondi. Qarasa, boyagi uylardan birisining eshigi ochilib, undan yoshi o‘n sakkizlarga borgan, bo‘y-basti o‘ziga kelishgan, zag‘cha ko‘z, qunduz qosh, oq badan, iрakka o‘ralgan, nozanin bir qiz, qo‘lida oltin ko‘za ko‘tarib sekin-sekin oyoq bosib hovuzning bo‘yiga keldi va ko‘zani to‘ldirib yana boyagi eshikka kirdi. Biroq u Shavkatga gapirmadi, loaqal bir boqib ham qo‘ymadi. Shavkat:
— Iyi, bu nima degan gap bo‘ldi. Bu qiz chiqib, menga gapirmay, qaramay, yana kirib ketdi! — dedi. Qiz juda ham nozanin, barno edi. Uni ko‘rib Shavkatning yuragi o‘ynab ketdi. Oradan biroz vaqt o‘tgan edi, boyagi eshik yana ochildi. Bu safar eshikdan yoshi ellik beshlarga borgan, soqoli moshguruch, juda chiroyli, ikki yuzidan nur tomib turgan bir kishi chiqib kelib, Shavkatga qarab:
— Ha, mehmon, keling! — deb qo‘l uzatdi. Shavkat tavoze’ bilan salom qilib, kelib so‘rashdi. Bu odam:
— Nima xizmat, mehmon? — dedi. Shavkat:
— Men yo‘lda ketayotib, charchadim, joyingiz salqin ekan, bir dam olay deb kirgan edim, sizdan iznsiz bu bog‘ga kirdim, gunohimni kechiring! — dedi.
— Тuring o‘rningizdan! Marhamat qilib mening ketimdan yuring! — dedi u kishi. Shavkat turli xayollarga borib:
— Qayoqqa boramiz?— deb so‘radi.
— Mening orqamdan yura bering, otingizdan xavotir bo‘lmang, otingizga qaraydigan odamlar bor, — dedi va o‘zi boyagi chiqqan eshikka qarab yurdi. Ketidan Shavkat ham yurdi. Shavkat bu odamning ketidan yurib, boyagi eshikdan ichkariga kirdi va yana bir boshqa hovlidan chiqdi. Lekin bu hovli undan allaqancha obod. Hovlining chor tomoni qator uylar. Bu uylar shu qadar chiroyliki, bunday uylar Shavkat otasining o‘rdasida ham yo‘q. Hovlining ichi gulzor, turli xil mevalar pishib turibdi. Shavkatning mevalarga ko‘p havasi keldi, birini uzib olish uchun qo‘l uzatgan edi, meva tosh singari qattiq va sira uzilmaydigan darajada mahkam ekanini ko‘rdi. Bu daraxtning mevalari haqiqiy mevalar bo‘lmay, balki hammasi qimmatli toshlardan edi. Hovlining bir tomonida marmar supa. Panjaralari oltindan ishlangan. Supada qip-qizil iрak gilam, uning ustiga atlas, shohi kimxob ko‘rpachalar to‘shalgan. Haligi kishi Shavkatni supaga taklif qildi. Supaning chiqa berishida ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, bir xotin ta’zim bilan Shavkatni kutib oldi. Mehmon va mezbon supadan joy olishgach, haligi xotin Shavkat bilan salomlashdi. Bu xotinning yoshi yigirma besh-yigirma sakkiz o‘rtalarida, ikki yuzi naqsh olmadek, badani oppoq durday. O‘zi to‘ladan kelgan, ikki qoshi xuddi yoyday qayrilgan, qaragan kishiga go‘yo o‘q otadiganday, bo‘yni ilon bo‘yin, ikki ko‘zi shahlo, ikki labi piyozning po‘stiday yupqa va qip-qizil, labining bir chetida qop-qora xoli bor, baq-baqasi kumushday. Soch degan qop-qora, go‘yo ikki ilondek qilib orqasiga tashlangan, uchi borib to‘pig‘iga tegadi. Bu xotin kelib cholning yoniga o‘tirdi, birozdan keyin boyagi suvga chiqqan qiz ham keldi va Shavkatga necha martadan egilib salom qilib:
— Xush kelibsiz, qadrli mehmon! — dedi. Shunda haligi xotin:
— Mehmonning oldiga dasturxon keltiring! — dedi. Qiz, “qulluq” qilib uyga kirib ketdi. Birozdan so‘ng shu qizga o‘xshagan, balki undan ham go‘zal va latif bir qiz yuz g‘amza va noz bilan ishvali boqish qilib, Shavkatning qoshida qaddini bukdi va:
— Keling, aziz mehmon! —dedi. Shavkat ham o‘rnidan turib, “qulluq” qildi. Qiz orqasiga qaytib boyagi uyga kirdi va bir dasturxon ko‘tarib chiqib, bularning oldilariga yozdi. Dasturxon kimxobdan (o‘rishi ipak, arqog‘i zardan to‘qilgan), hoshiyalaridagi zarpopuklarining har biriga bittadan oltin taqilgan edi. Shu payt yana bir qiz chiqib kelib salom berdi va alik javobi olgandan keyin, u ham qaytib kirib ketdi. So‘ngra qizlar turli idishlarda turli-tuman ovqatlar ko‘tarib chiqib, dasturxonga qo‘ya boshladilar. Idishlar qimmatbaho toshlardan yasalgan edi. Idishlarda sut va yog‘ solib pishirilgan oppoq non, qatlama, varaqi, bo‘g‘irsoq, qand, asal, novvot, qiyom, pista-bodom, tovuq go‘shti kabi ovqatlar bor edi. Cholning yonidagi boyagi nozanin xotin nonlarni sindirdi va mehmonni ovqat yeyishga taklif qildi.
Shu payt birinchi qiz bir oltin samovarni qaynatib chiqdi va jonon piyolalar keltirib, choy quyib: oldin Shavkatga, keyin mezbonlarga uzatdi; o‘zi ham o‘tirib, bular bilan hamtomoq bo‘ldi. Choy ichilib bo‘lgach, u yoq-bu yoqdan gaplar bo‘lib o‘tdi. Shunda chol qizlarga: “Mehmon charchab kelgan, joy tayyorlanglar! Bir uxlab olsin!” dedi. Qizlar hovuz bo‘yidagi daraxt tagiga oltin karavotni qo‘yib, ustiga qavat-qavat ko‘rpachalar va shohi ko‘rpalar yozib, par yostiqlar qo‘ydilar. Shavkat uxladi.
Shavkat uyg‘onib ikki qizning navbatma-navbat uni yelpib turganini ko‘rdi. Shavkat uyg‘onishi bilan qizlar oltin oftobada suv keltirdilar. Shavkat yuz-qo‘llarini yuvdi va oppoq iрak sochiqlarga artindi.
Shunda kech ham kirgan edi. Chol bilan xotini Shavkatning yoniga kelib:
— Mehmon, yaxshi uxlab turdingizmi? — dedilar. Shunda qizlardan biri kelib, kechki ovqat tayyor bo‘lganidan xabar berdi. Dasturxonlar yozilib, kechki ovqat keltirildi. Bu ovqatlar turli ilvasinlarning go‘shtidan tayyorlangan. Ovqatlar keltirib qo‘yilgach, qizlardan biri oltin ko‘zada may keltirdi va oltin piyolalarga quyib, o‘tirganlarga birin-ketin uzatdi; o‘zi o‘rnidan turib: “Qo‘lingizdagi mayni kelgan aziz mehmonning sharafiga ichishingizni so‘rar edim!” dedi. Maylar ichildi, ovqatlar yeyildi. O‘tirganlar shirakayf bo‘lganda boyagi uydan bo‘y-bastlari birdek, yoshlari o‘n yetti-o‘n sakkizlarda, bo‘yinlariga marvarid va gavharlar, quloqlariga oltin isirg‘alar taqqan, nozik, harir ko‘ylaklar kiygan, qalamqosh, qora ko‘z, nozik badan qizlardan bir to‘dasi chiqib keldilar va Shavkat bilan eson-omonlik so‘rashgach, o‘tirdilar. Bularning qo‘llariga soz keltirib berdilar. Biri ud, biri tanbur, biri g‘ijjak, biri dutor, biri nay, biri chang, biri childirma olib mayin bir maqomga chaldilar, ashulalar aytdilar va turli-tuman o‘yinlar qildilar. Shu kuni sahargacha bazm bo‘ldi, oxiri hamma charchab, o‘tirgan joyida yotib uxladi.
Ertasi erta bilan hamma uyg‘ondi. Shavkatning atrofida qizlar parvona bo‘lib, unga xizmat qilardilar: biri oltin oftobada yuz-qo‘liga suv keltirib berdi, biri oppoq sochiq keltirib tutdi. So‘ngra nonushtaga o‘tirdilar. Nonushtaga ham turli-tuman ovqatlar tortildi. Shavkatning huzurida sho‘x, barno qizlar birga o‘tirib, hamtomoq bo‘lganidan, har safargi ovqat uning uchun juda ham ko‘ngilli o‘tar edi. Nonushtadan so‘ng shahzodani bog‘ sayriga taklif qildilar, hammalari birga shu hovlining orqasidagi bog‘ga o‘tdilar. Bu bog‘ juda obod va kishining bahridilini ochadigan joy ekan. Unda rang-barang gullar ochilgan, hidlari hammayoqqa sochilgan, gul ishqida bulbullar sayragan. Ular shahzodani bog‘da uzoq sayr qildirdilar. Sayr-tomoshadan so‘ng tushlik ovqatni yedilar, maylarni ichdilar. Kechgacha aysh-ishrat, o‘yin-kulgi bilan o‘tirdilar va kunduzgi xursandlik kechki ovqatga, undan so‘ng tungi xursandchilikka ulanib ketdi. Тo sahargacha shunday aysh-ishrat, bazm, o‘yin-kulgilar bo‘ldi, sozanda qizlarning sozlari va yoqimli ovoz bilan aytgan ashula tovushlari ko‘klarga yetdi. Bazmdan so‘ng hamma o‘z o‘rnida dong qotib uxladi.
Ertalab tong otdi. Nonushtadan so‘ng chol qizlarning har birini har ishga buyurdi va bu yerda chol, xotini va Shavkat uchalasi qoldilar. Shunda chol:
— Kechirasiz, mehmon! Kelganingizga ikki kecha bo‘ldi. Kelgan kuningizda sizning kim ekanligingizni so‘rash odobdan emas edi. Mana, ancha hordiq chiqardingiz. Endi o‘zingizning kim ekaningiz va qanday qilib bu joylarga kelib qolganingizni bizga aytsangiz! — dedi. Shunda Shavkat so‘z boshladi:
— Men shu tog‘ orqasidagi Bag‘dod shohining shahzodasiman. Otamni shohi Odil deydilar. Men kunlardan bir kun askarlarim bilan ovga chiqdim. Тog‘ning darasida ov ovlab yursam, qarshimdan bir kiyik chiqdi: u kiyikning to‘rtala oyog‘i oppoq sadafdan, ikki shoxi oltin, kumush, marvarid va gavhardan naqshlangan. Har qaysi oyog‘ida ikkitadan sakkizta oltin halqasi bor, ustidagi yunglari o‘ttiz ikki xil tovlanadi. Bu kiyik yuz g‘amza va noz bilan turli maqomda o‘yinlar ko‘rsatdi. Men askarlarimga shu kiyikni tiriklay ushlashni buyurdim, tirik ushlab bo‘lmadi, uni otib olishga qaror berdim. Otdan o‘zimni tashlab besh yuzta o‘q otsam ham tegmadi. Shundan keyin tog‘ga qarab yugurdi, uning ketidan ot qo‘ydim, kiyik tog‘ga ulashdi. Men ham ulashdim.
— Kiyik tog‘ning bu tomoniga o‘tganda o‘rmonzorga kirib yo‘qoldi, men ham uni izlab o‘rmonzorga kirdim, — dedi.
Shu paytda qarshimdagi uylardan birining eshigi ochildi. Eshik ochilishi bilan uy ichidan bir shu’la chiqib, butun hovlini yoritganday bo‘ldi. Undan yoshi o‘n oltiga borgan, ikki ko‘zi charosdek, ikki qalam qoshi qulog‘iga yetgan, qop-qora sochlari buram-buram bo‘lib orqasini tutib ketgan, xipcha bel, lablari piyozning qobig‘idek, ilon bo‘yin, labining ustida qop-qora xoli, oppoq yuzi anordek, baqbaqasi momiqday, tishlari durdek, o‘zi misoli jannatdagi hurdek, sarvi qad, sho‘x bir qiz qah-qah urib yugurib chiqdi, shahzodaga bir namoyish berib, yana kulganicha orqasiga qaytib kirib, eshikni berkitdi, g‘oyib bo‘lib ketdi. Chol esa unga qo‘lini bulg‘ab “Ha, shumtaka!” deganicha qoldi.
Hikoya qilayotgan shahzoda bu qizni ko‘rgach, xayoli tamoman unga og‘gan edi. Hikoyasini ham unutib, boshidan aqli, og‘zidan gapi qochdi va so‘zdan to‘xtadi. Chol:
— Gapni davom ettira vering, Shavkatbek! — dedi.
Shavkat cholning gapidan keyin aql-hushini to‘pladi va chol bilan xotinidan izza tortib, gapni davom ettirdi:
— Men kiyikni o‘rmonga quvlab kirdim, kechgacha qidirib topolmadim. Shu kuni o‘rmonda qoldim, ertasi yana izlab, topolmay, oxiri bir to‘qayzorga chiqdim. Bu joyda kiyikni tutolmaslikka aqlim yetgach, qaytib ketmoqchi bo‘ldim, biroq yo‘ldan adashdim, qayoqqa ketishni bilmay, tavakkal qilib bir tomonga qarab yura berdim. Oxirida sizning joyingizga keldim, — dedi. Shunda haligi eshik yana ochilib, boyagi sho‘x qiz yana bir chiqib ko‘rinish berdi va cholning “Ha, shum!” degan so‘zini eshitib, qah-qah urib kulib, yana qaytib kirib ketdi.
