background
logotype

Ozodachehra

Bor ekan, yo‘q ekan, Balx shahrining podshosi bor ekan. Uning farzandi yo‘q ekan. “Farzandim bo‘lsa, taxtimga ega bo‘lardi”, deb kecha-yu kunduz yig‘lar ekan.
 Oradan bir qancha vaqt o‘tib, to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat, to‘qqiz daqiqa deganda podshoning xotini bir qiz tug‘ibdi. Тug‘ibdi-yu o‘libdi. Podsho bolani enagaga berib boqtiribdi. Yetti yoshda qizni maktabga beribdi. Qiz o‘n olti yoshga yetganda bilimli bo‘lib chiqibdi. Har yurtdan podsholar qizga sovchi yubora beribdi. Podsho unamabdi. Kunlardan bir kun podshoning o‘ng qo‘l vaziri turib:
— E, shohim, qizingiz o‘n olti yoshga yetdi, bittani “o‘poq” deysiz, bittani “so‘poq” deysiz, hech kimga qizingizni bermaysiz. Buning ma’nosi nima? — debdi. Shunda podsho:
— Shu bitta-yu bitta qizimdan boshqa farzandim yo‘q, bo‘lak yurtga bersam, uzoqqa ketib qoladi, o‘z shahrimga bersam, har kuni ko‘rib turardim. Basharti, bu shaharda o‘zimga munosib kishi bo‘lsa, albatta berardim, — debdi.
Bir kuni vazir shahar ichida aylanib yurgan ekan, Balxning darvozasiga yaqin joyda Said degan bir savdogarni uchratib, uni podshoga maqtab, qizingizga juda munosib, — debdi.
Podsho o‘sha savdogarga qizini beribdi. Oydan oy, yildan yil o‘tib, podshoning qizi bir qiz tug‘ibdi, biroz vaqtdan keyin bolaning onasi kasal bo‘lib o‘libdi. Savdogar qizini tarbiyalash uchun enagaga beribdi. Bu qizga Ozodachehra deb nom qo‘yibdilar. Qiz o‘n to‘rtga kiribdi. Ilmni, siрohigarchilikni bekam-ko‘st o‘rganibdi. O‘zi behad chiroyli ekan: oy desa yuzi bor, kun desa ko‘zi bor, qizil gulning novdasidek bo‘yi bor.
Bir kun savdogar qiziga bunday debdi:
— Qizim, sen o‘n to‘rtga kirding, mening ota kasbim savdogarchilik edi. Endi bir savdogarchilikka borsam, topganimni to‘yga sarf qilib, seni chiqarsam; kelgunimcha seni podsho buvangga omonat topshirsam.
Savdogar qaynatasi huzuriga borib, unga salom berib:
— Ijozat bersangiz nevarangizni sizga topshirib, o‘zim savdogarchilikka borib kelsam, — debdi.
Podsho kuyoviga debdi:
— Mening ishim ko‘p, qizingdan xabar olib turolmayman. Mening Suhayl degan bir vazirim bor. Bizning podshohlikda bunday yaxshi odam yo‘q. Qizni ana shu kishiga topshir!
Savdogar borib vazirga salom beribdi va aytibdi:
— Mening bir qizim bor, taqsir, o‘zim savdoga ketmoqchiman, agar malol kelmasa, qizimni sizga omonat topshirib ketsam, deyman.
Vazir savdogarga:
— Olib kel, o‘zing oy borib, omon kelsang, qizingni qo‘lingga eson-omon topshiraman, — debdi.
Savdogar qizini bir qancha pul, mol bilan vazirga topshirib, o‘zi savdoga jo‘nab ketibdi.
Vazir bir kuni qo‘l yuvish uchun hovliga chiqibdi. Qarasa, yuziga parda tutgan bir qiz hovli supurib yurgan emish. “Bu kimning qizi ekan”, deb xayol surib turganda, shamol kelib qizning betidan pardani ko‘taribdi. Bu badbaxt vazir qizni ko‘rib oshiqi-beqaror bo‘libdi. Go‘yo o‘tkir tig‘ uning yuragini tilib ketibdi. Vazir fikr qilib: “Har ish qilsam ixtiyor o‘zimda, qorani oq desam, oqni qora desam so‘zimga hamma ishonadi”, deb oltin laganga turli noz-ne’mat to‘lg‘azib kelib, qizga tutqazibdi va “Ol qo‘limdan”, debdi. Vazirning to‘rt xotini bor ekan, “Bugun ota-onangizni ko‘rib, hol-ahvol so‘rab kelinglar”, — deb ularni uylariga yuborib, uyni xoli qilibdi.
