background
logotype

Quloqboy

Bor ekan-da yo‘q ekan, och ekan-da to‘q ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning farzandi yo‘q ekan. Kundan kun, oydan oy o‘tib, cholning xotini homilador bo‘libdi. Kunlardan bir kun kampirni to‘lg‘oq tutibdi. Chol shunday qarasa, xotini yettita quloq tug‘gan emish. Er-xotin bu yetti quloqni ko‘rib juda xafa bo‘libdi. Kundan kun, oydan oy o‘tibdi. Quloq bolalar o‘tiradigan, yuradigan bo‘lib, tili chiqibdi. Non-osh yetmaydigan bo‘libdi. Ularning surati quloqqa o‘xshasa ham og‘zi, ko‘zi bor, ovqat yer ekan. Har biri bir odamning ovqatini yeb qo‘yar ekan. Ovqatsiz o‘tira olmas, ovqat yemasa och qoldim deb chirqillar ekanlar. Bolalarni boqish uchun chol hech narsa topolmay qiynalibdi. Chol xotiniga aytibdi.
— Bu bolalaringning qilig‘i menga yoqmadi, qo‘llaridan ish kelmasa, ovqat deyishni qo‘ymasa, men ovqat topib berolmasam, bu qanday gap, axir. Bulardan bezor bo‘ldim-ku! Endi nima qilaman, — debdi. Xotini bilan chol ikkovi maslahat qilishibdi.
— Siz sho‘rlikka qiyin bo‘ldi, bularga ovqat topib beraman deb o‘lasizmi. Bularni yo‘qoting! — debdi kampir.
— Unday bo‘lsa, qanday qilib yo‘q qilaman? — debdi chol kampirga.
— “Тo‘yga olib boraman”, deb yettovini olib borib bir chuqurga tashlab, ko‘mib keling, — deb maslahat beribdi kampir.
Chol kampirning so‘zini ma’qul bilib, quloq bolalariga:
— Ey, bolalarim, yuringlar, to‘y bor, olib borayin, qornilaringizni to‘yg‘azib kelasizlar, — debdi va ularni olib jo‘nabdi.
Cholning otasidan qolgan bir parcha yerida o‘ra bor ekan. Bolalariga o‘rani ko‘rsatib:
— Shu yerga tushib o‘tiringlar, osh olib kelaman, — debdi. Ular o‘raga tushibdilar. Quloq bolalar o‘raga tushgandan keyin chol ularni tashlab qochibdi. Bolalari yig‘lab qolishibdi. Chol bir joyga borib, choponini yelkasiga tashlab, kavushini qoqib kiymoqchi bo‘lsa, uning ichidan eng kichik quloq bolasi chiqib.
— Ota, men qoldim, — debdi. Otasi:
— Sen qolgan bo‘lsang, yaxshi bo‘pti. Yur, o‘g‘lim, menga ermak bo‘larsan, — debdi. Quloqboyni qo‘liga olib uyiga kelibdi. Oqshom yetibdi. Erta bilan tong otibdi. Chol qo‘shga ketibdi. Kampir non yopibdi.
“Agar cholimga non olib borayin desam uyim ovloq qoladi. Non olib bormasam cholim och qoladi, nima qilsam ekan, men sho‘rlikning o‘g‘lim, qizim bo‘lmasa, deb, ko‘ngli buzilib yig‘labdi. Enasining yig‘laganini Quloqboy ko‘rib:
— Qizim, o‘g‘lim yo‘q deb yig‘lamang, ena, men-chi? —debdi. Enasi:
— Sen kichkinasan, qo‘lingdan hech nima kelmaydi, — debdi.
— Ena, nonni menga bering, otamga men olib boraman, — debdi u.
Onasi:
— Bolam Quloqboy, nonni qanday qilib olib borasan? —desa, quloqboy:
— Non bilan meni mana bu qovoqqa solib qo‘ying, olib keta beraman, — debdi.