Shahzoda yana hushidan ketdi. Birozdan so‘ng shahzoda hushini to‘plab:
— Men o‘zimning kimligimni aytdim, endi gap navbati sizga keldi, —dedi. Chol:
— Bizning hikoyamiz har vaqt bo‘la veradi. Oldin o‘yin-kulgi qilib olish kerak, — dedi va qizlarni chaqirib, hammalari yana bog‘ sayriga ketdilar. Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Bog‘ sayridagi o‘yin-kulgilar vaqtida shahzoda juda shodlanib, chehrasi ochilar edi. Biroq shu kuni u qovog‘ini ochmadi, qizlar bundan tashvishlanib, “Mehmon nimadan xafalandi ekan?” deb uni xursand qilish uchun tobora yaxshi gaplar va yaxshi o‘yinlar ko‘rsatar edilar.
Biroq shahzoda ochilmas edi, ovqat vaqtlarida va bazmlarda ham u jilmayib kulmadi. Qah-qah urib kulib qochgan qiz uni maftun qilgan edi. Bir kuni shahzoda choldan:
— Siz ham kim ekanligingizni va bu kimsasiz joylarda bir o‘zingiz makon tutib o‘ltirganingizning sababini ayting! — deb yana so‘radi. Chol so‘zni boshqa yoqqa bursa ham, shahzoda unamadi, shunda chol o‘zining kim ekanini aytishga kirishdi:
— Men Hirot shahridan bo‘laman. Otam katta savdogar edi. Otamning bir qancha ming tuyasi bo‘lib, u Hirotdan boshqa shaharlarga va turli joylardan Hirotga mol keltirib sotar edi. Otam keksaydi, men o‘sib yigit bo‘ldim. Bir kuni otam meni o‘z qoshiga chaqirib aytdi:
— O‘g‘lim Sodiq! — endi yigit bo‘lding, aqling to‘la. Har ishni buyursam udda qila olasan. Men bo‘lsam qaridim, bundan buyon karvon bilan, shaharma-shahar yurish qo‘limdan kelmaydi. Endi men savdo ishlarimni senga topshiraman, sen shaharma-shahar yurib mening savdo ishlarimni o‘zing olib borgin! — dedi. Shunda men otamning izzatini joyiga keltirib:
— Xo‘p, otajon! Agar siz buyursangiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsangiz jon-dilim bilan qilaman! — dedim.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, shahrimizdan bir karvon Hindistonga jo‘namoqchi bo‘ldi. Otam yuz tuyaga mol ortib berdilar. Men yuz tuya molni olib, qancha tuyachilarim bilan Hindistonga jo‘nadim. Tuyalarga Hindiston aholisi suyadigan turli-tuman mollar ortilgan, oldi zarlar, iрaklar bilan yasatilgan edi.
Тuyalarning bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqlarning jarang-jurungi hamma yoqni buzib yuborguday bo‘lardi.
Biz shahardan shahar, qishloqdan qishloq oshib, oxiri keng sahroga chiqdik. Suvsiz, o‘t-o‘lansiz dashtlarda bir qancha kunlar yo‘l yurdik. Yo‘l azobini ko‘p ko‘rdik. Oxiri Hindistonga bordik. Bir shaharga yetib, har qaysi karvon bittadan karvonsaroyni egallab tushdik.
Shul kuni karvonga dam berdik. O‘zim saroyda bir hujrada turdim. Ertasi kuni bu shahar savdogarlari mollarimizga xaridor bo‘la boshladilar. Keltirilgan mollarni sotishga kirishdik. Shu kuni kech bo‘ldi, uxladik. Sahar o‘rnimdan turdim, yuvinib, namoz o‘qigani machitga kirdim. Namozni o‘qib bo‘lgach, odamlar shoshilgan holda tashqariga chiqa boshladilar. Men ham ularning orasida tashqariga chiqdim. Ko‘chada shu qadar odam ko‘pki, bo‘sh joy yo‘q. Bu odamlar orasida yosh bolalar, yigitlar, o‘rta yasharlar, qarilar, qizlar, kelinlar, xotinlar, kampirlar — hamma bor. Ular bir tomonga qarab oqib boradilar. Machitdan chiqqan kishilar ham o‘z uylariga qaytmay, shu olomonga qo‘shilib keta berdilar. Men: “Odamlar qayerga borar ekan?” deb, shularga aralashib keta berdim. Olomon yurib-yurib shaharning chekkasiga chiqdi. Oldinda qandaydir haybatli bir darvoza ko‘rindi. Kishilar shu darvozaga kirdilar, men ham kirdim.
Darvozaning ikki biqinida murti shopday, darg‘azab, yaroq taqingan kishilar turibdi. Ichkariga kirganda qarasam, juda keng bir maydon: bir tomoni uzun va baland devor. Uch tomoni daraxtzor. Maydonning bir tomonida qator ot mingan kishilar turibdi. Seryol, serdum, ko‘krakdor, gajak bo‘yin, novcha va semiz ko‘k otlarda bir-biridan chiroyli bir xil kiyimli yosh yigitchalar, otliqlar oldida qiр-qizil iрakda kamzul va shim kiygan, beliga tilla kamar bog‘lab, boshiga toj o‘rnatgan, o‘n sakkiz yashar bir yigit turibdi. Bu yigit shu qadar hushqomat, qora ko‘z, qora qosh, qizil yuz yigitki, misoli ikki yuzidan qon tomganday ko‘rinadi.
Bu maydonga kirgan odamlar maydonning bo‘sh joyiga kirib joylana berdilar. Odamlar kirib bo‘ldi. Men umrimda hali bu qadar ko‘p odamni ko‘rgan emas edim. Odamlar otliqlarga, ularning oldidagi qizil kiyimli yigitga qarab:
— Hay, attang! Juda ham yaxshi yigit ekan-da! —dedilar. Bunda turganlarning chehrasi g‘amgin, xafa. Hammasining og‘zida “Hay, attang, shunday yigit nobud bo‘ladimi?!” — degan so‘z.
Ba’zi qari kishilar va kampirlar yigitga qarab yig‘laydilar. Bu fursat menga juda qo‘rqinchli tuyuldi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin, otliqlar oldidagi qora otdagi qizil kiyimli yigit ilgariga qarab yurdi va bir joyga borib otdan tushdi. Shu joyda ikki ustunga katta bir nog‘ora o‘rnatilgan ekan, bola ustunga osilgan nog‘ora cho‘pni olib, nog‘orani uch-to‘rt urdi. Shu paytda odamlar maydonning bir tomonidagi devorga ko‘z tashladilar. Bu devorning ikki joyida darvoza bor. Darvozalardan birining devorlariga odam kallalari osib qo‘yilibdi. Nog‘ora tovushi chiqqandan keyin, darvoza ochildi va ichkaridan o‘n nafar yoshi o‘n to‘qqiz-yigirmalarga borgan, qora soch, qora qosh, qora ko‘z, oq badan va oq harirlarga o‘ralgan nozanin qizlar, yuzlarida tabassum bilan yugurgilab chiqdilar va yigitni o‘rtaga olib ichkariga olib kirib ketdilar. Bular kirgandan keyin darvoza ham yopildi. Shu payt olomon juda ham bezovtalandi. Oradan ikki soatcha o‘tdi. Ichkaridan karnay-surnayning mungli tovushi eshitildi, darvoza tezda ochildi. Shunda oldiga shapaloq-shapaloq qizil dog‘lar tekkan, oq ola yopqich tutgan, basharasi burishgan, afti xunuk bir kishi, o‘ng qo‘lida pichoq, chap qo‘lida boyagi yigitning kallasini qulog‘idan ushlab, qonini oqizib chiqdi va devordagi kallalar yoniga olib borib mixladi. Bu jallod ko‘rinishi bilan olomon orasida birdan qiy-chuv ko‘tarildi. Necha kishi: “Dod!” deb o‘zini yerga tashladi-da, hamma birdan “Voy attang, shunday yosh yigit o‘lib ketdi-ya!”—deyishdi. Ba’zi xotinlar: — “Voy seni onang tug‘may o‘lsin, seni jallodning qo‘liga yem bo‘lish uchun tug‘gan ekan-da!” deb yig‘lar va baqirar edilar. Jallod kallani devorga qoqib, ichkariga kirdi. Darvoza yopildi. Shunda odamlar ko‘z yoshlarini artib, yana kelgan tomonlariga tarqaldilar. Men ham karvonsaroyga borib, hujramga kirdim. Biroq shu vaqt ichida bo‘lib o‘tgan dahshatli voqeaning sababini anglamadim. Biror kimsadan gap so‘rash menga juda o‘ng‘aysiz tuyulgan edi. Shu payt ko‘cha tomondan:
— Illolloh! Yo do‘st! — degan tovush eshitildi, shoshilib tashqariga chiqdim. Qarasam, hassali bir mo‘ysafid ko‘cha tomondan “Hay attang, ey darig‘!” deb kelayotir. Bu kishi saroy hujralaridan birining qulfini ochib kirib ketdi.
Men cholning hujrasini chertdim. Chol kelib hujraning eshigini ochdi va: “Marhamat, bolam, marhamat!” dedi. Men ichkariga kirdim va chol bilan ko‘rishdim. Chol o‘rin ko‘rsatdi. O‘tirdim. Chol mening kirganimdan ajablanib:
— Bu g‘arib otangizning hujrasiga qanday shamol uchirib kirdi, mehmon bolam! — dedi. Men ham bunga yarasha javob qildim va birga so‘zlashib o‘tirdim. Chol meni choy-non bilan siyladi. Shunda men bu cholga o‘zimning musofirligimni bildirib, erta bilan bo‘lib o‘tgan fojianing sababini so‘radim. Chol:
— O‘g‘lim, siz musofir ekansiz. Bu voqeaning tagini bilmas ekansiz. Shu sababli bilmaganingizcha keta bering, men buni sizga aytmay ham qo‘ya qolay, — dedi.
Cholning so‘zini qaytarib “Aytsang ham aytasan!” deb turib olish o‘ng‘aysiz ko‘rinib, biroz o‘ylandim va o‘yimga kelgan narsani cholga:
— Ey, ota! Men shahringizga kelib shu voqeani ko‘rdim. Shahrimga qaytib borib ota-onalarimga, tanishlarimga so‘zlasam, ular buning sababini so‘rab qolsalar, “Men bilmayman” deb javob bersam yaxshi bo‘lmas, — dedim.
Chol mening so‘zimni chamalab ko‘rdi, ma’qul tushdi, shekilli:
— Bo‘lmasa, aytsam aytayin! — deb so‘z boshladi:
— Bizning podshohimizni shoh Salom deydilar. Shoh Salomning bir qizi bor. Uning oti Mohistara. Bu qiz, bilmadim, odamdan tug‘ilganmi, paridan tug‘ilganmi, go‘zallikda butun mamlakatda yagona. Hech qayerda bu qizdan o‘zadigan husndor qiz hali olamga kelgan emas. Bu go‘zal Mohistaraning ta’rif-tavsifi butun olamga ketgan. Bunga xushtor bo‘lmagan shohlar, shahzodalar, boylar va boyvachchalar qolmagan. Mohistaraga xushtor bo‘lgan yigitlar uning saroyiga kelib kiradilar. Unga ko‘rinish berib, arz-hollarini aytadilar. Mohistara yigitning oldiga shart qo‘yadi va: “Shu shartni bajarsangiz sizga xotin bo‘laman. Agar bajara olmasangiz o‘ldirtiraman!” deydi. Yigit Mohistaraning ishqida kuyib-yonib, o‘zini shamga urgan parvonaday, ko‘ziga oq-qora ko‘rinmay, shartni bajarishga ko‘nadi va bajara olmagandan keyin, jallodlar yigitning kallasini kesib, devorga qoqadi. Mohistaraning nomi ketgandan beri juda ko‘p kallalar kesildi. Kallalar kesila berganidan keyin, shoh Salom mamlakat ahli shu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ibrat olsin deb, qiziga sovchi kelgan kuni butun shaharga xabar beradigan bo‘ldi. Odamlar uning o‘rdasiga borib to‘planadi va fojiani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, dillari vayron bo‘lib qaytadi. Mana, bugun ham shunday fojia bo‘lib o‘tdi. Bugun kallasi kesilgan yigit Basra mamlakatining shahzodasi ekan, — dedi.
Men choldan voqeani anglab, cholga rahmat aytib, o‘z hujramga chiqdim.
Odamlarim mollarni sotib ham bo‘ldilar. Shahrimizga olib ketish uchun mol olishimiz kerak edi. Men bozorda yursam bir joyda bir kampir tugunni yerga qo‘yib:
— Shu tugunni kim o‘n ming tillaga sotib oladi?— deb, xaridor chaqiryapti. Men kampirdan:
— Ona, tugunda nima bor? — deb so‘radim. Kampir:
— Ichida nima borligi aytilmaydi. Bahosi o‘n ming tilla. Uyingizga borib ochasiz. Nima chiqsa, baxtingizdan! — dedi.
Men qiziqib, shu tugunni o‘n ming tillaga sotib oldim va shoshilganimcha hujraga olib borib ochdim. Ochsam, ichidan bir ko‘ylak chiqdi. Ko‘ylak nuqul zardan va oltindan ishlangan, tangachalar tikilgan xotinlar ko‘ylagi ekan. U shu qadar chiroyli tikilganki, men olamda shu qadar chevar tikuvchilar borligiga hayron qoldim. Ko‘ylakning u yoq-bu yog‘ini ko‘rdim. Ko‘ylakning old tomonida, ko‘kragida bir qizning surati bor. Ostiga “Malikai Mohistara” deb yozib qo‘yilibdi. Suratga qarab, bu qizning chiroyini ko‘rib, husniga mast bo‘lib, hushimdan ketib yiqilibman.