So‘ngra:
— Kel, qizim, qo‘limga suv quy, — debdi. Vazirning bir kumush obdastasi bo‘lar ekan, hamisha u qo‘l yuvadigan bo‘lsa, qiz shu obdasta bilan suv quyar ekan. Qiz odatdagicha vazirning qo‘liga suv quyibdi. Vazir badbaxt esa dilini buzib, qizning bilagiga qo‘l solibdi. Qiz “Mendan gunoh o‘tgan bo‘lsa, tavba qildim”, deb terakning bargidek titrab, yig‘lab yuboribdi.
Vazir: “Gunohingdan o‘tdim, suv quy”, debdi. Qiz suv quyib turganda vazir unga tegishibdi. Qiz vazirning fe’li buzilganini bilib, qo‘lidagi kumush obdasta bilan vazirni shunday uribdiki, obdastaning tagi vazirning peshonasida bir parcha tamg‘a qoldiribdi. Vazir behush bo‘lib yiqilibdi. Qiz betiga niqob tutib podsho o‘rdasiga ketibdi.
Vazir hushiga kelib ko‘zini ochsa, qonga bo‘yalib yotgan emish, shunda dod-faryod qilib podsho huzuriga kiribdi. Vazirning qonga bo‘yaganligini ko‘rgan podsho undan:
— Ey Suhayl, mening zamonamda senga kim zulm qildi? — deb so‘rabdi. Bunga javoban vazir: ”Dod, zolim qiz dastidan! Men xotinlarimning hammasini ota-onasinikiga yuborib, ”Qizim, uyni poylab o‘tirgin”, degan edim. Birozdan keyin bir xabar olay, yakka qolib xafa bo‘lmasin, deb uyga kirsam, bu nobakor qiz mehmonxonada to‘rt yigit bilan bazm qilib o‘tirgan ekan. Meni ko‘rib, shu ahvolga soldi. Bu ishlarga sening nabirang sabab bo‘ldi”, deb yig‘layveribdi.
Podsho qattiq g‘azablanib, boshidan tojini olib uloqtiribdi, yer tepinibdi, o‘ng qo‘l vaziriga qarab:
— Jallod! U nobakor qizni dorga os! — deb qichqiribdi. Jallod darhol qizning qo‘llarini orqasiga bog‘lab, har qadamda boshiga qamchi urib, podshoning o‘rdasiga keltiribdi. O‘ng qo‘l vazirning qizga rahmi kelib, podshodan o‘tinib so‘rabdi va:
— Shohim, bu beaql qizning ixtiyorini menga bersangiz. Men uni shunday xor-zor qilib o‘ldirayki, boshqalarga katta ibrat bo‘lsin, — debdi.
Podsho o‘ng qo‘l vazirining taklifiga rozi bo‘lib, nevarasini unga beribdi.
O‘ng qo‘l vazir bir xurjunning ikkala ko‘zini talqonga to‘lg‘azibdi-da, qizni bir biyobonga olib chiqib: “E, qizim, ishing haq bo‘lsa oqliqqa chiq, nohaq bo‘lsa go‘shtingni quzg‘unlar yesin”, deb qiz bilan xayrlashib, uni biyobonga tashlab qaytibdi. Podsho: “Har kim nevaramdan gapirsa, boshi o‘limda, moli talonda!” degan farmon chiqaribdi.
Shu-shu hech kim qiz to‘g‘risida gapirmaydigan bo‘libdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni qizdan eshiting:
Qiz kechani kecha, kunduzni kunduz demay, dasht-u biyobonlarda yetti yil sarson-sargardonlikda yuribdi. Giyohlarning ildizlarini yeb kun kechiribdi, lekin biror shahar yo qishloq ko‘rinmabdi. Yorug‘ dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib, qirq kecha-yu qirq kunduz bir luqma taom, bir ho‘plam suv topib icholmabdi. Тashnalik va ochlikdan xarob bo‘lib, axiri bir ko‘kalamzor joyga kelibdi-da, o‘zini tappa tashlabdi.