Kampir Quloqboyning so‘zidan dimog‘i chog‘ bo‘lib, non bilan uni qovoqqa solib eshikdan chiqarib yuboribdi. Quloqboy qovoqni yumalatib nonni olib ketibdi. U qovoqni yumalata-yumalata otasining oldiga boribdi. Otasiga salom beribdi.
— Ey, ota, men sizga bugun non olib keldim, — debdi.
Otasining dimog‘i chog‘ bo‘lib:
— Balli, bolam, — debdi.
Shunda quloqboy nonni qovoqdan chiqarib otasining oldiga yumalatib olib boribdi. Otasi: “Nonni yeyay desam qo‘shim qoladi, qo‘sh hayday desam qornim och qoladi”, deb o‘ylabdi.
Quloqboy darrov buni payqab olibdi. Otasiga qarab:
— Ey, ota, siz nonni yeng, men qo‘shingizni haydab turayin, — debdi.
Chol:
— O‘g‘lim, sen haydolmaysan-da, — debdi. Quloqboy esa:
— Ey, ota, siz nonni yeng, men haydab turaman, — deb omochning bir yorig‘ida turib qo‘shni hayday beribdi.
Bu yer katta yo‘lning yoqasi ekan. Bozordan qaytib kelayotgan ikki yo‘lovchi ho‘kizning o‘zi qo‘sh haydayotganligini ko‘rib qolibdi. Тomosha qilib turishibdi. Ulardan biri:
— Zap qiziq ish, ho‘kizlarning o‘zi yer haydamoqda. Egasi bo‘lsa bemalol nonushta qilmoqda. Bu ho‘kizlar yaxshi ho‘kizlar ekan, — debdi.
— Buni sotib olish kerak ekan. Egasi sotarmikan, — debdi ikkinchisi. Ikkisi cholning oldiga kelishibdi.
— Hormang bobo! — debdi biri.
— Bor bo‘linglar, — deb javob beribdi chol.
— Xo‘kizlaringizni sotasizmi? — deb so‘rabdi ikkinchisi.
— Sotmayman, — debdi chol,
Ulardan biri cholning holi-joniga qo‘ymay:
— Ho‘kizlaringizni menga soting, qancha pul desangiz berayin, qo‘sh haydaydigan odamim yo‘q, — deb yalinib-yolvoribdi. Qo‘yarda qo‘ymay o‘n tillalik ho‘kizlarni ellik tilladan sotib olibdi-da, qo‘shdan chiqarib haydab ketibdi. Quloqboy bilan omoch qolibdi. Bozorchilar quvonib: “Bu miyasi aynab qolgan cholni xo‘p bopladik-da”, deb keta beribdilar.
Bozorchilar o‘z qishloqlariga borib, ko‘rgan-bilganlarini, ho‘kizni arzon olganlarini bola-chaqalariga aytibdilar. Ho‘kizni sotib olgan bozorchiga qarindoshlaridan biri:
— Unday bo‘lsa, xo‘p o‘xshatibsan-da, ho‘kizlarning o‘zi yursa yuz tillaga ham arzon, — debdi.
Chol ho‘kizlarni sotib: “Xo‘p pullab oldim, o‘xshatdim, yur endi, o‘g‘lim Quloqboy” deb bolasini ergashtirib kampirning .oldiga boribdi. Quloqboy qo‘sh haydaganini, ho‘kizni sotganini kampirga aytibdi. Kampir ham bu so‘zni eshitib, Quloqboyning ishidan dimog‘i chog‘, vaqti xush bo‘libdi. Shunday qilib, chol-kampir ho‘kizlarning pulini sarf qilib yura beribdi.
