OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Furqat Rahimov

http://ziyouz.com/images/furqat_rahimov.jpg

Furqat Rahimov Abdusattor o'g'li 1987 yilning 22-aprelida Namangan viloyati, Chust tumani, Varzik qishlog'ida tug'ilgan. 1994-yildan qishloqdagi 50-maktabda, 1999-yildan viloyat markazidagi iqtisodiy-huquqiy litsey-internatida ta'lim olgan. 

Hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti, "Iqtisodiyot" fakultetining talabasi.
Ijodiy ishlari bir qator matbuot sahifalarida e'lon qilingan.
Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Erkin Vohidov, Iqbol Mirzo,O'tkir Hoshimov, Said Ahmad va boshqalar ijodini katta qiziqish bilan mutolaa qiladi. 
Eng katta orzui - Xalqimizning muhabbatini qozonib uning suyukli farzandiga aylanish.


ORZU

Yaproqdek to‘kilsam yo‘lakka
Ko‘ksimda qoldirsang izingni.
Yetardim eng ezgu tilakka -
Bir ko‘rsam bo‘ldiydi ko‘zingni...

Shamollar tortqilab-tortqilab,
Sochlaring to‘smasa yuzingni.
Gul umrim kul bo‘lsin yo‘l qarab,
Bir ko‘rsam bo‘ldiydi ko‘zingni...

Rayhonim, bo‘lsaydi imkonim,
Hidlolsam muattar isingni.
Qolmasdi zarracha armonim -
Bir ko‘rsam bo‘ldiydi ko‘zingni...

O’tarsan nozlanib, chimrilib,
Ko‘zingga yashirib o‘zingni
Ketsam ham, mayliydi, so‘ng o‘lib...
Bir ko‘rsam bo‘ldiydi ko‘zingni...
 

JON SHIRIN


Qanday savdolarni ko‘rmadi moziy.
Qanday ko‘rgiliklar guvohi deysiz.
Gadodan shohgacha jon talvasasi,
Donishmand bobom-a, nega o‘ylaysiz!
Jon shirin...

Xudoning yo‘liga egilmas boshda,
Bandaning poyiga yotganlar qancha.
Kimlar olov kechsa, yovga xilvatda
Tug‘ilgan yerini sotganlar qancha.
Jon shirin...

Dunyoni netamiz, qo‘ying birodar,
Mol-dunyo bo‘lmasin, omon jon bo‘lsin
Va ofat bo‘lmasin, u bo‘lsa agar
Vatan deyapmiz-ku... ( Xudo asrasin!)
Jon shirin...

Otajon, bilaman zahmatlaringiz,
Ona kuningizni ko‘rib turibman.
Yo‘limni yoritdi mehnatlaringiz,
Men esa beparvo bo‘lib yuribman...
Jon shirin...

Hozir jonlarini qilishar va’da,
Aytgan shartlaringga ko‘nishar bir-bir...
Yaxshi qiz, yettinchi osmoningdan tush,
Tushungan qizsan-ku, o‘zing...
Baribir
Jon shirin...


* * *

Ba’zilar gapirar, ishonib bo‘lmas,
Lekin indamaysan, hurmatin qilib.
Baz’zilar gapirar, ishonging kelar,
Lekin rost gapirmas, hurmatin bilib...


QANDAY YAXSHI

Qanday yaxshi, bepoyon qirda
Ovozingni boricha kuylash.
Nigohingni sanchib osmonga,
O’tgan kunlar haqida o‘ylash...

Qanday yaxshi, sof tuyg‘ulardan
Totmoq uchun rohatdan kechmoq.
Jildir-jildir oqqan suvlardan
Mehr otliq qadahda ichmoq...

Qanday yaxshi, hech kim bo‘lmasa,
Qiynalmasang bag‘ring ezilib,
Faqat senga qo‘shiqlar aytsa,
Qizg‘aldoqlar, qoshi suzilib...

Qanday yaxshi, ko‘ngling to‘ldirib,
Olis, oydin manzilni ko‘zlash
Va hammadan yashirgan siring 
Yaxshi ko‘rgan qizingni eslash...

Qanday yaxshi, jannatiy bog‘da
Onang bilan birga sayr qilish...
Umr shaming so‘ngani chog‘da
Qiynalmasdan jondan ayrilish...
Qanday yaxshi...


HAMMASI BOSHQACHA BO’LADI

Garchi holimizdan Yalmog‘iz
Tishlarin ko‘rsatib kuladi.
Axir u bilmaydi, bilmaysiz
Hammasi boshqacha bo‘ladi...

Qaldiroq jar solar dunyoga,
Yomg‘ir ham shivirlab qoladi.
Sig‘maymiz yerga-yu samoga,
Hammasi boshqacha bo‘ladi...

Odamlar gapirsa, gapirar
Odamlar nimani biladi.
Ko‘rasiz, bizni ham kun tug‘ar,
Hammasi boshqacha bo‘ladi...

G’animlar qaraydi ho‘mrayib,
Alamdan sochlarin yuladi,
Bas bir bor qo‘ysangiz, jilmayib,
Hammasi boshqacha bo‘ladi...


KUTIB TUR

Kulishing chiroyli, o‘zing chiroyli,
Termulib to‘ymayman, qilaman huzur,
Ey, baland tog‘larning betakror guli,
Men qaytib kelaman, meni kutib tur!