Endi gapni bo‘lak joydan eshiting:
Bir yurtda bir podsho bor ekan, uning shahzoda Baxt degan o‘n olti yashar o‘g‘li bor ekan. Bola shu yoshga yetguncha ikkita ulfatga qo‘shilib, ko‘chada bitta choy ichish u yoqda tursin, qo‘ying-chi, uydan eshikka ham chiqmagan ekan. Podshoning vaziri bir kuni: “E, podshohim, o‘g‘lingiz o‘n oltiga kirdi, maktabga bermadingiz yoki siрohigarchilik ilmini o‘rgatmadingiz; sizdan keyin taxtga kim ega bo‘ladi?” debdi. Vazirning bu gapi podshoga ma’qul tushib, o‘g‘lini qirq yigit bilan ovga chiqaribdi. Uch kecha-yu uch kunduz yurib ov qilolmabdi, qo‘lidagi qarchig‘ayi uchib ketibdi. Shahzoda Baxt qirq yigit bilan qush orqasidan ot qo‘yibdi. Bir necha kundan keyin yigitlarning oti charchab, har joyda qolib ketibdi. Shahzoda Baxt to‘qqiz kecha-yu to‘qqiz kunduzdan keyin qushni bir tepada ko‘ribdi. Qush hadeb bir tarafga qarab talpinar emish. Shahzoda Baxt o‘sha yoqqa borib qarasa, bir go‘zal qiz o‘n to‘rt kechalik oydek barq urib, og‘zidan ko‘pik chiqarib behush yotgan emish. Shahzoda Baxt qilichini qinidan sug‘urib, qizning damiga tutgan ekan, qilichining tig‘i xiralanibdi. Shahzoda “Хayriyat, tirik ekan”, deb sevinibdi, yonidan sharbat olib qizning labiga tomizibdi. Birozdan keyin malika ko‘zini ochibdi va tepasida bir sohibjamol yigit yig‘lab o‘tirganini ko‘ribdi. Shunda qiz:
— E, yigit, yig‘laydigan vaqt emas, meni otingga mindir, yurtingga olib borib, xohlasang cho‘ri qil, xohlasang sotib yubor, — debdi.
Shahzoda Baxt xursand bo‘lib, qizni o‘z yurtiga olib boribdi. Qizni uyga qo‘yib o‘rdaga boribdi, ichkariga kirib, otasiga salom beribdi. Otasi hol-ahvol so‘rab turib, debdi:
— O‘g‘lim, hamma yigitlaring quruq keldi, sen ham quruq keldingmi? Qo‘lingda hech narsa yo‘q, qayda eding?
Shahzoda otasiga ta’zim qilib, bunday debdi:
— E, ota, men biyobondan bir qiz topib olib keldim. Shuni menga xotinlikka olib bersangiz?
Buni eshitgan podsho g‘azablanibdi:
— E, ahmoq! Men podshoman, biyobondan topilgan qiz senga xotin bo‘larmidi? Kim biladi uning asli-naslini. Biyobonda yotgan bir cho‘l kezar qizdir-da. Men el-xalqdan nomus qilaman.
— Shu qizni olib bermasangiz, — debdi shahzoda, — bu shaharning suvini o‘zimga harom bilib, bosh olib ketaman!
Podshoning o‘ng qo‘l vaziri turib: “E, podshohim, keksa xotinlar qizning ahvoli bilan tanishsin. Qaysi joydan kelganligini bilsin, o‘g‘lingizga keyin g‘azab qiling”, debdi.
Тo‘rtta kampir o‘rdaga kirib qizni gapga solishibdi. Qizning ishdan, gapdan kam-ko‘sti yo‘q ekan.
Qiz so‘z boshlabdi: “Mening otim Ozodachehra. O‘zim bir savdogarning qiziman, otamdan boshqa hech kimim yo‘q. Otam savdoga jo‘nash uchun qirq tuya mol qildi. Bir tuyaning yoniga bir kajava bog‘lab unga meni o‘tqazdi. Yo‘lda qirq qaroqchiga yo‘liqdik. Qaroqchilar mollarimizni talab, otamni o‘ldirishdi. Buni ko‘rib tuyadan o‘zimni yerga otib, bir buta tagiga bekindim. Juda qattiq qo‘rqqanimdan o‘zimdan ketib qolibman. Ko‘zimni ochsam, tepamda yig‘lab o‘tirgan bir yigitni ko‘rdim. Unga: “Xohlasang meni qul qil, xohlasang cho‘ri qilib sotib yubor”, degan edim. Bugun uch kundirki, o‘sha yigitni ko‘rmayman”, debdi.
Kampirlar podsho huzuriga borib, qizning bu so‘zlarini unga birma-bir aytib beribdilar. Shu onda vazir o‘rnidan turib:
— Podshohim, o‘g‘lingiz bilan qiz ikkisi bir-birini xohlasa, darhol to‘yni boshlab yuboring. Bordi-yu, o‘g‘lingiz bosh olib shahardan chiqib ketsa, qiz boshqa yoqqa yo‘l olsa, el-xalqdan bizga ko‘p qattiq gap tegar, — debdi.