Bir vaqt hushimga kelib, ko‘zimni ochib qarasam, tepamda odamlarimdan va birga kelgan karvonboshilardan bir to‘dasi turishibdi. Ular mening ko‘z ochganimni ko‘rib:
— Ana ko‘zini ochdi. Xayriyat tirik ekan! — deyishdi. Ular meni oldin uxlayapti deb gumon qilib, indamabdilar. Keyin uyg‘otibdilar, turmaganimdan keyin yuzimga suv sochibdilar, ko‘zimni ochmabman. Men uch kecha-kunduz deganda hushimga kelibman. Ko‘zimni ochgandan so‘ng, ular mendan hol so‘rashdi. Men:
— Ko‘chada issiqda yurib kelib, shu ahvolga tushdim, — dedim va sir bildirmadim. Ular xursand bo‘lib, hujradan tarqalishdi. Ular ketgach, Mohistaraning suratini yana bir ko‘rish yuragimga orzu bo‘lib tushdi. Ko‘ylakni qo‘lga olib, suratga qarab, yana hushimdan ketibman. Bu safar ham uch kecha-uch kunduz deganda hushimga kelibman. Hushimga kelsam, yana tepamda sheriklarim, bu safar ham sirni ularga bildirmadim.
Men bilan birga kelgan karvonlar mollarini sotib bo‘lib, ketishga hozirlandilar. Ular tez-tez huzurimga kelib, mening ham tezroq hozirlanishim kerakligini aytar edilar. Biroq menga mol-dunyoning keragi yo‘q, faqat es-u hushim malikai Mohistarada edi. Oradan bir qancha kunlar o‘tdi. Sheriklarim yo‘l hozirligini ko‘rib, saharda jo‘nash uchun mening oldimga keldilar. Bunda men Mohistara oyimning xayolini surib, hujramda tuz totmay, ranglarim sarg‘ayib yotgan edim. Ular meni bu ahvolda ko‘rib hayron bo‘ldilar va menga “Qachon ketamiz?” deb savol berdilar. Men ularga:
— Sizlar keta beringiz, men ketmayman! — dedim. Sheriklarim mening so‘zimdan ajablandilar va holimning og‘irligini ko‘rib, ketmasligimning sababini so‘ray boshladilar. Men aytmadim, ulardan biri boshqa sheriklarni ketkazib, mendan astoydil hol so‘radi. Men voqeani unga bayon qildim va Mohistaraning saroyiga borishimni, uning shartini bajarishga ahd qilganimni aytdim. Shunda u odam:
— Ey birodar! Siz bilan biz musofirmiz, savdo ishi bilan kelganmiz. Eson-omon o‘z joyimizga yetib olaylik, qo‘ying bunday ishlarni. Mohistaraning ta’rif-tavsifini biz ham eshitdik. Unga xushtor bo‘lgan kishilar uning shartini bajara olmay o‘lar ekan, siz ham o‘lib ketmang, — dedi.
— Bir Mohistara uchun yuzta kallam bo‘lsa ham tikkanman. Mohistaraning shartini bajara olmasam, bir marta uning jamolini ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q! — dedim.
Sherigim ko‘p nasihatlardan so‘ng:
— Axir siz Mohistaraga xushtor bo‘lsangiz, odamlaringizni, bundagi mol, tuyalaringizni sarson qilib qo‘ymang. Siz kerakli mollarni oling, birgalashib jo‘naylik. Otangizning omonatlarini o‘ziga olib borib topshiring. Keyin bir o‘zingiz kelib, Mohistaraga oshiqligingizni qila bering! — dedi.
Sherigimning gapi menga ma’qul tushdi va jo‘nashga so‘z berdim. Shunda bu odam menga yordamlashib, yo‘l hozirligimga kirishdi. Oradan ikki kun o‘tgach, biz bu shahar bilan vaqtincha xayrlashib shahrimizga jo‘nadik. Bir qancha kun yo‘l yurib, boyagi poyonsiz qum sahrosiga borib yetdik. Charchagan yerlarda to‘xtab, dam olib, qumlar ichida borar edik. Bir kuni kechasi havo aynidi va asta shamol keldi. Shamol tobora kuchayib, sahroning qumlarini uchirib, hamma yoqni chang-to‘zon bilan qopladi. Shamolning shiddati va changning zo‘ridan tuyachilar va tuyalar yurishdan to‘xtadi. Тuyalarni to‘xtatdik va cho‘ktirib, ustlaridan yuklarni tushirdik. Shamol zo‘rayib, cho‘lning qumlarini boshqa tomonlarga ko‘chirib olib ketmoqda. Bu yo‘llarda ilgari ham yurib ko‘rgan tuyachilar vahimaga tushdilar, ular agar shamol zo‘rayib ketsa, hammamiz qumning ostida qolamiz deb xavflanar edilar. Hammamiz allaqanday qo‘rqinchli xayollarga cho‘mib o‘tirar edik. Shu payt uzoqdan bir qum quyuni paydo bo‘ldi. Bu quyun yerdan ko‘kka tegar, go‘yo yer bilan osmon o‘rtasidagi yo‘g‘on bir ustunga o‘xshar va ilondek buralib, kamonning o‘qidek shitob bilan kelar edi. Bu quyun yo‘lini biz tomonga qarab burdi va keldi-da, meni o‘rab, o‘zi bilan birga olib ketdi. Men quyunning ichida uchib ketayotib, o‘zimdan ketibman. Bir zamon o‘zimga kelib ko‘zimni ochib qarasam, shu bog‘dagi shu supada yotibman, tepamda bir qancha nozanin qizlar bor. Men bu ahvoldan “Ajinalar orasiga tushib qoldim shekilli”, deb juda qo‘rqib ketdim. Biroq qizlar:
— Qo‘rqmang, endi o‘rningizdan turing, yuvining! — dedilar. Men qo‘rqa-pisa o‘rnimdan turdim. Qizlar meni yuvintirdilar. Oppoq ust-boshlar kiygizdilar va juda ham go‘zal, nozanin bir qizning yoniga olib ketdilar. Qiz meni yaxshi qarshi oldi va kulib boqib, oldimga keldi-da, qo‘limdan yetaklab borib, oltin kursiga o‘tqazdi, o‘zi ham oltin kursiga o‘tirib, mening ko‘nglimni olish uchun noz-u istig‘no bilan har xil yoqimli so‘zlar ayta boshladi. Men nima voqea bo‘lganini bilmas edim, qo‘rqib, hadeganda gapira olmadim va qizning savollariga qarshi:
— Men qayerdaman? —deb so‘radim.
Qiz qah-qah urib kuldi va kelib qo‘limdan ushladi-da, turg‘izib, boshimni ko‘ksiga qo‘ydi, yuzimni asta silay boshladi, yana joyimga o‘tqazib gap boshladi:
— Ey go‘zal yigit, men parilar mamlakatida pari malikalaridan biri bo‘laman. Otim Sanobar. Parilar mamlakatida bir gunoh ish qilib qo‘yganim uchun malikalar malikasi meni shu joyga ko‘chirib yubordi. Men bu joyga oltmish yilga kelganman. Bu joylarni malikamiz qurib bergan. Bu qizlar mening xizmatimda. Men malikamdan birorta odamzodni topib, erga tegishga ruxsat olganman. Kelganimdan beri ko‘p joylarni qidirib, ko‘nglimga to‘g‘ri kelgan yigitni uchratmadim. Bu kun cho‘lda kaptar bo‘lib uchib yurganda sizni ko‘rdik va quyun bo‘lib borib olib keldik. Siz cho‘lda qolgan mol-dunyolaringizdan qayg‘urmang. Ular eson-omon otangizning qo‘liga borib tegadi. Bizda otangiznikidan ham ko‘p mol-dunyolar bor. Endi gap shulki, siz meni nikohingizga oling. Ikkimiz shu joyda rohatda yashaylik, — dedi. Men qizning gapidan so‘ng voqeani angladim va ancha dadillandim. Endi nima qilmoq kerak? — deb o‘ylandim. Qiz esa, mening atrofimda par-vona bo‘lib, qanday qilib bo‘lsa ham meni ko‘ndirish harakatida edi. Men o‘ylana-o‘ylana o‘z-o‘zimga dedim:
— Men Mohistara oyimni yaxshi ko‘rdim. Mening fikr-yodim unda edi. Unga yetishim xatarli, baxtim yo‘l berib yetishsam yetishaman, yetishmasam o‘lib ketaman. Bu qiz pari bo‘lsa, buning husni ham o‘n to‘rt kunlik oyday, bir mamlakatga bergisiz qiz ekan.
Shu kuni men bunda mehmon bo‘ldim. Meni juda ham siylab, yaxshilab ziyofat qilishdi. Ertasi Sanobar oyimga nikohladilar. Men u bilan bunda rohatda yashay boshladim. Shundan beri oradan qirq yil o‘tdi. Unda yoshim o‘n sakkizda edi, hozir ellik sakkizga kirdim. O‘sha Sanobar oyim mana bu kishi, — deb yonidagi boyagi nozanin xotinni ko‘rsatdi, xotin kulimsirab yerga qaradi va chol so‘zini davom etib: — Bundan bir qiz tug‘ildi! — dedi.
Shul payt boyagi eshik ochilib, yana ilgari chiqib jilva berib qochib kirib ketgan go‘zal qiz chiqdi-da, yana kirib ketdi.
Chol shu qizni ko‘rsatib, “O‘sha mening qizim. Bu qiz shu qadar sho‘x bo‘ldiki, goho gul bo‘lib ochilib, tepasida bulbul bo‘lib sayraydi, goho kaptar bo‘lib uchadi, goho baliq bo‘lib suvda suzadi. Goho kiyik bo‘lib tog‘larga chiqib ketadi. Siz ov qilib yurganda, sizga ko‘ringan kiyik ham shu mening qizim. U sizni yaxshi ko‘rib, sizni bu yerga ergashtirib kelgan. Siz turgan yer bilan bu yerning oralig‘i bir yarim oylik yo‘l”, dedi.
Shunda Shavkat uyalinqirab yerga qaradi. Qiz yana ko‘rindi, otasi uni: “Ha, shum! Akangni bu qadar qiynamasdan, to‘g‘ri boshlab kela bersang bo‘lmasmidi?” — dedi.
— Endi, o‘g‘lim, siz bu joyga kelibsiz. Bizning qizimiz sizga bo‘lsin. Siz bizga kuyov bo‘ling, birga shu joyda yashaylik! — dedi.
Shavkat cholning boshidan o‘tkazganlarini eshitib, ichida unga tahsinlar aytdi va kiyik qiyofasida o‘zini ergashtirib kelgan qizga yanada mehr qo‘ya boshladi. Lekin u cholning taklifiga biror javob aytmadi.
Shu payt qizlar tushlik ovqat tayyor bo‘lganini aytdilar. Shahzoda, chol, uning xotini Sanobar oyim va hamma qizlar kelib o‘tirdilar. Chol qizlardan biriga:
— Sayyoraga aytingiz, akasidan uyalmay chiqa bersin! — dedi. Sanobar oyim esa: “Qo‘ying, uyaladi!” dedi.
Cholning gapiga qarshi aytilgan bu gapga shahzoda ichida juda ham norozi bo‘ldi. Shu payt u qizlarga qarab: “Kiring, olib chiqing!” degisi keldi-yu, biroq bunday deyish mumkin emasdi.
Sanobar oyim “uyaladi” degandan keyin qizlardan biri: — Uyalsa bizning yonimizda o‘tirar-da, olib chiqaylik! — dedi va uyga kirib ketdi.
Katta hovlidan o‘tib kiriladigan shinamgina bog‘chada cholning “kiyik” qizi Sayyora oyim o‘z kanizaklari bilan o‘yin-kulgiga mashg‘ul edi. Qiz borib Sayyora oyimni shahzoda bilan birga ovqatlanishga taklif qildi. “Kiyik” qiz uyalishini aytsa ham, qizlarning qistovi bilan chiqishga majbur bo‘ldi. Тashqaridagilarning shahzodadan boshqasi beparvo, har qaysisi o‘z gapi bilan, biroq shahzodaning fikri yodi “kiyik” qizda va ko‘zi o‘shal eshikda edi. Qizning uydan chiqishi subh sodiq bo‘lib, tog‘ning narigi yog‘idan asta-sekin quyosh zarralari butun olamga namoyon bo‘layotganday tuyular edi. Kun ham chiqib, butun olam munavvar bo‘ldi. Uning atrofidagi sayyoralar quyoshni olqishlab keldilar. O‘ltirganlar ularga kulib boqdilar. Quyosh — Sayyora uyalgan, qizargan va yerga qaragan holda, goho orqaga qarab kulib, qochmoqchi, goho kaptar bo‘lib uchib ketmoqchi bo‘lib, qadamini shiddat bilan bosib keldi, marmar supaga chiqib, shahzodaga: “Keling, mehmon!”— dedi-da, qizlarning orasiga borib o‘tirdi. O‘ltirganlar ovqatlanishga boshladilar, bu shunday bir zavqli payt bo‘ldiki, shahzodaning nazarida butun tabiat tabassum bilan unga “qayliq muborak!” deyayotganday; bulbullar, to‘ti va qumrilarning sayragan ovozlari yor-yor kuyini kuylayotganday tuyuldi. Sayyora bilan shahzodaning ko‘zlari tez-tez bir-biri bilan uchrashishda davom etdi. Ovqatdan so‘ng Sayyora shahzodaga ko‘z qirida “xayr” dedi, yana o‘z ravzasiga kirib ketdi.
Shahzoda bilan Sayyoraning bu nozik muomalalarini payqagan Sanobar pari ko‘nglida juda ham shodlandi. Chol bilan suhbatlashib o‘tirgan shahzoda:
— O‘sha ko‘ylakni nima qildingiz? —deb so‘radi.
— Ul ko‘ylakni yo‘qotganim yo‘q, uyda turibdi, — deb javob berdi chol.
Shunda shahzoda choldan o‘sha ko‘ylakni ko‘rsatishni so‘radi. Chol Sanobar oyimning lab va qovog‘i bilan: “bo‘lmaydi!” degan ishorasidan keyin:
— Bolam, qo‘ying, ko‘rmay qo‘ya qoling! — dedi.