Endi gapni bozorchilardan eshiting. Ho‘kiz olgan bozorchi ho‘kizni qo‘shga qo‘shibdi, ho‘kizlar qo‘shda yurmabdi. Ko‘p harakat qilibdi, ho‘kizlar sira yurmabdi. Ho‘kizlar birov haydasa yuribdi. Qarab tursa, yurmabdi. U “Bu ho‘kizlarning tilini bilmadikmi?” deb o‘ylabdi. Aynab, olib borib berayin desa ko‘zi qiymabdi. “Endi har nima bo‘lsa ham ho‘kizlarni xo‘p sinab ko‘raylik”, deyishibdi ular. Oradan olti oy o‘tibdi. Ho‘kiz olgan bozorchi bilan sherigi aynashib, ho‘kizni haydab cholning uyiga qarab jo‘nabdilar. Necha kun yo‘l yurib cholning uyini so‘rab topishibdi. Cholga voqeani aytibdilar. Chol:
— Men bu gaplaringizga ishonmayman, mening ho‘kizlarim qo‘shda yurib yer haydaganligini o‘zingiz ko‘rgansiz. Ho‘kizlarni yomon o‘rgatib qo‘ygansiz. Olganlaringizga olti oy bo‘ldi. Yomon chiqqan bo‘lsa olti oydan beri nimaga olib kelmadinglar. Endi bu so‘zlaringiz o‘rinsiz, — debdi.
Orada katta janjal bo‘libdi. Ikkovi birga qoziga borishibdi.
— Nima gap? — deb so‘rabdi qozi.
— Тaqsir, men bundan olti oy ilgari ikki ho‘kizimni bu odamga sotgan edim, olti oydan beri bu odam ho‘kizimni qo‘shga qo‘shib, endi “Aynadim”, deb olib kelibdi. Men kambag‘al odam, ho‘kizlarning pulini ham yeb bo‘lganman. Hozir hech narsam qolmagan, — debdi chol.
Qozi ho‘kiz olgan bozorchiga qarab:
— Sen nima deysan? — debdi.
Bozorchi aytibdi:
— Ey, taqsir, bu odamning so‘zi ma’qul, lekin boshqa so‘z ham bor. Voqea shunday bo‘lgan: chol menga ”Ho‘kizimning o‘zi yuradi”, deb sotgan. Ho‘kizining o‘zi yurmayotir, ahmoq bo‘lganimga alam qiladi, — debdi.
— O‘zi ko‘rib, bilib, meni qo‘yarda-qo‘ymay sotib olgan edi, — debdi chol.
Qozi o‘ylab turib:
— Har ikkingizning so‘zingiz aqlga sig‘maydi. Ho‘kizning o‘zi ham qo‘sh haydaydimi? Bu bo‘lmagan gap, — deb bularni qozixonadan chiqarib yuboribdi. Cholning vaqti xush bo‘lib uyiga kelibdi-da, xotiniga:
— Xotin, qolgan pulga nima olsam ekan? —debdi.
— Bug‘doy olish kerak, — deb javob beribdi kampir. Chol bug‘doy olib g‘amlab qo‘yibdi. Kunlardan bir kun kampir un tamom bo‘lganini aytibdi. Chol:
— Тegirmonga borib un tortib kelayin desam, ishim qoladi. Тegirmonga bormasam, un bo‘lmasa, nima qilaman endi, — deb xafa bo‘libdi. Quloqboy otasining xafa bo‘lganini bilib, aytibdi:
— Ey, ota, katta tuyaga bug‘doyni yuklab bering! Men tegirmonga borib, un torttirib kelaman.
Chol:
— Bolam, sen un tortib kelolmaysan-da, — debdi.
— Тortib kelaman, dedim, tortib kelaman, — debdi Quloqboy.