Podsho to‘yga tayyorgarlik ko‘ra boshlabdi. Nihoyat, qirq kungacha el-xalqqa osh berib, to‘y-tomoshalar bilan shahzoda Baxtga Ozodachehrani nikohlab beribdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tibdi. Ozodachehra bir o‘g‘il tug‘ibdi. Podsho bu xabarni eshitib ko‘p xursand bo‘libdi. Bolani yaxshi parvarish qilibdilar. Bola yetti yoshga kiribdi.
Ozodachehra bir kun kechasi tushida otasini ko‘rib, cho‘chib uyg‘onibdi va chuqur bir oh tortibdi, bu ovoz bilan eri uyg‘onib, o‘rnidan turibdi, qo‘liga qilichini olib, Ozodachehraga:
— Biyobonda yotganing esingga tushib oh tortdingmi?! — debdi.
Bunga javoban Ozodachehra gap boshlabdi:
— Jonim shahzoda, meni kechiring. Sizni aldagan edim. Men Balx viloyati podshosining nevarasi bo‘laman. Qirq kanizim bilan ovga chiqib necha turli qushlarni ov qilib yurganimda, qirning orqasidan bir kiyik yugurib chiqdi. Qo‘limdagi qarchig‘ayni kiyikka solgan edim. Kiyik bir kamarga o‘zini oldi. Qarchig‘ay havoda bir aylanib, bir daraxtning tagida yotgan sherga chovut qildi. Sher kerilib o‘rnidan turdi, kela solib meni otim bilan birga ko‘tarib havoga otdi. Ko‘zimni ochib qarasam, tepamda siz turibsiz. Qirq kanizim qayda qolganini bilmayman. Asli zotim shu. Balx viloyatidan bo‘laman. Shahzoda tashqariga chiqib otasining eshigini qoqibdi.
— Тunda eshik qoqayotgan kim? — debdi podsho.
— Oching, men o‘g‘lingiz shahzoda Baxtman.
Podsho eshikni ochibdi:
— Nima deysan, o‘g‘lim? — deb so‘rabdi podsho. O‘g‘li bo‘lgan voqeani otasiga aytib beribdi.
— Erta bilan taxtga chiqay-chi, bir maslahat qilarmiz, — debdi podsho.
Podsho ertasi kuni barcha vazir-vuzarolarini yig‘ib so‘ray boshlabdi:
— Mening kelinim Balx viloyati podshosining nevarasi ekan. Necha yil, necha zamondan beri ota-onasini ko‘rsatmay unga jabr qildik. Shuni qanday yo‘l bilan yuborsak ekan?
O‘ng qo‘l vazir ta’zim bilan so‘z boshlabdi:
— Shohim, agar er-xotin borishsa, “Qanday topishdinglar”, deb otasi el-xalqdan nomus qilib, darhol ikkalasini o‘ldiradi. Keliningizning o‘zi besh-o‘nta kampir bilan bir qancha sovg‘alar olib borsa shoyadki, podsho qizi bilan kuyovini o‘limdan qoldirsa.
— Bu ishlarning uddasidan kim chiqadi? — deb so‘rabdi podsho.
Chap qo‘l vazirning yaramas niyatli Bahrom degan o‘g‘li bo‘lar ekan. U darhol o‘rnidan turib:
— Bu xizmat mendan bo‘lsin, — deb qulluq qilibdi.
Qirq tuyaga xilma-xil mol, mushki anbar yuklanibdi, bir qancha lashkarni o‘ng-u so‘lga qo‘yilib, tilladan arava, atlasdan soyabon yasatibdilar. Malikani besh-o‘nta kampir bilan aravaga o‘tqazib, yetti yashar o‘g‘lining boshiga toj qo‘yib, onasi bilan birga Balxga jo‘natibdilar. Ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay, cho‘lma-cho‘l, ko‘lma-ko‘l yurib, axiri bir ko‘rkam sabzazorga qo‘nibdilar. Bu joy gullar ochilgan, bulbullar tinmay sayragan, buloqlar qaynagan ajoyib xushhavo bir joy ekan.
Bir kuni yarim kechada saroyda malika aylanib yurib eshikka chiqqanda, uxlamasdan yotgan Bahrom Ozodachehrani ko‘rib, oshiq bo‘lib qolgan ekan. Keyin surishtirib uning shahzoda Baxtning xotini Ozodachehra ekanini bilgan ekan. Shundan buyon u Ozodachehrani yo‘ldan urish niyatida yurarkan, safarga chiqqanining sababi ham shu ekan. Bu yerga kelishi bilan malikani bir hiyla bilan qo‘lga olish payiga tushibdi. O‘rnidan turib, yarim kechada malikaning chodirini xanjar bilan tilib ichkari kiribdi. Malika o‘n to‘rt kechalik oyday barq urib, ko‘kka qarab uxlab yotgan ekan. Bahrom o‘ng tizzasi bilan malikaning qo‘lidan bosibdi. Malika cho‘chib uyg‘onibdi, jon holatida:
— Kimsan?! — deb so‘rabdi.
