Janubiy Osiyo mamlakatlari juda katta yo‘qotish va musibat bilan yangi yilni kutib oldi. Sababi eski yilning 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yer silkinishi keltirib chiqargan kuchli to‘fon Shri Lanka, Hin-dis-ton, Indoneziya, Tailand, Malayziya davlatlari, Maldiv orollaridagi bir qator kichik mamlakatlarga o‘ta jiddiy talofat yetkazdi.
29 dekabr, chorshanba
Indoneziya Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan xabarda falokat oqibatida ushbu davlatning o‘zida 27 ming kishi qurbon bo‘lgani aytildi. Shri Lankada esa, 18 ming odam to‘fon girdobida qolib ketgan. Hindiston bu ofat tufayli 8 ming kishini yo‘qotdi. Taylandda 1500 odam qurbon bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi bu yerga dam olgani kelgan sayyohlardir. Barcha davlatlarda chet ellik sayyohlarga yordam berish, ularni o‘z uylariga jo‘natib yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Qattiq zilziladan kelib chiqqan to‘fon, shuningdek, Malayziya, Maldiv orollari, Birma, Bangladesh hamda Afrika qit’asining Somali, Keniya va Tanzaniya mamlakatlarida yuzlab kishilarning joniga zomin bo‘ldi. Falokat yuz bergan mamlakatlarda millionlab odamlar boshpanasiz qolgan. BMT rasmiylarining taxminlariga ko‘ra, keltirilgan zarar milliardlab AQSh dollariga teng bo‘lishi mumkin.
29 dekabrdagi so‘nggi xabarlarda to‘fon Yangi Zelandiya sohillarigacha yetib borgani aytildi. Yangi Zelandiya Suv va atmosfera milliy tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Zelandiya sohillarida suvning sathi 10 sm dan 30 sm gacha ko‘tarilgan. Orol sohillari to‘fon boshlangan joydan 8 ming km uzoqlikda joylashgan. Aytilishicha, to‘fon to‘lqinlari u yerga 17 soatda yetib borgan. Suv sathining ko‘tarilishi Yangi Zelandiyaga hech qanday zarar keltirmagan.
30 dekabr, payshanba
Xabarlarga ko‘ra, kamida 70 mingdan ortiq kishi nobud bo‘lganligi aytildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, to‘fondan zarar ko‘rgan aholiga zudlik bilan yordam ko‘rsatilmasa, ular kerakli tibbiy muolajalarni olmasalar, minglab odamlar yana qurbon bo‘lishi mumkin. Ularga yuqumli kasalliklar xavf solmoqda. Agar kasallik tarqaladigan bo‘lsa, to‘fon natijasida halok bo‘lganlar sonidan ham ko‘proq odamlar dunyodan ko‘z yumadi. Hududlarda minglab jasadlarning ko‘milmasdan yotganligi, suvning ifloslanganligi inson salomatligi uchun xavflidir.
To‘fon jahon iqtisodiyoti uchun ham, aytish mumkinki, ancha-muncha zarar yetkazdi va yetkazadi. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan mamlakatlarda iqtisodiyotni tiklash uchun ancha ish qilish hamda katta sarmoya kiritish kerak. Dunyoning yetakchi mamlakatlari bu ishga hissa qo‘shishi lozim.
Shri Lanka hukumati va tabiatni muhofaza qilish tashkiloti kuchli ofatdan keyin Hind okeani sohillaridan 22 ming inson tanasi qutqaruvchilar tomonidan yig‘ilgan bo‘lsa-da, biror-bir hayvon yoki qush o‘ligiga duch kelinmaganligiga ajablanmoqda.
Kuchli to‘lqin qirg‘oqdan uch kilometr ichkariga kirgan. Bu yerda esa, yuzlab yovvoyi hayvonlar va ko‘plab turdagi qushlar yashaydigan Yala qo‘riqxonasi bor edi.
— Qo‘riqxonadagi hamma fillar va leopardlar tirik yuribdi, hatto birorta quyon ham o‘lmabdi. Mening o‘ylashimcha, hayvonlarda oltinchi tuyg‘u mavjud. Ular ro‘y berajak falokatni oldindan bilgan va bu yerdan ketib qolgan, — deydi qo‘riqxona direktori X.D. Ratnayyake.
Sodir bo‘lgan zilzila yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishini uch mikrosekundga tezlashtirgan. Hamda Sumatra orollarining 30 metr surilishiga sabab bo‘lgan. Olimlarning aytishicha, bu unchalik vahima qiladigan hodisa emas. Yer qobig‘ida 600 kmdan kam bo‘lmagan yoriq paydo bo‘ldi.
Ayni kunlarda dunyoning yetakchi davlatlari aeroportidan Janubiy Osiyo mamlakatlariga insonparvarlik yuklari ortilgan samolyotlar uchmoqda. O‘ndan ortiq davlat qutqaruvchilari birgalikda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.
Tabiiy ofatdan jabrlangan davlatlar hukumatlarining eng katta umidi insonparvarlik tashkilotlaridan, ya’ni BMTdan. Shri Lanka hukumatining bildirishicha, minglab uy-joysiz, oziq-ovqatsiz qolgan odamlarga yordam berish uchun davlatning puli yetmaydi. Har soatda qurbon bo‘lganlar topilib turibdi.
Maldiv rasmiylari ham falokat davlat iqtisodiyotini keskin tushirib yuborganini rasman e’lon qildi. Chunki, daromad asosan puldor sayyohlarning bu yerda dam olishidan tushardi. BMT ekspertlari tashkilot tarixida hali biror marta qutqaruv ishlarini bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq davlat olib borishini boshqarib turmagandi.
Chet ellik sayyohlar taqdiri ham barchaning diqqat markazida. Dam olishga borganlarning tirik qolgani o‘z yurtiga hech qanday hujjatsiz va hech narsasiz qaytmoqda. Dastlabki xabarlarda turli mamlakatlarning ikki ming fuqarosi qurbon bo‘lgan, degan taxminlar bor edi. So‘nggi xabarlarda esa, bu raqamlar 10 mingga yetdi. Hattoki butun boshli oilalar dom-daraksiz ekanligi aytilmoqda.
Ichimlik suvi, oziq-ovqat, dori-darmonlar yetkazilishi davom etmoqda. Dunyo hamjamiyati to‘fondan talofat ko‘rgan davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda.
31 dekabr juma
Fojea qurbonlari soni 122 ming-ga yetgani aytildi. Jahon banki talofat ko‘rgan davlatlarga 250 million dollar ajratishini ma’lum qildi.
Sharifa MURODJON qizi tayyorladi