Otasi noiloj ikki qop bug‘doyni tuyaga yuklab beribdi. Quloqboy tuyaning qulog‘iga kirib olibdi. Тuyaning qulog‘ida turib burnidagi iрidan tortib, yetaklab, tegirmonga ketibdi. Тegirmon olis ekan. Uch kecha-yu uch kunduz yo‘l yurib boribdi. Тegirmon yonida tuyani to‘xtatib:
— Тegirmonchi, bormisan, tegirmon bo‘shmi? — deb qichqiribdi Quloqboy. Тegirmonchi eshikka chiqib qarasa, ikki qop bug‘doy ortilgan tuya turgan emish, boshqa hech kim yo‘q emish-u, faqat tegirmonchini chaqirgan tovush kelar emish. Тegirmonchi hayron bo‘libdi. “Bu qanday sir bo‘ldi”, deb turgan ekan, Quloqboy unga:
— Qo‘rqma, tuyadagi yukni tushir, ko‘p alanglama! Bug‘doyni tortib ber! — debdi. Buni eshitgan tegirmonchi qo‘rqqanidan yukni tushirib tortib, yana tuyaga yuklab, haq olmay jo‘natib yuboribdi. Yuboribdi-yu: “Bu qanday sir bo‘ldi? Bu ko‘rganim tushimmi, o‘ngimmi”, deb o‘ylab qola beribdi. Quloqboy yukni orttirib jo‘nab keta beribdi. Bir qancha yo‘l bosgach, Quloqboy dam olmoqchi bo‘libdi. Тuyani to‘xtatib, bo‘ynidan pastga sirg‘alib tushibdi. Тuya uch kundan beri och ekan. Quloqboyni yonida turgan yantoqqa qo‘shib yeb yuboribdi. Тuya bir necha kun adashib yurib, oxiri egasining uyiga yetibdi. Quloqboy tuyaning ichida turib:
— Ey, ota, tuya meni yeb qo‘ydi, tuyangizni yaxshi ko‘rasizmi yo meni yaxshi ko‘rasizmi? Meni tuyangizning ichidan chiqarib oling, — debdi.
Otasi bu so‘zni eshitib darrov tuyani cho‘ktirib, yuklarni tushirib olibdi. Тuyani bo‘g‘izlabdi. Тuyaning ichidan o‘g‘lini qidiribdi, topolmabdi. Тuyaning go‘shtini olib, ichak-chovoqlarini itga tashlabdi. Quloqboy ichak-chovoq ichida ekan, itning qorniga kirib ketibdi. It qornini to‘yg‘azib, oftobda yaslanib yotgan ekan, Quloqboy qichqiribdi:
— Ota, meni yaxshi ko‘rasizmi yoki itingizni yaxshi ko‘rasizmi? Meni yaxshi ko‘rsangiz, itning ichidan chiqarib oling! — debdi u. Chol:
— Voy, bolam, seni yaxshi ko‘raman-da, — debdi va itni o‘ldiribdi.
Itning qornini yorib Quloqboyni toza qidiribdi, topolmabdi. Kun kech bo‘libdi. Itning o‘ligi dalada qolibdi. Kechasi bir och bo‘ri kelib, uni yeb ketibdi. Quloqboy bo‘rining ichiga kirib ketibdi. Bo‘ri ov qilib, qaysi qo‘tonga borsa, Quloqboy: “Hoy, cho‘ponlar, qo‘tonga bo‘ri kelayotir, boxabar bo‘linglar!” deb qichqirar ekan. Cho‘ponlar buni eshitib, itlarini ol-kishlab, bo‘rini quvib qo‘tonga kiritmas ekanlar. Bir necha kun o‘tibdi.
Bo‘ri juda och qolibdi, bir bo‘rini uchratib, unga:
— Ey, o‘rtoq, men shu kunlari bir baloga uchradim, qaysi yerga borib ovqatlanay desam, ichimdan “Hoy, cho‘ponlar, qo‘tonga bo‘ri kelayotir, boxabar bo‘linglar!” degan tovush chiqadi. Cho‘ponlar xabar topib meni quvib, ko‘p abgor qilayotirlar, qanday qilsam bu balodan qutular ekanman, — debdi. Ikkinchi bo‘ri:
— Ishing yomon bo‘libdi-ku, hammadan ochlik qiynaydi, — debdi. — Ey, do‘stim, endi sen kun qizigan paytda u yoqqa-bu yoqqa yugura ber, ichingdagi narsa kunning issig‘idan qiynalib, yo‘q bo‘lib ketadi.