Bahrom javob beribdi:
— Men vazirning o‘g‘li Bahromman. Sizni saroyda bir marta ko‘rib, shundan beri kecha-kunduz firoqingizda yig‘lardim. Bugun qo‘limga tushdingiz.
Bahromning o‘ng qo‘lida xanjari bor ekan.
— Yonimda yotgan bolamdan tap tortmaysanmi? — debdi malika.
Bahrom buni eshitib, yetti yashar begunoh bolaning boshini o‘sha ondayoq sapchaday uzib tashlabdi. Shunda malika:
— Yaxshi ish qilding. Bu voqeani bola bilsa, ikkimizni ham uyatga qoldirar edi, ammo men bugun o‘likni saranjom qilay, ertaga sen bilan bo‘lay. Podshodan va bu taxt-saltanatdan menga sen afzal, — deb uni aldabdi. Bahrom ertagacha kutadigan bo‘lib, chiqib ketibdi.
Malika o‘g‘lini yuvib, kafanlab, ko‘mibdi. Erkakcha kiyim-bosh kiyib, ehtiyotdan zahar olibdi. Otga minib, odamlar orasidan chiqib ketibdi.
Erta bilan Bahrom qarasa, xotin ham, bolaning o‘ligi ham yo‘q emish; ulardan aslo darak topolmay noiloj qaytib ketibdi. Podshoga borib:
— Kelin biyobonda o‘g‘li bilan qochib, g‘oyib bo‘ldi, — debdi. Shahzoda Baxt buni eshitib, ko‘zidan yosh o‘rniga qon to‘kibdi, bir uyni xilvat qilib malikaning ishq-u firog‘ida yig‘lab yotaveribdi. Bahrom ham shahzodaning yoniga kirib: “Siz yotganda men yurib nima qilaman”, degan bo‘lib, aslida u ham malikaning ishqida kuyib yotaveribdi. Voqeadan bexabar shahzoda Baxt “Bahrom meni deb yotibdi”, deb unga ko‘p iltifotlar qilibdi.
Endigi so‘zni malikadan eshiting:
Ozodachehra bir kecha-yu bir kunduz yo‘l yurib, suvsizlikdan juda qiynalibdi. Axiri, bir baland tepaga chiqib qarasa, uzoqdan bir qo‘rg‘on ko‘rinibdi. Ot qo‘yib borib, qo‘rg‘on darvozasini qoqibdi. Qo‘rg‘ondan ikki odam chiqib, ot jilovini ushlabdi. Ulardan biri so‘rabdi:
— E, mehmon yigit, yo‘l bo‘lsin?
— Ro‘paramda ko‘ringan qora daraxtga boraman, chanqab bu yerga suv izlab kelib edim.
— Qani, otdan tushing, suv beramiz.
Malika otdan tushibdi. Uchovlari ichkariga kiribdilar. Malika qarasa, gullar ochilgan, bulbullar sayramoqda emish. Xilma-xil mevalar pishgan, buloqlar mavj urgan, bog‘ning o‘rtasida shohsupa, unda yakkam qirqta yigit qimor o‘ynab o‘tirgan emish, malikani boshlab kirgan ikki kishi bilan ular qirq kishi bo‘lishibdi. Qaroqchilar o‘z tillarida “Bizga shunday sohibjamol bola keldi: qirq kungacha bazm qilamiz, keyin uni o‘ldiramiz”, deyishibdi. Malika bo‘lsa, ularning so‘zlaridan bu yer qirq qaroqchining makoni ekanligini bilibdi. Dasturxon yozilibdi, sharoblar tortilibdi. O‘g‘rilardan biri mehmonga bir piyola sharob tutibdi. Mehmon o‘rnidan turib, “Hurmatli otalar, sizlar mendan kattasizlar, men yoshman. Sizlarning qo‘lingizdan qirq piyola sharob ichsam ham mast bo‘lmayman. Mening qo‘limdan bir piyola sharob ichsangiz, qirq piyola o‘rnini bosadi, sharobni men quyib bersam”, debdi. O‘tirganlarga bu gap ma’qul tushib, ko‘zani uning yoniga surib qo‘yishibdi. Ozodachehra kosagul bo‘libdi. Yonidan zahar chiqarib, sekingina ko‘zaga solibdi, ko‘zani bir-ikki chayqatib hammaga bir piyoladan sharob tutibdi. Sharob ichganlar birin-ketin yiqila beribdilar. Shunday qilib, Ozodachehra qirq qaroqchini o‘ldirib bo‘lib, Balx viloyatiga qarab yo‘l olibdi.