Shahzoda yana bu joyda bir qancha kun turdi. Har kuni qizlar bilan suhbatlashdi. Sayyora bilan doim birga bo‘ldi. Sayyoraning oydek jamoli va o‘tdek so‘zlari shahzodani juda ham maftun qildi, uning Sayyoradan hech ajralgisi kelmas edi. Chol bilan xotini esa, endi Sayyora bilan shahzodani nikohlash fikriga tushgan edilar. Sanobar oyim bir kuni qizlar bilan kaptar bo‘lib, atrofni tomosha qilib kelmak uchun uchib ketdilar. Chol yakka qoldi. Shahzoda shu paytdan foydalanib, boyagi ko‘ylakni ko‘rsatishni choldan so‘radi. Chol qancha qaytarsa hamki, shahzoda qistay berdi. Oxiri chol tugunchani olib chiqib shahzodaning oldida yechdi. Тugundan bir ko‘ylak chiqdi. Chol ko‘ylakni shahzodaga ko‘rsatdi. Shahzoda ko‘rsa, ko‘ylak haqiqatan qimmatbaho va juda ham yaxshi tikilgan. U shu ko‘ylakni Sayyoraga kiygizib, uning jamolini va qaddini tomosha qilishni xotiridan o‘tkazdi. Shahzoda ko‘ylakning u yoq-bu yog‘ini tomosha qilayotib, old tomonda, ko‘kragidagi Mohistaraning suratiga ko‘zi tushdi. Shahzoda suratga qarasa, shunday go‘zal bir qizki, bu husnning oldida Sayyoraning husni hech narsa emas. Mohistara katta bir uyni yoritib turgan ravshan chiroq bo‘lsa, Sayyoraning chiroyi uning oldida xira chiroqdek ko‘rindi, uning husniga mast-alast bo‘lib, hushidan ketib yiqildi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, shahzoda hushiga keldi. Qarasa, tepasida chol, uning xotini va qizlar juda xomush bo‘lib turibdilar. Sanobar pari cholga: “Men sizga ko‘ylakni ko‘rsatmang, deb ko‘p tayinladim. Nega ko‘rsatdingiz! Mana endi nima bo‘ldi!” — deb g‘azab qilib turibdi. Chol xafa. Sayyora esa ikki ko‘ziga yosh olib, yig‘layapti.
Shahzoda hushiga kelgandan so‘ng, hammalari suyundilar. Biroq shahzodaning muhabbatini Mohistara o‘ziga tamom tortgan edi. Shu sababli u Sayyoraga nazar ham solmadi va yana bir marta ko‘ylakni ko‘rsatishni so‘radi. Lekin ko‘ylakni ko‘rsatmadilar. Shu paytdan boshlab, shahzodaning vajohati o‘zgardi. U ilgarigidek lab ochib gapirmadi, qovoq ochib kulmadi, uning bu ahvolidan hammalari tashvishda edilar. Ayniqsa, Sayyora juda ham bezovta bo‘ldi. Ertasi shahzoda cholga:
— Otimni beringiz! Men ketaman, — dedi. Biroq chol otini bermadi va qanday qilib bo‘lsa ham uni ovutmoq harakatiga tushdi. Sanobar oyim xafa bo‘lib, tez-tez choldan o‘pkalar, ko‘ylakni ko‘rsatgani uchun tanbeh berar edi.
Oradan yana ikki-uch kun o‘tdi. Bu orada shahzodaning xafachiligi yozilmadi. Sayyora unga qanchalik yalingan, yolvorgansimon muomalada bo‘lsa ham shahzoda bunga parvo qilmadi. Shahzodaning fikri-yodi tamoman malikai Mohistaraga ketdi. Bir kuni shahzoda ketishga astoydil harakat qilib, otini talab qildi. Otini bermaganlaridan so‘ng “Bo‘lmasa piyoda ketaman” dedi. Shunda chol otni berishga majbur bo‘ldi va otni keltirib, shahzodaga to‘g‘ri qildi, shahzoda xayrlashish oldida cholga:
— Ota, siz menga ko‘ylakni ko‘rsatdingiz, men ko‘ylakdagi suratni ko‘rib, malikai Mohistaraga g‘oyibona oshiq bo‘ldim. Endi men Mohistarani izlab boraman. Siz menga Mohistaraning yurtiga borish yo‘llarini aytib bering! — dedi. Chol aytdi:
— Ey, bolam, siz u yerlarga yakka o‘zingiz borolmaysiz. U ko‘p uzoq shahar, yo‘llari juda xatarli. Shuning uchun men u yerga borishni sizga maslahat bermayman. Shahzoda aytdi:
— Agar sizga yo‘lni aytib berish malol kelsa, mayli, tavakkal qilib keta beraman! — dedi.
Chol ko‘rdiki, shahzoda yo‘ldan qaytmaydi. Endi bunga yo‘lni tayinlab bermasam, yosh yigit biror joyda nobud bo‘lmasin, deb Hindistonga boradigan yo‘llarni tushuntirdi. Shunda shahzoda choldan, Sanobar oyimdan bergan tuzlariga rozi bo‘lishni, qizlardan esa qilgan yaxshiliklariga rozi bo‘lishlarini so‘radi. Biroq Sanobar oyimning roziligi bo‘lmadi. Shunday qilib shahzoda bular bilan xayrlashib jo‘nadi. Sayyora esa suygan yoridan ajrab, og‘zida oshi, ko‘zida yoshi bilan qoldi.
Shahzoda otini o‘ynatib, so‘lug‘ini chaynatib, yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Oradan olti kun o‘tganda bir tog‘ga yetib bordi. Тog‘ juda azim ekan. Shahzoda tog‘ning u yoq-bu yog‘iga boqib, qoraygan bir narsani ko‘rdi. U shu qoraygan tomonga yetib bordi. Borsa, tog‘ning pastida o‘n-o‘n besh tup daraxt bor, daraxtlarning tagida bir qo‘rg‘oncha, ichida ikkita chordevor uy. Тog‘ning bir joyidan suv teshib chiqib, nov bilan pastga tushib turibdi. Undan ariq bo‘lib oqib, qo‘rg‘onchaga kiradi, undan chiqib, pastga qarab oqib ketyapti.
Shahzoda otdan tushdi va qamchisi bilan qo‘rg‘onchaning eshigini qoqdi. Biroz o‘tgach, qo‘rg‘onchadan eshikni ochib bir chol chiqdi.
Chol qarasa, qora yol, qora dum, qilichbo‘yin, sag‘risining ustiga tuxum qo‘ysa turadigan, beldor saman otini yetaklab, boshida shahzodalar kiyadigan toji, egnida harir va kimxob ust-boshlar, qilich-yarog‘ taqqan, yoshi o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz o‘rtalarida barkamol bir yigit turibdi. Yigit cholni ko‘rib ta’zim qildi, otning yuganini qo‘yib yuborib, kelib cholga qo‘l berdi. Chol ham u bilan ko‘rishib, otni ushladi va ichkariga olib kirdi. Chol shahzodaning otini daraxtga bog‘lab, uyidan bir po‘stak chiqarib ariq bo‘yiga yozdi, shahzodani shu joyga o‘tqazib, “Xush kelibsiz” dedi. So‘ngra bir choydish qaynatib, ikkita qotgan non, pishirilgan kaklik go‘shti bilan mehmon qildi va u bilan suhbatlashib o‘tirdi. Shahzoda choydan so‘ng cholga aytdi:
— Ota, men yo‘l yurib kelib charchaganman. Agar malol kelmasa, shu joyda biroz mizg‘isam! —dedi. Chol:
— Jonim bilan, bolam. Yo‘l azobi go‘r azobi deganlar. Uxlab, hordig‘ingizni chiqaring, — dedi va uyidan ikkita lo‘la bolish chiqarib shahzodaning boshiga qo‘ydi.
Shu kun o‘tdi, tong ham otdi, biroq chol shahzodani juda ham xafa va dardli ko‘rdi. Chol aytdi:
— Bolam, biz shahardan yiroq shu tog‘larda ota-bobolarimizdan qolgan yerlarda yashab kelamiz. Biz o‘lib ketsak, bolalarimiz qola beradi. Mana men shu joyda bir xotin va bir o‘g‘lim bilan turaman. Uch kun bo‘ldi, bolalar elga ketishgan. Bizning tirikchiligimiz ov bilan. Siz dam olib o‘tiring. Men ovga borib sizning rizqingizga nima tushsa, olib kelaman, — dedi. Shahzoda ovga qiziqar edi. Cholning gapini eshitib:
— Bo‘lmasa, meni ham olib bormaysizmi! — dedi.
Chol bilan yigit ov qilish uchun tog‘ga chiqib ketdilar. — Chol yo‘l-yo‘lakay o‘z xotiralarini aytib borar edi.
Shahzoda goho diqqat bilan tinglar, goho o‘z-o‘zidan uh tortar edi. Shu kuni kechgacha kaklik otdilar. Kechga yaqin tog‘ning baland bir joyidagi toshning ustida qulog‘ini ding qilib, butun atrofga ko‘z tashlab turgan bir kiyikni ko‘rdilar. Shahzoda kiyikni otmoqchi bo‘ldi. Chol uni otish juda qiyinligini aytdi. Shunda shahzoda bir toshga suyandi, kiyikni mo‘ljallab otdi. Kiyik tosh ustidan pastga qarab to‘ntarilib tushdi. Chol shahzodaning merganligiga qoyil qoldi, ikkisi borib kiyikni ko‘tarib keldilar.
Shunday qilib oradan uch-to‘rt kun o‘tdi, bir kuni shahzoda cholga o‘zining ketishini aytib, Hindistonga qaysi yo‘l bilan borish ma’qul ekanini so‘radi. Chol undan Hindistonga borish so‘zini eshitib, Hindiston yo‘lining uzoq va xatarli ekanini, bir kishi borishi mumkin emasligini aytdi. Biroq shahzoda uchun hech qanday xavf-xatar pisand emas edi. Shu sababli ketishga qat’iy qaror qilganini aytdi. Shunda chol ikki mesh suv va oziq-ovqatlar berib shahzodani Hindistonga jo‘natdi.
Shahzoda cholning tayinlagan yo‘li bilan ikki kecha, ikki kunduz yo‘l yurgandan so‘ng tog‘ tugadi va poyonsiz bir biyobonga borib taqaldi. Shahzoda shu cho‘lga qarab ot soldi. Rosa uch kecha-kunduz yo‘l yurgandan so‘ng qumli cho‘lga kirdi. O‘n besh kun yo‘l yurdi. Bir kuni otining orqasiga qandaydir bir narsa irg‘ib mindi va shahzodaning boshiga bir shapati urdi. U shapatining qattiqligidan shahzodaning ko‘zidan o‘t chaqnaganday bo‘ldi. Shahzoda hayron bo‘lib orqasiga qarasa, bir maxluq mingashib olibdi. Har ko‘zi shokosaday, burni yalpoq, junlari qarichga keladi, odam desa odamga, maymun desa maymunga o‘xshamaydi. Shahzodaga qarab goho hiringlab kuladi, goho og‘zini irjaytirib, tishlarini g‘ijirlatib irillaydi. Shahzoda: “Qanday maxluqqa duch keldim, buni nima qilsam bo‘ladi!” deb o‘yladi. Goho biror narsa demaslik va tegmaslik fikriga, goho o‘ldirish fikriga keldi. Shunda bu maxluq ot ustiga tikka chiqdi, ikki qo‘lini shahzodaning yelkasiga solib, uning ustiga mindi. Shahzoda qarasaki, bu maxluq bor kuchi bilan shahzodani ezib boryapti va shunday qo‘yib bersa, ezib majaqlaydigan. Buni ot payqab, quloqlarini chimirib, etlari dir-dir uchib, pishqirib, dikir-dikir sakrab borar edi.
Shahzoda bu maxluqning ikki qo‘lidan mahkam ushlab bor kuchini yig‘ib qattiq siqdi-da, otdan ko‘tarib yerga bir urdi. Shunda bu maxluqning bir oyog‘i sinib, qiyqirgan bo‘yicha qochib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shahzoda bu balodan qutulganiga shukrlar qildi. Oradan biroz vaqt o‘tgandan keyin orqasidan duvur keldi. Shahzoda otni burib qarasa, qumni changitib bir to‘da maxluqlar kelyapti. Shahzoda haligi baloning sheriklari deb gumon qildi. Qochay desa, yetib oladi. Qochmayin desa, ulardan bir shikast yetishi mumkin. Shunda shahzoda tavakkal qilib bu maxluqlarga qarab ot soldi. Haqiqatan, haligi maxluqning yuzga yaqin sheriklari ekan. Kelishib shahzodani o‘rab oldilar. Bu maxluqlar yo shahzodaga yaqinlashmaydi, yo oradan chiqarmaydi. Shahzodani uch kecha-kunduz qamrab yurdilar. Oxiri shahzoda bulardan qutulish qiyin ekanini bildi va yonidagi qilichini chiqarib, tavakkal qilib ot soldi, ular bilan olishib, ko‘plarini o‘ldirib, yarador qilib, bazo‘r qutuldi. Shahzoda yo‘l-yo‘lakay cho‘lning turli vahshiylariga yo‘liqib, ular bilan olishib boraverdi. Oradan bir oy vaqt o‘tdi. Meshdagi suv ham tugadi. Cho‘l qizigan vaqtda qizigan qozonday o‘tli bo‘ladi. Peshinda ot ham, shahzoda ham hushsizlanadi, kechasi shabada esib, yerlar soviganda hushiga keladi, vaqtni g‘animat bilib jo‘naydi. Kunduzi yana hushidan ketib yiqiladi; tunda hushiga kelib, yana yo‘l yuradi. Shu ahvolda o‘n besh kun yo‘l yurgach, shahzodaning oti o‘ldi. Shahzoda qattiq xafa bo‘ldi, noiloj piyoda yurdi. Yana o‘n besh kun yo‘l bosdi. Bir kuni kechasi bir narsaning tovushi eshitildi. Orqasiga burilib qarasa, butun atrofdan chirillagan ovoz keldi. Bu ovoz tobora yaqinlasha boshladi. Shahzoda vahimaga tushib tez-tez yurdi va bir qumtepa ustiga borib yetdi. Uning oldidan bahaybat ilonlar o‘ta berdi. Shahzoda tong otguncha shu joydan jilmadi. Saharga borib subh kozib1 yaqinlashganda ilonlar qaytib o‘tdi. Ular ketishda ham, kelishda ham tepalikka chiqmadilar. Erta bilan shahzoda yana yo‘lga tushdi. Shahzoda qancha ko‘p yo‘l bosmasin, cho‘lning qirg‘og‘i hech ko‘rinmas edi. “Yo‘l yura beray, ishim o‘ngidan kelsa, chiqib ketarman, o‘ngidan kelmasa, o‘lsam o‘larman!” dedi-da, keta berdi.