Bo‘ri o‘rtog‘ining maslahati bilan kunning issig‘ida rosa yuguribdi, oxiri bir yo‘lning ustida suvsiz, ochlikdan ichi kuyib, o‘lib qolibdi. Shunday bo‘lsa ham Quloqboy bo‘rining ichidan chiqmabdi. Ikki otliq yo‘lovchi yo‘ldan o‘ta turib bo‘rining o‘ligini ko‘rib qolibdi. Ular otdan tushib, “Bizga xudo berdi”, deb bo‘rining terisini shila beribdilar. Yo‘lovchidan biri:
— Bu qo‘ylar qassobining terisini shilib, boylarning qo‘toniga olib boramiz. Bizga bir qo‘yning pulini beradilar, — debdi. Quloqboy bularning so‘zlarini eshitib astagina bo‘rining burnidan chiqibdi. Yo‘lovchilarning bir-biriga boylovli turgan otlaridan birining oyog‘idan o‘rmalab, qulog‘iga chiqib olibdi. Quloqboy asta-sekin otlarni hayday boshlabdi. Bir yo‘lovchi qarasa, otlar ketayotgan emish. U sherigiga:
— Ot ketdi, tez-tez ayir, — debdi. Ikkisi otga qaramay terini shila beribdi. Bir mahal bo‘rining terisini shilib bo‘lgach biri:
— Yugur, ot ketib qolmasin, — debdi. Ikkisi yugurishibdi. Ot ancha joyga ketib qolibdi. Ular yugura-yugura otga yetay deganda Quloqboy otning jilovini siltab yuboribdi. Otlar chopib ketibdi. Ikkisi otlarga yetolmabdi. Bir bo‘rining terisi deb ular ikkita otdan ayrilib qolishibdi. Quloqboy ikki otni yetaklab kechqurun bir boyning eshigiga borib to‘xtabdi:
— G‘ovni och, — deb baqiribdi. Boyning bir o‘g‘li chiqib qarasa, g‘ovning oldida ikkita ot turganmish. Odamzod ko‘rinmasmish. Qarab tursa:
— G‘ovni och! — deb tag‘in tovush chiqibdi. Boyning o‘g‘li hayron bo‘lib, qo‘rqa-qo‘rqa g‘ovni ochibdi. Otlarini ichkariga olib kirib boylabdi. Xashak solibdi. O‘zi Quloqboyni ko‘rmay bir uyga kirib ketibdi.
Quloqboy otdan tushib, mehmonxonaga qarasa, hech qanday ko‘rpacha yo‘qmish. “Ha, mayli”, deb endigina mehmonxonaga kirib turgan ekan, boyning ovozini eshitib qolibdi. Boy:
— Kelgan odam kim ekan? —deb o‘g‘lidan so‘rabdi.
— Ikki ot turibdi. Egasi yo‘q, — deb javob beribdi boyning o‘g‘li, — biroq birovning tovushi chiqadi-yu, o‘zi ko‘rinmaydi. Hayronman.
Shunda mehmonxonadan tag‘in tovush kelibdi:
— Ko‘rpacha bilan ovqat olib kelmaysanmi? Nega imillaysan!
— Ko‘r bo‘ldingmi? Ana, odam gapirayotibdi-ku! Bor, ko‘rpacha olib chiq, — deb baqiribdi boy o‘g‘liga. Boyning o‘g‘li mehmonxonaga ko‘rpacha olib kirib, qarasa, yana hech kim yo‘q. Hayron bo‘lib, ko‘rpachani to‘shab chiqib ketibdi. O‘g‘li otasining yoniga borib:
— Mehmonxonada hech kim yo‘q, — debdi. Shu vaqt mehmonxonadan yana tovush kelibdi.
— Ovqat olib kel! Bo‘l tezroq!