Yura-yura oxiri bir cho‘ponga yo‘liqibdi. Cho‘ponning ust-boshi bilan itiga malika o‘z ust-boshi bilan otini alishib, cho‘pon tusida Balxga kirib boribdi.
Otasi Said savdogar ko‘cha eshigi oldiga chiqib turgan ekan. Orqasida it, qo‘lida tayoq bilan kelib bir yigit salom beribdi. Savdogar alik olibdi va:
— E, bolam, yo‘l bo‘lsin? — deb so‘rabdi.
— Ota, men o‘g‘li yo‘qqa o‘g‘il, qizi yo‘qqa qiz bo‘lsam, deyman. O‘zim bir qo‘ychi savdogarning cho‘poni edim. Xo‘jayinim: “Bir serkaning junini bevaqt olibsan, sovuqqa o‘ladi” deb, meni ura-ura haydab yubordi, — debdi qiz.
— Bo‘lmasa mening qo‘yimni boqa qol, — deb savdogar uni uyga boshlab kiribdi. Yigit tusida bo‘lgan Ozodachehra qirqta xizmatkorga qo‘shilib qo‘ylarni boqaveribdi.
Bir kun kechasi Said chiqib qarasa, hamma xizmatkor uxlab yotgan emish. Ammo bu yangi qarol uxlamasdan, qo‘ylarning tagini, oxurlarini supurib, tozalab yurgan emish.
Savdogar Ozodachehraning mehnatini, g‘ayratini ko‘rib, uni qirqta cho‘ponga bosh qilib qo‘yibdi.
Kunlardan bir kuni shahzoda Baxt bilan Bahrom ikkisi: “Bu yotganimizdan foyda yo‘q, endi bu shahardan bosh olib ketaylik”, deb qalandarlar suratiga kirib, ikkovi safarga chiqibdi. Ular bir necha oyda bir qancha yurtlarni kezib, axiri Balx shahriga yetibdilar. Said savdogar bu gal ham ko‘chada o‘tirgan ekan, ikki qalandarni ko‘rib, ulardan so‘rabdi:
— E, qalandarlar, yo‘l bo‘lsin?
— Biz darveshmiz, shaharma-shahar kezib yuribmiz.
— Buguncha bizning kulbaga mehmon bo‘ling, shaharga ertaga kiring. Kaminangizda bola-chaqa yo‘q, gaplashib, hasratlashib o‘tiramiz, — deb Said ularni uyga taklif qilibdi. Ular ham bunga rozi bo‘lishibdi.
Ozodachehra qo‘yxonadan chiqib kelayotganda ko‘zi qalandarlarga tushibdi, ularni tanibdi-yu, indamabdi. Said mehmonlarni o‘tqazib, ular oldiga dasturxon yozib turgan choqda Balx podshosining ikki yasovuli kelib, qalandarlarga “Sizlarni podsho chaqiradi”, debdi.
Ulardan biri:
— Shohning gadoda, gadoning shohda ishi bo‘lmas, — debdi. Shunda yasovullardan biri aytibdi:
— Bundan uch oy ilgari bir yurt podshosining o‘g‘li bilan vazirning o‘g‘li bir kechada yo‘q bo‘lgan ekan. Bizning podshoga: “Har qanday musofir shaharga kirsa, uni tutib bizga yuboring”, degan xabar kelibdi. Shaharni axtarib chiqdik, lekin sizlardan boshqa musofirni topmadik.
Said ularga javoban:
— Podshoga mehmon kerak bo‘lsa, o‘zlari shu yerga kelsinlar, har qancha gap bo‘lsa mehmondan so‘rasinlar, — debdi.
Yasovullar bu gapni podshoga yetkazibdilar. Podsho: “Meni va qirq vazirim, siрohim, to‘rt yuz akobir-u ulamolarimni mehmondorchilikka chaqirsa, boraman”, — debdi.
Said bunga rozi bo‘lib, mehmondorchilik kunini tayinlabdi.
Тayinlangan kunda podsho o‘ziga qarashli odamlari bilan Saidnikiga mehmonga kelibdi.
Ozodachehra juda xursand bo‘libdi. Podsho bir chekkada o‘tirgan qalandarlardan:
— Qaydan keldingiz, qayoqqa borasiz? — deb so‘rabdi. Qalandarlarning biri oh tortib:
— E, podshohi olam, biz musofirmiz. Bir sozanda mashq qilsa yo bir ashulachi ashula aytsa, hech bo‘lmasa, bir ertakchi uch-to‘rt og‘iz so‘z aytsa, ko‘nglimiz ozgina orom olib, so‘ngra ahvolimizni sizga bayon qilar edik, — debdi.