Oradan bir qancha kun o‘tgandan so‘ng uzoqdan bir qora ko‘rindi. Shahzoda shu qoraga qarab yurdi. Bir qancha vaqt yo‘l yurgandan keyin ko‘ringan qoraning daraxt ekani bilindi. Borib qarasa, yerdan buloq qaynab chiqib, katta ariq bo‘lib ketyapti. Buloq atrofida bir qancha daraxt bor. Daraxtlarning shoxlari yerga soya solib turibdi. Shahzoda suvga yetib kelolmasdan o‘n qulochcha narida madorsiz yiqildi. Biroz vaqtdan so‘ng o‘ziga kelib zo‘rg‘a suvga yetdi, xursandligidan ko‘zlaridan yoshlari oqib, to‘yib suv ichdi, shu joyda orom olib uxladi. Ertasiga turib qarasa, juda ozib-to‘zib ketibdi. Shahzoda yaxshilab yuvindi. Holsizlangan oyog‘iga tosh qizdirib bosdi va o‘simliklarni siqib bog‘ladi. Shundan shifo topib oyoqlari tuzala boshladi. Shahzoda besh-olti kunda o‘ziga kelib, biroz tetiklashdi.
Bir kuni havo aynidi. Osmonni qora bulut bosib, butun olam qorong‘ulashdi. Bir soatdan so‘ng qorong‘ilik tarqab, uzoqdan to‘rtta quyun paydo bo‘ldi. Bu quyun shahzoda turgan tomonga qarab jo‘nadi. Quyun yaqin kelganda tarqaldi, orqasidan bo‘yi bulutga tegadigan, har burni xumdonning minorasiday to‘rtta dev chiqib keldi. Shahzoda devlardan qo‘rqqanidan daraxtga chiqib ketdi. Devlar buloq bo‘yiga kelib, uzala tushib yotishdi. Shahzoda qo‘rqqanidan daraxt shoxini quchoqlab, jim tura berdi.
Bir zamon devlardan biri gap boshladi:
— Ukalar, endi biz bir ittifoqqa kelmasak bo‘lmaydi.
Yana bir dev aytdi:
— Ittifoqqa kelishimiz juda qiyinga o‘xshaydi.
— Nimaga?
— Men olaman, deganimni sen olaman deysan; sen olaman desang, mana bular biz olamiz deb talashadi. Qanday qilib ittifoqqa kelamiz.
— Endi bizga xolis bir kishi kerak bo‘lib qoldi. Shu kishi hech birimizning gapimizga quloq solmasdan, mana bu senga, mana bu unga deb bo‘lib bersa, chekingga chiqsa chekchayma deganday, har qaysimiz o‘zimizga tekkanga rozi bo‘lib keta bersak.
Bu gap boshqa devlarga ham ma’qul tushib:
— Bu juda to‘g‘ri maslahat, lekin shunday xolis kishini qaydan topamiz? — dedilar. Haligi gapni aytgan dev:
— Xolis kishini topish qiyin emas, hozirning o‘zida topamiz, — dedi-da, daraxtdagi shahzodaga qarab:
— Hoy, shahzoda, pastga tush! — dedi. Shunda shahzoda bu so‘zni eshitib, juda ham qo‘rqib ketdi. Dev aytdi:
— Biz senga ziyon yetkizmaymiz. Тush! Hojatimizni chiqar! Biz ham sening hojatingni chiqaramiz, — dedi.
Shahzoda qo‘rqqanidan tushish u yoqda tursin, devning gapiga gap ham qaytarolmadi. Devlar kutdi. Shahzoda tushmadi. Shunda devlardan biri yotgan joyidan turmasdan qo‘l uzatdi, shahzodani ko‘tarib yerga qo‘ydi. Yumshoq gaplar gapirib, shahzodani ko‘ndirdilar. Shunda shahzoda:
— Nima hojatlaring bor? — dedi. Devlardan biri:
— Biz to‘rttalamiz og‘a-ini bo‘lamiz. Otamdan bizga bir telpak, bir gilamcha, bir kamon, bir oltin jom meros qolgan.
Shuni to‘rttalamiz to‘rt yildan beri bo‘lib ololmay janjaldamiz. Sen shu narsalarni bizga bo‘lib bergin! — dedi.
Shahzoda devlarning shu arzimaydigan narsalarni bo‘lolmasligiga hayron qolgan edi, devlar unga shunday izoh berishdi:
— Bu narsalarning xosiyati zo‘r. Mana bu telpakni kim kiyib olsa, kishining ko‘ziga ko‘rinmaydi. Gilam ustiga o‘tirib ”ko‘tar!” desa, osmonga ko‘tarib chiqadi va butun dunyoni sayohat qildiradi.
Mana bu jomga suv quyib, shu suvga qarab nima desang, aytganing bo‘la beradi. Mana bu kamonga o‘q solib otsang, ko‘zlagan yeringga tegadi, tekkan narsasini birga qaytarib o‘zingga olib kelib beradi.
Shunda shahzoda, unday bo‘lsa buni qanday qilib bo‘lsam ekan, deb ko‘p o‘yladi va devlarga aytdi:
— Men shu to‘rttala narsani a’lo avsat1 qilib bo‘laman. Chunonchi: qalpoq — birinchi, gilamcha — ikkinchi, jom — uchinchi, kamon — to‘rtinchi bo‘ladi. Men shu kamonga to‘rtta o‘q solib otaman. Hammang barobar chopasan. Qaysi biring o‘qni tutib, oldin kelsang, qalpoqni olasan. Ikkinchi kelganing gilamchani, uchinchi kelganing jomni, to‘rtinchi kelganing kamonni olasan, — dedi.
Bu gap devlarga juda ma’qul tushdi. Shunda shahzoda yoyga to‘rtta o‘q soldi va bir chekkaga chiqib otishga hozirlandi va o‘qlarga qarab:
— Ey, o‘qjonlar, men sizlarni otaman, birortang ham devlarga yetkizmagin va biror joyda to‘xtamay uchib yura bergin! — deb to‘rtta o‘qni to‘rt tomonga qaratib otdi.
Devlar o‘q ketidan chopib g‘oyib bo‘ldilar. Shahzodaning o‘zi bu narsalar bilan qoldi. Shahzoda g‘animat fursatni qo‘ldan bermadi; narsalarni oldi, gilamni yozib ustiga o‘tirdi va gilamga: “Meni malikai Mohistaraning shahriga yetkazgin!”— dedi. Gilam shahzodani ko‘tarib osmonga olib chiqib ketdi va tez orada bir shaharga kelib qo‘ndi. Shahzoda gilamdan yerga tushdi, gilamni buklab qo‘ltiqqa urdi va asta-sekin shaharga kirdi. Shahardagi bir karvonsaroyga tushdi. Shahzoda kamonni va qalpoqni qoziqqa ildi. Gilamni va jomni tokchaga qo‘ydi. U necha oylardan beri oziq-ovqatning yuzini ko‘rmagan, och va oriq edi. Hujrada o‘tirib bir ovqatlangisi keldi. Biroq ovqatga puli yo‘q edi. Shunda jomni ko‘tarib tashqariga chiqdi. Saroy o‘rtasidagi hovuzdan jomga suv to‘ldirib hujraga kirdi va:
— E jom, bir xalta tilla hozir bo‘lsin! — dedi. Shu ondayoq bir xalta tilla hozir bo‘ldi. Shahzoda bu tillalarni katta-katta sarf qilib, qorinni to‘qladi, ustini butladi va tabiblarga boqizib, yara-chaqalarini tuzatdi.
Bir kuni shahzoda hujrada uxlab yotganda qulog‘iga qattiq bir ovoz kirib uyg‘ondi. Quloq solsa, karnay-surnayning ovozi keldi. Shahzoda: “Bu tunda nega karnay-surnay chalinadi, yo birovga to‘y keldimi!?” deb o‘rnidan turdi va kiyinib tashqariga chiqdi. Qarasa, saroyning tomida qirq karnaychi, qirq surnaychi, qirq bolobomchi, qirq nog‘orachi chalib yotibdi, bularning ovozi hamma yoqni buzib yotibdi. Biroq cholg‘uchilardan boshqa hech kim yo‘q. Shahzodaning uyqusi kelmadi. So‘fi azon aytdi. Shahzoda machitga kirdi. Odamlar bilan namoz o‘qidi. Shahzoda ham boshqalar bilan ko‘chaga chiqsa, ko‘cha to‘la odam, yosh-qari hammasi shoshilganicha, kech qolgan bozorchiday bir tomonga ketib bormoqda. Machitdan chiqqan odamlarga qo‘shilib shahzoda ham keta berdi. Kecha Mohistaraning shartini bajarishga kelgan yigitning taqdirini bilish uchun odamlar podshohning o‘rdasiga qarab borayotgan edi.
Olomon podshoh o‘rdasiga yetib bordi. Yoshi o‘n sakkiz-o‘n to‘qqizdagi bir barno yigit hozir bo‘ldi va maydonning o‘rtasidagi nog‘orani chaldi. Shu payt darvoza ochilib, undan oppoq iрakka o‘rangan, “mana men” degan bilqillama nozik qizlar chiqishdi, yigitni o‘rdaga olib kirib ketdilar, darvoza bekildi. Xalq esa, hayajonga tushib, uning taqdirini kutdi. Oradan bir soat o‘tgandan keyin jallod bir kallani ko‘tarib chiqdi va xaloyiqqa ko‘rsatib devorga mixladi. Shu payt xaloyiq o‘rtasida dod-voy ko‘tarildi, kampirlar “dod!” deb o‘zini yerga urdi. Xaloyiq o‘z joyiga tarqab ketdi. Shavkat bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, Mohistaraning o‘rdasi shu ekanini bilib, hujrasiga qaytdi. Oradan bir qancha kun o‘tdi. Shahzoda hujrada yotib dam oldi va biroz o‘ziga keldi. Bir kuni malikai Mohistaraning o‘rdasiga borishga qaror qildi. Kamonini bo‘yniga taqdi, jomni va qalpoqni gilamchaga o‘rab qo‘ltiqqa qisdi, asta-sekin Mohistaraning o‘rdasiga ravona bo‘ldi. O‘rdaga ham yetdi. Shu joyda biroz turdi. Lekin bundan bir qancha kunlar ilgari necha o‘n minglab kishilar bilan to‘lgan bu maydonda endi shahzodaning bir o‘zidan boshqa hech kimsa yo‘q edi. Shahzoda nog‘oraning ostiga keldi va chala boshladi.
Mohistara o‘rdada qirqin qizlari bilan o‘yin-kulgiga mashg‘ul, otasi ham o‘z xonasida allanimalarni o‘ylab o‘tirar edi. Birdan nog‘oraning tovushini eshitdilar. Shunda Mohistara:
— Yana qanday kuni bitgan keldi?! — dedi.
Otasi shoh Salom: “Yana qanday sho‘rli otaning o‘g‘li keldi ekan!” dedi va bezovtalandi. Mohistara mag‘rurona kular, qizlar va boshqa o‘rda ahllari yana tashvishga tushgan edilar. Nihoyat, Mohistaraning odamlaridan biri o‘rda darvozasini ochib maydonga chiqdi. Maydon kishilardan xoli, biroq kimdir hadeb nog‘ora qoqish bilan mashg‘ul. Bu kishi nog‘oraning tagiga bordi va shahzodani ko‘zdan kechirdi, unga birmuncha vaqt qarab-qarab, kulimsirab so‘radi:
— Ha, birodar! Nima uchun nog‘orani qoqasan?
Shahzoda aytdi:
— Men malikai Mohistaraga oshiq bo‘lib keldim. Uning huzuriga kirib oshiqligimni izhor qilmoqchiman, — dedi. Mohistaraning kishisi o‘rdaga kirib:
— Ey malikam! Maydonga bir devona kelibdir. Bo‘ynida kamon, qo‘ltig‘ida eski-tuski narsalari ham bor. “Men malikai Mohistaraga oshiq bo‘lib keldim. Uning huzuriga kirib, oshiqligimni bayon etmoqchiman!” deydi, — dedi.
Malikai Mohistara oyim muloyim kuldi va: “Unday devonalarga yo‘l bo‘lsin!” dedi.
Shahzoda nog‘oraning tagida kutdi. Biroq kirib ketgan kishidan darak bo‘lmadi. U yana nog‘orani chaldi. Biroq Mohistara unga parvo qilmadi. Mohistaraning otasi o‘z mulozimlaridan biriga nog‘ora chalayotgan kishini olib kirishni buyurdi. Mulozim shahzodani ko‘rib, ermaklagan kabi jilmaydi va uni o‘rdaga boshladi. O‘rdaning ichi keng hovli, butun yerlar marmardan ishlangan. Atrofda naqshinkor uylar, qarshida alohida bir uy bor. Mulozim shahzodani shu uyga boshladi. Uyga qirq zina bilan chiqdilar. Uyni qurolli yigitlar qo‘riqlab turibdi. Bular katta bir xonaga kirdilar. Uyga qip-qizil gilamlar to‘shalgan, devorlari arslonlar, yo‘lbarslar, ajdarlarning qo‘rqinchli va haybatli suratlari bilan naqshlangan. Bu Mohistaraning otasi turadigan uy edi. Bu shohona uydagi oltin taxtda soqoli mosh-guruch bir kishi o‘tiribdi. U:
— Marhamat qiling, ey aziz yigit! — dedi va joy ko‘rsatdi.