Oyday ruxsoringdan yorishar olam,
Jonimni oladi, ko‘zlaring qurg‘ur...
Menga berar kuning alam bo‘lsa ham,
Yoningga qaytaman, meni kutib tur!

Sendan olis bo‘lsam qiynaladi qalb,
Oromim jonolar kiprigingdadir!
Bundan ortig‘ini qilmasman talab,
Faqat qaytgunimcha, meni kutib tur!

Sen bilan dunyoni gulga o‘rayman,
Ishq otlig‘ samoda bo‘lmaydi qusur.
Yalinib so‘rayman, yig‘lab so‘rayman:
Iltimos, qaytguncha ketma, kutib tur...


BU YURTNING

Mening madhiyamsiz o‘zi ham shundoq,
Dovrug‘i dunyoni tutgan - bu yurtni,
Va yana menday kas yozmoqqa no‘noq,
Daho siymolarga Vatan - bu yurtning..

Men-ku nima qildim, o‘zimdan ortib,
Bir paytlar tuprog‘in ko‘ziga surtib,
Yassaviy, Najmiddin Kubrodan tortib,
Imom Buxoriylar sevgan - bu yurtning.

Gadosi bo‘lishni sog‘inib Bobur,
Ko‘ngliga ko‘mgani - aziz yurt shudir.
Mirzo Ulug‘bekni yulduzlar tanir
Bo‘yi osmonlarga yetgan - bu yurtning.

Muqaddas bu tuproq yillardan meros,
Buni Navoiylar aylagan e’zoz.
Tashbeh kerak bo‘lsa - jannatga qiyos,
Har bitta go‘shasi gulshan - bu yurtning.

Ot bosgan izini, derlar toy bosar,
Hali dunyo ichra dunyolar tuzar,
Bunda yosh Temurlar, Sinolar o‘sar,
Eng yomon farzandi menman - bu yurtning...


ONAJON

Oyni va’da qildim bir qizga,
Boshqa bittasiga yulduzni.
Va’da ham qilmadim men sizga,
Hatto aldamadim men sizni 
Onajon...

Bir qizcha judayam chiroyli,
Yolvorsam bir lahza kutmadi.
Bo‘g‘zingiz tirnadi hatto suv,
Siz uchun meningsiz o‘tmadi...
Onajon...

Yolvorib, yo‘l topib ko‘ngliga
Tushumda tushundim qizga men.
Yulduzni gul kabi terdim-u,
Bitta gul tutmadim sizga men 
Onajon...

Oy qizga she’r aytdim kuyinib,
Ketdi u, parvo ham qilmasdan,
Eng yomon she’rdan ham suyunib,
Turdingiz yonimda, jilmasdan,
Onajon...

Muhabbat puch narsa. Tushundim.
Onada muhabbat bor xolos.
Bag‘ri keng dunyoda bor bo‘lsam,
Siz uchun yangraydi, qo‘lda soz.
Onajon, jon onam..!


BAXTLIMISAN

Dunyodek bozor tegmish,
Bozorda ozor tegmish.
Men shundan baxtiyorman,
Baxtlimisan, ey odam!

Dil bo‘lib, ishqdan pora,
Ishqi zo‘r zotlar ichra
Yurgandan baxtiyorman,
Baxtlimisan, ey odam!

Osmonni yulduz to‘la,
Zulmatni kunduz ila.
Ko‘rgandan baxtiyorman 
Baxtlimisan, ey odam!

Jismimda og‘riq-dardim,
Qay dilda qildek qadrim
Bo‘lgandan baxtiyorman 
Baxtlimisan, ey odam!

Men o‘lsam kimga motam,
Men o‘lsam kimga bayram 
Men shundan baxtiyorman,
Baxtlimisan, ey odam!


SENGA

Tunda uyqum kelmay, osmonga qarab
Tag‘in shirin-shirin o‘ylarga yarab
Tursam oy ta’rifin keltirdi osmon...
Oyga balo bormi, sen turganingda...

Axir men yerdagi bitta notavon,
Oyni o‘ylarmidim, ayting hech zamon.
Xayolim ikki pul, o‘ylarim arzon...
O’yga balo bormi sen turganingda...

Faqat g‘ash qiladi, dilni mish-mishlar,
Nega nuqul hamma bizni tashvishlar...
G’iybatchi xotinlar aytgani yolg‘on..!
To‘yga balo bormi men turganimda...


ERTAGA

Ertaga esimdan chiqib qolasiz,
Siz ham unutasiz meni ertaga.
Hozir ko‘nglim uchun kunday kulasiz,
Kuygani qoladi dilni o‘rtada..

Ertaga ezilmas yuraklarimiz,
Yurakni ezguvchi tuyg‘ular tinar.
Hammadan yashirgan tilaklarimiz,
Tilakni toptagich taqdirga ko‘nar.

Ertaga bir baxtli sizga qo‘ynini,
Gul kabi to‘ldirib ketar baxtiyor,
Aslo o‘ylamaysiz qaydadir sizni,
She’r qilib kuylagan mendek shoir bor.

Ertaga dunyodan dunyo axtarib,
O’ylar aylaganda kiprigimni nam.
Sizni unutaman, siz ham unutib,
Hatto eslolmaysiz kimligimni ham...
Ertaga hammasi ertak bo‘ladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.