Bu so‘zlarni eshitgan Ozodachehra sochlarini telpagi ostiga bostirib, belini bog‘lab, eshik oldiga kelibdi va ostonada turib:
— Shohim, agar ijozat bersangiz, men kamina qulingiz, dunyoda eshitganlarimdan, ko‘rgan-bilganlarimdan ba’zilarini aytib bersam, — debdi. Podsho Ozodachehraga qarab zaharxanda bilan:
— Sen tog‘dagi archani-yu, tariqdan bo‘za qilishdan boshqa nimani bilar eding?! — degan ekan, vazir podshoga qarab:
— Shohim, cho‘ponlar ertakka usta bo‘ladi. Nima, aytsa ayta qolsin, — debdi.
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, aytaman, chunki har gapimda podsholarga, vazirlarga qattiq tegaman, siz ko‘nglingizga olmasangiz aytaman, — debdi cho‘pon.
— Xo‘p, — debdi podsho.
Cho‘pon so‘z boshlabdi:
— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda sizga o‘xshagan bir podsho bor ekan. Yoshi qirqqa yetganda bir qiz ko‘ribdi. Qizini katta qilib, mening mana shu xo‘jayinimga o‘xshagan savdogarga beribdi. Savdogar ham bir qiz ko‘ribdi. Qiz katta bo‘lganda savdogar safarga chiqadigan bo‘libdi. “Men kelguncha qizni sizga omonat topshiray”, debdi podshoga. Podsho: “Mening ishim ko‘p, lekin bir vazirim bor, qizni shunga topshir”, debdi. Podshoning mana shu vaziringizga o‘xshagan bir noinsof vaziri bor ekan, — deb vaziri Suhaylni ko‘rsatibdi va so‘zida davom etibdi, — Savdogar qizini shu vazirga topshirib, o‘zi jo‘nab ketibdi. Vazir qizni ko‘rishi bilan unga oshiq bo‘libdi. Bir kuni xotinlarini har yoqqa jo‘natibdi, uyni xilvat qilibdi. So‘ng qizni chaqirib: “Kel, qizim, qo‘limga suv ber”, debdi. Qiz vazirning qo‘liga suv quyib turgan paytida vazir qizning bilagiga chang solibdi. Qiz o‘zini orqaga tortib, “Gunohim bo‘lsa, tavba qildim”, debdi. Vazir qizni yana suv quyishga buyuribdi, qizga yana tegishibdi, qiz qo‘lidagi kumush obdasta bilan vazirning peshonasiga chunon uribdiki, obdasta tekkan joy mana shu vaziringizning peshonasidagi tamg‘aga o‘xshash tamg‘a bo‘lib qolibdi, — debdi. Gap shu yerga kelganda, vazir:
— Chiq eshikka. Bu so‘zdan foyda yo‘q! — deb baqiribdi.
Qiz:
— Malol kelsa, so‘zimni to‘xtataman, — debdi.
Podshoning achchig‘i kelib:
— E, bola, ostonadan ichkari kirib, ko‘zingni yumib aytaver, — debdi.
Ozodachehra ichkariga kirib, so‘zini yana davom ettiribdi:
— Qiz qochib o‘z uyiga, otasining o‘rdasiga boribdi. Vazir borib podshoga yig‘lab: “Qizing to‘rt yigit bilan bazm qilib o‘tirgan ekan, men kirib: “Sen podshoning nabirasisan-ku, shu ishni qilasanmi?” desam, meni qiz shu ahvolga soldi”, desa, podsho haqiqat qilmay qizni jallodga buyuribdi, podshoning xuddi ana shu o‘ng qo‘l vaziringizga o‘xshagan bir rahmdil vaziri bor ekan, u kishi qizga rahmi kelib: “Bu qizning ixtiyorini menga bering”, deb qizni o‘limdan qutqarib, sahroga olib chiqibdi: “Ishing haq bo‘lsa oqliqqa chiq, nohaq bo‘lsa go‘shtingni quzg‘unlar yesin”, deb qizni biyobonga tashlab ketibdi, — debdi.
Ozodachehraning so‘zi shu yerga yetganda podsho uni chaqirib:
— Yuragimdagi yaraga malham qo‘yayapsan, bolam, gapir, — debdi.