Shahzoda bu kishining Mohistaraning otasi ekanini taxminladi va ko‘rsatgan joyiga o‘tirmay, turgan joyida egilib, ta’zim qildi. Тa’zimdan bosh ko‘tarib, ikki qadam yurib yana ta’zim qildi. Shunday qilib shoh Salomning qoshiga borguncha, yetti yerda ta’zim qilib, uning qo‘lini olib o‘pdi va orqasi ila yurib borib yana joyida tikka turdi. Shohning ikkinchi marta qilgan taklifidan so‘ng o‘tirdi. Shoh Salom shahzodaning odobiga va axloqiga qoyil bo‘lib, uning yoniga o‘tirdi, xizmatchilarini chaqirib, dasturxon keltirishni buyurdi. Shohning odamlari shohona dasturxonlar yozdilar va turli-tuman noz-u ne’matlar tortdilar. Shoh shahzodani ziyofat qildi. Ziyofat tamom bo‘ldi. Dasturxonlar yig‘ilgach, shoh Salom shahzodadan nima ish bilan kelganligini so‘radi. Shahzoda:
— Ey, shohi olam! Mening bir qoshiq qonimdan keching! — dedi.
Shoh so‘zlashga ijozat bergach, shahzoda yana dedi:
— Oshiqlar uyalishni bilmaydilar. Men oshiqman. Qizingizning nomi butun olamga ketdi. Unga qancha kishilar oshiq-beqaror bo‘libdilar. Men ham o‘sha oshiqlarning biri, Mohistaraning shartini bajarib, sizga farzand bo‘lsam, deyman, — dedi.
Shunda shoh Salom aytdi:
— Ey, o‘g‘lim! Xudo menga farzand bermadi, balki bir balo berdi. Siz shunday yosh, yaxshi yigit ekansiz, siz o‘zingizni u baloga urmang. U qiz emas, bir jallod. Jallod xalqi oshiqlikni biladimi?
Agar siz uylanmoqchi bo‘lsangiz men sizga Mohistaradan ham chiroyli qiz topib beraman. Ammo siz Mohistaraga ro‘para bo‘la ko‘rmang! — dedi.
Shahzoda: “Meni sinash uchun shunday deyayotgan bo‘lsa kerak”, degan fikrni xayolidan o‘tkazib:
— Mohistaraning yomonlik bilan emas, balki go‘zalligi bilan nomi chiqqan. Mening ko‘nglimni sovitish uchun bu so‘zlarni aytayotibsizmi? Mohistaraning o‘zi emas, balki ko‘zi jalloddir, — dedi. Shunda shoh:
— Xudo Mohistaraga haqiqatan shunday go‘zal husn berdi. Lekin u shu chog‘gacha hech kimni yoqtirmadi. Uni g‘oyibona sevib, shohlar, shahzodalar, boylar, boyvachchalardan juda ko‘plari keldilar. Men ularni qaytardim, qaytmadilar, Mohistaraning shartlarini bajara olmay, nobud bo‘ldilar. O‘rdaning devoriga qoqilgan kallalar ikki mingga yetdi. Bilmadim, bu qonlar kimning bo‘yniga tushar ekan! Тo‘kilgan qonlar uchun juda ham bezovtaman. Bu jallod qiz yo birovni yoqtirib tegib ketmadi, yoki o‘lmadi! — dedi. Podshoh shahzodani shu xil gaplar bilan ko‘p qaytardi. Biroq shahzoda qaytmadi:
— Oshiq kishi uchun o‘lim chikora?! Agar uning shartlarini bajara olmasam, bir diydorini ko‘rib o‘lsam ham armonim yo‘q, — dedi.
Shahzodaning qaytmasligini bilib, podshoh qizlarni chaqirib, “Uni Mohistara bilan uchrashtiringlar”, dedi. Qizlar Mohistaraga yo‘liqib qaytdilar va “Unday devonalar bilan so‘zlashishga vaqtim yo‘q!” degan javobini aytdilar. Shunda shoh: “Oshiqlik shohga ham bir, gadoga ham bir!” dedi. Qizlar “qulluq” qilib shahzodani boshladilar. Qizlar shahzodani o‘ng qo‘ldagi uylardan biriga olib kirdilar, ichkaridan ruxsat bo‘lgandan so‘ng shahzoda ichkariga kirdi. Uyning o‘rtasiga oppoq ipakdan necha qavat ko‘rpa to‘shalgan. Pardaning narigi tomonida bir chiroq butun uyni yoritib turibdi. Shahzoda kirgandan so‘ng, pardaning narigi yog‘idan ovoz chiqdi:
— Keling, mehmon yigit! Marhamat qilib o‘tiring!
Shahzoda o‘tirdi. So‘ngra qizlar shahzodaning oldiga dasturxon yozib, turli-tuman ovqatlar qo‘yib, uni mehmon qildilar. Dasturxon yig‘ishtirib olingandan so‘ng, yana pardaning orqasidan tovush keldi. Bu malikai Mohistaraning tovushi edi. Malikai Mohistara go‘zal, o‘zi misoli chiroqdek nur berib, butun uyni yoritar edi. Jamolining munavvarligi, nurining o‘tkirligi kirgan kishining ko‘zini olar edi. Shu sababli uyning o‘rtasi yetti qavat parda bilan to‘sib qo‘yilgan edi. Mohistara aytdi:
— Ey mehmon, nima xizmat bilan keldingiz?
Shahzoda aytdi:
— Jonim joningizga tasadduq bo‘lsin, tovushlaringizdan o‘rgilay. Mohistaraxon, men sizga oshiqi beqaror bo‘lib keldim. Yo maqsadga yetkazing yoki jonimni oling! — dedi. Unga javoban:
— Mehmonjon, siz yaxshi yigit ekansiz. Bu fikrdan qayting. Men oshiqlarga shart qo‘yaman. Shartimni bajarsa, meni oladi. Bajara olmasa, boshi kesiladi. Mening shartim og‘ir, bajara olmasdan siz ham o‘lib ketmang! —dedi Mohistara. Shahzoda aytdi:
— Ey Mohistaraxon! Sizning yo‘lingizda bir kallam ekan, agar ming kallam bo‘lsa ham tikar edim.
— Agar sizga xotin kerak bo‘lsa, men boshqa nozanin qizlardan topib beraman, — dedi Mohistara.
— Oshiqning dili uchar qush emaski, goho bu gulga, goho u gulga qo‘nsa, u holda oshiqlikning nimasi qoladi. Men sizning haqiqiy oshig‘ingizman, — deb javob berdi shahzoda.
Shunda Mohistara:
— “Men Mohistaraga oshiq bo‘lib keldim. Agar shartini bajara olmay o‘lib ketsam, hech kim da’vogar bo‘lmasin” deb tilxat berasiz va muhringiz bo‘lsa, uni bosasiz. Shartim shuki, siz bu kecha o‘rdada qolasiz. Ertaga kechqurun shahar xalqi to‘planadi. Siz shularga o‘zingizni ko‘rsatib, nog‘orani qoqasiz, qizlar sizni ularning ko‘z oldida o‘rdamga olib kiradi. So‘ngra sizga bu kecha muhlat, shu muhlat ichida meni gapirtirsangiz, men siznikiman, — dedi.
Shahzoda qabul qildi.
Ertasi shaharga karnay-surnay bilan xabar qilindi. Maydonga xalq to‘plandi. Bir zamon bir chekkadan eski-tuskilarini qo‘ltiqlab shahzoda chiqib keldi, borib nog‘orani qoqdi. Xalq buni ko‘rib, barisi “Bu devona-ku! Bunga Mohistara tegarmidi?” dedi. Biri: “Bu haqiqiy oshiqqa o‘xshaydi, o‘zini devonasifat qilib olibdi”, desa, biri: “Bu devonani Mohistara xonasiga kirgizmay, haydab soladi” dedi; biri esa: “Hay attang, yosh ekan, bekordan-bekorga o‘lib ketadi”, derdilar.
Darvoza ochilib, shahzodani qizlar o‘rdaga olib kirdilar. Xalqqa ertaga erta bilan kelinglar, deb xabar qilindi, xalq tarqaldi. Shahzoda oldin qizning otasi shoh Salomga yo‘liqib, salom berdi. So‘ngra uni Mohistaraning kechagi bo‘lmasiga olib kirdilar. Shahzoda kechagi o‘rinda o‘tirdi, Mohistara oyim pardaning narigi yog‘ida o‘zini ko‘rsatmay o‘tirdi. Mohistara shahzodani shirin gaplar bilan qarshi oldi. Oldiga shohona dasturxon yozdirdi. Shirin-shirin so‘zlar qildi. Vaqt xuftondan o‘tgan edi. Mohistara:
— Mana, endi sizga ruxsat, mening shartimni bajarishga kirishing, — dedi va o‘tirgan joyiga uzala tushib yotdi. Shahzoda Mohistarani gapirtirish uchun turli-tuman gaplarni so‘radi. Mohistara javob bermadi. Har xil hikoyalar aytib, kishi ixtiyorsiz gapirishi mumkin bo‘lgan gaplarni aytsa ham gapirmadi. Gapira-gapira charchadi, oxirida loaqal bir kular-ku, deb har xil qiziqchiliklar, masxarabozliklar qildi, lekin qiz gapirmadi. Mohistara uxlab qoldi, men ham dam olayin deb shahzoda uyquga ketdi. Bir vaqt Mohistara sekin pardani ko‘tarib qarasa, shahzoda uxlab yotibdi. Mohistara aytdi:
— Ey, bechora oshiq! Ahvoling shu ekan-ku, mana endi ertaga ertalab o‘lasan, kallang devorga qoqiladi! — dedi. Shahzoda uxlamasdan o‘zini uxlagan kishiga solib yotgan edi. Ko‘zini sal ochib qarasa, Mohistara juda ham chiroyli, juda ham nozanin ekan. Shahzoda mahliyo bo‘lib tamoman erib ketdi.
Mohistara pardani qo‘yib yubordi va narigi yoqdagi eshikni ochib, boshqa bir uyga kirib ketdi. Shu payt uy qorong‘ulashib qoldi. Shahzoda hayron bo‘lib o‘rnidan turdi. Qalpoqni kiydi, qolgan narsalarini qo‘ltiqqa urib, pardani ko‘tarib ichkariga kirdi. Undan Mohistara kirgan uyga kirdi. Shu payt Mohistara undan narigi uyga kirdi. Orqasidan shahzoda ham kirdi. Mohistara qaysi uyga kirsa, uning o‘n tort kunlik oydek jamoli qorong‘u uyni yoritar edi. Bu so‘nggi uyning butun devorlariga urush kiyimlari va yaroq-aslaha osilgan. Mohistara ust kiyimlarini yechdi. Devordan boshqa kiyim olib kiydi. Xuddi o‘n sakkiz yashar bir yigit bo‘ldi. Yana devordan uchiga changak bog‘langan qayish oldi-da, bu uydan chiqib ketdi. Orqasidan shahzoda ham chiqdi. Bu tomon katta bir bog‘ ekan. Mohistara shu bog‘ni oralab, bog‘ning chekkasiga yetdi va devorga arqonni tashladi. Arqon devorning narigi tomoniga oshib tushdi. Mohistara arqonni tortib, changakni devorga ilintirib, so‘ngra arqonga ilashib devorga chiqdi.
Undan changakni devorning bu tomoniga sanchib, arqonga osilib, devorning narigi tomoniga tushdi.
Shunda shahzoda gilamni yozdi va ustiga o‘tirib, bu ham devordan oshdi. Qarasaki, Mohistara ketib boradi, har qadamda yuz chaqirimlik joyni qadamlaydi. Mohistara shu xil dev qadamlar bilan bir soatcha yurib bir qo‘rg‘onga kirib ketdi. Shahzoda ham kirdi va gilamni qo‘ltiqlab oldi. Qo‘rg‘on ichkarisida bir uydan chiroqning yorug‘i ko‘rindi. Mohistara shu yorug‘ chiqqan uyga qarab yurdi. Qalpoqning ostida shahzoda ham bora berdi. Mohistara uyning eshigini ochib, ichkariga kirdi. Uni bir kampir qarshi oldi va:
— Keldingmi, qizim Mohistara, o‘rtoqlaring senga mahtal bo‘lib qarab qolishdi, — dedi.
Mohistara kampir bilan so‘rashib, yo‘l kiyimlarini yechib, yaxshi kiyimlar kiyib, ichkari uyga kirdi. Ichkari uy benihoyat chiroyli bezalgan uy ekan. Bu uyda o‘n to‘rt kunlik oydek to‘lib, ikki barno qiz o‘ltirgan ekan, ular turib kelib Mohistara bilan ko‘rishdilar va: “Ey, o‘rtoqjon, nega bugun kechikdingiz?” dedilar. Shunda Mohistara:
— Ey o‘rtoqlar, o‘rdamga bir devona kelibdi. “Senga oshiqman” deydi, kechadan beri boshimni qotiradi. Uni uxlatib kelyapman. Ertaga kallasi kesiladi, borib tomosha qilasizlar! —dedi. Qizlar: “Bechora oshiq”, deb kulishdilar. Shunda kampir:
— Osh tayyor, keltiraveraymi? —dedi. Boyagi qizlardan biri:
— Keltiring, kech qoldik! — dedi. Kampir qizlarning qo‘liga suv quydi va osh keltirdi, o‘zi ham qizlarning yoniga o‘tirdi. Bularga bildirmay shahzoda ham o‘tirdi. Osh yeyila boshlandi.