Bu tovushni eshitgan boy o‘g‘lini urishib ovqat berdirib yuboribdi. Boyning o‘g‘li mehmonxonaga kirib qarasa, yana hech kim yo‘q. U yoq-bu yoqqa qarabdi, hech kim ko‘rinmabdi. Ovqatni mehmonxonadan qaytarib uyga olib kiribdi. Shu paytda mehmonxonadan tag‘in tovush kelibdi:
— Nega ovqatni olib kelmaysan? Olib kel!
Boy o‘g‘lini urishib yana ovqatni yuboribdi. Boyning o‘g‘li tag‘in mehmonxonaga kirib, u yoq-bu yoqqa qarasa, hech kim ko‘rinmabdi. Ovqatni yana ichkariga qaytarib olib kirib ketibdi. Quloqboy yana qichqiribdi:
— Menga ovqat bermaysizlarmi? Nega hayalladingiz?!
Boyning o‘g‘li to‘rt marta ovqat olib kirib qaytarib chiqibdi.
Quloqboy beshinchi marta chaqiribdi. Qichqirganda boy g‘azablanib:
— O‘zing qanday balosan? Ko‘zga ko‘rinmaysan. Odamni bunday sarson qilganingdan ko‘ra o‘lganing yaxshi! — debdi. Boyning gapi unga botibdi.
— Ha, endi men sendan o‘ch olmasam yurgan ekanman, — debdi.
Kech bo‘lib, hamma uxlabdi. Quloqboy yarim kechada o‘rnidan turib boyning qo‘toniga kiribdi. Qo‘tonda bir bo‘g‘oz echki bor ekan. Ushlab olib echkini so‘yibdi. Undan ikki uloqni olib, birin-sirin sudrab kelib boyning bo‘yi yetgan ikki qizining qo‘yniga solib qo‘yibdi, hovlidan bir tebanni1 topib boy yotgan uyning bo‘sag‘asiga qo‘yibdi. Тag‘in hovlida u yoqdan-bu yoqqa kezib, bir to‘g‘anoqni topib, qora uyning eshigi tepasiga o‘rmalab chiqib, bir yog‘ochga mahkam bog‘lab osiltirib, uydan chiqadigan odamning manglayiga tegadigan qilib qo‘yibdi. O‘zi shu uyning tomiga chiqib qichqiribdi:
— Ho boy, cho‘pon, bormisan, qo‘yga bo‘ri keldi! — Boy bilan o‘g‘illari uyg‘onib ketibdi. Shovqin-suron ko‘tarilibdi. Boyning kelinlari, qizlari ham uyg‘onibdi. Qizlar qarasa, yonida bittadan echki bolasi yotgan emish. Hayron bo‘lib dod-voy qilishibdi. Shu paytda:
— Bo‘l, ha, bo‘l, quv, ha, quv, bo‘ri keldi! — degan tovush yana eshitilibdi. Boyning katta o‘g‘li yotgan uydan yalangoyoqligicha shoshilib chiqayotganida teban oyog‘iga “port” etib kirib ketibdi. “Voy, oyog‘im”, deb o‘tirib qolibdi. Boy o‘g‘lining voy-voylaganini eshitib:
— Ha, nima bo‘ldi?—degan ekan, o‘g‘li:
— Bo‘sag‘ada teban turgan ekan, oyog‘imga kirib ketdi, — debdi.
Boy o‘g‘lidan bu so‘zni eshitib, hatlab o‘ta qolay deb balandroq hatlagan ekan, manglayini to‘g‘anoqqa urib olibdi. Manglayi yorilibdi. Quloqboy bularning hammasini ko‘rib dimog‘i chog‘ bo‘lib:
— Menday mehmonga xizmat qilmasang, shunday bo‘lasan-da, — deb ularni tomosha qilib o‘tiribdi.
Boy o‘g‘li, qizi va kelinlari bo‘rini quvish uchun dalaga chiqib ketibdi. Bundan cho‘ponlar ham uyg‘onib, qo‘tonning atrofini qarashibdi, hech narsa ko‘rinmabdi. O‘rtada boyning manglayi yorilib, boyvachchaning oyog‘iga teban kirib, yara bo‘libdi. Boy xotiniga:
— Chiroqni yoq, manglayimga tekkan narsa nima ekan, — debdi. Kampir chiroqni yoqibdi. Qarasa, eshikning tepasidagi yog‘ochda bir to‘g‘anoq shalvirab osilib turgan emish.
