OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vafo

O‘tgan zamonda bir yigit bor ekan, u otasidan qolgan mollarning yarmini sarf qilib, bir qizga uylanibdi. Qolgan davlatini xotini bilan yeb yotaveribdi. Davlat kundan-kunga kamayibdi. Kunlardan bir kuni xotini eriga:
— Endi siz bunday bekor yotavermang. Yo qolgan davlatingizni sotib savdogarchilik qiling, yoki biror xizmat qiling, — debdi. Eri:
— Men savdoga ketsam seni qanday yolg‘iz qoldiraman. Seni ko‘zim qiymaydi, — debdi. Xotini:
— Ko‘nglingizni to‘q qiling, men siz kelguningizcha uyda o‘tiraman, — debdi. Eri noiloj mollarini sotib savdoga ketmoqchi bo‘libdi.
Puliga kerakli mollarni olibdi, yo‘lga chiqishi oldidan xotini unga bir gul berib:
— Mana shu gulni oling. Agar mening boshimga biror og‘ir ish tushsa yoki men biror yomon yo‘lga kirib ketsam, shu gul o‘sha ondayoq so‘ladi. Bo‘lmasa hech qachon so‘lmaydi, — debdi.
Eri gulni olib safarga chiqib ketibdi. Yo‘lda o‘g‘rilar uchrab yigitning mollarini talab olib ketishibdi. Yigit molsiz, pulsiz o‘zining sog‘-salomat qolganiga shukr qilib bir shaharga boribdi. Shaharda sarson bo‘lib yurib bir imorat qiladigan usta bilan uchrashib qolibdi. Ustaga o‘z ahvolini gapiribdi. Usta yigitni o‘ziga shogird qilib olibdi. Yigit bir yilda imorat qilishni o‘rganib, yaxshi usta bo‘lib yetishibdi. Kunlardan bir kun usta o‘lib, uning o‘rniga yigit usta bo‘lib qolibdi.
Bir kuni podsho yigitni chaqirtirib, bir katta imorat solib berishni topshiribdi. Yigit podshoga juda chiroyli katta imorat qilib beribdi. Podsho yigitdan xursand bo‘lib, ziyofatga chaqiribdi. Yigit bilan gaplashib o‘tirib, uning qaydan kelganligini, kimligini so‘rabdi-da, o‘rdasida ishlashga ko‘ndiribdi. Yigit o‘rdada ishlay boshlabdi. U tez-tez cho‘ntagidagi gulga qarab qo‘yar ekan. Vazirlar bu gulning qishin-yozin so‘lmaganiga ajablanib, podshoga aytishibdi. Podsho yigitni chaqirib, cho‘ntagidagi gulning so‘lmaslik sababini so‘rabdi. Yigit podshoga xotinining so‘zlarini aytibdi. Podsho kulib:
— Sen ahmoq ekansan, xotinlarning so‘ziga ishonib bo‘ladimi? Gul berib seni aldabdi-da, — debdi. Yigit xotinining to‘g‘riligiga chin ko‘ngildan ishonganligini aytibdi.
Kunlardan bir kuni podsho yigitning xotinini sinash uchun vazirlaridan birini yuboribdi. Vazir xotin yashagan shaharga kelib qo‘shnisidan yigitning xotini bilan uchrashtirishni so‘rabdi. Qo‘shnisi xotin oldiga vazirni olib kiribdi:
— Qizim, mening bir mehmonim bor edi, o‘shani sen uyingda mehmon qilib jo‘natsang, — debdi. Xotin bu sirga darrov tushunib: “Bunda bir hikmat bo‘lsa kerak, bularni bir boplay”, debdi-da, mehmonni qabul qilibdi. Yaxshi ovqatlar, sho‘rvalar, sharoblar tayyorlab uni mehmon qilibdi. Vazir mast bo‘lib qolibdi. Shu paytda yigitning xotini tomonidan tayinlab qo‘yilgan qo‘shni xotin darvozasini taqillatibdi.
Xotin:
— Voy, birov kelib qoldi, darrov mana bu yerga kirib turing, keyin o‘zim chaqiraman, — deb vazirni uydagi yerto‘laga tushiribdi. Bir necha kungacha vazirni yerto‘ladan chiqarmabdi. Podsho birinchi vazirdan darak bo‘lmagandan keyin, ikkinchi vazirini yuboribdi. Xotin ikkinchi vazirni ham avvalgidek yerto‘laga qamabdi. Podsho ikkinchi vazirdan ham darak bo‘lmagandan keyin, o‘zi oddiy kiyim kiyib xotinning uyiga kelibdi. U podshoni ham avvalgiday ziyofat qilibdi.
Yigit ishlab yurib xotini esiga tushib gulga qarasa, gul so‘lmagan, chiroyli, ochilib turibdi. Ancha qarab o‘tirgandan keyin podshoning gapi esiga tushib, “Podshoning aytgan gapi rost bo‘lmasin tag‘in, bir xotinimdan xabar olib kelay”, deb shahariga qaytib, darvozani taqillatibdi. Bu vaqt xotin mast bo‘lgan podshoni ham yerto‘laga qamab turgan ekan. Qarasa, eri kelib qolibdi. Suyunib uyga olib kiribdi. Eri uydagi ovqatlarni ko‘rib ahvolni so‘rabdi. Xotin:
— Siz kelguncha bir qiziq ish qildim, mana shu odamlar kelaverib meni bezor qilishdi. Men ularni qamab qo‘yaverdim. O‘zingiz ulardan sababini so‘rang. Mana, ko‘ring, — deb yerto‘lani ochib uchovini chiqaribdi. Yigit ularning uchovini ham tanibdi:
— Podsho bo‘lib turib shunday ish qilgani uyalmaysizmi? — debdi. Podsho:
— Xafa bo‘lma, biz xotiningni sinamoqchi bo‘lib, shu ahvolga tushib qoldik. Sening xotining haqiqatan ham to‘g‘ri xotin ekan. Ikkovingiz qo‘sha qaring, — deb jo‘nashibdi. Er-u xotin murod maq-sadiga yetibdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.