Bu holat shahzodaga o‘z yorining yonida, xuddi er va xotinlarcha o‘tirgandek tuyular edi. Osh yeyilib bo‘lgach, qizlardan biri:
— Ona, bugun oshni oz qilganmidingiz, to‘ymadik, — dedi. Kampir aytdi:
— Bilmadim, qizim! Kunda solgan guruchni solgan edim, o‘zim ham to‘ymadim, hammalaring kech qolgan bozorchini yeguday bo‘lib qolgan ekansiz, — dedi. Shunda qizlar qah-qah urib kulishdi. Kampir dasturxonni yig‘ishtirib olib, choy keltirdi, hammalari bir piyoladan choy ichib bo‘lgach, malikai Mohistara:
— Bo‘lmasa tezroq qo‘zg‘alaylik, opamiz bizga intiq bo‘lib qolmasin! —dedi. Qizlar o‘rinlaridan turib, tashqariga chiqdilar. Тashqarida bir oltin so‘ri bor ekan. Qizlarning hammasi shu so‘riga chiqib o‘tirdilar. Qizlardan biri so‘rining murvatini buragan edi, so‘ri o‘z-o‘zidan qo‘zg‘alib, osmonga ko‘tarilib ketdi. Shahzoda qarasaki, qizlar osmonga uchib ketib boradilar. Shunda shahzoda ham gilamga o‘tirib, qizlarning ketidan osmon-falakka uchib chiqib, qizlar bilan qorama-qora keta berdi. Bir necha fursat o‘tgandan keyin qizlar pastlay boshladilar, shahzoda ham pastlab uchdi. Bir vaqt shahzoda pastga qarasa, bir joyda yorug‘ ko‘rindi. Qizlar shu yorug‘likka qarab bordilar va oxirida shu joyga kelib qo‘ndilar. Shahzoda ham qo‘ndi. Bu joyda katta bir bog‘ bo‘lib, yorug‘lik shul bog‘dan chiqar edi. Qizlar so‘rini tashqarida qoldirdilar, shoshilgancha bog‘ga kirib ketdilar. Shahzoda gilamni qo‘ltiqqa joylab, qalpog‘ining ostida hech kimga ko‘rinmay, qizlar ketidan kirib bora berdi. Bog‘ning chor atrofi marmardan, kungiralari oltindan edi. Bog‘ ichida turli tomonga yo‘laklar ketgan, yo‘lakning ikki chekkasida ariqcha, ariqchada oppoq sutga o‘xshash suv limmo-lim, bir ariqdan bir yoqqa, ikkinchi ariqdan orqaga qarab oqib boradi. Yo‘lakka o‘rnatilgan gavharning yorug‘idan butun bog‘lar munavvar bo‘lib turibdi. Ariqchalar bo‘yiga turli-tuman gullar ekilgan, gul ishqida bulbullar sayrashib yotibdi. Bu gulzorlarning atrofiga har xil, xushqomat daraxtlar ekilgan. Yo‘lak juda ham toza, xuddi yog‘ tushsa, yalaguday. Qizlar bog‘ o‘rtasidagi maydonga borib yetdilar. Bu maydonning osti marmar va chinnilardan ishlangan, butun atrofiga oltin kursilar o‘rnatilgan, bir tomoniga oltin taxt qurilgan. Maydon atrofidagi hamma kursilar zebo qizlar bilan liq to‘lgan, oltin taxt ustida shu go‘zallarning malikasi o‘tirar edi. Qizlar maydonga kirgandan so‘ng, bundagilar:
— Ana, ana Mohistaralar ham kelishdi, — dedilar. Qizlar oldin oltin taxt ustidagi malikaga, so‘ngra atrofdagi sanamlarga qarab egilib-bukilib salom qildilar. Shunda taxt ustidagi go‘zallar malikasi:
— Singlim, Mohistara! Bugun juda kech qolding! Hammamiz senga ko‘z tutdik, nega kechikding? — dedi. Mohistara:
— Opajonim, kechiring, bugun kechikishimning sababi bor. Bir bechora devona menga oshiq bo‘lib kelibdi, sizni sevaman, deydi, sizga yetmasam, o‘laman, deydi. Shu devonani aldab-suldab uxlatguncha qiynaldim. Uxlatib kelmoqdaman, ertaga uning o‘limini tomosha qilasiz, — dedi.
Malikai Mohistara va u bilan birga kelgan go‘zal qizlar o‘zlari uchun belgilangan joyga o‘tirdilar. O‘zaro biroz chaq-chaqlashishgandan so‘ng, malikaning ruxsati bilan qizlar o‘yin-kulgi boshlamoqchi bo‘lishdi. Bu joy parilar mamlakati edi. Mohistaraning onasi shu parilardan bo‘lib, har kuni kechasi shu joyga kelib, parilar bilan o‘yin-kulgi qilar edi. Bu bog‘ shu parilar mamlakati podshohining go‘zal qizi Badia parining bog‘i edi. Oltin taxtda o‘tirgan xiрcha bel, yupqa tomoq, bodom qovoq, qora ko‘z, qora qosh, tannoz oyim shul Badia pari edi. Qizlardan bir guruhi turli sozlar chaldilar. Cholg‘u sadosiga bog‘dagi qushlar ham quloq soldilar. Cholg‘u ketidan ashula va o‘yinlar boshlandi. So‘ngra tanaffus e’lon qilindi. Qizlar ikkita-ikkita, uchta-uchta bo‘lishib, bog‘ni aylanib ketishdi. Malikai Mohistara qizlarga aytdi:
— O‘rtoqjonlar! Men juda uyqudan qolganman. Loaqal tanaffus o‘tguncha uxlab olayin deb so‘riga uzala tushib uxladi. Shunda shahzoda oltin jomni suvga to‘ldirib: “Ey jom shul paytda mening jonim Mohistaraning jasadiga, Mohistaraning joni mening jasadimga kirsin”, dedi.
Aytgani bo‘ldi, Mohistaraning joni shahzodaning jasadiga kirib, so‘rida uxlab qola berdi. Shahzoda Mohistara bo‘lib, bog‘ga kirib ketdi. Тanaffus tugab, qizlar to‘plandilar. Shahzoda Mohistara bo‘lib, uning o‘rnida o‘tirdi. Yana o‘yin, ashulalar boshlandi. Qizlardan birisi turib: “Endi Mohistara o‘ynab bersin!”— dedi. Hamma qarsak chaldi. Shunda shahzoda Mohistara bo‘lib o‘ynab ketdi. Ular bunday yoqimli o‘yinni endigina ko‘rardilar. Shahzoda o‘yindan to‘xtagach, hamma o‘yinchini olqishladi. “Mohistara ashula aytib bersin!” degan taklif tushdi. “Mohistara” o‘rtaga tushib shu qadar ashula aytdiki, qizlarning bo‘g‘inlari bo‘shab, simobday erib ketdilar. Qizlar ustma-ust qarsaklar chalishib, “Mohistara”ga qayta-qayta ashula ayttirdilar. Shunda parilar malikasi xursand bo‘lib, “Mohistara”ni o‘z huzuriga chaqirdi:
— Qaddingdan ketay, Mohistaraxon! Shunchalik o‘yin va ashulalar bilar ekansan, shu qadar yoqimli ovozing bor ekan, nega shu kungacha bildirmading? O‘yin va ashulalaring menga yoqqanidan hozir ustingdan zarlar sochmoqchi edim, biroq xazinadan uzoqdaman. Kel, qo‘zim! Senga oz bo‘lsa ham, shu kun yangi tiktirib kelgan ko‘ylagimni kiydiray!” dedi va ustidagi qimmatbaho shohona ko‘ylagini yechib, “Mohistara”ga kiydirdi, “Mohistara”ning peshonasidan o‘pib oldi. Bu marosimni hamma olqishladi. So‘ngra yana tanaffus bo‘ldi. Shahzoda darrov bog‘dagi so‘ri oldiga chiqdi va jomga qarab: “Endi mening jonim o‘z jasadimga, Mohistaraning joni o‘z jasadiga kirib, Mohistara uyg‘onsin!” dedi. Aytgani bo‘ldi va o‘zi darhol qalpoqni kiyib, ko‘rinmaydigan bo‘lib oldi. Mohistara bir aksirib o‘rnidan turdi, “Voy o‘lmasam, uxlab qolibman, tezroq kirayin!”—dedi-da, o‘rnidan turib, darhol bog‘ga kirdi. Bog‘ga kirsa hali tanaffus tugamabdi, hamma qizlar bog‘ni sayr qilib yurishibdi. Mohistara oradan qancha vaqt o‘tganini bilmay, “Xayriyat, kechikmabman!” deb borib o‘z o‘rniga o‘tirdi. O‘yin boshlanar chog‘da, “Mohistara o‘ynab bersin!” degan taklif tushib, uzoq vaqt chapak chalindi. Mohistara “Men o‘yinni bilmayman!” degan edi, malika “Singlim, yana bir o‘ynab ber, o‘yinni bilmaganing shu bo‘lsa, bilganing qanaqa bo‘lar ekan?!” dedi. Mohistara o‘rtaga tushib o‘ynashga majbur bo‘ldi. Biroq Mohistaraning o‘yini sira qovushmadi, “ilgarigidek” qilib o‘ynolmadi. Shunda qizlar “Bo‘lmasa ashula aytib bersin!” dedi. Mohistara ashula aytdi, ovozi hech kimga yoqmadi. Shunda malika aytdi:
— Mohistara, singlim! Hali bir yaxshi o‘ynagan, ashula aytgan eding! Тanaffusda bog‘da yurib shamollabsan, tobing qochganga o‘xshaydi, ovozlaring daranglab qolibdi. O‘yining ham, ashulang ham kelishmadi! —dedi. Mohistara esa:
— Bilmadim, opajon, shunday bo‘lsa kerak! — dedi.
So‘ngra boshqa qizlar o‘yin-kulgi qildilar. Тun g‘ildiragi g‘ildirab bir joyga borganda, sahar qushlarining tovushi kela boshlagan edi, qizlarga ketishga ruxsat bo‘ldi. Ular malika bilan xayrlashib, har qaysisi o‘zi kelgan joyiga keta boshladi. Mohistara va boyagi ikki qiz chiqib, so‘riga o‘tirib parvoz qildi. Ketlaridan shahzoda ham uchdi. Bular kampirnikiga tushib, so‘rini shu joyda qoldirib, kampir bilan xayrlashib, o‘z joylariga jo‘nadilar. Shahzoda ham Mohistaraning ketidan yo‘l oldi. Bir damda Mohistaraning o‘rdasiga yaqinlashdilar.
Shahzoda malikadan oldin uyga kirdi va o‘rniga yotib, uxlagan kishi bo‘lib xurrak ota berdi.
Mohistara uyga kirib, safar kiyimlarini yechib, o‘z kiyimlarini kiyib, o‘z xonasiga kirdi. Kirib qarasa, shahzoda xurrak tortib uxlamoqda. Mohistara shahzodaga qarab: “Ey bechora, ahvoling shu ekan-ku, senga oshiqlikni kim qo‘ygan edi. Mana endi, erta bilan sen ham o‘lasan!”— dedi-da, o‘z o‘rniga uzala tushib yotdi.
Oradan biroz fursat o‘tgach, shahzoda ust-ust ikki marta aksirib, go‘yo uyqudan uyg‘ongan bo‘lib, hovliqib o‘rnidan turdi-da, yoriga qarata so‘zladi; Mohistara shahzodaning bu ahvoliga o‘z-o‘zicha kulgan bo‘ldi, joyida yotib, uning ahvolini tomosha qilmoqchi bo‘ldi, shahzoda aytdi;
— Ey jonim va suyukligim, go‘zal Mohistara! Men juda ham ajab tush ko‘ribman. — Mohistara bu devona nima tush ko‘rgan ekan deb kulimsiradi. — Quloq solib turing, ko‘rgan tushimni aytaman. Тushimda siz o‘rindan turib, narigi uyga kirib erkakcha kiyim kiyinib, tashqariga chiqibsiz. Orqangizdan men ham chiqibman. Siz bog‘ni oralab devordan oshib, bir tomonga jo‘nabsiz. Ketingizdan men ham jo‘nabman. Bir qo‘rg‘onga yetib, qo‘rg‘ondagi bir uyga kiribsiz. Sizni bir kampir xotin kutib olibdi. Ichkarida o‘rtoqlaringiz bilan ko‘rishibsiz. Kampir osh keltiribdi, yebsizlar. Men ham yebman, oshga to‘ymabsizlar. Oshdan so‘ng oltin so‘ri bilan uchib borib bir bog‘ga tushibsizlar. Bog‘da bir to‘da go‘zallar va ularning malikasi sizlarni kutib turgan ekan. Siz malikaga: “Bugun kechikdim, sababi shu bo‘ldiki, menga bir devona oshiq bo‘lib kelibdir. Shuni uxlatib kelayotirman. Ertaga o‘limini tomosha qilasiz!” debsiz. O‘yin-kulgi boshlanibdi, yarim soatlik tanaffus vaqtida siz so‘riga chiqib uxlabsiz. Shunda men, sizning jasadingizga o‘zimning jonimni, o‘z jasadimga sizning joningizni kiritib, men siz bo‘lib, qizlarning ichiga kirib qizlar o‘rtasida yoqimli o‘yinlar o‘ynab, yoqimli ashulalar aytibman. Mening o‘yin va ashulalarim bazmdagilarga juda ham ma’qul bo‘libdi. Shunda parilar malikasi Badiaxon mening yuzimdan o‘pib, ustidagi ko‘ylagini yechib, menga kiygizibdi. Agar ishonmasangiz, mana dalili, — deb ko‘ylakni Mohistaraning oldiga tashladi. Mohistara ko‘ylakni ko‘rsa, haqiqatan malikaning ko‘ylagi, shunda hayronlikdan malikaning tili lol bo‘ldi. Shahzoda so‘zini davom ettirib, barcha bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi.