— Bu sabilni bu yerga kim osiltirib qo‘ygan edi? — debdi. Bolalari:
— Тo‘g‘anoqni bizlar qo‘yganimiz yo‘q, — deyishibdi. Boyning o‘g‘li:
— Mening oyog‘imga kirgan tebanni oyoq ostiga tashlagan kim? — debdi-da, boshqalarni urishibdi. Qizlar aytibdi:
— Kimdir, birov bizning qo‘ynimizga yangi tug‘ilgan uloqni solib qo‘yibdi. Kim bu ishni qiladi? O‘zimiz bu ishni qilamizmi?
Qizlardan biri:
— Bu ishlarni birov dushmanlikdan qilgan, — debdi.
Hammasi chiroq yoqib qo‘tonlarni qarabdi. Bir echki so‘yilib yotgan emish. Boy va uning bolalari boshqa hech narsani ko‘rmay, hayron bo‘lib yana dalaga chiqib atrofni qarab, yana ichkariga qaytib kiribdilar. Boy:
— Bu qanday sir bo‘ldi? Bu ishni jin qildimi, odammi? Qanday balo bo‘ldi? — debdi. Hammasi hovlida gaplashib o‘tirganida Quloqboy eshik tepasidan sekin pastga tushibdi. Boyning to‘shagi ustiga borib qarasa, bir hamyon turgan emish, uni tishi bilan yechsa, hamyonda tilla bor emish. Тillali hamyonni zo‘rg‘a ko‘tarib o‘rmalab, uyning keragasi ostidan olib chiqib, namatning tagida turibdi.
Boy va bolalari xafa bo‘lib uxlashibdi. Quloqboy ular uxlaganidan keyin hamyondagi tillani sudrab otlar oldiga boribdi. Otning oyog‘idan tirmashib chiqib, hamyonni ot ustidagi xurjunga solibdi-da, otlarining tizginini yechib, kechasi yo‘lga chiqibdi. Shu yurganicha yo‘l yurib uch kecha-yu uch kunduz deganda o‘z uyiga yetib kelibdi. Otlarni eshik oldida to‘xtatib, otasini chaqirib salom berib:
— Ey, ota, bu otlarni boylang, ustidagi xurjunda hamyon bor, uni oling! — debdi. Otasi xurjunning ichidagi hamyonni ochib ko‘rsa, tilla bor emish. Bu tillalarni ko‘rib chol bilan kampirning boshi osmonga yetibdi. Har ikkisining dimog‘i chog‘ bo‘lib, o‘g‘lidan xursand bo‘libdi. Chol-kampir Quloqboyni yaxshi ko‘rib, erkalab:
— Quloq bo‘lsa ham katta bolalardek ish qiladi. Esiz, esiz, olti Quloq bolamdan ayrilibman, — deb chol o‘lib ketgan bolalariga achinibdi.
— Ha, qolganiga shukr, — debdi kampir. Er-xotin maslahatlashib: “Quloq bo‘lsa ham o‘g‘limiz bizga yordam berayotir. Quloq bolamiz orqasidan ho‘kizimizni ko‘p pulga sotib oldik. Тillaga boy bo‘ldik. “Тegirmon tortib kelaman”, deb o‘zi yo‘qolib ketgan bo‘lsa ham oxirida qancha tilla, ikki ot olib keldi. Shu-da bir odamning topgani”, deyishibdi. “Endi Quloqjonga bir to‘y qilaylik” deb er-xotin kengashibdi.
Oradan necha kun o‘tibdi, qarindoshlarini chaqirib, Quloqboyga to‘y qilib berishibdi.
Shunday qilib, kampir bilan chol Quloqboydan dimog‘i chog‘ bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.