“Cho‘pon” yana so‘zida davom etibdi:
— Qiz dasht-biyobonlarda bir necha yil sarson-sargardon bo‘lib, o‘zini bilmay, hushidan ketib bir joyda yotib qolibdi. Bir yurt podshosining mana shu burchakda o‘tirgan qalandar yigitga o‘xshagan o‘g‘li bor ekan. Shu shahzoda bir kuni ovga chiqqanda, cho‘ldan haligi qizni topib olib ketib, xotin qilib olibdi. Undan bir o‘g‘il tug‘ilibdi. Bola yetti yoshga kiribdi. Bir kecha xotin erining yonida yotganda bir oh tortibdi. Eri “Nimaga oh tortasan”, deganda, “Ota-onamni sog‘indim, men podshoning nevarasi edim”, debdi. Podsho bilan vazir kengash qilib, “Kelinni otasinikiga kim olib boradi?” deganda, bir vazirning mana shu o‘tirgan qalandar yigitga o‘xshagan xoin o‘g‘li bor ekan, o‘sha “Bu xizmat mendan bo‘lsin”, debdi.
Hikoya shu yerga yetganda, o‘tirgan qalandar yigit turib:
— Chiq tashqariga! Bunaqa so‘zning bizga keragi yo‘q! — debdi.
Shahzoda qalandar: ”O‘tir joyingga!” — deb sherigini o‘tqazib qo‘yibdi:
Malika hikoyasini aytaveribdi:
— Bir qancha mol-dunyo bilan ayol yurib-yurib bir joyga kelib tushibdi. Kechasi vazirning o‘g‘li ayolning chodirini xanjar bilan kesib kirib uning qo‘liga tizzasini qo‘yibdi. Qiz ko‘zini ochib: “Kimsan?” deganda: “Men vazirning o‘g‘liman, endi qo‘limga tushdingmi? Xo‘sh, so‘zimga kirasanmi, yo‘qmi”, debdi. Ayol: “Yetti yashar bolamdan tap tortmaysanmi”, degan ekan, vazirning o‘g‘li uxlab yotgan bolaning boshini qilich bilan sapchaday uzib tashlabdi. Ayol: “Men bugun bolamga motam tutay, ertaga sen bilan bo‘lay”, deb uni aldab chiqaribdi, bolasini yuvib, kafanlab ko‘mibdi, erkakcha kiyim kiyib, kechasi yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda qirq qaroqchiga uchrabdi. Ular ayolni yigit faraz qilib, u bilan bazm qilmoqchi bo‘lishibdi. Ayol bazmda sharob quyib turib, yonidagi zaharni sekingina olib, ko‘zaga solibdi. Sharobni ichgan qaroqchilarning hammasi o‘libdi. Shohim, ishonmasangiz borib ko‘ring.
— Sen ertak aytyapsanmi yo ko‘rganingnimi, bolam? — debdi podsho.
— Har nima bo‘lsa ham rost gapni aytyapman, — deb so‘zini yana davom ettiribdi malika:
— Shundan keyin ayol ust-boshini bir cho‘ponning ust-boshiga almashtirib, shaharga kiribdi, o‘z otasiga cho‘pon bo‘libdi. Oradan bir hafta o‘tgandan keyin ikki qalandar eshikdan kirib kelibdi. Qarasa, biri — eri, biri — vazirning o‘g‘li emish. Shuning ustiga podshoning yasovullari kelib, musofirlarni olib ketmoqchi bo‘libdi. Said qalandarlarni bermay, “Podsho o‘zlari shu yerga kelsinlar”, debdi. Podsho o‘ziga qarashli hamma kishilari bilan mehmondorchilikka kelib o‘tiribdi. Qalandarlardan savol so‘rabdi. Ular “Bizga bir ertakchi topib bering”, deyishibdi. “Kamina qulingiz hikoya qildi”, — deb malika boshidan telpagini olgan ekan, qirq tola kokili bo‘yniga yoyilib tushibdi. Olamni mushk-anbar hidi tutibdi.
— Mendan o‘tgan bo‘lsa, ma’zur tuting, — deb malika eshikka chiqib ketibdi. Podsho faryod urib yig‘labdi, o‘z nabirasiga zulm qilgani uchun vaziri Suhayldan o‘ch olibdi, uni azoblab o‘ldiribdi. Chap qo‘l vazirning o‘g‘li Bahromni esa dorga ostiribdi. Podsho qirq kungacha to‘y-tomoshalar qilib, Ozodachehrani shahzoda Baxtga qayta nikohlabdi. Ular murod-maqsadlariga yetibdilar.
Bizlar ham yetaylik murodga, sizlar ham yeting murodga, o‘qib, eshitganlar ham yetsin murodga, dushmanlar qolsin uyatga.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.