Shunda Mohistara oyim, badanlari muloyim, shahzodaning gaplarini to‘la eshitib, uning hamma aytganlari rost ekanini bilib, hayron va sarosimada qolib, telbalardek bezovtalandi va beixtiyor pardani ko‘tarib:
— Ey qaddi shamshod, so‘zlari shahd-u shakar, go‘zal yigit! Dunyoda mening oshiqlarim ko‘p edi. Men shu go‘zal husnim bilan husnlar shohi edim, oshiqlarimni esa husnimga hujum etuvchi dushmanlar hisoblab, o‘limga hukm qilardim. Bu uyga kirganlardan birortasi mening shartlarimni bajara olmadi va o‘rda darvozasidan tirik qaytib chiqmadi.
Siz ham oshiqsiz. Men husn podshohi bo‘lsam, siz oshiqlar podshohisiz, ikki podshohning jangida husnlar podshohi yengildi, — dedi. Shunday qilib, shahzoda malikai Mohistaraning shartlarini bajardi. Umid g‘unchalarining gullari ochilib, gullarning ochilishini bulbullar, to‘tilar, qumrilar olqishladilar.
Malikai Mohistaraning oshiqlari uning shartini bajarishga tutingan chog‘larda butun shahar xalqi va butun o‘rda ahlining ko‘ksida o‘tlar yonib, og‘ir g‘am va o‘y yuki ostida qolar, oshiqning taqdirini kutar edilar. Shahzoda Shavkat Mohistaraning xonasida uzoq qolgach, ko‘plar uxlay olmadilar. Shahzodaning g‘amida qayg‘urib chiqdilar. Тong otdi. Jallod o‘rnidan turdi, qoziqqa ilingan qindan qonli pichoqni chiqarib, toshga qayrab, yana qiniga solib, taqinib oldi. Butun tunning tezroq o‘tishini kutgan, o‘zini yosh bir g‘unchaning ko‘zlarini baqraytib kallasini olayotganday tasavvur qilib zavqlangan bu xunuk va sovuq kishi malikaning o‘rdasidan “gunohkor”ning chiqishini kutar edi. Maydonga xalq to‘plandi. Mohistaraning oldiga kirgan oshiqning chiqish vaqti yaqinlashdi. Har kimning og‘zida: “Agar yigit malikaning shartini bajargan bo‘lsa, shu choqqacha chiqar edi. Shu choqqacha chiqmadi, demak, shartini bajara olmadi. U eng so‘nggi daqiqada ham harakat qilib ko‘ray deb, urinib yotgan bo‘lsa kerak. Baribir bajara olmaydi. U ham bugun o‘ladi” degan vahimali gaplar yurar edi. Hamma uni o‘limga bichib qo‘ydi. Mana, yigitning chiqish vaqti bo‘ldi. Xona tashqarisidagi qizlar ham ko‘z yoshi to‘kib yigitning chiqishini kutdilar, biroq yigit chiqmadi. Qizning otasini xabardor qildilar. Shoh Salom ham hayron qoldi. Oradan biroz vaqt o‘tdi, shahzoda chiqmadi. Тashqarida xalq darvoza ochilishini va qo‘lida qonli kalla ko‘targan jallodning chiqishinigina kutar edilar. Hamma g‘amgin. Oradan bir soat o‘tdi. Mohistara bilan yigitdan darak yo‘q. Shunda shoh Salom bu ahvoldan xavfsiradi, Mohistaradan ruxsatsiz bo‘lsa ham uyiga kirib, xabar olishga farmon berdi. Qizlar sekingina Mohistara uyining eshigini ochib, ichkariga kirdilar. Yigit o‘z o‘rnida yo‘q. Shoshilib pardani ko‘tardilar va Mohistara bilan shahzodaning birga o‘tirganlarini ko‘rdilar. “Oshiq Mohistaraning shartini bajaribdi”, dedilar-da, ahvolni shoh Salomga bildirdilar. Shoh Salom xushxabardan shodlanib, xazinachini chaqirdi va xabarchi qizning bo‘yi barobar tilla sochdi, shodiyona karnay-surnaylar chalindi. Ahvol tezdan hammaga ma’lum bo‘lib, hamma xursand bo‘ldi. Xalq xursand bo‘lib, shahzodaga ofarinlar aytib tarqaldi. Faqatgina o‘rdadagi jallod bu ishdan xafa edi, xolos. Karnay-surnay tovushi bilan Mohistara va shahzoda ham o‘rinlaridan turdilar. Shoh Salom qizning orqasidan ko‘p qonlar to‘kila berganidan, “Yo shu qizim birortaga tegsa, yo o‘lsa edi!” der edi. Bu kun u o‘zining shu tilagiga yetdi, shahzoda bilan qizini tabriklab, shahzodaga shohona kiyimlar kiydirib, xursandlikdan mamlakatga to‘y berdi, xazinadan tilla-tangalarni socha berdi.
Oradan bir hafta o‘tdi. Bir kuni Mohistara bilan shahzoda Mohis-taraning Eram bog‘ida sayr qilib yurishgan edi. Osmonda to‘rtta kaptar paydo bo‘ldi. Kaptarlar yerga qo‘ng‘ach, darhol pari qizlarga aylandilar. Mohistaraga bir xat topshirdilar. Bu xatni parilar malikasi Badia pari yozgan edi. Mohistara xatni o‘qisa, Badia oyim Mohistaraning bir haftadan beri bormaganidan xafa bo‘libdi. Mohistara oyim qo‘liga qalam va qog‘oz oldi va butun voqeani bayon qilib xat yozdi, xatni pari qizlarga topshirdi. Parilar xatni olib, kaptar bo‘lib uchib ketdilar va Badia oyimning huzuriga borib, xatni topshirdilar. Badia oyim xatning mazmuni bilan oshna bo‘lgach, rangi-quti o‘chdi, butun badanini titroq bosdi, peshonasiga bir shapati urdi-da, “Ishim xarob bo‘libdi!” dedi va oh urib, o‘zini ko‘rpaga tashladi. Badia paridagi bu o‘zgarishni ko‘rgan pari qizlarni qo‘rquv bosdi. Har birlari Badia parining atrofida parvona bo‘lib: “Nima bo‘ldi, opajon, biror narsa bo‘ldimi, nega bezovta bo‘lyapsiz?” deb hol so‘ray boshladilar. Badia pari xafalikdan ularga bir so‘z ham aytmadi. Shundan keyin Badia oyim qo‘liga qog‘oz va qalam olib, Mohistaraga quyidagilarni bildirib, salom xat yozdi:
“Singlim, Mohistara! Salomdan so‘ng ma’lum bo‘lsinki, men bir haftadan beri sening uchun ko‘p tashvishda edim. Xatingni olgach, voqeadan xabardor bo‘ldim. Sen xatingda, meni xudo urib qoldi, debsan, senga qo‘shib meni ham uribdi. Bilasanki, bu ishlar biz parilar uchun juda mushkul narsa, ayniqsa, men uchun. Endi gap shuki, sen yoring bilan tezdan huzurimga kelgaysan, nima maslahat bo‘lsa, kelganingdan so‘ng bo‘ladi”.
Kaptar qizlar xatni olib uchdilar va Mohistaraning bog‘iga borib tushdilar. Mohistara oyim Eram bog‘idan endi uyga kirib ketayotgan edi. Ular xatni Mohistaraga topshirdilar. Mohistara xatni olib o‘qidi, yuzi tovlanib oldi. Safar kiyimlarini kiyib, kerakli sovg‘a-salomlarini olib chiqdi, o‘zini va Shavkatni kaptar holiga kiritib, kelganlar bilan birga uchdilar va Badia parining gulbog‘iga tushdilar. Mohistara yuz fikr va andishalar bilan Badia oyimga ro‘para kelib salom berdi va Shavkatni ham Badia oyimga taqdim qildi. Badia oyim Mohistaraning yuzida izza bo‘lganlik alomatin ko‘rib, unga taskin berish uchun muloyim gaplashib o‘tirdi.
Shu kuni Badia oyim butun shahardagi qizlarini chaqirib, Mohistara va uning kuyovi sharafiga juda katta ziyofat berdi.
Ertasi Badia pari Mohistarani bir xoli uyga chaqirib: “Go‘zal Mohistara! Ishlar nima bo‘ldi endi? Sen qanday qilib o‘sha kuni bu yigit — odamzodni boshlab kelding! Men o‘sha kecha uning ashula va o‘yinlariga tahsin aytib, go‘yo bu o‘yin va ashulalarni ijro etuvchi sensan, deb uning peshonasidan o‘pibman. Sen bilasanki, pari xalqining taniga odamzodning tani tegmasligi kerak, agar tegdimi butun parilar olamiga dog‘ tekkan, sharmanda sanaladi. Uni parizodga emas, odamzodga berish kerak bo‘ladi. Men ham endi shunday bo‘ldim. Bo‘lar ish bo‘ldi. Agar sen rozi bo‘lsang, eringga meni ham nikohlab qo‘y. Ikkalamiz ittifoq bo‘lib, o‘la-o‘lguncha shuning xotini bo‘lib o‘tamiz, u qayerga boshlasa, shu joyga ketamiz”, — dedi.
Mohistara Badia parining taklifiga joni dili bilan rozi bo‘ldi, kechqurun Shavkatbekka Badia parini nikohladilar.
Ertasiga Mohistaraning yurtiga ko‘chib keldilar. Mohistaraning otasi qiziga qirq kecha-kunduz to‘y berdi. Badia oyimning to‘yi ham birga bo‘lib, qirq kecha-kunduz mamlakatda xursandlik bo‘ldi.
Qirq kunlik to‘ydan so‘ng Shavkatbek qaynotasidan ruxsat olib, ikki xotini va pari qizlarni gilamga, qolganlarini Mohistaraning oltin so‘risiga o‘tqazib uchdi. Bular osmonda bir qancha vaqt uchib borib, Sayyora oyimning bog‘iga tushdilar. Osmondan uchib tushgan bu bir to‘da mehmonlarni ko‘rgandan keyin Sayyora oyim, onasi Sanobar, otasi va tamomi pari qizlar shodlik bilan bularni kutib oldilar, qancha e’zoz va ikromlar bilan yaxshi joylarga o‘tqazdilar. Sayyora oyim Shavkatbek ketgandan so‘ng, uzoq vaqtgacha vaqtni yig‘i-sig‘i bilan o‘tkazgan va kecha-kunduz uning yana bir qaytib kelishini orzu qilar edi. Uning ota-onasi ham qizlarining ahvolidan xabardor bo‘lganidan, u bilan teng azob tortar edilar. Shavkatbek kelgandan keyin Sayyora oyim chuqur bir oh urib, uning quchog‘iga o‘zini tashladi.
Mehmonlar o‘tirishdi, ular bilan mezbonlar hol-ahvol so‘rashgach, Sodiq savdogar va Sanobar oyim shahzoda Shavkatning malikai Mohistaraga uylanib kelganini ko‘rib, uning g‘ayrati va himmatiga tahsin va ofarinlar o‘qidilar. Shu kecha mehmonlar sharafiga katta ziyofat, o‘yin-kulgilar bo‘ldi. Ertasi erta bilan choydan so‘ng Sanobar oyim Badia paridan hol-ahvol so‘rab:
“Ey parilar shohi, go‘zal Badiaxon! Qanday qilib bu joylarga qadam ranjida qildingiz?” dedi. Shunda Badia oyim boshidan o‘tgan sarguzashtlarni va Shavkatbekning qanday qilib Mohistaraga uylanganini, Badia oyimni ham o‘z nikohiga olganini bir-bir so‘zlab berdi.
Shunda Sanobar oyim aytdi: “Ana shunday bo‘ladi, Badiaxonim! Bir zamon men ham bir odamzod bilan qo‘l berib ko‘rishib qo‘yganim uchun siz meni aybdor qilib, oltmish yilga surgun qilib yuborgan edingiz. O‘zingizning boshingizga ham shunday ish tushibdi-ku!” deb ta’na qildi. Shunda Badia pari Sanobar pariga aytdi: “Men ham ta’na qilasiz, deb o‘ylab turgan edim. Sizning oldingizda izza tortib turishimning o‘zi yetar edi-ku!” dedi.
Sanobar oyim mehmonlarni to‘rt-besh kun mehmon qildi, ko‘ngillarini chog‘ qildi. Shahzoda Shavkat o‘ynab-kulib vaqt o‘tkazdi. Sayyora oyim yori shahzoda Shavkat kelgandan beri goho gul bo‘lib ochiladi, sumbulday sochiladi, goho bulbul bo‘lib sayraydi. Goho kiyik bo‘lib sakraydi. Bir kuni Sanobar oyim Mohistara bilan Badia oyimga aytdi:
— Shavkatbekni yorim deb qayerlardan topib kelgan mening qizim Sayyoraxon edi. Тaqdir shunday ekan, gulimizni hidlash sizlarga nasib bo‘libdir. Endi Sayyoraxon ham o‘ksinmasin, Sayyoraxonni ham Shavkatbekka beraylik, uchalalaring murosa qilib, kun o‘tkazinglar! — dedi. Sanobar oyimning bu taklifiga Mohistara va Badia parilar xursand bo‘ldilar. Shundan so‘ng Sayyoraxon bilan Shavkatbekning to‘y taraddudiga kirishdilar. Bular shu joyda parilar mamlakatiga xat jo‘natdilar. Parilar mamlakati ko‘chib kelganday, hamma yoqni pari bosib ketdi. Bu bog‘da qirq kecha-kunduz to‘y-tomosha qilib, Sayyoraxonni Shavkatbekka nikohlab berdilar.
Shunday qilib, Shavkatbek parizod xotinlarni o‘z ota yurtiga olib borib, u joyda ham to‘y-tomoshalar qildilar. Shavkatbek goho parilarni o‘z ota yurtlariga olib borib, olib kelib, goho parilarning ota-onalari bu joylarga kelib-ketib, bordi-keldi, aloqalarini quyuq qilib, dunyoda qolgan umrini farog‘at bilan o‘tkazdi va murod-maqsadiga yetdi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.